Ra’no Ibrohimova. Fantastikada an’ana va adabiy ta’sir masalasi

O‘zbek fantastikasi taraqqiyotining birinchi bosqichida fantastika ertaklarda element sifatida ishtirok etar ekan, u ertak bilan o‘zaro bog‘liqligi bilan ajralib turadi. Bu keyinchalik mustaqil janr sifatida shakllangan fantastik asarlarda ertak elementlarini qo‘llash davom etganligida ko‘rinadi. An’ana bilan bog‘liq bu hol o‘zbek fantastikasiga xos qiyofasini o‘zgartirib turish xususiyatini ko‘rsatadi. Bizning bu fikrimizni hayotdan bevaqt ko‘z yumgan adibimiz Hojiakbar Shayxovning “Telba dunyo” fantastik romani tasdiqlaydi.

H.Shayxov mazkur fantastik romanida ertak personajlari — qushlar, hayvonlar, g‘ayrioddiy qudratga ega fantastik obrazlar va turli g‘aroyib sarguzashtlardan foydalanadi. Romandagi voqealar umumiy bir chiziqda emas, balki alohida-alohida qismlarga ajralgan holda, ba’zan uzilishlar va voqea davomida yana birlashib, yo o‘rin almashib davom etadi. Yozuvchi asarning kompozitsion qurilishida ham ertak janriga xos, xususan, “1001 kecha”ga yaqin uslubdan foydalangan.

Romanda hikoya qilinishicha, Yer turkumiga kiruvchi galaktikalar o‘zga galaktika bilan do‘stlik muloqoti o‘rnatish taraddudida. Lekin ular o‘z ichki muammolarini ro‘kach qilib, fazoviy muloqotdan bosh tortishadi. Romanda kechayotgan voqelar silsilasi XXI asrga taalluqli bo‘lsa-da, unda kelajak modelini berish maqsad qilib qo‘yilmagan, aksincha, XXI asr — kelajakda kechishi xayol qilingan voqealar hozirgi kun voqealaridan farqlanmaydi. Unda zamonaga xos bo‘lgan kamchiliklar — rasmiyatchilik, qadrsizlik, mansabparastlik kabi illatlar fosh qilingan. Faqat bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash joizki, Yerda kechayotgan voqealarni samoga ko‘chirishdan muallifning aniq ko‘zlagan maqsadi bor. U yerdagi voqealarni samoga kuchli tanqid ostida ko‘chiradi. Insonlar bir-birini tushunishi, qadrlashi lozim, degan fikr roman syujeti markazida turadi. Amerikalik fantast Ayzek Azimov: “Men fantastikadan jamiyatni tanqid qilish uchun foydalanaman. Xuddi shunday boshqa hamma fantastlar ham bu sohada aynan shu maqsadda foydalanadi”, deydi. Rey Bredberi fikricha esa: “Eng yaxshi fantastik asarni jamiyatimizdagi haqiqiy ahvoldan norozi adibgina yaratadi va u o‘zining noroziligini zudlik bilan keskin ifodalaydi”. Garchi Ayzek Azimov va Rey Bredberining bu fikrlarini ilmiy-fantastik asarlarning yaratilishiga mutlaq asos qilib olib bo‘lmasa-da, ular bildirgan fikrda jon bor. U mutlaq asos bo‘lmasa-da, ilmiy-fantastik asarlarni yaratishda turtki vazifasini o‘tashi mumkin.

H.Shayxov ham o‘zining “Telba dunyo” romanida aynan shu yo‘lni tanlab, tanqid orqali to‘g‘ri yo‘lni tasdiqlash uchun allegorik personajlar nutqidan keng foydalangan. Masalan, asardagi majoziy obrazlardan tulki, “Aniqroq aytganda, ozodlik, demokratiya, oshkoralik deymiz-ku, lekin aslini olganda, o‘rta bo‘g‘inga oid o‘rmon rahbariyati bizga o‘xshagan mayda hayvonlarni haliyam ezishda davom etayapti. O‘sha-o‘sha zo‘ravonlik, xushomadgo‘ylik, o‘sha-o‘sha tanish-bilish, mahalliychilik…”, — degan fikrni ilgari surgan bo‘lsa, chiyabo‘ri: “Meni bu yil yana he yo‘q, be yo‘q butun o‘rmon kasaba uyushmalari tashkilotidan chiqarib tashlashdi. Nega desangiz, quyi o‘rmondagi rahbariyat ish yurituvchi Oq uyda hech kimim yo‘q-da”, — deydi (31). Ularning bu fikrlari ijtimoiy hayotdagi adolatsizlikni fosh etuvchi vositadir.

