Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin”, “Sab’ayi sayyor”, “Saddi Iskandariy” kabi dostonlarida aks etgan buyuk orzular tasviri alohida ahamiyatga ega.
Ularda tasvir fantastika bilan reallikning o‘zaro tutashgan chizig‘ida taraqqiy etib boradi. Masalan, shoir fantastik maxluqlar — ya’juj-ma’jujlar to‘g‘risida yozar ekan, Iskandarning ular hujumiga qarshi devor bunyod etganini hikoya qiladi. Bu devor tasviri ham fantastik bo‘yoqlardan xoli emas. Uning eni besh yuz, uzunligi esa o‘n ming qulochdan iborat. Ammo bu fantastik devorning tasvirida o‘rta asr inshootlari uchun xarakterli bo‘lgan xususiyatlar mavjud.
Shu tariqa Navoiy ijodida fantastik motivlar reallik bilan o‘zaro tutashadi. Ulardagi xayoliy-fantastik o‘rinlar, o‘z navbatida, xayolotning yana boshqa ko‘rinishlari bilan almashinib turadi. Chunonchi, dastlabki boblardagi fantastika unsurlari sehrli ertaklar, shuningdek, ilmiy fantastika uchun xarakterli xususiyatlar bilan boyiydi. Lekin bu hol Navoiyning real voqelik bilan bog‘lanmagan mutlaqo xayoliy manzaralar yaratganligini anglatmaydi. Uning dostonlarida real hayot tasviri fantastika bilan o‘zaro tutashib ketadi.
Ma’lumki, “Farhod va Shirin” dostonida chin xoqonining o‘g‘li Farhodning arman malikasi Shiringa bo‘lgan muhabbati kuylanadi. Dostonning ushbu yetakchi motivini ochish jarayonida A.Navoiy yana bir qator muhim ijtimoiy masalalarni ham ko‘tarib chiqadi va ularni yechishda realistik, romantik va fantastik bo‘yoqlardan keng foydalanadi.
Doston asosida Sharqda keng tarqalgan Xusrav va Shirin haqidagi afsona yotadi. Asarda bu afsona real hayotdan oziq oladi. Tarixda Xusrav, Shirin kabi shaxslar o‘tgani ma’lum. Mavjud shaxslar taqdiri xalq og‘zaki ijodida o‘ziga xos bir yo‘sinda qayta ishlanib, og‘izdan-og‘izga o‘tgan va keyinchalik yozma adabiyotga o‘zgacha bir yo‘sinda talqin etilib kirib kelgan. Navoiy o‘z dostonida Xusrav, Shirin kabi tarixiy shaxslarni saqlagani holda masalani butunlay boshqacha hal etgan. U real hayotiy materialni o‘z fantaziyasi osha o‘tkazib, qayta idrok qilgan.
Dostonning befarzand Chin xoqoni haqidagi kirish qismida hech qanday fantastika yo‘qligini ko‘rish mumkin. Unda real voqea — katta davlat sohibi bo‘lgan xoqonning befarzand ekanligi tasvirlangan. Lekin xoqon obrazi, Mehinbonu va Iskandar obrazlari ham A.Navoiyning ideal shoh haqidagi orzularining tajassumi sifatida gavdalanadi. Bu albatta, shoir qarashlaridagi utopik tomon. Chunki davlatni shohsiz tasavvur eta bilmagan. Bu utopiya u yashagan davr sharoiti bilan izohlanadi. Demak, shu o‘rinda, reallikka rioya qilingan bo‘lsa-da, shoirning odil shoh xususidagi o‘ylari romantik bo‘yoqlar yordamida ifodalangan.
Dostonning Farhod tarbiyasiga oid bobidan boshlab fantastika unsurlari ko‘rina boshlaydi: u kun sayin emas, soat sayin o‘sadi, uch yoshida o‘n yasharlik boladek to‘lishadi, yoyni ikki buklab, halqa holiga keltiradi.
Farhod shoirning niyatiga ko‘ra, voqealar rivoji bilan paydo bo‘layotgan to‘siqlarni yengish uchun jismonan o‘ta kuchli bo‘lishi kerak edi. Shoir kitobxonni Farhod shunday qahramonliklar ko‘rsatishga qodirligiga ishontirish maqsadida fantastik usuldan mohirona foydalanadi. Shu tariqa Farhodning mislsiz jasoratlar ko‘rsatishi uchun zamin hozirlanadi. Fantastikaga murojaat etishning boisi ham asosan shunda.
