“Kitobi dada Qo‘rqut” (“Qo‘rqut ota kitobi”) – o‘rta asrlar turkiy xalqlar eposining yuksak namunalaridan biri. Uning tarkibiga kirgan hikoya va dostonlarning ayrimlari VII-VIII acrlarda og‘zaki ravishda yaratila boshlagan. Asosiy dostonlari IX-X asrlarda o‘g‘uzlar Sirdaryoning quyi oqimlari va Orol dengizi atroflarida yashagan davrlarda yuzaga kelgan.
O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘g‘uz qabilalarining saljuqiylar rahnamoligida G‘arbga siljishi natijasida ilgari yaratilgan dostonlar va rivoyatlarga yangilari qo‘shilib, Kavkaz va Kichik Osiyoda Ko‘rqut va Qozonbek haqida butun bir dostonlar turkumi vujudga keldi. Og‘zaki ravishda yaratilgan va kuylanib kelingan bu asarlar o‘zonlardan (baxshilar) yozib olinib, XV acr o‘rtalarida “Qo‘rqut ota kitobi”ga tartib berilgan. Og‘zaki kuylanib kelingan dostonlar “Qo‘rqut ota kitobi”ga kiritilganda, ularga muayyan adabiy ishlov berilgan.
“Qo‘rqut ota kitobi” kirish qism va 12 ta bo‘ydan (doston) iborat. Kirish qismida Ko‘rqut ota haqida ma’lumotlar berish bilan birga uning nomidan bir qancha otalar so‘zi (xalq maqollari) keltirilgan.
“Qo‘rqut ota kitobi”ning bizgacha ikki qo‘lyozmasi yetib kelgan. Ular Drezden va Vatikan kutubxonalarida saqlanadi. Bu qo‘lyozmalarni olimlar XIX asrdan boshlab o‘rganib keladilar. Uni rus tiliga dastlab V.Bartold tarjima qildi va 1894-1904 yillarda 1-3 va 5-dostonlarini asl nusxa bilan birgalikda nashr etdi. Turkiyada dastlab Kilisli Muallif Rifat 1916 yilda to‘la ravishda nashr etdi. Undan keyin O‘rxon Shoyiq Ko‘kyoy, Muharram Ergin nashrlari yuzaga keldi. Ozarboyjonda ham 1939 yildan beri muntazam ravishda nashr etilib, o‘rganilib keladi. O‘zbekistonda esa 1939 yilda Hodi Zarif kitob tarkibidagi uchinchi doston “Bamsi Bayrak”ni “O‘zbek folklori” majmuasida nashr etgan.
Qo‘rqut ota ismi bilan ham mashhur bo‘lgan siymo o‘z vaqtida odamlarga yaxshilik qilish, mushkullarini osonlashtirishda ko‘makdosh bo‘lgan. Hazrat Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida bu zot haqida shunday deydi: “Qo‘rqut ota r.a. turk ulusi orasida shuhrati andin ortig‘roqdurki, shuhratqa ehtiyoji bo‘lg‘ay. Mashhur mundoqdurki, necha o‘zidin burunqini, necha yil o‘zidin so‘nggi kelurni debdurlar. Ko‘p mav’izaomiz mag‘izliq so‘zlari aroda bor”.
“Qo‘rqut otada xalqning quvonchli va tashvishli kunlarida ko‘rinadigan, ularga maslahat va madad beradigan obrazdir. Shunday xususiyati bilan u bizga turkiy xalqlarning ilohiy maslahatchisi qiyofasidagi ulug‘ timsolni eslatadi. O‘rni kelganda ta’kidlash kerakki, oltoy turkiylari osmon xudosini “Qo‘r bo‘ston” deb atashgan. Bizningcha, Qo‘rqut – yaxshilik, baraka, baxt ulashuvchi, degan mazmunni ifodalaydi. Asar XV asrda yozib olingan. Bu uning hujjatlashtirilgan davridir. Aslida “Qo‘rqut ota kitobi” Islom dini turkiy xalqlar hayotiga singishib ketmasdan ancha asrlar avval yaratilgan. Dostonning boshlanmasida Qo‘rqut ota o‘g‘uzlar orasidagi eng birinchi odam deb ko‘rsatilgan. Demak, Qo‘rqut ota o‘g‘uzlar uchun tarixning boshlanishi, o‘g‘uz urug‘lari undan taralganlar. Asardagi bunday dalil Qo‘rqut ota haqidagi syujetlar miloddan avvalgi asrlarda tug‘ila boshlanganligini ko‘rsatadi. Qo‘rqut ota hamma narsani biluvchi, kelajakdan xabarlar beruvchi ulug‘ siymo sifatida tasvirlanadi. Uning bunday xususiyati miloddan avvalgi III minginchi yillarda yashagan Bilgamish xoqon haqidagi adabiy syujetlarni yodga soladi” deb yozadi olim Abdurashid Abdurahmonov.
