2018 yilda bosib chiqarilgan kitoblardagi she’rlar to‘g‘risida umumlashtirib aytganda, ularni shoirlarning o‘z ichki olamiga qilgan safarlari mahsuli deyish mumkin. Oldinlari shoirlarimiz ko‘proq tashqariga qarar, undan ta’sirlanar va bitiklarida ham uni aks ettirardi. Endilikda shoirlarning poetik nazari o‘ziga, o‘zining ham ichki dunyosiga qaratilmoqda. Ijodkorning ichidagi mikrodunyosi tashqaridagi makrodunyodan ko‘ra bepoyon va cheksizroq ekani she’rlariga ko‘chmoqda.
Ma’lumki, she’rga bezovta yurakning mahsuli deb qaraladi. Bulturgi she’riy kitoblardagi bitiklarga esa bezovtalik emas, qandaydir xotirjamlik xos. Shoirlar o‘zlarini har sari uravermaydi, nima qilmoqchiligini yaxshi biladigan odamlarday tutadi o‘zini. Ular insonday yashash uchun yo‘l izlash lozimligini, bu yo‘l har kimning naq o‘z yuragidan o‘tishini yaxshi biladi va yurakka yo‘l solishga xotirjam tadorik ko‘rishadi. Bunday xotirjamlik taqdirga tan bergan, tasodif yo‘qligiyu, yagona Yor hamisha yo‘ldoshligiga ishongan kishida bo‘ladi.
Bultur chiqqan she’r kitoblar orasida mashhur shoir Usmon Azimning «Kollaj» tarzida nomlangan asari alohida o‘rin tutadi. «Kollaj» degani turli suvratlarni yopishtirish orqali yangi bir suvratli manzarani yuzaga keltirishdir. Uni mozaikaning foto ko‘rinishi desa bo‘ladi. Azaldan favqulodda obrazlar, kutilmagan tashbihlar, chiyratma ifodalar ustasi bo‘lgan Usmon bu kitobidagi she’rlarida tiriklik, kechirilgan umr mazmuni haqida chuqur o‘yga tolgan mutafakkir sifatida namoyon bo‘lgan. Ayni vaqtda u bitiklarida aks etgan fikr va tuyg‘ularning ifoda yo‘sinini sezilarli yangilayotir. Shoir «Chaqaloq zaminni kechaga o‘rab, belanchak shamolda tebratadi kuz» satrlari bilan boshlangan she’rida umr kuzidagi holatini shunday aks ettiradi:
Kuzligim muborak o‘zimga! Yondi
Etu suyagimning har bir zarrasi!
Kullarim sovrildi, faqat ruh qoldi,
Uzun bu umrimdan uzun «uh» qoldi –
Qaynagan ongimning pinhon na’rasi.
Kuz aro boraman. Taqdir dastida
Hayotu o‘limga bosh egmish yurak.
Yomon o‘tmaganday umrim aslida:
Yarashib yashadim yerning ustida,
Erning tagiga ham yarashsam kerak.
She’rdagi paradoksal mantiq va favqulodda ifodadan tashqari, tovushlar takroridan juda o‘rinli foydalanilgani bitikka o‘zgacha joziba bergan.
Usmonning kitobdagi she’rlari to‘g‘risida so‘zlash qiyin. Ularni faqat o‘qish kerakday. Chunki odatiy mantiqqina so‘zga ko‘chadi. Kutilmagan qarashlar kutilmagan ifodani taqozo qiladi. «Bir hodisa va bir taxmin» she’ri ana shunday bitiklardan:
Kichkina idoraning kichkina xodimi
Mahmud vafot etganda, rosa erkalatishdi.
Yuvib-tarashdi avval
(bunday e’zozdan marhum rosa uyaldi!)
Yig‘lab ham turishdi boshida
(o‘zining ham yig‘lagisi keldi Mahmudning),
Xuddi bayramlardagidek oppoq matolarga o‘rashdi
Barcha sukutda, qo‘llar qovushtirilgan…
So‘ng (ishonasizmi!)
Elkalarida ko‘tarib ketishdi uni
Juda ta’sirlandi Mahmud,
qayta yashagisi keldi:
– O‘lim kerak emas, siz bilan yashayman degisi keldi
Mahmudning.
