Abulqosim Firdavsiy o‘zining mashhur “Shohnoma” dostoni boshlanishida Eron saltanati ravnaqini, shu bilan birga butun insoniyat taraqqiyotining eng muhim bosqichlarini ham realistik uslubda, ham badiiy-fantastik voqealar orqali tasvirlaydi. Sevimli farzandi Siyomakdan ayrilganiga qayg‘urib, dod-faryod bilan yashar ekan, unga Oliy tangri Xurmuzd (“Avesto”da Axuramazda — R.I.) yordamga keladi. U Qayumars huzuriga elchisi — farishta Surushni yuborib, uni yupatadi. Qayumarsning nabirasi, Siyomakning o‘g‘li Xushang ulg‘ayib, ulug‘ bahodir bo‘lib yetishadi, devlarni tor-mor keltirib, otasining o‘chini oladi. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash joizki, Firdavsiy bu voqeada ilohiy kuchlarning aralashuvi kabi fantastik hodisani hayotda bo‘lgan real hodisa deb, ishonch bilan tasvirlaydi. Shu voqeada bahodir Xushang qo‘shinida o‘rgatilgan arslon, yo‘lbars, qoplonlarning qatnashuvi kabi fantastik tasvir ham bor. Bizningcha, bu tasvirda arslon va yo‘lbars kabi kuchli yirtqich hayvonlardan ajdaho va devlar ham qo‘rqadi, degan qat’iy bir ishonch singdirilgan. O‘z navbatida, yovuz Ahriman ham Xushangni va jangchilarini qo‘rqitish uchun odamlarni chirpirak qilib osmonga ko‘tarib, uchirib ketishi mumkin bo‘lgan quyun va g‘ayritabiiy qo‘rqinchli shovqinlardan foydalanadi.
Mana shu jangda Ahrimanning o‘g‘li — yosh dev bilan bahodir Xushang yakkama-yakka olishadi va uni halok etadi. Yana bir fantastik tasvir — yovuzlik podshohi Ahrimanning kuchli va qo‘rqinchli o‘g‘illari bo‘lishi mumkin deb tasavvur qilish, umuman yovuzlik kuchlarining ko‘pligini bilish bilan bog‘liqdir.
“Shohnoma”da zardo‘shtiylikdan ham avvalgi otashparastlik diniy e’tiqodining vujudga kelishi, olovning kashf etilishi fantastik tasavvurligidan tashqari, yovuz kuchlarga qarshi kurash jarayonida yuz bergan tasodifiy hodisa bilan bog‘liq deb tasvirlanishi qiziqarlidir.
Firdavsiyning tasvirlashicha, Xushang kashf etgan deb hisoblanadigan olov zulmatli kechalarni yoritib, panoh, boshpana bo‘lishi ham odamlarda unga nisbatan hurmat uyg‘otadi. “Shohnoma” dostonida tasvirlanishicha, qadimgi odamlarning ibtidoiy tasavvuriga ko‘ra, kechalari olov yoqish tongda quyoshning chiqishiga yordam berarmish. Bu tongotar bayramni eroniylar sada bayrami deb ataydilar.
Qadimgi sharq xalqlarining fantastik tasavvurlariga ko‘ra, dashtu dalalarga yomg‘ir yog‘diruvchi bulutlar Oliy tangri Xurmuzdning go‘zal xotinlaridir. Shu tasavvurlarga ko‘ra, bu ayollar Nohid yulduzidagi daryoda yashaydilar va Yerdagi daryolar qurib qolmasligi uchun, doimiy ravishda, o‘z vaqtida qor, yomg‘irlarni yog‘dirib turadilar. Shuning uchun qadimgilar qor, yomg‘irni ham muqaddas deb bilganlar.
Yovuzlik timsoli Ahrimanning sodiq xizmatkori Apaosha ismli Iblis garmsel shamolini purkab, ekinzorlarni kuydirib yuboradi. Qurg‘oqchilik, ocharchilik boshlanadi. Lekin Yer sayyorasi Sirius yulduzi burjidan o‘tayotgan vaqtda Ezgulik tangrisi Xurmuzd yuborgan pahlavon Tir qurg‘oqchilik Iblisini yengadi. Yana yomg‘ir yog‘ib, dalalar yashnab ketadi.
