Furqat Yorkent (hozirgi Xitoy Xalq Respublikasi Shinjong viloyati)ga 1893 yil sentyabri (hijriy 1311 yilning rabi’ ul-avvali)da kelgan. Bu haqda uning o‘zi “…rabi’ ul-avval oyining avvalida Yorkent viloyatig‘a keldim”[1] deb yozadi.
Shoir hayoti va ijodining Yorkent davriga oid mavjud tadqiqotlarning furqatshunoslik rivojidagi ahamiyatini e’tirof etgan holda ta’kidlash kerakki, bu masala hanuzgacha yetarli darajada tadqiq etilmagan. Qolaversa, mazkur tadqiqotlarda mustabid sho‘ro mafkurasi talabi bilan shoir hayoti va ijodining ayrim qirralarini to‘la yoritish imkoniyati bo‘lgan emas.
Furqatning Sharqiy Turkistondagi hayoti va ijodi haqida eng keyingi tadqiqot professor N. Karimovning “Yorkent asiri” maqolasidir. Maqolada Furqat hayoti va ijodini o‘rganishning muhim jihatlari haqida e’tiborli ma’lumotlar berilgan. Furqatning “Kajkul” deb nomlangan kundalik daftari haqidagi fikrlar, Nurmuhammad Muhammadyusufning shoir hayoti va ijodi haqidagi xotiralari tahlili shular jumlasidandir.
Lekin, maqolada keltirilgan moskvalik turkshunos Edgem Tenishev kitobidagi aksar fikrlar munozarali. Jumladan, Furqatning kichik o‘g‘li Nodirjon 1956 yili 43 yoshga to‘lganligi, tikuvchilik shirkatida tikuvchi bo‘lib ishlashi haqidagi E. Tenishev ma’lumotining haqiqatga muvofiq emasligini professor N. Karimovning o‘zi ham alohida ta’kidlaydi. “Olimning so‘nggi ma’lumoti ishtibohli, — deb yozadi N. Karimov, — chunki agar Nodirjon 1956 yili 43 yoshga kirgan bo‘lsa, u holda otasi vafotidan keyin, 1913 yilda tug‘ilgan bo‘lib chiqadi”.
E. Tenishev xotiralarida yozilishicha: “Zokirjon 22 yoshida qadrdon shahri Qo‘qondan chiqib ketishga majbur bo‘ladi”. Vaholonki, Furqatning o‘zi “Ahvolot”da: “Chun yoshim soati umr shab-ro‘zida yigirma to‘rt shumorig‘a yetti, ul vaqt Xo‘qand viloyatidagi fozilu rasotab’ kishilar birla ittihod aylab, alarning suhbatidin ko‘p bahralar topdim — deb yozganki, uning 22 yoshida Qo‘qondan chiqib ketgan bo‘lishi mumkin emas.
Moskvalik turkshunosning Furqat “uch marotaba hajga borib, ikki yil Hindistonda, bir yil Afg‘onistonda yashaydi” degan fikrlari ham to‘g‘ri emas. Arxiv ma’lumotlari shoirning hajga uch marotaba emas, bir marta borganligini, Hindistonda ikki yil emas, Tibet safarini ham qo‘shganda bir yilu bir oy yashaganligini, Afg‘onistonga esa umuman bormaganligini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, E. Tenishev Furqatning xotini ismini Rayhon deb ataydi. Vaholonki, Yorkentning rasmiy ma’muriyati — Yorkent viloyati xalq komitetining “Gulxan” jurnali redaktsiyasiga 1958 yil 18 avgustda yozib yuborgan maktubida ham, ko‘p yillardan buyon Furqat merosi ustida ilmiy izlanishlar olib borayotgan, Qashqar uyg‘ur nashriyotida shoirning “Tanlanma asarlari”ni chop ettirgan yorkentlik olim Ne’matullo Ubaydullo tadqiqotlarida ham Furqatning xotini Ra’noxon ismli ayol bo‘lganligi ta’kidlanadi.
Shularning o‘ziyoq ko‘rsatib turibdiki, E. Tenishev keltirgan ma’lumotlar Furqatning hayotini o‘rganishda asos bo‘la olmaydi.
O‘zbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat Adabiyot muzeyi Furqat fondida Shinjong viloyati fuqarosi Firdavs Aziziyning shoir hayoti va ijodining Yorkent davri haqida ma’lumot beruvchi maktublari saqlanadi. Maktublar uyg‘ur tilida va arab yozuvida bo‘lib, ularda muallif Furqatning Yorkentdagi hammaslak do‘stlari — Tajalliy, Sharif oxun, Abdurahim oxun, Bobojon hoji, Muhammad Qori hoji, Umar hoji, ularning o‘zaro munosabatlari haqida qimmatli ma’lumotlarni beradi.
Firdavs Aziziyning yozishicha: “Furqat har haftaning seshanba kuni Umar hojining uyida husnixat havaskorlariga ta’lim bergan. Har haftaning chorshanba kuni ulfatlar yig‘ilib, Umar hojining bog‘ida yoki shahar ichidagi biror boshqa joyda ko‘ngil ochish qilib, she’r o‘qishib, tanbur chalishib o‘lturganlar. Har haftaning juma kunida Furqat og‘aynilari bilan shahar sirtidagi bog‘larga chiqib, bazm qilishib o‘lturishgan. Boshqa kunlari do‘konda kasal davolash bilan bo‘lgan.