Ammo hech narsa demadi,
Miq etmasdan ketaverdi
Chunki Mahmud juda tajribali,
Juda aqlli (bekorga o‘lmagan!):
U juda yaxshi biladi – bunday baxtli kun
Insonga bir bor nasib etgusidir.
Bu she’r kishini chuqur o‘yga toldiradi. Piching, iztirob, ramz va ishora uyg‘un aks etgan bu she’rda odatdagi tasviriy unsurlar yo‘qligiga qaramay, o‘zgacha poetik ruh borligi kishini hayratga soladi.
Boshqa bir she’rida ham shoir ko‘rilgan narsadan ko‘rilmagan xulosa chiqaradi:
Uy baxt bilan to‘la
Baxtga hech kim e’tibor ham bermaydi,
Bu e’tiborsizlikdan negadir kattarar baxt.
Bu e’tiborsizlikdan negadir yana charaqlar.
Xullas, uy baxt bilan to‘la
Ammo uni hech kim ko‘rmaydi.
Xuddi shunday! Baxt yo‘qligida ko‘rinadi, xolos.
Aytilganiday, shoir qofiya, turoq singari tasviriy unsurlarga e’tibor qilmaydi. Xuddi hayotiy e’tiborsizlik baxtni kattartgani kabi poetik e’tiborsizlik ham she’rga joziba beradi.
Sharifa Salimovaning «Bedor tun tomchilari» kitobiga kirgan she’rlarda o‘z ko‘ngli bilan sirlashayotgan ayol o‘y-xayollari, tuyg‘ulari aks etgan. Shoira tabiatni odam, odamni tabiat orqali ko‘rsatishga intiladi. «Kuzak titrog‘ini sezadi gullar» she’ridagi
Kuz suvlari oqar. Xayolchan, xomush,
Intizor qirg‘oqqa tashlamay nazar.
Xazonli yo‘lakda bo‘lib faromush,
Kuz qadam tashlaydi ma’yus, sarosar.
She’rdagi ma’yus ohang tasvirga samimiyat va joziba bag‘ishlagan. Kuz suvlarining xayolchan, xomush oqishi tasviri ham haqqoniyligi, ham musiqiyligi bilan she’rxonni rom etadi. Sharifa she’riy eksperimentlarga o‘ch emas, u an’analar bag‘rida yangiliklar yaratishga urinadi. Tasvirdagi samimiyat, ko‘ngil holatining chin manzarasi uning she’rlariga jon bag‘ishlaydi:
Bir kungina meni otash bo‘lib sev,
Bir kungina meni ko‘klarga ko‘tar.
Men tutun qaytargan kunlardan bezdim,
Minnatu xo‘rliklar jonimdan o‘tar.
Bu nidolarda ko‘ngil mamlakatini obod, osmonini yuksak ko‘rishni istagan shoirona qalb titroqlari o‘z aksini topgan.
Azim Suyunning «Ey do‘st yoxud Azimnoma» kitobi 1077 she’riy va ikki yuzdan oshiq nasriy qayirmalarni o‘z ichiga oladi. «Qayirma» so‘zi obdon etilgan, tobiga kelgan narsa, ish, harakat, amal ma’nolarini anglatadi. Qayirmaning o‘zagida «qayish»lik, ya’ni pishiqlik, puxtalik ma’nosi ham bor. Shoirning she’riy qayirmalari hikmatlarga o‘xshab ketadi. Chunki ular – yetmishdan oshgan oqsoqolning fikru tuyg‘ulari mahsuli. Azim Suyun o‘qirmanga aql o‘rgatmaydi, uni ko‘ngliga yuzlashtiradi. Qayirmalarda ba’zan katta hayot yo‘lini bosib o‘tgan kishining to‘xtamlari ifodalansa, gohida borliqning turfa holatidan hayratlari muhrlanadi:
Ey do‘st!
Oq bo‘yniga qora sochi o‘ralgan,
Bir o‘rami oq to‘shida taralgan.
Bir xilqatkim marmar hovuz bo‘yida
Hovuz bo‘yni unga qarab buralgan.
