Nurboy Jabborov. Umrning hikmat fasli

Aslida, har nafasda hikmat yashirin. Insonga sharaf bag‘ish­lagan hikmatdan ayro bo‘lmoq odamzodni asl mohiyatdan yiroqlashtiradi. Hazrat Navoiyning “Har nafasing holidin ogoh bo‘l, Balki anga hush ila hamroh bo‘l” bayti zamirida ana shu mazmun mujassam. Ilm va hikmat o‘zaro bir-birini taqozo etadigan hodisalardir. Bahs bo‘lmagan joyda ilm rivojlanmaydi.

Tabiiyki, munozara har qanday shaxsiy g‘arazlardan xoli bo‘lishi, xolis niyat asosiga qurilishi, ilm­ning rivojiga xizmat qilishi kerak. Qariyb o‘ttiz besh yildan buyon matbuotni muntazam kuzatib kelayotgan bir mutaxassis sifatida adabiyotshunoslik, matnshunoslik sohasida shunday munozaraga juda katta ehtiyoj borligini ta’kidlagim keladi. Bu yo‘lda muayyan izlanishlar mavjud ekani quvonarli. Taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Nusratullo Jumaxo‘ja ilmiy faoliyatidagi yetakchi xususiyat aynan bahs-munozaradir.

O‘tgan asrning 80-yillarida uning tahliliy-tanqidiy ruhdagi maqolalari tilga tushdi. Nusratullo aka o‘sha davrning “trend”dagi adabiyotshunoslaridan biriga aylandi. Olimning matbuotdagi maqolalarida keskin tanqidiy fikr ustunlik qilardi. O‘sha kezlari biz tengi talabalar (keyinchalik tadqiqotchilar) bu maqolalarni satrma-­satr o‘qib, tahlil etganmiz, o‘zaro fikrlashganmiz. “Mushtum”da bosilgan “Vositai joh”, “O‘zingdin kerakdir shikoyat sanga”, “Yoshlik” sahifalarida chop etilgan “Manfaat iskanjasidagi ilm” kabi maqolalar, ayniqsa, e’tiborimizni tortgan. Ehtimol, olimning hamma fikrlariga ham qo‘shilmagan bo‘lishimiz mumkindir. Lekin nafsilamrini aytganda, bu maqolalardan ko‘p narsa o‘rganganmiz.

Yanglishmasam, 1988 yili “O‘zbe­kis­ton adabiyoti va san’ati” gazetasida Xoja Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”i nashri munosabati bilan matnshunoslik bo‘yicha keng ko‘lamda munozara bo‘ldi. Taniqli matnshunos Vahob Rahmon boshlab bergan bu munozarada Ibrohim Haqqul, Nusratullo Jumaxo‘ja va boshqa adabiyotshunoslar ishtirok etdi. O‘zbekiston Milliy universitetida dars bergan kezlarim talabalarga ayni shu munozara maqolalar bilan chuqurroq tanishishni tavsiya etganman. Talabalar gazetani topib o‘qigach, qizg‘in muhokama o‘tkazganmiz. Ana shu munozara ishtirokchisi bo‘lgan Nusratullo akaning fikr­lari ma’lum bir xulosalarga asos bo‘lgan.

Olimning ilmiy faoliyatida mumtoz adabiyotimiz, xususan, Alisher Navoiy asarlarining nashrlari bilan bog‘liq bahsga chorlovchi maqolalar ham yetakchi o‘rinda turadi. U mumtoz matnni nozik tushunadi, tabdildagi noto‘g‘ri o‘qilgan so‘zlarni, forsiy izofalarning berilishi, qo‘shma so‘zlar imlosi bilan bog‘liq xatoliklarni zukkolik bilan aniqlaydi. Buyuk mutafakkir asarlarining har qanday nuqsonlardan xoli mukammal nashrlarini amalga oshirish zarurati xususida tahliliy maqolalar yozishdan charchamaydi.

Nusratullo Jumaxo‘ja res­pub­li­kamizning bosh oliy o‘quv yurti hisoblangan Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekis­ton Milliy universiteti) o‘zbek filo­logiyasi fakultetida tahsil oldi. O‘sha kezlari bu dargohda talaba yoshlarga Ayub G‘ulomov, G‘ulom Karimov, Subutoy Dolimov singari tilshunosligimiz va adabiyotshunosligimiz darg‘alari, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Begali Qosimov kabi navqiron yoshda bo‘lishiga qaramay, munosib e’tirofga sazovor olimlar saboq berar edi. Qalbida bolalikdan uyg‘ongan adabiyotga muhab­bat va ulug‘ ustozlar saboqlari uning mutaxassis sifatida shakllanishida alohida o‘rin tutdi. Universitetni bitirgach, G‘ijduvondagi o‘zi o‘qigan maktabda o‘qituvchi sifatida ish bosh­ladi. Undagi ilmga bo‘lgan iqtidorni qadrlagan ustoz Begali Qosimov telegramma orqali chaqirtirib, sirtqi aspiranturaga tavsiya etgani ma’lum.

