Robert Muzil – avstriyalik adib, dramaturg va badiachi. «Tiklanish» va «Uch ayol» turkumidagi hikoyalar, pesalar, teatrga va adabiyotga oid esselar, «Tyorlesning ro‘yolari» va tugallanmagan «Qiyofasiz odam» romanlari muallifi. Psixologik roman asoschilaridan biri.
Bu adib ijodiy maydonga kirib kelganda Yevropa adabiy osmonida Tomas Mann, Stefan Sveyg, Marsel Prust, Jeyms Joys kabi yulduzlar porlab turardi. Ularning yog‘dusida uslubi ham, intilishi ham, badiiy ifoda usuli ham hech bir yozuvchinikiga o‘xshamaydigan, asarlarini o‘qish va anglash ancha mashaqqat bo‘lgan Robert Muzilning nomi xira tortib qolgandi. Muzil asarlari o‘z e’tirofini uzoq kutdi. O‘tgan asrning 50-yillarida «Qiyofasiz odam» romani to‘liq chop etilgachgina adabiy jamoatchilik uni Joys, Kafka, Kamyu hamda Prust bilan bir qatorda sanay boshladi. Ammo adibning o‘zi bu e’tirof va shuhratni ko‘rmay xor-zorlikda, uzlat va uqubatda vafot etib ketgandi.
Dunyo adabiyotida XX asr yarmidan so‘ng eng ko‘p muhokama qilingan, eng ko‘p maqolalar yozilgan, o‘zining yangicha qarashlari bilan ko‘plab tadqiqotlar va munozaralarga sabab bo‘lgan, adabiyotga «qiyofasiz odam» istilohini olib kirgan Robert Muzil 1880 yil 6 noyabrda Avstriyaning Klagenfurt shahrida muhandis Alfred Muzil oilasida dunyoga keldi. Otasi harbiy injener bo‘lgani uchun shaharma-shahar ko‘chib yurishlariga, bir nechta maktabda o‘qishiga to‘g‘ri keldi. Alfred Muzil ziyoli, o‘qimishli, intizomga qat’iy amal qiladigan kishi edi. Nozikta’blik, injiqlik, dunyoga va hayotga falsafiy munosabat, hissiy va ruhiy instinktlar unga otasidan o‘tgan. Robert ko‘p kitob o‘qir, falsafaga, san’atga qiziqar, ilmiy salohiyati ham yuqori edi. Ammo otasi o‘g‘lining harbiy bo‘lishini istardi. Shuning uchun u harbiy bilim yurtini tugatdi. Keyin harbiy akademiyaga kirdi. Bu o‘quv yurtidagi sharoit va undan olgan taassurotlari oradan bir necha yillar o‘tgach yozgan «Tyorlesning ro‘yolari» romani uchun xomashyo, ya’ni kechinma, holatlar tasviri uchun yetarli manbalar berdi. U ozgina muddat harbiy qismda xizmat ham qildi. Ammo oxir-oqibat harbiy bo‘lishni istamadi. Hammasini tashlab Brno texnika universitetiga kirdi. 1901 yili injenerlik diplomini oldi hamda texnika oliy maktabida assistentlik qila boshladi. Aynan shu yillardan «Tyorlesning ro‘yolari» romanini yozishga kirishdi.
Bu roman Muzilning kelajakda yaratadigan «Qiyofasiz odam» asari uchun tayyorgarlik, o‘z tili, uslubi, badiiy mushohadasi, ifoda kuchini, badiiy salohiyatini sinovdan o‘tkazish vazifasini o‘tab berdi. Garchi tadqiqotchilar asarga ko‘p ham e’tibor qaratmasa-da, u «Qiyofasiz odam»ning soyasida ko‘rinmay qolsa-da, ana shu ilk romanidayoq Muzil o‘zining ijodiy kontseptsiyasini, adabiyotga olib kiradigan uslubini bayon qila olgandi.
Asar xuddi bir paytlar Robertning o‘zi o‘qigan harbiy maktab kabi maxsus o‘quv dargohi o‘quvchisi Tyorlesning ulg‘ayish yo‘lidagi mashaqqatli va ro‘yoga to‘la kechinmalariga qurilgan.
