So‘fi Olloyorning tarjimai holini ilk marotaba yaxlit tarzda jamlagan manba “Risolai Aziza” asaridir. Shu kungacha So‘fi Olloyorning tarjimai holi bilan bog‘liq ishlarda, xoh u maqola, xoh tadqiqot, xoh badiiy asar bo‘lsin, barchasida “Risolai Aziza”dagi ma’lumotlarning ta’siri seziladi.
“Risolai Aziza” So‘fi Olloyorning “Sabotul ojizin” asariga yozilgan sharh bo‘lib, muallifi XVIII-XIX asrlarda yashagan tatar olimi Tojuddin Yolchiqul o‘g‘lidir.
“O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligida So‘fi Olloyor haqida berilgan ma’lumotlar ham asosan “Risolai Aziza”dan olinib, ijtimoiy mafkura talabiga ko‘ra ma’lum qolipga solinganini kuzatishimiz mumkin. Darslikdagi ma’lumotlarga “Risolai Aziza” asos bo‘lgan, degan fikrimizga ikkita yaqqol dalil bor: birinchisi, So‘fi Olloyorning otasi Olloquli deb to‘g‘ri ko‘rsatilishiga qaramasdan, qavs ichida Temiryor deb “Risolai Aziza”dagi noto‘g‘ri ma’lumot tirkab qo‘yilgan. Ikkinchisi, So‘fi Olloyorning uch marta uylangani haqidagi ma’lumotning asli ham dastlab “Risolai Aziza”da keltirilgan: “Aytmishlarki, Olloyor to‘raning uch xotuni bor erdi, ikki qizi va bir o‘g‘li bor erdi…”
Sayyid Habibulloh ibn Sayyid Yahyoxon Farg‘oniy tomonidan hijriy 1388/1968 yil Kobul shahrida yozilgan “Hidoyatut tolibin” kitobida ham Sadriddin Ayniyning “Namunai adabiyoti tojik” asarida, shuningdek, “Maslakul muttaqin”ning avvalida kelgan baytlarda, “Murodul orifin” muqaddimasida va yana So‘fi Olloyorga nisbat berilgan muxammasdagi ma’lumotlarga suyanib, So‘fi Olloyorning qisqacha tarjimai holi keltiriladi: “Muallifni otlari Olloyor va otalarini nomi Olloquli va birodarlarini ismi “Farhodbiy Atoliq” va o‘g‘ullarini oti Sodiq Muhammad va qavmlari o‘zbek va tug‘ulgan yerlari Kattaqo‘rg‘ondur. Xonadoni amorat va hukumatdin bo‘lub, avoilda Abulfayzxon hukumati ovonida Kattaqo‘rg‘on va Samarqandda amorat va hukumat etib, so‘ngra jazbayi Ilohiy g‘alaba qilib, hukumat va navkarlikdin iste’fo etib, shayx Navro‘z mulaqqab ba Habibullohga murid o‘lub va tariqai ’aliyyai Naqshbandiyaga kirganlari va ul zotdin bolo saxrai murshid o‘lub, to oxiri umrgacha muridlarni irshodu hidoyatiga mashg‘ul o‘lub va Qipchoqu Xitoy qavmi Samarqandni istilo etib va xarobliklar qilganlarida alarga nasihat etsalar quloqg‘a olmay, “bizga ko‘p nasihat qilma” deb zulmu istibdodga mashg‘ul o‘lganlaridan ozurda xotir o‘lub, dillari sinib, hijrat va tarki vatan etib, tobe’ Vaxshivor muzofoti va Qabodiyon qishloqiga ko‘chub kelib, ul yerda ta’lim va tasnifga mashg‘ul o‘lub, 1132/1720 sanada o‘shal Vaxshivorni Qabodiyonida vafot etib va u yerda madfun va qabrlari ziyoratgohi xosu omligi ma’lum o‘lur. Va ham Mashrab Namangoniy devonida Qabodiyonga borib, nozim rahimahulloh bilan ko‘rushgani zikridin har ikkilari muosir ekanlari ma’lum o‘lur”.
Sayyid Habibulloh “Risolai Aziza” muqaddimasida keltirilgan tarjimai hol bilan bog‘liq ma’lumotlarga shunday munosabat bildiradi: “Ammo shorih (ya’ni – Yolchiqul o‘g‘li)ni “Samarqand elida Minglon degan uy bor edi, anga Temuryor otli asli va nasli no‘g‘ay kishi bor edi” deb qilgan qissasi beasosi (asossizligi) ma’lum o‘lur. Chunki So‘fi Olloyor Kattaqo‘rg‘ondin o‘lub, otalarini oti – Olloqulidur, na Temuryor. Aslan o‘zbekdurlar, na no‘g‘ay. Hamda Yolchiqul o‘g‘lini Shayx Habibulloh xususida aytganlari… So‘fi Olloyorni ul kishiga murid o‘lushlari muqaddimasida kelturgan qissasi va So‘fi Olloyorning Amina va Halima otli ikki qizi bor degani chun bir rivoyati sahihaga muttakiy emas va Yolchiqul o‘g‘li ham bir odami siqa va mo‘tamad emasligi sababidin bu hikoyalarni afsonai beasos deb sanalsa bo‘lur”.
