Ma’lumki, O‘zbekistonda o‘zbek tilidan rus tiliga tarjima adabiy jarayon, katta hodisa sifatida 20—30-yillarda shakllandi. Bu serzahmat xayrli san’atning darg‘alari o‘sha suronli, repressiya kezlarida ham mumkin qadar o‘zliklarini saqlab turdilar, badiiy tarjimaning xalqlar do‘stligini barpo qiluvchi «elchilik» an’analariga sodiq qolib, ibratga, chuqur hurmatga loyiq ishlarni amalga oshirdilar. Bo‘htonlar, asossiz tanqidlar quyunida qolgan Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir, Elbek kabi iste’dod sohiblarining asarlarini rus tiliga o‘girib, katta jasorat ko‘rsatdilar. L. Sotserdotova, M. Buylin, S. Palastrov, M. Rodionov, M. Abbosov, M. Sale singari tarjimonlar o‘zlarining fidoyi mehnatlari, xalqimizga, madaniyatimizga mehru muhabbatlari bilan el ichida hurmat qozonib, adabiyotimiz tarixidan chin ma’noda halol o‘rin oldilar.
Asliyatlarni buzib talqin qilish, ulardan siyosiy xato qidirish, tahlilda o‘sha paytda keng quloch yozgan vulgar-sotsiologizmning tantanasi badiiy tarjima san’atining erkin rivojlanishi yo‘lida ham katta g‘ov bo‘ldi. Masalan, 30-yillarning boshlaridanoq butun Osiyoni go‘zal romanlari bilan hayratga solgan A. Qodiriyni munaqqid S. Husayn «Abdulla Qodiriy proletariat inqilobiga nisbatan uzoqroq kishidir. Chunki haqiqatan A. Qodiriy mayda burjua yozuvchisidir», — deb e’lon qildi. Sotti Husayndan sal avval M. Sheverdin: «O‘tgan kunlar»da balki unchalik oshkora bo‘lmasa ham, unda eski odatlar, Qur’on, eski turmush va «farog‘atli o‘tmish» targ‘ib qilinadi. Mafkuraviy iuqtai nazardan Qodiriyning romani — birinchi o‘zbek romani — bizniki emas», — degan fikrni bayon qilgandi.
Bu gaplarning badiiy tarjimaga aloqasi shundaki, mazkur aybnomalardan so‘ng «burjuaziya yozuvchisi»ning bizga «yot» asarini boshqa tilga o‘girishga uncha-muncha dovyurak tarjimonning yuragi dov bermagan. Qolaversa, M. Sheverdin, tarjimonlar zimmasiga «O‘tgan kunlar»ni «mafkuraviy jihatdan zararsizlantirgan taqdirdagina rus kitobxonlari e’tiboriga havola etish mumkin», — degan, bajarib bo‘lmaydigan vazifani ham yuklagan. Tarjimonlarni ayni shu og‘ir talab cho‘chitganmi, ishqilib, 30-yillarda A. Qodiriyning boshqa yirik asarlari rus tiliga o‘girildi-yu, «O‘tgan kunlar» chetda qoldi.