Firdavsiyning “Avesto”dagi diniy ta’limotga asosan tasvirlashicha, Vritra ismli Yomonlik devi osmonni yomg‘irsiz qora bulutlar bilan qoplab, uzoq vaqt Quyosh nurini zaminga o‘tkazmay qo‘yadi. Lekin Bahrom (Mars) sayyorasi dahshatli chaqmoqlar yuborib, Vritrani o‘ldiradi, Yerni yana Quyosh qizdira boshlaydi.
“Avesto”ning muqaddas qonun-qoidalarini yaxshi bilgan Firdavsiy “Shohnoma”da tasvirlashicha, qadimgi odamlar Quyosh nur sochgan kunduzni yaxshi ko‘rib, qorong‘u kechadan qo‘rqar edilar. Ularning fantastik tasavvuricha, aniqrog‘i, diniy e’tiqodiga ko‘ra, qorong‘u kechalari yovuz Ahriman yuborgan ajinalar, yovuz ruhlar odamlarni adashtirish, halok etish uchun xilvat joylarda izg‘ib yuradilar. Odamlar ulardan qo‘rqib, kechalari bilan uxlamay, jinlarga qarshi duo o‘qib chiqadilar. Agar uxlab qolsalar, yaxshilik keltiruvchi Parodarsh ismli qush qichqirib, ajina va boshqa yovuz ruhlarni haydab yuboradi.
Qorong‘u kechalarda odamlarning osoyishtaligini qo‘riqlab, qichqirib turadigan bu qush Haqqush (Feniks) yoki boyo‘g‘li (Filin) bo‘lishi mumkin.
Qadimgi otashparastlarning e’tiqodiga ko‘ra, har bir uyda yaxshilik farishtalari Fravashalar yashaydi va xonadon egalarini yovuz ruhlardan himoya qiladi. Fravashalar va boshqa ezgu ruhlar turli qushlar va hayvonlar qiyofasida odamlarni, uy-joylarni, chorva mollarini va ekinzorlarni qo‘riqlar edilar.
Qadimgi otashparastlar tasavvuricha, tog‘ yo‘llarida odamlarning og‘irini yengil qiladigan eshaklar ham muqaddas hayvon hisoblangan. Ularning tasavvuricha, Varaxsha ko‘lida (daryo yoki dengizida)yashovchi uch oyoqli, olti ko‘zli Xara ismli eshak oltin shoxi bilan odamlarga zarar yetkazuvchi hayvonlarni suzib, halok etadi. Eshak Xara hangrayotganida odamlarga foydali uy hayvonlari bolalaydi, yomon hayvonlarning bolalari tug‘ilmay, ona qornida o‘lib ketadi.
Faqat hind xalqi uchungina emas, balki butun dunyo adabiyotining durdona badiiy asarlaridan bo‘lgan “Mahobhorat” dostonida ham ibratli hayot manzaralari, g‘aroyib voqealar badiiy-fantastik bo‘yoqlarda tasvirlanadi.
Abu Rayhon Beruniy bu shoh asarning qadimiy Hindiston xalqlarining diniy e’tiqodlari bilan bog‘langan badiiy-falsafiy mazmunini chuqur ochib bergan. Ekin va nasl qoldirish bilan dunyo to‘lib boraveradi, — deb yozadi Beruniy “Hindiston” kitobining 47-bobida, garchi dunyo cheklangan bo‘lsa ham, kunlar o‘tishi bilan bu ikki o‘sish (ekish va nasl qoldirish) natijasida ko‘payish cheklanmaydi. Agarda o‘simliklardan yoki jonivorlardan biror xilining o‘sishiga sharoit bo‘lmay, o‘sish (va ko‘payish — R.I.)dan to‘xtasa ham, boshqalarida bu ahvol bo‘lavermaydi (ya’ni, ular o‘sib, ko‘payishda davom etadi. Ularning har biri vujudga kelishda birdan paydo bo‘lib, yo‘qolishda esa birdan yo‘qolib ketmaydi). Bu fikrlari bilan Abu Rayhon Beruniy Yevropa faylasuflari — G.Gegel, L.Feyerbax va boshqalardan ko‘p asrlar ilgari olamdagi barcha hodisalarning sababiyat va oqibat, tasodif va zaruriyat, o‘zaro aloqadorlik kabi dialektika qonuniyatlarini kashf etganini ko‘ramiz. “Agar yer yuzini bir xil daraxt yoki bir xil hayvon butunlay qoplab olsa, bu holda (ko‘pchilik) hayvonlarning ko‘payishiga ham, boshqa daraxtlarning o‘sishiga ham o‘rin qolmaydi. Shu sababli dehqonlar ekinlarini o‘toq qilib, keraksizini yulib tashlaydi. Asalarilar ham o‘z jinsidan bo‘laturib, ishlamay, ko‘zachadagi asalni bekorga yeb yotadiganlarini o‘ldirib tashlaydi”1 .
