Qariyb bir yarim asrdirki, Munis tomonidan boshlanib, Ogahiy nihoyasiga yetkazgan “Firdavsu-l-iqbol” asari adabiyotshunos, matnshunos va tarixshunoslar e’tiborini tortib keladi.
“Firdavsu-l-iqbol”ning to‘qqizta qo‘lyozma nusxasi mavjud bo‘lib, ulardan ikkitasi, Rossiya Fanlar akademiyasi Sankt-Peterburg Sharq qo‘lyozmalari intitutida (inv. S 571 (590 oa), Ye-6-1 (590 ov), oltitasi O‘zbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida (inv. 821/1, 5364/1, 9979/1, 5071, 7422, H. Sulaymonov nomidagi fond. 275/1), yana bir nusxasi esa Xelsinkida saqlanmoqda.
“Firdavsu-l-iqbol” badiiy-tarixiy nasrda Ogahiy uchun katta tajriba maktabi bo‘lgani, shubhasiz. Bu asarni yozish jarayonida orttirilgan tajriba keyinchalik shu turdagi boshqa asarlarini yozishda unga qo‘l kelgani aniq.
Munisning yozishicha, Xiva xoni Eltuzarxon uni o‘z saroyiga chaqirib, bunday amr qiladi: “…kerakkim, bizning nasabi humoyunimizni so‘z devonida kursinishin va ajdodi amjodimiz asomiysin tarix xotamida naqshi nigin qilsang va o‘z holotimiz va ba’zi futuhotimiz bilakim, ziynati afsona va nosixi “Shahnoma”dur, nazm rishtasig‘a durri maknun tersang va nasr bisotig‘a gunogun ziynat bersang, to bo‘lg‘aykim, davron sahoifi fano tundbodi bila parishon bo‘lub, olam koshonasi adam seli bila vayron bo‘lg‘uncha avsofi hamidamiz zamon avroqida boqiy qolg‘ay va zikri pisandidamiz jahon majolisida salotin bazmig‘a sho‘rish solg‘ay”. (Munis Shir Muhammad Mirab and Agahi Muhammad Riza Mirab. Firdaws al-iqbal: History of Khorezm. Ed. by Yu. Bregel. Leiden: Brill, 1988, R.18. – Maqola Yuriy Bregel tayyorlagan ana shu ilmiy-tanqidiy matn asosida yozildi – N.A.).
“Firdavsu-l-iqbol” debocha va muqaddimadan tashqari besh bobdan tarkib topgan. Bu haqda Munis quyidagicha ma’lumot beradi: “…bu muxtasar shuru’ig‘a xomai ibtido suruldi, chun bahori iqboli sohibqironiy bila firdavsdek ziynat topib erdi, binoan alayh “Firdavsu-l-iqbol”g‘a mavsum bo‘ldi. Bir muqaddima, besh bob, bir xotimag‘a taqsim topti. Hazrat Izidi kombaxshdin umid ulkim, unvoni iftitohin tatammai ixtitomg‘a mavsul va muqaddimai og‘ozin xotimai anjomg‘a mashmul qilg‘ay…. Muqaddima ba’zi maxsusoti a’loxoqoniy zikridakim, osori iqboli sohibqironiy erdi. Avvalg‘i bob hazrat Odam alayhissalom ijodidin (yaratilishidan – N.A.) Nuh alayhissalom avlodig‘acha mazkur bo‘lur. Ikkinchi bob Yofas alayhissalomdin qo‘ng‘irot sho‘basig‘acha mo‘g‘ul podshohlarining zikrida. Uchunchi bob Qurlos avlodidin podshohliq marotibig‘a yetganlar zikridakim, so‘ngi Abulg‘ozixon ibn Yodgorxondur. To‘rtunchi bob hazrat podshohi sohibqironning ajdodi kirom va aboi zu-l-ehtiromining zikrida. Beshinchi bob hazrat podshohi sohibqironning valodati humoyunidin bu risolai saodatmaqola itmomig‘acha har vaqoye’kim osori sohibqironiydin vuqu’ topmish va vuqu’ topg‘usidur – zikr qililur. Xotima avliyoyi izom va ulamoi kirom va umaroi zu-l-ehtirom va sohibdavlat beklar va zakiytab’ shoirlar va donishmand fozillar va falotunfitrat hunarmandlar va ba’zi umuri g‘aribakim, hazrat podshohning ayyomi maymanatanjomida vuqu’ topibdur, alar hikoyotig‘a maxsusdur”.
Munis asarning kompozitsion tuzilishini ana shunday rejalashtirgan. Biroq bir qancha sabablarga ko‘ra, muallifga asarni ushbu reja asosida nihoyalash nasib etmagan. Birinchidan, adib asarning eng qizg‘in voqealari tasvirini yozayotgan kezda Muhammad Rahimxon unga Mirxondning mashhur “Ravzatu-s-safo”sini o‘zbek tiliga tarjima qilish vazifasini topshiradi.
