Pirimqul Qodirov. Ma’naviyat, modernizm va absurd

Gapni insonga xos ma’naviy izlanishlardan boshlaylik. Geologlar tog‘u cho‘llarni kezib qadri past, arzimas narsalarni emas, qadri baland, qimmatbaho narsalarni izlashadi. Shunga o‘xshab, insondagi ma’naviy izlanishlar ham unga aziz tuyuladigan, ruhiy ehtiyojlarini qondiradigan ne’matlarga qaratiladi.
Butun tabiat quyosh nuri bilan tirik. Ammo inson quyosh nuridan bahramand bo‘lish bilan cheklanolmaydi. Inson ruhi yaxshi odamlarning so‘zidan, siymosidan, ijodidan taraladigan ma’naviy ziyoga ham katta ehtiyoj sezadi. Chunki ham tabiiy nur, ham ma’naviy ziyo bilan yo‘g‘rilgan inson hayotigina barkamol bo‘ladi.
Ma’naviyat — cheksiz bir ummon. Shu ummonning bir qatrasi shaxsan menga nasib qilgan bo‘lishi mumkin. Qatrada quyosh qanday aks etganini men o‘z hayotiy va ijodiy tajribam misolida qisqacha aytib o‘tmoqchiman.
Talabalik yillarimda men uchun eng aziz tuyulgan muddaolar — ilmu ma’rifatni egallash, odamlarga nafi tegadigan bir mutaxassis bo‘lib yetishish va mehru oqibatga asoslangan oila qurish edi. Shukurki, bu ma’naviy qadriyatlarga ozmi-ko‘pmi erishish va shu haqda “Uch ildiz”ni yozish nasib etdi.
Navbatdagi ma’naviy izlanishlar Moskvada aspiranturada o‘qigan va markaziy yozuvchilar uyushmasida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan yillarimda boshqacha shakllarda davom etdi.
Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmaysan, deganlari rost ekan. Vatandan yiroqda uni sog‘inib yashaganda boshqa joyda topilmaydigan yuz xil ne’matlarimizning qadri o‘tarkan. Moskvada menga quyoshli kunlar, oppoq o‘rik gullari, shirin milliy kuylarimiz, ona tilimizning go‘zalliklari yetishmas edi. O‘zga ellarda vatanni sog‘inib yashaydigan odamga barcha eldoshlar bir butun millat bo‘lib ko‘rinadi. Vatanda yurganingizda “farg‘onaliklar unday, toshkentliklar bunday, xorazmliklar boshqacha” degan gaplarni eshitamiz. Ammo vatandan yiroqda mahalliy farqlarning ahamiyati qolmaydi. Men, masalan, Moskvada do‘ppi kiygan odamni ko‘rsam ko‘nglim yorishib ketardi. Atlas kiygan ayollar Moskva ko‘chalarida quyoshdan tushgan parilarga o‘xshab ko‘rinardi.
Men bilan o‘n yil bir binoda mehnat qilgan rus, ukrain, gruzin, armani, latish, eston, qozoq, tojik millatiga mansub hamkasblarim har biri o‘z xalqi va adabiyoti uchun jon kuydirib ishlar edi. Ularda milliy g‘urur va madaniy saviya balandligini sezganim sari o‘zim ham shulardan qolishmaslikka intilardim.
Mana shu his-tuyg‘ular yillar davomida o‘sib, kuchayib, odamning vatanparvarlik va millatparvarlik e’tiqodini shakllantirar ekan. Bu e’tiqod inson ruhini tor xudbinlik qobig‘idan el-yurt kengliklariga olib chiqadi. Bu kengliklarga o‘rgangan odam ruhan faqat o‘z uyida emas, balki shu uy joylashgan katta vatanda yashayotganini yurakdan his qiladi. Faqat o‘z shaxsiy miqyosida emas, vatan, xalq miqyoslarida ham fikr yuritishga odatlanadi, ana shu miqyoslarga mos keladigan katta maqsadlarga intilib yashaydi.
Ulug‘ g‘ayrat ulug‘ maqsadlar yo‘lida tug‘iladi, deganlari bejiz emas. Abdulla Qodiriy va Abdulhamid Cho‘lpon vatan ozodligi va mustaqilligini o‘z oldilariga ulug‘ maqsad qilib qo‘ygan edilar. Ana shu maqsadga yarasha ulkan ijodiy g‘ayrat va jasorat “O‘tkan kunlar”, “Kecha va kunduz” kabi o‘lmas asarlarni yuzaga keltirdi. Bu asarlarda millatimizning hayotiga oid teran insoniy mazmun va badiiy ma’nolar kashf etildi. Haqiqat va ozodlik kabi oliy maqsadlarga yo‘naltirilgan bu romanlar oliy ma’naviy qadriyatlarga aylandi. Abdulla Qodiriy boshlab bergan o‘zbek milliy romanchilik maktabi Oybek, Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov, O‘lmas Umarbekov, Tog‘ay Murod va boshqa yozuvchilarimizning ijodlarida davom etib, yangi bir taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Cho‘lpon ijodi uzoq vaqt ta’qiq ostida qolgan bo‘lsa ham, uning milliy dard va vatan tuyg‘usi bilan sug‘orilgan olovli she’riyati adabiyot maydonida paydo bo‘lgan yangi she’riy iste’dodlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. O‘zbek adabiyoti mustabid tuzumning ta’qibu tazyiqlariga qaramay yigirmanchi asrda A.Qodiriy, A.Cho‘lpon, A.Fitratlardan boshlangan va Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Zulfiya, Said Ahmad, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov va ulardan keyingi avlodlargacha davom etgan ulkan bir yangilanish va yuksalish jarayonlarini boshdan kechirdi. Afsuski, bu jarayonlar hali adabiyotshunoslarimiz tomonidan yetarlicha tahlil va talqin etilgan emas, munosib bahosini ham olgani yo‘q.