Shunisi muhimki, Beruniy hind xalq eposida tasvirlangan badiiy-fantastik voqea-hodisalarga jiddiy ilmiy nuqtai nazardan yondoshadi. U ana shu fantastik hodisalarni, xususan Vasudeva voqeasini, ba’zilardek, cho‘pchak, afsona demaydi, balki ularga insoniyat ma’naviy taraqqiyotining muhim muammolari sifatida qaraydi va tahlil etadi. Bizning nazarimizda, Vasudevani islom mifologiyasiga ko‘ra, Yer yuzida adolat o‘rnatish uchun yuborilgan farishta deyish mumkin. Lekin Vasudeva kabi buyuk zotlarni hind xalqlari, mushriklar e’tiqodiga ko‘ra, juda ko‘p “xudolari”dan biri deb hisoblaydilar. Beruniy esa, Vasudeva hayotini tabiatdagi o‘sish, o‘zgarish, buzilish va tuzalish kabi taraqqiyot bosqichlari sifatida talqin etadi. Beruniy shu tariqa hindlarning buyuk eposiga jiddiy e’tibor va chuqur hurmat bilan qaraydi. Beruniy tabiat, asalarilar haqidagi fikrlarni insoniyat jamiyatidagi taraqqiyot va tanazzul hodisalariga taqqoslab, jamiyat taraqqiyoti tabiatdagiga o‘xshamay, mutlaqo boshqacha ekanligini tushuntirdi.
Abu Rayhon Beruniy “Hindiston” kitobining “Vasudeva” to‘g‘risida va Bharata urushlari bayoni deb atalgan 47-bobida “Mahobhorat” asarining mazmunini mufassal bayon va sharh qiladi.
Mathura shahrining zolim hokimi Kans singlisi Devakining to‘yida g‘oyibdan “Sening o‘liming singlingning bolasi tarafidan bo‘ladi” degan nidoni eshitadi. Shundan so‘ng zolim hokim singlisi tuqqan qiz va o‘g‘il bolalarning barchasini o‘ldirtiraveradi. Devakining faqat sakkizinchi farzandi Vasudeva Xudoning marhamati bilan o‘lmay qoladi. Devakining eri (mashhur lashkarboshi) zolim podshohni aldash yo‘lini topdi. Ilojini qilib, sakkizinchi o‘g‘lini (Vasudevani) podachining xotiniga berib yuboradi. Bu aslzoda bola poytaxtdan yiroqda, qishloqda yashay boshlaydi.
Krishna ismli bu bola timsolida xudo Vishnuning o‘zi namoyon edi. Unga “Xudolar” tomonidan yovuz Kansni o‘ldirish topshirilgandi. Shu boisdan unga sehrli xislatlar ato etilgan edi. Bolaga bitmas-tuganmas kuch, zo‘r donishmandlik, tengsiz husn va istagiga ko‘ra o‘z qiyofasini o‘zgartira olish san’atini bag‘ishladilar.
