Rauf Parfi. She’riyat huquqi (Cho‘lpon she’riyati xususida)

Ko‘z yoshimda yuvsam yurtning shonini,
Tilim bilan so‘rsam oqqan qonini…
Qonli kunlar tushdi mening boshimga.

Abdulhamid Cho‘lpon.

Alisher Navoiy vafotidan so‘ng dunyo 500 yilga qaridi. Abdulhamid Cho‘lpon yuzga kirdi. Dunyo yuz yoshga yashardi. Butun Turk Dunyosi o‘zining buyuk shoirini sharaflamoqda. Uning siymosida biz ”Haq yo‘li, albatta bir o‘tilgusini”, shoirga o‘lim yo‘q ekanini, She’riyat Huquqi g‘alabasining guvohi bo‘ldik.

So‘zimiz ko‘cha-ko‘yning mijg‘ov loflaridan, xonim-oyimchalarning injiqliklaridan, idorabozlarning mash’um o‘yinlaridan, johilligidan, qo‘rqoqligidan, johil kimsalarning mudhish qiliqlaridan, shubhasiz ustun turgan She’riyat borasida, She’riyat Huquqi va Abdulhamid Cho‘lponning olamshumul Ulug‘ Shoir ekani xususidadir.

Abdulhamid Cho‘lpon she’riyati butun XX asr qadriyatlarini o‘zida mujassam qildi. Uni olamshumul maqomga olib chiqqan omil — shoirning cheksiz ehtirosli gumanizmidir. Bu dunyodagi Insonning hasratlari, quvonchlari Shoir ijodining o‘q tomiriga aylandi.

Turk Dunyosining birligi, Ulug‘ Turkiston qayg‘usi, Insonga muhabbat, javonmardlik, saxovat Abdulhamid Cho‘lpon she’riyatining asos belgilaridir.

Bu fazilatlarni ichkin ilohiy samimiyatsiz ifoda qilib bo‘lmaydi. Abdulhamid Cho‘lpon samimiyati — Dunyo Insoniga bo‘lgan mehri, sadoqatida yorqin namoyon bo‘ldi.

Inson va Tabiatning uyg‘unlikdagi in’ikosi Abdulhamid Cho‘lpon ijodining shuurli nuqtalaridir. Shoir juda uzun shonli-saodatli, qonli-mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Faqat XX asr odaminigina emas, uning hofizasidan, ko‘z o‘ngidan ming yillar vajohati, talotumlari bilan hayqirib kechdilar. Endi shoir bo‘lgusi zamonlarga qadam qo‘ydi.

She’riyat Alloh odamni yer uchun yaratgani kabi qadimiydir. Yorug‘ dunyoga kelgan inson bor ekan, inson bo‘lib tug‘ilgan ekan — Inson haqlari, inson huquqi bordir. Inson Huquqi — She’riyat huquqi. Inson va Tabiat uyg‘unligi abadiy, tabiat tartiboti o‘zgarmas, ammo inson tabiati o‘zgaruvchandir. Muvozanat buzilgan joyda jaholatning qora quyoshi yonib fikr olamini zulmatga chulg‘aydi, qonga bulg‘aydi. Muborak uyg‘unlik yo‘lida jafo chekkanlarning karvonboshilari shoirlardir, ehtimol. She’riyat cheksizlikdir — ammo, she’riyatning osmoniga boqib cheksizlikning ham cheki bor, deb o‘ylaysiz.

She’riyat insonning ilkin nafasidir, poyonsiz nafasning moddiylikka aylanishidir, balki.

Misr,Bobil, Xitoy,Hindiston, Rum, Eron, Ovrupo, Amerika singari Turon-Turkiston-Turk Dunyosi jahon ilmu fani, madaniyati, adabiyoti va san’ati xazinasiga o‘zining munosib merosini berdi va berajakdir. Ulug‘ shoir Abdulhamid Cho‘lpon o‘zbek ruhini kuyladi. Zero O‘zbek Ruhi o‘lmasdir. O‘zbek Ruhi abadiydir. O‘zbek Ruhi — butun Turk Dunyosining merosidir.

O‘zbek millati bu oltin merosning egasi, bu meros butun jahon uchun, butun insoniyat uchun Alloh inoyati ila go‘zal armug‘ondir. O‘zbek millati — jahon sivilizasiyasini bir pog‘ona baland ko‘targan buyuk millatdir. O‘zbek bo‘lib tug‘ilgan, o‘zbek degan nomni muqaddas bilib tanu ruhida asragan inson naqadar baxtli insondir.

