Bir hol meni ko‘pdan taajjublantirib keladi. Alisher Navoiy haqida gap ketganda katta-kichik navoiyshunos va tilshunoslar, ularga ergashib boshqalar ham “o‘zbek adabiyoti va o‘zbek adabiy tilining asoschisi” degan iborani hech ikkilanmay aytadilar. Ajabki, bu fikrga qarshi yozilgan raddiyaga ham ko‘zim tushmadi.
Bir olim televideniyedagi chiqishida “Keyingi paytlarda “Navoiy o‘zbek adabiy tilining asoschisi emas” degan iddao paydo bo‘lib qoldi” deya, mazkur mulohazaga e’tiroz bildirib, o‘zining fikrini, ya’ni “Navoiy o‘zbek adabiy tilining asoschisi” ekanligini buyuk mutafakkirning tilshunoslikka oid risola (“Muhokamat ul-lug‘atayn”) yozgani va yana ishonchli negizga ega bo‘lmagan odatiy dalillar bilan asoslashga urindi.
Hazrat Navoiy, hech shubhasiz, qomusiy, daho ijodkor. Ijodi mahsulining hajman beqiyosligi va yana barining javohirotlardan iboratligini hech kim inkor etmaydi, etolmaydi. Faqat kamina mumtoz adabiyotimiz sultoniga berilajak ta’rifu qiyosu baholarga “o‘zbek adabiyoti va o‘zbek adabiy tilining asoschisi” degan yorliqni ham tirkash joizmikin, deb o‘ylab qolaman. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “asoschi” so‘zi “Biror narsaga asos solgan, poydevor qurgan shaxs; biror narsani barpo qilgan, ta’sis etgan yoki boshlab bergan kishi, yaratuvchi” degan ma’nolarni anglatishi uqdirilgan. Ajab, o‘zbek (turkiy) adabiyoti va adabiy tili Navoiydan avval ham bor edi-ku…
“Alisher Navoiy o‘zbek adabiy tilining asoschisi” ekanini tasdiqlash uchun ko‘plab umumiy dalillar keltirishadi, holbuki, uning mazkur adabiy tilning asoschisi emasligini isbotlash uchun birgina dalil – ul mo‘tabar zotgacha yashagan yetuk shoirlarimiz ijodi kifoya emasmikin? Uzoq o‘tmishdagi yozma bitiklar (“To‘nyuquq bitigi”, “Kul tigin bitigi”, “Bilga xoqon bitigi” va boshqa) yoki “Rustamxon”, “Alpomish” kabi xalq og‘zaki ijodi namunalarini hisobga olmagan taqdirda ham, Navoiydan bir necha asrlar muqaddam yashab o‘tgan mutafakkirlar – dastlab turkiy so‘zlar lug‘atini tuzgan Mahmud Koshg‘ariy, o‘z davrining yetuk olimlaridan Yusuf xos Hojib, Ahmad Yugnakiy…
Yugnakiyning “Qadimgi o‘zbek adabiy tilidan klassik o‘zbek adabiy tiliga o‘tishda… ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan” “Hibat ul-haqoyiq” asarini tadqiqotchilar o‘sha zamon va keyingi davr ijodkorlari uchun adabiy til namunasi bo‘lganini qayd etadilar.
Alisher Navoiydan roppa-rosa to‘rt yuz yil oldin umrguzaronlik qilgan Ahmad Yassaviyning turkiy olamga mashhur hikmatlari ham ana shu turkiy-o‘zbek adabiy tiliga mansub emasmi? Atoqli yozuvchi, olim Pirimqul Qodirovning bu haqda kuyunib yozishlari bejiz emas: “Ahmad Yassaviy hikmatlari va uning adabiy maktabi sharqda Mo‘g‘uliston chegaralarigacha, shimoli-g‘arbda Volga bo‘ylarigacha, janubda Misrgacha bo‘lgan shunday keng hududlarda ijod qilgan shoirlarni bir adabiy til atrofiga jipslashtirgani va xilma-xil shevalarda so‘zlashgan turkiy xalqlarning hammasi uchun umumiy bir dorilfunun bo‘lib xizmat qilgani ilm-fanda hali o‘ziga yarasha baho olgani yo‘q”. “Buyuk vatanparvar Ahmad Yassaviy X11 asrdayoq ona (eski o‘zbek-turkiy – Q. K.)tilimizning himoyachisi va targ‘ibotchisi bo‘lib maydonga chiqqan”.