Bu asar asosiga o‘spirinlar hayoti tanlanadi. Ularning tuyg‘ulari, holatlari tadqiq etiladi. Aynan shu yoshdagi qahramonlarni tanlashdan adibning ikkita maqsadi bor edi. Birinchisi, Muzil ilk romanidan boshlab «qiyofasiz odam» kontseptsiyasini ishlashga kirishdi. Ya’ni bu asarda qiyofasiz odamning shakllanish davri tasvirlandi. Mazkur yoshda o‘spirin dunyosi bo‘sh idishga o‘xshaydi. Unga nima solinsa, o‘sha bilan to‘ladi. Romanda ana shu bo‘sh idishning to‘ldirilish jarayoni, boshqacha aytganda, inson qiyofasizligining boshlanishi, qiyofadan mahrum qilinish davri qalamga olinadi. Maktabdagi ta’lim yosh yigitlarni qiyofasidan mahrum qilib, ularni jallodga, yovuz amaldorga, soxta vatanparvarga, maqsad uchun har qanday qabihlikdan tap tortmaydigan ijtimoiy maxluqqa yoki faqat kuzatuvchi bo‘lib turadigan olomonga va hokazolarga aylantiradi. Asar yozilgandan so‘ng oradan ellik yil o‘tib – adabiyotda Muzil davri boshlangandagina tadqiqotchilar asardagi Rayting va Bayneberg obrazlari orqali adib Gitler va Mussolinini, ya’ni fashizmning shakllanish davrini tasvirlagan deyishdi. Zotan, keyinchalik yer yuzini qatl va qirg‘in maydoniga aylantirgan bu jallodlarning o‘smirlik davri asar yozilgan pallaga to‘g‘ri kelardi. Muzil o‘ttiz yil oldin Germaniyadagi ta’lim va tarbiya mamlakatni, odamlarni qay yo‘lga boshlashini o‘ziga xos bashorat qilgandi. Bu kabi ijtimoiy ruhdan tashqari asar shaxsdagi qiyofasizlanishning boshlanish davrini tadqiq qiladi. «Qiyofasiz odam» kontseptsiyasi hali bu asarda tugal ma’no kasb etmaydi. Faqat unga poydevor yaratiladi. Muzilning o‘zi ham 1906 yilgi kundaliklarida inson o‘zligini ifodalashga imkon bermaydigan muhit va ana shu muhitda yashashga mahkum etilgan inson haqida yirik asar yozishni rejalashtirganini bayon qiladi.
Muzil dastlab bir nechta esse, pesa, taqrizlar yozdi. Ammo yozganlari o‘zi qo‘ygan va o‘zi istayotgan badiiy mushohada talablariga javob bermasdi. 1903 – 1908 yillarda adabiy ta’lim olish uchun Berlin universitetida erkin tinglovchi sifatida falsafa va psixologiya yo‘nalishida tahsil ko‘rdi hamda «Max ta’limoti mohiyati» mavzuida dissertatsiya yoqladi. Bu dissertatsiya uning nomini fan olamiga tanitdi. Biroq Muzil olimlikni emas, shu yillardan o‘zini adabiyotga to‘liq bag‘ishlashga qaror qildi. Uning nomi adabiy davralarda ko‘pam tilga olinmas, asarlari o‘sha davr ehtiyojiga mos emasdi. Shu sababli yozuvchi sifatida tirikchilik qilishi ancha og‘ir kechdi. U hanuz ota-onasining moddiy qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj edi. Umuman, Robert Muzil umri davomida adabiyot orqasidan yirik mablag‘ yoki martabaga erishmadi. Shu bois otasi uni kutubxonaga ishga joylashtirib qo‘ydi. Ammo tezda urush boshlanib, Robert Muzil zobit sifatida harbiylikka chaqirildi. U Birinchi jahon urushi dahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi va inson fojiasini, qiyofasizlanayotgan, ommaviy qirg‘inlar va zulm bilan o‘z qiyofasidan mahrum qilinayotgan insonni teranroq his etdi. Urush insonni ommaviy ravishda qiyofasidan mahrum qilishini anglab yetdi. Zobitlik yillarida ko‘rgan-kechirganlari keyinchalik uning asosiy romaniga ko‘chib o‘tdi. Muzil inson mohiyatini tahlil qilishga, uning botiniy qiyofasini chuqurroq o‘rganishga kirishdi.