Ikkinchidan, 1929 yili Munisning vafot etishi, bu rejaning amalga oshishiga monelik qiladi.
Ana shu sabablarga ko‘ra asarni Ogahiy davom ettirdi va nihoyasiga yetkazdi. Biroq, adib bu ishga oradan o‘n bir yil o‘tgach kirishgan. Sababi, Munis vafotidan keyin Ogahiyga “Ravzatu-s-safo” tarjimasini davom ettirish vazifasi yuklatiladi. Shundan keyingina Eltuzarxonning o‘rniga Xiva taxtiga chiqqan Ollohqulixon davrida, uning farmoniga ko‘ra Ogahiy “Firdavsu-l-iqbol”ni davom ettirib, nihoyasiga yetkazadi.
“Firdavsu-l-iqbol”ning tarixiy ilmiy asar emas, badiiy-tarixiy nasr namunasi ekani nimalarda ko‘rinadi? Birinchidan, har qanday asarning xususiyati uning tilida, ifoda usulida namoyon bo‘ladi. “Firdavsu-l-iqbol” saj’li nasrda, badiiy uslubda yozilgan. Axir, unda tarixiy voqealar bayon qilinganku, tarixiy asar deb nomlanib kelgani sababi shuku, degan e’tirozga javoban aytish kerakki, gap qanday material qalamga olinganida emas, uning qay tarzda ifodalanganidadir. Ushbu fikr isboti uchun asardan birgina parcha keltirib, tahlil qilishga harakat qilamiz: “…jahon fozillarining afzali va zamon komillarining akmali, fazlu donish tengizining timsohi, aqlu binish safinasining mallohi, ilm quyoshining matla’i va kamol ahlining marja’i, halloli mushkuloti daqoyiq, kashshofi g‘atoyoyi haqoyiq, fazoilmaob, kamolotintisob, ya’ni Munis mirob…”
Ogahiyning ustozi Munisga bo‘lgan ehtiromi ifodasi bo‘lgan ushbu iqtibosda o‘n bir saj’lanuvchi qism mavjud: jahon – zamon, fozillarining – komillarining, afzali – akmali, fazlu – aqlu, donish – binish, timsohi – mallohi, matla’i – marja’i, halloli – kashshofi, mushkuloti – g‘atoyoyi, daqoyiq – haqoyiq, fazoilmaob – kamolotintisob – Munis mirob.
Ulardan birinchi, uchinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi va o‘ninchi saj’lanuvchilar mutavoziy (ham vazn, ham qofiyada moslashuvchi); o‘n birinchisi mutarraf (vaznda moslashmagan), ikkinchi, to‘rtinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchisi esa mutavozindir (vaznda mos, qofiyada moslashmagan).
Ma’lumki, saj’ hosil qiluvchi so‘zlar «fosila» deb ataladi. Har bir fosila o‘zidan oldingi so‘zlar birikmasi bilan saj’ning bir bo‘lagini tashkil qiladi va «qarina» deb yuritiladi» (she’riyatdagi, aruzdagi fosilaning bunga aloqasi yo‘q). Ogahiy nasrida saj’ning yuqorida bayon etilgan barcha shakliy sifatlarini ko‘rish bilan birga, saj’lanuvchilarning joylashishida ham o‘ziga xoslik kuzatiladi. Yuqoridagi jumlada timsohi va unga saj’lanuvchi marosimi fosilalarining har biridan oldin bittadan so‘z qo‘llangan. Ba’zan fosiladan oldin bir va unga saj’lanuvchidan avval bir necha so‘z qo‘llanishi yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin. Yuqoridagi iqtibosda aksar saj’lanuvchilar orasida qarina mavjud emas.
Asarning badiiy-tarixiy nasr namunasi ekaniga ikkinchi dalil, yuqorida ta’kidlanganidek, Munisning uni yozishga amr etilganida xon tilidan bitilgan: “nazm rishtasig‘a durri maknun tersang va nasr bisotig‘a gunogun ziynat bersang”, so‘zlaridir.
Uchinchidan, badiiy-tarixiy nasr namunasi xuddi xalq og‘zaki ijodiga mansub dostonlar kabi, Munis va uning buyuk salaflari Rabg‘uziy, Mirxond, Xondamir va Abulg‘ozining shu siradagi asarlari an’anasiga ko‘ra nazm bilan ziynatlanishi shart edi. Asar xuddi shu usulda yozilgan. Undagi nazm namunalari saj’li nasrda bitilgan fikrlarni tasdiqlash, to‘ldirish, ularga izoh berish va, nihoyat, asarning badiiyatini, poetik jozibasini oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.
“Firdavsu-l-iqbol” matniga qasida, g‘azal, masnaviy, qit’a, ruboiy, fard, tarkibband, ta’rix singari janrlarga oid qariyb olti ming misra she’r kiritilgan. Shundan besh ming misraga yaqini asarning Munis yozgan qismidan, 1022 misrasi esa Ogahiy yozgan qismidan o‘rin olgan.