Kans ko‘p o‘tmay, (singlisi) Devaki o‘z bolalaridan birini yashirganligini bilib qoladi. Biroq, bolaning qayerdaligini, uni qanday topishni bilmaydi. Kansning jizg‘anagi chiqadi, itdek quturadi, mamlakatdagi barcha chaqaloqlarni o‘ldirishni buyuradi. Kansning mulozimlari buyruqni shafqatsizlik bilan bajaradilar.
Fuqarolarning yig‘i-sig‘ilari olamni tutib ketadi. Kans barcha devlarni chaqirib, Krishnani (Vasudeva)ni axtarib topishni, har qanday yo‘l bilan uni o‘ldirishni buyuradi.
Krishna hali yoshiga to‘lmagan edi, devning xotinlaridan biri unga zaharli sut berish uchun yashirincha keladi. Bola beshikda quruq qovoqdan yasalgan kichkina shaldirog‘ini o‘ynab yotardi. “… Krishna devning ayyorligini fahmlab, uni chunon qattiq tishlaydiki, u (dev-xotin) shu zahotiyoq til tortmay o‘ladi. Boshqa bir dev Krishnani ikki yasharligida o‘rmonda uchratib, uzun tirnoqli changalini yoyib, bolaga tashlanadi. Biroq Krishna devni oyog‘idan ushlab, havoda aylantirib, daraxtga urib, boshini yanchib tashlaydi… Boshqa bir dev bo‘g‘ma ilon shaklida kelib, Krishnani yutib yuboradi. Bola esa ilon qornida shunday tez o‘sa boshlaydiki, sal o‘tmay, uni boshidan dumigacha yorib yuboradi”1 .
Ibliszoda Kans mashhur qahramonni makr bilan mehmonga chaqirib, o‘ldirishga ahd qiladi. Krishna mehmonga kelganida uni o‘ldirish uchun quturgan fillarini qo‘yib yuboradi. Yengilmas pahlavon Krishna quturgan fillarni ham, ibliszoda Kansni ham o‘ldirib, zindonda yotgan otasini ozodlikka chiqaradi.
Mana shu kabi badiiy-fantastik tasvirlarda yaxshilik timsoli bo‘lgan qahramonning qudrati yovuzlik kuchlariga bas kela oladigan cheksiz kuch-qudrat kasb etadi. Bu fantastik voqealar Hindistondan qadim Yunoniston mifologiyasiga, yunonlarning ham mushriklarcha diniy e’tiqodlariga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Yunonlarning Gerakl haqidagi rivoyatida ham qahramon bolaligida beshikda yotganida dushman ma’budlar yuborgan ikkita ilonni bo‘g‘ib o‘ldiradi. Gerakl ham g‘ayritabiiy kuch-qudratga ega. U o‘gay otasi Efrisfeyning makkorligi tufayli ko‘p mashaqqatlarga uchraydi va o‘n ikkita qahramonlik ko‘rsatadi, xalqni qiynayotgan zolim va yirtqich maxluqlarni o‘ldiradi.
Beruniy “Hindiston” asarida bayon qilishicha, zolim hokim Kans (aslida Iblis farzandi bo‘lib chiqadi — R.I.) devlariga buyurib ham Vasudevani o‘ldirtirolmagach, uning favqulodda kuch-quvvatidan foydalanishni, o‘z pahlavonlari qatorida shohga xizmat qilishini xohlaydi.
Beruniy Vasudevaning shu xizmatdalik chog‘ida Gerakl kabi ko‘rsatgan qahramonliklarini bayon qiladi. Vasudeva yovuz Kansning nilufarini qo‘riqlab yotgan mast filni o‘ldiradi. Bu xabar Kansga yetishi bilan uning yuragi yorilib o‘ladi. So‘ng, yunon qahramoni Edip kabi o‘zi o‘ldirgan podshohning o‘rnida adolatli podshohlik qiladi. U Pandavlar (ya’ni, Pandu avlodlari)dan besh birodar — Yudhishthir, Arjun, Sahdev, Bhimsen va Nakulgaga homiylik qilib, ularning benihoya qudratli dushmanlarini yengishga yordam beradi2 .
Badiiy-fantastik va falsafiy, sarguzasht ruhidagi bu dostonda ham xuddi “Avesto”dagi kabi yaxshilik kuchlari bilan yovuzlik kuchlari qattiq kurashga kirishadilar. Har ikki tarafdan juda ko‘p xalq o‘lib ketadi.