Badiiy tarjima va adabiy tanqidning o‘lmas asliyatlarga ayricha munosabatlari o‘ttizinchi yillarning boshlaridaioq ko‘zga tashlana boshladi. 1932 yili «Sovetskaya literatura narodov Sredney Azii» jurnalining birinchi soni A. Qodiriyning bir emas, ikki mashhur asaridan bir necha boblarning tarjimasi bilan boshlangan. Mutarjim Ismoil Obid (Taraqqiy) «Mehrobdan chayon» romanining ilk, M. Buylin esa «Obid ketmon»ning «Quyosh bilan ham kurashaman» boblari bilan rus kitobxonlarini tanishtirganlar va A. Qodiriy asarlarini targ‘ib etishdek bir ulug‘ ishni boshlab berganlar. Mazkur asliyatlarning tarjimasini nihoyasiga yetkazish esa 30-yillarning eng dovyurak, iste’dodli tarjimoni L. Sotserdotovaga nasib qilgan. Jumladan, «Obid ketmon» rus tilida 1935 yilda alohida kitob holida chop etilgan va o‘zbek tilidan rus tiliga badiiy tarjima etish borasida katta adabiy voqea bo‘lgan. U nafaqat barkamolligi, asliyat ruhining to‘la saqlanganligi, A. Qodiriydek so‘z sehrgari uslubining saqlanganligi, asliyatga realistik yondashilganligi bilan ajralib turadi, balki tarjima san’atimiz tarixida yirik proza asarlari o‘girilishidagi ilk mualliflashtirilgan tarjimadir. Afsuski, mazkur tarjima o‘sha 1935 yilgi nashrida qolib ketdi, qayta chop qilinmadi, hozirgi rus tilida o‘quvchi kitobxonlar undan qariyb bexabar. Bugungi tarjimalar bilan bemalol bellashadigan bu mehnatni yangidan ro‘yobga chiqarish tarjima tarixini o‘rganishda ham, A. Qodiriy va L. Sotserdotova xizmatini yod etib yurish borasida ham, bu ikki san’atkorning ijodiy hamkorliklarining ramzi sifatida ham xayrli ish bo‘lar edi.
A. Qodiriyga qarshi uyushtirilayotgan bo‘htonlar xurujining kundan-kun kuchayib, siyosiy tahdid tusiga kirishi L. Sotserdotovaning adibga, u yaratgan bebaho asliyatlarga e’tiqodini so‘ndira olmadi. Bil’aks, «Obid ketmon» qissasi tarjimasini tugatar-tugatmas mohir mutarjim «Mehrobdan chayon» ustida ish boshladi. Bu roman boshiga tushgan ko‘rguliklar «O‘tgan kunlar»nikidan qolishmaganligi hammaga ayon. (L. Sotserdotova tahdidlardan cho‘chimadi). «Literaturnыy Uzbekistan» jurnalining 1935—1936 yilgi sonlarida romanning qariyb yarmi rus tilida e’lon qilindi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda o‘sha yillardayoq mutarjim asliyatning tarjimasini nihoyasiga yetkazgan va tarjima O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzida muhokama qilinib, badiiy tarjimaga mutlaqo aloqasiz bahonalar bilan rad etilgan.
Xullas, o‘ttizinchi yillarning ikkinchi yarmiga kelib ana shunday «hushyor»lik bilan adabiyotimizda mudhish bir sharoit vujudga kelib, «fosh etadigan» mafkurabozlarning ustivorligi vujudga keldi. Endi Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Botu, Elbekning nomini tilga olishning o‘ziyoq xatarli bo‘lib qoldi. «Fashizm agentlariga o‘lim, kimda-kim sotsialistik mamlakatimizga, uning, o‘z baxtini o‘zi qo‘lga kiritgan xalqiga tajovue qilgan bo‘lsa — hammasiga o‘lim, millionlarning hukmi shu» qabilidagi mudhish shiorlar ne-ne odamlarning ongini shol qilib qo‘ygan edi. Bu chaqiriqlarda anqib turgan qon hidini his etmagan odam qolmagan bo‘lsa kerak.