S.Ro‘zimboyev va A.Ahmedovlarning “Firdavsu-l-iqbol”dagi adabiy janrlar haqida” (“O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali, 2009, 6-son, 19–24-betlar) maqolasida asarga kirgan she’rlarning janr xususiyatlariga oid ancha kerakli ma’lumotlar berilishi barobarida, bir qator nuqsonlarga ham yo‘l qo‘yilganini qayd etish kerak.
Birinchidan, maqolada janr istilohi noo‘rin qo‘llanadi, mualliflarning she’riy janrlar haqidagi tasavvuri chala ko‘rinadi. Masalan, ular bunday yozishadi: “Munis tomonidan asarda istifoda etilgan poetik janrlar orasida (?) nazm, she’r, misra, abyot, manzuma, matla’, maqta’ kabi atamalar uchraydiki, bu nomlanishlarga muayyan izohlar berishga to‘g‘ri keladi”. Ta’kidlash kerakki, nazm, she’r, misra, abyot, manzuma, matla’, maqta’ kabi istilohlarning “Munis tomonidan asarda istifoda etilgan poetik janrlar”, deyilishi mutlaqo to‘g‘ri emas.
“Nazm nomi ostida bergan she’rlari shaklining masnaviydan farqi yo‘qdek ko‘rinadi”, deya, go‘yoki, muammoga oydinlik kiritishmoqchi bo‘lishadi mualliflar. Bu ham holva. “Biroq ayrim hollarda nazmning qofiyalanish tizimi o‘zgaradi va g‘azal shakliga o‘tadi” yoki boshqa o‘rinda, “Tarixnavisning “she’r” nomi ostida bergan namunalari ham ko‘p hollarda masnaviy shaklida bitilgan, ayrimlari g‘azal shaklida qofiyalangan”, deyishar ekan, ular, go‘yoki, yangi-yangi “ilmiy kashfiyot”larni ochishadi. Munis bu sarlavhalar ostida ba’zan masnaviyni, ayrim hollarda g‘azal va istalgan boshqa janr namunasini berib ketavergan. Bir vaqtlar kelib, “mutaxassis”lar “Firdavsu-l-iqbol”da “nazm”, “she’r” sarlavhalarida taqdim etilgan asarlarning qaysi janrga mansub ekanini ajrata olmasligini adib qayerdan ham bilsin, axir?!
“Munis nazm va she’r nomi ostida berilgan namunalarni umuman she’riyat sifatida qaragan va voqealar xarakteriga qarab, ularni turli shakllar vositasida o‘quvchilarga havola qilgan”, degan xulosa esa yanada ajablanarli. Savol tug‘iladi: Munis nazm va she’r nomi ostida berilgan namunalarni umuman she’riyat sifatida (?) (ta’kid bizniki – N.A) qaragan bo‘lsa, boshqa nom ostida berilgan namunalarni nima deb qaragan ekan?!
Mumtoz she’riyatda fard degan janr bor. “Fard” atamasi “yakka, yolg‘iz, ajralgan” ma’nolarini anglatishi, mumtoz she’riyatda yagona baytdan iborat tugal ma’noni anglatgan janr ekani hech kimga sir emas. Yuqorida qayd etilgan maqola mualliflari hammaga ayon ana shu haqiqatga “isloh” kiritadilar. Ular: “Asar tarkibidagi fardlar asosan ikki misralik bo‘lib, bir-ikki joyda uning to‘rt qatorlik shakli (?) ham uchraydi”, deya quyidagi she’rni misol qilib keltiradilar:
Olib qahr ila ul jahon kishvarin, Qilib qatl ahli zamon aksarin. Jahon ichra balkim kishi qo‘ymadi, Ulus qonidin o‘lguncha to‘ymadi.To‘g‘ri, “Firdavsu-l-iqbol” matnida ushbu she’r “Fard” sarlavhasi bilan berilgan. Biroq, mumtoz asar ustida tadqiqot olib borayotgan mutaxassis bu kotibning xatosi bo‘lishi mumkinligini, mazkur she’riy parcha janr xususiyatlariga ko‘ra fard emas, masnaviy (!) ekanini ajrata bilishi kerak emasmi?! Sinchkov tadqiqotchi zarur o‘rinlarda kotibning xatosini ham tuzatishi lozimku, axir!
“Asarning Munis qalamiga mansub qismida nasriy janrlarga ham o‘rin berilgan. U asarni an’anaga muvofiq na’t bilan boshlaydi va uni nasriy tarzda Qur’on oyatlari vositasida bayon etadi”, deyiladi yana maqolada. Avvalo, na’tni nasriy janr sifatida ta’riflash ilmiy haqiqatga ham, oddiy mantiqqa ham zid. Na’t – janr emas. U – mazmun, u – mohiyat. Na’t –payg‘ambarimiz sifatlarining ta’rif-tavsifi. U nafaqat nasrda, nazmda ham yozilishi mumkin. G‘azal, masnaviy, qit’a singari she’riy janrlarda yozilgan masnaviylar uchraydi mumtoz adabiyotimizda. Ilmiy mavzuda maqola yozayotgan mutaxassis har bir so‘zini taroziga solib, o‘ylab, fikrlab, keyin qog‘ozga tushirishi zarur. Aks holdagi, yuqorida taxlit noo‘rin mulohazalar, sayoz xulosalar kelib chiqadi.
