To‘lqin Eshbek ToshDU (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan chog‘laridayoq darslardan so‘ng tahririyatlarga oshiqardi. “Guliston” jurnali tahririyatida Oqiljon Husan, “Gulxan” jurnalida Xudoyberdi To‘xtaboyev bilan tanishib, ulardan ijodiy mahorat sirlarini o‘rganganlarini hayajon bilan so‘zlab yurardi. So‘ng, birin-ketin boshqa ustoz ijodkorlardan saboq oladi. U qanchalik umid bilan intilgan bo‘lsa, bag‘rikeng yozuvchi, shoirlar ham unga shu qadar mehr ko‘rsatdilar. Ko‘p yillar “O‘zbekiston sotsial ta’minoti”, “O‘zbekiston matbuoti”, “Gulxan” jurnallarida, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi, “Navro‘z” nashriyotida ishladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot guruhida katta konsultant, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Axborotnoma”si mas’ul kotibi, bosh muharrir o‘rinbosari, bosh muharriri, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti katta o‘qituvchisi, dekan o‘rinborsari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2006 yildan buyon o‘zi tahsil olgan O‘zMU jurnalistika fakulteti jamoatchilik bilan aloqalar va reklama kafedrasi dotsenti lavozimida samarali ishlab kelmoqda.
To‘lqin Eshbek bilan Qibray tumani gazetasida muxbir bo‘lib ishlab yurgan kezlari (1987 yili) tanishgan edik. O‘shanda u: “Siz bolalar jurnali “Gulxan”da ishlaysiz. Bolaligimda juda romantik edim”, degani yodimdan chiqmaydi. Shu-shu biz qadrdon bo‘lib qoldik. Uning ilk qissa va hikoyalar to‘plami – “Jigarbandlar”ga muharrirlik qilganman. Oqiljon Husan so‘zboshisi bilan chop etilgan shu kitobi 1993 yili O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Usmon Nosir mukofotiga munosib ko‘rilgan.
To‘lqin o‘ziga ustoz deb bilgan ijodkorlarga yangi to‘plamlarini olib borib, maslahat olardi. Uning “Shabada esgan kun” kitobiga Nosir Fozil, “Adashgan qiz qismati”ga Pirimqul Qodirov, “Hayot karvonlari”ga Erkin Vohidov, “Samarqand farzandi”ga Ibrohim G‘afurov, “O‘zbekning yomoni bo‘lmaydi” she’rlar to‘plamiga Umarali Normatov, “Olimning beqiyos olami”ga Fayzulla Mo‘minov, “Ikki asr odami”ga Orziqul Ergash, “Korruptsiyasiz hayot zavqi”ga Akmal Saidov so‘zboshi yozganlar.
Ayni paytda u “Qitiqlaydigan gaplar” she’riy to‘plami, “Pirimqul Qodirov saboqlari” xotira kitobi, “Saratondan sog‘aytirgan sehr” deb nomlangan sarguzasht qissasi ustida ishlayotgan ekan.
Axborot asriga aylangan zamonda O‘zMU jurnalistika fakultetida faoliyat ko‘rsatayotgan qahramonimiz ijtimoiy tarmoqlarda ham juda faol. U o‘quv dargohida “Uch ildiz” mahorat maktabiga yetakchilik qiladi. Unda taniqli publitsistlar, yozuvchi-shoirlarning bo‘lg‘usi jurnalistlar bilan ijodiy uchrashuvlari o‘tkazib turiladi. Bu uchrashuvlar hozirjavoblik bilan maxsus yutub kanalida va uchildiz.uz saytida yoritiladi.
Talabalarga soha sirlari va amaliyotini imkon qadar puxta o‘rgatish maqsadida To‘lqin Eshbek “Munosabat” ko‘rsatuvi telestudiyasida Quddus A’zam bilan hamkorlikda ijodiy mahorat maktabi tashkil etgan. Haftada uch marotaba to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etiladigan mazkur ko‘rsatuvda jurfak talabalari faol ishtirok etadilar. Shu tariqa har yili o‘nlab talabalar o‘qish bilan birga o‘rindoshlik asosida turli telekanallarga ishga qabul qilinmoqda.
