Rahmon Qo‘chqor. Chingiz Aytmatov va adabiy tanqid

Aslida, Chingiz og‘aning birorta asarini adabiyotshunoslik, ayniqsa, adabiy tanqid yakdillik bilan xush qarshi olgan, adibni doimo qo‘llab-quvvatlagan, deya aslo aytib bo‘lmaydi. Dastlabki hikoyalaridan boshlab “Jamila” qissasigacha, “Kunda”dan tortib “Kassandra tamg‘asi” romanigacha – barchasi haqida ko‘plab xolis, do‘stona mulohazalar qatori allaqancha biryoqlama, noprofessional, g‘arazli, hatto, asarlardan siyosiy ayb topishga qaratilgan tanqidiy chiqishlar doimo bo‘lgan.

“Jamila”da sho‘ro ayoli bo‘lib ham, Vatan himoyasi uchun urushga ketgan askarning xotini obrazini, uning axloqiy va ma’naviy dunyosini yoritish masalasida “jiddiy xato” topganlar, “Kunda” tanqidi bahona “musulmon dunyosi vakili Aytmatovga xristianlik tarixiga murojaat qilish, “Injil” motivlaridan foydalanishni kim qo‘yibdi?” taxlit iddao qilganlar ozmuncha bo‘lganmi? Biroq…

Biroq Chingiz Aytmatov adabiyotshunoslik fani, jumladan, adabiy tanqidga doimo katta e’tibor, jiddiy nazar bilan qaradi, mazkur sohalarning eng ilg‘or namoyandalari asarlarini astoydil o‘rganib, yangi qarashlardan muntazam boxabar bo‘ldi.

O‘zi zamonaviy badiiy-estetik tafakkurning yirik vakili, bilimdoni hisoblangan Chingiz Aytmatov o‘tgan asrning 80-yillarida Moskvada chop etiladigan “Teatr” jurnali muxbiri bilan qilgan  suhbatida, jumladan, quyidagi muhim mulohazani aytgan edi:

“Har bir xalqning o‘z Stasovlari, Baxtinlari, Shklovskiylari bo‘lishi kerak. Shunday mutafakkirlar bo‘lsaki, ularning tadqiqotlari bizning, nainki jahon madaniyatida yuz berayotgan hodisalarni, balki o‘z milliy madaniyatlarimizdagi jarayonlarni ham tushunib olishimizga yaqindan ko‘maklashsa.

Agar milliy madaniyatlar ichida yaqin orada shunday fikr uyg‘otuvchi kuchlar paydo bo‘lmasa, ularning rivojlanish sur’ati asta-sekin sustlashib borib, turg‘unlik yuz beradi.

…Maksimal darajada sertarmoq – gazetalar, jurnallar, radio, televideniye orqali ish olib boradigan tanqidchilikni yo‘lga qo‘yish kerak. Tanqidchilikni maksimal darajada rang-baranglashtirish lozim. Ilmiy tadqiqot va tahlilning bunday apparatisiz, yana takrorlayman, kelajakda milliy madaniyatlar mavjud bo‘lishi va rivojlanishi aslo mumkin emas”.

Insoniyat tarixiy takomili qonuniyatlarini chuqur tushungan, uning kelajak taqdiridan ko‘nglida asosli xavotirlar tuygan bedor adib, tanqidchilikka bu qadar jiddiy e’tibor va umid bilan qaragani, albatta, bejiz emas edi. Zakiy yozuvchi adabiy tanqid faqat estetik hodisa – u yoxud bu asarning ichki badiiy unsurlarinigina o‘rganuvchi va shundan kelib chiqib unga baho beruvchi, adabiyotshunoslikning tor bir sohasi emas, balki muayyan adabiy asar tahlil-u talqini asnosida olam va odam, ularning tarixiy hamda zamonaviy takomil va tanazzul jarayonlari, ular taqdiriga daxl etuvchi omillarning teran tahlili amalga oshuvchi g‘oyat jiddiy falsafiy tafakkur hosilasi ham ekanini ich-ichdan his qilgan.

Aristotelning “Poetika” kitobidan boshlab N.A.Dobrolyubovning “Oblomovchilik qanday hodisa?” maqolasigacha, L.N.Tolstoyning “Sheks­pir va drama to‘g‘risida” nomli traktatidan tortib, Mavlon Vahobovning “Tarix haqiqatiga zid o‘laroq” deb nomlangan chiqishigacha sinchiklab o‘rgangan yozuvchi, adabiy tanqid bilan nainki muayyan xalqlar, balki butun insoniyat tafakkurining takomili o‘rtasida juda jiddiy bog‘liqlik borligini yaxshi bilgan.