Beruniy “Hindiston” asarida Bharat avlodlarining o‘zaro qirg‘in urushlari qayg‘uli oqibatlarga olib kelganligini ko‘rsatadi. Beruniy talqinicha, pokdomon zohid-ruhoniyni masxara qilish yoki bir og‘iz yolg‘on so‘z oqibatida juda katta fojealar kelib chiqadi. “O‘sha zamonda, — deb yozadi Beruniy, — Durvasa deb atalgan farishta zohid bor edi. Vasudevaning birodarlari va uning fitna ko‘tarishga qasd qilgan qabilasi bor edi. Ularning biri kiyimi ostiga temir tovani berkitib turib, zohidni masxara qilib: “Qani, qursog‘imda nima bor, toping-chi?” — deb so‘raganida zohid “Qursog‘ingda o‘zing hamda barcha ahllaring o‘limiga sabab bo‘ladigan narsa bor”, deb javob bergan”.
Bu so‘zni Vasudeva (Krishna) eshitib, g‘amgin bo‘ladi, chunki u zohid nima desa, aytgani to‘g‘ri kelishini bilar edi. So‘ngra Vasudeva o‘sha temir tovani egovlab, maydalab suvga tashlashni buyuradi. Buni bajargan kishi temir tovaning ozgina parchasi qolganida, mensimasdan, daryoga o‘sha holicha tashlab yuboradi. Uni bir baliq yutadi. Baliqchi baliqni ovlab, uni tutib oladi va temirdan o‘qining uchiga tig‘ yasaydi. (U o‘qni ovchiga beradi.) Ovchi daraxt soyasida uxlab yotgan jonzot kiyik deb o‘ylab, otadi. O‘qning tig‘i Vasudevaning tovoniga tegadi va u shu yarasi tufayli quvvatidan ayriladi.
Hayratlanarlisi shundaki, “Mahobhorat” dostonida badiiy-fantastik voqealar qahramonlarning mo‘jizaviy xislatlarini namoyon etsa ham, bu qudratli qahramonlar yoki ularning xizmatkorlari yo‘l qo‘ygan xato tufayli ojizlanib, halokatga uchrashi realistik mantiq asosida tasvirlanadi.
Islom dinida birinchi inson (Odam Ato)ga farishtalarning sajda qilishi ham odamning bilimlari tufaylidir. Demak, islomda ham, hindlarning diniy qarashlarida ham har qanday, oddiy bilimlar emas, balki ilohiy, ruhoniy bilimlar yuksak qadrlanadi.
Hindlarning diniy e’tiqodlarida bu g‘oyaga zid ravishda, xudodan boshqa, turli hayvonlarga, hatto nasl qoldirish sababchisi bo‘lgan inson olatiga sajda qilishlarini Beruniy aniq-ravshan qoralab, xurofot natijalari deb hisoblaydi. “Nasroniylar ota, o‘g‘il va pok ruh” deb uch ayolni bir-biridan ajratib, javharlari bitta deganlaridek, hindlar ham xayulolarni (ruhlar, tasavvur, xayollarni — R.I.) Barohim, Noroyan va Mahodeva deb, bir-biridan farq qilib, manbalarini bitta deydilar. Hindlarning so‘zlari tekshirilib, natija chiqarilganida aniqlangani ana shudir. Ammo bu haqdagi xabar va rivoyatlarda xurofot ko‘p. (Shuning uchun) hindlarning biz farishtalar deb aytgan Deva tabaqasi haqidagi so‘zlaridan va hech bir aqlga sig‘maydigan sifatlarni u tabaqaga loyiq ko‘rishlaridan taajjub qilmaymiz. Islomning kalom olimlari unday sifatlarning farishtalarga berilishini man etganlar…”
Abu Rayhon Beruniyning bu fikrlarini keltirishimizdan maqsad, buyuk vatandoshimiz qadimiy xalqlarning diniy e’tiqodlariga xos fantastik tasavvurlarni badiiy san’atlarga xos, ko‘chma ma’nodagi ramz va ishoratlar deb e’tirof qilishini ko‘rsatishdir.