Filologiya fanlari doktori Sh.Sirojiddinov o‘zining “So‘fi Olloyor hayoti va faoliyatiga qayta nazar” maqolasida So‘fi Olloyor tarjimai holi aks etgan manbalarga muayyan munosabat bildirgan. Olimning bu izlanishi So‘fi Olloyor tarjimai holiga ancha aniqliklar kiritgani bilan qimmatlidir. Maqolada “Risolai Aziza”dagi ma’lumotlarning ancha munozarali ekani ta’kidlanib, sharhda aytilgan hamma gapga ham ishonavermaslik kerak degan xulosaga kelingan. Masalan, So‘fi Olloyorning otasi – Temiryor, uning asli va nasli no‘g‘oy ekani, Shayx Habibulloh haqidagi gaplar, So‘fi Olloyorning boj mahkamasidagi-yu Raston bozoridagi holatlari, Baytulloh ziyoratiga azm aylab, Qozonda biroz to‘xtashi, keyin Arzirumga (Turkiyaga) o‘tishi, u yerdan Iskandariyaga (Misrga) kelishi va o‘sha yerda 90 yoshida olamdan o‘tishi kabi ma’lumotlar qo‘lyozma manbalardagi ma’lumotlar bilan qiyosan o‘rganilganda hech bir asosga ega emasligi aytiladi. “Bu ma’lumotlarni Yolchiqul o‘g‘li qayerdan olgani noma’lum. Ko‘p o‘rinlarda qo‘lyozma manbalarda berilgan turli xabarlarni birlashtirib yuborgan deyish mumkin. Ular So‘fi Olloyorning o‘zi yozib qoldirgan yoki bizga aniq ma’lum bo‘lgan manbalar bilan muvofiq kelmaydi”– deydi Shuhrat Sirojiddinov.
Haqiqatan ham “Risolai Aziza”dagi Shayx Habibulloh va So‘fi Olloyor tarjimai holiga oid ma’lumotlar qaysi manbadan olingani noma’lum. Lekin bu holni Sh. Sirojiddinov aytganidek, “qo‘lyozma manbalarda berilgan turli xabarlarni birlashtirish” natijasi degan so‘zlar bilan ham izohlab bo‘lmaydi. Chunki bir necha yillar mobaynida “Sabotul ojizin”ning ilmiy-tanqidiy matni bo‘yicha ish olib borayotgan tadqiqotchi sifatida ishonch bilan aytishimiz mumkinki, na O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozma va toshbosma asarlar fondidagi 200 ga yaqin “Sabotul ojizin” nusxalari ichidan, na Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik (Moskva) va Sharq qo‘lyozmalari instituti (Sankt-Peterburg) fondlaridagi 20 dan ortiq eng qadimiy nusxalari ichidan Yolchiqul o‘g‘li keltirgan rivoyatlarga asos bo‘ladigan ma’lumotni uchratmadik.
Sh. Sirojiddinov “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligidagi ma’lumotlarga tanqidiy ruhda yondashish zarurligini uqtirib, adabiyotshunos olim Inoyatullo Suvonqulovning So‘fi Olloyorni ishtixonlik degan fikriga qo‘shilmaydi va aytadi: “Sovet tuzumidan ilgari yozilgan ayrim tazkiralarda “So‘fi Olloyor Miyonkol vohasidandir” degan ta’kidlar mavjud. Tarixdan ma’lumki, Miyonkol vohasiga Samarqand va Buxoro oralig‘idagi, aniqrog‘i, bugungi Karmana, Narpay, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlarining Zarafshon atrofida joylashgan yerlari kirgan”. Bu qarashini olim O‘zRFA ShI qo‘lyozmalar fondidagi 2331–1 inventar raqami ostida saqlanayotgan “Tazkirai Abdulmatlab Fahmiy”dan keltirilgan ma’lumotlar bilan quvvatlaydi: “So‘fi Olloyor Samarqandiy shayxi dilafro‘z So‘fi Navro‘zning taniqli xalifalaridan. Hol ibtidosida sipoh bo‘lgan. Otasini Olloquli va inisini Farhod otaliq deydilar. Ular o‘zbeklarning Samarqand va Buxoro Miyonkolidagi xitoyi qabilasining boshliqlaridan bo‘lganlar. Farhodbiy Abulfayzxon davrida Samarqandda hokim va amirlik mansablariga erishgan… So‘fi Olloyor shayx Navro‘zga irodat va inobat qilgandan so‘ng unga zohir va botin ilmlar eshiklari ochildi. Xosu omga maqbul bo‘ldi. Olimlar va amirlar uning suhbatiga oshiqdilar. Miyonkoldan Hisorning Dehinav tomoniga ketdi. Mavlono Zohid Vaxshivoriyning fayzosorli mozoridan yuqoriroqdagi Vaxshivor qishlog‘iga bordi. U yerda xonaqoh va uy qurdi. Uning qutlug‘ qadamidan o‘sha mintaqani ilonlar tark etdilar. O‘sha yerda 1136/1724 yilda dunyodan o‘tdi”.
