2006 yilda adabiyot sohasida Nobel mukofotiga ikki ijodkorning nomzodi kiritilgan edi. Biri – Adonis taxallusi bilan tanilgan suriyalik shoir Ali Ahmad Said, ikkinchisi – turkiyalik yozuvchi O‘rxon Pamuq. Barcha adabiy doiralar va matbuot vakillarining aksariyati, mukofot, albatta, Adonisga tegsa kerak, degan fikrda edilar.
Ammo Shvetsiya Akademiyasi 2006 yil 12 oktyabr kuni soat 14.00 da ommaviy axborot vositalariga rasmiy bayonot berib, adabiyot sohasida 2006 yilgi Nobel mukofoti «Tug‘ilgan shahrining hazin ruhi izlarini kuzatib yashar ekan, madaniyatlarning bir biri bilan ulanishi va bog‘lanishi uchun yangi razmlar topgan» O‘rxon Pamuqqa berilganini bildirdi. Shunday qilib, O‘rxon Pamuq butun turkiy dunyo yurtlariaro birinchi bo‘lib Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan ilk turk yozuvchisi bo‘ldi.
Farit O‘rxon Pamuq 1952 yil 7 iyunda Istanbul shahrining Nishontoshi tumanida o‘ziga to‘q oilaning kenja farzandi sifatida dunyoga keldi. Bobosi va amakisi ham, otasi Gunduz Pamuq ham oliy ma’lumotli va yuksak malakali muhandis edi. Ota avlodi oppoq lo‘ppi yuzli bo‘lganlari uchun odamlar ularga “Pamuqlar” deb laqab qo‘yishgan (“pamuq”- “paxta” degani), keyin ular bu laqabni o‘zlariga familiya qilib olishgandi.
Onasi Shakura xonim, Usmonlilar Saltanati davrida – 1700 yilda Girit (Krit – O‘rta dengizdagi orol) voliyligini qurgan mashhur davlat arbobi Ibrohim Poshoning avlodlaridan edi. Ona avlodining oila a’zolari Istanbulning Jahongir tumanida yashardilar.
Pamuqlar oilasining boyligi va mol-mulklariga bobosi asos solgandi. U tijoratchilik orqali juda katta boylik orttirdi. Ammo oila eng ravnaq topgan bir pallada u to‘satdan oqqon kasalidan vafot etdi. “Otam va amakim hali yosh bo‘lganlari uchun bobomdan qolgan fabrikani yaxshi idora qilolmadilar, katta inshoot ishlariga bilar-bilmas sarmoyalar sarflab, bankrot bo‘lib, bobomdan qolgan ko‘p mollarni, binolarni, rastalarni onalariga ketma-ket sottirardilar”. “Onam, otam, akam, buvim, amakilarim, ammalarim, yangalarim besh qavatli bir binoning turli qavatlarida yashardik”, deb xotirlaydi yozuvchi. Otasi Gunduz Pamuq xalqaro IBM firmasining Turkiya bo‘limida Bosh mudir edi.
O‘rxon Pamuq Istanbulda ulg‘aydi. Rassom bo‘lish orzusida Robert kollejida o‘qidi. Keyin Istanbul texnika universitetining me’morlik kulliyotida ham uch yil tahsil oldi. Ammo rassom ham, me’mor ham bo‘lolmasligiga ishonch hosil qilgach, o‘qishni tashlab ketdi. Vaqti ko‘pligidan yozuvchilikda o‘z kuchini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi va malakasini mustahkamlashga ehtiyoj sezib, Istanbul universitetining Jurnalistika institutiga kirdi va shu yerda o‘qishning oxirgi yili diplom olish uchun ta’tilga chiqarildi. Diplom ishini yarmida qoldirdi. Faqat “Qor” romanini yozdiyu, ortiq malaka ixtisosi olganligi to‘g‘risidagi diplom uchun kuch sarflamadi.
O‘rxon Pamuq 1982 yilda uylandi. 1991 yilda Ro‘yo ismli bir qizli bo‘ldi. Ammo 2001 yilda oilasi bilan ajrashdi.
U 1985-1988 yillarda Yava universitetida dunyo yozuvchilarining AQSh hayotini o‘rganishlari va kitob yoza oladigan bir holga erishishlariga imkon beradigan kursni bitirdi va o‘zi aytganiday, “hayoti o‘zgardi”. Ilk kitobidan e’tiboran Turkiya va chet ellarda mukofotlar oldi. Kitoblari ham ko‘p sotildi hamda adabiy jihatdan ko‘p tanqidlarga uchradi.
O‘rxon Pamuq yozuvchilikni 1974 yilda boshladi. Ilk bor Mehmet Ero‘g‘li bilan hamkorlikda yozgan va 1979 yilda “Qorong‘ilik va nur” nomi bilan bosilib chiqqan romani “Milliy romanlar” tanlovida birinchi o‘rinni oldi. Ammo 1982 yilda bu romanni kengaytirib va to‘g‘rilab, “Javdat Bey va o‘g‘illari” nomi bilan qayta chop qildirdi. Asar jahon adabiyotida ko‘p uchragan oila hayotini aks ettiruvchi romanlar tipida bo‘lib, tijoratchilar oilasida yuz bergan yuksalishlar va inqirozlarni hikoya qilardi. Bu safar kitob O‘rxon Kamol mukofotiga loyiq deb topildi. Pamuqning bundan keyingi kitoblari ham ketma-ket mukofotlar olishda davom etdi. 1984 yilda nashr etilgan ikkinchi romani “Sassiz uy” “Modern roman” mukofotini oldi. Bu romanning frantsuzcha tarjimasi esa 1991 yilda Frantsiyaning “Ovrupoda kashf” mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1985 yilda nashr etilgan “Oq qal’a” nomli tarixiy romani 1990 yilda AQShda “Independent Award for Foreign Fiction” mukofotini qo‘lga kiritdi va chet ellarda yanada kengroq dong taratdi. O‘rxon Pamuq 2002 yilda nashr qildirgan “Qor” kitobini “Turkiyaning etnik va siyosiy masalalarini tadqiq etuvchi siyosiy roman” sifatida ta’riflamoqda. Bu kitobi 2004 yilda inglizchaga tarjima qilinib, chop etilganda “Yilning eng yaxshi 10 kitobidan biri” sifatida ko‘rsatildi.