Yozuvchi romanning birinchi qismida favqulodda majlis ishtirokchilari: Boyqush, Xo‘roz, Quyon, To‘ti, Ilon, Qorabaytal kabi majoziy obrazlardan foydalanadi. Ishtirokchilarning har biri ma’lum bir yulduz burjining vakili, oliy aql egasidir.

Allegorik obrazlardan foydalanish adabiyotimiz tajribasida ertak, masaldan tortib chistonlargacha keng tarqalgan va ularga turli maqsadlarda murojaat etilgan. Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” dostonini bu borada misol qilib keltirishimiz mumkin. “Lisonut-tayr”da Navoiy real hayot va ilohiyot haqidagi qarashlarini, inson, tabiat hamda hayot to‘g‘risidagi fikrlarini Qush tili va qushlarning xatti-xarakatlari, sarguzashtlari orqali allegorik tarzda bayon etadi. Bu haqida Navoiyning o‘zi shunday deb yozadi: “Chun “Lisonut-tayr” ilhomi bilan tarannum tuzubmen, qush tili ishorasi bilan haqiqat asrorin majoz suratida ko‘rguzubmen”.

I.V.Gyote ham o‘rta asrda hukm surgan feodal jamiyatini fosh etish va uning kirdikorlarini tanqid etish uchun hayvonot olamiga murojaat etgan. U 1794 yilda “Reynike-lis” deb nomlangan asarini yozadi. Asar qahramonlari — hayvonlar: sher, tulki, bo‘ri, qo‘y va boshqalar o‘zlarini xuddi odamlardek tutadi. Hayvonlar o‘rmon shohi — sher Nobel huzuriga tulki ustidan shikoyat qilib kelishadi.

Tulki qilmishlari uchun javob berishini talab qilishadi. Tulki turli xil bahonalar bilan sudga kelishdan bosh tortib yuradi. Uni sudga chaqirib kelgan ayiq bilan mushukning kunini ko‘rsatadi. Va, nihoyat, sudga keladi. Uni o‘lim jazosiga hukm etishadi. Lekin tulki o‘ylab topgan uydirmalari tufayli jazodan omon qoladi. Shoh Nobel tulkiga Rim shahriga gunohlarini yuvish uchun borishiga ruxsat beradi. Tulki yana jinoyatlar sodir etishda davom etadi.

Shoh uning orqasidan yana qoplon Grimbartni yuboradi. Tulkini shoh huzuriga olib kelishadi. U yana uydirmalar o‘ylab topib, yana jazodan omon qoladi.

I.V.Gyotening mazkur dostoni feodal jamiyatni satira tig‘i bilan fosh etishga qaratilgan. Hayvonlar o‘zlarini xuddi o‘rta asrdagi feodallardek tutadilar. Bir-birlari bilan urishadilar, tortishadilar, saroylarini himoya qiladilar, sayyohatlarga boradilar. Asarda ishtirok etuvchi hayvon obrazlari — sher, tulki, qoplon obrazlari timsolida yozuvchi fosh etayotgan feodal jamiyati a’zolarining basharalarini tanish qiyin emas. Odatda ertaklarda yaxshilik yomonlik ustidan g‘olib keladi. Gyote bu an’anaga rioya etmagan. Asarda uning qahramoni ayyor, bosqinchi, sotqin, qotil tulki Reynike-lis g‘olib keladi. Hayotda tulkilar qopqonga tushishi, qochishi mumkin. Ular odamlardan qo‘rqadilar. Ertakda hayvonlar ertak qonun-qoidasidan kelib chiqib harakat etishadi. Muhimi bu emas, balki ularning obrazlari orqali insonlarga xos bo‘lgan xislatlarni ochishga yordam berishidir. Lekin bu yomonlik yaxshilik ustidan g‘olib kelar ekan, degan xulosaga olib kelmasligi kerak. Yozuvchi “tuxumini boylar yeb, po‘chog‘i kambag‘allarga teguvchi” jamiyatni fosh etar ekan, e’tiborni, urug‘ni tulkining g‘olib kelishiga qaratmaydi, balki yaxshilikni yomonlikdan ajrata biling, yomonlikdan nari yuring, yaxshilikka intiling, degan fikrni o‘tkazadi. Gyote asarining syujeti o‘ylab topilgan syujet emas. U xalq og‘zaki ijodida mavjud tulki haqidagi rivoyatlarga qayta ishlov bergan. Uning asarini ertak bilan tarix kesishgan nuqtada yuzaga kelgan deb baholash mumkin.