Garchi Fahmiy tazkirasida So‘fi Olloyorning vafoti sanasi 1136/1724 deb ko‘rsatilsa ham, Sh. Sirojiddinov shoirning vafot sanasini belgilashda boshqa manbalarda keltirilgan ta’rixlarga suyanadi. Masalan, “Sabotul ojizin”ning sakkizta nusxasi asosida tayyorlangan Tehron nashrida keltirilgan so‘zboshidagi ta’rix:
Charog‘i kulbai asrori tavhid,
Zi sofi Mashrab So‘fi Ollohyor.
Agar jo‘yand ta’rixi vafotash,
Zi qofu jimu g‘aynu lom bardor.
Tarjimasi: “Tabiati pok, xulqi sof bo‘lgani uchun ham So‘fi Olloyor tavhid sirlari yashiringan kulbaning chirog‘idir. Agar u zotning vafoti ta’rixini izlasang, “qof”, “jim”, “g‘ayn”, “lom” harflaridan chiqar”.
Abjad hisobida mazkur harflar (ق – 100; ج – 3; غ – 1000; ل – 30) yig‘indisidan 1133 hosil bo‘ladi. Hijriy hisobdagi bu sana milodiyda 1720/1721 yilga to‘g‘ri keladi. Ayni ta’rix Ubaydulloh ibn Islomquli nusxasida ham keltirilgan. “Sabotul ojizin”ning XIX asr oxirgi choragida Isroiljon Toshkandiy tomonidan ko‘chirilgan nusxasi xotimasida esa quyidagi ta’rix bitilgan:
Abu Hanifai vaqttast So‘fi Olloyor,
Xudoy dod ba o‘ qolu holro bisyor.
Har onki omada ta’rixi favt pursand,
Bigu tu qofu jimu g‘aynu lomro bishumor.
(Tarjimasi: “So‘fi Olloyor zamonning Abu Hanifasidir. Xudoy taolo uni qol va hol ilmi bilan ko‘p-ko‘p bahramand etgan. Har qachon uning vafoti ta’rixini so‘rsalar, ayt: sen “qof”, “jim”, “g‘ayn”, “lom”ni sanagin!”
Bu ta’rixdan ham yuqoridagi – 1133/1721 sanasi kelib chiqadi. Shuningdek, “Sabotul ojizin”ning O‘zRFA ShI, №09/867 raqamli qo‘lyozma nusxasi oxirida ham shu ta’rix keltirilgan.
Mazkur ta’rixlarga asoslangan holda Sh. Sirojiddinov So‘fi Olloyorning vafot sanasini 1720-1721 yil degan to‘xtamga kelib aytadi: “Agar So‘fi Olloyorning hijriy yil hisobi bilan 90 yoshda vafot etgani hisobga olinsa, u kishining tug‘ilgan yilini hijriy 1043 yil deb belgilash mumkin. Bu sana milodiyga aylantirilganda 1634 yil hosil bo‘ladi”.
Demak, So‘fi Olloyor tarjimai holiga oid qo‘lyozma manbalarda, “Maslakul muttaqin” debochasida, “Murodul orifin” muqaddimasida, Sadriddin Ayniyning “Namunai adabiyoti tojik” asarida, shuningdek, keyingi qilingan tadqiqotlarda yuzaga chiqqan yangiliklar “Risolai Aziza”ning muqaddima qismida keltirilgan ma’lumotlarni to‘la shubha ostiga qo‘yadi. Shunday ekan, endi “Risolai Aziza”ni soqit qilib, undan boshqa manbalardagi ma’lumotlarni jamlasak, muayyan tarjimai hol yuzaga keladimi?
