Iste’dodli shoirning ijodida bevosita o‘z qismatiga daxldor, o‘z taqdirini bashorat qilgan, hech bo‘lmasa, bitta she’r bo‘ladi. Shavkat Rahmonda bunday she’rlar ko‘p. Biroq uning “Avj” deb nomlangan, boshqa asarlariga nisbatan qisqaroq — to‘rt bandli she’ri shoir qismatini to‘liq belgilab bergan, nazarimda. Ha, belgilab bergan, deyapman.
Negaki bu she’r shoir ayni kuchga to‘lgan, she’r sarlavhasiga mutanosib avj nuqtada ijod qilayotgan pallada — hali ajal qo‘ng‘irog‘i sukunat qa’rida mudrab yotgan, uyg‘oq tog‘lar dunyoga dovruq solayotgan kezlarda yozilgan edi.
She’r shunday boshlanadi:
Men, shubhasiz, parchalanaman, Shunday tugar buyuk xizmatim. Kimga ko‘zim, kimga peshonam, Kimga tegar qiziq qismatim.Shoir soxta kamtarlik qilib o‘tirmaydi. U “…xizmatim”dan oldin “ajib”, “sirli” kabi betaraf sifatlarni ham ishlatishi mumkin edi. Ammo u o‘z qismatining boshqalarnikidan ko‘ra qiziq, favqulodda kechayotganini his qiladi va anglaydiki, taqdir uni buyuk xizmatga safarbar qilmoqda.
G‘alayonga to‘la vujuddan oxir dunyo bo‘lardir xalos. Er ostiga kirib ketarman Barcha mo‘min bandalarga xos.Bu yerda izohga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. Faqat ikki xil tovlanishga ega bo‘lgan oxir so‘ziga e’tiboringizni tortmoqchiman. Mustaqil tarzda u g‘alayonga to‘la vujud qismati yakunini bildiradi. Ammo yonidagi dunyo so‘ziga birikar, oxirzamon birikmasini eslata boshlaydi.
Biroq yerda mangu yashaydir ko‘hna yuzim, o‘ychan ko‘zlarim, demak, o‘lmas bu dunyoda hech xudo bergan ezgu so‘zlarim.Mana, shoir xotirjamligi, mo‘minligining siri! Uning ezgu so‘zlari yer yuzida shunchaki yashamaydi, balki kurashadi. Shoirning so‘zlarini yalov qilib ko‘targan dilllar bu kurashga kamarbasta bo‘ladi. Shoir so‘zlari yovqur burgutlar singari tuban illatlarga chang soladi.
Ular yangrab tinmay aylanar Razolatning tevaragida. Men-chi, mangu kulib yotarman Quloq solib yerning tagida.Darhaqiqat, chin shoir oxirdunyoga emas, Mangulikka daxldor.
Bu — uning yozug‘i.
She’r esa, hadisga muvofiq, hikmatdan xoli emas ekan, qismat ko‘zgusidir. Unda Shoir, Zamon va Makon ziddiyati, unsurlari aks etadi.
Demakki, biz ham…
“Shavkat Rahmonning ilk she’rlari go‘zal!”, deydi kimdir.
“Shavkat Rahmonning so‘nggi she’rlari o‘tli!”, deydi boshqa birov.
Ikkalasi bahslashadi. Go‘yo ikkita shoirning tarafdorlaridek…
Ularni jim kuzataman. Nimayam derdim: ikkalasi ham haq.
O‘zimga kelsak, kayfiyatimga qarab, goh shoirning ilk she’rlarini, goh keyingi davrda yozganlarini o‘qiyman.
Shoirning “Saylanma”sini bir boshdan varaqlarkanmiz, daradagi shaffof buloq bo‘yida go‘zal tabiat manzaralaridan zavqlanib yurgan sayyohning qanday qilib xatarnok, ilonizi so‘qmoqlar orqali tog‘ cho‘qqisidagi vulqonlar qoshigacha chiqib borganini ko‘ramiz. U bu yo‘lchilik mobaynida sokin kuzatuvchidan yovqur jangchiga aylanib boradi. Oldin So‘z uning uchun mo‘yqalam bo‘lgan bo‘lsa, endi shamshirga do‘nadi.