Mazkur ko‘chirmada yana bir xatolik bor. Mualliflar fikricha: “U (ya’ni, Munis) asarni an’anaga muvofiq na’t bilan boshlaydi”. Aslida, “Firdavsu-l-iqbol” na’t bilan emas: “Oliymakon sultonlarning dabdabai hashamati va garduntavon xoqonlarning kavkabai davlati ul podshohi alalitloqning qullug‘i bilan intizom toparkim…”, deya boshlangan hamd (ta’kid bizniki – N.A.) bilan ochiladi.
“Firdavsu-l-iqbol”ga kirgan turli janrlarga oid she’riy matnlar har biri kompozitsion tugalligi bilan alohida asar sifatida baholanishi mumkin. She’riy matnlar voqelikning nasriy talqinini biror-bir jihatdan takrorlamaydi, aksincha, ular matn yaxlitligini ta’minlashi, asarning asosiy g‘oyasini yorqin badiiy bo‘yoqlarda, poetik jozibadorlikda ifodalash va izohlashga xizmat qilishi jihatidan yuksak adabiy-estetik qiymatga ega.
“Firdavsu-l-iqbol”ning Ogahiy yozgan qismidagi she’riy matnlar mavzuiga ko‘ra quyidagichadir: 1) asarning yozilish sababi ta’rifi; 2) xon va uning a’yonlari vasfi; 3) bunyodkorlik ishlari tavsifi; 4) harbiy mojarolar tasviri; 5) shikor – ov tavsifi; 6) to‘y, sport va xalq o‘yinlari talqini.
1. Asarning yozilish sababi ta’rifi. Ogahiy “Firdavsu-l-iqbol”ni davom ettirish vazifasi o‘ziga yuklangani haqida, avval, nasrda mana bunday izoh beradi: “…hazrat sohibqironning julusi saodat ma’nusining o‘n beshlonchi yilikim, sana ming ikki yuz ellik beshda (1840 milodiy yil – N.A.) erdi, bu bandai bebizoat va qalilu-l-istitoat va bu go‘shanishini vayronai alam va malolat, ahqari ibodi maliki-l-vahhob, zaifi najif Muhammadrizo mirob al-mutaxallis bi-l-Ogahiy ibn Erniyozbek birodarzoda va dastparvardai Munis mirob g‘afarollohu zunubahum va satara uyubahumkim, ul hazratning xizmatkori qadimiy va jonsipori samimiyi erdim, nogoh jabhai ahvolimg‘a diydai marhamati va nosiyayi avqotimg‘a ayni inoyatidin nazari kimyoasarin solib, bu parishon avroqkim, tarkibidin ko‘ngul mutahayyir, balki aqli kull mutaazzirdur, jam’ qilib, itmomg‘a yetkurmakni buyurub, bu dilxastani mazallat tufrog‘idin ko‘tardi va iftixorim boshin falaki davvordin o‘tkardi”.
Darhaqiqat, muallif oldida mas’uliyatli vazifa turardi.
Asarni davom ettirishga kirishar ekan, Ogahiy masnaviy yo‘li bilan munojot yozadi. Munojotda shoir juda qiyin, tuganmas ishga qo‘l urganini ta’kidlab, uni poyoniga yetkazishda alloh taolodan madad so‘raydi:
Iloho, man ojizu benavo, Tuganmas ish etgum durur ibtido. Hazin xotirimni yetur komig‘a – Ki, ya’ni, ishim yetur anjomig‘a.2. Xon va uning a’yonlari vasfi. “Firdavsu-l-iqbol” badiiy uslubda yozilgani uchun unda muallifning adabiy-estetik ideali talqini masalasini o‘rganish zarurati yuzaga keladi. Ta’kidlash kerakki, asarda xuddi shunday ideal xon timsolida tasvirlangan. Bu turkum she’rlarda vasf etilishicha, xonning adolati shu darajadaki, adlidan jahon mulki obod, u shunchalik saxiyki, xayru ehsonidan ulus xotiri shod. Birgina misol:
Hotami Toyiki karamdur ishi, Xalqg‘a bermak bo‘lubon varzishi. Ul dag‘i bahra olib ehsonidin, Zillasitondur karami xonidin.Muallifning bu turkum she’rlarda mubolag‘ali tarzda ta’rifu tavsif etishicha, agar sultoni sohibqiron qahr qilsa, zulm uyi vayron, lutf etsa, dahr eli shodon bo‘ladi. Xorazm xonlarining, jumladan, Muhammad Rahimxonning saltanat ishlarida adolatga intilgan ma’rifatli hukmdor ekaniga shubha bildirmagan holda, ta’kidlash kerakki, Ogahiy xon va uning a’yonlari tasvirida real voqelikdan ko‘ra ko‘proq o‘zining idealini vasf etgan. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, yuksak nazmiy mahorat bilan yozilgan bu turkum she’rlar shoirning ijtimoiy-estetik idealini belgilash va o‘rganishda printsipial ahamiyatga ega.