Juma kundagi o‘lturishlarida fors tili, adabiyot va diniy masalalar to‘g‘risida muhokama va ilmiy bahs-munozaralar olib borilgan. Shundoq suhbatlarda Furqat yangi yozg‘on she’rlarini o‘qub bersa, kishilar ko‘churub olg‘on va ashula qilib o‘qug‘on. Furqat fors adabiyotining tarixini o‘qug‘onligi va fors tilini mukammal bilganligidin she’riyat havaskorlariga eng yaqin she’riy kitob deb hisoblangan “Devoni Mirzo Bedil” degan kitobning tushunolmagan yerlarini Furqatdan so‘rashgan. Furqat ularga butun tafsili bilan tushuntirib qo‘ygan”.
Furqatning Yorkentdagi ilmiy-ijodiy faoliyati serqirra ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Bu shaharda yashar ekan, u shoir va nosir, publitsist va xattot, tabib va olim sifatida shuhrat qozondi.
I
Furqat Yorkentda yashar ekan, hayotiy a’moli — she’riyat bilan jiddiy shug‘ullandi. Barkamol nazmiy asarlar yaratdi. Shoirning bu davr she’riyati g‘urbat ohanglarining ustuvor ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Shu bois undagi g‘arib, it (adashgan, ovvora it), gul, g‘uncha, lola (sahro yuzidagi lola), bulbul (bo‘stonidin, fig‘onidin adashgan bulbul) kabi obrazlar muayyan bir silsilani, uzviy bog‘liqlikni tashkil etadi. Lirik qahramon ruhiy holatini ifodalashda umumlashma vositalar sifatida alohida o‘rin tutadi.
Shu o‘rinda masalaning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratish zarurati seziladi. Ma’lumki, she’riyat ilmida obrazlilik asosiy shartlardan biri. Lekin hali mukammal badiiylik uchun shuning o‘zigina kifoya qilmaydi. Shoir istagan obrazini tanlashi mumkin. Lekin uni badiiy tasvir vositalari orqali ta’sirchan, yorqin ifodalab bera olmasa, bu obraz rangsiz, sayoz, jo‘n bo‘lib qolaveradi. Furqat lirikasida obraz va badiiyat shu darajada uyg‘unlikka erishganki, ularni bir-biridan ayri tasavvur etib bo‘lmaydi. Mazkur obrazlar silsilasi tahlili ham ushbu fikrni tasdiqlaydi.
Manam sho‘rida bulbul bo‘stonidin adashganman,
Yuzi gul, qomati sarvi ravonidin adashganman,
Dilim hajri-la qondur dilsitonidin adashganman,
G‘aribi ko‘yi g‘urbat xonumonidin adashganman,
Va yo bir murg‘i vahshiy oshyonidin adashganman.
“Bo‘stonidin adashgan bulbul”, “xonumonidin adashgan g‘arib”, “qomati sarvi ravonidin adashgan yuzi gul (yor)” lirik qahramon iztirobining nechog‘lik og‘ir ekanligini ta’sirchan, yorqin ifodalagan obrazlar. Teran mazmunning tanosib (bulbul, bo‘ston), tashbih (yuzi gul, qomati sarvi ravon) hamda ishtiqoq (g‘arib, g‘urbat) san’atlari bilan muzayyan bo‘lganligi mazkur obrazlar mohiyatini poetik umumlashma darajasiga ko‘targan.
Ushbu bandda e’tiborni jalb etadigan yana bir timsol bor: “oshyonidin adashgan murg‘i vahshiy!” Savol tug‘iladi: Nima uchun aynan murg‘i vahshiy? Axir qushlarning turi ko‘p-ku? Shoir vahshiy bo‘lmagan qush obrazini ham tanlashi mumkin edi-ku? Bizningcha, bunda shoir e’tiborni obrazning yorqin, ta’sirchan bo‘lishiga qaratgan.
G‘arib kim? G‘urbat so‘zini shoir qaysi ma’noda ishlatgan? Ko‘p hollarda bu so‘zlarning birgina — vatanjudolik ma’nosiga urg‘u berib kelingan. Vaholonki, bu istilohning ma’nosi ancha keng.
Tasavvufga oid “Mir’oti ushshoq” lug‘atida “g‘urbat” — jonon haramidin dilu jonning yiroqlashuvi; poklik olamidin ajralib nafsi sharrni yaqin bilmoq, — deb sharhlangan. Sayyid Sajjodiy fikricha, bu istiloh uch xil ma’noda keladi: “1. Vatandan judolik g‘urbati. 2. Johil va fosiq qavm orasida majburan, ya’ni g‘ayriixtiyoriy ravishda o‘tirgan odam g‘urbati. 3. G‘urbat — Haq talabi bo‘lib, bu — orifning g‘urbati, zero orifning himmati ma’rufdurki, u oxirat ahli orasida ham g‘aribdur”.
