Xalqaro Nobel mukofoti. 1900 yildan beri har oktyabr oyining birinchi yarmida butun dunyo nigohi bir nuqtaga jam bo‘ladi. Chunki shu kunlarda xalqaro Nobel mukofoti sovrindorlari ro‘yxati e’lon qilinadi. Dastavval, mazkur mukofot kimlarga nasib etishi, fan-texnika, adabiyot va tinchlik sohasida qanday umumjahoniy e’tirofga arzigulik ishlar qilinganligi yil davomida turli bahsu munozaralarga sabab bo‘ladi. Bu borada har kim o‘zicha fikr yuritadi: kimdir bu mukofot haqiqiy egasiga beriladi desa, kimdir bu mukofot anchayin nisbiy, uning ostida qandaydir siyosiy kuchlarning ichki manfaatlari yotadi, deya mulohaza yuritadi.
Nobel mukofotiga ko‘rsatilgan nomzodlar qo‘mita tomonidan ellik yilgacha qat’iy sir tutilishiga qaramasdan, turli nashr va saytlardagi adabiy “folbin”larning bashorati bo‘yicha bu yil yapon adibi Xaruki Murakami, kanadalik Elis Munro va belorussiyalik yozuvchi va jurnalist Svetlana Aleksiyevich mukofot uchun asosiy da’vogarlar edi.
Nima bo‘lganda ham, mukofot kimga nasib etmasin, bu borada turli fikrlar, bahsu munozaralar, tanqidiy qarashlar avj olgan taqdirda ham haqiqat bitta – Ezgulik, ilmu fan, adabiyot sohasi har yili o‘z yulduzlarini kashf etadi, ular nomini dunyoga tanitadi, adabiyot va ilmu fan rivoji yo‘lida qilingan qanchadan-qancha mehnatlar samarasi ro‘yobga chiqadi.
Odatdagi an’anaga ko‘ra, bu yil ham shved Akademiyasi tomonidan taqdirlanganlar ro‘yxati e’lon qilindi. Dunyo adabiyoti muxlislari olis Shimoliy Amerika qit’asidagi sakson ikki yildan buyon o‘z qalbi, o‘z dunyosi, o‘z ruhiyatini tahlil qilib, hayot haqiqatini izlab yashayotgan bir yozuvchi ayolni shu bahonada yana-da yaqindan tanidi. Uni oldindan taniganlar yana bir bor yodga oldi, adiba asarlarini muntazam o‘qib boruvchi chinakam muxlislari esa shodlikdan yuraklari yorilgudek bo‘lib, millat, ayol, adabiyot sha’nini yuksaklarga ko‘targan adiba nomini qayta-qayta sharafladi.
Shunday qilib, bu yilgi adabiyot sohasidagi mukofot kanadalik yozuvchi Elis Enn Munroga taqdim etildi.
Olis Kanadaning Uingem dahasi Ontario shahrida fermer Robert Erik va o‘qituvchi Enn Klark Leydlou oilasida qiz farzand dunyoga keldi. 1931 yil 10 iyulda tavallud topgan murg‘akkina chaqaloqqa Elis Munro deb ism qo‘yishdi. Ushbu xilqatning vaqti kelib jahoniy shov-shuvlarga sabab bo‘ladigan adiba bo‘lib yetishuvini kim ham xayoliga keltiribdi, deysiz.
Bo‘lg‘usi yozuvchi hayotga juda erta kirib keldi. 1950 yilda G‘arbiy Ontariodagi Universitetda tahsil olayotgan Elis Munro o‘sha paytda ofitsiantkalik orqasidan tirikchilik qilardi. Uning “Bulutlar mezoni” nomli ilk hikoyasi shu yillarda yozildi. Baribir ham Elis Munroga o‘qishni tugallab, diplom olish baxti nasib etmadi: u 1951 yili universitetni tashlab, Jeyms Manro ismli yigitga turmushga chiqdi. Ular shu yili Vankuver shahriga ketishadi va turmushlari davomida uch farzand ko‘rishadi. 1963 yili oila Viktoriya shahriga keladi va yozuvchi bu yerda “Manro kitoblari” nomli kitob do‘konini tashkil etadi.
Shu tariqa yillar o‘tib borar, yosh Elis do‘konda tinimsiz mutolaa orqali o‘z adabiy bilimlarini oshirib, shu bilan birga ro‘zg‘or ishlarida eriga yordam berardi.
1966 yili ularning to‘rtinchi farzandi (farzandlarining barchasi qizaloqlar edi) dunyoga keldi.
Adibaning hayoti bir tekis kechmadi. Turfa taqdirlar, g‘aroyib xarakterlar, obrazlar, voqealar, fojialar aks etgan kitoblar ichida hayot kechirgan Elis asarlarida go‘zal va baxtli hayotni tinimsiz tarannum etdi-yu, ammo o‘z hayotidan sira qoniqmadi.