O‘zbek badiiy fantastikasi tajribasida majoziy obrazlardan foydalanishda H.Shayxovning “Telba dunyo” romani dastlabki urinishlardan biri, o‘ziga xos yangiliklardir.

Romanning muqaddima qismidan joy olgan koinotning turli vakillari ishtirokidagi majlisning kun tartibi, uning borishi, majlis ishtirokchilarining o‘zaro muloqotlariga e’tibor bersak, hikoya qilinayotgan voqealardan muallif ko‘zlagan maqsad anglashiladi. Birinchidan, xalq, xususan, yer xalqlari atrofidagi xoh u shahar yo mamlakat bo‘lsin, xoh koinotdagi bizga noma’lum, lekin mavjud deb faraz qilinayotgan kishilar bo‘lsin, ulardan ajralib qolmasligi kerak. Chunki har bir xalq o‘zining madaniy-iqtisodiy rivoji uchun atrofidagi mamlakatlar xalqlari bilan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha sohalarida hamkorlik qilmog‘i, muloqotda bo‘lishi shart. Bu esa o‘z navbatida muloqotda bo‘lgan xalqqa aqlni charxlovchi axborot oqimining quyilib kelishini ta’minlaydi. Aks holda, xalqni ma’naviy qashshoqlikka mahkum etish mumkin. Shu boisdan H.Shayxovning asarlaridan asariga o‘tib kelgan yerliklarning o‘zga sayyora ahli bilan muloqotga kirishishi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigi barqaror bo‘lishi kerakligiga ishora bo‘lib, ushbu g‘oyani tasdiqlashga xizmat etadi.

Bundan tashqari, romanning muqaddima qismida ko‘rsatilgan qushlar, hayvonlar majlisining borishi, qushlarning e’tirozlari, takliflaridan kelib chiqadigan xulosa — hozirgi kunga xos majlisbozlikni, harakatga nisbatan gap ko‘payib ketganini tanqid tig‘i ostiga olishdir.

Majlis ahli uzoq tortishuvlardan so‘ng ularni qiziqtiruvchi Iks galaktikasiga besh-olti tafakkur egalaridan iborat xufiya guruhni yuborishga qaror qiladi. Shu tariqa romanning mustaqil hikoya sifatida qabul etish mumkin bo‘lgan “Koinot majlisi” xavfsizligi kengashiga bag‘ishlangan qismi tugaydi. Unda yozuvchi ko‘zlagan maqsadini ifodalashda majoziy obrazlarga o‘rin bersa, romanning keyingi qismlarida ertak shaklidan foydalanadi. Romandagi Hakim Amir Shayx obrazi barcha qismlarni birlashtirib turadi. Unga muhim ma’naviy vazifa yuklangan. Bu obraz haqiqat, tarix, ezgulik, adolat timsoli sifatida talqin etiladi. Yozuvchi uning qiyofasida har bir insonda ko‘rishni istagan xislatlarni mujassamlashtirgan. H.Shayxov insonlarni kuchli, vatanparvar, diyonatli shaxs sifatida shakllanish tarafdori. Ulardagi kuch-qudrat razolatga xizmat etmasligi lozim. Uning bu niyati Hakim Amir Shayxning roman qahramonlaridan biri podsho Nodirshohga aytgan quyidagi so‘zlaridan ham anglashiladi: “O‘g‘lim, o‘rningdan tur, g‘aflatda qolma! Yurtingni qirg‘inbarot urush kutmoqda. Men senga shu kundan e’tiboran g‘ayrioddiy kuch ato qilaman. Bu kuch senga Vataningni mudofaa qilish va boshqa ezgu ishlarda asqotadi. Lekin yodingda bo‘lsin: uni yomonlik yo‘lida ishlatgan kuning — tamom bo‘lganing! Shu kundan boshlab sen olamdagi eng razil, beshafqat mavjudotning biriga aylanasan” (20).