Manbashunos olim Abdusattor Jumanazarning so‘nggi yillarda vaqtli matbuotda e’lon qilgan qator turkum maqolalari bu savolga dabdurustdan “ha” deyishga shoshmaslik lozimligini uqtiradi. Olimning manbalar borasidagi qat’iyati izlanishlarining muvaffaqiyatini ta’minlaganiga shubha yo‘q: “Manbalar bizga o‘tmishimizni, o‘zligimizni eng yaxshi mutaxassisdan ham afzalroq tushuntiradi. Har bir savolimizga asrlar qa’ridan o‘tib kelayotgan ko‘hna jildlar qatidan javob topib beradi… Mutaxassislar manbalarda So‘fi Olloyorga oid yetarli ma’lumot yo‘qligidan kuyunishadi. Agar e’tiborni sal kuchaytirsak, masala yechimsiz darajada mushkul va og‘ir emasligini ko‘ramiz. Shoirning tarjimai holi hamda ijodini izchil va to‘liqroq tiklashning iloji bor. Qimmatli ma’lumotlar turli qo‘lyozmalarda sochilib yotibdi. Faqat ularni erinmay yig‘ish, o‘rganish va tartibga solish kerak”.
Zahmatkash olim o‘zining barcha tadqiqotlarida, xususan, So‘fi Olloyor tarjimai holi bilan bog‘liq izlanishlarida masalaga mana shu ilmiy pozitsiyadan yondashadi. A. Jumanazar to‘g‘ri ta’kidlaganidek, o‘tgan asrning 80-yillaridan, ayniqsa mustaqillikdan keyin qator tadqiqotchilar So‘fi Olloyor hayoti va ijodini ilmiy yoritishga kirishishdi. Qizig‘i, tadqiqotchilar “Risolai Aziza” muqaddimasidagi ma’lumotlarni tanqid qilishdi, ammo uning o‘rniga o‘zlarining asosli dalillarini har doim ham taqdim qilisholmadi. Masalan, yuqorida nomi tilga olingan tadqiqotlarda So‘fi Olloyorning piri – ma’naviy ustozi masalasida ziddiyatli o‘rinlar bor. Professor I. Suvonqulov “Maslakul muttaqin” debochasidagi misralar talqiniga suyanib, Shayx Habibullohning tarixiy shaxs ekanini shubha ostiga oladi. Bu borada “Hidoyatut tolibin”dagi ma’lumotlar ham I. Suvonqulov fikrini tasdiqlaydi. Sh. Sirojiddinov esa: “Tilga olingan Habibulloh nomi ikki ma’noda tushunilishi mumkin. Biri Navro‘zning Habibulloh Muhammad alayhissalomga payrav – izdoshligi va ikkinchi ma’nosi uning Shayx Habibulloh halqasida ekanligi” – degan so‘zlar bilan masalani ochiq qoldiradi.
Shuningdek, So‘fi Olloyorning tug‘ilgan yilini belgilashda ham noaniqliklar bor. Mayli, vafot sanasi xususida “Tazkirayi Fahmiy” va bir qator ta’rix ma’lumotlariga suyanib, deyarli bir to‘xtamga kelingan, deylik. Lekin qaysi manbaga asosan So‘fi Olloyorni 90 yil umr ko‘rgan deyilyapti? Agar So‘fi Olloyorning tavallud sanasi tatar olimi Yolchiqul o‘g‘lining “Risolai Aziza”da keltirganiga binoan 90 yil umr ko‘rganiga nisbatan aytilayotgan bo‘lsa, o‘ta zaif hujjatga suyanilgan bo‘ladi. Hatto, Meliqul Xanjar o‘zining “Vaxshivor va So‘fi Olloyor” essesida keltirgan: “So‘fi Olloyorning yettinchi nevarasi Muzaffarxonning So‘fi Olloyor 96 yoshda Vaxshivorda vafot etgan” degan so‘zlariga suyanilayotgan bo‘lsa, bu ham yetarli asos emas. Chunki, to‘rt-besh avlod naridagi, ya’ni uch yuz yillar avval o‘tgan voqelik haqida bugun aytilayotgan og‘zaki xabardan ko‘ra o‘sha davrga yaqinroq yozma manbadagi ma’lumotlarning ishonchli bo‘lishi mantiqqa yaqindir.
Shu ma’noda So‘fi Olloyorning piri Shayx Habibulloh masalasida ixtilofli fikrlarga sabab bo‘lgan birlamchi manba “Maslakul muttaqin”dagi ushbu misralarga quloq tutaylik:
Ya’ni on murshidi bilo ishboh,
Payravy hazrat Habibulloh.
Nomi poki muborakash Navro‘z,
Poy to sar tamom dardso‘z.
Tarjimasi: “Ya’ni, o‘xshashi yo‘q u murshid (aslida) hazrat Habibullohning izdoshi, poku muborak ismi – Navro‘z, boshdan oyog‘igacha tamom (a’zolari Ollohning ishqidan o‘t olib) kuydiruvchi dard (ga aylangan)”.