Hind eposlari “Mahobhorat” va “Ramayana” dostonlarida qudratli samoviy kuchlar — badiiy-fantastik tasvirlarda ifodasini topgan. Asarda turli qiyofalarda ko‘rinuvchi, “ming ko‘zli” Indr, “Xudolar ichida yengilmas”, uch ko‘zli, qudratli Shiva Himolay tog‘larining osmono‘par cho‘qqilarida yashaydilar. Pandavlar qimorda butun saltanatni Kauravlarga yutqazib, o‘n to‘rt yil o‘rmonda yovvoyi mevalar bilan tirikchilik qilish uchun surgunga yuboriladilar. Eposning mazmuniga ko‘ra, Bharat avlodlarining ikki guruh shahzodalari soqqa tashlab, qimor o‘ynashiga dev va iblis Kali aybdor. Iblis Kali birovga zarar yetkazmoqchi bo‘lsa, uning ruhiga kirib olib, qimor o‘yiniga moyillik uyg‘otadi. Ko‘ngliga, ruhiga iblis kirib olgach, dono odamda ham qimor o‘ynashga ishtiyoq paydo bo‘ladi va u qimor o‘ynay boshlaydi. Halol aqliy va jismoniy mehnat bilan mol-davlat topish o‘rniga mehnatsiz, qimor o‘ynab, boyishga bo‘lgan intilish islom ta’limotida ham iblisning ishi hisoblanadi. Hindlarning ko‘p xudolarga sig‘inishi buyuk eposlardan ma’lum. Hind xudolaridan Shiva bilan Indr tasviri xayoliy, fantastik bo‘yoqlarga boy.
Yunon mifologiyasida ko‘pchilik ma’budalar oliy ma’bud Zevsga bo‘ysunganidek, hindlarning diniy e’tiqodiga ko‘ra, barcha ma’budalar Indr, Shiva, Krishnaga bo‘ysunadilar. “Mahobhorat” dostonida Indr quyidagi fantastik xislatlarga ega: Himolay tog‘larida, cho‘qqilarning cho‘qqisida “xudolar” maskani bor. Ulardan biri — ulug‘ Indr, u jang xudosi va “xudolar”ning podshohi. Mingta ko‘zi bor. Indr hamma narsani ko‘radi-yu, biroq o‘zi hech kimga ko‘rinmaydi (istagan vaqtida odamlarga ko‘rinishi mumkin — R.I.). Uning qo‘lida (hech kim bas kelmaydigan) maxfiy, mo‘jizali qurol bor.
“Mahobhorat” eposining murakkab syujetiga ko‘ra, Bharat avlodlari toju taxt uchun o‘zaro qizg‘in urush boshlasa, ana shu mo‘jizali qurol juda kerak bo‘ladi, deb Pandavlarning yetakchisi Yudhishthir ukalaridan eng jasuri va kuchlisi Arjunni shu mo‘jizaviy qurolni topib kelishga yuboradi. Uni izlash jarayonida bahodir Arjun avval Indrga, so‘ng Shivaga uchraydi. Asarda Shivaning quyidagi fantastik xislatlari tasvirlangan: “Xudolar ichida yengilmas, uch ko‘zli, qudratli Shiva… uchinchi ko‘zining o‘ti bilan xudolar hamda odamlarni yondirib kul qilishi mumkin. Arjun o‘rmonda ov qilayotganida birinchi marta unga fantastik ovchi (oltin yuzli ovchi) qiyofasida ko‘rinadi. “Mahobhorat”ga ko‘ra, hindlarning axloq-odobida xudolarga qarshi jang qilib, xudoni o‘ldiraman, deb do‘q-po‘pisa qilib, unga o‘q otish “maqtovli” xislat hisoblanadi. “U (Arjun) tog‘lik ovchi (shu qiyofadagi Shiva)ning ko‘ksiga mingtacha o‘q uzdi, biroq, u qimir etmadi”. Arjun sehrli ovchini (Shivani) sehrli kamonidan o‘q uzib, o‘ldirolmagach, uni qilich va musht bilan, daraxt va qoyatoshlar bilan urdi, biroq “tog‘likni” yenga olmadi. Shunda tog‘lik (Shiva) o‘zi kurashga tushib, bir zumda bahodir Arjunni maysaday g‘ijimlab tashladi. Arjun o‘ziga kelib qarasa, tog‘lik odamning peshonasida uchinchi ko‘zi ham chaqnardi. Shunda u (bahodir Arjun) bo‘ysunish lozimligini angladi. U raqib qarshisida egilib, ta’zim qildi:
— Meni kechir. Sen uch ko‘zli xudo ekaningni hozir payqadim. Men shafqatingga muhtojman. Har ishga qodir Shiva, mendan marhamatingni ayama.