Urushdan so‘ng otasining merosidan ham to‘liq mahrum bo‘ldi. Endi o‘z kunini o‘zi ko‘rishga majbur edi. U tashqi ishlar vazirligida, boshqa turli muassasalarda ishladi. Shu yillarda harbiy vazirlikdan to‘kin-sochin yashashga yetadigan maoshi bor katta amal tavsiya qilishdi. Ammo qanchalik qashshoq yashayotgan bo‘lmasin, Robert Muzil harbiy bo‘lishni istamadi va o‘zini to‘liq adabiyotga bag‘ishladi. Yozganlari uchun keladigan arzimas qalam haqi va yozuvchilarga ajratiladigan xayriyalar hisobiga oila tebratdi. Buning ustiga, asarlari ham ommalashmadi. To‘g‘rirog‘i, uning asarlarini o‘qiydigan, qadriga yetadigan avlod hali yetishmagandi. U kun kechirish uchun teatr tanqidchisi, jurnalist sifatida o‘zini sinab ko‘rdi. Baribir omadi yurishmadi. Ba’zi kunlari yeyishga noni ham bo‘lmaganini kundaliklarida ko‘p marta e’tirof etgan. Shu yillardagi yozishmalarida Muzil hayotdan haddan tashqari bezganini va o‘zining ahvolidan charchaganini qayta-qayta qayd qiladi.
1923 yili adabiy jamoatchilik Muzilga e’tibor qaratgandek bo‘ldi. U dramatik asarlari uchun Avstriyaning A.Kleyst nomidagi eng nufuzli adabiy mukofotiga erishdi. Mukofotni mashhur adib Alferd Dyoblin topshirdi. Ayni shu yillarda bir qancha nemis adiblari Muzil ijodiga qiziqish bildirishdi. Biroq mukofot ham, e’tiroflar ham Muzil hayotida keskin o‘zgarish yasolmadi. Ya’ni zamondosh yozuvchilar, uning tengdoshlari qalam haqi hisobiga villalar qurib, dunyoni tomosha qilib, obro‘-martaba orttirayotgan bir paytda Muzil amal-taqal kun kechirishni o‘ylardi. U shon-shuhratni yoqtirmaydigan yozuvchiga aylangandi. Ammo o‘zining adabiyotdagi o‘rnini va qadrini, asarlarining darajasini bilardi. Bilgani uchun ham qiynalardi. Faqat zohiri adabiyot bo‘lib ko‘ringan asarlar mashhurlikka erishayotganidan, o‘zi aytmoqchi bo‘lgan gaplarni, muammolarni, ma’noni zamondoshlari ko‘rolmayotganidan, tushunmayotganidan, o‘z davrining did va saviyasidan og‘rinib azob chekardi. Uning ichida go‘yo ikkita shaxs yashardi. Biri alamzadalik bilan shon-shuhrat, e’tirofdan o‘zini chetga olgan, o‘z zamoniga qasdma-qasd tarzda faqat o‘zi anglagan ifoda usulida asar yozishda, haqiqiy adabiyot yaratishda davom etayotgan shaxs bo‘lsa, ikkinchisi o‘zini e’tirof etishlarini, tan olishlarini, shon-shuhrat shohsupasiga chiqishni, zamondoshi bo‘lgan Tomas Mann, Feyxtvanger, Leongard Frank, Stefan Sveyg, Rot, jilla qursa, yengil adabiy belletristlar – Frants Verfel yoki Anton Vildgans qatorida o‘zining ham e’tirof etilishini istayotgan shaxs edi. Umuman, bu ikki shaxs Muzil qiyofasida bir umr kurashib yashadi.