Bizningcha, Furqat she’riyatidagi g‘urbat istilohi har uchala ma’noda qo‘llangan. Uni faqat vatanjudolik bilangina izohlash biryoqlamalik bo‘lar edi. Muxammasning quyidagi bandi ifodalagan mazmun ham ushbu fikrni quvvatlaydi:
Malomat o‘qlaridin dilfigoru siynachok oxir,
Yiqildi notavonlig‘ birla jismi dardnok oxir,
Xudog‘a shukrkim, ketdim aning yo‘lida pok oxir,
Muhabbat o‘tida kuygach, bo‘lub bir to‘da xok oxir,
Fano bodi tegib nomu nishonidin adashganman.
Mazkur misralar mohiyatidan ko‘rinib turibdiki, Furqat she’riyatida asosan Haq talabidagi orifning g‘urbati ifoda etilgan. Zero, “Malomat o‘qlaridan dilfigoru siynachok bo‘lgan dardnok jismning notavonlig‘ birla yiqilishi. Xudoning yo‘lida pok bo‘lib, muhabbat o‘tida bir to‘da xokka aylanish, Fano bodi tegib, nomu nishondan adashmoq!” — bular tasavvuf ahlining orzusi. “Malomat o‘qlari”, “muhabbat o‘ti”, “fano bodi” istioralari ham ushbu fikrni tasdiqlaydi.
Shu bois Furqat she’riyatidagi “g‘arib” obrazi, “g‘urbat” istilohi serqatlam ma’noga ega. Shubhasiz, unda vatanjudolik ma’nosi ham bor. Lekin, bu istilohni shoirning ona-yurtdan uzoqda yashaganligi bilangina izohlash to‘g‘ri emas. Binobarin, Furqatning zamondoshlari — Kamiy va Zoriy Vatanda yashagan bo‘lsalar-da, o‘zlarini g‘urbatda deb hisoblaganlarki, shuning o‘ziyoq bu so‘zning ma’nosi keng ekanligi, she’riyat ahli buni doimo nazarda tutganligi dalilidir.
Jumladan, Kamiy shunday yozadi:
Ahvolimi so‘rg‘udek kishi yo‘q,
O‘z shahrim aro g‘arib ekanman.
Zoriy ijodida ham shunga ohangdosh misralar mavjud:
Bu yerda Zoriyi ahqarning elga e’tibori yo‘q,
Musofirdek yurarman munda, garchi o‘z diyorimdur.
Furqat poeziyasidagi it obrazi, ayniqsa, alohida tadqiqotlarni talab etadi. Bu obraz mohiyatan “g‘arib” obrazi bilan uyg‘un. Mazkur muxammasning yana bir bandida shunday misralar bor:
Yugursam har tarafga, ayb qilmanglar, bu vodiyda,
Misoli telba itmen, korvonidin adashganman.
“Vatandan ayrilish zarurati, — deb yozadi Maqsud Shayxzoda, — Furqatning idrok va shuurida chinakam fojia darajasiga ko‘tariladi, desa yanglishmaymiz. Darhaqiqat, kishida andisha, iztirob va chuqur g‘alayon qay darajada motamangiz bo‘lmog‘i lozimki, shoir o‘z darbadarligini ovora itning daydishiga o‘xshatib qo‘ysa?! Bunday bir tashbihga borib yetish uchun shoir naqadar ma’naviy musibatga chulg‘angan bo‘lishi kerak, axir!”1
Ko‘rinib turibdiki, Shayxzoda it obrazini vatanjudolik ifodasi sifatida talqin etgan. Bu — to‘g‘ri. Lekin, bu faqat zohiriy ma’no, xolos. Muxammasning mazkur bandida, xususan, telba it tashbihida, bundan tashqari, botiniy ma’no ham borki, uni ham e’tibordan soqit qilmaslik kerak.
Imom G‘azzoliyning “Daqoyiq ul-axbor” asarida shunday bir hadis keltirilgan: “Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: “Mo‘min kishiga loyiq va munosib shulki, ani(ng) xulqi va odati itni(ng) xulqi va odatidek bo‘lg‘ay. Itning besh ibratli xulqi bordur. Biri shulki, doim och bo‘lur, lekin qanoat qilur. Bu tariqa ochlikka qanoat qilmoq solih bandalar xulqidur. Ikkinchisi shulki, itni(ng) makoni bo‘lmas va har go‘shada yotur. Bu tariqa go‘shanishinlik solihlar xulqidur. Uchinchisi shulki, it kechasi uxlamas. Bu tariqa bedorlik solihlar xulqidur. To‘rtinchisi shulki, itni(ng) avlodig‘a meros qoladurg‘on moli bo‘lmas. Bu tariqa dunyo muhabbatini tark etmoq solihlar xulqidur. Beshinchisi shulki, it hargiz egasining eshigidan ketmas. Bu tariqada vafo qilib, Parvardigoriga itoat qilmoq ham solihlarning xulqidur”.
Ma’lum bo‘ladiki, ildizi islom ma’naviyatidan, tasavvuf ma’rifatidan oziqlangan mumtoz adabiyotimizdagi, jumladan, uning zabardast vakillaridan biri shoir Furqat ijodidagi it obrazi chuqur falsafiy mazmunga ega. Muxammasdagi karvonidan adashgan telba it iztirobini ham xuddi shu ma’noda tushunmoq kerak.
Shoir bir g‘azalida shunday yozadi:
El uxlamadi itlari g‘avg‘osida bir tun,
Dodim unidin itlari bedor eshigida.
