Omonulla Fayzullayev. Yozuvchining ilmiy fantaziyasi

(Chingiz Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi” romani haqida)

DASTLABKI MULOQOT TAASSUROTLARI

Amsterdam aeroportidan Toshkentga jo‘novchi samolyotga chiqdim. Chiptamdagi joy raqamiga qarab menga tegishli o‘rindiqni topdim va o‘tirdim. Qo‘shnim ko‘zimga juda issiq ko‘rindi. Yo ajab: Bu Chingiz Aytmatov-ku, dedim o‘zimga o‘zim, hayajonlanib. Miyamda ikki xil his paydo bo‘la boshladi. Bir tomondan, shunday buyuk shaxs bilan sakkiz soat yonma-yon o‘tirib suhbat qurish nihoyatda og‘ir va ma’lum ma’noda javobgarlik ekanini borgan sari ko‘proq seza boshladim. Ikkinchi tomondan, menga bu kishini xudo berdi, asta-sekin suhbatlashib boramiz, natijada albatta xursand bo‘lsam kerak, deb xayolimdan o‘tayotuvdiyamki, ikkalamiz samolyotda, odatda bo‘ladigandek, darrov apoq-chapoq, salomlashib, hol-ahvol so‘rab ketdik. Haligi hayajon men sezmagan holda ko‘tarildi-qo‘ydi.

Suhbatimiz asosan adabiyotdan boshlandi. Hozirgi zamondagi Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotlari haqida fikr almashib oldik. So‘ngra Sharq adabiyotiga o‘tdik. Va nihoyat jahon adabiyoti haqida so‘z bordi. Turgan gap, u kishining bu sohada juda katta bilimdonligi suhbat davomida sezilib turar edi.

Ikki-uch soatdan keyin Markaziy Osiyo fani, uning tarixi va hozirgi zamon yutuqlari haqida gap ketdi. Suhbatning asosi Sharq fani va G‘arb fani orasidagi munosabat bo‘ldi. Men Sharq ilmining jahon tamadduni tarixidagi mavqeini sal oshirib yuborganligimni u kishining ko‘zlari menga tikilib qolganidanoq sezdim.

Chingiz Aytmatov: – Gapingiz umuman to‘g‘ri, bizning hududlarda ma’naviy bilimlar, tabiatshunoslik ko‘p rivoj topgan. Lekin texnikaviy va texnologik fanlar nazariyasi va amaliyoti-chi? – Masalan, bug‘ mashinalari, parovozlar, elektr stantsiyalar, avtomobillar, samolyotlar, radio-televideniye va boshqalar qayerda yaratilgan. Yaxshi, algebrani, geodeziyani, farmakognoziyani, stereografiya nazariyasini Sharq bergan, deyapsiz. Bu – to‘g‘ri gap, uni jahon olimlari tan olgan, lekin, dastlab “Fizika” risolasi, Arximed qonuni, mumtoz mexanika, optika, nisbiylik nazariyasi, evolyutsiya nazariyasi, kimyoviy elementlar jadvallarining vatanlari qayerda? Siz xronologik jihatdan ma’lum ma’noda haqlisiz. Shuning bilan birga ta’kidlab o‘tish kerakki, G‘arbda ham ko‘pincha ovro‘potsentrizm deb ataluvchi xato va zararli qarashlar ko‘p uchraydi. Ular G‘arb ilmining ahamiyatini mutloqlashtirmoqchi bo‘ladilar, Sharqning jahon faniga qo‘shgan hissasini tan olgilari kelmaydi. Bu – noto‘g‘ri, albatta. Sharq va G‘arb deganda makon zamonsiz tasavvur qilinadi-ku, axir. Shuning uchun mening taklifim va tavsiyam: bir butun jahonni ikkiga bo‘lib, bir tomonlama mutlaqlashtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Jahon tamadduni pog‘onalari dunyoning har xil joyida, umuman, har xil zamonda paydo bo‘lgan va umum holda rivojlangan. Shu bilan birga aytish kerakki, Sharqning jahon fani rivojidagi roli, ahamiyati hanuz to‘la-to‘kis ochib berilgani yo‘q, bizda ham, butun dunyoda ham1 . Bu vazifa faqat tarixnavis olimlarga emas, balki turli sohada bugungi fanni rivojlantirayotgan mutaxassislarga ham taalluqlidir. Yana uch narsaga e’tibor berish masalani yanada oydinlashtirishga yordam beradi; birinchisi – Sharqqa Yaponiya ham kiradi, G‘arbga Amerika ham kiradi; ikkinchisi – G‘arb fani Sharq faniga qaraganda tezroq va yuqori darajada rivojlangan; uchinchisi – Sharq fani tarixini o‘rganish G‘arb fani tarixini o‘rganishdan orqada qolmoqda. Ular bizga qaraganda juda ko‘p ish qilishdi; chuqur va keng tadqiqotlar o‘tkazishdi, ko‘plab kitoblar va jurnallar nashr etishmoqda. Boringki, Kosmosni o‘rganishda ulardan tashqari, tarixan bizlarning ham hissamiz katta-ku. Vazifa bitta – bizlar ma’naviy boyligimizni yetarli saviyada o‘rganaylik-da, deb o‘zining bu sohadagi mulohazalarini tugatdi Chingiz Aytmatov.