Bu sharafli tuyg‘ular Abdulhamid Cho‘lpon ijodiyotida porloq ifodasini topdi.

Abdulhamid Cho‘lponni titratgan, qaqshatgan zulm edi. Zulm — o‘zbekning eng sara gullarini yulib otdi. Hamzani o‘ldirib, bu o‘lim bahonasida, birinchi o‘zbek sovet shoirining qotillari deb minglab begunoh musulmonlarni qirib tashladi, butun davlatchilik iqtidorlarini ishlatib qo‘lga kiritgan Turkiston avtonom jumhuriyatini yer bilan yakson qildi, bu yangi o‘zbek hukumatining a’zolarini qilichdan o‘tkazdi. Masalan, 1917 yildan 1947 yilgacha faqat Rusiyaning o‘zida stalinizm qurbonlarining soni 67 million 533 mingga yetdi. Zulm — shoir yuragida qanday kechagani yolg‘iz Allohga ayon.

Zulm — bashariyatning muqaddas beshiklaridan bo‘lmish ulug‘ Turkistonga bostirib kirdi. Milyon-milyon gunohsiz insonlarimizning pok qonlarini to‘kdi, ilohiy masjidlarimizga ko‘ppaklarini bog‘ladi, mezanalariga qo‘ng‘iroqlar osdi, bog‘larimizga «itlarga va sartlarga kirish man’ etiladi», deb yozib qo‘ydi, jahonning ko‘rki bo‘lgan obidalarga bomba yog‘dirdi, bir kechada minglab o‘zbeklarni, eru xotin, bolalarni, homilador ayollarning qornidagi go‘dakkacha jaholat pichog‘i bilan so‘ydi, neki halol bo‘lsa borini xarom qildi, najosatga to‘ldirdi.

Bu ahloqsiz, madaniyatsiz olomon, shaytanat bandalari mening ulug‘ xalqimni — o‘zbek turklarini har xil laqablar, tamg‘alar, yorliqlar yopishtirib keldi. Lekin o‘zbek turklarining ilohiy Ruhini, qutlug‘ tilini sug‘urib ololmadi. Shoirning ichidan nelar kechdi ekan, u qaro kunlar.

Zulm — bir millatni (boshqa) bir millat bilan xundor dushman qilishga erishdi. Zulm uchun inson-insonga do‘st-birodar emas, o‘ch olishga doim shay turgan jallod bo‘lishi kerak edi. Erishdi. Shoir solnomachi emas, u yuzlab badiiy qiyofalar yaratoldi.

Ona-sayyoramiz she’riyat kabi poyonsiz. Insoniyatning dardu quvonchi Abdulhamid Cho‘lponning dardu quvonchi bo‘ldi. Shoir o‘z Vataniga farzandi o‘laroq o‘z xalqining inon-ishonchi, shodligi, uqubatlarini o‘zida, so‘zida ifoda qildi, dunyoviy alamkashlik uni jahon fuqarosiga aylantirdi.

O‘zbek ma’naviyat osmonida bir Cho‘lpon yulduzi porladi, tobora o‘ziga jalb etdi va uning ovozi butun bir xalqning hayqirgan ovozi edi.

Abdulhamid Cho‘lpon zulmga qarshi, stalinizmga qarshi, manqurtlikka qarshi ozodlik uchun, She’riyat Huquqi uchun kurashayotganlarning sardorlaridan biridir. Xalq shunday shoirini ko‘p zamonlardan buyon kutgan edi. U keldi va kurash maydoniga chiqdi. Haq va Haqiqat yo‘lida qurbon bo‘ldi. Bu yorug‘ dunyoda u yolg‘iz emas edi, uning tengdoshlari, maslakdoshlari, o‘likdoshlari juda ko‘p edi, bu eski shaytanatda. Ular — yuzlab shoirlar milyon-milyon xalqlarning faryodiga aylangan zulmga qarshi — Inson Haqlari uchun She’riyat Huquqi uchun o‘rtaga chiqqan Muqaddas She’riyat lashkari edi.

Abdulhamid Cho‘lpon yolg‘iz emas edi. U ulug‘ jahon shoirlarining mehr qarog‘ida edi.

Abdulhamid Cho‘lpon XX asr jahon she’riyati saroyiga mana shunday kirib keldi va bu saltanatda munosib o‘rniga noil bo‘ldi.

Abdulhamid Cho‘lpon – o‘zbek farzandi, Turk Dunyosining so‘nmas yulduzi, ulug‘ jahonshumul shoirdir.

18.07.2001.