Qisman shuning uchundir, istiqloldan oldin yaratilgan asarlarni “davri o‘tgan” deb hisoblaydigan, ularni nuqul “an’anaviy” degan yuzaki so‘z bilan baholaydigan, faqat modern asarlarni yangilik sifatida tan oladigan adabiyotchilar paydo bo‘ldi.
Masalan, Z.Pardayevaning bultur “Yoshlik” jurnalida chop etilgan maqolasida O‘tkir Hoshimov va Tog‘ay Murodlarning istiqlol davrida chop etilgan yangi romanlarini ham “an’anaviy” degan siyqa so‘z bilan baholanadi. Ayni vaqtda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida taniqli adabiyotshunoslar tomonidan bir qator jiddiy kamchiliklari ko‘rsatib o‘tilgan “Kapalaklar o‘yini” romani modern uslubda yozilgani uchun “Adabiyotning yangi romani” deb baholanadi, ushbu baho hatto maqolaning sarlavhasiga chiqariladi.
To‘g‘ri, maqola jurnal tomonidan munozara tarzida e’lon qilingan. Shuni hisobga olib modernizm haqidagi bahslarga to‘xtalib o‘tish joiz ko‘rinadi.
“Kapalaklar o‘yini” yosh yozuvchi To‘xtamurod Rustamning birinchi yirik asari ekanini hisobga olib, professor S.Sodiq uni suyab va ayab tahlil qiladi. Romanda hali ongi shakllanmagan yoshlarni yo‘ldan ozdiradigan va hayotdan bezdiradigan illatlar fosh etilganini, muallifning iste’dodida hajviy yo‘nalish kuchli ekanini domla to‘g‘ri ko‘rsatadi. Biroq muallif goh Jeyms Joysning ong oqimiga, goh M.Prustning ekspressiv uslubiga amal qiladi, ammo ularga xos yuksak mahoratni egallay olmagani uchun taqliddan yuqoriga ko‘tarila olmaydi.
Gyote “Uslub — bu odam” degan edi. J.Joysning modernistik uslubi ham uning tarjimai holi va murakkab taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan. 1882 yilda Irlandiyada tug‘ilgan Joys o‘z vatanining Angliya mustamlakasiga aylanganidan, ona tilini unutib, ingliz tilida asar yozishga majbur bo‘lganidan o‘ksinadi. U vatanida yurganida o‘zini ikkinchi darajali odamdek his qiladi, “kompleks nepolnotsennosti” deb ataladigan qadrsizlik tuyg‘usi uchun o‘z tug‘ilgan yurtini va uning xalqini aybdor deb biladi. “O‘sh san’atkorning portreti” deb atalgan birinchi romanida Jeyms Joys o‘z prototipi asosida yaratilgan Stivenning tilidan vatani Irlandiya haqida shunday deydi:
— Bilasanmi, Irlandiya nima? Irlandiya bu o‘z bolalarini o‘zi yeydigan keksa cho‘chqa! (“Yosh san’atkorning portreti”, 289-b.)
O‘z vatanini shunday haqoratomuz so‘zlar bilan ta’riflagan J.Joys 22 yoshida Irlandiyani butunlay tark etadi, Parijda va Syurixda yashay boshlaydi. Vatandan yiroqda yurganida ham Irlandiyani “shol bo‘lgan mamlakat” deb ataydi, Irlandiya poytaxti Dublinni “paralich markazi” deb masxara qiladi (o‘sha kitob, 9-bet).
Joysning muxlislaridan bo‘lgan Amerika yozuvchisi J.Ferrol yozadi: “Jeyms Joys dinidan, xalqidan, vatanidan voz kechadi, unga faqat so‘z san’ati muqaddas tuyuladi, shu sababli butunicha san’at-san’at uchun degan g‘oyaga beriladi” (o‘sha kitob, XXII bet). J.Joys chindan ham ingliz tilining ulkan so‘z san’atkori bo‘lib yetishadi, uning so‘z san’ati sohasida qilgan badiiy kashfiyotlaridan E.Xeminguey kabi mashhur yozuvchilar ham bahramand bo‘lganlarini tan oladilar.
Biroq vatandan, xalqdan, dindan yuz o‘girish Joysni ma’naviy tushkunlikka va yolg‘izlik azobiga mahkum etadi. O‘z xalqini qadrlamagan, o‘z vatanini inkor etgan, dahriylikka berilgan odam butun tarixni, butun dunyoni va odamzotni ham qoralashga tushib ketishi mumkin ekan. “Uliss” romanida Joysning proobrazi bo‘lgan va aynan uning fikrlarini aytadigan Stiven shunday deydi: “Tarix bu — dahshatli tush, men undan uyg‘onib qutulishni istayman. Tarix — bu dunyoning kriminal xronikasi (jinoyatlar solnomasidir), chunki butun odamzod jinoyatchilar to‘dasidir. Biz dunyo deb ataydigan bu sassiq go‘ng uyumida hamma narsa omonat…” (“J.Joys “Uliss”, Internatsionalnaya literatura” jurnali. 1935 y. 2-son, 46-bet.)