Quyidagi musabba’ mazmuni ham shoirning o‘z falsafiy fikrlarini ifodalashda it obrazidan nechog‘lik unumli foydalanganligini ko‘rsatadi:
Mo‘tabar ko‘z yosh Haq nazdida durri nobdin,
Ham libosi faqr behtar shol ila sanjobdin,
Bistari qolinda rohat birla ko‘rgan xobdin
Ko‘yi uzlat bo‘ryosi xo‘bdur har bobdin,
Bor emish bir kun azobi vahm qil Vahhobdin,
Ahli dunyo suhbati ichra sharobi nobdin,
It yaloqi ichra ichgan qip-qizil qon yaxshiroq.
It — vafo timsoli. Shuning uchun ham, shoir nazdida, ahli dunyo — ya’ni, dunyoparastlar suhbatida sharobi nob — qizil may ichgandan ko‘ra it yalog‘idan qon ichgan afzalroq! (It, yaloq, qon so‘zlari hosil qilgan tanosib badiiyatni ta’minlashda alohida o‘rin tutgan.) Chunki ahli dunyodan vafo kutib bo‘lmaydi. Ularning maqsadi, qay yo‘l bilan bo‘lmasin, dunyo matohiga egalik qilish. Ular manfaat yo‘lida har qanday tubanlikdan-da qaytmaydi.
Mana Furqat nazarda tutgan hayot falsafasi. Bu yerda “sharobi nob” va “qip-qizil qon” — istiora. Shuning uchun ham ularni faqat zohiriy ma’nodagina tushunish to‘g‘ri emas. Jumladan, “sharobi nob” da umuman dunyoparastlik, hirsu havas ma’nolari mavjud.
Bunday dunyoqarash faqat Furqatgagina xos bo‘lgan emas. Aslida shoir buni ulug‘ salaflaridan o‘rgangan. “Lison ut-tayr”ning “Hoja Bahouddin so‘zi fanoyi komil maqomida” deb nomlangan faslida Navoiy Shoh Naqshband nomidan shunday so‘zlarni keltiradi:
Ko‘rdi topqoch nisbat oyinin tuza,
It ayog‘ining izin tufrog‘ uza.
Dedi: “Men ortug‘ ekanmu yo bu iz?”
Yana o‘zni dedi: “K-ey insofsiz,
Ul vafo ahli ayog‘idin nishon,
Sen vafosizlik sari domankashon”.
Xatm qildi chun bu ma’nig‘a so‘zin,
Er o‘pub ul iz uza qo‘ydi ko‘zin.
Zero, xudparastlikdan forig‘ bo‘lish, nafsni o‘ldirish — tasavvuf ta’limotining muhim qoidasi, solikka qo‘yiladigan bosh shart. Shu jihatdan, Furqat she’riyatidagi it obrazi ham xuddi g‘arib obrazi kabi bir qancha ma’no qatlamlariga ega. Shoir asarlarini o‘rganganda buni har doim e’tiborda tutish zarur bo‘ladi.
Furqat poeziyasidagi lola, g‘uncha, gul, bulbul timsollari ham yuqoridagi obrazlarga uzviy bog‘liq.
Bengzar nechuk ruxinga sahro yuzida lola,
Qolg‘on qazo cho‘lida bir qon yuqi piyola.
Qariyb bir asrdan ziyodroq vaqtdirki, Furqat lirikasi mana shu tarzdagi go‘zal, betakror tashbihlari, teran falsafiy mazmun-mohiyati bilan she’riyat muhiblarini hayratga solib kelmoqda. “Adashganman” radifli muxammasidagi mana bu misralar mazmuniga e’tibor qilaylik:
Qilib yod o‘tgan umrumni chaman obi ravonidin,
Muhabbatnomalarni yod olib savsan zabonidin,
Tikan zaxmini anglab g‘unchani qonlig‘ dahonidin,
O‘qub gul daftarini bir varaq fasli xazonidin,
Jahon bog‘ida bulbuldek fig‘onidin adashganman.
Ushbu banddagi poetik tashbihlar Furqat she’riyatining badiiy jihatdan nechog‘lik barkamol ekanligiga yana bir dalil. Chamandan oqib o‘tayotgan suv shoirga o‘tgan umrini eslatadi. Uning nazarida, tabiatning har bir zarrasi — muhabbat timsoli. Chunki ularning har biri junbushga kelib o‘z Yaratguvchisini zikr etadi. Shu bois shoir savsan tilidan muhabbatnomalarni yod oladi. G‘unchaning “dahoni qonlig‘” ekanligi sababini tikan yetkazgan yaradan, deb biladi. (Husni ta’lil san’atining betakror namunasi.) Xazon faslini kuzatar ekan, undan “gul daftarini o‘qiydi”. Ya’ni, gulning xazon bo‘lishdan avvalgi holini mushohada etadi. O‘z ahvoli ruhiyasini esa fig‘onidan adashgan (ajralgan) bulbulga mengzaydi.
Bu tashbihdan mutaassir bo‘lgan Maqsud Shayxzoda shunday yozadi: “Fig‘onidan adashgan bulbul”, ya’ni sayrash qobiliyatidan mahrum qolib lol bo‘lib qolgan bulbul! Naqadar chuqur, serma’ni va ta’sirli obraz!”