Haqiqatan ham baytlarning siyoqi – rivoya oqimiga qaralsa, Sh. Sirojiddinov aytganidek, matnda kelgan “habibulloh” (Ollohning suyuklisi) sifati Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga ishoradek tuyuladi. Hatto baytlar orasida “Doimo Xudo rasulining izdoshidir” degan misralar keladiki, bu so‘zlar ham beixtiyor sal oldin kechgan ishtibohni esga soladi. Endi shubhani ko‘tarish uchun, avvalo, Shayx Habibullohning real tarixiy shaxs ekanini, qolaversa, poku muborak ismli Navro‘z Shayx Habibullohning muridi, So‘fi Olloyor esa har ikkala Shayxning muridi bo‘lganini ishonchli dalillar bilan asoslash zarur.
XVII asr oxirida Sayyid Muhammad ibn Oxund Qozi Kamol tomonidan yozilgan “Tuhfatul ahbob” asari Shayx Habibulloh shaxsi bilan bog‘liq muammolarni, aytish mumkinki, uzil-kesil hal qildi. Shayx Habibulloh hayotiga bag‘ishlangan bu manbada u zotning tavalludiga doir quyidagi ma’lumot keltiriladi: “U valoyatpanohning mavludi hijratning 1040 (1630-1631) sanasida hazrat qutbul aqtob, millat va din iftixori, muhaqqiq va mufassirlar akmali, qol va hol ilmini o‘zida jam’ etgan mavlono Ya’qub Charxiy xonadonida bo‘ldi”.
“Tuhfatul ahbob” asari tadqiqi bilan shug‘ullanayotgan manbashunos olim A. Jumanazarning izohlashicha, Hoji Muhammad Habibulloh naqshbandiya tariqatining taniqli vakili Ya’qub Charxiy avlodlaridan Hoji Muhammad Toyyibulloh oilasida dunyoga keladi. Yigitlik davrida u Xoja Ahror Valiy qabrini ziyorat qilish niyatida Samarqandga, so‘ngra Buxoroga yo‘l oladi. Olimning ta’kidlashicha, Shayx Habibullohning Samarqandga borishi Yolchiqul o‘g‘li aytgan hijriy 1100/1689 yildan keyingi davrlar va u tasvirlagan voqealarga sira mos tushmaydi.
“Tuhfatul ahbob”dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Shayx Habibulloh butun umri davomida Buxoro, Isfahon, Sheroz, Rum, Arabistonda Baytulloh ziyorati, Yaman, Hindiston safarlarida bo‘lib, mashhur ustozlardan dunyo va oxirat ilmini hosil qiladi, ulug‘ maqomlarga erishadi. Keyin Buxoroga qaytib ashtarxoniy Abdulazizxon davrida madrasada ilm toliblariga saboq beradi. Murid va muxlislari soni kundan-kun ortib boradi. Ular ro‘yxatida, Hoji Muhammad Habibullohning eng yaqin suhbatdoshlari va ushbu maktabning mashhur tarbiyalanuvchilari qatorida “So‘fi Navro‘z Shahrisabziy nomi ham zikr qilinadi.
Sayyid Muhammad ibn Oxund Qozi Kamol ustoz va shogird o‘rtasidagi munosabat haqida shunday xabar beradi: “Ushbu So‘fi (Xalifa Navro‘z)dan joriy bo‘lgan xavoriq odatlardan biri shon-shavkatli Farhodbiy O‘tarchining birodari taqvo-osor, fazilatshior, husni xulq egasi So‘fi Olloyor O‘tarchi edi. U Xalifa Navro‘z xizmatiga kelib, unga irodat qildi…”
A. Jumanazar aytishicha, mazkur voqeaning sodir bo‘lgan vaqti manbalarda aniq ko‘rsatilmagan. Ammo barcha birlamchi ma’lumotlar umumlashtirilsa, So‘fi Olloyor ustozi So‘fi Navro‘z huzuriga 1697-1698 yillarda borganini faraz qilish mumkin. Manbada bu uchrashuvdan keyin So‘fi Olloyor qisqa muddatda “Maslakul muttaqin” asarini yozib tugatgani va aynan shu voqea So‘fi Navro‘z Keshiyning karomati ekani ta’kidlanadi.
“Tuhfatul ahbob”da ustoz va shogird o‘rtasida kechgan boshqa ma’naviy holatlar haqida ham zikr qilinadiki, bu axborotlarni mazkur manba tadqiqotchisi A. Jumanazar So‘fi Navro‘z va shogirdi So‘fi Olloyor to‘g‘risidagi eng avvalgi qadimiy ma’lumotlardan deb hisoblaydi.