Butun odamzodni jinoyatchilar to‘dasi deb ayblash va dunyoni sassiq go‘ng uyumi deb haqorat qilish — insoniy odob-axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzish edi. Buning oqibatida J.Joys atrofida juda katta janjal ko‘tariladi. ”Uliss” romani Angliya, Frantsiya va AQShda ta’qiqlanadi. Mashhur fantast yozuvchi Gerbert Uells Joysga yozgan maktubida shunday deydi: “Siz oddiy odamlardan yuz o‘girdingiz va o‘zingizni juda katta olyapsiz. Menimcha, bu boshi berk ko‘chadir”. R.Ollington degan adib “Uliss”ni “Odamzodga qarshi aytilgan yalmog‘izlarcha tuhmatdir” deb ataydi. Amerika adibi Edvard Dalberg “Uliss” romanining voqealari bir kecha-kunduzda bo‘lib o‘tishini nazarda tutib shunday deydi: “Uliss” — bu axlatxonalar bo‘ylab bir kecha-kunduz davom etgan sayohatdir.” (D.M.Urnov “Djeyms Joys i sovremennыy modernizm” M. 1964 y. 5-bet.)
Bu endi J.Joysning butun dunyoni masxaralaganiga qarshi javob masxara edi. Bizningcha, har ikki tomonning ham masxaralari yozuvchilik odobiga xilofdir.
Shunga qaramay, J.Joysning achchiq kinoya va masxaralarini yuksak san’at va jasorat namunasi deb hisoblaydigan, bu borada undan ibrat olishga intiladigan odamlar, ayniqsa, yosh yozuvchilar hozir ham uchraydi.
Yuqorida eslab o‘tilgan “Kapalaklar o‘yini” romanida Joysni eslatadigan kinoya va masxaralar eng avvalo oddiy odamlarga takabburona munosabatda ko‘zga tashlanadi. Hech kimga zarari tegmaydigan, eshak minib ro‘zg‘or tebratadigan kamtar bir inson Eshim butun roman davomida “Eshim — eshak” deb kamsitiladi. Romanda oliftachilik bilan ichib-chakib yuradigan, biron foydali ish qilmaydigan bekorxo‘ja-takasaltanglar “Eshim deganimiz bu — eshak demakdir” degan balandparvoz she’r ham to‘qishadi. Muallif bu bilan ham qanoatlanmay, Eshim nomidan quyidagicha umumlashma qiladi: “Eshak ham xuddi odamga o‘xshaydi, faqat eshak odamdan esliroq bo‘ladi.”
Inson zotini eshakdan ham past qo‘yib, bu qadar ayovsiz yerga urish modernizm ta’siriga berilib insonparvarlikdan yuz o‘girishga o‘xshaydi. Bir vaqtlar Gerbert Uellsning Joysga qarata “Siz oddiy odamlardan yuz o‘girdingiz” degan tanqidini “Kapalaklar o‘yini” muallifiga ham aytishga to‘g‘ri keladi.
Joysning olamdan o‘tganiga oltmish yildan oshdi. Shundan beri jahonda va adabiyotda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Nufuzli doiralarda “Evropa vijdoni” deb tan olingan Alber Kamyu G‘arb adabiyotining gumanizm yo‘liga yana qaytib kelishiga va ma’naviyatning astoydil qadrlanishiga katta hissa qo‘shdi. Yangi tarixiy sharoitda postmodernizm tarafdorlari ham gumanizm va ma’naviyat tomonga burilish yasadilar. Shunga qaramay “Kapalaklar o‘yinida” hamon o‘sha Joysning nigilizmiga, o‘rinsiz kinoya va masxaralariga taqlid qilish hollari ko‘p uchraydi. Muallif Toshkent vaqtini “Baqahovuz vaqti” deb o‘zgartiradi. Hatto kinoya tarzida “Baqahovuz haqiqati” degan gazeta borligi ham takror-takror qayd etiladi…
Joys o‘zini nihoyatda yolg‘iz his qiladi, o‘z san’atini hamma narsadan baland qo‘yadi. “Ulug‘lik” cho‘qqisida turib o‘z xalqi va butun odamzod sha’niga yuqorida keltirilgan nomunosib aybnomalarni aytadi. Modernizmda Joysning an’anasiga amal qiluvchi ayrim ijodkorlar ham insonlar va hatto millatlarga nisbatan juda balanddan kelib, katta-katta ayblar qo‘yadilar.
Buning bir misolini iste’dodi ko‘pchilik tomonidan tan olingan taniqli shoir Abduvali Qutbiddinning “Sharq yulduzi”da chop etilgan “Izohsiz lug‘at” nomli dostonida ko‘rish mumkin. Bu dostonda o‘tmishdagi mustamlaka zulmi ostida yashagan insonning fojiaviy xatolari quyidagicha izohlanadi:

Vataning bor edi, sotding.
Onang bor edi, otding.
Lazzatga, safoga, ishratga almashding boru budingni
Cho‘chqaga xizmatga kirding,
To‘ng‘izning amrini bajarding
Esizgina odam, qizil va sariq shoqol,
Ko‘z uzmay kuzatib turibdi har bir harakatingni”.
Ko‘zingdan, burningdan bitlar chiqmoqdalar amal-taqal qilib.
Og‘zingdan semirib ketgan qurbaqa zo‘rg‘a tushayotir —
kekirtagingni yorib yuborar.
