Nusrat Rahmat. Adabiyotning yangi mezoni

Tabiatan, bot-bot mikrotadqiqotlar o‘tkazib turishni xush ko‘raman. Bundan yigirma  besh yillar muqaddam,  qaysi toifadagi kishilar ko‘p kitob o‘qishini o‘rganishga harakat qilgandim. Tanlaganlarim orasida  vrachlar, yozuvchilar, pedagoglar, cho‘ponlar, asalarichilar, qorovullar ham bor edi. Yil davomida, ularni xolisona kuzatdim, so‘rab-surishtirdim.  Shu jarayonda metro eskalatoridan kitob o‘qib chiqadiganlar e’tiborimni tortib qoldi. Ularni ana shu xavotirli, noo‘ng‘ay vaziyatda  o‘qishga da’vat etgan kuch nima?

Odatmi, kitobni yozgan muallifning iste’dodimi, vaqtdan yutish istagimi…Keyin ularga yaqinlashish va mazkur asrordan xabardor bo‘lishga harakat qildim.  Bu odamlar,  aksar holda, rusiyzabon kishilar bo‘lib chiqardi. Va ular o‘qiydigan kitoblar, ko‘pincha, meditsinaga oid ommabop, qiziqarli va andak radikal tarzda, ya’ni meditsina an’analarini jilla inkor etgan kayfiyatda yozilgan adabiyotlar; shuningdek, detektivlar, miflar bo‘lib chiqardi. Sof adabiy asar o‘qiydiganlarni esa uchratmadim. Zero, adabiy asarni bunday noo‘ng‘ay vaziyatda  o‘qish nojoiz ham.

Xullas, kuzatish yakuniga to‘xtaladigan bo‘lsak va andak nisbiy bo‘lsa hamki, peshqadamlar:  qorovullar, asalarichilar, turistlar, bemorlar, aniqrog‘i, TV ko‘rish imkoni cheklangan kishilar bo‘lib chiqishdi.  Yozuvchilarning o‘zlari meditsina xodimlari, pedagoglardan ham ortda qolib ketishdi. (Yosh ijodkorlar bundan mustasno)

Hozir manzara  tag‘in ham nochorroq. Endilikda eskalatorda kitob o‘qib borayotgan kishilarni deyarli uchratmaysiz. Qorovul, asalarichi, turistlar, bemorlarning esa qo‘l telefonlari, televizorlari bor. Telefonlarning so‘nggi nusxalaridan  Internet sahifasini ochib, kitob, gazeta o‘qish, zarur axborotlardan xabardor bo‘lish mumkin.

Internet kitobning raqibi  emas, uning farzandi sifatida dunyoga keldi, desak o‘rinliroq bo‘lar. Chunki kitoblarda to‘plangan bilim tufayli kompyuter yaratildi.

Shukurki o‘zbek adabiy veb saytlari ham ko‘payib qoldi. Davronbek Tojialiyevning “Ziyo istagan qalblar uchun”, Xurshid Davronning “Xurshid Davron kutubxonasi”, “TurkLIB” saytlari qaldirg‘ochlar edi.  Hozir esa “Kutubxona”,  “Kitobim” saytlari; shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va qator tashkilotlar, shaxslarning saytlari adabiyotimiz targ‘ibotiga kamarbastadir.  Tohir Malik, Xurshid Davron, Anvar Obidjon va boshqa ijodkorlarning veb saytlariga kirgan kishi bir olam zavq oladi.

Endilikda mikrotadqiqotlar o‘tkazish ham o‘ng‘ay. Internet qaysi asarni qancha kishi o‘qiganligini qayd etib boradi. Bu adabiyot uchun o‘ziga xos yangi mezon ham. Ammo tan olmoq kerak,  adabiy jarayonda har qanday mezon ham nisbiy bo‘lib qoladi. Tanqidchilar bir asarni ko‘kka ko‘tarib maqtashadi, kitobxon boshqa bir asarni izlab o‘qiydi, uchinchi asar mukofotlarga sazovor bo‘ladi.