Men: Kosmos haqida gap ketar ekan, bir narsa esimga tushib qoldi, “Kassandra tamg‘asi” romaningizdagi kosmonavt Filofey Yerdagi ko‘p odamlar­ning fikrini o‘zgartirib yubordi. Ba’zilar Sizning kosmonavtingizdan xursand, ba’zilar xafa. Ba’zilar endi xavfdan qutuldik, deydi, boshqalar esa xavfga tutildik, deydi. Romanda bayon etilgan jahonning ko‘p mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan qarama-qarshi mitinglardagi tortishuvlar, bahslar, mushtlashishlar kosmonavtning tarqatgan xabaridan, albatta.

Chingiz Aytmatov: Bu romanning syujeti mening fantaziyam. Zamonamizning, shu bilan birga, ilm-fanimizning ziddiyatligi har xil mamlakatlarda, har xil odamlar tafakkurlarida namoyon bo‘ladi-da, axir.

“Kassandra tamg‘asi” romani haqida suhbatlashishga endi o‘taman deb, gapni nimadan boshlasam ekan, deb tursam, styuardessa qiz: Toshkent aeroportiga qo‘nishni boshladik, deb yubordi. Qarang, 8 soatlik suhbatimiz ham bir zumdek o‘tib ketibdi.

Toshkentga qo‘ndik. Aeroport vokzalida Markaziy Osiyo madaniyati jamiyatining rahbarlari Odil Yoqubov, Po‘lat Habibullayev va boshqalar kutib olishdi Chingiz Aytmatovni (u shu jamiyatning raisi-da).

“KASSANDRA TAMG‘ASI” ROMANI HAQIDA

Toshkent aeroportidan uyga kelib, o‘sha zavqli taassurot bilan romanni yana bir bor sinchiklab o‘qib chiqdim, mutolaa qildim va o‘z fikrimni yoza boshladim.

Har qanday romanning mohiyatini, asl mazmunini har kim har xil tushunishi va ifodalashi mumkin. Men ushbu romanning mohiyatini ilmiy fantaziya deb tushundim.

Agar ilmiy qonunlar, nazariyalar, tamoyillar, aksiomalar, teoremalar – olimning ishi bo‘lsa, fantaziya bilan esa olimlardan tashqari, yozuvchilar ham shug‘ullanishlari mumkin. Chingiz Aytmatov ushbu romani bilan mana shunday yozuvchilarga bir namuna. Ilmiy tadqiqotlar olimlar aniqlagan dalillar va kashf etgan qonun-qoidalar munosabatiga keskin rioya qilar ekan, fantaziya esa bundan ozodroq bo‘lishi, masalan, fazo va vaqt bilan chegaralanmasligi mumkin, lekin ilmiy ma’noga ega bo‘lishi va fanga zid bo‘lmasligi shart.

Endi romanning mohiyati va mazmunini tahlil qilishga o‘tamiz.

