“O‘zAS”ning 2009 yil 23-sonida e’lon qilingan “Sonet sirlari” maqolasini zo‘r qiziqish va qoniqish bilan o‘qib chiqdik. Maqola muallifi, taniqli shoir va tarjimon Abdulla Sher bir qator yangi, asosli fikrlarni aytgan. Abdulla Sher ta’kidlaganidek, o‘zbek adabiyotiga sonet XX asrning 30-yillarida kirib keldi va uning “an’anaviy namunasini ilk bor Usmon Nosirda uchratamiz”. Ushbu janr bizga Yevropadan rus adabiyoti orqali kirib keldi. Ma’lumki, Usmon Nosir rus adabiyoti bilan, jumladan, Pushkin va Lermontov ijodlari bilan jiddiy qiziqqan, ulardan tarjimalar qilgan. Shu jarayonda Pushkinning sonetlari bilan ham tanishgan, o‘rgangan, deb taxmin qilsa bo‘ladi. E’tiborlisi shundaki, Pushkin atigi uchta sonet yozgan. Qolaversa, undan avval, uning davrida ham bu she’riy turga murojaat qilgan taniqli shoirlar bo‘lgan. Shunga qaramay, rus sonetchilik tarixi haqida gap ketganda adabiyotshunoslar Pushkinni birinchi ko‘rsatishadi. Shuningdek, bizning Usmon Nosir ham bor-yo‘g‘i ikkita sonet bitgan, bu asarlar o‘zbek sonetchiligining birinchi va, ayni paytda, mumtoz namunalari, deb e’tirof etilmoqda.
Sonet, aslida, italyancha so‘z bo‘lib, o‘zbek tiliga “jarangdor” emas, “jaranglamoq”, deb o‘girilsa aniqroq chiqadi. Bu so‘zning frantsuz tilidagi “sonetka” so‘ziga yaqinligini ham e’tiborga olish kerak. Frantsuzchada uy xizmatkorini chaqirish uchun ishlatiladigan, yoqimli jaranglaydigan qo‘ng‘iroqcha “sonetka”, deyiladi.
Sonetning bosh xususiyati “jaranglamoq” deyilganda, birinchi navbatda, to‘liq qofiyalar yoqimli jaranglab bir-birini chaqirishi, hamohangligi va she’rning ohangdor bo‘lishiga xizmat qilishi nazarda tutiladi.
Abdulla Sher maqolasida bildirilgan: “sonet… g‘azalga taqlidan yaratilgan she’riy shakl”, degan taxminiy fikrga qo‘shilgan holda, quyidagilarni qo‘shimcha qilish mumkin. Haqiqatan ham, sonet shaklining asosiy belgilari (o‘n to‘rt misradan tashkil topishi, qat’i qofiya tizimi) g‘azalga borib taqalsa kerak. Darvoqe, jahon adabiyotining asrlar davomida sayqallangan ushbu shakllaridagi o‘xshashlikka avvallari ham e’tibor berilgan. Jumladan, “g‘azal bu sonetning bir turi”, degan fikr aytilgan (qarang: “Literatura i tы”, “Molodaya gvardiya”, 1966, 16-bet). Albatta, bu noto‘g‘ri, chunki sonetga nisbatan g‘azalning “yoshi ancha ulug‘”. Shu bois, aksincha, sonet g‘azalning bir turi, desa o‘rinliroq.
G‘azal bilan sonet o‘rtasidagi shakliy o‘xshashlik, aslini olganda, ko‘p emas. Bu janrlar o‘rtasidagi eng asosiy umumiylik — boshqa she’riy turlarga nisbatan qat’ilikdir. Bizningcha, g‘azal bilan dastlabki tanishgan o‘rta asrlarda yashagan yevropalik so‘z san’ati ustalarida go‘zalligi bilan sharq durdonalariga tenglasha oladigan shakl yaratish ishtiyoqi tug‘ilgan. Lekin ular ko‘r-ko‘rona taqlid yo‘lidan bormay, g‘azaldan kam bo‘lmagan she’r turi yaratishga muvaffaq bo‘lishgan.
Sonet va g‘azal o‘xshashliklari borasida yana bir narsaga e’tibor qilish joiz ko‘rinadi. Biz bu o‘rinda 15 sonetdan iborat murakkab poetik qurilma, sonetlar gulchambari hamda unga tuzilishi tamoyillari bilan yaqin va X asrdayoq Sharqda mavjud bo‘lgan tarjiband va tarkibband kabi murakkab g‘azal kompozitsiyasini nazarda tutmoqdamiz. Ammo bu yerda ham shakl murakkabligiga intilish, misralar takrorlanishi umumiy, xolos; takror qoidalar, mezonlari esa turlicha, ya’ni o‘ziga xos.