Shunday qilib, Shayx Navro‘z va Shayx Habibullohning bitta shaxs ekani haqidagi gumonlar mavzuga daxldor eng qadimiy manba “Tuhfatul ahbob”dan keltirilgan dalillar asosida to‘la oydinlashdi.
Endi So‘fi Olloyorning tug‘ilgan yilini aniqlashtirish masalasiga e’tibor qaratsak. Bu sana tadqiqotlarda turlicha taxmin qilingan. I. Suvonqulov Ubaydulla Islomquli o‘g‘li Alamkash keltirgan ta’rixga ko‘ra, So‘fi Olloyorning vafoti 1721 yil, tug‘ilgan yili 1644 yil, u milodiy hisobda 77 yil, hijriyda 79–80 yil umr ko‘rgan, deydi. “Sabotul ojizin” va “Risolai Aziza” asarlarining lingvotekstologik xususiyatlari bo‘yicha nomzodlik ishi yoqlagan qozonlik olima G. R. Ilyosova shoirning tug‘ilgan yilini 1616 yoki 1630 yil, vafoti 1705 yoki 1713 yoki 1721 yoki 1723 yil deb faraz qiladi. “Sabotul ojizin”ning “Mehnat” nashriyotida chop etilgan nusxasi muqaddimasida So‘fi Olloyor 1133/1720 yilda dunyoga kelganligi aytilgan. Sh. Sirojiddinov yuqorida keltirilgan vafot ta’rixlari asosida aytishicha, agar So‘fi Olloyorning hijriy yil hisobi bilan 90 yoshda vafot etgani hisobga olinsa, tug‘ilgan yilini hijriy 1043/1634 yil deb belgilash mumkin. “So‘fi Olloyor” jamg‘armasi raisi Ravshan Mirzayev ham shoirning tavalludi milodiy 1634, vafoti 1721 yilga to‘g‘ri kelishini qayd etgan. “Tazkirai Abdulmatlab Fahmiy”da shoirning vafot sanasi hijriy 1136/1634 yil deb keltirilgan. Xuddi shu sana Sadri Ziyoning “Asomi kutub” asarida ham qayd etilib, unda So‘fi Olloyorning hijriy 1136/1724 yili Vaxshivorda Shayx Zohid Vaxshivoriy qabristoniga dafn qilingani aytiladi. Mir Husayn o‘zining “Maxazinut taqvo” asarida So‘fi Olloyorning vafot sanasini ushbu so‘zlar bilan ta’rix qilgan:
“Ey haddi Vaxshivor”. Ta’rix moddalarini sanaga aylantirsak: 1136 hosil bo‘ladi. Hijriy – 1136, milodiy – 1724 yil.
Demak, tarixiy manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra So‘fi Olloyorning vafoti bo‘yicha asosan ikkita sana yetakchilik qilyapti:
hijriy 1133/1721;
hijriy 1136/1724.
Xo‘sh, bu sanalardan qaybiri haqiqatga yaqin? Yana tarixga murojaat qilamiz. “Tuhfatul ahbob”da aytilishicha, So‘fi Olloyorning akasi Farhodbiy ashtarxoniy Abulfayzxon davrida bir muddat otaliq lavozimini egallab turadi. Ammo saroydagi kelishmovchiliklar oqibatida hijriy 1134/1722 yili qatl etiladi. Mana So‘fi Olloyorning akasi vafotiga yozgan marsiyasidan namuna:
Salomulloh, yuragim porasig‘a,
Tanim ruhi ko‘zumning qorasig‘a
Azizim, arjumandim, mehribonim,
Dilim, jonim, tamurim, ustixonim,
Ravon sarvim, gulim, bog‘im, bahorim,
Otam birla onamdin yodgorim.
Tadqiqotchi D. Hamroyeva “Tazkirai Majzub” manoqibiga tarixiy yondashuv” nomli maqolasida So‘fi Olloyordan Farhodbiy o‘limining xunini olishni otasi Olloquli talab qilgani haqida yozadi. Manbashunos olim A. Jumanazar mazkur tarixiy faktga asoslanib, shunday haqli savolni o‘rtaga qo‘yadi: “So‘fi Olloyor 1721 yili to‘qson yoshda hayotdan ketgan bo‘lsa, qavmdoshlari (yo, mayli, otasi deylik) undan 1722 yili o‘ldirilgan akasining xunini olishni talab qilishyapti… Abulfayzxon 93–95 yoshlardagi munkillagan cholni qatl ettirganmi? Unda Farhodbiy va So‘fi Olloyorning otasi Olloquli necha yil umr ko‘rgan?”