Darhaqiqat, Furqat she’riyati “chuqur, serma’ni va ta’sirli obraz”larga boy. Mazkur obrazlar silsilasi, birinchidan, shoir dunyoqarashi, e’tiqodini anglashda muhim o‘rin tutadi. Ikkinchidan, Furqat nazmiy merosi poetikasining yetakchi xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan. Shu jihatdan ular shoirning badiiy mahorati sirlarini o‘rganishda alohida ahamiyatga ega.
II
Furqatning publitsistik maqolalarida zamonasining dolzarb muammolari ko‘tarib chiqilgan. Ushbu muammolar muolajasiga oid teran fikrlar qalamga olingan. Professor A. Abdug‘afurovning fikricha: “Zokirjon Furqat o‘zbek adiblari ichida birinchi bo‘lib zamonaviy ma’nodagi publitsistikaga asos solib, ayni zamonda, uning keng tematik doirasini ham belgilab, davrning aktual siyosiy problemalarini ilg‘or tushunchalar va xalqchil pozitsiyadan yoritish sohasini ham boshlab berdi”1 .
Birgina dalil: “Gazet muallifig‘a kerakkim, — deb yozadi Furqat, — insofpesha va rostandesha bo‘lg‘ay. Noloyiq va nomunosib so‘zlarni gazetga solmag‘ay va yozg‘on kalomidin gazet o‘qug‘uvchilarg‘a naf’ va foyda hosil bo‘lg‘ay. Agar bir hikoyat yozsa ham aning zaminida bir foydalik mazmuni bo‘lg‘ay. Xorijiya va doxiliya ahvolotidin yozsa, adl va insof yuzidin rostliq birla yozg‘aykim, e’tibor va istihsong‘a loyiq bo‘lsun”.
Ta’kidlash joizki, o‘zbek matbuotchiligi endigina shakllanayotgan bir zamonda aytilgan bu so‘zlar, oradan qariyb bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini zarracha bo‘lsin yo‘qotgan emas. Zotan, Furqatning o‘zi ushbu so‘zlariga har doim amal qildi. Shu bois uning publitsistik maqolalari bizning zamonimizda ham qimmatini saqlab kelmoqda.
Furqat publitsistikasida inson va uning jamiyatda tutgan o‘rni, odob-axloq, insof-diyonat kabi fazilatlar targ‘ibi, yolg‘on axborot tarqatish, firibgarlik, tovlamachilik kabi illatlar tanqidi, xorijiy mamlakatlardagi turli millat va elatlarning turmush tarzi, qadriyatlari haqidagi axborotlargacha bo‘lgan keng qamrovli masalalar qalamga olingan.
Bu xususda so‘z yuritganda bir masalaga oydinlik kiritish ehtiyoji seziladi. Ustoz olimlar — A. Abdug‘afurov va Sh. Yusupov tadqiqotlarida “Turkiston viloyatining gazeti”da imzosi e’lon qilingan “Yoqubbek marhumning qo‘liga tushgon Qashqar viloyatining ahvoloti xususida” va “Qashqar viloyatidagi sartiya xalqlarining zindagonchilik ahvolotlari xususida” maqolalari Furqatga nisbatan berilgan.
Bizningcha, bu fikr munozarali ko‘rinadi. Avvalo, har ikkala maqola “Turkiston viloyatining gazeti”da imzosiz e’lon qilingan. Professor A. Abdug‘afurov to‘g‘ri qayd etganidek, “…maqola oxirida qavs ichida rus tilida “Qirg‘iz gazetasidan” (“Iz kirg. gaz.”) degan ta’kid mavjud”. Ikkinchidan, mazkur maqolalarning uslub xususiyatlari ham Furqat maqolalaridan keskin farq qiladi. Ulardagi jumla tuzilishlarida Furqat maqolalariga xos bo‘lmagan g‘alizliklar mavjud. Uchinchidan, rus mustamlakasidan himoyalanish uchun turk sultoni bilan bitim tuzgan va shu tufayli o‘z zamonida katta shuhrat qozongan Yoqubbekni bunchalik yerga urish Furqat dunyoqarashiga unchalik muvofiq kelmaydi. To‘rtinchidan, Furqatning o‘zi mustahkam e’tiqod sohibi bo‘lgani holda dinni mahkam tutganligi uchun Yoqubbekni tanqid qilishi mantiqqa zid ko‘rinadi. Har holda, fikrimizcha, bu masala yanada chuqurroq o‘rganilishi kerak.
III
Furqatning xattotlik mahorati, bu boradagi samarali faoliyati ham alohida tadqiqotlarga mavzu bo‘la oladi. Manbalarning guvohlik berishicha, Furqat xattotlik sirlarini o‘rganishga bolalikdanoq kirishgan. Shoir “Ahvolot”da o‘zining yetti yoshga to‘lgan davri haqida hikoya qilar ekan, shunday yozadi: “…xat mashqini o‘zumg‘a lozim ko‘rub, ertadin qiyomg‘acha kitob o‘qub, andin namozi asrga tegru mashqi xat qilur erdim”.