To‘g‘ri, Navoiy asarlari tili bilan Yugnakiy, Yassaviylarning tili o‘rtasida sezilarli farq bor, lekin bu tabiiy hol-ku. Boshqa sohalar kabi til ham har turli o‘zgarishlarga uchrab, takomillashib boradi-ku. Qolaversa, har qanday adabiy til jonli so‘zlashuv tili asosida vujudga keladi.
Yana Navoiygacha bo‘lgan mumtoz adabiyotimizning mashhur namoyandalari – Ahmad Yassaviyning izdoshi, tasavvufning yirik vakili Sulaymon Boqirg‘oniy, “o‘zbek tilida nasr bilan yozilgan” “Qisasi Rabg‘o‘ziy” asari muallifi Nosiriddin Rabg‘o‘ziy, “Yusuf va Zulayho” haqidagi Qur’oniy qissani “birinchi bo‘lib o‘zbek tilida nazm bilan bayon etgan” (ta’riflar ijodkorlar haqidagi maqolalardan olindi – Q.K.) Durbek, Nizomiy Ganjaviyning “Xisrav va Shirin” dostonini o‘zbekchaga erkin tarjima qilgan Qutb Xorazmiy, “XIV asr o‘zbek adabiyotida dunyoviy lirika rivojiga katta hissa qo‘shgan… o‘zbek adabiyoti tarixida noma janrini boshlab bergan”, ya’ni Oltin O‘rda xoni Jonibekning yaqin kishisi Muhammad Xo‘jabekning “turkiy tilda bir kitob yozib berish” to‘g‘risidagi iltimosiga binoan “Muhabbatnoma” bitgan yana bir Xorazmiy, turkiy lisonda Navoiydan oldin xamsachilik an’anasini davom ettirishga kirishib, “Mahzan ul-asror” nomli asar yozgan Xaydar Xorazmiy, shuningdek, Xo‘jandiy, Yusuf Amiriy, Gadoiy, Muqimiy, Sayid Ahmad, Yaqiniy, Ahmadiy, Husayniylar-chi?.. Bularni ham qo‘ya turaylik, Navoiyning o‘zi ustoz maqomida ko‘rgan Atoyi, Sakkokiy, Lutfiy va boshqa adibu shoirlarimizning salmoqli, umrboqiy asarlari, devonlari, forsiydan o‘girgan tarjimalari Hazrat ijod qilgan, rosmana shakllangan o‘zbek (turkiy) adabiy tilida (lahja, shevalarda emas!) yaratilgan va o‘zbek mumtoz adabiyotining nodir namunalari sifatida e’tirof etiladi-ku!
Yana bir muhim dalil: Navoiydan qariyb bir asr avval yashab o‘tgan va jahon liriklarining sardori Hofiz Sheroziy bilan qiyoslanadigan Hofiz Xorazmiyning buyuk dahomizdan yuz yillar ilgari ikki zalvorli kitobdan, 18632 baytdan iborat devon tartib berganiga nima deysiz? Filologiya fanlari doktori, o‘zbek mumtoz adabiyotining otashin tadqiqotchi va targ‘ibotchisi, Hofiz Xorazmiy devonini Hindistondan topib kelgan Hamid Sulaymon “qadimiy o‘zbek adabiyoti va adabiy tilining ajoyib, bebaho yodgorligi bo‘lmish”mazkur devon muallifiga komil ishonch va g‘urur bilan“Badiiy mahorat va o‘zbek tilida g‘oyat sodda va ravon g‘azallar yaratishda uni Navoiygacha bo‘lgan o‘zbek adabiyotining benazir ustozi desa arziydi”,deya baho bergan edi.
Bulardan tashqari, Navoyning o‘zi ham “Majolis un-nafois” asarida o‘zidan avval o‘tgan yo yaqin zamondoshi bo‘lgan qirqdan ziyod turkigo‘y shoirlarni tasnif qilib, ularning baytlaridan misollar keltirgan va yuksak ta’riflar bergan. Shuningdek, u “Sohibqiron Amir Temurning izdosh farzandi Shohrux sulton hukmronligi davrida turk tilida ijod qiladigan bir guruh shoirlar paydo bo‘ldilar” deb yozgan-ku?..