Adabiyotshunoslikda “Qo‘rqut ota kitobi” ozarboyjon xalq og‘zaki ijodiga nisbat berilgan. Bu asar ozarboyjonlar o‘rtasida VII-VIII asrlarda, hali ozarboyjon tilida yozma adabiyot unchalik taraqqiy etmagan bir sharoitda “Kitobi dada Qo‘rqut” nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Ozarboyjonning eng qadimiy yozma yodgorligida qahramonlik, donishmandlik, vatanparvarlik tarannum etilgan, o‘g‘uz turklarining qadriyat va an’analari aks etgan.
O‘tgan asr 50-yillari sobiq Ittifoq davrida “Qo‘rqut ota kitobi” millatlararo ixtilof qo‘zg‘aydigan asar deya taqiqlandi. 60-yillarga kelibgina asar “oqlandi”.
Ozarboyjon milliy yetakchisi Haydar Aliyev farmoni bilan Dada Qo‘rqut yodgorligi yaratildi. Ilhom Aliyev uning ozarboyjon xalqining milliy boyligi deb atagan va u har bir ozarboyjonlik uchun qadrli ekanini ta’kidlagan.
Haqiqatan ham, kitobda katta hayot tajribasiga ega ulug‘ yoshli insonning dunyo haqidagi xulosaviy fikrlari o‘rin olgan. “Olloh, Olloh demaguncha ish unmaydi, qodir Tangri bermaguncha yer boyimaydi”, deyiladi unda. “Takabburlikni Tangri sevmaydi. Pag‘a-pag‘a qor yog‘sa ham yozga qolmaydi. Qari dushman do‘st bo‘lmaydi” kabi dono fikrlar bayon qilinadi.
“Qo‘rqut ota kitobi” butun turkiy xalqlarning qadimiy asarlaridandir. Shu sabab unda o‘g‘uz qabilasiga mansub bo‘lmagan turkiylarning ham orzu- umidlari, qahramonlik fazilatlari singib ketgan. Ma’rifatparvar Abdurauf Fitrat bu eposda boshqa qahramonlik dostonlari bilan uyg‘un jihatlar borligini ta’kidlagan: “Alpomish” dostonining oxirgi qismi (ya’ni, Alpomishning qalmoq zindonidan qutulib eliga qaytishi) ham “Kitobi dada Qo‘rqut”dagi uchinchi hikoya – “Boy Bo‘ri o‘g‘li Berek” hikoyasiga juda o‘xshashdir”. Professor To‘ra Mirzayev esa “Yozma manbalar orqali bizgacha yetib kelgan “Kitobi dada Qo‘rqut”ning uchinchi bo‘yi (dostoni) “Bamsi Bayrak” syujet voqealari jihatidan “Alpomish” dostoniga yaqin turadi. Bu syujetdagi bir dostonning bir necha xalqlarda mavjudligi ularning milliy o‘ziga xosligini inkor etmaydi. Chunki bu dostonlarning qadimiy tarixiy-hayotiy asoslari bir bo‘lsa-da, ularning har biri keyingi taraqqiyotda o‘zlari mansub bo‘lgan xalqning epik an’analari doirasida rivojlandi, og‘zaki ijro va ijod sharoitlarida yashashda davom etdi” deb yozadi.
“Qo‘rqut ota kitobi” dunyo miqyosida keng o‘rganilib kelinayotgan, o‘g‘uz va boshqa turkiy xalqlar tarixi, folklori, etnografiyasini o‘rganishda katta ahamiyatga ega asarlardan biridir. Asar Moskva, Berlin, Xelsinki, London, Syurix, Texas, Tehron, Tabriz, Ashxobod, Anqara, Istanbulda chop etilgan.