Aytish lozimki, sonetchilik sohasida murakkab poetik arxitektonikaga intilish bizning davrimizda ham davom etmoqda. Chunonchi, yaqinda rus shoiri Igor Morozov sonetlar gulchambarlaridan gulchambar e’lon qildi. Bu nihoyat murakkab va san’atkorlik bilan bitilgan 211 ta sonetdan (2954 misra) tarkib topgan ulkan doston. Ushbu asar hali chuqur o‘rganilishi lozim.
Abdulla Sherning maqolasida bildirilgan asosiy fikrlardan biri sonetda mazmun va shakl nisbatiga oid. Muallifning ta’kidlashicha, sonetda shakl birlamchi, asosiy narsa; u mazmun ustidan hukmron bo‘lgandagina yaxshi asar vujudga keladi. Shu bois ham, shoir, birinchi navbatda, “mazmunni emas, shaklni o‘ziga bo‘ysundirishi lozim bo‘ladi. Har bir sonet mazmunining shaklga solinishi esa, xuddi asov otga ilk marta egar urishdek mahorat va mehnatni talab qiladigan jarayondir”. Muallif bu o‘rinda chiroyli o‘xshatish topgan, ammo bu chiroyli iborada ifodalangan fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi.
Birinchidan, nafaqat sonet, balki boshqa turlar sirlarini ham shoir asar yozishdan avval o‘rganib olishi zarur. Lekin bu asarda mazmundan shakl ustunlik qiladi, degani emas-ku?!
Ikkinchidan, sonet meditativ lirika janriga mansub shakl. “Meditatsiya” yunoncha so‘z bo‘lib, fikr yuritmoq, mulohaza qilmoq ma’nosini bildiradi. Bunda shoir inson hayotida uchraydigan turli ijtimoiy-axloqiy muammolar ustida, do‘stlik, muhabbat, sadoqat va xiyonat mavzularida o‘y suradi. (To‘g‘ri, bu qadimgi, mumtoz sonetga ko‘proq xos. Hozirgi davrda ushbu turning mavzuviy maydoni nihoyatda keng). Lirik qaramon kuzatayotgan voqelik tasvirlanishi ham mumkin va bu bilan bog‘liq ichki kechinmalarini ifodalaydi, falsafiy xulosa qilishga intiladi. Fikr, hissiyotlar dialektik tarzda kechadi, ya’ni rivojlanish pog‘onalariga ega. Ana shu mazmun dialektikasi bir necha bo‘g‘inli she’riy kompozitsiyani talab qiladi.
Sonetning qat’i va ixcham shakli ana shu talabga mos. Shuning uchun ham shoir bu turga murojaat qiladi.
To‘g‘ri, sonet janriga birinchi bor murojaat qilayotgan shoir, avvalo, uning poetikasini puxta o‘rganadi. Ammo bu shakl — birlamchi, degani emas. Qalamkash u yoki bu shaklni muayyan mazmunga mos ravishda tanlaydi.
Sonetning tor doirasida, qobig‘ida mahoratli shoir mavzuni aniqlab (birinchi to‘rtlik), uning rivoji davomidagi ziddiyatni ko‘rsatadi (ikkinchi to‘rtlik) va fikrlash nihoyasida topilgan yechimni beradi (uchliklar). Asosan, qofiyalar tizimi vositasida ajralib turgan to‘rtlik va uchliklar fikr syujetining (ta’bir joiz bo‘lsa) rivojlanish pog‘onalarini aks ettiradi. Darvoqe, mashhur nemis sonetnavis shoiri I.Bexer ham sonetning janr xususiyatlarini mazmun rivoji dialektikasidan kelib chiqib belgilaydi: birinchi to‘rtlik — tezis; ikkinchi to‘rtlik — antitezis; ikki uchlik — sintez. Shaklning tor doirasi, nihoyatda tejamkorlik bilan qo‘llanayotgan badiiy vositalar asar mazmun-g‘oyasini qisqa, lekin yorqin ifodalashga xizmat qiladi.
Albatta, ixcham shaklda teran g‘oyani ifoda eta olish haqiqiy poeziyaga umuman xos bo‘lgan belgi. Shu bois bo‘lsa kerak, I.Bexer o‘zining “Sonet falsafasi” nomli risolasida mazkur she’riy turni “poeziyaning asosiy shakli”, deb e’lon qilgan. Bu, tabiiyki, munozarali holat.