Pirimqul Qodirovning o‘zbek adabiy tili tarixi va tadrijini tadqiq etishga bag‘ishlangan “Til va el” kitobidagi “Alisher Navoiy – o‘zbek adabiy tilini mumtozlik darajasiga ko‘targan siymo”degan xulosasi maqbulroq va tarixiy haqiqatga yaqinroq. (Bu baho hazratning obro‘-e’tiboriga, yuksak martaba-mavqeiga zarracha putur yetkazmaydi, deb o‘ylaymiz). Lekin, ajabki, ustoz adib ham o‘sha maqolaning o‘zida: “…Navoiy o‘zbek mumtoz adabiyoti va adabiy tilining asoschisi bo‘lish bilan birga…” degan iborani qo‘llagan. Holbuki, adib shu asarida “Qadimiy dostonlar va tosh bitiklarda ko‘ringan mardona uslub, mohiyat va ma’noni turkiy tildaqisqa, lo‘nda va rostgo‘ylik bilan ifodalash an’anasi yanada yaqqol ko‘zga tashlanadigan “Temur tuzuklari”ning o‘zbek adabiyotida bundan olti asr burun realizmni boshlab bergan avtobiografik asar”ligiga, bundan tashqari, Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy qalamiga mansub, adabiyot nazariyasiga oid “Fununi balog‘a” nomli ilmiy asarining adolatli temuriy hukmdor, buyuk munajjim Mirzo Ulug‘bek davrida (XU asrning birinchi yarmida) turkiy tilda yaratilganiga alohida urg‘u bergan. Barhaqki, agar eski o‘zbek-turkiy tili bo‘lmasa, ushbu tildagi avtobiografik va ilmiy-nazariy manbalar qanday vujudga kelardi?
Filologiya fanlari nomzodi Masharif Safarovning bu haqdagi qarashi yanada keskinroq: “O‘zbek tilida yozilgan asarlar XIV asrdan, ya’ni umumxalq o‘zbek adabiy tili paydo bo‘lganidan keyin vujudga keldi”, deb yozadi u. (“Hurriyat” gazetasi, 2007 yil 19 dekabr soni). Xo‘sh, umumxalq o‘zbek adabiy tiliaynan ana shu asrda qanday paydo bo‘lib qoldi, mazkur to‘xtamga qanday asoslarga ko‘ra kelindi va “asarlar…” deyilganda kimlarning qanday asarlari ko‘zda tutilmoqda?.. Agar shunday bo‘lgan bo‘lsa, yangi til oldingi tildan qaysi jihatlari bilan farqlanardi?..
Ehtimol, “asoschilik…” fikrini dastlab Navoiydan oldingi mumtoz adabiyotimiz bilan chuqurroq tanish bo‘lmagan rusiyzabon olimlar (akademik N.I.Konrad va boshqalar.) sohaning piri komili ijodiga hayratini ifodalash uchun aytsa aytgandir. Balki bu tamoyil tufayli hazrat bobomiz xizmatlarini mumkin qadar mukammal va yanada ijtimoiy qilib ko‘rsatishga urinishdan boshlangandir. Mabodo bunday yondashuvni “turkiy” kalomining “o‘zbek”ga aylanishi bilan bog‘liq desak, Navoiy (hatto Zahiriddin Muhammad Bobur va undan keyingi ijod ahli ham) o‘zlarini “o‘zbek shoiri” deyishmagan va umuman, u davrlarda “o‘zbek adabiyoti” degan atama qo‘llanmagan. “O‘zbek xalqi 1924 yilga qadar sharqiy turk tilida yozilgan yozma obidalarda turk nomi bilan yuritildi, deb yozadi bir umr shu borada tadqiqot olib borgan, chunonchi, “Hibat ul-haqoyiq” asarining fonetik va morfologik xususiyatlari” mavzusida nomzodlik, “XII – XIII asrlar yozma yodgorliklarining fonetik xususiyatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan olim Qozoqboy Mahmudov “Qadimgi Turkiston” kitobida.
Boringki, istilohida harfiy-zohiriy o‘zgarish yuz bergan taqdirda ham, mavjud tilning mohiyati, tuzilishi o‘zgarib, boshqatdan asos solinadigan tilga aylanib qolmaydi-ku. Bir mulohaza: mumtoz adabiyotimiz, klassik shoir-adiblarimiz haqidagi maqolalarda ko‘pincha “turkiy” va “o‘zbek” so‘zlari yonma-yon, lekin alohida-alohida ishlatiladi. Masalan, 4 jildli “O‘zbek adabiyoti”ning 1-chi jildida Mavlono Lutfiy haqida “…o‘z zamonining turkigo‘y… dongdor shoiri…” ta’rifidan so‘ng “O‘zbek tilidagi she’rlari…” deya davom etiladiki, bu, shubhasiz, o‘quvchini chalg‘itadi, ikkilantiradi. Yana, masalan, yuqoridagi kitobda Yusuf Amiriy, Sayid Ahmad va boshqalarning ham “asarlarini o‘zbek tilida yozgan”ligiga, Otoyining esa, “…o‘zbek adabiyotining yuksalishiga katta hissa qo‘shgan”ligiga urg‘u beriladi. Demak, o‘zbek adabiyoti Navoiydan avval ham bor ekan-ku! Bizningcha, ana shunday har xilliklarga, chalg‘itishlarga barham berish uchun millatimiz, milliy adabiyotimiz o‘tmishi xususida so‘z borganda “turkiy-o‘zbek” yoxud “o‘zbek (turkiy)” shaklini qo‘llash ma’qulmikin?