Odam zo‘rlab majbur qilinishni yoqtirmaydi. Odam tabiatning bir qismi sifatida paydo bo‘lgan. Lekin u mehnatsiz yashay olmaydi. Mehnat esa tabiatning ma’lum ob’ektlarini, shuningdek, boshqa narsalarni ham o‘zgartirishdan iboratdir. O‘zgartirish esa ma’lum me’yorda bo‘lmog‘i lozim. Odam bilan tabiat orasidagi munosabat mana shu qonuniyat doirasidan tashqariga chiqishining iloji yo‘q. Tabiatning o‘zi va hodisalari cheksiz bo‘lganidan uni bo‘lish jarayoni ham benihoya, ammo odamning tabiatga ta’siri jilovlangan bo‘lishi lozim. Agar odam tabiatga haddan tashqari o‘z hukmini o‘tkazaversa, bu tajovuz tusini olishi mumkin. Muallifning aytishicha, roman odamning tabiatga shafqatsiz kuch ishlatib zo‘ravonlik qilishning asl mohiyatiga bag‘ishlanadiki, bu narsa jahonning halokatiga olib kelishi mumkin. Bu xulosa mavhum mulohazalarda emas, balki aniq hayotiy misolda bayon etiladi. Romanda odamzodning paydo bo‘lishi, turmush tarzi va rivojlanishi nihoyatda ziddiy xususiyatga ega ekanligi tasvirlanadi. Hayotning mag‘zini chaqish, mohiyatini to‘la anglash – hozirgacha hech kimga muyassar bo‘lmaganligi ta’kidlab o‘tiladi. Shuning uchun bu muammoga olimlarni ham, san’atkoru yozuvchilarni ham astoydil jalb etishni zamon talab qiladi.

Romandagi ilmiy fantaziyaning mazmuni. Kosmosdagi monax Filofey Yerga ma’lum qiladi: shunday xulosaga keldimki, ona qornidagi homila, ya’ni embrion birinchi haftadayoq kelgusida o‘zining taqdiri qanday bo‘lishini biladi va bildira oladi. Agar homilaning o‘z kelajagiga munosabati salbiy bo‘lsa, embrionlarda tug‘ilishga, ya’ni yorug‘ dunyoga kelishga qarshilik ko‘rsatadi. Men, deydi Filofey kosmosdan, embrion o‘zining tug‘ilishiga salbiy munosabatda ekanligini ifodalovchi belgi-signal borligini aniqladim. Shunday homilasi bor ayolning peshanasidagi pigment dog‘lari mana shu belgi-signaldir. Men bu dog‘ni Kassandra tamg‘asi, salbiy signal uzatuvchi embrionni Kassandra – embrion deb atadim.

Bu fantaziyaning markaziy o‘zagi odam organizmining tug‘ilguniga qadar ham fikrlash qobiliyatiga egaligiga – kelajakda bo‘ladigan voqealarga o‘zining munosabatini bildirish va ona qornidagi hayotining dastlabki haftalaridayoq falokat signalini uzatish qobiliyati borligidir. So‘ngra bu qobiliyat so‘nadi, embrion asta-sekin bo‘ladigan voqealarga ko‘nikib boradi. Shunday qilib, bir soatdan keyin nima bo‘ladi, bu – noma’lum, lekin bu noma’lumlik homilador ayolning peshanasida yaqqol ko‘rinib turibdi, deyiladi romanda.

Shunday qilib, embrion hali tug‘ilganicha yo‘q, lekin u ma’lum fikrlash qobiliyatiga ega. Ular:

– fikrlash va taqdirini oldindan bilish;

– o‘z munosabatlarini moddiy va ruhan bildirish;

– yaxshi va yomon, ezgulik va yovuzliklarning farqiga borish;

– tanlash;

– qarshilik ko‘rsatish;

– vaqt o‘tishi bilan ko‘nikish;

– ma’lumlik va noma’lumlikni ajratish.

Embrionning, ya’ni hali tug‘ilmagan odamlarning bu qobiliyati nasldan-naslga o‘tib boraveradi. Kitobda aytilishicha, bu qobiliyat odamzod genlarida kompyuterdagi xotiralar kabi uzoq vaqt yig‘ilib, to‘plangan. Ezgulik va yovuzlik hammavaqt birgalikda, goho yo unisi, yo bunisi g‘alaba qozonadi. Yovuzlik qilgan odam o‘lganida u ziddiyat o‘lmaydi, belgilangan vaqti kelganda portlaydigan minaga o‘xshaydi. Shunday qilib odamzod irsiyatdagi yovuzlik xususiyatiga qarshi doimo kurashib bormog‘i kerak. Romanda shunday kurash odam hali tug‘ilmasidanoq boshlanadi. Bu – yaxshi odamning embrionlik davridagi ijobiy fazilati, ijtimoiy javobgarlikni his etish tuyg‘usidir.