Bu satrlarda holatning turg‘un surati emas, balki shoir kechinmalari dinamikasi aks etgan. Unda axborot emas, jarayon aks etgan. Chinakam go‘zallikka lol bo‘lib, qarayverganidan bo‘yni buralgan hovuz holati ifodasi o‘qirmanni ruhiy muvozanatdan chiqaradi.
Ijodda bir xillik va takror tanazzulga eltadi. Butun boshli kitobning faqat «qayirma»lardan iboratligi o‘qirmanni zeriktirib qo‘yishi mumkin edi. Shoirning so‘zni «qayirma» qilib qo‘llay olish mahorati sirtdan bir xil ko‘ringan she’rlarning ichki qurilishi, poetik mazmunida qaytariq bo‘lmasligini ta’minlagan. Shoir har bir she’rda yangidan-yangi ruhiy holatlarni suvratlantirgan. U qayirmaning torgina maydonida erkin harakatlanib, rang-barang sezimlarni jilolantirgan:
Ey do‘st!
Sarkash ko‘klam edi, men va yor ikkov,
Bir qirda turardik yelvagay, lov-lov.
Yomg‘ir yog‘ib berdi, yorga qaradim,
Yomg‘irda yonardi gulbadan olov.
Yomg‘irda lov-lov yonayotgan gulbadan yog‘dusidan ko‘zlari qamashsada, ruhi tiniq oshiq holati aks etgan ushbu qayirmaga berilgan har qanday izoh mo‘jizaviy bu holatning go‘zal poetik tasvirini faqat xiralashtiradi.
Nekbin tuyg‘ular egasi Azim Suyunning ezgulik tantanasiga ishonchi qayirmalarda ham yorqin aks etgan:
Ey do‘st!
Bir nazardan er tuzalar,
Sharros tinar – sel tuzalar.
Bitta hikmat menga ayon:
So‘z tuzalsa, el tuzalar.
Shoir faqat o‘z menining taftishchisi emas, amal odami ham bo‘lgani uchun qayirmalarga faqat dil izhori deb qaramaydi. Shu bois qayirmalariga ezgulikka ishonch va umidbaxshlik xos: «Ey do‘st! Men hikmat aytaman, arava jilar, Dehqon ketmonini yelkaga ilar. Tushib ketar jallod qo‘lidan bolta, Hukmdor adolat libosin kiyar».
Abdumajid Azimning «Qadr kechasi» kitobidagi bir she’rda pokiza tuyg‘ularga to‘la bolalik chog‘i qo‘msalgan: o‘n bandlik she’rning birinchi to‘rtligida yurtidan, bolaligidan uzoqlashgan kishi tuyg‘ulari: «Shopirgancha xas-xazonni, qilib nola, Uriladi shamol oyna to‘shlariga. Adirlarda suruv quvlab yurgan bola, Kechalari kirib chiqar tushlariga», yo‘sinida aks etadi. Qo‘msash ruhi so‘nggi o‘ninchi bandda ham pasaymaydi:
Bir kimsani qidirganday chekib nola,
Shoshqin shamol uvullaydi kechalari.
Shudgorlarda qo‘y izlaydi o‘sha bola,
Loyga botib etigining o‘kchalari.
Bu satrlarda qaytib kelmas pokiza bolalikni sog‘inib ichikkan odam tuyg‘ulari aks etgan.
Shoirning boshqa bir she’rida bosib o‘tgan umr yo‘li to‘g‘risida o‘yga botgan odam holati o‘zgacha shaklda ifoda etiladi:
Falaklarga nigohimni tikkan edim,
Yuraklarga armonlarni ekkan edim,
Ajriqday toshni yorib chiqqan edim,
Kunlarimni somon kabi yiqqan edim,
Yig‘ib barin bitta qopga tiqqan edim,
Ekkan edim, yiqqan edim, tiqqan edim.
She’r misralarida aks etgan asosiy holatni ifodalovchi so‘zlarning so‘nggi satrga yig‘ilgani bitikka o‘zgacha ohang va ohor baxsh etib, tasvirdan kelib chiqadigan poetik ma’noni kuchaytirgan.