Demak, Furqat yetti yoshlik paytidanoq muntazam ravishda xat mashqi bilan shug‘ullangan, kitob mutolaa qilgan. Zero, xattotlik san’ati husnixatning o‘zi bilangina kamolga yetmaydi. Ham mukammal husnixat, ham yuksak savodxonlik — xattotlikning muhim shartlari. Shoirning to‘qqiz yoshligida yozgan:
Mening maktab aro buldur murodim,
Xatimdek chiqsa imlo-yu savodim, —
bayti uning yoshlikdanoq imloda ham, husnixatda ham mukammallikka intilganligini ko‘rsatadi.
“Ahvolot”da ta’kidlanishicha, Furqat o‘n yoshga to‘lganida o‘z “…savodi takmili uchun” Muhammad Olim ismli ustozining “xat ilmida noqis”ligi sabab “Mullo Qambar Ali nom bir xushnavis kishida digar bora ta’lim olib” husnixat borasidagi ilmini mukammallashtiradi. Natijada, o‘zi ham zamonasining xushnavis xattotlaridan bo‘lib yetishadi.
Furqat chet ellarda yashagan davrida ham xat va xattotlikka alohida e’tibor berdi. Manbalarda bu haqda qimmatli ma’lumotlar saqlanib qolgan. Bir qancha muddat sho‘ro hukumatining Koshg‘ardagi konsulxonasida xizmat qilgan qo‘qonlik Ergash Hojining Furqat haqida muhim qaydlar, shoir asarlaridan namunalar ko‘chirilgan qo‘lyozmasida:
Mullo Zokirjon Furqat
Xat mashqiga qildi diqqat, —
bayti keltirilib, unga quyidagicha izoh berilgan: “Yorkandda o‘zi (ya’ni, Furqat — N.A.) qalamdoni zarring‘a naqsh qilg‘on. Shu qalamdoni zarrindin yozdim. Lokin, qalamdon o‘g‘li Nozimjonda qoldi, bermadi”.
Ushbu ma’lumot ham shoirning xat mashqiga har doim alohida e’tibor berganligi dalilidir.
Furqatning xattotlik borasidagi shuhrati, bu sohada shogirdlar ham yetishtirganligi haqida Firdavs Aziziy shunday yozadi: “Furqatning husnixati ham nihoyatda chiroyli bo‘lg‘on. Uning xattotlik mahoratidin zavqlang‘on bir qancha kishilar undan husnixat o‘rgangan ekanlar. Shulardan Furqatning do‘sti va shogirdi Zaynulobidinxon Furqat vafot etgandan yigirma to‘rt yil keyin, ya’ni 1933 yili Yorkentda yangi maktab — “Matla’ ul-irfon” qurulg‘onda ana shu maktabda husnixat o‘qituvchisi bo‘lg‘on”.
Mazkur ma’lumotlar Furqatning yuksak mahoratli xattot ham bo‘lganligini ko‘rsatadi. Shu ma’noda, olim va xattot Abdulqodir Murodiyning “San’atkor xattotlarning yozgan xatlari ma’no ifodalashdan tashqari, kishilarni hayajonga solib, ularga estetik zavq beradi. Kotib qalamida yozilgan har bir xat san’at mo‘jizasi kabi o‘lmas asar hisoblanardi”, — degan so‘zlari Furqatga ham to‘la tegishli deb hisoblash mumkin.
Zero, Furqatning O‘zbekiston Markaziy Davlat arxivida, mamlakatimizdagi turli qo‘lyozmalar fondlarida, shaxsiy arxivlarda saqlanayotgan dastxatlari ham uning xattotlik mahorati nechog‘lik yuksak bo‘lganligi dalilidir.
IV
Furqatning tabib-hakim sifatidagi faoliyati ham maxsus tadqiq etishni taqozo etadi. Zero, u tabobat sohasida o‘z zamonasining ma’lum va mashhur olimlaridan edi. “Zubdat ul-hukamo” unvonining sohibi bo‘lganligiyoq uning bu boradagi yuksak salohiyati dalilidir.
Xorijga ketmasidan oldin Furqatning tabobat bilan amalda shug‘ullanganligi to‘g‘risida ma’lumot bo‘lmasa-da, tib ilmidan yaxshigina xabardor ekanligini tasdiqlovchi ayrim dalillar mavjud. Xususan, Furqat Xo‘jandda yashar ekan, u yerdagi hakimlarining bilim darajasidan qanoat hosil qilmaydi. “Ul yerda mavjud da’viyi hikmat qilg‘on hakimlarni(ng) hammasini johil e’tiqod qildim, — deb yozadi u. — Bu dalil birlakim, ul xalqni(ng) ko‘zlari xiyra bo‘lsa, qon olmoqqa ishtig‘ol ko‘rguzurlar ekan. Alarning bu behuda muolajasidin ko‘b kishini(ng) sihatig‘a nuqson yetmoqlig‘ini mushohada qildim”.
Xo‘jandda o‘zi ham qon-tomir xastaligiga uchragan Furqatni “nabz tashxisini bilishda yagona” hakim do‘sti Hoji A’zam davolaydi. Tabiiyki, ziyrak, har bir narsaga qiziquvchan Furqat Hoji A’zam qo‘lida davolanish barobarida, undan tabobat sirlarini ham o‘rganadi.