“Tug‘ilsammikan, tug‘ilmasammikan?” – Romandagi asosiy masala shunday qo‘yilgan. Murtak – embrion ona qornidagi dastlabki hayot haftalarida yorug‘ dunyodan kelayotgan axborotlarni ilg‘ab olish qobiliyati tufayli, ularni qiyos qilib kelgusida, tug‘ilsa nimaga duch keladi, bu savol juda qiziqtiradi. Yorug‘ dunyodan onasi organizmi orqali kelayotgan axborotlarni ikki xil – qarama-qarshi ekanligiga e’tibor beradi: ba’zilari yaxshi, boshqalari yomon.

Yaxshilari: yorug‘ dunyoda faqat rohat, go‘zallik, mehr-muhabbat, maza qilish, adolat, boylik, ezgulik, yaxshilik, qanoatlanish, do‘stlik, o‘zaro yordam, xursandchilik va shu kabilar.

Bularni bilib olgan embrion: tug‘ilaman, deydi. Lekin, bu fazilatlar dunyo, olam deb ataluvchi medalning bir tomoni ekanligini, binobarin, ikkinchi, salbiy tomoni ham borligini anglaydi, u.

Yomonlari: embrionga yetib kelgan xabarlarga qaraganda, yorug‘ dunyo yomon dunyodir: ochlik, xarobalik, kasalliklar (jumladan, SPID), urushlar, iqtisodiy tanazzul, ijtimoiy po‘rtana, jinoyatchilik, fohishabozlik, narkomaniya va narkomafiya, etnik qirg‘inchilik, irqchilik, ekologik va energetik halokatlar, yadro sinovlari, qora o‘pqonlar va boshqalar, deydi Chingiz Aytmatov.

“Bu va boshqalar”ga quyidagilarni ham kiritish mumkin: qashshoqlik, yovuzlik, nuqson-illat, azob-uqubat, kamsitish-xo‘rlash, adolatsizlik, ichkilikbozlik, iflosgarchilik, qurg‘oqchilik, yong‘in, to‘fon, halokatlar, samoviy jismlar to‘qnashuvi, suv tanqisligi, o‘lish azoblari…

Agar embrion-homila tashqi dunyodan hech qanday axborot olmaganda edi, yoki faqat yaxshi axborot olganda edi, tug‘ilishga to‘ppa-to‘g‘ri yo‘l olgan bo‘lur edi. Lekin, yomon-salbiy azob-uqubat kutilayotgani haqidagi axborotlar bunday qarorga kelmaslikka sababdir. Kitobda aytiladi: Kassandra tamg‘asi – hali ona qornida yashab oxirgi zamonni bezovta bo‘lib kutayotgan embrionning ichkaridan berayotgan aks sadosidir. Bu esa uni tabiiy hayotga intilishini yo‘qqa chiqarishga undaydi. Mabodo bunday salbiy o‘ylagan embrion oxir-natijada tug‘ilsa, bu faqat majbur etish oqibatida tug‘ilishdir, deyiladi romanda. U tug‘ilganidan so‘ng majbur etilganiga javoban o‘zi kuch ishlatishga moyil bo‘ladi. Dunyodagi savdoyi-vosvosalar, jallodlar, jinoyatchilar, o‘g‘rilar, tekinxo‘rlar, ishyoqmaslar, zo‘ravonlar, stalingitler yoki gitlerstalinlar mana shu tarzda tug‘iladilar.

Yozuvchi mana shunday yomonlikni kamaytirish, binobarin, yaxshilikni ko‘paytirish haqidagi masalani o‘zining ishlatgan giperbolik usuli bilan ifodalaydi. Yana chuqurroq mulohaza qilsak, barcha yomonliklarni boshlanishidanoq yo‘qotish, hamma yomon imkoniyatlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslikni roman o‘ziga asosiy vazifa deb qo‘ygan.