Shunda Shiva bahodir Arjunning jasurligini maqtab, tilagingni ayt degach, u mo‘jizali qurolni so‘raydi. Shiva unga qurolni berayotib, uni ogohlantiradi: “Haddan tashqari ehtiyoj tug‘ilmaguncha buni ishlatmagin. Odamlar bu haqda hech narsa bilmasliklarini yodingdan chiqarma. Agar bundan ehtiyotsizlik bilan foydalansang, u butun olamni yondirib yuborishi mumkin…”
Bu so‘zlarga ko‘ra, hind donishmandlari to‘rt ming yil avval ham atom yoki vodorod bombasi kabi dahshatli qurol borligini tafakkur qudrati bilan anglab yetganlar. Bu — qudratli lazer nurlaridan foydalanuvchi qurolning eskizi sifatida ham baholanishi mumkin.
Shiva bahodir Arjunga mo‘jizaviy qurolni bergach, o‘zi g‘oyib bo‘layotganida osmon nurga to‘ladi, so‘ng yulduzlar porlab, boshqa xudolar — o‘lim “xudosi” donishmand Yam, so‘ng Yeru osmondagi suvlar, ummonlar hukmdori Varun, so‘ng yerosti boyliklarining egasi Kuber bahodir Arjunga fantastik sovg‘alar beradilar. O‘lim xudosi bahodir Arjunga dushmanlarni, Yer yuzida nohaqlik qiluvchilarni jazolash qudratini beradi. Ummonlar “xudosi” Varun unga sehrli qarmoq beradi. Niyati buzuq kimsalar bu qarmoqqa tez ilinadi. Kuber uni kiyganida ko‘rinmas qilib qo‘yuvchi ma’dandan yasalgan sovut-zirhli kiyim sovg‘a qiladi. Buyuk ingliz fantast adibi Gerbert Uells “Ko‘rinmas odam” asarini yozishda, o‘zbek fantast adibi Tohir Malik “Hikmat afandining o‘limi” (1972) asarini yozishida “Mahobhorat” eposidagi fantastik o‘rinlar, Arjunga Kuber taqdim etgan — kiyganda ko‘rinmas qilib qo‘yuvchi ma’dandan yasalgan sovut-zirhli kiyim turtki bergan, ilhomlantirgan bo‘lsa, ajab emas.
Shundan so‘ng, Yeru ko‘kni larzaga keltiruvchi gulduros ovoz bilan Indrning elchisi jang aravada kelib, Arjunni osmonga olib chiqib ketadi. Arjun osmonda besh yil qolib ketadi, mo‘jizaviy qurolni qanday ishlatishni xudodan o‘rganadi.
Biz bu fantastik o‘rinlarga murojaat qilishimizdan maqsad, Sharq adabiyotida badiiy-fantastika juda qadim zamonlardan buyon mavjudligini, ayni bir vaqtning o‘zida fantastik tasvirlar ijtimoiy-falsafiy, siyosiy-ma’naviy vazifalarni bajarganligini e’tirof etishdir.
“Mahobhorat” eposi tarkibiga kirgan “Nal va Damayantiy” afsonasi, qudratli va donishmand maymun Hanuman rivoyati, toshqin va donishmand Manu (islom mifologiyasida — Nuh payg‘ambar) rivoyatini ham badiiy fantastikaning eng go‘zal namunalaridan biri deb hisoblash joizdir.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 10-son