Zulfiya XX asr o‘zbek adabiyotining mashhur namoyandalari G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhordan tortib, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda, Mirtemirlar bilan birgalikda adabiyot maydoniga kirib keldi va o‘z ijodining yorqin sahifalarini ochdi. Shoiraning o‘zi ham qayd etganidek: “shoirlik kasb-hunar emas, qismatdir, qismat esa insonni tark etmaydi”. Shoirlik tolei ila yolg‘iz qolgan o‘lmas san’atkor, dilbar ona – Zulfiyaxonim she’riyatidagi go‘zallik, oshiqona tuyg‘ular, umuman, insoniy munosabatlar tasviri o‘quvchini chuqur o‘yga toldiradi.
Shoira haqida yozmoqlik, o‘ylamoqlik, tadqiqotlar olib bormoqlikning o‘zi kishida yoqimli taassurotlar uyg‘otadi:
Zulfiya – ko‘kdan tushgan malakka o‘xshardi.
Zulfiya – sevilgan, tanlangan, parilar bulog‘idan suv ichgan qiz edi.
Zulfiya – shoirona qalbi ila shoir qalbli inson bilan oila qurdi.
Zulfiya – onalik saodatidan sarmast baxtiyor inson bo‘ldi.
Zulfiya – hayotni sevdi, hayotning quvonchli kunlariga qo‘l uzatdi.Hayotning talx sharobini-da sabot bilan simirmoqqa o‘zida kuch topa oldi.Umr yo‘ldoshining ko‘magini hamisha qalban his etib yashadi.
Uning yuragi dunyoning ezgu niyatli shoir-yozuvchilari bilan jo‘rovozlikda kuyladi. Hindistonda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda raislik qildi va o‘z so‘zi bilan ko‘z yetmagan olis manzillargacha yetib bordi. “Mushoira” poemasi Osiyo va Afrika taraqqiyparvar yozuvchilarining 1956 yilda Hindistonda o‘tkazilgan konferentsiyasi taassurotlari natijasi o‘laroq dunyoga keldi. Xalqlar do‘stligi, insonparvarlik kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida aks ettirgan doston Javoharla’l Neru nomidagi mukofotga loyiq ko‘rildi. Shoira “Nilufar” mukofoti bilan ham taqdirlandi.
Zulfiyaning ocherklari, publitsistik qaydlari maroq bilan o‘qildi. Shoira tarjima maydoniga kirdi – Nekrasov, Mustay Karim, Demyan Bedniy, Nozim Hikmat, Marvarid Dilboziyni… o‘zbek tiliga o‘girdi. Shoira qalbini chiroq qilib yoqib, dunyo kezdi. Yo‘li Ozarbayjonning Bokusidan ham o‘tdi.
Zulfiyaning ozarbayjon tiliga qilingan tarjimalarini havas, maroq, zavq-shavq bilan o‘qiysiz. Men ularni “O‘zbek adabiyoti antologiyasi”, “O‘zbek she’rlari”, “Navoli O‘zbekiston” nomli almanaxlarda, shuningdek, 1969 yilda Marvarid Dilboziyning so‘zboshisi bilan chop etilgan “She’rlar” kitobida o‘qiganman. Ibrohim G‘afurovning “So‘zning olovi” majmuasidagi Zulfiya ijodiyotiga oid adabiy tahlillarga maftun bo‘lganman.
Zulfiya she’rlarining aksariyat qismini Aliakbar Ziyotoy, shuningdek, Ilyos Topdiq, Marvarid Dilboziylar ozar tiliga o‘girganlar. Ozarbayjonda O‘zbekiston haftaligi arafasida shoir Muso Aliakbarli muharrirligi ostida nashr etilgan “Tuproqqa sajda” kitobida shoiraning 35 ga yaqin she’rlari havola qilinadi. Umuman, Ozarbayjon matbuotida Zulfiya ijodidan ko‘plab namunalar, tahliliy maqolalar nashr etildi, nashr etilmoqda.
Zulfiya she’rlarining bosh g‘oyasi nimadan iborat? Javobni Marvarid Dilboziy ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, “shoira asarlarining eng buyuk qiymati ularning obrazliligidadir”. U qalam tebratgan mavzular xilma-xil va rango-rang; o‘jar hayotsevarlik ruhi bilan, hijron yengolmagan muhabbat bilan sug‘orilgan. Bu nekbin she’riyat insonni yuksalishga, boshni baland ko‘tarib yashashga, matonatli bo‘lishga o‘rgatadi.
Cheksiz go‘zalliklarga
Nazar solganimda men,
Sevimli do‘st, aziz do‘st,
Yodimga sen tusharsan.
O‘tli yurak, o‘tli so‘z,
Po‘lat iroda senda,
Unutmoqqa ularni
Darmon qayerda menda?..
Zulfiyaning ajoyib tarjimon ekanligini ozar she’riyatidan qilgan tarjimalari ham tasdiqlaydi. U bir gal o‘z nutqida shuni alohida qayd etgan ediki, “men Ozarbayjon shoiralaridan Madina xonim, Nigor xonim, Marvarid xonim, Hukumat xonim asarlaridan iftixor tuyaman. Ularning she’rlarini seva-seva o‘zbek tiliga tarjima qilaman. Ozarbayjon mumtoz shoiri, jamoat arbobi Mulla Panoh Voqifning she’rlarini o‘girarkanman, ulkan sevinch hissini tuydim”. Shoiraning ikki-uch jumlasida aks ettirilgan ummoncha muhabbatni ortiq sharhlashga zarurat yo‘q.