Sermahsul ijodkor Zamira Ro‘ziyevaning «Ro‘shnolik» kitobining nomidayoq shukronalik bor. «Sevsang, joning arzon bo‘lar ishqingdan, Ruhingda rayhonlar unar ashkingdan» satrlarida kattagina yoshda, hatto haj amallarini ham o‘tab kelgan Zamiraning ijodidagi ruh navqironligi seziladi. Shoiraning nomsiz bir she’rida visolsiz sevgi fojiasi o‘ta ta’sirli aks etgan:
Sizni topib, Sizga yetmagan
Tuyg‘ularga jonim taloshdir.
Shabnam emas bargda titragan,
Ko‘zlarimdan to‘kilgan yoshdir.
Og‘riq oqqan tomirim yonar,
Kuyuk isda sirlarim foshdir.
Chalkash chiziq peshonam qonar,
Ishq deb urib olganim toshdir.
Va…
Siz…
Bu bor darddan bexabar
Ko‘nglingizda qay qalamqoshdir.
Bizni avrab ayirgan shahar –
Biri Anjan… va biri Shoshdir.
Bitikda sevguvchi ko‘ngilning samimiy tuyg‘ulari betakror va tabiiy ifodalangan. She’rda tasvirlanayotgan anduhlarning ayolga xosligi sezilib turgani muallif mahorati belgisi. «Ko‘zlarimdan to‘kilgan yoshdir», «Kuyuk isda sirlarim foshdir» singari misralar ayol ko‘ngli nolalari ekani sabab ta’sirlidir.
Yosh shoir Jo‘rabek Jahonning «Ko‘ngil poytaxti» kitobidagi she’rlarida o‘ziga xos poetik nigoh sezilib turibdi. «Tug‘ilish» she’rida tasvir o‘qirmanlar ko‘nikkan yo‘nalishdan o‘zgacha tus olgan:
Bugun oxirgi kun,
Bariga shayman.
Farishtam, vidoning totini tuygin.
Endi ko‘kda emas, yerda yashayman,
Qalbimni to‘ldirib ishqingdan quygin.
Mana fursat yetdi,
Mana, vaqt yetdi,
Ko‘ksimda nimadir urayotir nish.
Ko‘zimga ko‘p narsa ko‘rinib ketdi,
Buncha azob ekan, azob –
TUG‘ILISh.
Jo‘rabek tabiat hodisalarini jonlantirib va shaxslantirib ta’sirli badiiy holat yaratadi. Uning «Tun. Tiq-tiq. Derazamni chertib yig‘laydi yomg‘ir» tarzida boshlanadigan she’ridagi o‘zgarishlar dinamikasi oshiq fojiasi darajasiga muvoziy tasvirlanadi: «Yomg‘ir o‘git qildi aylanib qorga: Ishonma, ishonma, sen u dildorga» «Endi boshim uzra yog‘ar edi do‘l: Battar bo‘l! Battar bo‘l! Battar bo‘l!» to‘plamdagi ko‘pchilik she’rlar shoirning shakliy-ifodaviy izlanishlari mevasidir.
Shoir Muhiddin Omonning yetti fasldan iborat «O‘rtamizda ishqning gulxani» kitobiga kirgan she’rlarning ko‘pchiligida o‘zi, atrofidagi odamlar va olam haqida o‘ylayotgan kishi holati aks etgan. Shoir «Har narsa foniydir…» deb boshlanadigan she’rida yozadi:
Har narsa foniydir, yo‘qlikning xasmi,
Yam-yashil yaproqning qismati xazon.
Gar bugun tilimda visolning vasfi,
Ertaga umrimda hokimdir hijron.
Kelganlar ketajak, ketganlar qaytmas,
Umr daryosining o‘zani nishab.
Ajabki, hech kimsa to‘ydim, deb aytmas,
Hattoki, qo‘ysada yuz yilni yashab.
Men ham bir daryodek oqib o‘tarman,
Bahorimda toshib, kuzlarda sokin.
Baxt so‘rab ko‘klarga boqib o‘tarman,
Kun kelib to‘ldirgum ajdodlar xokin.
Balki kimdir yo‘qlar, kimdir so‘ragay:
«Qanday yashab o‘tdi Muhiddin Omon?»