…Esizgina odam, achinaman, afsuslanaman…
Kechikmadikmikin? Odamni qutqarmoqqa?!. (“Sharq yulduzi” 1990 y. 10-son, 11-bet.)

Mustamlaka zulmi ostida ezilgan, aldangan, yomon xatolar qilgan, boru budidan ayrilgan odamga shoir avval balanddan kelib dahshatli ayblar qo‘yadi, bit va qurbaqalar timsolida uning qiyofasiga jirkanchli tus beradi. So‘ng ayb faqat odamning o‘zida emasligini, tuzum, muhit ham aybdor bo‘lganini tushungani uchun “Esizgina odam!” deb unga chin dildan achinadi. Nihoyat, “kechikmadikmikin Odamni qutqarmoqqa!” degan savol bilan o‘z maqsadini anglatadi. Katta harf bilan yoziladigan Odamni qutqarmoq esa ezgu maqsaddir. Shu tarzda dostonga insonparvarlik ruhi qaytib keladi.
Afsuski, dostonning biz keltirgan ayrim satrlaridan yosh olima Nargiz Mamatqulova “Modern she’riyatda yangicha talqin” degan maqolasida butunlay boshqacha xulosalar chiqaradi. Anglashilmovchilik kelib chiqmasligi uchun N.Mamatqulova ko‘chirma olgan satrlarini bu yerda takroran keltirishga to‘g‘ri keladi:
“Ko‘zingdan, burningdan bitlar chiqmoqdalar amal-taqal qilib, og‘zingdan semirib ketgan qurbaqa zo‘rg‘a tushayotir — kekirtagingni yorib yuborar”.
Bu xunuk va estetikadan yiroq satrlarni N.Mamatqulova modern she’riyatining yangicha talqini sifatida maqtaydi. “Bu satrlarda, — deb yozadi olima, — millatga nisbatan katta ayblov mavjud. Millatning ruhiy tarqoqligi va hasharotlar kabi maydalashuvi, qisqasi, ulkan bir fojia tasvirlanadi” (“Yoshlik” jurnali, 2003 y. 4-son, 29-bet).
Yuqorida biz keltirgan satrlarda gap millat haqida emas, mustamlaka zulmi ostida ezilgan, aldangan, xatolar qilgan odam haqida boradi. Shoir bu odamga achinadi, hamdard bo‘ladi, uni qutqarishni o‘ylaydi.
Modern she’riyat tadqiqotchisi esa bu odamni o‘zgartirib, butun bir millatga aylantirib yuboradi. Alohida odamga taalluqli ayblovlar butun millatga taalluqli bo‘lib chiqadi. Go‘yo bu misralarda millatning tarqoqligi va hasharotlar kabi maydalashuvi, qisqasi, ulkan bir fojea tasvirlangan emish!
Mustamlaka zulmiga qarshi kurashda A.Qodiriy va Cho‘lpondan tortib Madaminbekkacha, Munavvar Qori va Behbudiylardan tortib Fayzulla Xo‘jayevgacha, o‘zbek adabiyotining jallodlariga qarshi isyon qilgan Abdulla Qahhorgacha ming-minglab millatdoshlarimiz ozmuncha qahramonlik ko‘rsatdimi? Endi buning hammasini unutib, sho‘ro davrida yashagan millatdoshlarimizni “hasharotlar kabi maydalashuv”da ayblashga yosh olimaning qanday haddi sig‘di? Shoir qizil va sariq shoqol zulmi ostida ezilgan, bulg‘angan odamga achinib va hamdard bo‘lib yozgan satrlarni butun bir millatga qarshi asossiz ayblovga aylantirish — milliy nigilizmning ashaddiy bir ko‘rinishidir.
Har bir millat tarkibida yaxshi va yomon odamlar bor. Lekin butunicha yomon millat yo‘q. Ayniqsa, o‘z millatiga past nazar bilan qarash va unga adolatsiz ayblovlarni ravo ko‘rish haddan ortiq katta ketish va kamtarlikni unutishdan kelib chiqadi. Jeyms Joys mana shunaqa katta ketish oqibatida o‘z xalqidan voz kechadi, butun odamzodni “jinoyatchilar to‘dasi” deb qoralashgacha borib yetadi, oxir-oqibatda nigilizm va intihosiz tushkunlik ta’sirida ko‘zi ko‘r bo‘ladi va 1941 yilda vafot etadi.
Ana shu davrda ijod qilgan frantsuz adibi A.Kamyu tushkunlik va nigilizm to‘g‘risida quyidagicha fikr bildiradi:
“O‘ta tushkun ahvolga tushib qolganidan shon-sharaf va or-nomusni ham unutib, zamonaviy nigilizm botqog‘iga botib qolganlar bilan kurashar ekanmiz, ular adashayotganini tushunishga harakat qilishimiz kerak. Biroq mening yurtimdagi va Yevropadagi ko‘pchilik nigilizmni rad etgan va tarixni oqilona davom ettirishga kirishib ketgan”. (“Jahon adabiyoti”, 2002 y. 2-son, 169-b.)
A.Kamyu “Shon-sharaf va or-nomusni unutib, zamonaviy nigilizm botqog‘iga botganlar” deganda kimlarni nazarda tutganiga izoh berib o‘tishimiz kerak: Sovuq urush avjiga chiqqan davrda modernizmning gumanimizmga qarshi qaratilgan oqimi paydo bo‘ladi. Bu oqim tarafdorlari “inson tabiatan yomon, uni ayamay fosh etish kerak” deydilar.