Ortidan kelayotgan ma’naviyat askarlariga qarata xitob qila boshlaydi: “So‘zlarni qayraylik, obdon toblaylik — idrok-la sovutib tag‘in qayraylik — o‘zbekning qorako‘z bolalariga — bitta dunyo qolsin hayratlik…”. Negadir shoir o‘zidan oldingilarga emas, ko‘proq ortidagilarga suyanadi. Navqiron avlodga ishongisi keladi: “Hozirgi yoshlarda pokizalik bor — tirik qalblariga diyonat ega, pok tabiat yomon ko‘zlardan — asrab qo‘yganlarin shularga bergan…”.
Shoir lirik qahramoni eng qo‘rqadigan narsa bu — xiyonat, fitna. Negaki, “jangda o‘lgan emas biror bahodir — bari halok bo‘lgan xiyonatlardan…”. Shu bois, ahli mardumni mard bo‘lishga, so‘nggi soniyada ham sabot ko‘rsatishga chaqiradi. Biroq chirkin ig‘vo-bo‘htonlar ochiqqalb qahramonni ba’zan toliqtiradi: u yana bir paytlardagi beg‘am yoshligini, musaffo tabiat qo‘ynidagi toza, rangin lahzalarni qo‘msab qoladi.
Bir oykim archazor tog‘lar bag‘rida bir o‘ktam archaday yashnadim qasddan. Bir siniq buloqday kunga qaradim, faylasuflik qildim bamisli xarsang…Ha, u yana zulmsiz, beg‘ubor boladay kunlarga dil bergisi keladi. Biroq bu vaqtinchalik holat. Negaki, o‘zi ham yaxshi biladi, endi ortga yo‘l yo‘q: ko‘ksidagi gulxanni beshafqat shamollardan himoya qilgancha, oldga intiladi u. Berahm qasirg‘alarga yuz tutar ekan, o‘ziga xayrixoh axtaradi: “Juvonmarg bo‘lgurlar, jo‘marding bormi?!”. Hadeganda sas-sado kelavermaydi. Nihoyat, u afsus-nadomat komida tan oladi: “Men jangchi emasdim — men shoir edim, dilimni qaritdi besamar janglar…”. Uning ko‘z oldida oq sukunat portlagan saharda yalangoyoq chopib yurgan yashil daraxtlar jonlanadi. “Yashil shajar edim… Qandoq sog‘indim… Ko‘zimni yashnatsa rubobiy ranglar…”, deb ich-ichidan o‘ksiydi. Bir paytlar oshiqlar boshidan tangachalar sochgan shoxlariga qarar ekan, emranadi; endi sokin tuyg‘ular pinjidan aslo halovat topolmasligini anglab taqdirga tan beradi: “Voh, yalang shoxlarim qilichday keskir — bir yaproq qolmaptir shivirlayturg‘on…”.
Shavkat Rahmon she’rlarida tabiatning rangin manzaralari aks etadi. Shoirning tuyg‘usi tonggi shabnamdek toza. U kapalak qanotiday harir hayotidan bahra oladi. Entikib-entikib musaffo havoni simiradi. Sevinch yoshlari zilol suvlarga qo‘shilib ketadi. Zavqlanib uchgisi keladi. Shamol — tog‘ xo‘rsinig‘i, gullagan daraxtlar — oq mash’ala. Ko‘zlarini erinib ochayotgan tong, yobonda gurkirab o‘sayotgan tun, dovdirab uxlayotgan bog‘, yashashni o‘rgatuvchi daraxt — hamma-hammasi shoirning nazaridan chetda qolmaydi. U boshqa mavjudotlar kabi o‘zini tabiatning teng huquqli farzandi, deb hisoblaydi.
Bu she’rlar beg‘ubor qalbga daxldor bo‘lib, ulardan toza tuyg‘u silqib, tovlanib turadi.
Lirik qahramon o‘t-o‘lanlar, tog‘-toshlar, turli nabototu hayvonot, oy-yulduzlar olamida mangu qololmasligini, ulardan farqli o‘laroq, jamiyatga bog‘liq burchlari borligini anglab yeta boshlaydi. Endi u tabiat unsurlariga murojaat qilgan taqdirda ham xulosa jamiyatga tegishli bo‘lib chiqaveradi. Bir qo‘li bilan maysadagi qo‘ng‘izni silayotgan paytda ikkinchi qo‘li bilan nomussiz odamning yuziga tarsaki tortadi. U endi avvalgiday faqat musaffo manzaralarni emas, balki o‘rmonga qo‘shog‘iz miltiq ko‘tarib kirib kelgan kimsaning qanday qilib bo‘riga aylanishini; betayin kimsalar nomini ko‘tarib o‘sayotgan gung qoyalarni; zavol topayotgan bezabon, xokisor yerning mungli ko‘zlarini; baland daraxtlarning ingroqlarini va shunga o‘xshash ma’yus holatlarni ko‘ra boshlaydi, ularning g‘amgin ovozi borlig‘ida aks-sado beradi.