Shunda aytavering xijolat bo‘lmay:
Uning har satrida umri namoyon.
Shoir ham biz kabi tug‘ildi, o‘sdi,
Unga ham insoniy barcha qusur xos.
Faqat HAQIQATning edi chin do‘sti,
Faqat u OShIQdek yashadi, xolos.
Kitobdan joy olgan deyarli barcha she’rlar – oshiqona dil izhorlari. Muhiddin sevgiga ko‘ngilni uyg‘otib, oshiqni yuksaltiradigan qudrat sifatida qaraydi.
Taniqli shoir Sirojiddin Raufning «Muallaq cheksizlik» kitobidagi «Bugunning odami» she’rida davr odamlariga xos o‘rtoq sifat juda topib tasvirlangan:
Bugunning odami vazmin va o‘ychan,
Ko‘pning baxti uchun Haqqa yukingan.
To‘plamdagi ko‘pchilik she’rlarda shoirning «Bu qanday ishq, bilmadim, yo Rab, Otashidan ko‘zimda yoshlar. Uzoqlashsam qolaman muzlab, Yaqinlashsam kuydirib tashlar» to‘rtligidagi mohiyat aks etgan. Ularda sevgi qudrati, uning yashatish, yashnatish va yashartirish quvvati tasviriga ko‘p o‘rin berilgan. Bu jihatdan «Sevgi» she’ridagi quyidagi misralar diqqatni tortadi:
Ko‘nglingning to‘lmog‘i mushkul tobora,
Olaquroq tuyg‘u, hislar, sezgilar
Ko‘ngil oromiga bo‘lolmas chora!
Sevgingni maydalar mayda sevgilar…
Sevgiday buyuk va muqaddas tushunchaning maydalanmasligi, ulug‘ tushunchalarga ulkan yondashuvlar bo‘lishini shoir orzulaydi.
S. Raufning «Hasbi hol» she’rida shoirning bosib o‘tgan yo‘li, hayotdagi o‘rni haqidagi haqqoniy o‘ylari ifoda etiladi: «Bahorni anglamay yozga yetibman, Umrim bog‘larida g‘imirlar kuzak. O‘zimdan shunchalar olis ketibman, Bamisli havoga to‘yingan pufak. Osmonning chetida shafaqlar sarjin, Kunga qo‘l silkitib tun og‘ayotir. Qalbimda bir hadik, xavotir parchin, Tun mening nazdimda tund og‘ayotir».
Murakkab timsollar, serqatlam ramzlar bilan fikrlashga moyil Go‘zal Begimning «Yoki» tarzida g‘alati nomlangan to‘plamidan shoiraning olamni o‘ziga xos ko‘rishi natijasi bo‘lgan she’rlari o‘rin olgan. Har kimning ham xayoliga kelmaydigan tashbihlar, favqulodda obrazlar, kutilmagan ifodalar har bir she’rda ko‘zga tashlanadi. To‘qqiz she’rni o‘z ichiga olgan «Hali bu hammasi emas» turkumidagi bitiklar tasvirning injaligi bilan ajralib turadi:
Qo‘ldan tushib ketdi yuragim,
Dumaladi yaqin-uzoqqa.
Kelayapti kiprik tiragim
Qarog‘imga sig‘magan boqqa.
Barmog‘imni gar qisirlatsam,
Bo‘shatadi yaproqlar yerni.
Ipak ko‘nglim bir qiqirlasa,
Titratadi shu yarim sharni.
Hali hammasimas, ketmayman,
Yuragingda yer qimirlatmay.
Soyalar jarangin eltgayman,
Sirqiraydi qalbimda shu nay.
Bu satrlardagi obrazlar ko‘lami va shoiraning o‘z tuyg‘ulari qudratiga ishonchi mustahkamligi sabab o‘qirmanni hayratga soladi. Lirik qahramonning kiprigini bog‘dagi og‘ochlarga tirgovich qilmoqchi, ko‘nglining qiqirlashi bilan yarim sharga titroq solmoqchi, oshiq yuragida zilzila qo‘ptirmoqchi va soyalar jarangini eltmoqchi bo‘lgani tasvirlaridagi poetik g‘ulu bitik jozibadorligini oshirgan.