Furqatning tabobat bilan amalda jiddiy shug‘ullanishi uning Yorkentdagi faoliyati bilan bog‘liq. Shoirning Yorkentda yozilgan g‘azalidan olingan quyidagi bayt ham ushbu fikrni quvvatlaydi:
Hayf, besh-olti tanga deb, umrim o‘tar do‘kon ochib,
Dori yasab havonchada kunda taqir-tuqur qilib.
Hatto bu davrda hakim unvoni Furqatning shaxsiy muhrida ham aks etgan. Jumladan, uning Yorkentdan 1905 yil 10 iyulda yo‘llagan dastxat maktubiga “Hakim Zokirjon hoji” bitigi bilan muhr bosilgan.
Shinjonglik ziyolilardan Firdavs Aziziy tomonidan yo‘llangan maktubda ham bu haqda qimmatli ma’lumotlar berilgan: “Furqat Yorkentga qaytib kelgondin uchunchi yil, — deb yozadi u, — Yorkentning shahar hokimi kasalga giriftor bo‘lub, butun badanini jarohat bosib ketdi. Shu chog‘larda ovrupocha do‘xturxona ochgan edilar. Shahar hokimi alarga ko‘rungon bo‘lsa-da, kasali hech yaxshilanmadi. Ambol[2] Furqatning dong‘ini onglab, uni o‘zining kasalini davolab qo‘yishga taklif qildi. Furqat oni simob qo‘shulg‘on dorular bilan davoladi. Uch oydin keyin ambol butunlay sog‘ayib ketdi. Shunga biyik xushhol bo‘lib ketgan ambol Furqatga uch yuz sar tanga in’om qilg‘on va shahar sirtidagi hukumat yeridan 22 gektar yer kesib bergan.
Yana bir kuni Furqat shahar sirtidagi boqqa bazmg‘a chiqqonda, bazm qatnashchilaridan Niyoz Hojim degan kishi kuchala qo‘shulg‘on doru yeb zaharlanib qolg‘onda, u odamni o‘limdin qutultirdi. Andin boshqa do‘konig‘a kelgan kambag‘al kishilarni pul olmay davolab qo‘yish ishlari ko‘p ko‘rulgon”.
Shuningdek, mazkur maktubda Furqatning xotini Ra’noxon tabibning qizi bo‘lgani uchun uning tibbiy ishlariga ko‘p yordamlashgani to‘g‘risida ham qimmatli ma’lumotlar berilgan. Unda ta’kidlanishicha, Furqat tib ilmiga oid “Iksiri a’zam” (“Ulug‘ kimyo”) degan kitobni doimiy ravishda mutolaa qilgan.
Bundan tashqari, Yorkent viloyati xalq komiteti tomonidan “Gulxan” jurnali tahririyatiga 1958 yil 18 avgustda yo‘llangan maktubdagi quyidagi fikrlar ham diqqatga sazovor:
“U (Furqat-N.A) bu orada ilmi nujum va tabobat ilmi bilan shug‘ullanadi. U Hindistonda bosilgan “Iksiri a’zam” degan kitobni ko‘p o‘qir ekan. Tabobatda bilimi va tajribasi bo‘lgach, turmushini tabibchilik bilan o‘tkazadi. Kambag‘al kasallarga yaxshi qarab, dori berib sog‘aytiradi. Lekin, pul olmaydi. U vaqtlarda bu viloyatda doktorxona bo‘lgan. Doktorxonada shifo topmagan ba’zi og‘ir kasallarni ham shoir sog‘aytirganligi to‘g‘risida xalqimiz ichida ajoyib gaplar yuradi”.
Ma’lumki, Furqat Yorkentda zamonasining mashhur shoiri Tajalliy bilan tanishadi va yaqindan do‘stlashadi. Tabib sifatida ham shuhrat qozongan Tajalliy Muhyi bilan muntazam ravishda xat yozishib turgan. Shunday maktublardan birining hoshiyasiga Tajalliy “Bu xat (ya’ni, Muhyining xati — N.A.) “Zubdat ul-hukamo” deb shuhrat chiqargon xo‘qandlik Muhammad Zokirjon Furqat vositasi bilan bizga tegdi. Tajalliy”. — deb yozib qo‘ygan.
Furqatning o‘z dastxati bilan yozilgan quyidagi xabar-maqola uning tib ilmi bilan amalda shug‘ullanish barobarida matbuotda ushbu mavzuga oid maqolalar bilan ham qatnashib turganligini ko‘rsatadi. Maqolada, jumladan, quyidagilarni o‘qiymiz: “Bir ming uch yuz o‘n birinchi yili rajab oyidin boshlab Kucha va Oqsuv degan shaharlarda vabo voqe’ bo‘lub, ko‘p kishilarni(ng) halok bo‘lgan xabarini eshitib turduk va sha’bon oyida Qashqar viloyatig‘a voqe’ bo‘lub, andin Yorkandg‘a o‘tub, katta-kichik odamlar ham og‘riq bo‘lub yottilar. Yorkand shahrining amboli fuqaroparvarlik yuzidin rahmu shafqat qilib, o‘zig‘a tobe’ mansabdorlar birlan shahar ichig‘a kirib, piyoda bo‘lub, oldida mushku anbarlarni nujum aylab va gulobg‘a o‘xshash xushbo‘y suvlarni ko‘cha va rastalarg‘a sochturub yurub, fuqarolarni(ng) ahvolini so‘radi. Ramazon oyi kechib, shavvol oyi oxirlarida xiyla tahfif topib, Qarg‘aliq va Xo‘tan shaharlarida ham bir oy qadar goronlik bo‘lub, alhol hama yerda tinchlik va omonlikdur. Va lokin, bu hodisada bemor bo‘lg‘on kishilar o‘lmay va uzoq yotmay, besh-o‘n kunda sihat toptilar. Bunda xususan “kashkof” degan iloj ko‘b naf’lar qildi”.