To‘lqinning badiiy adabiyotda va adabiyotshunoslikda eng katta ustozi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov bo‘lib, adibning “Uch ildiz” romani uning uchun ijod andozasi sanaladi. U keksaygan chog‘ida xasta bo‘lib qolgan ustozining holidan tez-tez xabar olib, mehr bilan dastyorlik qilganini ko‘pchilik yaxshi biladi. 2019 yil qayta nashr etilgan “Uch ildiz” romaniga so‘ngso‘z yozgan adibning jiyani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Jalil Hazratqulov shunday xotirlaydi:
– Yurtimiz mustaqillikka erishgach, siyosat va mafkura tubdan o‘zgardi. “Uch ildiz” romanida o‘sha davrdagi mafkura bilan bog‘liq atamalar, ayrim gap-so‘zlar uni qayta nashr etishga monelik qilardi. Adibning orzu-armoni esa katta yoshdagi kitobxonlar e’tiborini qozongan, bugungi yosh avlodga ham ko‘p ma’naviy oziq berishi mumkin bo‘lgan bu asarini tahrir qilib, zamonamizga mos holda qayta ishlab chop ettirish edi. Biroq saksondan oshgan tog‘amning sog‘ligi ancha zaiflashgan, bu zalvorli ishni uddalashga qiynalardi. Ancha yillardan beri tog‘amning holidan xabar olib turgan shogirdi To‘lqin Eshbek bu ishda katta yordam berdi.
Bir paytlar “Uch ildiz” romanini mutolaa qilib hayratga tushgan To‘lqin payti kelib uni qayta ishlashda ustozi Pirimqul Qodirovga “mirzo”lik qilganidan qanchalik baxtiyor ekanini ta’riflashga hojat yo‘q.
Hayot o‘zi katta sinovlardan iborat. 2018 yili To‘lqin og‘ir kasallikka duchor bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. Bu og‘ir dardni yengishga To‘lqin o‘zida kuch, iroda topa oldi. Eng qizig‘i, u oyoqqa turgan sari, o‘z iborasi bilan aytganda: “Chala qolishiga bir bahya qolgan” ishlarini poyoniga yetkazishga kirishib ketdi. Shu tariqa bitta salmoqli o‘quv qo‘llanma hamda hujjatli qissalar, publitsistik maqolalar, hikoyalar, hangomalar, hajviyalar va she’rlardan iborat beshta to‘plami chop etilib, muxlislari qo‘liga yetib bordi.
Adibning “Ikki asr odami” kitobidan joy olgan hikoyalarida hajv, satira ruhi kuchli. Bu hikoyalar qahramonlari ikki asrda yashash baxtiga muyassar bo‘lgan kishilar – zamondoshlarimizning qadriyatlar alamashishi sababli hayotning turli sinovlariga munosabatini kuzatamiz, ularda o‘z obrazlarimizni ham ko‘rib qolamiz. “San’at deganlari qabariq shisha (lupa)”, deb yozgandi shoir Vladimir Mayakovskiy. To‘lqin Eshbek ham so‘z san’ati deb atalgan qabariq shisha orqali zamondoshlarning umumiy jihatlarini kitobxonga o‘ziga xos mahorat bilan ko‘rsata oldi.
Jamoat ishlarida hamisha faol To‘lqin Eshbek ayni paytda xalq deputatlari Toshkent shahri Olmazor tumani xalq deputati sifatida saylovchilari bilan hamisha hamnafas. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi sifatida respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat festivallari” orqali doimo xalq orasida.
To‘lqin Eshbek 2008 yili “Oltin qalam” mukofoti sovrindori bo‘lgan, qahramonimiz 2019 yili “Do‘stlik” ordeni va ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Unga navqironlik, nekbinlik baxsh etib turadigan obi hayot bulog‘i – bolalikdan olislab ketmasligini tilab qolaman.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 21-son