Go‘zal – poetik tajribalarga o‘ch shoira. U ayrim she’rlaridagi barcha misralarni «qaniydi», «yoki» so‘zlari bilan boshlaydi. Bunday she’rlarida ham u faqat shaklga mahliyo, takrorlar musiqasiga andarmon bo‘lib qolmaydi. Bitiklariga badiiy yuk orta biladi: «Qaniydi yuragingdagi olmalarga qurt tushmagan bo‘lsa, Qaniydi yuragimdagi olma tishlanmagan bo‘lsa», – deb yozadi. Kitobga nomi chiqarilgan she’ridagi
Yoki suv
yoki suvdagi jarohat
yoki suvga cho‘kib ketgan tuyg‘ular
yoki dengizning dengiz haqidagi o‘yi
yoki barmoq izi kul ostidagi
satrlari o‘qirmanni o‘ylantiradi. Biri o‘n ikki biri yigirma qatorli bu ikki she’rning biror o‘rnida tinish belgisi ishlatilmagan. Bu hol ularni har bir she’rxon o‘z ohangiga solib o‘qiy olishiga imkon beradi.
Samarqandlik shoir Xurshid Nurullaning «Besh fasl va yurt vasfi» kitobi kompozitsion tuzilishiga ko‘ra o‘ziga xos: undagi she’rlar to‘plamning nomiga muvofiq ravishda tabiatning to‘rt fasli hamda «Oshiqlar dunyoda bitta qabila» va «O‘zbekiston – mukammal diyor» singari ikki bo‘limdan joy olgan. Xurshid ko‘klamni g‘oyat sevadi va juda chiroyli tasvirlaydi. Uning «Ko‘klam tashbihlari» she’rida bu go‘zal faslga xos xususiyatlar g‘oyat original aks ettirilgan:
Quyosh mag‘lubiyatni tan olmagan hech,
Uch kunlik qamaldan tuman ko‘rmas naf.
Sekin tark etarkan borliqni ilinj,
Ufqda alp tog‘lar torta boshlar saf.
Qo‘rquvdan daraxtni bosgan sovuq ter,
Baldoqqa o‘xshaydi butoqda tomchi.
Ko‘klam manzarasining mahorat bilan tasvirlanishi o‘z holicha go‘zallik yaratadi va o‘qirman ko‘ngliga zavq bag‘ishlaydi. Lekin shoir bu bilan kifoyalanmaydi, balki undan qo‘shimcha poetik ma’no chiqarishga urinadi va «Muhabbatga o‘xshar bahor degan so‘z» misrasi orqali bunga erishadi ham.
Xurshid Nurilla faqat tabiat ko‘rinishlari tasvirida emas, balki ijtimoiy munosabatlar ifodasida ham o‘ziga xos yo‘ldan boradi. Jumladan, «Xijolatpazlik» deb nomlangan she’rda vatan haqidagi o‘ylarini biror ijodkorga o‘xshamagan yo‘sinda ifoda etadi:
Vatan haqida she’r yozgim kelsa,
Avval,
Xayolim ko‘kida quyoshdek porlar
…Bir kun ko‘rmasa, meni sog‘inadigan onam,
Yangam chizgan chiziqdan chiqmagan akam,
Boylik so‘qir qilgan ukam,
Va kundan kunga onamga o‘xshab borayotgan singlim.
So‘ng o‘zimni o‘ylab xijolat chekaman.
Kundan bir soniyani onamga bag‘ishlamaganimdan,
Farzandimni oliy ma’lumotli qilolmaganimdan,
Davolatmaganimdan ukam ko‘zini.
Javob berishga tayyor emasligimdan
Vatan uchun nima qilding degan so‘roqqa.
Vatanni ulug‘lashga doir birorta ko‘tarinki so‘z aytmay, bironta chaqiriq qilmay, g‘oyat maishiy-ro‘zg‘oriy tasvirlar orqali ota yurt oldidagi mangu qarzdorlikni bir qadar prozaizm aralash yo‘l bilan ifodalash she’riyat tajribasida ko‘p uchramaydigan hodisa.