Lekin bu o‘rinda Farhod tasviri real zaminga ega. Zero, bir yil ichida Qur’onni yod bilib olish, kimdir bir soatda bajarishi mumkin bo‘lgan ishni bir daqiqada ado etishi umuman real hodisa. Tarixda o‘ta o‘tkir zehnli kishilar, minglab misra she’rlarni yoddan biluvchi shaxslar oz bo‘lmagan. Ular hozir ham uchrab turadi.
Xullas, Navoiy ham fantastika unsurlaridan, ham real hodisalar tasviridan foydalangan holda Farhodning katta qahramonliklarga qodir obrazini yaratgan. O‘ta mubolag‘ali bu fantastik tasvir voqea rivojida fantastikaning boshqa ko‘rinishlari bilan almashinadi. Dostonning asosiy qismiga kelib, unda ertaklarga xos fantastik unsur paydo bo‘ladi. Bu Iskandarning ko‘zgusi bo‘lib, uning siri orqa tarafida bayon etilgan. Bu sirga ko‘ra, ko‘zguga ega bo‘lgan kishi unda o‘z qismatida bor narsalarni ko‘rishi mumkin.
Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida ham sehrli oynaga murojaat etadi. Xitoy xoqoni tomonidan Iskandarga taqdim etilgan oyna “Farhod va Shirin” dostonidagi va xalq ertaklaridagi sehrli oynadan farqli o‘laroq, ikki tomonlama bo‘lib, uning bir tomoni kishilar o‘rtasidagi nizolarni bartaraf etishga xizmat qilsa, ikkinchi tomoni haq bilan nohaqlikni ajratib olishga ko‘maklashadi.
Ko‘zguning o‘zi badiiy detal sifatida yangilik emas. Ertaklarda bunday fantastik hodisalarni tez-tez ko‘rish mumkin: oshiq va ma’shuqlar bir-birlari bilan, odatda, ko‘zgu yordamida uchrashadilar. Ammo bu o‘rinda u ertaklardagi ko‘zgulardan qator xususiyatlari bilan farqlanadi. Navoiy imkoni boricha tasvirni, detallarni aniqlashtirib berishga harakat qiladi. Olamni o‘zida aks ettiruvchi bu ko‘zguning kashshofi Iskandar ekanligi aytiladi. Shu tariqa shoir fantastik ko‘zguning haqiqatan ham mavjudligiga kitobxonni ishontiradigan birinchi chiziqni tortadi. Iskandar — tarixiy shaxs. Shuning uchun ham kitobxon, ertaklardagidan farqli o‘laroq, garchand shartli ravishda bo‘lsa-da, ko‘zguning mavjudligiga ishonch hosil qiladi. Bu ishonch kitobxon qalbida qat’iy o‘rin olishi uchun ko‘zguni koinot sirlaridan xabardor bo‘lgan va har biri ilmda Aflotundan qolishmaydigan 400 nafar olim birgalikda yaratgani aytiladi.
Navoiy ijodiga xos bo‘lgan xususiyatlarning biri ham mana shunda. U fantastikadan foydalanadi, unga kitobxonni ishontirish uchun yuqoridagi kabi real hayot bilan bog‘liq detallarni olib kiradi.
Iskandar oynasining tilsimini ochmoq uchun uch manzilni bosib, uch ofatni yengib, uch shartni bajarmoq lozim.
Ko‘rinib turibdiki, dostonga ertaklar uchun xos bo‘lgan uch an’anaviy shartlar kiritilgan. Shart asosida ham, bajarilishida ham fantastika yetakchilik qiladi. Har bir shartni bajargach, navbatdagisiga kirishish imkoniyati tug‘iladi.
Birinchi shartga ko‘ra, Iskandar ko‘zgusiga erishmoq uchun Farhod ajdahoning o‘ldirishi kerak. Bu shartning nechog‘lik mushkulligini yaqqolroq gavdalantirish uchun shoir tabiat tasvirida yomonlik timsoli bo‘lgan qora rangdan keng foydalanadi. Ya’ni unga tun ham qora, yer ham qora bo‘lib ko‘rinadi, Farhodning tulpor oti ham bu manzara fonida qorayib ketadi, hamma narsadan o‘lim hidi anqiydi. Navoiy ana shu manzarani tasvirlash bilan Farhod bajarayotgan vazifaning nihoyatda mushkulligini ko‘rsatishga erishadi.