She’rlar ham biroz bo‘yiga qarab o‘sganday. Taassurot ham endi ko‘ngildan ong tomon ko‘chadi. Ya’ni bu she’rlar ko‘proq tafakkurga daxldor bo‘lib, ularda lo‘nda fikr bo‘rtib turadi. Uning e’tiborini tabiatning maftunkor manzaralari emas, balki jamiyatning og‘riqli holatlari jalb qiladi. Shu bois, har soniya hushyor turishga, g‘aflatda qolmaslikka majbur u. Negaki, “qaltis lahzalar yo‘q — qaltis umr bor”, bu umrni ko‘zlari to‘ymagan jobirlar yamlab-yutishga tayyor… Bu shunchaki shaxsiy nola emas, turfa fitnalar iskanjasida qolgan, sobiq sho‘ro istibdodiga qarshi ulug‘ elning Faryodi edi…
So‘zlarni qayraylik, obdon toblaylik…
Ko‘z oldimizda so‘zni qilichday qayrayotgan shoir qiyofasi namoyon bo‘ladi.
Darhaqiqat, Shavkat Rahmon she’rdagi har bir unsurni qayrashga, toblashga astoydil harkat qilgan. Jumladan, bu bugungi kunda ko‘p shoirlar e’tibor bermay qo‘ygan qofiyalash san’atiga ham daxldordir. Shoir she’rlarini o‘qirkanmiz, yangicha, o‘ziga xos qofiyalash uslubini kashf qilamiz: payqamadimi —poyqadamini, tashirkan — asrga, o‘zgarib — ko‘zlari, ergash — yerga, tashlar — dashtday, kuch-chidam — kuychilar, tinchlanib — sinchlarim, so‘zdan — o‘zan…
Shoir to‘liq qofiyalardan imkon qadar qochadi. O‘zi aytganday, ularni “qayrab”, siyqa, ohori ketgan qirralarini yo‘qotadi, ya’ni tashqi o‘xshashlikdan ko‘ra ichki uyg‘unlikni yuzaga chiqarishga harakat qiladi. To‘liq qofiyalar unga go‘yo majburiyat yuzasidan har kuni o‘n marta quchoqlashib, yuz marta o‘pishadigan, biroq aslida bir-biridan bezgan, nosamimiy odamlar singari tuyuladi. U, yaxshisi, bir-biriga suykalavermaydigan, ammo bir-birini olisdan bo‘lsa-da qo‘llab-quvvatlaydigan qadrdonlarga o‘xshash, bir qarashda begona tuyuladigan, mohiyatan esa egizak, ruhan yaqin qofiyalarni tanlaydi: adirlar — qadimda, qasddan — xarsang, saltanat — aldanar, dajjol — najot, ravog‘in — javohir, ajina — gajir-da, yaxshi — mashriq…
Bir so‘z bilan aytganda, Shavkat Rahmon she’riyati bahor osmoniga o‘xshaydi: uning rangin, go‘zal kamalagi jilolanib, kutilmaganda keskir shamshirga aylanadiki, bulutlar bag‘ri sitilib, yeru ko‘kni momaqaldiroq ovozi, umidbaxsh chaqinlar tuta boshlaydi.
Rangin lahzalarga to‘lmoqda hayot, Yurak qirralari bo‘rtgan chog‘larda. Ochiq kunlar yo‘qlab kelayotir bot, Toshlar gullamoqda uyg‘oq tog‘larda…“Shoir” so‘zi “vijdon” atamasining sinonimiga o‘xshaydi.
Shu bois, vijdoniga xiyonat qilgan shoir yaxshi she’r yozolmay qoladi.
Yaxshi shoirlar hamisha vijdon ko‘zgusiga tik boqib yashaydilar.
Shavkat Rahmon kabi…
Bunday shoirlar jisman bo‘lmasalar-da, ma’nan hamisha safimizda. Ularning ovozi, nigohi bizni hamisha halollikka chorlab, mard yashashga undab turadi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 19-sonidan olindi.