Har ikki xalq adabiyot hamda san’at ahli Zulfiya va Marvarid Dilboziy do‘stligini yuksak darajada qadrlab, tarixiy ahamiyatga molik deya qaraganlar. Marvarid xonim ham Zulfiya she’rlarini tarjima qilishdan charchamadi. U Zulfiyaga “Quyosh qizi” deya nom bergan: “Zulfiya deganimda, xayolimda bir quvvat bulog‘i mavjlanadi. Bu chashmaning mavjlari – ezgu ishlar, orzular, qo‘shiqlar – Zulfiyaning yurak so‘zlaridir”. M.Dilboziyning “Aziz Zulfiya”, “Zulfiya”, “Zulfiya o‘zbek xalqining shoiridir” va boshqa shu kabi maqolalari adabiyotshunosligimizning o‘zbek qiziga bergan yuksak bahosi, ular do‘stligining aziz xotirasidir.
1956 yilning ilk aprel kunlari Samad Vurg‘un xastalik to‘shagiga mixlandi. Dunyoning, jumladan, O‘zbekistonning butun yozuvchi va shoirlari buyuk san’atkordan hol-ahvol so‘rab, chin dildan unga salomatlik tilardilar. Jahon adabiyotining mashhur namoyandalari Bokuga qarab oqib kelardilar. Ozarbayjonda Samad Vurg‘unning bayrami – shoirning 50 yilligi nishonlanardi. Samad Vurg‘unning o‘zi bu tadbirda ishtirok eta olmasdi. Tashrif buyurgan mehmonlarga qarindoshi Mahdixon Vakilov shoirning tashakkurnomasini o‘qib eshittirdi. Shoirning rozi-rizolik so‘zlari, sevgisi bildirildi.
O‘sha kunlarda O‘zbekistondan G‘afur G‘ulom, Oybek, Zulfiya xonim Bokuga kelgandilar. Hammalari Samad Vurg‘unga atalgan she’rlarini o‘qidilar, matbuotda chop ettirdilar. Oradan ko‘p o‘tmay Samad Vurg‘un yorug‘ dunyoni tark etdi. Mehmonlar Bokuga yetib keldilar. Bu safar hamma motamda, ma’yus edi. G‘afur G‘ulom, Zulfiya, Oybek…
So‘ng 20 yilga yaqin vaqt o‘tdi. Bokuda Samad Vurg‘un uy-muzeyi ochildi. O‘sha kunlari – 1975 yilning oktyabri edi. Ozarbayjonda adabiyot kunlari o‘tkazilayotgandi. O‘zbekistondan ham katta bir guruh mehmonlar kelishdi. Adabiyot kunlarining ilk tongida Samad Vurg‘un uy-muzeyi ochilish marosimi tashkil etildi. Bayram ishtirokchilari yoppasiga bu tantanali tadbirning ishtirokchilariga aylandilar. O‘zbek xalqi farzandi Zulfiyaning unutilmas hodisa ta’sirida yozgan yangi she’ri barchaning qalbini to‘lqinlantirdi:
Bugun butun o‘lka
Vurg‘unning mehmonidir,
U hammaga kerakdir!
O‘z o‘g‘illariga va do‘stlariga…
Zulfiya xonim ayni taassurotlarini “Shoirning uyida” nomli turkum she’rlarida aks ettirgan. “Bir dona papiros” (bu she’r ozarbayjonchaga Muhammad Aslan tomonidan o‘girilgan) she’ri ayriliq tufayli yaratilgan edi. Bu yerda shoir chekkan oxirgi papiros qoldig‘ini ko‘rgan shoira yuragi larzaga keladi:
Qalbda intizorlik,
Ko‘zida maroq,
U bilan o‘pishib
Umrining so‘ngida.
Papirosda bo‘lgan
Ishonchga qara,
Yarimta qolibdi
Uning umri ham.
Yarimta papiros
Qara, nelar der,
Faqat o‘t so‘nmagan
Uning kulida.
Ey so‘zning xoqoni,
Sarrofi shoir,
Qancha nag‘ma so‘ndi dudoqlaringda?!
Sakkiz bandli bu she’rni hayajonsiz o‘qimoq mushkul. Muzeyning istak-mulohazalar kitobiga o‘zbek elchilari ko‘plab dil so‘zlarini yozganlar. Zulfiya ham shunday yozgan ekan: “Buyuk Samad Vurg‘un asrlar bo‘yi millionlarning yuragida abadiy yashaydi. Inchunun, uni juda ham sevgan o‘zbek xalqining qalbida ham mangudir”. Zulfiyaning she’rlarida yorqin bo‘yoqlar bilan o‘z badiiy ifodasini topgan mavzulardan biri ham xalqlar do‘stligi, birodarligidir.
Professor Panoh Xalilov shoiraning bu yo‘nalishdagi asarlarini yuksak baholab, shunday yozadi: “Bu she’riyatda Zulfiyagagina xos intim, alohida tuyg‘ular va tushunchalar bor. Lekin bu o‘ziga xos intim olam qismatning zarbasiga duchor bo‘lib, orzusiga yetolmay qolgan ayollarning, yigirma to‘qqiz yoshida beva qolib, umrini oilasiga, umidini qalamiga bog‘lagan onalarning va shoiralarning ko‘ngil olamini aks ettirganligi bilan ham qadrlidir”.
O‘zbekiston xalqi shoirining tavalludini har yili tantana qiladi. Biz esa do‘stlik, qardoshlik ehtiromimizga tayanib, she’rga, san’atga bo‘lgan muhabbatimizga suyanib, bir necha sahifa so‘zimiz ila Zulfiyaning poetik umr yo‘lini varaqladik. Shoirona umrning yashil sahifalarida birga bo‘ldik.
Ozarbayjon tilidan Sirdaryoxon O‘tanova tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 3-son