3. Bunyodkorlik ishlari tavsifi. Muhammad Rahimxon tabiatan bunyodkorlikka moyil bo‘lgan. U ko‘plab masjidlar, madrasalar, yoflar (kanallar), ko‘prik va rabotlar barpo etgan. Ma’lumki, adabiy an’anaga ko‘ra, bunday inshootlar qurilishi munosabati bilan ta’rixlar bitilgan. “Firdavsu-l-iqbol”da bu mavzu, asosan, masnaviyda qalamga olingan. Jumladan, muallifning yozishicha, “Ul ovoni saodatnishonda Sayyod hovlining imoratikim, ul hazratning me’mori davlatidin toza bino topib, matonat va istehkomi “kaannahum bunyanun marsus” (“bamisoli tutash binolardek”– Qur’oni karim, Saf surasi, 4-oyatdan) oyati bila mansus erdi va bog‘i ishratafzosi “va man daxalahu kona ominan” (“bu yerga kirgan omonlik topadi” – Qur’oni karim, Oli imron surasi, 97-oyatdan) ishoratig‘a maxsus”. Asarda ana shu ma’lumotdan so‘ng quyidagi masnaviy matni keltirilgan:
Rashki behisht erdi anga har qusur, Oshiqi oning edi g‘ilmonu hur. Bosh chekibon ko‘ngiri Kayvong‘acha, Zirvasi ham gunbazi gardung‘acha. Manzari ayvoni bo‘lub dilkusho, Sahni havosi edi ishratfizo. Bog‘i nazohatda jinon g‘ayrati, Har shajari sarvi ravon g‘ayrati. Behad edi mevai alvon anga, Teng bo‘la olmay mazai jon anga.Har qanday mavzuda, hatto bunyodkorlik ishlarining nazmiy tavsifida ham Ogahiy so‘zining fasohati va balog‘ati yaqqol namoyon bo‘lib turadi.
4. Harbiy mojarolar tasviri. Ma’lumki, XIX asr millatimiz tarixiga tanazzul asri sifatida kirgan. Xonliklar o‘rtasidagi ziddiyatlar, ichki nizolar oxir-oqibat yurtni ijtimoiy-siyosiy bo‘hronga olib keldi, Rusiya mustamlakasi girdobiga tushirdi. “Firdavsu-l-iqbol”da ana shu ichki nizolar, ziddiyatlar, ma’naviy inqiroz yetilib kelayotgan tarixiy vaziyat qalamga olingan. Asardan o‘rin olgan bir qancha she’rlarda Muhammad Rahimxon qo‘shinining Xuroson va Dashti Qipchoqdagi, shuningdek, Xorazm atrofidagi ko‘chmanchi qabilalar bilan olib borgan harbiy harakatlari, xon bilan Buxoro hukmdori Amir Haydar sipohi o‘rtasidagi jangu jadallar, behuda qon to‘kilishi voqealari tasvirlangan. Bu mavzudagi she’rlarda zohiran Xiva askarlarining jasorati vasf etilgandek ko‘rinsa ham, nazmiy matnlar zamirida Ogahiyning bunday harbiy mojarolarni ma’qullamasligi sezilib turadi. Hatto, shu turkum she’rlarning ayrimlarida uning pand-nasihat ruhidagi qarashlari ifodalanadi. Mana bu qit’a mazmuni fikrimizning yorqin dalilidir:
Ko‘ngulni bog‘lama nomard va’dasig‘a dame – Ki, va’dasida aning bo‘lmag‘ay vafo hargiz. Muloyim o‘lma dame dushmani qadimingg‘a, Muloyimat bila ul bo‘lmas oshno hargiz. Toshi yilonning agar har nechaki bazm durur, Va, lek, bo‘lmas ichi zahardin judo hargiz.5. Shikor – ov tavsifi. Asarda muallif “hazrat sohibqironi firdavsmakon”, ya’ni, Muhammad Rahimxon aksar vaqtlarda “shikor irodasi bila harakat ko‘rguzub, bu bahona birla atrofdag‘i fuqaro va ajaza boshlarig‘a soyayi marhamat solib, arzin eshitib, dodig‘a yetmak”ni odatga aylantirgani haqida yozadi. Bir turkum she’riy matnlar ana shu shikor – ov tavsifiga bag‘ishlangan.
