Xalq taqdiri orqali butun bir davrni tasvirlashga, umuminsoniy miqyosda fikrlashga intilgan yozuvchilardan biri To‘lepbergen Qayipbergenovdir. Agar Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar» romani orqali o‘zbek xalqini, Muxtor Avezov «Abay yo‘li» epopeyasi orqali qozoq xalqini, Chingiz Aytmatov «Jamila», «Asrga tatigulik kun», «Kassandra tamg‘asi» asarlari orqali qirg‘iz xalqini dunyoga tanitgan bo‘lsa, To‘lepbergen Qayipbergenov «Qoraqalpoq dostoni», «Qoraqalpoqnoma» roman-essesi va boshqa asarlari bilan qoraqalpoq nomini dunyoga tanitdi.
Qoraqalpoqlarning Dashti qipchoq elatlari va o‘troq xalqlar orasida bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lgani tarixdan ma’lum. T.Qayipbergenov asarlarida ham odamlarni, xalqlarni birlashishga undovchi g‘oyalar ustivor. Jumladan, adibning «Qoraqalpoq dostoni» asaridagi Mamanbiy qoraqalpoqlarni Yevropa madaniyati, turmush tarzi bilan tanishtirishga intilgan ilg‘or fikrli qahramon bo‘lsa, Oydo‘sbiy o‘z xalqini hamjihat bo‘lib yashashga da’vat qiluvchi, bu yo‘lda shaxsiy manfaatidan el manfaatini ustun qo‘yuvchi vatanparvar siymo sifatida gavdalanadi.
Mamanbiy XVIII asrda, Oydo‘sbiy va Ernazarbiylar XIX asrda qoraqalpoq o‘g‘il-qizlarining bilimli, el-yurt manfaati uchun xizmat qiladigan mutaxassislar bo‘lib yetishishini, qoraqalpoqlarning dunyo taniydigan xalqqa aylanishini orzu qilgan edilar. Mamlakatimizning o‘z mustaqilligiga erishishi sharofati bilan o‘tgan yillar mobaynida bu asriy orzu-umidlar ushaldi. O‘lkadan yetishib chiqqan yoshlar hozirgi kunda jahonning AQSh, Angliya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya singari rivojlangan mamlakatlarda ta’lim olmoqdalar, o‘zlari tanlagan mutaxassisliklar bo‘yicha malakali kadrlar bo‘lib yetishmoqdalar. Qoraqalpoq davlat muzeyining dunyoda eng noyob hisoblanuvchi eksponatlari jahon bo‘ylab kezib yuribdi. «Qirqqiz» dostonining shuhrati olamga yoyildi. Millatning qudratini, kuchini, madaniyatini namoyon etadigan bunday faktlarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Bularning bari qoraqalpoqlarning dunyo xalqlari orasida o‘zining munosib o‘rnini tobora mustahkamlab borayotganini ko‘rsatadi.
Binobarin, bu borada To‘lepbergen Qayipbergenov yaratgan tarixiy siymolarning ibrati, tarbiyaviy ahamiyati katta. Adib asarlarining muvaffaqiyati hayot haqiqatini tasvirlashda tarixiylik tamoyiliga amal qilib qalam tebratganidadir. Qoraqalpoq xalqi bor ekan, bu asarlar fikrlashga chorlovchi, hayajonlantiruvchi, tarix bilan ongli munosabat o‘rnatishga undovchi xususiyatlarini saqlab qolaveradi.
Yozuvchining dastlabki qissalari yashashdan maqsad, umr mazmuni kabi mavzularga bag‘ishlangan bo‘lsa, uning «Ko‘z qorachig‘i», «U dunyodagi bobomga xatlar» asarlarida xalqaro ekologik muammo — Orol, Orolbo‘yi mintaqalarida hayotni asrab qolish masalasi qalamga olindi. T.Qayipbergenov katta anjumanlarda so‘zlagan nutqlarida ham Orol tashvishi millionlar tashvishiga aylanganini qayta-qayta ta’kidlaydi.
Umuminsoniy global muammolarni badiiy asarlarda ta’sirchan tasvirlab bera oladigan salohiyatga ega bo‘lgan so‘z ustasi, qoraqalpoq prozasining oqsoqol vakili To‘lepbergen Qayipbergenov ma’naviyatimizga o‘zining badiiy asarlaridan tashqari, publitsistik maqolalari, ijtimoiy faoliyati bilan ham hissa qo‘shib kelayotgani e’tirofga loyiq.
Adibning ko‘plab asarlari o‘zbek, qoraqalpoq va turli xorijiy tillarda nashr etilgan. T.Qayipbergenov «Qoraqalpoq qizi» romani uchun Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat mukofotiga, «Rahmat, o‘qituvchim!» qissasi uchun O‘zbekiston davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Yozuvchiga 1974 yili «Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi», 1994 yili «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» unvonlarining berilishi ham iste’dodining e’tirof etilishidir. 2004 yili adib «O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga sazovor bo‘ldi.
2004 yili adibning «U dunyodagi bobomga xatlar» asari N.Krasilnikov tarjimasida chop etildi (T.Kaipbergenov. «Pisma na tot svet, dedushke», Izdatelstvo «Mir», 2004), Moskva shahrida mazkur asarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda asarni dunyoning turli tillariga tarjima qilish tavsiya etildi.
