Dunyoga mashhur amerikalik yozuvchi, Nobel hamda Pulitser mukofotlari laureati Uilyam Folkner shaxsiyati ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otadi. Hikoya va qissalari, esseyu romanlari, she’riyat hamda dramaturgiyasi jahon kitobxonlari tomonidan birvarakayiga iliq kutib olinishi ijodkor mahoratining yuksakligidan dalolat. Uning xalqu hukumat ko‘zigayu ko‘ngliga yaqinligi, dunyo miqyosida e’tirof etilishi ko‘plab yozuvchilarga butun umr qo‘l cho‘zsa yetib bo‘lmas orzuligicha qolaveradi.
Uilyam Katbert Folkner 1897 yilning 25 sentyabrida Amerikaning Missisipi shtatida dunyoga keldi. Qahramonimizning yoshligi boshqa bolalar kabi ko‘cha changitib o‘ynashdan yiroqda o‘tdi. Otasining kasbi sabab u shahardan bu shaharga tinimsiz ko‘chib yurishlar bunga imkon ham bermasdi. Nyu-Olbanidan Ripleyga, undan Texasga ko‘chib yuruvchi sayyor oila va nihoyat, Oksfordda qo‘nim topdi. Bu shahar yozuvchi hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Oiladagi ijodiy muhit Uilyamning dunyoqarashi, aktyorlik mahoratiga o‘z ta’sirini o‘tkazar, mutolaaga mehr qo‘yishida birlamchi omil edi. Volidasi Maud farzandlariga Charlz Dikkens va aka-uka Grimm ertaklarini muntazam o‘qib berardi. Tengqurlari orasida zukkoligi, ziyrak nigohi va o‘tkir quvvai hofizasi bilan ajralib turgan Folkner ko‘proq vaqtini kattalar bilan o‘tkazishni xush ko‘rardi. Urush mavzusi haqida gap ketdi, deguncha qulog‘ini ding qilib, bobosining fuqarolar urushi haqidagi xotiralarini tinglardi.
Sanoyi nafisaning chinakam ixlosmandi – Folkner hayotida sarba-sar o‘zgarishlar ro‘y bera boshlaydi. 1918 yilda yoshlikdan pinhon ko‘ngil qo‘yib yurgan sevgilisi boshqa bir inson bilan turmush quradi. Shundan so‘ng u ko‘ngillilar qatorida frontga ketishga qaror qiladi, biroq uni ayrim jismoniy kamchiliklari tufayli qabul qilishmaydi. Uning uchun har tomondan eshiklar yopilar, Uilyam esa boshqasini ochaverardi. Yozgi harbiy maktabni muvaffaqiyatli tamomlaganda esa, Birinchi jahon urushi ham tugaydi. Taqdirning unga atab qo‘ygan “tuhfalari”dan so‘ng, Folkner ko‘p o‘tmay tark etgani – Missisipi universitetiga o‘qishga kiradi. “Yangi Respublika” jurnalida “Favnning tonggi uyqusi” nomli ilk she’ri bosilib chiqadi.
Qalami avval nazmda charxlangan Uilyam Folkner 1925 yilgacha nasrga murojaat qilmadi. Uning 17 yoshida Filipp Stoun bilan uchrashuvi ijodiy faoliyatiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Folknerning dastlabki she’riy mashqlariga ko‘z tashlaboq, Stoun uning iste’dodi, aktyorlik imkoniyatlarida saktalik sezmaydi hamda yosh shoirni imkon qadar qo‘llab-quvvatlaydi. Uilyam ijodidagi ruhiy madadkor – uning salafi Filipp Stoun va jonajon shahri Missisipi edi: ulardan ilhom olib, kuchga to‘lardi. Ayniqsa, yozuvchiga ona shahridagi chirkin hodisalar, irqlar o‘rtasidagi notenglik kabi muammolar tinchlik bermasdi.
Bedorliklar natijasi o‘laroq, birin-ketin “Askar mukofoti” (1926), “Chivinlar” (1927), “G‘ubor qo‘ngan bayroqlar” (1929) asarlari dunyoga keladi. 1929 yilda Uilyam Folknerga olamshumul shuhrat tuhfa etgan, hali hanuz jahonning eng mashhur asarlari ro‘yxatida yetakchi o‘rinlarni band etib kelayotgan, amerikalik ijod ahlining orzusi – Pulitser mukofotini muallifga ilk bor taqdim etgan “Shovqin va g‘azab” asari yoziladi. Uilyamning shaxsiy hayotidagi sarafrozlikni ham o‘sha yillarda kuzatish mumkin: va nihoyat, birinchi muhabbati, turmushidan ajragan Estell Oldemga yetishadi. Turmushi davomida Alabama va Jill ismli qizaloqlarni birgalikda kamolga yetkazishadi.