Salomat Dadayevaning «Saodat» nomli kitobidagi she’rlar orasidagi:
Ufqning yurakday chegarasi yo‘q,
Anglab ololmaysan uni daf’atan.
So‘lim tabiatning har zarrasida,
O‘zligin eslatib turadi Vatan
singari o‘ziga xos satrlar e’tiborni tortadi. Shoira chaqirig‘u undovlarsiz ham vatan to‘g‘risida juda ko‘rimli ko‘rkam so‘z bitgan. Salomatning: «Havoda uchadi nafis mezonlar, Armonday ilashib qoshu kiprikka. Quyoshning yuzini to‘sadi bulut, Sog‘inchlar o‘xshaydi uzun ko‘prikka» tarzidagi misralari ham ta’sirchanligi bilan diqqatga loyiqdir.
O‘z ijodiy kredosini «Men tanlagan yo‘lim – buyuk g‘am» deb belgilagan shoira Aliyaning «Maktub» nomli kitobi ko‘ngil puchmoqlaridagi eng nafis, eng yashirin tuyg‘ular ifodasi bo‘lgan she’rlarni o‘z ichiga olgan. Shoira Alloh uning tiliga «quyosh bag‘rida olovlarni yoqishga qodir» so‘z berganidan iftixor tuyadi va ana shu so‘z bilan bitilgan maktubni yor bugunoq o‘qishini istaydi:
Guldan to‘kib subhiy g‘uborni
Gul umrim shu soatlarida
Yuragimni sizga yubordim
Kapalakning qanotlarida…
Bugun o‘qing…
Bu iltijo – bejizga emas: xat kapalak qanotiga yozilgan. Kapalak esa bir kungina yashaydi. Demak, uning qanotidagi maktub umri juda qisqa. Sevgida paysalga solib bo‘lmaydi.
Aliya she’riy eksperimentlarga qiziqadi. Nimani yozish emas, qanday yozishni ham ko‘p o‘ylaydi. Uning «Sensiz kunlar» deb atalgan yigirma olti qatorlik she’rining yarmidan ko‘pi faqat atov gaplardan iborat. Telegramma usulida bitilgan bu she’rda odatdagi musiqiylik yo‘q. O‘qirman har so‘zda bir to‘xtalishga majbur. Bir to‘xtalish bir o‘ylanish demakdir. O‘ylanish esa mohiyatni anglash yo‘li:
Tong. Uyg‘onish. Nonushta. Ishga.
Kunduz. Uyga. Tushlik va qaytuv.
Oqshom. Uyga. Dasturxon. Kino.
Tun. Ming o‘yga ulangan uyqu.
To‘qinib-to‘qinib o‘qiladigan bu she’r sevgisiz kunlarning g‘aribligini ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Shunga o‘xshash iqror buxorolik yosh shoira Madina Baxshilloyevaning «Ishq nuri» kitobidagi «Sening yuragingda…» she’rida ham uchraydi:
Sening yuragingda yashash baxt axir,
Ko‘nglingga yashirgan eng xush mavoman.
Ey, ishqning sarvari, bil, mening uchun
Sen Odam Atosan, Odam Atosan!
Bu hol qavariq tuyg‘ular o‘xshashligi qavariq ifodalar o‘xshashligini ham keltirib chiqarishi mumkin ekanligini ko‘rsatadi.
Madina – ishq bilan og‘rigan yuraklar kuychisi. U oshiq dardini teran his qilgani uchun dardmanni emlamoq istaydi: «Ko‘ksingda osmonning guli bor, Osmonlar naqadar betakror. Ko‘ksimda ko‘nglingning izi bor, Yuragim baxtiyor. Baxtiyor! Qorlarning hidi bor dardingda, Dardlaring qordanda beg‘ubor. Azizim, xayolim – xayoling, Jimgina o‘ylaydi beozor». Bu misralarda dardkashlik tuyg‘usi ustuvor.
Zilola Yaxshiyevaning «Sevgi sohili» deb nomlangan to‘plamidagi she’rlar, o‘ziga xos samimiy ifoda yo‘sini bilan e’tiborni tortadi. Zilola ishq olovida yonmoqdan ozorlanmaydi, yirik tuyg‘ularni bo‘rtiq ifodalaydi:
Ko‘zday yaqin edik bir-birimizga,
Men yerga egildim, sen ko‘kka yetding.