“U dunyodagi bobomga xatlar” asarida muallif sho‘rolar siyosati sababchi bo‘lgan Orol fojeasi oqibatlarini tasvirlashda betakror badiiy shakl topa olgan. Asar — nabiraning allaqachon olamdan o‘tgan bobosiga Orol haqida yozgan xatlaridan tashkil topgan. Adib asarida qadimgi yunon adabiyotida qo‘llanilgan badiiy uslubni tanlaydi.
T.Qayipbergenovning «Qoraqalpoqman. Tavakkalchiman» nomli asari (Nukus, «Bilim» nashriyoti, 2003) muallifning vatandoshlari va xorijlik kitobxonlar bergan qator savollarga javoblari bilan boshlangan. Kitobning «Intervyular, o‘ylar» nomli bo‘limidan adibning Lev Tolstoy va Chingiz Aytmatov ijodi haqidagi, shuningdek, Berdaq shoirning 175 yilligi arafasidagi mushohadalari, taniqli o‘zbek adiblari, olim va jurnalistlari bilan suhbatlari o‘rin olgan. Uchinchi bo‘lim «XXI asr bo‘sag‘asida tug‘ilgan adashimga 99 maslahat» deb nomlanib, unda muallif o‘zining Sharqning o‘lmas didaktik an’analariga suyanib yozgan asarlari haqida fikr yuritgan. Shuningdek, kitobda akademik Andrey Saxarov, Chingiz Aytmatov, Abdulla Oripov, Hamid G‘ulom, Odil Yoqubov singari atoqli olim va yozuvchilarning T.Qayipbergenov ijodiga bergan baholari o‘rin olgan.
To‘lepbergen Qayipbergenovning har bir asari uning o‘zigagina xos, betakror uslubda yozilgan, ular badiiy mazmun va shakl uyg‘unligining milliy namunalaridir. Yozuvchi hayotni tasvirlashda dramatizmga to‘la holatlarning sabab va oqibatlarini badiiy dalillab ko‘rsatishga urinadi. Buning uchun qahramonlar xarakterining mantiqiy tadrijiga asoslanadigan yevropa romanchiligi an’analaridan o‘rinli foydalanadi. Yozuvchi asarlarining kompozitsion tuzilishida qahramon monologlari, ilmiy ma’lumotlar, afsona va rivoyatlar, turli davrlarda yashagan donishmandlar fikridan foydalanib, hayot muammolarining tub ildizini ochishga erishadi.
Atoqli shoir, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov «Qoraqalpoq dostoni» maqolasida shunday deb yozadi: «A.Qodiriy — o‘zbek xalqining, M.Avezov — qozoq xalqining, Ch.Aytmatov — qirg‘iz xalqining manglayiga xudo yorlaqab bergan yozuvchilari… O‘zining uzoq tarixiga ega bo‘lgan qadimiy qoraqalpoq xalqining keng peshonasiga bugungi kunda tong yulduzi kabi yarashib turgan yozuvchi T.Qayipbergenovdir!». Chindan ham T.Qayipbergenovning qissalari, romanlari, publitsistik maqolalari, intervyularisiz bugungi qoraqalpoq adabiyotini, umuman, bu xalqning ma’naviy hayotini, badiiy so‘z olamini to‘la-to‘kis tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun ham uning ijodi oddiy kitobxonlarda ham, adabiyotshunoslarda ham katta qiziqish uyg‘otib keladi, yuraklarga yo‘l topa oladi.
Mustaqillik yillarida To‘lepbergen Qayipbergenov ijodi qoraqalpoq adabiyotida yanada kengroq tadqiqotlar doirasiga olindi. Adabiyotshunos olim Q.Sultonov shu mavzuda doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan bo‘lsa, yosh olimlar P.Nurjanov, A.Abdimurotov, H.O‘temurotova, B.Polvonov o‘zlarining nomzodlik ishlarida adib ijodini asosiy tadqiqot ob’ekti qilib belgiladilar.
«Qoraqalpoq dostoni»ning rus tiliga tarjima qilinishida Z.Kedrina, A.Pantileev, E.Arbenova, V.Pankinalarning, «Qoraqalpoq qizi» romanining Moskvada kitob bo‘lib chiqishida G.Maryanovskiyning, qissalar tarjimasida N.Yatskevich va boshqalarning xizmatlari katta bo‘ldi.
Adibning nomi o‘zbek kitobxonlari orasida keng tanilishida esa atoqli yozuvchimiz Abdulla Qahhorning xizmati katta. Endigina adabiyot maydoniga kirib kelayotgan yosh yozuvchining o‘zbek o‘quvchilari uchun kashf qilinishida ustoz Abdulla Qahhor bevosita ishtirok etib, «Sovuq bir tomchi» qissasini 1962 yili tarjimon G‘oyib Yoqubov bilan birga o‘zbek tiliga o‘girgan edi. Bundan ruhlangan To‘lepbergen Qayipbergenov Abdulla Qahhor bilan ustoz-shogird tutindi. Shuningdek, bu o‘rinda adibning «Qoraqalpoq dostoni» trilogiyasini o‘zbekchalashtirgan marhum Lola Tojiyeva, «U dunyodagi bobomga xatlar», «XXI asr bo‘sag‘asida tug‘ilgan adashimga 99 maslahat» asarlarini, «Sahro bulbuli» dramasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan Rahimjon Otauli nomlarini ham tilga olib o‘tish joiz.
O‘zining 80 yoshni qarshilayotgan ustoz adib, qoraqalpoq adabiyotining taniqli namoyandasi To‘lepbergen Qayipbergenov ijodini tadqiq etish, asarlarini tarjima qilish davom etmoqda.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 19-sonidan olindi.