Uilyam Folkner ijodi munaqqidlar tomonidan chuqur munozalarga sabab bo‘lsa-da, kitobxonlar uchun noodatiy va murakkab tuyular, shu sabab keng ommaga doim ham ma’qul kelavermasdi. Bu kabi holatlarni o‘zining muvaffaqiyatsizligiga yo‘ygan muallif 1932 yildan to 1946 yilga qadar Gollivud uchun stsenariylar yozish bilan shug‘ullanadi. O‘n besh yillik ijodi davomida ham baribir romanlar tartib berishdan chekinmadi: “Avgust yog‘dusi” (1932), “Avessalom, Avessalom!” (1936), “Bo‘ysunmaslar” (1938), “Yovvoyi palmalar” (1939), “Qo‘rg‘oncha” (1940) va hokazo.
Folkner zamondoshi Ernest Xeminguey uslubidan farqli o‘laroq, “ong oqimi” yo‘nalishida ijod qildi: yuksak hissiyotlar oqimi, ko‘z ilg‘amas mohirlik, aqliy hujum, tushunishdagi murakkablik, chigallik va ba’zan ilohiylik, g‘ayrioddiylikni o‘zida jamlagan asarlarida turli-turfa qahramonlar – sobiq qullar yoki qul avlodlari, nochor oq tanlilar, dehqonlar yoxud ishchi janubliklar va janublik zodagonlarni uchratish mumkin. Folknerning ijod mahsuli ham Jeyms Joys asarlari kabi o‘quvchini o‘ylatishga, fikr yuritishga, mulohazaga chorlaydi. Biroq, ularning murakkab syujetlari sababidanmi, yoxud hazmi og‘ir ekanidanmi ko‘pchilik kitobxonlar bu kabi asarlarga to‘xtalib, aniqrog‘i, “bosh og‘ritib” o‘tirishni afzal bilmaydi. Omma kitobxonining sarguzashtu kulgili voqealarga boy asarlarga talabidan farqli ravishda, uning ijodi xos adabiyotga taalluqliday tuyuladi. Yuksak adabiyotni tushunish, mag‘zini chaqish uchun ham teran aql, tafakkur lozimki, “ong oqimi” o‘zining oqimii bilan kitobxonni-da oqizib ketadi.
Uning ijodiy faoliyati davomida “Emili uchun gullar”, “O‘sha tungi quyosh”, “Qizil yaproqlar”, “Qaqroq sentyabr” kabi hikoyalarini “Bu, o‘n uchlar” (1931) nasriy to‘plamida jamlaydi, “Dang‘illama hovli”, “Pastga tush, Moisey”, “O‘g‘rilar” (ikkinchi bor Pulitser mukofotini keltirgan asar) kabi romanlari bosilib chiqadi. Ko‘plab ahli ijod kabi Folkner ham ichkilikdan, maydan ilhom olar, taniga “oppoq og‘u” yugurarkan, ayni chog‘da qalami ham oppoq qog‘oz uzra o‘ynardi. Rostlik va mastlik aro dunyoga kelgan ijod namunalarini bosmaxonaga topshirar ekan: “Bir kun kelib ijod va mening o‘rtamda devor paydo bo‘lishini bilaman. Biroq hali u devor yo‘q. Men yoza olaman”, derdi. Bu degani – “mening asarlarimga tuzatishu o‘zgartirishlar kiritilmasin” degani bilan barobar edi. Alalxusus, bunga hech kim jur’at etolmasdi. Demakki, u o‘ziga, asarlarining komilligiga, sarnigun bo‘lmasligiga ishongan.
Omadli adib 1950 yilning dekabrida adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati sifatida Stokholmga tashrif buyurdi. Uning ijodi, asarlari endi dunyo miqyosida tan olinardi. Muvaffaqiyatlar yoxud mukofotlar eshigi ketma-ket ochilib, 1955 va 1963 yillarda qo‘shaloq Pulitser mukofotiga sazovor bo‘ldi. Hayotligidayoq o‘ziga haykal qo‘yib ulgurgan Uilyam Folkner 1962 yil 6 iyulda AQShning Bayxeliya shtatida dunyodan ko‘z yumdi.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son