Sonet qat’i shakl deb yuritilsa-da, aslida u tom ma’noda qotib qolgan emas. O‘zining sakkiz yuz yillik “hayoti” davomida qit’alar osha, davrlar osha “yurish” qilar ekan, ma’lum darajada juz’iy o‘zgarishlarni boshidan kechirdi, rivojlanib bordi. Chunonchi, dastlabki davrlarda aksariyat sonetlar hozirgiday to‘rtliklar va uchliklarga bo‘linmagan, faqat qofiya tizimigina ularning chegarasini shartli ravishda ko‘rsatib turgan. Dante o‘z sonetlarida birinchi va to‘qqizinchi misralarni picha chapga surib yozgan va shu bilan aslida mazmunan yaxlit she’r ikki qism, sakkizlik va oltilikdan tarkib topganligini ko‘rsatgan. Keyinchalik sonet ikkita to‘rtlik va ikkita uchlikka ajratib yoziladigan bo‘ldi. To‘rtlik — katren, uchlik — tertsen, deb yuritila boshlandi. “Katren” so‘zi (to‘rt) italyancha emas, frantsuzcha ekanligini sonet poetikasiga frantsuz an’analarining ta’siri borligiga dalolat, deb qabul qilsa bo‘ladi.
Lekin shuni aytish kerakki, katren va tertsetlarga bo‘lmay yozish odati XX asrda ham uchraydi. Bunga misolni Bexerdan ham topish mumkin.
Sonetning qoidalaridan chekinish oz emas. Masalan, XVIII asr ikkinchi yarmidan XIX asrning 70-yillarigacha bo‘lgan oraliqni tadqiq etgan mutaxassislar kuzatishicha, rus sonetchiligida 129 ta model uchraydi. (Qarang: Problemы teorii stixa. L, “Nauka”, 1984, 53-bet). Ayniqsa, XIX asr oxiri XX asr boshlarida rus simvolistlari bu borada ko‘p “tajribalar”ni o‘tkazishgan. Ularning ijod namunalarini, albatta, sonet deb qabul qilish qiyin.
Ammo sonet tarixida ushbu janrga murojaat qilib, uning an’analariga ijodiy yondashib, mumtoz sonetning mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan qoidalarni buzmagan holda, yangi variantlar kashf etgan yoxud shunday variantlarni jahon miqyosida tarqalib, e’tirof etilishiga o‘z ijodi bilan hissa qo‘shgan buyuk qalam sohiblari ham uchraydi. Ulardan biri Uilyam Shekspir bo‘ladi.
Abdulla Sherning ta’kidlashicha, inglizcha, ya’ni shekspircha sonet yo‘q, ingliz shoirlari shunchaki sonetga o‘xshash kichkina-kichkina she’rlar yozishgan. Eslatib o‘tamiz, Abdulla Sher yagona deb qabul qilayotgan, kelib chiqishi italyancha bo‘lgan sonet shakli ikki katren va ikki tertsetdan iborat. Bunda, ayniqsa, katrenlardagi qofiyalar tizimiga e’tibor beriladi: abba; abba; yoxud abab; abab. Shekspir tufayli dunyoga mashhur bo‘lib ketgan inglizcha variant esa 3 katren va yakunlovchi ikkilikdan (“distix” deb ham yuritiladi) iborat; unda qofiya tizimi quyidagicha: abab vgvg, dede, jj. Abdulla Sher fikricha, Shekspir zamonida har qanday kichik hajmli she’rni sonet, deb atashgan. Binobarin, “ingliz shoirlari sonet atamasining asl ma’nosini qo‘llagan emaslar va uni atayin buzish uchun harakat ham qilmaganlar, balki shunchaki sonet shakliga taqlidan “kichik she’rlar” yozganlar”.
Bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Birinchidan, o‘sha davrda barcha kichik hajmli she’rlar sonet deb atalishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, bu buyuk Shekspir ham boshqalar darajasida asar yozgan, degani emas. O‘sha vaqtlarda bitilgan “kichik hajmli” she’rlardan olib Shekspirnikiga qiyoslansa, buning isboti ham topilsa kerak. Darvoqe, g‘azal janrida ham ancha-muncha chekinishlarni izlab topish mumkin, turlari ko‘p. T.Boboyevning “Adabiyotshunoslik asoslari” (Toshkent, 2002) darsligida g‘azalning 10 turiga ta’rif berilgan. Lekin barchasi g‘azal deyiladi. Qolaversa, “g‘azal” atamasi ham ba’zan keng, umuman, she’r ma’nosida ishlatilishi kuzatiladi. Shunga asoslanib, Navoiy yoki Furqat g‘azal yozmagan, desak to‘g‘ri bo‘ladimi?
Abdulla Sher shekspircha sonetni inkor etarkan, I.Bexerga asoslanib, shunday yozadi: “Bexer qat’iy qonun asosida yaratilmagan barcha sonetlarni inkor etib, “o‘n to‘rt satrli shig‘irlar”, deb ataydi va ularning sonetga aloqasi yo‘q, degan qat’iy xulosaga keladi”. Demak, Shekspir sonetlari — “shig‘irlar”?
