Biz Alisher Navoiyning “Segoh” kuyi-la aytiluvchi “Xolu xatting xayolidin, ey sarvi gul’uzor” bu g‘azalini sharhlashni 40 yildan beri orzu qilamiz. Lekin o‘zimizda shunga yetarli tayyorgarlik va jur’at sezmaymiz. Bunga sabab shuki, g‘azalning musiqiy ijrolari juda baland, avjli pardalarda kuylangan. Shashmaqom kuylarining hazin nolalari, mahoratli hofizlarimizning insonlarni larzaga solib, yuraklarni o‘rtovchi faryodu fig‘onlari g‘azal satrlariga sehrli qo‘shimcha ma’nolar yuklaganki, asarni ulardan ajratib, faqat g‘azal sifatida sharhlansa, go‘yoki jo‘n bir mazmun chiqadigandek tuyuladi. Shuning uchun ushbu g‘azalni ashula – san’at asari sifatida mukammal sharhlash maqsadga muvofiqdir. Ammo biz maqolaning imkoniyatini inobatga olib, birinchi bosqichda g‘azalning o‘zini alohida tahlil etishga urinib ko‘ramiz.
So‘z aro g‘azallarni sharhlashning o‘ziga xos nazariy xususiyatiga alohida to‘xtalib o‘tishni lozim topamiz. Bu haqda ustoz alloma Najmiddin Komilov aytgan edilarki: “Sharh… tom ma’nodagi adabiy tanqid yoxud tadqiqot ham emas, garchi unda tadqiqotiy va interpretatsion xususiyatlar bo‘lsa ham. Sharhning bosh maqsadi … asarning (jumladan, g‘azalning) qiyin iboralari, ko‘p ma’noli murakkab o‘rinlarini soddaroq qilib tushuntirishdir”. Ushbu fikrni quvvatlab va mantiqan davom ettirib, biz ta’kidlamoqchimizki, g‘azal sharhi tom ma’nodagi ilmiy tadqiqot bo‘lmasa-da, ilmiylikdan xoli ham emas. U g‘azal mazmuni va badiiy xususiyatlarini ilmiy asoslarda imkon qadar mukammal yoritib berishga xizmat qiladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, sharh mumtoz g‘azallarni o‘rganishning o‘ziga xos ilmiy-badiiy yo‘lidir.
Endi bevosita sharhga o‘tadigan bo‘lsak, mazkur asar Navoiyning ishqiy g‘azallari turkumiga mansub bo‘lib, “G‘aroyib us-sig‘ar” devonining 171 g‘azalidir. U Navoiyning birinchi rasmiy devoni “Badoye’ ul-bidoya”dan ham (161) o‘rin olgan bo‘lib, har ikki devonda ham g‘azal 7 baytdan iboratdir. G‘azalning to‘liq matni quyidagicha:
Xolu xatting xayolidin, ey sarvi gul’uzor,
Gohi ko‘zumga xol tushubtur, gohi g‘ubor.
Yuzungda xol safhada tomg‘an kibi qaro,
Xoling malohati tuz erurkim, qaroda bor.
Jonimni o‘rtagan yuzu xolingni bilmasang,
O‘t shu’lasida ayla gumon bir o‘chuk sharor.
Bilman ko‘ngulda xollaringning xayolidur,
Yo kirpiging tikanlarin aylabsen ustuvor?
Har dam ko‘ngul haloku ko‘zum tiyra bo‘lmag‘in
Bilgay birovki, yori erur sho‘xu xoldor.
Mashshotai qazo bezamish xolu xattini,
Beixtiyorliqda manga bormu ixtiyor?
Miskin Navoiy xoli labing ko‘rsa, jon berur,
Boqsang ne bo‘ldi surati holig‘a, ey nigor?!
Nashrlardagi matnlarda ma’no-mazmunni o‘zgartiruvchi jiddiy farqlar yo‘q. Shoir – oshiqning murojaatlari “ey sarvi gul’uzor” undalmasida mujassamlashgan yorga qaratilgan. Bu – umumlashma badiiy obraz bo‘lib, biz uni bevosita shoirning hayotdagi seviklisi yoxud majoz tariqida tavsiflangan ilohiy ma’shuq deya muayyanlashtirishdan hozircha saqlanamiz. Bu muammo tahlil jarayonida aniqlashib boradi. G‘azalning yaratilishiga xolu xatti go‘zal bir hayotiy siymo sabab, asos bo‘lganligi aniq. Chunki g‘azal boshdan-oyoq xolu xat(t) tavsifiga bag‘ishlangan.