Bunday sharoitda badiiy tarjimaning holi ne kechdi? Axir, pok nomlari eng razil aybnomalarning ramziga aylangan adiblarning asarlarini tarjima etish o‘z joniga o‘zi atayin qasd qilish bilan barobar ekanligini aiglash uchun uzoq o‘ylab o‘tirishga hojat yo‘q edi. Bu paytda tarjimonlar och-qornim, tinch-qulog‘im, deb, tirikchiligini o‘tkezaverishlari mumkin edi. Lekin, ular xavfu xatar bo‘ronida bo‘g‘ilgan haqiqat yo‘lini tanladilar, xalqimiz, adabiyotimiz dardini o‘z dardlari deb bilib, uning farzandlari boshiga tushgan musibatga hamdard bo‘lishga intildilar. O‘sha og‘ir yillarda Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy, Elbek, Botu, Usmon Nosir asarlarining fidoyi tarjimonlar tomonidan rus tiliga o‘girilishini faqat jasorat, deb ta’riflash ozlik qiladi. L. Sotserdotova kabi jasur tarjimonlar o‘zbek sovet adabiyotining eng porloq iste’dodlarini targ‘ib etishga hech bir mubolag‘asiz jonlarini tikdilar. 1936 yili L. Sotserdotova Fitratning «Qiyomat» — «Strashniy sud» asarini rus tiliga mohirona o‘girdi va «xalq dushmanlari»ning kushandalarini hayrat, sarosimaga solib qo‘ydi. Mashhur adib rus kitobxonlariga o‘zining «Oktyabrning 15 yilligi» — «15 let Oktyabrya» (M. Rodionov tarjimasi) va «Qizning qotili» — «Ubiytsa devushki» (tarjimoni ko‘rsatilmagan) asarlari bilan tanish bo‘lsa-da, «Qiyomat»ning rus tilida chop etilishi adabiyotimiz va tarjimamiz taraqqiyotida sezilarli voqeaga aylandi.
L. Sotserdotova faqatgina Qodiriy, Fitrat asarlarini sovet kitobxonlari orasida targ‘ib qilish bilan cheklanib qolmadi. Cho‘lponning go‘zal asarlaridan, ko‘pgina maqolalarida uni qoralash quroliga aylantirilgan «Kuz» — «Osen»ni nodir iste’dod she’riyatidan «elchi» sifatida rus kitobxonlari e’tiboriga havola qildi. Mazkur tarjima, shubhasiz, 30-yillar she’riy tarjimaning eng go‘zal namunalaridan biridir. «Literaturnыy Uzbekistan» jurnalining sahifalarida Elbek, Usmon Nosir va boshqa «urilgan» adiblarning asarlari ham rus tilida bosilib turdi.
Badiiy tarjima san’ati tarixidagi favqulodda voqealardan biri «Literaturnыy Uzbekistan» jurnalining 1937 yilgi ikkinchi sonida Stalinning trotskiychilaryi tugatish haqidagi dokladi bilan Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanining ruscha tarjnmasini birga e’lon qilinishi bo‘ldi. O‘z ismi-sharifini oshkor etmaslikni ma’qul ko‘rgan tarjimon, tarjimani chop etishni o‘z bo‘yniga olgan A. Kartsev o‘ziga xos norozilik «bayonoti» bildirdilar. To‘g‘ri, bu tarjima kamchiliklardan xoli emas, lekin gap hozir Cho‘lponning romaniga murojaat qilishning o‘zi qanchalik jasorat ekanligi haqida ketayapti.
«Ashaddiy xalq dushmanlari»ning asarlarini rus tiliga o‘girilishi, turgan gapki, tanqidning g‘azabiga uchradi: «o‘zlarining chin qiyofalarini — fashistlarga yollangan, qo‘poruvchilik qiyofalarini yashirganlar jurnalning deyarli hamma soniga o‘z asarlarini tiqishtirishga muvaffaq bo‘ldilar. «Literaturnыy Uzbekistan»ning birinchi sonida Elbek va Cho‘lponning she’rlari bosildi».
