Hozirgi kunda butun dunyoda tabiat muhofazasi hayotiy muammo bo‘lib qolgani hech kimga sir emas. Yer yuzidagi ilg‘or fikrli fan va madaniyat, san’at arboblari, yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar hamda millionlab fidoyi kishilar Ona sayyoramizning taqdiri uchun astoydil qayg‘urib, yer, havo, suvni pokiza saqlash, tuproqni avaylash, har xil zaharli kimyoviy vositalarni yo‘qotish yo‘lida astoydil jon koyitmoqdalar. Jamoatchilikning faol sa’y-harakatlari natijasida ekologik tarbiya, ekologik madaniyat tamoyillari shakllanib, katta nufuzga ega bo‘lib bormoqda.
Ayni zamonda bunday ezgu tamoyillar va an’analar faqat bugungi kun mevasi emas, ular qadim-qadimdan mavjud bo‘lganini ham ta’kidlash kerak. Xo‘sh, ular qadim zamonlarda qanday shakllarda namoyon bo‘lgan? Bu boradagi ayrim misollarga nazar tashlaylik.
Ko‘hna manbalar guvohlik berishicha, ekologik tarbiyaning ildizlari Markaziy Osiyo mintaqasida zardo‘shtiylar davridan boshlangan. “Avesto” kitobi sahifalarida tabiatga, tuproqqa, o‘simlik, suvga, hayvonlarga qanday munosabatda bo‘lish haqida so‘z yuritilganini ko‘ramiz.
Markaziy Osiyoda yashab, ijod etgan ulkan allomalar tabiat sirlari to‘g‘risida turli fikrlarni yozib qoldirgani ma’lum.
Nafis she’rlari bilan nom qozongan Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining shoh asari – “Boburnoma”da tabiat, o‘simliklar va hayvonot olami, yilning fasllari haqida to‘liq ma’lumotlar beradi. Mazkur buyuk asari tufayli ul mo‘tabar zotni ulug‘ tabiat-shunos olimlar qatoriga qo‘shish mumkin.
Boshqa olimlardan farqli o‘laroq, Bobur “Boburnoma”da o‘zi yashagan, umr kechirgan barcha shaharlar, qishloqlarning tabiatini, o‘simliklarini, hayvonlarini, daryo-ko‘llarini, hatto yoqqan qoru yomg‘irlarini ham to‘liq tasvirlab beradi. Boburnomaning 37-sahifasida shunday ta’rifga duch kelamiz: “Jud tog‘ining orasida hamvor yere tushibtur, bu hamvor yerning o‘rtasida bir ulug‘ ko‘ldur, atrofidag‘i tog‘lardin yomg‘ir suvlari yig‘ilib bu ko‘l bo‘lubtur, gardo-girdi uch kuruhga yovushg‘ay. Shimolida yaxshi o‘lang voqe bo‘libtur, g‘arbida, tog‘ domanasida chashmadur, bu chashma suvi balandilarg‘akim, bu ko‘lga mushrifdur, o‘lturur uchun qobil yer edi, bog‘e soldim”. Ulug‘ shoir va mashhur sarkarda o‘sha davrda jangu-jadallar, notinchliklar orasida yashashiga qaramay, o‘z asarida Jud tog‘ining o‘rtasida ulug‘ ko‘l borligini va bu ko‘l suvi toza ichimlik suvi ekanligini, u yomg‘ir suvlari to‘planishi natijasida hosil bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni batafsil yozib qoldiradi. Yomg‘ir suvi toza chuchuk suv, undan o‘t-o‘lanlar bahra olib, unib- o‘sadi, ko‘lda tiniq holda uzoq saqlangani uchun iste’molga ham yaraydi. Insoniyat yashar ekan, hamma vaqt toza, chuchuk suv muammosi ham mavjud bo‘lib kelgan. Bobur o‘zi tasvirlagan ko‘l suvidan shimoldagilar ham, g‘arbdagilar ham foydalanib kelganligini aytadi, g‘arbdan bir chashmadan suv chiqib, shu ko‘lga oqib tushadi. Bu joylar juda so‘lim, obod. Shuni e’tiborga olib ushbu yerdan bog‘ soldim deb yozadi u. Bu so‘zlarni yozar ekan, u bu bog‘larda shirin-shakar mevalar beradigan daraxtlar o‘stirib, odamlarni bahramand qilishni ko‘ngli tilaydi. Bog‘larda soya-salqin, xushhavo joylar, inson bolasi orom olishi uchun shart-sharoitlar kelishini xohlaydi.
Albatta, podshohning qilgan har bir ishi el nazarida turadi. U katta bog‘ yaratsa, ulomoyu fuqarolar ham unga ergashadi. Oqibatda tashlandiq, qarovsiz yotgan joylar obod bo‘ladi, mevalar ko‘payadi, elning rizq-ro‘zi ortadi.
“Boburnoma”da sumbul daraxti to‘g‘risida ham so‘z boradi: “Sumbul daraxtining ta’rifi eshitilib edi, bu yurtlarda ko‘rduk. Bu tog‘ domanida sumbul daraxti ozroqtur. Biror-biror bo‘ladur”. Bu tasvir hozirgi Afg‘oniston mamlakatiga taalluqli. 49-betda ulug‘ shoir hayratlanib gullarga, gulzorga ta’rif beradi: “G‘aroyib gulzorlar ma’juniyliqda tafarruj qildik. Sariq-sariq gullar ochilibtur, arg‘uvoniy parcha-parcha yerlarda yakdast sariq gullar ochilibtur. Tarrohlik qilg‘andek bu tepaning olti tarafida bir daf’a sariq va bir daf’a arg‘uvoniy gul hat-hash musaddas shaklda ochilibtur. Ikki tarafida gul ozroq edi, ko‘z kor qilg‘uncha ushmundoq gulzor edi”.