1924 yili Muzil Vena shahri, 1929 yili esa Gerxart Gauptman nomidagi adabiy mukofotlarga sazovor bo‘ldi. 1929 yili adibga har tomonlama yordam berish va uning adabiy-falsafiy g‘oyalarini tushuntirish uchun Berlinda «Muzil jamiyati» tuzildi. Ammo bu e’tibor va e’tirof uzoqqa bormadi. 1934 yili fashistlar hukumati Muzil asarlarini taqiqladi, jamiyatni tarqatib yubordi. Muzil avval Venaga, Avstriya Germaniyaga qo‘shib olingach esa Shveytsariyaga ketdi. U yerda ham juda qashshoq va ayanchli hayot kechirdi.
Ayni shu yillarda XX asrning eng ulug‘vor romanlaridan biri – «Qiyofasiz odam» asarining birinchi kitoblari bosilib chiqdi. Roman tom ma’noda yangi yo‘nalishdagi psixologik asar edi. Muzil unda go‘yo Prust uslubi bilan Kafkaning badiiylashtirish usulini birlashtirgandi. Roman qiyofasiz odam, boshqacha aytganda, qiyofasidan mahrum etilgan inson haqida edi.
Muzil Kafka kabi odamni shaxs emas, ma’lum bir harakat yoki qarashning timsoli bo‘lgan mavjudot deb qaraydi. Odam qaysidir harakatlarning, qaysidir g‘oyalarning, qaysidir qarashlarning qiyofasidir, uning o‘z qiyofasi, o‘zligi boy berilgan. Taraqqiyot insonni o‘z qiyofasidan mahrum ayladi. Uning ichi, ruhi, botini jamiyatdagi turli qarashlar, g‘oyalar, tushunchalar, turlanishlar, tuslanishlar bilan to‘ldirildi. Asarda ana shu jihat – qiyofasiz inson tahlil qilinadi. Adib bu orqali XX asrda yashayotgan, Muzilga zamondosh bo‘lgan, uning yonida va tevarak-atrofida yurgan odamlarda inson emas, ijtimoiy munosabatlar, mafkuralarning qiyofasini ko‘rayotganini, ya’ni inson yashash uchun o‘ziga shu qarashlarni, shu munosabatlarni singdirishga va bularni o‘z qiyofasi qilib olishga, jamiyat tutqazgan, taklif qilgan qiyofalarda yurishga majbur ekanini tushuntirmoqchi bo‘ldi. Ana shu jihati bilan inson mahkum qilingan, ijtimoiy harakat va qarashlarning, jamiyat va tsivilizatsiyaning qurboniga aylangan mavjudotdir. Jamiyat talab qilgan niqobni kiymasdan inson yasholmaydi, uning o‘z xohishi va o‘zligi bilan yashashiga imkon berilmaydi, qiyofasini saqlab qolgan odam madaniylashgan jamiyat uchun yotdir. Inson uchun ikkita yo‘l bor: yo o‘z qiyofasini saqlab qolib o‘zini o‘limga va yotlashishga mahkum etadi, yo jamiyat va ijtimoiy hayot taqdim etayotgan qiyofa bilan yurishga majbur. Odam bor-yo‘g‘i ijtimoiy va ommaviy tafakkurning, mavjud axloqning, mavjud harakatning va turli g‘oyalarning qiyofasiga kirib yashab qolish uchun kurashadi. Uning asl qiyofasi, asl vazifasi unutilgan. Muzil qahramonlarining hammasi ana shunday qiyofasiz, jamiyat va ijtimoiy munosabatlar istagan qiyofaga kirib olishgan. Biz qiyofa deb tikilganimiz va munosabat bildirganimiz qaysidir ijtimoiy g‘oya yoki mafkuraning, munosabatlar, an’analar, qarashlarning, umuman, qaysidir ijtimoiy tushunchaning ko‘rinishidir. Shu sababli zamonaviy inson qiyofasida o‘z davri, zamoni, jamiyati balqib turadi. Muzil inson bugungi taraqqiyot va tamaddun davrida o‘z qiyofasi bilan yasholmaydi, o‘z shakli bilan yashashga haqqi yo‘q, agar o‘z qiyofasiga qaytsa, o‘zini o‘zi o‘limga mahkum qiladi, chunki o‘zlik bilan yashashga