Angliyada Golding degan adib “Nayza” nomli romanida antigumanizm g‘oyasini targ‘ib qiladi. Djon Ueyn degan modernist tanqidchi bu romandagi antigumanizmni qo‘llab-quvvatlab yozadi: “Golding inson degan tushunchaning o‘zini inkor etadi. U har yangi romani bilan “gumanizm” deb atalgan narsaga qarshi ayovsiz o‘q otadi.”
Avangard modernistlar o‘z xalqlarining tarixidagi shon-sharaf zarvaraqlarini inkor etadilar. Ular tarixni oy nuri kabi haroratsiz narsa deb kamsitadilar va “Yo‘qolsin oy nuri!” degan shior bilan chiqadilar.
Bir vaqtlar sho‘ro davrining proletkult’chilari “Yo‘qolsin eski adabiyot! Yo‘qolsin Pushkin!” degan shior bilan chiqqan, lekin oradan yillar o‘tib, o‘zlari yo‘qolib ketgan edilar. “Yo‘qolsin oy nuri!” degan modernistlar ham yillar o‘tgandan keyin xuddi proletkultchilarning ahvoliga tushganini italyan yozuvchisi Umberto Eko “Nomi Roza” deb atalgan kitobda quyidagicha bayon qiladi: “Avangard modernizmi tarixni inkor etadi, obrazni yo‘qqa chiqaradi, uni quruq abstraktsiyaga aylantiradi, oxiri oq qog‘ozning o‘zi qoladi, surat chizganda xolstni teshik qilib “Tasvir mana shu” deyishgacha borib yetadi”. Umberto Eko fikrini quyidagicha davom ettiradi: “Avangard modernizm shu tarzda tanazzulga uchrab to‘xtab qoldi, modernizmga xos nigilizm tarixni inkor etdi, ammo o‘tmishni yo‘qotolmadi. Endi modernizm o‘rniga kelgan postmodernizm tarixni qayta idrok etib tasvirlamoqda.” (Umberto Eko “Nomi Roza”, roman, M. 1989 y. 461-bet.) Umberto Eko o‘zining bu fikrini amalda isbot etadi, “Nomi Roza” deb atalgan tarixiy detektiv roman yozadi va uni postmodernizm mahsuli deb ataydi. Bu roman qiziqarli syujet va aniq tarixiy shaxslar tasviriga bag‘ishlangan. Unda A.Kamyu aytganidek, tarixni oqilona davom ettirish tamoyili ko‘zga yaqqol tashlanadi va shu sifatlari bilan Eko romani Joys modernizmidan keskin farq qiladi.
Yaqinda o‘zbek tiliga tarjima qilingan braziliyalik yozuvchi Paulo Koeloning “Alkimyogar” romani ham postmodernizmning an’anaviy modernizmdan farqi katta ekanini ko‘rsatib turibdi. Joys romanlaridagi dindan qaytish, vatandan voz kechish, nigilizm va tushkunlikka berilish “Alkimyogar” romanida mutlaqo yo‘q. Aksincha, bu romanda zamon va makon aniq ko‘rsatiladi, syujet yorqin insoniy taqdirlar asosiga quriladi, imonu e’tiqodli, taqdirga ishonadigan, ma’naviy hayot kechiradigan odamlar bosh qahramon qilib olinadi. Bu hammasi mumtoz realizmga xos eng yaxshi ijodiy tamoyillarni esga soladi.
Postmodernizm nazariyachisi Jon Bart XIX va XX asrdagi mumtoz realistik adiblar tajribasi bugungi postmodernizm yozuvchilari tomonidan hisobga olinayotganini maxsus ko‘rsatib o‘tadi.
Xullas, modernizmning avangard kabi turlari realizmga qarshi borib yengildi va tanazzulga uchradi. Buni amalda ko‘rgan postmodernistlar mumtoz realizmga qarshi turishdan voz kechdilar. Taraqqiyot spiral shaklida aylanma yo‘ldan borishi ma’lum. Postmodernistlar shu spiral bo‘ylab mumtoz realizm yo‘liga qaytayotganday ko‘rinadi. Faqat bu — orqaga qaytish emas, balki spiral bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilish bo‘lishi mumkin.
Mana shu kelajakni A.Kamyu o‘tgan asr o‘rtalarida oldindan ko‘ra bilgani uchun ijodkorlarni tushkunlikka tushmaslikka, zamonaviy nigilizmga berilmaslikka da’vat etgan edi. Kamyuning Nobel mukofotini olishi munosabati bilan so‘zlagan nutqi o‘zbek tiliga tarjima bo‘lib, “Jahon adabiyoti” jurnalida chop etilgan. Ana shu dasturiy nutqda A.Kamyu “san’at — san’at uchun” deb, faqat tor doiradagi shinavandalarga mo‘ljallab yozilgan, tushunilishi qiyin bo‘lgan asarlarga o‘z munosabatini quyidigacha bildiradi:
“San’at ijodkorlarning o‘z qobig‘iga o‘ralashib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. San’at azob-uqubatlar va quvonchlarning keng qamrovli tasvirini yaratish orqali iloji boricha ko‘proq odamlarga ta’sir qilish usulidir.”(“Jahon adabiyoti” t-l 2002 yil 2-son, 168-bet.)