Shularning o‘ziyoq Furqatning tabobat ilmida erishgan kamolotiga dalil bo‘la oladi.
V
Furqat Yorkentda yashagan davrida aniq fanlar bilan ham jiddiy shug‘ullandi. “Qavoidi Chin va umuroti siyosiy” asarida ushbu fikrni quvvatlaydigan ayrim dalillar bor. Jumladan, asarda anosiri arba’a (o‘t, havo, suv va tuproq)ning fizik xususiyatlari va tibbiyotning ular bilan bog‘liq jihatlariga oid qimmatli mulohazalar bayon qilingan. Furqat shunday yozadi:
“O‘tning harorati va suvning burudatining quvvati asliysini(ng) darajasi hukamolar ijod qilg‘on asboblar vositasi birla ma’lumdur. Bul o‘t birla suv har qaysi o‘z markazida nihoyatda kuchlikdur. Tag‘yiri havo va tabdili makon birla quvvati asliyalarig‘a nuqson yetib, filjumla ojiz bo‘lurlar. Ammo ojiz bo‘lmoqlari oriziydur. Va na zotiy ko‘rmoq kerakkim, anosiri arba’akim — otash, havo, ob va xokdur. Otashning markazi hammani(ng) ustida, falakka yaqindur. Ul otashni(ng) markazida qaydoq baquvvatligi hukamolarg‘a ayondur. Va lekin yerda o‘z markazida bo‘lg‘ondek quvvai harorati yo‘qdur. Muni(ng) sababi tabdili makondur. Va yana qish kunlarida yoz faslidagidek quvvai harorati yo‘qdur. Muni(ng) sababi tag‘yiri havodur. Va suvning ham o‘z markazida quvvai burudati ziyodadur. Har goh o‘z markazidin intiqol qilsa, quvvatig‘a nuqson yetadur. Sababi tabdili makondur. Va yana yoz kunlarida qish faslidagidek quvvai burudati yo‘qdur. Muni(ng) sababi tag‘yiri havodur”.
Ko‘rinib turibdiki, bu mulohazalar teran ilmiy tafakkur mahsuli. Bugina emas. Furqat bu fikrlardan oqil va hushmandlar qanday xulosa chiqarishlari lozimligiga ham e’tibor qaratadi:
“Bas, oqil va hushmandlar, kerakkim, har nimarsani o‘z quvvai asliy va fe’li zotiysig‘a mulohaza va fikr qilg‘oylar. Tabdili makon va tag‘yiri havokim, foili oriziydur. Va na zotiy, e’tibor qilmasalar kerak. Chunki o‘t birla suvning fe’li zotiysig‘a tabdili makon va tag‘yiri havo birla haqiqatan nuqson yetmaydur”.
Bundan tashqari, Yorkent viloyati xalq komitetidan “Gulxan” jurnali tahririyatiga 1958 yil 18 avgustda kelgan maktubda Furqatning tabobatdan tashqari ilmi nujum (astronomiya) bilan ham shug‘ullanganligi ta’kidlanadi. Sharqiy Turkistonda chiqadigan “Qashqar gazeti”ning 1957 yil 11 sentyabr sonidagi “Mashhur o‘zbek xalq shoiri Purqatning jasadi yutkap dafn qilindi” sarlavhali maqolada shoirning tarix, fizika, ximiya va astronomiya fanlari bilan shug‘ullanganligi xususida ma’lumot beriladi.
Mazkur ma’lumotlar Furqatning turli fan sohalarini chuqur egallaganligini ko‘rsatadi. Uning bu boradagi asarlarini qidirib topish, ommalashtirish esa galdagi vazifalardandir.
VI
Furqat, garchi umrining oxirigacha jondan sevgan ona-yurtiga qayta olmagan bo‘lsa-da, bir nafas ham Vatanni unutmadi. Uning muhabbati bilan yashadi. O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda, ona-zamin va uning ardoqli farzandi o‘rtasidagi “hijron seliga” asrlar sinoviga dosh bera olgan serqirra ijod namunalari orqali “ko‘prik tashlandi”. Natijada, bu bebaho meros bugun millatning boyligiga aylandi. Bugun har bir ma’rifatli ziyoli tomonidan sevib o‘qilmoqda. Qalblarga muhabbat urug‘ini ekmoqda. Muhabbat urug‘idan unajak nihollar esa, shubhasiz, yana necha yuz yillar davomida milliy ma’naviy yuksalishga xizmat qilaveradi.
«Jahon adabiyoti” jurnali, 2004 yil, 1-son
[1] O‘zbekiston MDA, fond N 1009, 1-ro‘yxat, 115-ish (2-juzgir), 138-sahifa.
[2] Shayxzoda M. Furqat haqida qaydlar. — Furqat va Muqimiy haqida maqolalar. T.: O‘zdavnashr, 1958, 31-bet.