Farhodning ikkinchi shartni bajarishi oldidagi vaziyatni tasvirlashda ham shoir shu usuldan foydalanadi. Shoir bu o‘rinda ham manzara tasvirini berish orqali kitobxonda ma’lum bir holat yaratishga muvaffaq bo‘ladi. Kitobxon Farhod bilan birga ajdahoning makoni sari boradi, qush uchsa qanoti kuyadigan dashtdan o‘tadi. U g‘olib chiqqunga qadar nafas olmay, voqea rivojini kutadi, har gal Farhodning omon qolganini ko‘rar ekan, uning otasi va askarlariga qo‘shilib quvonadi.
Shoir shundan so‘nggina bobning ikkinchi qismiga — jang tasviriga o‘tadi. Farhodning ajdahoni yengishi uchun fantastik sharoit yaratib beradi. Samandar yog‘ini o‘ziga, qilich-qalqoniga surtib olgan Farhodga ajdahoning olovli nafasi zarar yetkazolmaydi, uni yutib yuborish uchun og‘zini ochganda, Farhod tortgan kamon o‘qidan o‘ladi.
Shoir Farhod obrazini yaratishda ham fantastika unsurlari, ham realistik tasvir vositalaridan birdek unumli foydalanadi.
To‘siqlarni yengib o‘tish jarayonida shoir Farhodning insoniy sifatlarini ochib beradi.
Farhod ajdahoni yenggach, uning xazinasidan faqat qilich va qalqonni oladi, xolos. Bu uning mol-dunyoga o‘ch emasligini ko‘rsatib, xarakteridagi yana bir qirrani oydinlashtiradi. Ayni zamonda bu qilich va qalqon ikkinchi shartni bajarish uchun fantastik sharoit vazifasini o‘taydi. Qilich — oddiy emas. Unga ega chiqqan odam yuz ajdahoning kallasini bir zumda olib tashlashi mumkin. Bu, albatta, Farhodning keyingi janglarda g‘olib chiqishi uchun hozirlanayotgan fantastik vosita.
Shu o‘rinda fantastika Navoiyning gumanistik qarashlari, orzu va tilaklari bilan tutashib ketadi. Dahoning butun ijodida ana shu buyuk g‘oya — yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarish, yaxshilik bilan yomonlikni farqlash, hamisha el-yurt xizmatida bo‘lish orzusi qizil ip bo‘lib o‘tganini ko‘ramiz.
Iskandarga sovg‘a qilingan ko‘zgu ham qilich kabi tilsimotga ega:
Hakimiki oni tilism aylabon,
Namoyish anga ikki qism aylabon,
Kelib bir yuzi bo‘ylakim chunki shoh,
So‘rar chog‘ida masnad uza dodxoh.
Ki bir-biriga el da’vi izhor etar,
Agar kimsa, da’vig‘a inkor etar.
Shoir ushbu baytlarda ham o‘z orzu-istagini ifodalagan kishilar singari Navoiy uzoq vaqtlar yuksak davlat lavozimlarida xizmat qilgan adib huzuriga odamlar adolat va haqiqat izlab kelar edilar. Ana shunday paytlarda da’vogarlarning qaysi biri haq, qaysi biri nohaq ekanini bilish uchun nihoyatda odil va oqil bo‘lish talab etilardi. Bunday mashaqqatli daqiqalarning ko‘plab guvohi bo‘lgan adib haqiqatni aniqlashga yordam beruvchi narsani orzu qiladi. Ana shu orzuning tajassumi sifatida ijodida fantastik xususiyatlarga ega bo‘lgan ko‘zgu paydo bo‘ladi. Bu ko‘zgu sof ma’nodagi fantastikadir. Ammo bora-bora mazkur fantastik unsur ham o‘zida real hayot alomatlarini umumlashtiradi. Ko‘zguning XV asrning real voqeligi bilan bog‘liq boshqa xususiyati ham bor:
Yana bir yuzining tilismi bu ish,
Ki shah bazm aro boda etsa xurish.
