(Tohir Malik ijodi misolida)
Tohir Malik (Alloh rahmat qilsin)zamonaviy o‘zbek fantastikasini boshlovchilaridan biri va yorqin iz qoldirgan adib. Ijodni 60-yillarning ikkinchi yarmida boshlagan. “Hikmat afandining o‘limi” qissasi (1972 y.) bilan Respublikada tanilgan, “Qora farishta” nomli hikoyasi (1974 y.) bilan Maskovda o‘tkazilgan yozuvchilar anjumanida e’tirof etilgan. Bulardan keyin, 90-yillarning boshlarigacha ko‘plab, badiiy va g‘oyaviy pishiq fantastik asarlar yozgan.
Tohir Malik fantastika bobida menga ustozlik qilgan. Bu nimadan boshlanganini aytish uchun o‘zim haqimda qisqa ma’lumot berishimga to‘g‘ri keladi.
1958–63 yillarda Politexnika instituti talabasi bo‘lganman. Eng sevimli mashg‘ulotlarimdan biri Maskovda chop etiladigan “Texnika molodeji” jurnalini o‘qish edi. Muttasil o‘qidim. Bitta harfini qoldirmay, 5 yil o‘qidim. Buning sababi — texnika fanlarini o‘zlashtirishim va jurnalning har bir sonida bosiladigan fantastik hikoyalarga oshuftaligim edi. O‘zim ham shunaqa hikoyalar yozishni orzu qilardim. O‘qigan fanlarimga tegishli qandaydir mavzuni hikoyaga aylantirishga harakat qilib, kundalik daftarimga bir nimalarni yozib yurardim. Lekin menda, hali, badiiy asar yozish tajribasi umuman yo‘q edi. Mavzuni boshlab qo‘yardimu, davom ettirolmasdim. Shunda ham niyatimdan qaytmadim, badiiy adabiyotga ixlosim hech qachon so‘nmadi.
“Injener-mexanik” deb yozilgan diplomni olgach, zavodda ishladim. “Texnika molodeji”ni o‘qishdan to‘xtamadim. Keyin aspirantura, dissertatsiya, nomzodlik ilmiy daraja… Nihoyat, ilmiy adabiyotlar iskanjasidan qutulib, badiiy adabiyotga, fantastikaga sho‘ng‘idim. Baribir, hikoya yozishga kirishib ketolmadim.
70-yillarning boshida Norbert Vinerning “Kibernetika”sini o‘qiy boshladim. Juda og‘ir kitob. O‘qiyverdim. Va, bir masala – yoshligimda meni rom etgan “ruh” masalasi kibernetika fani bilan tutashib qoldi. O‘shanda tuni bilan uxlolmadim. Bir yoqda ruh haqidagi farazlar, ikkinchi yoqda – kibernetika fanining g‘oyalari, uchinchi tomonda – fantastik hikoya yozish ishtiyoqi. Tonggacha “Ruh” deb atalgan birinchi hikoyamni yozdim. Soddagina bo‘lsa ham, hikoya tugal chiqdi. Ana endi, o‘zimga bir ustoz topishim kerakligini ich-ichimdan his qildim.
Bu vaqtlarda o‘zbek adabiyotining fantastika janrida ijod qiladigan adiblari — Hojiakbar Shayxov va Tohir Malik edi. Tohir Malikning uyini topib bordim…
Tohir men bilan muloqotlarda hech qachon o‘zini ustoz sifatida tutmagan, aksincha, yoshimni hurmat qilib, tengqur do‘st yoki uka bo‘lib gaplashardi. Fantastika janrida “hirgoyi” (o‘zimcha mashq) qilib yurishimdan juda mamnun bo‘lgan edi. Hech qachon nasihat qilmagan, o‘rgatmoqchi bo‘lgan gaplarini muayyan misollar bilan anglatgan.
Nihoyat, men ham matbuotga bersa bo‘ladigan hikoyalar yoza boshladim. Dastlab radioda o‘qildi, keyin, gazeta va jurnallarda ham bosildi… Birinchi kitobim… ikkinchi kitobim. Hammasida Tohirning hissasi bor. Qarab turib, yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘ladigan darajaga yetib qolibman. Buning uchun uyushmaning ikki a’zosidan tavsiya olish kerak ekan. Tohirga, yozib berasizmi, desam, “Yo‘q, — dedi. – Hojiakbarga ayting, yozib bersin. Men, sizni uyushmaga qabul qilinadigan majlisda so‘zga chiqib, quvvatlayman”, – dedi. 1990 yilga kelib, shunday bo‘ldi ham.
Tohir Malik mendan boshqa “hirgoyichi”larga ham ustozlik qilgan. Ozod Mo‘min (fizik olim), Hasan va Husan Tursunovlar (vrachlar), Baxtiyor Hoshimxo‘jayev shular jumlasidan. Shogirdlar ko‘p, hammasini bilmayman.