Tarjima asarlarining bosilishiga imkon yaratganlar ham aybnomalardan bebahra qolmadilar, ular ayblandilar: «Elbek, Usmon Nosir, Cho‘lpon o‘zlarining munofiqona asarlarini tashisalar, telbalar dardi-loqaydlik bilan og‘rigan redaktsiya xodimlari (gap «Literaturnыy Uzbekistan» redaktsiyasi haqida ketayapti — H. A.) ularning hayvoniy qiyofalarini farqlay olmay, o‘zbek xalqining dushmanlarining asarlarini chop etdilar». Ayniqsa, Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanining rus tiliga o‘girilishi ba’zilarii junbushga keltirdi, tarjimon ko‘rsatilmagan bo‘lgani uchun tanqid tig‘i redaktsiya hay’atiga, romanni bevosita nashrga tayyorlaganlarga qaratildi: «Jurnal o‘z sahifalarida o‘zbek xalqining ashaddiy dushmani bo‘lgan jadidlarni revolyutsionerlar qilib ko‘rsatishga uringan Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanini e’lon qildi. O‘zbek xalqining ashaddiy dushmani M. Hasanov romanning o‘zbekcha nashrini tahrir qilib, burjua millatchisini minbarga chiqishi uchun imkon yaratib bergan bo‘lsa, trotskiychi A. Kartsev ruscha matndan millatchilik ruhidagi mulohazalarni qisqartirib, Cho‘lponni sovet yozuvchilari qatoriga kiritishga urindi». Ko‘rinib turibdiki, demak muharrir romanning «millatchilik ruhidagi mulohazalarini» qisqartirsa ham, baribir, «jinoyatchilik» domiga chap berolmagan.
Fitratning «Ubiytsa devushki» — «Qizning qotili» asarining e’lon qilinishi ham vaqtli matbuot sahifalarida siyosiy xato sifatida baholanib, qayta-qayta ta’kidlab turildi: «asarning g‘oyasi zararli g‘oya, u quloqlarga rahm-shafqat hissini uyg‘otishga mo‘ljallangan». Vaholanki, mazkur asarda yosh qiz yangi tuzum dushmani bo‘lgan otasini kolxoz yig‘ilishida fosh qilmoqchi bo‘lganligi uchun o‘z padari tomonidan bo‘g‘ib o‘ldiriladi. Asar to‘g‘ri o‘qilsa ham, teskari qaralsa ham, undan «quloqlarga rahmu shafqat hissini» topish qiyin.
Shunday qilib, 30-yillar badiiy tarjima san’ati vakillari xalqimizga, adabiyotimiz rivojiga sidqidildan xizmat qildilar, tarjimaning ezgu niyat-maqsadini, haqiqatni, nohaq toptalgan tengsiz asliyatlarni siyosiy tanqid taqdidiga almashmadilar. Zamona zayliga qarab ish tutishni rad etib, bizning chuqur hurmat va e’tiqodimizga loyiq ishlarni amalga oshirdilar.
Shunday savol tug‘iladi: «xalq dushmanlari»ning asarlarini tarjima etayotganda o‘z boshlarini ham dorga tortayotganlarini bilmasmidilar yo ular respublikadan uzoqda yashab, bu yerdagi ahvoldan, Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi «aksilinqilobchilar»ning zo‘r berib fosh etilayotganidan bexabarmidilar? Aksincha tarjimonning milliy adabiyotni, adabiy jarayonni va hatto o‘zi tarjima qilayotgan asarni yaratgan adibni yaxshi bilmay ham ishga kirishaverish ko‘proq keyingi davrlarga, ayniqsa, hozirgi vaqtga xos. O‘ttizinchi yillarda esa tarjimonlarning asosiy qismi o‘zbek adabiyoti va hayotiga aralashib yashagan, barcha mashaqqatlarni o‘zbek adiblari bilan birga baham ko‘rganlar. Ijodiy yutuqlarini ham, bu yutuqlardan boshlariga tushadigan ko‘rguliklarni ham teng bo‘lishgan. Shu ma’noda, badiiy adabiyot bilan badiiy tarjima ham bir-biri bilan baqamti rivojlangan. Biz 20—30-yillar adabiy jarayoni haqida so‘z yuritganda ana shu yelkadoshlikni ko‘pincha e’tibordan chetda qoldiramiz. Holbuki, bu yelkadoshlik adabiyotlar do‘stligi, ikki millatga mansub ijodkorlarning samimiy va dovyurak birodarligi xususida talay ibratli misollar beradiki, bularni chuqur o‘rgannsh, o‘sha yillarda yaratilgan asliyatlar bilan birga, chin jasorat ko‘rsatgan haqiqiy baynalmilalchi zahmatkash mutarjimlar mehnatlarini ro‘yobga chiqarish ham ilmiy, ham insoniy jihatdan burchimizdir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 10 mart