Anga majlis ahli nazar qilsalar,
Tamoshoyi shaxsu suvar qilsalar.
Mast kishining ko‘zguga qarab o‘zining sharmandali qiyofasini ko‘rishi real hodisa bo‘lganidek, ko‘zgudagi xunuk manzaradan hushyor tortib, o‘zini qo‘lga olishida ham fantastik holat yo‘q.
Shunday qilib, Navoiy xalq xayoli yaratgan mifologik obrazlardan unumli foydalanadi. Asarda garchi fantastik vositalar yordamida bo‘lsa-da, yaxshilik yomonlik ustidan tantana qiladi.
Navoiy xalqning orzu-armonlarini tasvirlabgina qolmay, ularga faol munosabat bildiradi. Inson tafakkurining hali yaratilmagan, lekin yaratilishi mumkin tuyulgan sehrli samaralari — ajoyibotlar haqidagi fikrlar buyuk shoir va mutafakkirning shaxsiy orzulari o‘laroq gavdalanadi. Ularda faqat XV asr voqeligi emas, balki kelajak bilan bog‘liq umid va armonlar ham ifodalangan.
Shoir ijodidagi fantastika unsurlarining ikkinchi turi, shubhasiz, muayyan ilmiy asosga egadir. Bu turga oid unsurlar Navoiy asarlarida fantastikaning boshqa ko‘rinishlari bilan aralash holda namoyon bo‘ladi. Lekin ular zaminida ma’lum bir texnik g‘oyalar yotadiki, ularning ayrimlari bizning davrga kelib hayotga tatbiq etilgan va real hodisaga aylangandir.
Ana shunday g‘oyalardan biri “Saddi Iskandariy” dostonidagi ko‘zgu bilan bog‘liq.
Xitoy xoqoni taqdim etgan oyna Iskandarda yangi bir fikr uyg‘otadi. U atrofiga olim va fozillarni yig‘ib, ham osmondagi, ham yerdagi hodisalarni o‘zida aks ettira olish xususiyatiga ega bo‘lgan oyna yaratadi. Unga “Oinai Iskandariy” deb nom berishadi. Iskandar tashabbusi bilan kashf etilgan bu oyna hozirgi televideniyening ma’lum ma’nodagi ko‘rinishidir.
Faqat XX asrga kelibgina ixtiro etilgan televideniyening Navoiy tomonidan orzu etilishi nihoyatda qiziqarli hodisadir.
Bu g‘oyaning shoir ijodida o‘rin olishi bejiz emas. O‘z davridagi barcha fanlardan xabardor olim va fozil kishi bo‘lgan Navoiy chinakam ilmiy asosga ega bu motivni badiiy mujassamlashtirish jarayonida XV asrdagi fan yutuqlariga suyanganini ham namoyish etadi. Shu jihatdan yondashganda, mazkur oynani ixtiro etishda 400 nafar olim ishtirok etishi, ular orasida Aflotun, Arastu, Suqrot, Gippokrat kabi olimlarning bo‘lishi tasodifiy emas. Bu shoirning mazkur olimlarning ilmiy faoliyatlari bilan tanishligini har bir ishga ilmiy asosda yondashganini, har bir ishning natijasi ilm-fan taraqqiyoti bilan belgilanishiga astoydil ishonganini ko‘rsatadi. Navoiyshunos B.E.Bertels aytganidek, bu o‘rinda Navoiy yana o‘z zamonasida faqat orzu-xayol bo‘lib, bizning kunlardagina ro‘yobga chiqarilgan texnika kashfiyotlari haqida bashorat qiladi.
Iskandar — Navoiy idealidagi shoh obrazidir. Shoir bu obrazni yaratar ekan, o‘z oldiga dunyoni zabt etgan tarixiy shaxs haqida, uning harbiy yurishlari haqidagi batafsid ma’lumot berishni maqsad qilib qo‘ymaydi. Iskandarning jahongirligi emas, balki dunyo sirlarini bilishga, ularni yechishga intiluvchanligini yoritishga harakat qilgan. Bu Iskandarning dengiz sirlarini egallash borasida ishlari tasvirida ham ko‘rinadi.