Fikrlash va xatti-harakat. Bu muammo hozirgi zamonda dolzarbdir. Ch.Aytmatov davom etadi: odamzod bu yangi muammolarning ma’nosini tushunib olib, o‘zining kelgusidagi fojeali o‘limi imkoniyatini anglashining o‘zi kifoya qilmaydi, balki bu anglash omon qolishning yangi usullarini yaratishga hamda kelajakda rivojlanishning yangi yo‘llari va shakllarini qidirishga qaratilmog‘i nihoyatda muhimdir. Bu esa, o‘z navbatida, yangi turmush tarziga, yangicha fikrlashga olib kelishi kerak.

Demak, oldin anglash, so‘ngra harakat qilmoq. Natijada kelajagimiz mazmuniga yangi turmush tarzi, yangi tafakkur uslublari kiradi.

Omon qolishning muhim muammosini yaxshilik va yomonlik orasidagi kurash tarzida qarash mumkin. Muallif yozadi: odamzodga oldindan berilgan ezgulik va yovuzlik energiyalarini hech kim o‘zgartira olmaydi. Ular bab-barobar miqdorlardir. Lekin insonga aql imtiyozi berilganki, u tugamas adabiylik xarakteriga ega. Agarda odam omon qolishni istasa, tamaddun cho‘qqilarini egallamoqchi bo‘lsa, u o‘zidagi yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishi kerak. Axir, odamlarning hayoti shunga tinimsiz intilish bilan o‘tadi-ku. Bu esa bizning bosh maqsadimiz. Odamning bu mo‘ljali potentsial holda mavjud. Uni amalga oshirish mumkin, agar qiyin va murakkab holatdan chiqishning oqilona yo‘li topilsa. Bu yerda birinchi galda bilish va xatti-harakat qilish ilmiy usullarini tanlash va aniqlash lozim. Odamzod busiz o‘z tarixida ko‘p narsalarni yo‘qotgan.

Asarda aytiladi: odamzod qanday rivojlanish va rohat-farog‘at imkoniyatlaridan judo bo‘lgan, buning natijasida qancha dard-alamlarga duch kelgan, qancha baxtsizlikni boshlanishidanoq yo‘qotishi, chetlab o‘tishi mumkin edi, buni hech kim bilmaydi. odamlar oldindan bilish usullari bilan qurollanib, Kassandra tamg‘asi orqali signal beruvchi kassandra-embrionlarni qanday yo‘qotganliklari tarixda bizga noma’lum. Odamzod o‘zining genetik tizimida nima borligini, afsuski, ancha kech bildi. Harholda hali ham kech emas.

Mulohazaning ikkinchi tomoni ham bor. Chingiz Aytmatov yozadi: kim biladi, ehtimol kelgusida Gitler yoki Stalin bo‘lib yetishadigan embrionlar tug‘ilishga qarshilik ko‘rsatgandirlar, baxtsiz bu embrionlar butun dunyoga, avvalo homilador onalarga majburan tug‘ilayotganliklarini ma’lum qilmaganmikanlar. Ha, ular – Gitler va Stalin. Bu ikkisi tutingan aka-ukalar millionlab odamlarni o‘zaro to‘qnashtirdi va oqibatda, odamzod o‘zi bilan o‘zi urishdi, o‘sha zamon sayyorasining aholisi o‘zini o‘zi yo‘q qilmoqchi, Yer yuzidan o‘zini o‘zi o‘chirib tashlamoqchi bo‘ldilar, binobarin, odamzod odamzodni ko‘rolmaslikka olib kelmoqchi bo‘lindi, aslida.

Hozir-chi? Ularga o‘xshaganlar yo‘qmi, deydi muallif.

Bor, albatta. Romandagi fikrlar badiiy obrazlardan ko‘ra hozir yashayotgan odamlarning, dahshatli insonlarning borligi o‘quvchini ko‘proq xavotirga soladi. Bu mavjudotlar odamzodga baxtsizlik, azob-uqubat keltirishi mumkinligi haqida gap ketyapti.

Chingiz Aytmatov o‘zining badiiy izlanishida hozirgi zamon molekulyar genetika yutuqlariga asoslanadi, shu bilan birga, tashqi muhitning ta’sirini ham inobatga oladi. Asarda aytiladi, qani endi, bu kassandr-bolalar tug‘ilganidan keyin yaxshi muhitda tarbiya olsa, uning salbiy genetik xususiyatlari o‘z kuchini yo‘qotarmidi.