6. To‘y, sport va xalq o‘yinlari talqini. “Firdavsu-l-iqbol”da Ogahiy Muhammad Rahimxonning ikkinchi o‘g‘li shahzoda Rahmonquli to‘raga “xatna sunnatin joriy qildirurg‘a suri mavfuru-s-surur va jashni azim tartib bergani” tavsifiga ancha batafsil to‘xtaladi. Shoir:
Yig‘nalibon ul sifat asbobi sur – Kim, bo‘lubon vasfida ojiz shuur. Safhaye ta’rifig‘a surmak qalamCharxi barin avjig‘a urmoq qadam, – deya to‘y munosabati bilan “adolat laoliysi ummoni, saxovat yavoqitining koni” bo‘lgan xonning qo‘llari bamisoli dengizdek gavharlar sochgani, xaloyiqqa siymu diram ulashib, fuqaro va raoyoni xayru ehsonidan komron qilgani haqida yozadi. Bu turkum she’rlarda xonning fazilatlari mubolag‘ali tarzda, pafos bilan talqin etiladi. Bunday talqin usuli, birinchidan, muayyan hayotiy asosga ega bo‘lsa, ikkinchidan, ularda Ogahiyning adolatli, raiyatparvar hukmdor haqidagi ideali ham o‘z ifodasini topganini ta’kidlash kerak.
Asarda, shuningdek, bir qancha sport va xalq o‘yinlari, jumladan, kurash, otchopar singari tomoshalarning nazmiy talqini ham alohida o‘rin tutadi. Jumladan, yuqorida zikr etilgan to‘yda otchopar tomoshasi uyushtiriladi, muallif saj’da ifodalashicha, unda “samandi falakhay’atu barqsur’at va raxshi devbodi sarsarnihod” otlar ishtirok etadi.
“Firdavsu-l-iqbol”ning Ogahiy yozgan qismidagi she’riy matnlarni janr xususiyatlariga ko‘ra quyidagicha tasnif etish mumkin: 1) masnaviylar; 2) ruboiy 3) qit’alar; 4) fardlar; 5) ta’rixlar.
Masnaviylar. Asar tarkibiga kirgan she’rlar orasida son jihatdan ham, salmoq jihatdan eng ko‘p uchraydigani masnaviylardir. Ular 64 ta bo‘lib, 960 misrani tashkil etadi.
Hazrat Navoiy masnaviy janrini “maydoni vosi’” deb atagani ma’lum. Shayx Ahmad Taroziyning qayd etishicha, «…masnaviyning sharoitidin birisi uldurkim, agar hikoyatni nazm qilur bo‘lsa, kerakkim, debochasin xo‘b iborat va yaxshi tariqa birla ta’rif qilsa va sa’ye ko‘rguzsakim, fotiha birla xotimasi pisandida kelgay. Va bir shart uldurkim, muxtasar alfoz birla sharhga kelturgay. Va bir shart uldurkim, har yerdakim, razm va bazm birla ta’rif qilg‘ay». (Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy. Fununu-l-balog‘a. Toshkent, “Xazina” nashriyoti, 1996).
«Firdavsu-l-iqbol»dagi masnaviylar turkiy she’riyat nazariyotchisi ta’kidlagan talablarga to‘liq javob bera oladi. Asarda “nazm” sarlavhasi bilan berilgan 74 baytli eng katta hajmli masnaviyning «fotihasi birla xotimasi pisandida kelgan»i buning dalili. Mana, o‘sha masnaviyning “fotiha”si:
Charx zolikim base makkor erur, Zolimu berahmu kajraftor erur. Doimo makru hiyaldur peshasi, Xalqg‘a bermak firib andeshasi. Hay’atidin oshkoro shumliq, Ham xiromidin ayon meyshumliq. Kimnikim ko‘rsa azizu komron, Qasdi – xor etmak durur ham notavon. Kim esa maqsud husuli birla shod, Fikri oni aylamakdur nomurod…Mumtoz she’riyat tarixida charx zolining zolim, berahm, kajraftor ekani haqida ko‘p yozilgan. Biroq, ushbu masnaviy “fotiha”si makru hiyla peshasi bo‘lgan, xalqqa firib bermakni a’moliga aylantirgan, kimniki azizu komron ko‘rsa, xoru notavon qilmoqqa qasd aylaydigan, maqsadi hosil ekanidan shod yurgan odamni nomurod aylamak fikridagi charx zoli obrazi metafora, tansiqu-s-sifot, tanosib, tazod singari badiiy san’atlar vositasida betakror tasvirlangani bilan alohida ajralib turadi.
Ta’kidlash joizki, masnaviy xotimasi ana shu tasvirni xulosalab kelgan. Modomiki, charx zoli shunaqa makkor va rahmsiz ekan, oqil odamning unga munosabati qanday bo‘lmog‘i kerak? Qay yo‘l bilan u davlatu iqbolga erishmog‘i mumkin? Masnaviy xotimasi ana shu singari savollarga javob berishga harakat qilingani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi:
Oqil ulkim, dahrdin silkib etak, Ursa tajridu qanoat sori tak. Tark tutsa har na yo‘qu borini, Balki o‘zluk bori-yu osorini. Aylasa maskan fano mayxonasin, Qilsa no‘sh u fonilig‘ paymonasin. Bo‘lsa madhush uylakim bilmay o‘zin, Ochmasa to hashr qo‘pg‘uncha ko‘zin. Bu durur ma’ni eliga shohlig‘, Davlatu iqbolu sohibjohlig‘. Soqiyo, ber kosai ozodalig‘, Lab-balab aylab mayi aftodalig‘. To ichib oni halovat aylayin, Lahzaye mayli farog‘at aylayin.Ko‘rinib turibdiki, masnaviyning «fotihasi birla xotimasi pisandida kelgan», ya’ni, “fotiha”da qo‘yilgan poetik muammo “xotima”da yechilgan, hal etilgan. Muhammad Rahimxon vafoti munosabati bilan bitilgan bu masnaviyda fano va baqo falsafasi o‘ziga xos badiiy talqin qilingan.