1977 yili “Fan va turmush” jurnali qoshida fantastika kengashi tashkil qilindi, Tohir Malik tashabbuskorlardan biri bo‘ldi. Kengash faoliyati tufayli jurnalda o‘zbekistonlik havaskor fantastlarning hikoyalari bosiladigan bo‘ldi. Fantastika janrida ijod qiladiganlar ko‘paydi. Mahkam Mahmudov (filolog olim), Murod Xidir (jurnalist), Abduhakim Fozilov (fizik olim), Asqar Qosimov (yozuvchi), Sohiba Abdullayeva (kibernetik olima), Muhabbat Yo‘ldosheva (jurnalist), Fazilat Hojiqulova, Obidjon Yusupov va boshqalar…
Tohir Malikning asarlarida fantastik chekinma bilan real voqealar doimo yonma-yon keladi. O‘qib turib, goho bilmay qolasan, bu fantastikami yo realistik asar? Dastlabki asarlarida fantastika ustun bo‘lsa, keyingi asarlarida realistika tarozi pallasini bosadigan bo‘ldi. 90-yillarga kelib, “Shaytanat”ni yozdi va fantastika ishtirok etmay qo‘ydi. Shu-shu, Tohir Malikning ijodi gurkirab ketdi. Eng sermahsul va eng mashhur yozuvchi Tohir Malik bo‘lib qoldi. Uning ijodidagi bunday o‘zgarish jamiyat hayotidagi katta o‘zgarishlar bilan bog‘liq edi…
80-yillarning o‘rtalariga kelganda SSSR degan katta imperiya hayotida katta xatolar borligi ma’lum bo‘lib qoldi va bu haqda ochiq aytiladigan bo‘ldi. Gorbachev vaziyatni tuzatmoqchi bo‘ldi va, tabiiyki, bu ish qo‘lidan kelmasdi, lekin “Oshkoralik va demokratiya” degan shiorni o‘rtaga tashlashining o‘ziyoq tarixiy voqea bo‘ldi. 1991 yilga kelib, kommunistlar 1917 yildayoq orzu qilgan va intilgan “Jahon inqilobi” ro‘y berdi. Buni qarangki, jahon inqilobi kommunistlar o‘ylagandek, dunyoni bosib olish emas, balki Alloh iroda qilganidek, SSSR degan imperiyaning qulashi ekan! Mana bu – haqiqiy inqilob bo‘ldi! Shundan keyin jahon katta-katta sifat o‘zgarishlariga yuz tutdi. Bu o‘zgarishlar boshlanishida, hamma mintaqalarda ham ijobiy bo‘lavermadi.
O‘zbekistondagi ahvolni ko‘z oldimizga keltirib ko‘raylik: oziq-ovqat mahsulotlari taqchil, do‘konlarda (Davlat do‘konilari-da! O‘sha vaqtlarda boshqacha do‘kon bo‘lishini tasavvur qilib bo‘lmas edi) maxsus patta bilan sotiladi, bozordan xarid qilishga ko‘pchilikning qurbi kelmagan. Tish pastasi topilmaydi, lekin tish cho‘tkasi istagancha bor, sovun yo‘q, sovun idishchalar tiqilib ketgan, shakar yo‘q, shakar solinadigan plastmassa idishchalar ko‘zingizni o‘ynatadi. Go‘sht, un, don mahsulotlar do‘konlarga kelsa, ur-yiqit, to‘polon, “zato” kitob do‘konlarida pazandalik haqida chiroyli-chiroyli kitoblar taxlanib yotibdi. Zavod-fabrikalardagi dastgohlar, uskunalar qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi, bozor yoymalariga ham to‘lib ketdi.
Ishsizlik avj ola boshladi, oddiy odamlar kundalik tirikchilikka qiynalib qoldi, yosh bolalar maktabdan ko‘ra bozorga ko‘proq o‘ralashadigan bo‘ldi, o‘qituvchilar o‘qish sifatini o‘ylamay, qo‘shimcha ish izlashga tushib yoki tirikchilikning boshqa yo‘llariga o‘tib ketishdi. Oliy o‘quv yurtlarida o‘qish-o‘qitish yuztuban ketdi. Hamma yoqda korruptsiya avj oldi. Umumiy ahvol yomonlashdi.
Mana, 2019 yilga kelib ham yaxshi emas. Yoshlarning orzu-havaslari o‘qib, mutaxassis bo‘lishdan ko‘ra, bir ish o‘rni topish bo‘lib qoldi. Do‘konlarga yollanishmi, somsa-perashka, gamburger, lavash, qandaydir balo-battar bilan savdo qilishmi, bozorda arava tortishmi, chayqovchilik qilishmi… bir joyga o‘rnashib olsa, bas, o‘zini baxtiyor his qiladi, bir umr shu ish bilan shug‘ullanishga tayyor! Tirikchilik ko‘yida chet ellarga chiqib ketish ommaviy tus oldi…
Shu ahvolda fantastika kimga kerak?! O‘zimdan qiyos qilib aytsam, fantastik asar yozishning o‘zi uyat bo‘lib qoldi. Tohir Malik fantastikadan realistik janrga o‘tib ketishiga, mamlakatimizda fantastika janri tugashiga sabab mana, nimalar ekan?! Bunday asarga talab qolmadi! Bir vaqtlar fantastikaga gurillab kirib kelgan ijodkorlarning hammasi o‘zini chetga tortdi. 1990- yildan buyon deyarli o‘ttiz yil o‘tibdiki, yuqorida tasvirlangan ahvol badtar bo‘lib borayapti. Faqat bitta ijobiy o‘zgarish: pul bo‘lsa, hamma narsa topiladi! Po‘l ko‘p, odamlarning qo‘lida qop-qop pul bor, lekin qadri yo‘q…
Mamlakatda keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonaman. Haqiqiy demokratiya g‘olib bo‘ladi, jamiyat taraqqiy etadi, xayot yaxshilanadi, oddiy xalq mardikorchilikdan qutuladi, yoshlar orzu-havasli, yuksaklarni ko‘zlaydigan bo‘lishadi, ana o‘shanda fantastika uyqudan uyg‘onadi. Biroq, afsus, Tohir Malik endi, asar yoza olmaydi, o‘shanda, u yozib ketgan fantastik asarlar yana o‘quvchilar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘ladi, fantastika to‘xtagan joyidan boshlab yana gurkiraydi, inshaolloh!