Z. Pardayeva kabi adabiyotshunoslarimiz esa hamon o‘sha tushunilishi mushkil bo‘lgan boshqotirma uslubidagi “Kapalaklar o‘yini”ni “Adabiyotning yangi romani” deb reklama qilishadi.
Alloma Ozod Sharafiddinov bir suhbatida modernizmning krossvordga o‘xshash boshqotirmasini yoqtirmasligini aytgan edi. Albatta, krossvord ham o‘z o‘rnida kerak. Lekin Abdulla Qahhor adabiyotni atomdan kuchli deb ta’riflagan, faqat uning kuchini o‘tin yorishga sarflash kerak emas” deb ogohlantirgan edi. Ustoz adibning shu fikrini quvvatlab, adabiyotning atomdan zo‘r kuchini krossvord yechishga ham sarflash kerak emas, degimiz keladi.
“Boshqotirmasiz” ham yaxshi asar yozish mumkinligini Ulug‘bek Hamdamning yaqinda kitob bo‘lib chiqqan “Muvozanat” romanida ko‘rish mumkin. Akademik M.Qo‘shjonov romanga yozgan bosh so‘zida uning katta qiziqish va qoniqish bilan o‘qilishi sabablarini ochib beradi. Asarda chinakam romanbop taqdirlar va o‘ta dramatik voqealar yangicha tafakkur asosida jur’at va mahorat bilan tasvirlanadi. Shaxsan men “Muvozanat”ni so‘nggi o‘n yilda chiqqan o‘zbek romanlarining eng yaxshilaridan biri deb hisoblayman.
Shu bilan birga, tushkunlikka tushgan va nigilizmga berilgan an’anaviy modernizmning o‘rniga kelayotgan va jahon bo‘ylab tan olinayotgan bag‘rikeng, ma’naviyati bor postmodernizmga nisbatan xayrixoh bo‘lishimiz kerak, deb o‘ylayman.
Bu fikrga isbot tarzida Xurshid Do‘stmuhammadning “Bozor” romanini misol keltirmoqchiman.
Bu romanda imon-e’tiqodli odamlar bor. Ayniqsa, bosh qahramon Fozilbekning taqdiri o‘quvchini qiziqtiradi. Yoshi yetilgan Fozilbekni ota-ona ham, opa-singillar ham “Uylan”, deb qistashadi. Fozilbek mol-duyonga to‘la bozorda uzoq izlanib yuradi. Uylarida ham boylikning hisobi yo‘q. Boy oilalarning go‘zal qizlarini unga ko‘rsatishadi. Lekin taqdir taqozosi bilan yigitning ishqi ma’naviy boyliklar yig‘ilgan kitobxona xodimasi, kamxarjgina oddiy juvon Qadriyaga tushadi. “Bozor” romani “Alkimyogar”dan oldin bosilib chiqqan bo‘lsa ham, Fozilbek obrazi nimasi bilandir Santyagoni eslatadi. “Nimasidir” deganda biz har ikki romanda ham ma’naviyat oliy qadriyat sifatida ko‘rsatilganini nazarda tutamiz. Demak, postmodernizm asarlari ma’naviyatni e’zozlashi va mumtoz realizmning oliy qadriyatlariga suyanishi bilan ham ko‘pchilik kitobxonlar diliga yo‘l topishi mumkin.

* * *

Ma’naviyat mavzusiga qaytar ekanmiz, unga nisbatan qarama-qarshi qutbda turadigan absurd tushunchasiga duch kelamiz. “Ma’naviyat” bu “ma’no” so‘zidan kelib chiqadigan yuksak qadriyat bo‘lsa, “absurd” lug‘aviy jihatdan “ma’nosizlik” yoki “bema’nilik”ni bildiradi.
Hayotda bema’niliklar oz emas. Ularni adabiy asarlarda haqqoniy aks ettirish zarur. Faqat hayotdagi bema’nilik adabiy asarda tasvirlanganda uning insonga behuda azob beradigan salbiy mohiyati ham ochib berilishi kerak. Bu mavzuda eng yaxshi asarlar yozgan adib yuqorida nomi aytib o‘tilgan Alber Kamyudir. Uning “Sizif haqidagi rivoyat” asari absurdning qadim zamonlarga ildiz otgan hodisa ekanini ko‘rsatadi.
Qadimgi yunon Qahramoni Sizifning mudom baland toqqa tosh yumalatib chiqishi, tosh yana pastga yumalab tushganda uni qayta va qayta toqqa olib chiqishi, yunon xudolari uni umr bo‘yi shu besamar ish bilan shug‘ullanishga mahkum etganlari absurd tushunchasining eng yorqin bir misolidir.
Ikkinchi jahon urushini boshidan kechirgan va fashizmga qarshi kurash olib borgan Kamyu xalq orasida “jigarrang vabo” nomini olgan fashizm balosini ham tarixning ulkan bir absurd hodisasidek tasavvur qiladi. Yoshligi Jazoirda o‘tgan Kamyu kichik bir shaharda kalamushlar ko‘payib ketib, vabo kasalligini qanday tarqatayotganini ko‘rgan ekan. Shu yoshlik xotirasi ulkan bir ma’joziy obrazga aylanib, adibning shoh asari sanalgan “Vabo” romaniga asos bo‘ladi. Jahon urushi davrida butun odamzodning o‘lim qurollari yasash uchun qilgan intihosiz, mehnatlari Sizifning umr bo‘yi tosh yumalatib azob tortganiga o‘xshab ketgani va millionlab begunoh odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgani “dahshatli vabo” kabi bir absurd deb baholanadi.