Ruboiy. “Firdavsu-l-iqbol”ning Ogahiy yozgan qismida birgina ruboiy matni keltirilgan.
Vus’at aro monandi aning kam erdi, Qoplon falakka sherdin ram erdi. Andoq qalin erdiki, yilon yo‘l topmay, Ashjori avji charxg‘a muhkam erdi.Ushbu ruboiyda Xorazmdagi Bodoy to‘qayzori tasvirlangan. “Zubdatu-t-tavorix”da: «Bodoy bir beshayedururki, bag‘oyat qalin va ziyoda vase’durur. Hazrati qutbu-l-aqtob, afzalu-l-ashob, zubdatu-l-komilin, umdatu-l-vosilin Vaysu-l-Qaraniy roziyallohu anhu va hazrati haqiqatpanoh, hidoyatdastgoh Shayx Jalil ota qaddasa sirrahuning qadamgohlari dag‘i tog‘ bila daryo o‘rtasida voqe’durur”, degan ma’lumot beriladi.
Ko‘rinib turibdiki, “Firdavsu-l-iqbol”dagi ruboiy va “Zubdatu-t-tavorix”dagi ma’lumot bir-biriga uyg‘un, bir-birini to‘ldiradi. Vaysu-l-Qaraniy bilan Shayx Jalil otaning abadiy manzili bo‘lgan bu zaminning tabiati, hayvonot dunyosi o‘ziga xos ekani ruboiyda go‘zal badiiy talqin etilgan. Ya’ni, beshayening “vus’at aro monandi kam”ligi – keng va ulkan hududni qamragani, uning qoplonlari sherdan ham haybatliroq ekani tasviri bu fikrning isbotidir. Ruboiyda ifodalanishicha, Bodoyning to‘qaylari shu darajada qalinki, ular orasidan ilon ham yo‘l topib yurishi mahol, daraxtlari shu qadar yuksaklikka bo‘y cho‘zganki, charxning avjiga – eng yuqori nuqtasiga yetgan. Bir vaqtning o‘zida mubolag‘aning tablig‘ (“Vus’at aro monandi aning kam erdi”), g‘uluvv (“Qoplon falakka sherdin ram erdi… Ashjori avji charxg‘a muhkam erdi”) hamda ifrot (“Andoq qalin erdiki, yilon yo‘l topmay”) turlari qo‘llangani ruboiyning yuksak badiiyatini ta’minlagan.
Qit’alar. “Firdavsu-l-iqbol”da Ogahiy ijodidan bu janrga mansub yetti qit’a matni o‘rin olgan. Shayx Ahmad Taroziy qit’aning avvalgi misrasi odatda qofiyalanmasligi, hajmi “aqalli ikki bayt” bo‘lishi, “muning ham aksari muqarrar ermasligi, har nechakim, qofiya tobsalar» aytilishi mumkinligini ta’kidlaydi. Biroq, Ogahiy ijodi turkiy she’riyat nazariyotchisining qit’a haqidagi bu nazariy qarashlari o‘zgarmas haqiqat emasligini, isloh etilishi mumkinligini tasdiqlaydi. Negaki, Ogahiy qit’alarining “aqalli (eng kichik hajmi – N.A.) ikki bayt” emas. Asarda keltirilgan qit’alardan biri yagona baytdan iborat ekani bu fikrni tasdiqlaydi:
Aql ila farosatkim, inson sharafi andin, Sha’nida aning go‘yo bir oyati munzildur.Ta’kidlash joizki, “Firdavsu-l-iqbol”dagi yetti qit’a matnning turli o‘rinlarida boshqa-boshqa maqsadlar bilan keltirilgan bo‘lsa-da, ular mantiqan o‘zaro bog‘liqday, bir-birining uzviy davomiday taassurot qoldiradi. Bu yetti qit’aning mohiyatini quyidagicha muxtasar ifodalash mumkin:
1) aql-farosat insonni sharaflashi, shu munosabat bilan oyat nozil bo‘lgani;
2) xulqi neku (olijanob xulq) bilan kufr eli ham islomga kirishi;
3) shohga sadoqat ko‘rsatish fuqaroning o‘ziga ham baxt keltirishi;
4) nomard va’dasiga ko‘ngul bog‘lamaslik;
5) dushman ustidan zafar qozonishda xayl (qo‘shin) ko‘pligiga mag‘rur bo‘lmaslik;
6) falak bevafoligi va umr bebaqoligi;
7) sipehri jallod biror kimsani shod qo‘ymasligi, odam farzandlariga adadsiz g‘am yog‘dirishi.