Bobur gullarga ta’rif berar ekan, yetuk tabiatshunos, umri davomida faqat gulu gulzorlar yaratib yurgan bog‘bonday nozik fikr yuritadi. “Tepaning olti tarafida bir qator sariq, bir qator arg‘uvoniy gullarni hat-hash-musaddas shaklda” ochilishini bugun oradan qancha asrlar o‘tgandan keyin tasavvur qilgan kishining qalbiga ham muloyim, yoqimli xushbo‘y gullar bilan birga kirib kelgandek bo‘ladi. Gullarning qator-qator joylashishini hat-hash shaklida deb ta’rif beradi shoir. Bunday chiroyli o‘xshatishni hozirgi kunda ham uchratamiz.
O‘z davrida Bobur odamlarning salomatligi, sog‘lom turmush tarzi uchun jiddiy qayg‘urgan. Jumladan, u Hindistonga kelganda shunday deb yozadi: “..elida husn yo‘q… yaxshi ot yo‘q va yaxshi it yo‘q va uzum va qovun va yaxshi muvalar yo‘q va yax yo‘q, bozorlarida yaxshi osh va yaxshi non yo‘q va hammom yo‘q va madrasa yo‘q va sovuq suv yo‘q va sham yo‘q va mash’ala yo‘q, shamdon yo‘q… …daryolaridin va qora suvlaridin o‘zgakim, jarlar va chuqurlarda oqadur, bog‘ va imoratida oqar suvlar yo‘q”. Ushbu qimmatbaho yozuvlar Boburning ta’bi nozikligini, el-yurt obodligi, ma’murligi, toza turmush tarzini o‘ziga asosiy dastur qilib olganligini ko‘rsatadi. Samarqand va Andijonda shirin-shirin mevalarni, bozorlari oshu nonlar bilan to‘la bo‘lganini eslab, Hindistonda bunday noz-ne’matlar yo‘qligini, mamlakat g‘arib, qashshoq hayot ichida qolganini afsus bilan sharh etadi. Odamlarning tozalanib cho‘milib olishlari uchun hammom, ilm olishlari uchun madrasa yo‘qligini yozar ekan, ko‘z oldimizga Boburning Hindiston xalqi uchun, tabiati uchun naqadar jon kuydirgani keladi. Sham yo‘q, mash’ala yo‘q va shamdon yo‘q deb yozar ekan, Bobur o‘zi shu halqqa ilmiy ma’naviy tarbiyadan tashqari, ekologik tarbiya ham olib kelganiga ishora qiladi. Ulug‘ shoir bu yerning suvlariga e’tibor berib, qora iflos suvlar oqishini, odamlar yashab turgan imoratlari oldida tiniq suvlar yo‘qligini, bog‘lar barpo etilmaganligini afsus bilan ta’kidlaydi.
Ekologik tarbiya “Boburnoma”ning boshdan oxirigacha yozib boriladi, bir joylarda filni o‘ziga o‘rgatish, yana bir joylarda odamga zarar yetkazmasdan arslon ovlash usullari, yilning fasllari, daraxtlar turi, mevalar ta’mi, yirikligi, hatto yomg‘irning qancha miqdorda yog‘ishini ham ipidan-ignasigacha ta’riflaydi. Bobur qimmatbaho obnus daraxti haqida ham batafsil ma’lumot beradi.
Xullas, kitobni o‘qir ekansiz, ajdodlarimizning tabiatga mehri, suvlarni asrab-avaylab, ulardan odamlarning ehtiyojlarini qondirish, gullar va bog‘larni sug‘orish, yurtni obod qilish uchun foydalanganlari, tabiat ne’matlarini ko‘z qorachug‘idek asrab-avaylab, pokiza saqlashga intilganlariga guvoh bo‘lamiz. Bobur o‘sib-ulg‘aygan zamin – ona Turkistonda ana shu muqaddas an’analar asrlardan beri barqaror yashab, avloddan-avlodga meros bo‘lib kelmoqda edi. Sarkarda va nozikta’b shoir o‘z xalqining ana shu qutlug‘ an’analarini Hind diyoriga ham urug‘lar yaxshi samara berdi. Xarob o‘lka Boburiylar sulolasi hukmronlik qilgan yillarda jahondagi yirik davlatlardan biri sifatida dong taratdi. Shuning uchun ham hind xalqi Turkiston farzandi bo‘lgan Bobur va uning ajdodlariga hamon buyuk ehtirom saqlab keladi.
Xullas, buyuk shoirning “Boburnoma” kitobini o‘qir ekansiz, siz o‘tgan asrlar osha hayvonot olami bilan tanishasiz, yilning fasllari, yoqqan yomg‘ir miqdori, odamlarning turmush tarzini ko‘z oldingizga keltirasiz. Hindlarda turmush madaniyatiga va ekologik madaniyatga e’tibor berish Boburiylar sulolasi davridan boshlanadi. Albatta, ekologik madaniyat bir yil yoki bir kunda odamlar ongiga singdirilmaydi, bu borada yillar, asrlar davomida shakllangan an’analar muhim o‘rin tutadi.
“Boburnoma” asari faqat adabiy-badiiy yodgorlik emas, O‘rta Osiyo, Xuroson, Afg‘oniston, Hindiston tabiati haqida bebaho ma’lumotlar beruvchi, xalqning ekologik madaniyatining yuksalishiga xizmat qiluvchi ulkan qomusiy asardir. Shuning uchun ham bu noyob asar asrlardan beri Sharq va G‘arb olimlari, adabiyot, tarix, tabiat muxlislari qo‘lidan tushmay, sevib o‘qiladi.
Oylarxon Rasulova,
O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti katta o‘qituvchisi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 2-son