Zero, nigohi ichkariga – botinga emas, faqat tashqariga va ko‘klarga qadalgan, o‘z bag‘rida kechayotgan jarayonlarni muntazam tanqidiy tahlildan o‘tkazib, zarur xulosalar chiqarib borish, “fikr uyg‘otuvchi kuchlar”ga xayrixohlik ila qarash o‘rniga, ularni quvg‘inga solgan saltanatlarning ayanchli qismati barchaga saboq bo‘larlidir. Buning yaqqol dalili qilib sobiq sho‘ro davlati “tajribasi”ni ko‘rsatish mumkin.

Binobarin, bu yerda gap jo‘n, yuzaki, nomigagina g‘imirlab turadigan adabiy tanqidchilik to‘g‘risida ketmayotgani o‘z-o‘zidan ayon. Qolaversa, “milliy madaniyatlarning mavjud bo‘lishi va rivojlanishi”da hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan chinakam tanqidchilik jo‘n, yuzaki va nomigagina g‘imirlab turishi tabiatan aslo mumkin ham emas. Buning aksi o‘laroq, vulgar sotsiologizm, “jangavor kurashchanlik”ni o‘ziga qurol qilib olgan, butun fikri-yodi hukmron saltanat va uning mafkurasi manfaatlarini himoya qilishdan iborat bo‘lgan faol “tanqidbozlik” noyob iste’dod va u orqali butun adabiyot taqdiriga qanchalar salbiy ta’sir ko‘rsatishiga ham yozuvchi bot-bot guvoh bo‘lgan. Bu o‘rinda birgina misolni – qadrdon do‘sti Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” nomli tarixiy romaniga bo‘lgan xurujlarga nisbatan Chingiz Aytmatov egallagan faol va mardona pozitsiyasini eslamoqning o‘zi yetarlidir (bu xurujlar orasida yuqorida sanaganimiz M.Vahobovning O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining bosh nashri – “Pravda Vostoka” gazetasining 1986 yil 4 dekabr sonida bosilgan “Tarix haqiqatiga zid o‘laroq” (“Pravde istorii vopreki”) nomli maqolasi ham bor edi). Chingiz og‘a nafaqat o‘z tengdoshlari va do‘stlari, balki o‘zbek adabiyotida paydo bo‘layotgan har bir yorqin iste’dod kamolini qo‘llab-quvvatlashga, kerak paytda ularga zarur daldani berishga doimo qunt qilar edi.

Endi so‘zimiz avvalida tilga olganimiz yana bir fakt izohiga to‘xtalamiz. Bu yozuvchining “Kunda” (“Qiyomat”) romani yuzasidan bildirilgan (va hali hamon bildirilayotgan!) ko‘pdan-ko‘p fikrlar, mulohaza va baholarning bittasi bilan bog‘liq tafsilotdir.

Ayni asar ilk bora “Novыy mir” jurnalida chop etilgach, “Voprosы literaturы” jurnalining butun bir soni Ch.Aytmatovning yangi, dunyo kitobxonlarining ko‘pchiligini larzaga solib ulgurgan romani muhokamasiga bag‘ishlangan edi. Jurnalda asar tahlili va talqiniga oid o‘nlab maqolalar, davra suhbatlari, intervyular berilgan bo‘lib, ular orasida rossiyalik bir taniqli adabiyotshunosning jiddiy tanqidiy fikri, adib ko‘ngliga og‘ir botishi mumkin bo‘lgan e’tirozi ham o‘rin olgandi. Rus tanqidchisi o‘z mulohazalari davomida Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” hamda Chingiz Aytmatovning “Kunda” romanlaridagi “Injil”dan kelayotgan bir epizod – Iso payg‘ambarning Rim prokuratori Pontiy Pilat tomonidan sud qilinishi hodisasini o‘zaro solishtirar ekan, Aytmatov, xristian dini vakili Bulgakovdan farq qilaroq, bu epizoddagi dialoglarni o‘ta zamonaviylashtirib yuborganini ro‘kach qiladi. Uning nazarida, milodning dastlabki yillarida kechgan bu muloqot tili, munozaraga kirishgan Iso alayhissalom va Pontiy Pilat gap ohangi shu darajada zamonaviyki, sal bo‘lmasa, bu ikkovlari “yadro urushining oldini olish” haqida ham bahs ochib qolishadigandek…

Tanqidchi bu “jiddiy kamchiliklar”ning asl sababini Chingiz Aytmatov yaralishidan Sharq kishisi, islom madaniyati vakili o‘laroq, har qancha urinmasin, nasroniylik ruhini to‘la tushunmasligida, bu hodisotlarga baribir tishi o‘tmasligida “ko‘radi”. Muallif so‘zining oxirida  adibga bundan buyon shu singari harakatlardan tiyilgani ma’qul ekanini eslatishni ham unutmaydi.