Ko‘rinib turibdiki, ular alohida-alohida mavzularga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, mohiyatan yaxlitlik kasb etadi. Biroq, bu hol har bir qit’aning alohida nazmiy asar ekanini inkor etmaydi. Shu bilan birga, qit’alar ham umummatnning tarkibiy qismi o‘laroq asosiy g‘oyani yorqinroq tasvirlashga, asarning badiiy jozibasini oshirishga xizmat qiladi
Fardlar. Ta’kidlanganidek, bu janrdagi she’rlardan ikkitasi “fard” sarlavhasida, qolgan yettitasi esa “bayt” nomi bilan berilgan.
“Firdavsu-l-iqbol” matnida “bayt” sarlavhasi bilan keltirilgan she’rlar tugal mazmunni ifodalashi, poetik mukammalligi jihatidan ham fard janri talablariga to‘liq javob beradi. Asarda “bayt” sarlavhasi bilan berilgan quyidagi fard ushbu fikrni tasdiqlaydi:
Berur o‘lsa agar xudo qulig‘a Matlabin kelturub qo‘yar yo‘lig‘a.Bundan tashqari, bayt (fard)lar matnning uzviy qismi ekani, yuksak badiiyati bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Muhammad Rahimxonning dorussaltanadan safarga otlanishi munosabati bilan yozilgan quyidagi fard buning yorqin misolidir:
Minib iqbolu davlat markabig‘a, Aningdekkim, quyosh ko‘k ashhabig‘a.Bu singari bitiklar Ogahiyning chindan ham “fasohat va balog‘at bobida nodir, maoniy jaqohirin nazm etarga qodir”(shoirning o‘z ta’biri – N.A.) ekanini tasdiqlaydi.
Umuman, “Firdavsu-l-iqbol”dagi bayt (fard)lar asardagi nasrda berilgan tasvirni takrorlamasligi, aksincha, uni to‘ldirib, ifodaga badiiy sayqal berishi jihatidan ham yuksak adabiy-estetik qiymatga ega.
Ta’rixlar. Avvalo, ta’kidlash joizki, “Firdavsu-l-iqbol”ga kirgan har ikki ta’rix Munis qalamiga mansub bo‘lib, asarda “vufuri farosat va farti qiyosatda umaroi izomdin mumtoz va mustasno”, deya ta’riflangan Sulton mirob vafotiga bag‘ishlangan. Mazkur ta’rifdan ham ko‘rinib turibdiki, Sulton mirob Muhammad Rahimxon saroyining xos a’yonlaridan bo‘lgan. Sulton mirob asarda “faxru-l-millati va-d-din”, deya vasf etilgan sayyid Yusuf xoja naqib bilan birga xonning qaynotasi Abdulloh xoja eshon valadi amjodi sayyid Boqirxoja eshon sayyid Otoyining to‘yida asosiy tashkilotchilardan bo‘lgani ham uning saroydagi nufuzi nechog‘liq baland bo‘lgani dalilidir. Asarda ularning “to‘y ustida muqarrar bo‘lub, jashn muhomining intizomig‘a mashg‘ul”, ekani ta’kidlanadi.
Ta’rixlarning birinchisi:
Beki gardunhasham, mirobi dinparvar, amiri dahr, Humoyun nomi Sultonu sultonnasl, daryodil. Banogah tarki olam doda az shavqi Xudovandi, “Rahi firdavs raft” o‘ ham az on ta’rix shud hosil.Demak, ta’rix moddasi “Rahi firdavs raft” jumlasiga berkitilgan. Ma’lum bo‘ladiki, “Rahi firdavs raft” jumlasidagi harflarning abjad hisobidagi yig‘indisi – 1235 ga teng. Asarda Sulton mirobning vafoti “zu-l-hijjaning salxi”da sodir bo‘lgani zikr etiladi. Sinxron jadvalga ko‘ra, bu voqea milodiy 1820 yil 7 oktyabrga to‘g‘ri keladi. Ta’kidlanganidek, keyingi ta’rix ham xuddi shu sana munosabati bilan yozilgan.
“Firdavsu-l-iqbol”ga kirgan nazm namunalari, birinchidan, asarning badiiy saviyasi yuksak bo‘lishini ta’minlagan. Ikkinchidan, bu she’rlar asar umummatnining tarkibiy qismi sifatida uning asosiy g‘oyasini to‘ldirish, izohlash, xulosalash vazifalarini bajargan. Uchinchidan, asarga poetik jozibadorlik bag‘ishlab, ifodaning san’atkorona bo‘lishiga xizmat qilgan.
Umuman, “Firdavsu-l-iqbol” matni borasidagi kuzatishlar asarning adabiy manba sifatida filologik tadqiqotlar uchun boy material berishini tasdiqlaydi.
«Sharq yulduzi» jurnalining 2010 yil, 5-sonidan olindi.