Kutdim qo‘ng‘irog‘ing daqiqa sayin,
O‘n yetti yoshimday olislab ketding.
Ko‘zimda hovuchlab yurganim sog‘inch,
G‘ururni parchalab holing so‘raman.
Barcha yozganlarim o‘zing haqdadir,
Nahotki, men seni yaxshi ko‘raman?!
Ishq yo‘lining tikanzor ekani, sevgining adoqsiz sinovlari shoirani iztirobga soladi: «Men ko‘nglimga yulduzlar ekdim, Dedim: «She’rga ovunsin jonim». Goho bo‘ldim hajrdan ado, Goh ko‘lmakda qoldi osmonim». Shoira fojia zamirida kulgi ko‘ra biladi.
Ba’zan Zilolaning she’rlarida tog‘larni o‘rnidan qo‘zg‘atguvchi isyon zabti aks etadi. Shoira «Ketaman» she’rida yozadi: «G‘amlarning bag‘ridan yulqinib, Xudoga ishqdan arz etaman. Istasang, suvdanmi, o‘tdan top, Ko‘nglimni otaman, ketaman. Men suysam, men kuysam, kimga naf? Joningdan sadaqa balo daf. Nomingga bir dunyo she’r atab, Ko‘nglimni otaman, ketaman.
Yosh shoira Zarnigor Tursunovaning «Oshufta gullar» kitobidagi she’rlarda uning yoshidagi odamlarga xos yo‘sinda sevgi iztiroblari kuylangan. She’rlari orasida lirik qahramoni holatini tabiat manzarasiga uyg‘unlashtira bilgan, odam ruhiyati tovlanishlarini ishonarli aks ettirgan o‘rinlar bor. U «Yig‘lolmadim» she’rida yozadi:
Yig‘lolmadim alamimdan hech,
Men uchun ham yig‘ladi osmon.
G‘am ko‘zidan to‘kilgan yoshlar,
Yuragimga yog‘moqda hamon.
«Osmon ko‘rpasi» deb nomlangan kitob muallifi Mukarrama Xushmurodova – o‘n sakkiz yoshda. Uning kitobidagi ayrim she’rlarda ancha zalvorli tuyg‘ular aks etgan. U «Intizor» she’rida yozadi:
Boshim borib osmonga tegdi,
Dunyo senga yetmadi bo‘yim.
Meni telba qilmoqchimisan,
Halovatim o‘ylagan o‘yim.
«Ikkimizdan qolsin alanga» kitobi yozari Nasrulla Ergash – ko‘ngliga safar qilishni, olamu odamlardan ko‘ra, o‘z ruhiyatini tekshirishni yoqtiradigan ijodkor. She’rlarining birida insonlik va shoirlik qismati borasida chiqargan poetik to‘xtam chinakam ijod fojiaga eshligi va chinakam odam mangu sinovlar og‘ushida ekanini mutlaqo o‘zgacha yo‘sinda ifoda qiladi:
Rauf «uf» tortadi,
«voh» deydi E. Voh.
So‘ngra qobirg‘amning ostida
oh chekar bir shoir,
chekar Nasrul Oh…
Asl she’r yo‘qotishlar evaziga topilishini yaxshi anglagan Nasrulla oh chekishga ruhan tayyor. Quyidagi she’rda shoirning yo‘qotishlar evaziga qo‘lga kiritgan topildig‘i ko‘lami aks etadi:
DO‘STIM MENGA QILAR XIYoNAT,
tashlab ketar sodiq sevgilim
yoki xalqim tushunmas meni…
Eng go‘zal she’r yozmog‘im uchun.
Qoidaga muvofiq bultur bosilib chiqqan kitoblarga kirgan she’rlardagi kamchiliklar haqida ham bir necha og‘iz to‘xtalish kerak edi. Lekin har biri necha o‘nlab she’rlarni o‘z ichiga olgan ellik besh she’riy kitobdagi kamchiliklarni tadqiq etish uchun alohida bir kitob yozish kerak bo‘ladi.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 3-son