G‘azalning har baytida xol bilan xat(t) tasviri uyg‘un ifodalangan. Go‘zal xotin-qizlarning lablari uzra yoyilgan, ko‘zga juda ham tashlanib turmaydigan mayin, nafis tuklar xat(t) deyiladi. Ushbu so‘z lug‘atlarda ikkita “t” harfi bilan yozilgan. Yigitlarning lablari uzra paydo bo‘lgan tuklarga “mo‘ylovi sabza urgan” deya ta’rif beriladi, “xat(t)” deyilmaydi. Hamma xotin-qizlarning lablari ham xat(t) bilan muzayyan emas. Demak, xat(t) ham ilohiy bir ziynatdir. Shuning uchun ham Navoiy bir husnda bir-biriga juda muvofiq tushgan xol bilan xatni tasvir ob’ektiga tanlagan. Labdagi xat(t) nafis, bir tekis yozilgan yozuvga ham o‘xshaydi. Labdagi tuklarni xat(t) deyish ana shu monandlikdan kelib chiqqan bo‘lsa ham ajab emas.
Matla baytning mazmuni quyidagicha:
Xolu xatting xayolidin, ey sarvi gul’uzor,
Gohi ko‘zumga xol tushubtur, gohi g‘ubor.
Lirik qahramon mahbubaga murojaat qilib, uning ko‘rkam xolu xatti o‘zini ne ko‘ylarga solganini izhor etmoqda: Ey sarv qomatli, gul yuzli dilbar, sening chehrangdagi xol bilan xatting meni o‘ziga maftun etib, xayolimni shu qadar band etganki, go‘yoki goho xoling ko‘chib ko‘zimga o‘rnashgandek, ya’ni ko‘zimga xol tushgandek. Xatting g‘uborga o‘xshagani uchun, go‘yo gohi ko‘zimga g‘ubor oralagandek. Bu tasvirni yaratish uchun shoir nozik hayotiy tafsillardan foydalangan. Insonning ko‘ziga xol tushishi hayotda bor hodisa. Ba’zan odamning ko‘zida nima sababdandir turli tusdagi dog‘, nuqta paydo bo‘lib qoladi. Buni xalq “ko‘ziga xol tushdi” iborasi bilan ifodalaydi. Bu hodisaning tibbiy asoslari bizga qorong‘i. Aynan Navoiyning ko‘ziga xol tushganmi yoki tushmaganmi, biz buni ham bilmaymiz. Bu haqda ma’lumot yo‘q. Biroq Navoiy go‘zal xolning uning vujudiga ta’sirini ana shu hayotiy tafsil bilan badiiy asoslaydi. Ma’shuqa labidagi xat(t) nimrang tusdagi g‘uborga o‘xshaydi. Ana shundan qiyos olib Navoiy: “Sening xattingning ishqidan mening ko‘zimga g‘ubor indi, ya’ni chiroyli xatting ko‘z nurimni o‘ziga tortganidan, ko‘zim xiralashib qoldi”, deya kinoya qiladi.
Ikkinchi baytda Navoiy tiniq, oppoq yuzga yarashib tushgan xolning silsilaviy tasvirini yaratadi:
Yuzungda xol safhada tomg‘an kibi qaro,
Xoling malohati tuz erurkim, qaroda bor.
“Yuzingdagi xol qanday chiroyga ega ekanligini o‘zing bilasanmi, –deydi shoir. – Yuzingdagi xol go‘yoki oppoq qog‘oz sahifasiga bir tomchi qora rangli siyoh tomgan kabi manzaraga ega. Yoki agar buni teskari tasvir bilan anglatadigan bo‘lsak, xolingning go‘zalligi shundayki, u bir qora manzara ustida o‘rin tutgan oppoq tuzga o‘xshaydi”. Tasvir juda sodda, lekin topilmas muqoyasa orqali yaratilgan. Ayniqsa, ikkinchi misradagi obrazlar shu qadar sirli darajada soddaki, undagi “tuz” nima, “qaro” nima ekan deya ancha bosh qotirishimizga to‘g‘ri keladi. “Tuz” so‘zi biz bilgan oddiy osh tuzi emas, “qaro” ham oddiygina qora tusli narsa emasdek tuyuladi. Biz bu so‘zlardan qandaydir sirli ma’nolar izlab ko‘ramiz. Lug‘atlarni titkilaymiz. Ammo Navoiy asarlari lug‘atlaridan biz izlagan ma’nolar chiqmaydi. So‘zlarning birlamchi oddiy ma’nolari bilan kifoyalanishdan o‘zga chora qolmaydi. Shoir tazod usulidan foydalanib birinchi va ikkinchi misradagi tasvirni o‘zaro qarama-qarshi qo‘ygan.