Kamyu hali hayot bo‘lgan 1950 — 60 yillarda odamzodni qirib tashlashga qodir bo‘lgan yadro qurollari yaratilgani, sovuq urush va qurollanish poygasi avjiga chiqarilgani ham romanda vabo tarqatuvchi jirkanch kalamushlar kirdikoriga o‘xshab ketadi. Roman qahramonlari jonlarini xavf-xatarga qo‘yib bo‘lsa ham, vabo timsoli bo‘lgan yovuz kuchlarga qarshi fidoyilarcha kurashadilar.
Insonni vabodan qutqarishga qaratilgan bu kurash Kamyu romanini teran bir insonparvarlik ruhi bilan sug‘oradi. Kalamushlar tarqatayotgan vabo be’mani bir absurd bo‘lsa ham, bu vabodan inson zotini qutqarish uchun olib borilgan kurash tufayli romanda yuksak gumanistik ma’no paydo bo‘ladi. Ya’ni hayotdagi ma’nosiz absurdga yozuvchi o‘zining talanti, mahorati va gumanistik e’tiqodi yordamida yangicha bir ma’no baxsh etadi. Shu tarzda roman ma’naviyat xazinasidan o‘rin oladi.
Afsuski, Kamyuning absurdga oid fikrlarini noto‘g‘ri talqin etuvchilar bor. Ular hayotda absurd bo‘lgani kabi, adabiyotda ham absurd asar, absurd ijod bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydilar.
Holbuki, Kamyu hayotdagi absurdning g‘ayriinsoniy mohiyatini doim yodda tutishga undaydi. U absurd oqimiga tushib nishabga qarab oqishni emas, balki absurd oqimiga qarshi suzish zarurligini quyidagicha ta’kidlaydi:
“Agar absurd tuyg‘usi bevosita harakat qoidasiga aylantirilsa, unda bu tuyg‘u qotillikka ham befarq qaraydi, uni joyiz qilib qo‘yadi. Agar hech narsaga ishonch qolmasa, agar hamma narsa ma’nosiz bo‘lsa-yu, hech narsaning qadr-qimmati bo‘lmasa, unda hamma narsa mumkin — yovuzlik ham, yaxshilik ham joiz va ahamiyatsiz bo‘lib qoladi.” (A.Kamyu, “Izbrannoye” Moskva, 1990 y. 18-bet.) Ana shu holatga tushmaslik uchun A.Kamyu insoniy haqiqatga suyanadi. Uning “Nemis do‘stimga maktublar” asarida insonga ishonch g‘oyasi oldinga suriladi. “Bu dunyoning ma’nosini faqat inson izlaydi, — deb yozadi u. — Bu dunyoda hech bo‘lmaganda bitta haqiqat bor — bu inson haqiqatidir. Shuning uchun, avvalo, insonni qutqarish kerak” (o‘sha kitob, 18-bet.)
Kamyuning ushbu satrlarida insonga mehr va uni turli azoblardan qutqarishga qaratilgan olijanob maqsad bor. Endi shu nuqtai nazardan shoir Husan Karvonlining quyidagi she’riga ko‘z tashlaylik:

Men va sen, sen va u, u va men — garang.
Lohasmiz, bekasmiz, beshamol, bedil.
Hamma bir-birini yomon ko‘radi.
Nafratlar pishadi issiqda hil-hil.
(“O‘zbek modern she’riyati”, 2003 y. 115-116-bet)

Bu satrlarda tushkunlik ruhi hukmron, “Men”, “Sen”, “U” — uch tomonda ham mehru oqibat yo‘q, ma’naviyat yo‘q, ularning urnini absurd bir nafrat egallagan, shuning uchun hamma bir-birini yomon ko‘radi, hamma garang va lohas. Bu holdan chiqish yo‘lini har kim o‘zi bilganicha ko‘rsatadi. Masalan, Nazar Eshonqulning ”Yoshlik” jurnalida chop etilgan badiasida shunday she’riy fikr bildirilgan:

Menga do‘st kerakmas, dushmandan boshqa,
Muhabbat kerakmas “Nafratdan boshqa”.
(“Yoshlik”, 1903 y. 3 iyun, 7-bet.)

Demak, Karvonlining she’rida “hil-hil pishgan nafratlarni badia muallifi kerak deb hisoblaydi. Hatto “Muhabbat kerakmas nafratdan boshqa” degan so‘zlar bilan nafratni muhabbatdan ham zarurroq sanaydi. Buning sababini muallif quyidagicha izohlaydi: “Odam o‘ziga do‘st ko‘zi bilan qarashi fikrning turg‘unligiga olib boradi. Dushman ko‘zi bilan qarasa-chi? Muhabbat qo‘yilgan narsalarga nafrat ko‘zi bilan qarasa-chi?”
Menimcha, bu savollarda absurd fikr olg‘a surilayapti. Chunki normal odam o‘ziga dushman ko‘zi bilan qarayolmaydi. Bobur Mirzo “Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim, ko‘nglimdin o‘zga mahrami asror topmadim” degan fikrining to‘g‘riligini butun ijodi va hayoti bilan isbot etgan. Chunki odam o‘zini do‘st bilib, ichki do‘stga ishonib, suyanib yashasagina nimagadir erishadi. Aks holda uning umri dilidagi dushman bilan olishib, doimo bir hadik va xavotirlik ichida besamar o‘tishi mumkin.