Romanda Filofey, Bori, Jessi va boshqa qahramonlar xatti-harakatlari har xil tabiiy, ijtimoiy va ruhiy hollar sharoitida boradi. Bu yerda kosmos va kosmonavtika, geofizika va geografiya, elektronika va informatika, tibbiyot va genetika, tabiatshunoslik va jamiyatshunoslik, psixologiya va ruhiyat, moddiylik va ilohiylik bir-biri bilan mujassamlashib ketgan. Agar barcha bu sohalarni bir piramidada joylashtirsak, uning cho‘qqisida ma’naviyat, axloq, ruh yotadi.

Chingiz Aytmatov fantaziyasi ilmiy va diniy dunyoqarashlar tizimida. Bolaning hayoti tug‘ilgunicha boshlanib, tug‘ilganidan keyin davom etadi. Bu ikki palla haqidagi ta’limotning rivojlanishi haqida ozroq gapirib o‘tamiz.

Romanda yozilganini eslab o‘tamiz: homila ona qornida dastlabki haftalardayoq tug‘ilganidan keyin yorug‘ dunyoda nima bo‘lishligini intuktiv ravishda oldindan bilib olish va unga o‘z munosabatini bildirish qobiliyatiga ega.

Bu fikr aslida fantaziya, gipoteza, nuqtai nazar. U ma’lum ma’noga ega. Agar odamning tug‘ilgunigacha bo‘lgan hayoti haqidagi ta’limot tarixiga nazar tashlar ekanmiz, qarab chiqayotgan fantaziyamizning boshqa fantaziyalar orasidagi o‘rnini topish qiziqarli masaladir. Gap embriologiyaning yaratilishi va rivojlanishiga borib taqaladi.

Uning asosiy davrlari: 1) Aristotel (eramizdan oldingi IV asr) “embrion” tushunchasini ayolning menstruatsiya qoni zarrasi sifatida fanga kiritadi; 2) XVII asrda Aristotelning bu qarashlari chetlashtirildi va “embrion” deb ayolning emas, balki erkak moddasi bo‘lgan spermatozoid hisoblana boshladi. Mana shu moddada mikroskopik o‘lchamdagi odamzodlikning dastlabki alomatlari joylashgan. Bu narsa mikroskop yordamida ko‘rsatildi va isbotlandi; 3) 1973 yili O’Roxilli homila-murtakning ona qornidagi hayoti davrlarining klassifikatsiyasini berdi. Aytilishicha, birinchi haftada homila paydo bo‘ladi, ikkinchi haftada esa murtakning miyasi hosil bo‘ladi; 4) embrion haqida hozirgi zamon ta’limoti ma’lum o‘rinni egallaydi.

XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Mollu Striter va boshqalarning asarlari, so‘ngra molekulyar genetika yutuqlari embriologiyani yanada rivojlantirdi. Abort muammosi ijtimoiy jihatdan muhim bir masalani ko‘ndalang qo‘ymoqda: homilani abort qilib olib tashlash qaysi davrigacha qotillik hisoblanmaydi? Murtak ikkinchi oyda embrionga aylanadi va bosh miya ham orqa miya paydo bo‘ladi. Beshinchi oyda – eshitadi, qo‘rqadi, jahli chiqadi, qo‘rqitadi. Oltinchi oyda odam shaxsi shakllanadi; onaning hayajonlanishi, sezishi qornidagi bolaga o‘tadi. Tug‘ilishidan boshlab nafas olaveradi.

Mashhur muhaddis Abdulla ibn Mas’udning quyidagi so‘zlari xronologik jihatdan emas, balki mantiqiy nuqtai nazardan ma’lum ahamiyatga ega: har bir odamning tarkibini tashkil qiluvchi narsalar ona qornida bo‘lganining 40-kuni mujassam etiladi, keyin baxtli bo‘ladimi yoki baxtsiz bo‘ladimi, peshonasiga yoziladi, so‘ngra nafas puflanadi, shunda jon kiradi. K.Mur, A.Zindani, A.Ahmad o‘z asarlarida bu fikrga alohida urg‘u beradilar. Shunday qilib, Chingiz Aytmatov va Abdulla ibn Mas’udlarning “peshonaga yozilgan” tamoyillari ming yildan keyin bir-birini topdi.