imkoniyat va sharoit yo‘q, shu sababli ijtimoiy munosabatlar, mavjud jamiyatlar yasab bergan qiyofada yashashga mahkumdir, shu sababdan ham u qiyofasizdir deydi. Aslida, Muzilning bu xil qarashi va insonga bu xil yondashuvi Freydning insonning ongli hamda ongosti holatlari tahlili bilan bog‘liq ta’limot ta’sirida dunyoga kelgandi. Ayni shu ta’limot ta’sirida Muzil insonni ikkiga: ratsiod va noratsiod toifalarga bo‘ladi. «Qiyofasiz odam» romani ana shu qarashning badiiy ifodasidir. Asar bosh qahramoni Ulrixdan tortib davlat amaldorlarigacha, olimlar va adiblar, ziyolilargacha – hammasi asarda odam qiyofasida emas, odam shaklidagi ma’lum bir qarashlarning, an’analarning, ijtimoiy munosabatlarning qiyofasida gavdalanadi va harakat qiladi. Ulrix ham jamiyatda yashash uchun o‘zligidan kechib ular talab qilayotgan qiyofaga kiradi. Oxir-oqibat Ulrixni bu xil yashash zeriktiradi. U o‘ziga xos isyon qiladi: hammasini tashlab singlisi Agataning dunyosiga qaytadi. U insonni xalos qiladigan muhabbatni singlisining va o‘zining xayolidan topadi. Cho‘kkan va zada ko‘ngliga singlisiga nisbatan mehr hamda ularning muhabbat haqidagi orzu-istaklari malham bo‘ladi.
Muzilga bu asarini yakunlash nasib qilmadi.
Roman Tomas Manning e’tiboriga tushdi. Ayni shu romanidan so‘ng G‘arb adabiyotida Muzil nomini frantsuz Marsel Prust bilan yonma-yon qo‘ya boshlashdi. Tomas Mann asarni: «O‘zining qudrati va quvvati bilan katta an’analarni boshlab beradigan yangi nemis romanchiligining ibtidosi», – deb atadi. Arnold Sveyg: «Bu asar Avstriya adabiyotining eng yuksak badiiy namunasi», Brox esa: «Muzil bu asari bilan dunyo miqyosidagi epik adib ekanini isbotladi», – deya baho berdi.
Bu e’tiroflar oshkora va ommaviy tarzda dunyo yuzini ko‘ra boshlaganda Muzil og‘ir kasal yotardi. Mashaqqatli kechgan hayoti, yo‘qchilik oxiri uning sillasini quritgan, sog‘lig‘iga ta’sir qilgandi. 1938 yildan e’tiboran u adabiy olam uchun deyarli unut odamga aylandi. Zamondosh adiblarning e’tiroflari 1939 yili boshlangan Ikkinchi jahon urushi, dunyo alg‘ov-dalg‘ovlari ichida bilinmay ham qoldi. Muzilning faqirona hayot shamchirog‘i e’tirofini kuta-kuta 1942 yili, nihoyat, so‘ndi. Uni so‘nggi manzilga bor-yo‘g‘i 10 kishi kuzatdi. XX asrning eng yirik va ulug‘ adiblaridan biri hayotini shu tariqa yakunladi.
1943 yili rafiqasi «Qiyofasiz odam» romanining oxirgi tomlarini nashr qildirdi. 1951 yili Adolf Friz romanning barcha tomlarini jamlab yakka kitob holida chop ettirdi. Ana shu nashrdan G‘arb, qolaversa, dunyo adabiyotida Muzil davri boshlandi. Adabiy dunyo Muzilni qaytadan kashf qildi va uning nomini endi bir ovozdan Kafka, Joys, Kamyu, Tomas Mann, German Brox, Elias Kanetti bilan bir qatorda sanashga tushdilar.
Muzilning so‘nggi romani 50-yillar va undan keyingi avlod adabiyotiga juda kuchli ta’sir o‘tkazdi. O‘limidan so‘ng bo‘lsa ham u haqli ravishda XX asrda adabiyotni yangi bosqichga olib chiqqan va dunyo adabiy jarayonida yangi yo‘nalishni boshlab bergan, psixologik-intellektual romanning asoschilari bo‘lgan adiblar safidan joy oldi.
Nazar Eshonqul