U ilmiy faoliyatini mumtoz adabiyotimizning yetuk namoyandalaridan bo‘lgan Shermuhammad Munis ijodini o‘rganishdan – poetika masalalaridan boshladi. Muttasil mutolaa bilan shug‘ullandi, ilmiy izlanish­lar qildi. Natijada 1984 yili bu ulug‘ shoirning poetik mahorati bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ushbu dissertatsiya asosida dunyo yuzini ko‘rgan “Munis g‘azaliyoti” kitobi shoir asarlarini nashr ettirgan va tahlil qilgan mutaxassislar qarashlari bilan bahsga kirishilib, ko‘plab masalalar oydinlashtirilgani jihatidan qimmatlidir. Birinchidan, “Munisu-l-ushshoq” devonining birlamchi manbalari ustida tadqiqot olib borilib, O‘zbekis­ton Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondidagi 1330, 940 va 63 raqamli qo‘lyozmalar mufassal tavsiflangan hamda 940 raqamli qo‘lyozmaning har jihatdan ishonchli ekani isbotlangan. Ikkinchidan, olim aksar hollarda “Saylanma”da qisqartirilgan yoki unga kiritilmagan g‘azallarni asliyat matniga tayanib tahlil etgan, uchinchidan, shoir g‘azallari adabiy-estetik mezonlar asosida talqin qilingan. Bu esa, kitobdagi ilmiy-nazariy xulosalarning nainki adabiyotshunoslik, balki matnshunoslik uchun ham ahamiyatli bo‘lishini ta’minlagan.

Adabiyotshunos olimning “Mil­liy mustaqillik mafkurasi va adabiy meros (XVII-XIX asrlar o‘zbek she’riyati asosida)” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida adabiy muhit va adabiy maktabni belgilovchi mezonlar va xususiyatlar aniqlangan. Feruzning adabiyot va san’at homiysi sifatidagi faoliyati keng o‘rganilgan. “Shajarai xorazmshohiy” asaridagi ma’lumotlarga tayanilib, shoh shoirning o‘z atrofiga zamonasining ko‘plab ijodkorlarini yiqqani, Xorazm adabiy muhiti va tarjimonlik maktabiga asos solishi bilan bog‘liq ijtimoiy-madaniy, adabiy-­estetik omillar chuqur tadqiq etilgan.

Olim uchun ilmiy faoliyat nechog‘liq zarur bo‘lsa, avlodlar ta’limi va tarbiyasiga xizmat qiladigan fan dasturlari va darsliklari yaratishda ishtirok etish shunchalik muhimdir. Nusratullo Jumaxo‘ja o‘rta va oliy ta’lim o‘quv dasturlari va darsliklarini yangilash borasida ham samarali ish olib borgan mutaxassislardan. O‘tgan asrning 90-yillarida u adabiyot chuqurlashtirib o‘tiladigan maktablarning 5-11 sinf­lari uchun “O‘zbek adabiyoti” fanidan yangilangan dastur tuzilishida faol ishtirok etdi. Mazkur dasturning takomillashtirilgan ikkinchi nashrini tayyorlashda qatnashdi. O‘rta umumta’lim maktablarining 10-sinflari uchun “O‘zbek adabiyoti” darsligi va maj­muasi mualliflaridan biri bo‘ldi. Mazkur darslik to‘ldirilgan va takomillashtirilgan holda to‘rt marta chop etilib, bir necha avlod bitiruvchilarda badiiy did va adabiy idrokni tarbiyalashga xizmat qildi.

Nusratullo aka qo‘lyozmalar changini yutib, katta zahmat evaziga qadimiy tariximiz va muazzam adabiyotimizga doir nodir manbalardan sanalgan Shermuhammad Munis va Muhammad Rizo Ogahiy qalamiga mansub “Firdavs ul-iqbol” asarini so‘ngso‘z va izohlar bilan chop ettirdi. O‘ttiz bosma taboqdan iborat ushbu asarni qo‘l­yozma manba asosida nashrga tayyorlash nechog‘lik katta mashaqqat talab etishini hazrat Ogahiy asarlarini nashrga tayyorlagan bir mutaxassis sifatida chuqur his etaman. Nusratullo aka ana shunday zahmatni zimmasiga ola bilgani e’tirof­ga loyiqdir.

Olim hazrat Alisher Navoiy g‘azallarini sharhlash bilan ham ko‘pdan shug‘ullanib keladi. “Satr­lar silsilasidagi sehr” hamda bosh­dan-oyoq bir g‘azal sharhiga bag‘ish­langan “Qaro ko‘zum” kitob­lari ushbu fikrni tasdiqlaydi.

Men Nusratullo akani ko‘pdan bilaman: ilm zahmatidan lazzat ola bilish salohiyati, balki shuning bilan bog‘liqdir – injiq tabiati, hamma bilan ham ulfat bo‘lib keta olmasligi, o‘zi haqiqat deb bilgan masalalarda hech kim bilan, hatto ustozlari bilan ham murosa qila olmasligi bor gap.

Ko‘pchilik havas qilsa arzigulik bir holat: Nusratullo aka, qariyb yarim asrdirki, umr yo‘ldoshi Iqboloy Adizova bilan ilmda ham, hayotda ham qo‘shqanot bo‘lib, adabiyotshunosligimiz ravnaqi yo‘lida mehnat qilib kelyapti. Ilmli, ma’rifatli farzandlarni tarbiyalash borasida ham ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotir.

Shu kunlarda professor Nusratullo Jumaxo‘ja olim uchun ayni kamolot pallasi bo‘lgan yetmish bahorni qarshi olyapti. Bu yosh – umrning hikmat fasli. Ilmiy-­ijodiy faoliyatda, jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarda ana shu hikmatning namoyon bo‘lishi – chinakam baxtdir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 16-son