Donishmand Suqrot homiyligida safarga chiqqan Iskandar daryolarning eni va uzunligini aniqlash va kuzatishlarini qog‘ozga tushirishni buyuradi. U dengiz ostini tekshirishni buyuradi. U dengiz ostini tekshirish maqsadida shishadan quti yasab, dengiz ostiga tushadi va yuz kun suv ostida bo‘ladi.
Sharq Uyg‘onish davrida fan va texnika o‘z taraqqiyotining ma’lum bosqichiga erishgan bo‘lsa-da, dengiz sirlarini egallash fantastika doirasidagi orzu-xayol edi. Shubhasiz, savdo va madaniy aloqalar rivojlana boshlagan XV asr sharoitida dengizni zabt etish, okean osti sirlarini egallash kabi masalalarga ehtiyoj katta bo‘lgan. XV asr oxiriga kelib, bu sohada ma’lum tajribaga ham erishilgan. Lekin Navoiy ulkan hayotiy ehtiyoj taqozosi bilan “suv chiqarish”, “dengiz osti sirlarini o‘rganish” kabi masalalarni fantastik yo‘l bilan hal etgan. Binobarin, fantastika bunday masalalarni amalga oshirish yo‘lidagi dastlabki qadamdir. Bundan tashqari, rivoyatlarga qaraganda, Iskandar o‘zining dengiz bo‘yicha vaziri Nearx bilan shisha oynaklari bo‘lgan qutida dengiz tagiga tushadi. Bu “suzuvchi” apparat Arastu loyihasiga ko‘ra tayyorlangan edi . Iskandarning shishadan yasalgan idishda suv ostiga tushishi bilan bog‘liq fantastik unsurning Navoiy asaridan o‘rin olishida yuqorida keltirilgan rivoyat manba vazifasini o‘tagan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan bir qatorda Navoiy qo‘llagan ushbu fantastik unsurning zaminida xalq orzusi ham yotadi. U uzoq o‘tmishga, xalq og‘zaki ijodiga borib taqaladi. Dengiz osti sirlarini bilish, xalq xayolidan o‘rin olgan obrazlar — dengiz osti “ahllari”: suv shohi, suv parilari bilan muloqotda bo‘lish azaldan insonlarni qiziqtirib kelgan.
Bundan tashqari, eramizdan yuz yil oldin toshga o‘yilgan barelef ham saqlanib qolgan. Bu barelefda suv tagida yotib, charm meshdagi havodan nafas olayotgan suriyalik jangchi tasvirlangan. XIV asr frantsuz miniatyurasida esa shisha idish ichiga kirayotgan Iskandarni ko‘ramiz. Alisher Navoiyning bunday tarix faktlaridan xabardor bo‘lgani ehtimoldan xoli emas.
Asriy orzular ushalgan bizning davrimizda A.Navoiyning bu orzusi ham ro‘yobga chiqqan. Dengiz va okean ostidagi hayotni o‘rganishga yordam beruvchi Iskandar orzu qilgan batiskaf kabi qator apparatlar yaratilgan. A.Navoiy xayol qilgan va hozir amalga oshgan g‘oyalar faqat shulargina emas.
“Farhod va Shirin” dostonidagi uchinchi shartga binoat Farhod temir odam bilan uchrashmog‘i va uning ustidan g‘alaba qozonmog‘i lozim. Navoiy tomonidan qalamga olingan bu temir odam ta’rifi keyinchalik ilmiy-fantastika asarlarda tasvirlangan, hozir esa real hodisaga aylangan robotlarni eslatadi.
Shoir talqinidagi temir odam ilmiy fantastikaning eng ibtidoiy shakli edi.
Navoiy tasviridagi temir odam quyidagi sifatlarga ega:
Bo‘lur darvoza ichra oshkoro,
Temur jismini qilmish paykar aro.
Erur odamg‘a monandu mushobih,
Iligida temurdin yo qilib zih.
Navoiy fantastik manzara yoxud fantastik obraz yaratar ekan, kitobxonni ishontirish maqsadida o‘zi bu hodisaning haqiqat ekaniga kafolat beradi. Natijada bu badiiy usul tasvirlangan fantastik holatga nisbatan chuqur ishonch hissini uyg‘otadi.