Iks galaktikasiga nomzod Samandarning safar oldidan ko‘hiqoflik donishmand Hakim amir Shayx huzuriga borib, uning oq fotiha va pand-nasihatlarini olishi lozimligida ham, Samandarning o‘tmishi, ijtimoiy kelib chiqishi to‘g‘risida hikoya qiluvchi o‘rinlarning mavjudligida ham ma’lum hikmat bor. O‘tmish, tarix kishiga kelajakda saboq maktabi, ustoz vazifasini o‘tashi kerak. Romandagi Avliyo Hakim Amir Shayx bilan Samandar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatning mavzulari ham diqqatga molikdir. Yozuvchi asosiy mavzudan, maqsaddan chetlashmagan holda, ekologiya, odam va tabiat, vaqt va fazo kabi masalalarni ham ko‘tarib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Hayotda ezgulik bilan yovuzlik, adolat bilan razolat hamisha yonma-yon yuradi. Hayotning bunday murakkab, kurashga to‘la tomonlari romanda Samandarning tush ko‘rishi bilan bog‘liq ishtirokchilar — Tulki va Chiyabo‘ri, Oq kaptar obrazlarida yaxshi ochib berilgan. Yozuvchining fantastik detal vazifasini o‘tovchi tush usulidan foydalanishida ham aniq ko‘zlangan maqsad bor. U Samandar hayotda yengishi lozim bo‘lgan to‘siqlarga ishora qilmoqda. Chunki kelajak Samandar kabi ishonchli insonlarning qo‘lida bo‘lishi lozim. Aks holda, mamlakat Nodirshoh kabi xalq oldida mas’uliyat sezmagan yovuz kishilar qo‘lida qolishi mumkin.

Yozuvchi Nodirshoh timsolida yovuzlik, razolatning qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini chuqur ochib berar ekan, undan butunlay umidini uzmaydi, Avliyo Hakim Amir Shayx timsolidagi ezgulik, mehr Nodirshoh kabi kimsalarni ham o‘z yo‘liga tushirishga umidvorlik bildiradi. Shu sababdan ham romanning xotima qismi maqaddima qismidagi koinot xavfsizlik kengashining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bilan yakunlansa-da, majlis ishtirokchilarining nutqi, takliflaridan ularda yuz bergan o‘zgarishlarni sezamiz. Xullas, yozuvchi bugungi kun muammolarini fantastika oynasida ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan, bunda an’anaviy ertak personajlaridan foydalangan, hozirgi davrda yaratilgan fantastik asarlarda majoziy obrazlardan foydalanish H.Shayxov tomonidan fantastik adabiyotga olib kirilgan yangi yo‘nalish — novatorlikdir.

Adabiy harakatda bir-birini almashtirib, davom ettirib keta beradigan mavzular, g‘oyalar, obrazlar, tasviriy vositalardan tashqari, juda murakkab jarayonlar, parallel va egri-bugri yo‘llar ham bo‘ladi. Bu yana an’anani davom ettirish, uni passiv takrorlab qo‘ya qolish emasligini, balki bu jarayonda yozuvchining dunyoqarashi, bilim doirasi, hayotiy malakasi, fantaziyasi ishtirok etajagini ko‘rsatadi. Bu esa o‘z navbatida o‘zbek adabiyotida kelajakda yaratilishi mumkin bo‘lgan kashfiyotlarning badiiy modeli haqida hikoya qiluvchi, asar asosida ilmiy farazlar, kashfiyotlar yotuvchi sof ilmiy fantastik asarlardan ko‘ra o‘zida ertak, sarguzasht janrlariga xos detallarni qamrovchi ertak, sarguzasht, detektiv janrlarning kesishuv nuqtasida paydo bo‘lgan fantastik asarlarning ko‘proq yaratilishiga olib keldi. O‘zbek fantastik adabiyoti ertak zamirida yuzaga keldi, mustaqil janr sifatida ertakdan o‘sib, ajralib chiqdi. Lekin fantastika ertakdan o‘sib chiqib, mustaqil janr sifatida yashar ekan, ertak, sarguzasht elementlaridan foydalanishni davom ettirishga nima zarurat bo‘lishi mumkin? — degan savol tug‘iladi.

Bu, umuman, adabiyotga xos xususiyat yoki taraqqiyot qonuniyatlaridan biri bo‘lmasdan, faqat o‘zbek fantastik adabiyotigagina xos xislatdir. O‘zbek fantastik adabiyotida ertak, sarguzasht adabiyotiga oid elementlardan foydalanishga moyillikning kuchliligi sharqning o‘ziga xos milliy xususiyatlari bilan bog‘liq. Hozirgi zamon fantast yozuvchilarining xayolidagi dunyoni realistik bo‘yoqlarda yo aksincha, real hayotni tasvirlashda ertak, sarguzasht elementlariga murojaat etishning boisi ham shunda.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 8-son