Navoiy ”Muhokamat ul-lug‘atayn”da turk tilini arab tilidan tashqari yer yuzidagi yana uch “asl va mo‘tabar”,qadimiy va asosiy tillar(turk, forsiy va hindiy)dan biri sifatida zikr etib, turkiy tilda ijod qilishga jazm etishi sababini shunday izohlaydi: “Ammo shuur yoshig‘a qadam qo‘yilg‘anda Haq subhona va taolo ta’bimg‘a g‘aroyibotlar sari maylni zotiy, diqqat va zahmatkashlikka jasoratni tug‘ma qilgani uchun mushohada va mulohaza meni turkiy tilga yo‘lladi: shunday zeb-ziynatli bir olam ko‘z oldimda namoyon bo‘ldiki, o‘n sakkiz ming olamdan ortiq, va ta’bimga shunday fazlu yuksaklik osmon tabaqasi ochildiki, to‘qqiz falakdan ham baland, bir xazina uchradiki, durlari yulduz gavharlaridan ham yorug‘roq, bir gulshan yo‘liqdi: gullari osmon sayyoralaridan porloqroq, maskani atrof-tevaragi el oyog‘i yetmakdin forig‘ va g‘aroyib narsalari begona qo‘llar daxlidan omonda”.
Agar ushbu til o‘zidan avval mavjud va shoyoni e’tiborga sazovor bo‘lmaganida Navoiy uning fazilatlarini shunchalar hayratu hayajon, on qadar ehtiros bilan o‘n sakkiz ming olamga qiyos etarmidi?
Men navoiyshunoslikka zinhor da’vogar emasman, bunga haddim ham sig‘mas, faqat hayronmanki, nega endi o‘z madaniyatimiz tarixini, ma’naviy-ma’rifiy kamolimiz ibtidosi va bosqichlarini belgilashda juda muhim bo‘lgan omilni ko‘rib-ko‘rmaganga, bilib-bilmaganga olamiz, unga bepisandlik bilan qaraymiz? Navoiyni ulug‘lash uchunmi? Axir, hazratning boshqa buyuk fazilatlari, favqulodda va betakror iste’dodining o‘zi uni har qancha e’zozlash uchun yetib ortadi-ku?! Yo “asoschisi” degan so‘zning lug‘atlarda sharh etilmay qolgan, bizga noayon o‘zga ma’nolari ham bormi? Qolaversa, butun boshli bir xalq tilining yuzaga kelishini bir shaxs nomi bilan bog‘lash nechog‘li mantiqiy?..
Mazkur dalillardan shunday xulosaga kelish mumkinki, u mahallarda “turkiy”deb yuritilgan eski o‘zbek tili ham, o‘zbek adabiy tili ham, o‘zbek adabiyoti ham Alisher Navoiydan bir necha asr avvaldan bor edi va yuzlab ijodkorlarning necha asrlardan buyon zavol bilmay, qalblarga nur va shuur bag‘ishlab kelayotgan durdona asarlari o‘sha tilda, o‘sha adabiyot namunalari sifatida yaratilgan.“O‘zbek klassik adabiyoti,–deb yozgan edi akademik Vohid Zohidov,–o‘z boshlang‘ichini juda ham uzoqdan, undan ham oldin – folklordan oladi. Uning deyarli yigirma asrlik tarixi… juda murakkab hamda boy” (“O‘zbek adabiyoti”, 1-tom, so‘zboshi, 1959).
Hech shubha yo‘qki, Navoiy o‘z salaflari an’analarini davom ettirgan holda, forsiy, arabiy va boshqa so‘zlar hisobiga o‘zbek (turkiy) adabiy tilini takomillashtirgan, ayni vaqtda murakkablashtirgan va uning zahirasini, shu bilan birga, mumtoz adabiyotimizni o‘zining hajman ulkan, badiiy jihatdan beqiyos barkamol asarlari bilan boyitib, yuksak pog‘onalarga ko‘targan. Bu jihatdan alloma shoirning milliy adabiyotimiz, millatimiz oldidagi xizmatlari bemisl va har qancha tahsin aytmoqqa, bayroq maqomida ulug‘lamoqqa chandon munosibdir.
Qamchibek Kenja,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 37-son