Navoiy asarlaridagi fantastik holatlar tasviriga oid uchinchi xususiyat shundan iboratki, ulug‘ shoir XV asr kishilari xayol ham qila olmagan bunday holatlarni benihoya mukammal va mufassal tasvirlaydi. Masalan, hozirgi kunda “Titanik” kemasi haqidagi axborotlar kitobxonni ajablantirmaydi. Lekin XV asr uchun Iskandarning butun dunyodan eng kuchli kemasozlarni yig‘ib, ularga uch mingta kemani hamda “suzuvchi” shaharni barpo etish to‘g‘risidagi buyrug‘i haqiqiy fantastika edi.
Bu xayoliy orzu ham “Titanik” kemasi misolida bizning davrimizda real haqiqatga aylandi. Shuning o‘ziyoq Navoiy asarlari ilmiy zaminga ega bo‘lganidan dalolat beradi.
Jumladan, Navoiy tomonidan tilga olingan Iskandar ko‘zgusi ma’lum ma’noda uzoq shaharlarni, koinotdagi hodisalarni kuzatish mumkin bo‘lgan televideniyeni eslatadi.
Shoir “Farhod va Shirin”da Farhodni o‘z maqsadi yo‘lidagi kurashda Suhayl, Xizr bilan uchrashtirib, unga fantastik shart-sharoitlar yaratib beradi, ayni zamonda hech bir ishga mehnatsiz, ijtimoiy taraqqiyotsiz, ilm-fan rivojisiz erishib bo‘lmaydi, degan fikrni o‘tkazishga harakat qiladi. Shoir Farhod tili bilan inson tafakkurini ulug‘laydi. Farhodning fikricha, insoniyat nimani bunyod etgan bo‘lsa, uni avvalo o‘z tafakkuri bilan idrok etgan.
Inson tafakkuri ulug‘langan asarda xalqning asriy orzu-umidlari o‘z ifodasini topishi tabiiy va qonuniy edi. Shuning uchun ishqiy-qahramonlik pafosi bilan yo‘g‘rilgan dostonida o‘z davrining qator ijtimoiy masalalari, shu jumladan Sharq xalqlari uchun xayot-mamot masalasi bo‘lgan suv muammosini ham ko‘tarib chiqdi.
Suvsiz yerlarga suv chiqarish yaqin yillargacha ham jiddiy muammo bo‘lgani ma’lum. Garchi A.Navoiy zamoni Beruniy, Ibn Sino kabi olimlarning g‘oyalaridan bahramand bo‘lgan, bu davrda ilm-fan taraqqiy etgan bo‘lsa-da, takomillashgan asbob-uskunalar, yuksak texnika vositalari yo‘q edi. Shuning uchun ham A.Navoiy o‘z asarida bu masalani fantastik yo‘l bilan hal etishi tabiiy bir holdir.
Shirinni izlab kelayotgan Farhod suv chiqarish uchun tog‘ qaziyotgan ishchilar ustidan chiqadi va mushkul vazifani o‘z zimmasiga oladi. Bu o‘rinda Farhodning yigitligida Qorandan o‘rgangan kasbi — tosh kesish asqotadi. U teshalarni toblab, hammasidan bitta katta tesha yasaydi va tog‘ qazishga kirishadi. Odamlar urinib, uch yilda bajara olmagan ishni Farhod uch kunda bajarib, suv chiqarishga muvaffaq bo‘ladi. Hozirgi buldozer, ekskavator qabilidagi takomillashgan ish asbobini orzu qilgan Alisher Navoiy ana shunday fantastik sifatga ega bo‘lgan teshani o‘ylab topadi.
“Farhod va Shirin”, “Saddi Iskandariy” dostonlarining badiiy to‘qimasidagi bunday nuqtalar ilmiy-fantastika janri bilan o‘zaro tutashadi. Ulardagi ilmiy-fantastik tamoyillar garchand xalq ertaklariga xos uslubda namoyon bo‘lsa-da, hozir ular ilmiy-texnik inqilob asrida amalga oshgan g‘oyalar bilan yo‘qlamaga kirishadi.
Alisher Navoiy fantastikadan o‘z dostonlari syujetini jozibador qilish, ularni kitobxon uchun qiziqarli va o‘qishli qilish maqsadidagina foydalanmaydi. Fantastika qahramonlar xarakterining favqulodda fazilatlarini ochish, ularni mashaqqatli sinovlar silsilasidan o‘tkazish yoxud mushkul ahvoldan xalos etish zarur bo‘lgan hollarda unga ko‘makka keladi.