“Ziyo istagan qalblar uchun”( Ziyouz.uz varianti) eng boy va qaldirg‘och sayt bo‘lganligi uchun unga asoslanib ayrim kuzatishlar o‘tkazganman. Shu yilning boshiga qadar o‘quvchilari ikki mingdan oshgan shoirlar orasida Abdulla Oripov, Tursun Ali, Farida Afro‘z, Abdulla Sherni; o‘quvchilari mingdan oshganlar ro‘yxatida Cho‘lpon, Zulfiya, Chustiy, Erkin Vohidov, Toshpo‘lat Ahmad va boshqalarni uchratish mumkin bo‘ldi.

Nasrimizdagi ahvol ham kutganimizdan  o‘zgacha. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, G‘afur G‘ulomning  “Shum bola” asarlarini ikki mingdan ko‘proq kishi saqlab olibdi. Sadriddin Ayniyning “Sudxo‘rning o‘limi”, Oybekning “Navoiy”,  Abdulla Qahhorning “Dahshat”,  “Bemor” hikoyalarini mingdan ko‘proq kishi o‘qiganligi qayd etilibdi. Ulardan keyingi avlod yozuvchilari orasida o‘quvchilar soni ana shu darajaga yetganlarini, afsuski, topish qiyin bo‘ldi. Faqat,  O‘tkir Hoshimovning “O‘zbek ishi”  hikoyasi bundan mustasno. Shuning o‘zi ham, yuqorida  nomlari tilga olingan ustozlarning yuksak iste’dodlari, boqiyliklaridan dalolat beradi.

Aslida har bir shoir va yozuvchi  Internetni ochib,  bugungi jarayonni kuzatishi, adabiyotimizning qon tomiri qay darajada tepayotganligidan boxabar bo‘lishi lozim.  Shu bilan birga, o‘zining asarlarini qancha kishi o‘qiyotganligi va  bugungi adabiyotdagi  o‘rni bilan qiziqib turishi shart. Men tilga olgan saytda esa adabiyotimiz darg‘alaridan boshlab, kechagina kitobi chiqqan ijodkorning asarlari bilan ham tanishish mumkin.

Umumun, so‘nggi o‘n yilda o‘zbek adabiyotining jami janrlari saytlarga ko‘chib bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Gazeta-jurnallarda chop etilmagan yoki nashriyotdan kitob bo‘lib chiqmagan talay asarlarni ham virtual olamdan topish mumkin. Ham shaklan, ham  mazmunan bu inqilobiy jarayonga adabiyotshunoslarimiz, tanqidchilarimiz shunchaki kuzatuvchi bo‘lib qolishayotganligi ajablanarli hol, albatta.  Ularning aksari, haligacha kompyuterni o‘rganishga qunt qilmagan ko‘rinishadi. Onlay olamidagi asarlarni tahlil qilish, bu boradagi yangiliklardan bizni xabardor qilish ana shu azamatlarning vazifasi emasmi, axir?!

Kamina 2006 yilda blog (nusratrahmat.dlogspot.com) ochgan edim. O‘z blogimdan tashqari asarlarim “Ziyo istagan qalblar uchun”, “TurkLib” va boshqa saytlardan ham joy olgan. Har oyda  o‘quvchilar sonini yakunlab, oz bo‘lsa ham o‘qishayotganligidan mamnunlik topaman. O‘tgan yil Mahmudxo‘ja Behbudiy hayotiga bag‘ishlab roman ham yozdim. Bu asarni kitob holatida chop ettirmadim. Shukurki, uni Internetdan yuzlab kishilar mutolaa qilishyabdi.

Hozirgi informatsiyalar zamonida odamlarni hayratga tushirish oson emas. Bugungi o‘quvchining ixtiyorida shavqovar kompyuter, yuzlab kanallarga esa bo‘lgan TV bor. Turmush tashvishlari, do‘stlar suhbati haqida gapirmay qo‘yaqolay. Shunga qaramay, oz bo‘lsa ham o‘quvchilarim borligidan  quvonishim kerak, albatta

Ijodkor do‘stlarga yurakdan aytadigan gapim bor. Agar siz kompyuterni o‘rganib, Internetdan  foydalanayotgan bo‘lsangiz, chinakamiga yutibsiz. Agar bu yumushga hozirgacha qunt qilmagan bo‘lsangiz, hali ham kech emas. Internet asarlaringizni butun dunyoga   targ‘ib qiladi va ularga boqiylik baxsh etadi. Vaqtni boy bermang!