“Voprosы literaturы” tahririyati bergan izohdan ma’lum bo‘ladiki, bu va boshqa tanqidiy mulohazalar jamlanib yozuvchiga yuborilgan, undan ayni fikrlarga munosabati so‘ralgan. Adib o‘zining javob xatida boshqa munozarali qarashlarga birma-bir fikr bildirgani holda, yuqoridagi e’tiroz – iddaoga qarshi o‘ziga xos javob yo‘llashni ma’qul topgan.

Chingiz og‘a yangi romani to‘g‘risida o‘z nomiga kelgan ko‘pdan-ko‘p xatlar, batafsil ko‘ngil izhorlari orasidan armanistonlik bir notanish adabiyotshunosning xatini ajratib oladi va u rus tanqidchisining boyagi fikrlariga aynan mos javob bo‘lsa, ajab emas, deya uni jurnal tahririyatiga aslicha havola qiladi.

Armanistonlik bu adabiyotshunos “Kunda” romanining juda ko‘p fazilatlarini chuqur tahlil va talqin asnosida ochib berar ekan, Iso Masih va Rim prokuratori o‘rtasidagi savol-javob epizodiga ham bafurja to‘xtaladi, mazkur epizodning M.Bulgakov hamda Ch.Aytmatov tasvirida uchraydigan farqlarini ham g‘oyat topqirlik bilan izohlab beradi.

U haqli va asosli ta’kidlaganidek, o‘sha tarixiy munozaraning “Usta va Margarita”da berilgan tasviri hamda talqini yozuvchi-muallif tomonidan bevosita hikoya qilinayotgani sababli muqaddas manbaga – “Injil”ga juda yaqin keladi. Bu yaqinlik va muvaffaqiyatga erishish uchun esa asar muallifidan tug‘ma iste’dod so‘zsiz talab etilgani holda, uning, albatta, nasroniy dini vakili bo‘lishi mutlaqo talab qilinmaydi…

“Kunda”dagi tasvir va talqin haqida esa aslo bunday deb bo‘lmaydi. Asarni o‘qigan kitobxon yaxshi eslaydiki, Ch.Aytmatov romanidan o‘rin olgan o‘sha tarixiy munozara bevosita – asar muallifi bayonida emas, balki Ober-Kandalov boshliq bir to‘da gazandalar tomonidan shafqatsizlarcha o‘lasi qilib kaltaklanib, Chuy dashtining qizigan kuni tig‘ida turgan yuk mashinasi kuzoviga itqitib tashlangan Avdiy Kallistratovning qattiq chayqalgan miyasida – tush yoxud o‘ng ekanini o‘zi ham anglolmaydigan xushida akslanadi. Qolaversa, Avdiy Kallistratovning o‘zi kim? Sho‘ro mamlakatida nomiga ochilgan diniy seminariyaning boshlang‘ich bosqich talabasi, o‘zbekcha qilib aytganda, hozircha chala mullasi!..

Bunga qo‘shimcha, Avdiyni o‘rab olgan muhit, u ko‘rayotgani va o‘qiyotgani XX asrning 70-yillaridagi jamiki ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzulari (ular orasida rus tanqidchisi kinoya bilan eslatgan “yadro urushi” muammosi, ayniqsa, keng tarqalgan edi!) yosh, vijdonli, romantik tabiatli bu yigitning lug‘at boyligida, tafakkur tarzida aks topmasligi aslo mumkin emas edi.  Chingiz Aytmatov shu tariqa mazkur epizod tasvirida tarixiy haqiqat va hayotiy mantiqqa to‘la mos ish tutganini e’tirof etar ekan, agar aksincha bo‘lganida, ziyrak o‘quvchilarda juda ko‘p e’tiroz paydo bo‘lishi mumkinligini ham armanistonlik adabiyotshunos alohida ta’kidlagan edi…

Xulosa qilib aytganda, Chingiz Aytmatov fenomeniga xos ko‘plab noyob hodisalarning tahlilu talqinida adabiy tanqid ham ayricha o‘rin tutishi, muhim ahamiyat kasb etishi aniq. Bu haqiqatni, ta’kidlaganimizdek, yozuvchining o‘zi juda yaxshi bilgan, ichdan his qilgan. Adibning maqolamiz boshida eslaganimiz – “Teatr” jurnalidagi suhbatda bildirgan fikrlari ham o‘zining dolzarbligini, tushungan xalqlar uchun esa muhim ahamiyatini hech qachon yo‘qotmasligi-da ko‘rinib turgan haqiqatdir.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 12-son