Muhabbat qo‘yilgan nasalarga nafrat ko‘zi bilan qarash ham ma’nosi yo‘q absurdga olib boradi. Qaysi normal odam yoriga atalgan guldan nafis mehrini yoki Ona vataniga atalgan iliq muhabbatini qahru g‘azab manbai bo‘lgan nafratga almashtiradi? Kim uni bunga majbur qilaoladi?”
Buning juda mushkul ekanini bade’a muallifi ham sezadi va “Muhabbatning nafratga aylanishi — fojiadir.” deb tan oladi. To‘g‘ri, muhabbatning nafratga aylanishi fojia bilan tugashini masalan, Shekspirning “Otello” asarida yaqqol ko‘ramiz. Nega shuni bilaturib, muhabbat qo‘ygan narsamizga nafrat bilan qarashimiz va muallif aytgan fojiaga uchrashimiz kerak? Bade’a muallifi bu savolga quyidagicha javob beradi: “Fojia ruhni yangilaydi, qarashlarni o‘zgartiradi, yangi voqelikni yaratadi, eskisini inkor etadi.” (“Yoshlik” jurnali, 1903 yil, 3-son, 7-bet)
Gap bu yerda teatr sahnasida ko‘rsatiladigan fojia to‘g‘risida emas, hayotda voqelikni yangilaydigan fojia to‘g‘risida borayotir. Hayotda ko‘pincha o‘lim bilan tugaydigan fojia qanday qilib ruhni yangilaydiyu, qay tarzda yangi voqelik yaratadi? Yangi voqelik yaratilishi — ulkan tarixiy jarayondir. Yangi voqelik ko‘pincha inqilobiy o‘zgarishlar natijasida yaratilishi tarixdan ma’lum.
Biroq odamzod inqilobiy o‘zgarishlar fojiasini ko‘raverib rosa bezor bo‘lgan. Butun dunyo hozir tinch evolyutsion taraqqiyotni afzal ko‘radi.
Absurd nazariyasining asoschisi hisoblangan Kamyu ham o‘sha mashhur nutqida inqilobiy tanazzullarni, xudolarni yo‘qqa chiqargan mustabid mafkuralarni, ziyolilari tubanlashib, nafrat va zulm malaylariga aylantirilgan o‘tmish davrlarni qoralaydi, adabiyot odamlarni dushmanlikka emas, do‘stlikka da’vat etishi kerakligini ta’kidlab shunday deydi: “O‘zuvchining iste’dodi odamlarni birlashtirishga, ularning orasida totuvlik ko‘prigini qurishga xizmat qiladi. O‘zuvchi o‘z kasbining ulug‘vorligini belgilaydigan ikki narsani imkon qadar bajarishga rozi bo‘lishi kerak. Bular haqiqat uchun va ozodlik uchun xizmat qilishdir.” (“Jahon adabiyoti” jurnali, 2002 yil, 2-son, 169-bet.)
Qarangki, A.Qodiriy va Cho‘lponlar o‘tgan asrda haqiqat uchun va ozodlik uchun kurashga o‘z jonlarini fido qilgan bo‘lsalar, ular bilan bir asrda yashab ijod qilgan Kamyu ham haqiqat va ozodlik uchun xizmat qilishni yozuvchilik kasbining ulug‘vor vazifasi deb hisoblaydi. O‘ylaymanki, bizning hozirgi davrimizda ham nigilizmga berilmasdan, ma’nosiz absurd oqimlariga tushib oqmasdan, A.Kamyu kabi inson zotini absurd azoblaridan xalos qiladigan ma’nosi zo‘r asarlar yozish va shu yo‘l bilan ham odamlarning ma’naviy ehtiyojlarini qondirish yozuvchilik kasbining eng ulug‘vor vazifasi bo‘lib qoladi.
Tirik jonzotlar orasida faqat inson kitob o‘qiydi. Kitobdan ma’naviy oziq olib yashash ehtiyoji — inson zotini hayvonot dunyosidan ajratib turadigan ulkan chegaradir. Shu chegara buzilsa va inson ma’naviyatdan butunlay mahrum bo‘lsa, yana orqaga — hayvoniy hirslar olamiga qaytib ketadi.
Mamlakatimizda ma’naviyatga juda katta e’tibor berilayapti. Ma’naviyat markazlari barcha xududlarda ishlab turganligi, hamma ta’lim muassasalarida ma’naviyat darslari o‘tilayotgani xalqimizning ma’naviy sog‘lom hayot kechirishiga yordam beradi, yoshlarimizni chetdan keladigan hayosizlik, ma’nosizlik va shafqatsizliklardan ogoh qiladi, ularni insoniy mehru oqibat ruhida tarbiyalashni maqsad qilib qo‘yadi.
Ayniqsa, xalq dardiga darmon bo‘ladigan va inson kamolotiga xizmat qiladigan milliy adabiyotimizda eng samarali ijodiy izlanishlar ma’naviy izlanishlar jarayoniga qo‘shilib boradi. Shaxsan menga biron yangi narsa yozish nasib etsa, bu yo‘lda kitobxonning ma’rifiy va ma’naviy ehtiyojini ozgina bo‘lsa ham qondirish, unga mushkul tuyulgan muammoni tahlil va talqin etishda ko‘maklashish uchun o‘zimni burchli sezaman. Ushbu badia ham ana shu burchni baholi qudrat bajarishga qaratilgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 12-sonidan olindi.