Shoir yuz uzra zebanda joylashgan xol tasvirida bu bilan ham cheklanmaydi. Ruju san’atining o‘ziga xos ko‘rinishini qo‘llaydi va tasvirning ta’sirchanligini yanada kuchaytiradi:
Jonimni o‘rtagan yuzu xolingni bilmasang,
O‘t shu’lasida ayla gumon bir o‘chuk sharor.
Jonimga o‘t yoqqan yuz bilan xolingning sifatini, suratini bilmasang, lovullab yonib turgan olov shu’lasi sathida kuyib ko‘mirga aylangan bir otash, uchqunni tasavvur qilgin. Ushbu tasvir oldingi baytdagidan chandon ta’sirchan. Unda mahbubaning o‘t shu’lasidek porlab turgan nurli, taftli, haroratli yuzini va bu yuzda kuyib o‘rtangan uchqun donasidek xolni aniq tasavvur etish mumkin. Baytda nafaqat ushbu badiiy tasvir ayon anglashilib turibdi, balki unda ko‘z ilg‘amas parallelizm usuli yashiringan. Birinchi misrada tasvirlangan oshiqning o‘rtangan joni va mahbubaning yuzu xoli ikkinchi misrada “o‘t shu’lasi” va “bir o‘chuk sharor” obrazlarida teskari tartibda joylashtirilgan. “O‘t shu’lasi” va “bir o‘chuk sharor” – istioraviy iboralar. “O‘t shu’lasi” – ma’shuqa yuzini, “bir o‘chuk sharor” esa yuz sahifasidagi xolni ifoda etadi. Demak, bu yerda istiora san’ati qo‘llangan. Shu bilan birga, obrazlarning o‘rni almashtirilib, tardi aks san’ati qo‘llangan. Obrazlarning misralarda ostin-ustun, o‘zaro mutanosib joylashtirilishi tanosub san’atini tashkil etgan.
Keyingi baytda tasvir ana shunday san’atpardozlik bilan davom etadi:
Bilman ko‘ngulda xollaringning xayolidur,
Yo kirpiging tikanlarin aylabsen ustuvor?
Baytda shunday mazmun ifoda etilgan: “Bilmaymanki, xollaringning xayoli ko‘nglimni asir etganmi yo kiprigingning tikanlari bilan ko‘nglimni asir etganmisan ?” Mazkur mazmun “tajohuli orifona”, ya’ni oriflarcha (donishmandlarcha) bilib-bilmaslikka olish san’ati asosiga qurilgan. Bugina emas, baytda ihom san’ati ham mavjud. Ihomdek nodir badiiy san’atning vazifasi “Yo” yuklamasiga yuklatilgan. Birinchi qarashda “Yo” yuklamasi “yo undaymikin, yo bundaymikin” ma’nosidagi ayirish yuklamasi vazifasini bajarib turibdi. Bu ihom san’atining yaqqol ko‘rinib turgan yuzaki ma’nosidir. Ihomning shoir nazarda tutgan va yashirin ifodalagan ikkinchi asosiy, nozik ma’nosi shuki, u yor kipriklarini yoy – otish quroli o‘qlariga istioraviy ravishda o‘xshatadi. Go‘yoki yor kiprigi tikanlari, ya’ni yor kamonidan otilgan o‘qlar oshiq ko‘nglini – yuragini qamal qilgan. Bu o‘qlarning aylana shakldagi qamali ma’shuqa xoliga monanddir.
Ammo oshiq – shoirning bu ahvolini har kim bilavermaydi. Faqat “sho‘xu xoldor” yori bor oshiqlargina bilishlari mumkin:
Har dam ko‘ngul haloku ko‘zum tiyra bo‘lmag‘in
Bilgay birovki, yori erur sho‘xu xoldor.