Bunga javoban aytish mumkinki, Abdulla Sher maqolasining boshidan oxirigacha sonet shakli haqida, undan chekinishlar haqida yozadi. Bexer esa, sonet mazmuni haqida so‘z yuritgan. U o‘zi ilgari surgan tezis — antitezis — sintez formulasiga mazmunan mos bo‘lmagan sonetlarni inkor etadi. Shakl sohasidagi juz’iy o‘zgarishlarga ortiqcha e’tibor bermaydi. Uning o‘zining sonetlari orasida ham ingliz variantida bitilgan sonetlarni uchratish mumkin. Bu esa, Shekspir sonetlarini tan olish alomatidir.
I.Bexer sonetda mazmun va shakl birligi haqida gapirgan. Uning uchun katrenlardagi qofiya tizimidan asarda “poetik quvvatning yig‘ilishi” va otilib chiqishi muhimroq. Bizning fikrimizcha, xuddi mana shu nuqtai nazardan kelib chiqib, shekspircha sonet shakli italyanchasiga nisbatan ko‘proq imkoniyatga ega, desa bo‘ladi: mazmun ikki emas, uch katren davomida yana ham rivojlanib, yakunlovchi ikkilikda xulosa go‘yoki birdan otilib chiqadi. E’tibor berilsa, inglizcha sonetning yakunlovchi bayti xuddi g‘azal matlasiga o‘xshab aforizmga aylanib ketadi (hamma vaqt ham emas, albatta), mazmunan mustaqillik kasb etadi. Sonetologlar inglizcha sonetning yakunlovchi ikkiligini to‘laroq tavsiflash maqsadida unga nisbatan xoreografiyaga oid atama qo‘llab, puantы deb yuritishadi. Puantы — balet raqqoslari kiyadigan yengil poyafzalning qattiq uchi. Oyoq uchida yurib raqsga tushishi “puantda raqsga tushish”, deyiladi. Bunda san’atkorning bor quvvati oyoq uchiga yig‘iladi, raqqosning mahorati namoyon bo‘ladi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, Pushkin tomonidan “Evgeniy Onegin” she’riy romani uchun maxsus ishlab chiqilgan va keyinchalik “onegincha band” (oneginskaya strofa), deb nom olgan shaklni ba’zi adabiyotshunoslar (L.Grossman) sonet deb isbotlashga urinishgan. Lekin bu fikr keng e’tirof qozonolmadi. Chunki “onegincha band” garchand 14 satrli (3-katren va 1 ikkilik)dan tashkil topsa-da, lekin mazmunan sonet qoidalariga tushmaydi. Pushkin o‘zi ham bu mashhur asarida sonetga da’vogar bo‘lmagan, u butunlay boshqa shakl yaratgan.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Abdulla Sher o‘zbekistonlik sonetnavis shoirlardan Usmon Nosir va yana rusiyzabon adiblardan A.Faynberg haqiqiy sonet qonun-qoidalariga amal qilishgan, deb ta’kidlaydi. Agarda Abdulla Sher qo‘llagan mezonlar bilan Usmon Nosir yozgan ikkita sonetni tahlil qiladigan bo‘lsak, bularni ham “o‘n to‘rt satrli shig‘irlar”, deyishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki “Yana she’rimga” she’ri o‘n bir emas, 9 hijoli, “Dengizga” she’ri garchand 11 hijoli bo‘lsa-da, uchta katren va ikkilikdan tarkib topgan — shekspircha sonetning o‘zginasi.
Barot Boyqobilov sonetlarida inglizcha variantga ko‘proq o‘rin berganligi, zamonamizning navqiron sonetnavsilari Matnazar Abdulhakim, Muhammad Mirzo ijodlarida ham shekspircha shaklga yetarli o‘rin berilganligi bejiz emas.
Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib ta’kidlash joizki, birinchi o‘zbek soneti yozilganiga chorak kam bir asr bo‘lgan esa-da, ushbu she’r turi bizda hali ommalashganicha yo‘q, endi quloch yoyib kelmoqda. She’riyat muxlislarini ushbu shaklni to‘g‘ri idrok etib, o‘zbek sonetlariga to‘g‘ri baho bera oladigan qilib tayyorlashda adabiyotshunoslarning, munaqqidlarning mas’uliyati bor. Bu sohadagi jahon tajribasi xolis va kengroq targ‘ib etilishi lozim.
Qodirjon Nosirov,
Namangan davlat universiteti dotsenti,
Jamoliddin Muslim, shoir
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 21-sonidan olindi.