1972 yilda eri bilan ajrashib, yana G‘arbiy Ontario universiteti sari yo‘l oldi. U yerda adiba maslahatchi vazifasida ishlay boshladi. Bu paytda u ayol ruhiyati, uning qalbida kechayotgan turli holatlarni mohirona aks ettirgan, Kanada adabiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega yozuvchi sifatida tanilib bo‘lgan edi. Uning “Baxtli soyalar raqsi” nomli hikoyalar to‘plami turli adabiyotshunoslar tomonidan yuqori baholandi va Kanadaning general-gubernator mukofotiga loyiq deb topildi. To‘plamdan joy olgan hikoyalar adiba tug‘ilib o‘sgan kichkinagina shaharchadagi ijtimoiy muhit, unda yozuvchining ko‘rgan-kechirganlari, kundalik hayotimizda uchraydigan, ammo biz ko‘pda e’tibor bermaydigan mayda-chuyda voqealarning inson hayotiga ta’siri haqida edi, bundan tashqari, urug‘lariyu, tanish-bilishlari hayoti haqida yozilgan realistik uslubdagi biografik qaydlar ham uning ijodiy faoliyatining bir qismini tashkil etardi.
Elis Munro 1976 yilda geograf Jerald Fremlinga turmushga chiqadi.
1978 yilda chop etilgan “Aslida, kimsan o‘zi?” nomli hikoyalar to‘plami unga olamshumul shuhrat keltirdi. Shu to‘plam orqali u Shimoliy Amerika, Yevropa olamini zabt etdi. Shundan keyin adiba asarlari ketma-ket dunyoning yigirmadan ortiq tiliga tarjima qilindi.
Inson qalbini yuksak pardalarda kuylagan adiba 1968, 1978, 1986 yillarda Kanada milliy general-gubernator mukofoti, 1995 yilda Angliyaning U. G. Smit nomidagi adabiy mukofoti, 2008 yilda AQShning O. Genri mukofoti bilan taqdirlandi. Adiba 1979 yildan 1982 yilgacha Avstraliya, Xitoy va Skandinaviyaga qilgan ijodiy safarlaridan ilhomlanib, qator esselar va xotiralar insho qildiki, ular adiba ijod xazinasidan munosib o‘rin egalladi. Munroning “Sizga bir gap aytmoqchiman”, “Oshkora sirlar”, “Nafrat, do‘stlik, mulozamat, muhabbat va nikoh”, “Qochqin” kabi insonlardagi turfa munosabatlar, xarakteru kayfiyatlar, ayniqsa ayol ruhiyatidagi murakkab kechinmalar chuqur badiiy tahlil qilingan to‘plamlari uning “kanadaliklarning Chexovi” deb nomlanishiga sabab bo‘ldi.
Adiba asarlari turli mamlakatlarda qayta-qayta chop etilishidan tashqari, hikoyalari syujeti asosida bir qancha kinoasarlar ham yaratildi. Uning “Tog‘ oralab kelayotgan ayiq” nomli hikoyasi asosida suratga olingan “Undan olisda” filmi rejissyor Saroy Polliga ham, Elis Munroga ham kutilmagan quvonch baxsh etdi. Ushbu kinokartina 2006 yil Oskar mukofotiga sazovor bo‘ldi. 2009 yilda esa adiba ijodi xalqaro “Buker” mukofotiga loyiq topildi. Shu yili e’lon qilingan “Baxtga to‘la olam ” va 2012 yil nashr etilgan “Qadrli hayot” hikoyalar to‘plamlari ayol psixologiyasi, ichki kechinmalari go‘zal poetik tilda ifodalangani bilan o‘quvchilar mehrini qozondi. 2012 yilda “Qadrli hayot” kitobi taqdimoti marosimida mana shu to‘plam ijodining yuksak cho‘qqisi ekanligi, unda hayot, dunyo, inson va ayol haqidagi qarashlari, ko‘p yillik ijodiy izlanishlari, iztiroblariyu falsafiy xulosalari jam bo‘lganini e’tirof etgan holda boshqa asar yozmasligini e’lon qildi.
Shved akademiyasining doimiy kotibi, professor Peter Englund sovrindor ismi e’lon qilingandan keyin: “U ildizi Chexovga borib taqaladigan an’analar ruhida ishlaydi hamda hikoya janrini yuksak maqomga ko‘tardi” deya ta’kidlab, shved Akademiyasi “Zamonaviy hikoyalar ustasi” sifatida adabiyot sohasi bo‘yicha o‘n uchinchi ayolni mazkur mukofot bilan taqdirlanganini qayd etadi.
Adib va tarjimon, “Inostrannaya literatura” jurnalining bosh muharriri, Munro hikoyalarining shu jurnalda e’lon qilingan tarjimalari muallifi Aleksandr Livergant Munroning Chexov bilan qiyoslanishini “kulguli” deya hisoblaydi. Chunki uning fikricha, “Munro juda quyi darajadagi adiba, ammo uning jiddiy g‘arbparast ijodkor, yaxshi ruhshunos, a’lo darajadagi uslubshunos ekanligidan yuz o‘girib bo‘lmaydi”, deydi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, bu ham bir munosabat. O‘zini adabiyot dunyosiga ruhan taalluqli bilgan kishi borki, munosabat bildirishga, tanqidiy fikr aytishga, keskin inkor qilishga haqli. Zero, adabiyotning maydoni keng, u kurashlar, bahslar, fikrlar, g‘oyalar maydonidir.
Alimurod Tojiyev tayyorladi.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son