Tasvir ob’ektidagi xol va xat(t) oshiq ko‘ngli va ko‘zining kushandasi. Uning sho‘x, o‘ynoqi xoli har dam oshiq ko‘nglini tahlikaga soladi. Bu o‘rinda “halok” so‘zining hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi “o‘lmoq” ma’nosidan tashqari, fors-tojik tilidagi “charchamoq”, “holdan toymoq” ma’nosi ham bor. Navoiy har ikkala tildagi so‘z ma’nolarini mukammal bilgan va asarlarida ulardan haddi a’losiga yetkazib foydalangan. Ma’shuqaning xatti esa oshiq ko‘ziga dam-badam g‘ubor – tiyralik solib turgan. Ushbu jabru sitamlarni esa, Navoiy ta’kidlaganidek, sho‘x-shaddod yori bor oshiqlargina bilishadi.
Maqtadan oldingi baytda Navoiy har doimgidek lirik chekinish qiladi. Oshiq dardu holining sababiga va yechimiga oid falsafiy xulosa chiqaradi:
Mashshotai qazo bezamish xolu xattini,
Beixtiyorliqda bormu manga ixtiyor?
Lirik qahramon oldingi baytlarda yori xolu xattining jabru sitamlaridan oh-voh, faryodu fig‘on bilan izhori shikoyat qilib keldi. Navbatdagi baytda ushbu fe’l-atvordan keskin ravishda chekinadi. Yuz berayotgan ishqiy iztiroblar sababkori haqida uzil-kesil xulosaga keladi. “Ma’shuqaning xolu xattini mashshotai qazo bezagan ekan”, deydi u. “Mashshota” – bilamizki, pardozchi. “Qazo” esa – azal, Yaratuvchi, Tangri-taolodir. “Mashshotai qazo” ilohiy pardozchidir. Demak, ma’shuqa husni malohatini maftunkor xolu xat(t) bilan azal pardozchisi, ya’ni Ollohning o‘zi bezagan ekan. Uning ilohiy ishqiga, maftunkor husnu jamoliga, sitamkor xolu xattiga duchor bo‘lish azal kotibi tomonidan oshiqning peshonasiga yozilgan ekan. Qismatidagi bu ishqni ixtiyor etish yoki ixtiyor etmaslik oshiqning izmida emas. U shu qismatni tan olishga mahkum. Buni shoir “Beixtiyorliqda manga bormu ixtiyor?” deya azal hukmiga itoat sifatida juda chiroyli iqror etadi.
Bu g‘azal dastlabki besh baytining mantiqiy-badiiy yakuni bo‘ldi. G‘azalni shu yerda tugallash ham mumkin edi. Biroq lirik qahramon yorning visolidan umidvor. Ana shu umidvorlik g‘azalning so‘nggi – yettinchi baytini quyidagi mazmunda vujudga keltiradi:
Miskin Navoiy xoli labing ko‘rsa jon berur,
Boqsang ne bo‘ldi surati holig‘a, ey nigor?!
Lirik qahramon ma’shuqaning xoli labi timsolidagi visoliga mushtoq. Uning visoliga muyassar bo‘lsa, jonini qurbon qilishga tayyor. Qani endi Nigor – ma’shuqi azal uning surati holiga bir qiyo boqsa-yu, oshiq uning nigohiga g‘arq bo‘lsa. G‘azalda shoir atigi ikki marta undalma qo‘lladi. Birinchi misra va oxirgi misraning so‘ngida. “Nigor” ilohiy ma’shuq obrazidir. “Nigor” so‘zi “nigoh” so‘zi bilan ma’nodoshdir. “Nigoh” so‘zi “qarash”, “boqish”, “ko‘z tashlash” ma’nolarini anglatsa, “nigor” – “qarovchi”, “boquvchi”, “ko‘z qorachig‘ida asrovchi” ma’nolarini bildiradi. “Olloh – nigohbon, Olloh – mehribon” tushunchalari shundan. Darvoqe, Yaratuvchi jamiki bandalariga boquvchi, ularning hol-ahvolidan boxabar, panoh va najotkordir.
Xulosa qilib aytganda, g‘azalning dastlabki baytlarida majoziy ishq, ya’ni insonning insonga bo‘lgan muhabbati tasvirlangan. Lekin oxirgi baytlar haqiqiy ishq to‘g‘risidagi falsafiy xulosalar bilan yakunlangan. Bu Alisher Navoiyning, professor N.Komilov ta’biri bilan aytganda, “majoziy ishq orqali ilohiy ishqqa qarab borish” uslubidir.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 3-son