Chingiz Aytmatov o‘z romanida “murtak (zarodыsh)” va “embrion” tushunchalarini ishlatgan. Bu tushunchalar “gen” va “DNK” tushunchalari bilan bevosita bog‘liq. Gen – naslning hozircha eng kichik birligi. Odamning individual xususiyatlari mana shu genlarda mujassam etilgan. Xarakter, kasalliklar, moyilliklar genlarda kodlashtirilgan. Keyingi vaqtlarda xotira geni, tajovuz geni, qo‘rqinch geni, janjalkashlik geni va boshqalar topildi. Qizig‘i shundaki, ota geni boladagi hissiyot va instinktga, ona geni esa aql va fikrlash mantiqiga javob berar ekan. Ular o‘zaro odamni boshqaruvda ko‘proq ishtirok etish huquqi uchun raqobatlashadi. Buning natijasida tug‘ilgan bola ko‘proq yo hissiyotli, yoki ko‘proq aqlli bo‘lib tug‘iladi. Mobodo genetik kod to‘la ochilsa, odamni mashinadek konstruktsiya qilish imkoniga ega bo‘lamiz. U holda odam sun’iy konstruktsiya qilinishi natijasida tabiiy fazilatlardan (masalan, iste’dod, irodadan) mahrum bo‘lib qolmasmikan? Agar, aktiv muhitdagi mavjud tizimning o‘z-o‘zidan tashkil topishi haqidagi fan bo‘lmish sinergetika bu ishga aralashsa, odamning rivojlanishi jamiyat istaganicha bo‘lur edi.

Romanning asosiy qahramoni bo‘lgan homilaning “tug‘ilsammikan, tug‘ilmasammikan?” degan savolini eslasak, bunday savolni, albatta odamgina bera oladi, bu yerda hali tug‘ilmagan odam. U, binobarin, yashaydi va fikr yuritadi. Fikrlash esa ma’naviy dunyo tarkibiga kirib, jonning oliy mahsulidir. Shu bilan birga jon fikrlashdan kengroq. Chingiz Aytmatov jon bilan fikrlashni birgalikda qaraydi. Bu esa yozuvchining abstraktsiyasi. Mazkur usul odam, odamzod hayotining hozirgi zamondagi kosmik, ekologik, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-psixologik muammolarini yechish uchun to‘g‘ri yo‘ldir.

Jon va hayot. Ularning o‘zaro munosabatlari qanday? Chingiz Aytmatov asarida odamning joni va jamiyat hayoti orasidagi munosabatlar nihoyatda murakkab ekanligi haqida gap boradi. Jonshunoslik bilan jamiyatshunoslikning uzviy bog‘liqligi badiiy shaklda bayon etiladi.

Hozirgi zamon fani uqtiradiki, jon va hayot tushunchalari orasida farq bor. Lekin, ularning tabiati bizga hanuz sirli. Darhaqiqat, tabiatshunoslik va jamiyatshunoslik odam hayoti, jamiyat hayotini o‘rganish sohasida katta yutuqlarga erishdi. Ayni paytda “jon” tushunchasi hozircha falsafiy kategoriya bo‘lib, tabiatshunoslikda ilgari ham, hozir ham yetarli o‘rganilmagan.

Jon muammosi sohasida Anaksagor, Aniksimandr, Aniksimen, Geraklit, Fales, Empedokl va boshqa mashhur olimlar bosh qotirganlar. Ularning ba’zilari jonni substantsiya, boshqalari – aktsidentsiya, birlari – harakatga keltiruvchi, ikkinchilari – olov deyishgan. Shuningdek, jon – bu jism, son, nafs, qon deyuvchilar ham bo‘lgan. Ibn Sino ularning ta’limotlarini tanqidiy ravishda o‘rgangan, ba’zilarini xato deb tushungan. Ibn Sino fikricha, tirik mavjudotning hammasining hayot mohiyati umumiy – ovqatlanish, rivojlanish, ko‘payish. Hayvonlar, ulardan tashqari, o‘z xohishi bilan fazoda harakat qiladi, odam esa, unga qo‘shimcha, aql bilan ish ko‘radi. U aytadi: odam o‘z maqsadi bilan yashaydi, u jamiyatsiz yashay olmaydi, narsalarni tejash uchun o‘zini cheklaydi. Agar o‘zidan boshqa hech kim bo‘lmasa, u halok bo‘ladi. Barcha biologik mavjudotlar emas, faqat odamga mansub umumiy nomoddiy g‘oya abstraktsiya qilish imkoniyatiga ega, deydi Ibn Sino. Bu fikr biologik hayot va odamning ma’naviy layoqati orasidagi tafovut haqida ketyapti. Bu yerda tug‘ilishgacha va tug‘ilgandan so‘ng o‘tadigan vaqt haqida gapirilmagan. Chingiz Aytmatov esa, jon va hayot haqida gapirganida tug‘ilguncha va tug‘ilgandan keyingi davrlarni e’tiborga oladi.