Demak, bu tarixiy hodisalar mulohaza qilinsa, So‘fi Olloyorning vafoti sanasi 1721 emas, 1724 yil bo‘lib chiqyapti. Shuningdek, So‘fi Olloyor va atrofidagi tarixiy shaxslar bilan bog‘liq voqealar ham uning “90 yil umr ko‘rgan”ini tasdiqlamayapti. Xullas, mavjud manba va tadqiqotlarda yig‘ilgan ma’lumotlarga asoslanib, So‘fi Olloyorning nisbatan ishonchli tarjimai holini tiklashga harakat qilib ko‘raylik.
Mang‘itiy hukmdor Amir Shohmurodning ikkinchi o‘g‘li Mir Husayn “Maxazinut taqvo” asarida yozishicha, So‘fi Olloyor 63 (shamsiy 61) yoshida Vaxshivorda vafot etgan va shogirdi Jonmuhammad ustozining janoza namoziga imomlik qilgan. “Maxazinut taqvo” muallifi Mir Husayn So‘fi Olloyorning shogirdi Jonmuhammadning chevara o‘g‘li edi. Mazkur avlod silsilasi tasavvurda aniqroq, xotirda yorqinroq jonlanishi uchun quyidagi chizmaga e’tibor qarating:
Jonmuhammad → o‘g‘li → qizi → Mir Husayn
↓ ↓
So‘fi Olloyor shogirdi “Maxazinut taqvo” muallifi
Mir Husayn katta bobosi Amir Shohmurodning vafotidan 13-14 yil keyin – 1785 sanada dunyoga kelgan. Mir Husaynning So‘fi Olloyor tarjimai holi bilan bog‘liq xabari qisqa bo‘lsa-da, tarixiy qimmatga egaligi jihatidan muhimdir. Qolaversa, “Maxazinut taqvo”da keltirilgan faktlar “Tuhfatul ahbob” kabi manbalardagi ma’lumotlar hamda tarixiy voqealar bilan muvofiq keladi.
So‘fi Olloyor keyingi – “Maxzanul mute’in”, “Murodul orifin”, “Sabotul ojizin” kabi asarlarini 1700 – 1724 yillar oralig‘ida yozgan. Shu davrlarda Kattaqo‘rg‘on, Samarqand, Buxoro, Cho‘nqaymish, Kesh, Nasaf, Qoratikan kabi shahar va mavzelarda turli fursat istiqomat qilgan. Umrining oxirgi damlarini Vaxshivor qishlog‘ida kechirib, 1724 yili shu qishloqda olamdan o‘tgan. Demak, So‘fi Olloyorning hijriy hisobda oltmish uch yil umr ko‘rgani (1073-74 – 1136) aniq manbaviy asosga ega. Shu hisobga ko‘ra So‘fi Olloyor tarjimai holi sanalarini shunday shakllantirish mumkin.
XVII – XVIII asr turkiy ilmiy-ma’rifiy adabiyotining yirik vakili So‘fi Olloyor 1663 yili Kattaqo‘rg‘ondagi O‘tarchi qishlog‘ida Olloquli xonadonida tug‘ilgan. O‘tarchi qishlog‘i Kattaqo‘rg‘on shahridan oqib o‘tuvchi Nahripay daryosi yoqasidagi Saripultepa qishlog‘iga tutash bo‘lgan hududda joylashgan.
So‘fi Olloyorning maktab-madrasalardagi tahsil davri hayoti haqida aniq tarixiy ma’lumotlarga ega emasmiz. Har holda ma’rifatli xonadonning farzandi sifatida So‘fi Olloyorning ongli faoliyati Abdulazizxon (1645-1681), Subhonqulixon (1680 – 1702), Ubaydullaxon II (1702 – 1711) va qisman Abulfayzxon (1711 – 1747) xonlik qilgan davrlarga to‘g‘ri keladi. Abdulazizxon taxtni tark etgan 1681 – 1682 yillarda So‘fi Olloyor endigina 18-19 yoshlarni qoralagan o‘spirin edi. O‘sha paytlarda uning akasi Farhodbiy o‘tarchi Subhonqulixon qo‘shiniga jangchi bo‘lib kiradi. Qat’iyati va jasurligi bilan hukmdorning e’tiborini qozonadi. Subhonqulixon vafotidan (1702) so‘ng Buxoro davlati taxtiga Ubaydullaxon o‘tiradi. Qisqa fursatda Farhodbiy o‘tarchi xonning ishonchini qozonib, otaliq mansabiga erishadi.