“Farhod va Shirin” dostonidagi fantastik yo‘nalishlarning yana biri makkor kampir obrazi bilan bog‘liq. Farhodni jangda yengolmagan Xusrav uni makr bilan qo‘lga olishga ahd qiladi. Xusrav o‘z niyatini amalga oshirish uchun Yosumanning ko‘magidan foydalanadi.
Yosuman obrazi to‘la ma’noda fantastik obraz emas. Lekin A.Navoiy unga fantastik xislatlar beradi. Kampirning makri shu qadar zo‘rki, ota qizini, o‘g‘li onasini sevib qolishi, uning bir og‘iz so‘zidan kishi butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. U duoxonlikda Buqrotni ham yo‘lda qoldiradi. A.Navoiy kampirni g‘ayritabiiy sifatlarda tasvirlar ekan, uning insoniy mohiyatini va eng muhimi, Xusravning chirkin dunyosini ochishga muvaffaq bo‘ladi.
Navoiy dostonlarida foydalanilgan ba’zi fantastik motivlarni kuzatar ekanmiz, ularning ob’ektiv reallik bilan tutash aloqada ekanini ko‘rishimiz mumkin. A.Navoiy aksar hollarda bu fantastik motivlarni realistik dalillashga harakat qiladi. Dengiz chuqurligining Iskandar tomonidan o‘lchanishi epizodi bunga yorqin misol bo‘la oladi. Dengiz va daryolarning eni, bo‘yi va chuqurligini o‘lchash kabi hozir oddiy hodisaga aylangan jarayonlar A.Navoiy davri uchun fantastika edi. Shuning uchun ham shoir Iskandarning dengiz sirlarini egallash borasida tutgan tadbirlaridan biri sifatida ana shu epizodga — dengiz koordinatlarini o‘lchashga alohida e’tibor beradi va asarga kiritilgan bu fantastik unsurni realistik yo‘l bilan dalillaydi.
“Sab’ayi sayyor” dostonidagi fantastik o‘rinlar ham diqqatga molikdir. Xususan, hunarmand usta Zayd Zahhobning podshoh uchun yasab bergan g‘aroyib oltin taxti tasviri fantastik g‘oyalarning go‘zal namunalaridan biridir.
…Taxtning tuzilishi sakkiz qirrali bo‘lib, shoh o‘tiradigan joy yer yuziday keng edi. Taxt burchaklarida sakkizta minora bo‘lib, to‘rttasi balandda va to‘rttasi pastda. Pastki minoralarda gapirishga o‘rgatilgan to‘rtta to‘ti va baland minoralarda to‘rtta tovus turardi. Taxtning ham atrofi la’l-gavharlar bilan bezatilgan, oltin zinasi ham sakkiz poyali. Zargar taxtni shunday san’at bilan yasaganki, agar Jamshid martabali shoh bu taxtga chiqadigan bo‘lsa, pillapoyalari uning qadam qo‘yishi uchun pasayib, bir-birining ustiga yotardi. Shoh shu sakkiz poyaning hammasini bosib o‘tib, taxtga o‘tirgach, u zinalar yana baland ko‘tarilardi. Shoh o‘tirganida to‘rtta to‘ti birdan ovoz beradi. Taxtning oyoqlari o‘rnida sakkizta ustun bo‘lib, go‘yo taxt sakkiz qavat osmon ustida turgandek edi. Shoh qaysi tarafga qarab o‘tirishni istasa, ozgina ishorat bilan taxt o‘sha tarafga qarab aylanar edi. Uning aylanishi uchun hech kimning ovora bo‘lishi shart emas edi. Ko‘ramizki, hozirgi eskalator, joydan qimirlamasdan pult orqali boshqarish kabi real hodisalarning fantastik variantini A.Navoiy ancha ilgari orzu qilgan ekan.
Shu narsa diqqatga sazovorki, A.Navoiy dostonlariga bevosita xalq ertaklari va rivoyatlaridan kirib kelgan unsurlar ertak janri me’yorlariga bo‘ysunadi. Ilmiy zaminga ega bo‘lgan fantastik g‘oyalar esa garchand ertaknamo badiiy libosda gavdalansa-da, fan va texnikaning hozirgi yutuqlari bilan ma’lum ma’noda tutashib ketadi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2006 yil, 2-son