Ha, “qurilish materiallari” bo‘lgan spermatozoid va tuxumhujayra jonli moddalardir. Ularning birlashishidan keyin murtak, embrion, homila hosil bo‘ladi. Shu paytdan boshlab jon, ma’naviy dunyo, tafakkur, masalalarning ta’riflari va ularning yechimi paydo bo‘ladi. Bu gaplarning hammasi romandagi fikrlarda o‘z izohini topgan. Gapning po‘st kallasi asar odamning tevarak muhitga munosabati haqida. Bu esa, birinchi galda – falsafa, falsafiy mushohada. Agar har bir odam faylasufdir, deyilsa, birinchi falsafiy mulohaza, bu – homilaning ona qornidagi paytidayoq, “tug‘ilsammikan, tug‘ilmasammikan” degan savolining qo‘yilishi va uning yechimidir.

Homilaning mulohazalari jahon ahli munozarasida. Bu esa “Kassandra tamg‘asi” romanidagi fantaziyaning ijtimoiy natijasidir. Xalq nima gapligini bilishni xohlaydi va talab qiladi. Ba’zi homilador ayollarning peshonasidagi tamg‘aga qarab tug‘ilajak inson xalqqa zarar yetkazishini kosmik monax Filofey kashf etgan ekan, odamzodning kelajagi nima bo‘ladi? Oldini olish mumkinmi? Ehtimol yolg‘on gapdir? Bunday zararli homilalar tug‘ilmasligi uchun, yoki tug‘ilib qolsa, nima qilish kerak? Ehtimol u tug‘ilmasligi uchun jahonning hamma mamlakatlarida abort qilish kerakdir? Masalaning bunday qo‘yilishini jahon aholisi, ayniqsa, ayollar ma’qul toparmikan? Chingiz Aytmatov yozganidek, dilemma paydo bo‘ldi: yo bizlar qanday yashagan bo‘lsak, shunday yashaymiz, beparvolik bilan o‘zimizni o‘zimiz ovutib-aldab, yoki kassandra-embrionlarning ko‘payish sabablarini anglab, uning oldini olish, “oxirgi zamon”dan qutulish yo‘lini qidirish kerak? Mana shunday yechimni tanlov jahon xalqlari oldida ko‘ndalang turibdi.

Mana shu savolga javob berish maqsadida, dilemmaga o‘z munosabatini bildirish uchun jahonning ko‘p mamlakatlarida aholi mitinglarga chiqdilar. Hatto mitinglar ham ikki maslakka, ikki guruhbozlikka ajralib ketdi. Birlari – ha, boshqalari – yo‘q, deganday bo‘ldi. Nyu Yorkda BMT binosi oldida, Moskvada – Qizil maydonda, Ovro‘po mamlakatlarida, Xitoy, Hindistonda va boshqa mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan mitinglar bir-biriga qarama-qarshi shiorlar, his-tuyg‘ular bilan, baqiruv-chaqiruvlar bilan o‘tdi. Bir so‘z bilan aytganda yomon-yovuzlikning kashf etilishi jahon ahlini uyg‘otdi. Bu gaplar xudoga shukrki, hayotda emas, romanda ifodalandi.

Bu masalalar texnikaviy emas, kosmik emas, hatto biologiyaviy, tibbiy emas, avvalo ma’naviyat-axloqiy mohiyatga ega.

Chingiz Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi” romanining ilmiy-badiiy, ijtimoiy-dramatik mohiyati, asosan, shulardan iborat.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 6-son