Ammo tarixiy manbalarda So‘fi Olloyorning xonlik tizimida biror lavozimda ishlagani haqida ma’lumot uchratmadik. So‘fi Olloyorning ustozi Hoji Muhammad Habibulloh to‘g‘risidagi axborotlar 1680 yillar boshlarida yozilgan ayrim manbalarda ko‘rina boshlaydi. 1699 yili yozib tugatilgan “Tuhfatul ahbob” asari esa to‘liq Hoji Muhammad Habibulloh hayotiga bag‘ishlangan edi. Xuddi shu asarda Xalifa Navro‘z Keshiy va So‘fi Olloyor haqida dastlabki tarixiy ma’lumotlar uchraydi. So‘fi Olloyorning ilk asari “Maslakul mutaqqin” ham aynan shu davrda yozib tugallangan. Shunday qilib, So‘fi Olloyor nomi 1699 yildan boshlab tarixiy manbalarga kirib keladi.
“Tuhfatul ahbob” muallifi ma’lumotlari tahlil qilinganda So‘fi Olloyor 1696 yillardan keyin Hoji Muhammad Habibulloh va Xalifa Navro‘z Keshiy xizmatiga kelib, mujaddidiya-naqshbandiya suluki ta’limotini o‘rganishga kirishganini ko‘rish mumkin. U Xalifa Navro‘z ko‘rsatmasiga binoan, Kesh madrasalaridan birida ham ta’lim oladi. 1699 yilga qadar “Maslakul muttaqin” asarini yozib tugatadi. Shu yili ustozi Hoji Muhammad Habibulloh vafot etadi. Endi ayrim manbalarda Xalifa Navro‘z Keshiy, Xoja Lutfulloh, Boborahim Mashrab, Xalifa Jonmuhammad kabi tarixiy shaxslarning So‘fi Olloyor shaxsi bilan bog‘liq munosabati aks eta boshlaydi.
So‘fi Olloyor keyingi – “Maxzanul mute’in”, “Murodul orifin”, “Sabotul ojizin” kabi asarlarini 1700 – 1724 yillar oralig‘ida yozgan. Shu davrlarda Kattaqo‘rg‘on, Samarqand, Buxoro, Cho‘nqaymish, Kesh, Nasaf, Qoratikan kabi shahar va mavzelarda turli fursat istiqomat qilgan. Umrining oxirgi damlarini Vaxshivor qishlog‘ida kechirib, 1724 yili shu qishloqda olamdan o‘tgan.
Ushbu maqolada So‘fi Olloyor tarjimai holi bilan bog‘liq barcha og‘zaki va yozma ma’lumotlar tarixiy-manbaviy asosda yoritildi. Maqsadimiz manbalarning ishonchlilik darajasini aniqlash bo‘lgani uchun ham mazkur maqolada turli manbalardan ko‘p iqtiboslar keltirildi, go‘yo har bir manba mavzu doirasida o‘zini namoyon qildi, o‘zining haqiqiy maqomini o‘zi belgiladi. Albatta bu “o‘zini fosh qilish” uslubi manbalararo muqoyasa sharoiti ta’minlansagina, samara beradi. Shu ma’noda, asosiy e’tibor ayni sharoitni yaratishga, muqoyasa natijalarini tarixiy o‘zanda o‘rganishga qaratildi. So‘nggi xulosamiz shu bo‘ldiki, rivoyatlar asosida to‘qilgan “Risolai Aziza”dagi tarjimai hol o‘zining ilmiy asosini topmadi. Lekin, ayni paytda, So‘fi Olloyorning tug‘ilganidan to vafotigacha barcha muhim sanalar aks etgan tarjimai hol ham taqdim qilinmadi. Sababi, bu vazifa maqolada maqsad qilinmagan, balki So‘fi Olloyor tarjimai holi manbalari qiyosiy o‘rganilgan. Qolaversa, tarjimai holni tiklashda ilmiy mezon – tarixiy haqiqat. So‘fi Olloyor tarjimai holini tarixiy hujjatlar asosida tasdiqlanmagan ma’lumotlar bilan to‘ldirish tarixni soxtalashtirish bo‘lib qoladi. Qolaversa, mustahkam ilmiy asosga ega tarjimai holni to‘la va butkul tiklash muayyan vaqt va alohida e’tiborni talab qiladigan ish. Umid qilamizki, “olloyorshunos” olimlarning bu jabhadagi izlanishlari kelgusi tadqiqotlarda albatta o‘z natijasini namoyon qiladi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 9-son
______________
Rashid Zohid – 1965 yilda tug‘ilgan. Filologiya fanlari doktori. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan. Abu Homid G‘azzoliyning “Tavba”, “Nafs tarbiyasi”, “Til ofatlari” kitoblarini arab tilidan tarjima qilgan. “Sabotul ojizin” asarining manbalari, sharhlari va ilmiy-tanqidiy matnini kompleks o‘rganish muammolari” mavzusida doktorlik ishini himoya qilgan. “Sabotul ojizin” kitobiga “So‘fi Olloyor hikoyatlari”, “Ravoyihir rayhon” nomli fundamental sharh kitoblarini nashr qildirgan.