Yillar o‘tgan sayin O‘rxon Pamuqning chet ellardagi shuhrati ortishda davom etdi. 1998 yilda nashr etilgan “Mening otim qirmizi” asari 24 tilga tarjima qilindi va 2003 yilda Irlandiyaning eng katta hisoblanuvchi “International IMPAC Dublin Literary Award” nomli xalqaro mukofotini oldi.
Pamuqning romanlaridan tashqari, maqolalar va suhbatlar saylanmasi hamda bir hikoyadan tashkil topgan “Boshqacha ranglar” (1999) kitobi ham bor. Ayni chog‘da u “Niqobli yuz” nomli kinoqissa muallifi hamdir, uning stsenariysi asosida rejissyor Umar Qovur shu nomli kinofilmni suvratga olgan. Yozuvchining bu stsenariysi uchun 1990 yilda chop qildirgan “Qora kitob” romanidagi bir bo‘lim asos bo‘lgandi. 1991 yili Antaliya “Oltin po‘rtaxol film” festivalida “Niqobli yuz” “Eng yaxshi stsenariy” nominatsiyasi bo‘yicha mukofot oldi.
O‘rxon Pamuq o‘z maqola va suhbatlarida inson huquqlari, fikr erkinligi, demokratiya va shunga o‘xshash mavzular ustida to‘xtaladi.
O‘rxon Pamuqning romanchiligi postmodern roman kategoriyasida baholanmoqda. Tadqiqotchi Yildiz Ejevit “O‘qimoq” (“Mutolaa”) nomli kitobida O‘rxon Pamuqni avangard romanchi sifatida ta’riflayotir. Ayniqsa, “Oq qal’a”, “Qora kitob”, “Yangi hayot”, “Mening otim qirmizi”, “Qor” romanlari postmodern romanning ilg‘or namunalari sifatida sanalmoqda. Bu kitoblarda Pamuq – hamma adabiyot turlari orasida yangi bir o‘tish davrini boshlamoqda hamda o‘tmish-bugun, sharq-g‘arb, an’ana-modern va yangi-eski borasida katta o‘zgarishlarga yo‘l ochib, o‘zining ana shu ruhdagi asarlarini tarqatmoqda. Shu ishni amalga oshirarkan, Pamuq, ayniqsa, postmodern romanining muhim bir unsuri bo‘lgan ustqurma texnikasini mohirona qo‘llashi bilan yuqori natijalarga erishmoqda. O‘rxon Pamuqning tilga oid o‘yinlarga rag‘bati yo‘q, shunday bo‘lsa ham asarlarida omma, ko‘pchilik ko‘rinadi va bir necha xarakterli so‘zni olib, bayonni farqli tomonlardan rivojlantiradi. Chunonchi, “Mening otim qirmizi” romanining har bo‘limida yangi bir ifoda namoyon bo‘ladi va bizga o‘zini hamda voqealarning rivojini ko‘rsatib beradi.
Xuddi shu shaklda adabiyot tarixchisi Jola Parla ham “Don Kixotdan to hozirgi kungacha bo‘lgan roman” nomli keng miqyosli asarida “Mening otim qirmizi”dan boshlab, O‘rxon Pamuqning romanchiligini chog‘ishtirma adabiy guldasta ichida tadqiq etadi. Parlaning fikricha, Pamuq turk romanida burilish qilayotgan bir yozuvchidir. Sharq-g‘arb muammolari bo‘yicha estetik maydonda katta mehnat qilgan Ahmet Hamdi Tongpinar va O‘g‘uz Otoy kabi zalvorli yozuvchilardan biridir Pamuq. U, bu muammolarni madaniy va falsafiy ma’nolari bilan adabiyotga olib kirishda, ayniqsa, “Qora kitob” romani(1990)da o‘zini namoyon etdi va bu asar mazkur mavzuni tadqiq etish uchun namunali matn bo‘lib qoldi.
Xullas, O‘rxon Pamuq hozir 10 ta kitob muallifi bo‘lsa, 11 marta mukofotga sazovor bo‘lgan, 30 tilga tarjima qilingan va Turkiya hamda butun dunyoda tanilgan muallifdir, kitoblarining 2 millionga yaqin nusxasi sotilgan.
O‘rxon Pamuqning Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishi munosabati bilan internetda tarqatilgan ma’lumotlarning qisqacha bayoni asosan shulardan iborat. Uning ana shu mukofotni olgan “Istanbul. Xotiralar va shahar” kitobi Istanbulda 2003 yilda bosilgan va bu kungacha turk tilida 9 marta nashr etilgan. Asarda yozuvchining o‘zini “men” sifatida ilk bor tanigan paytlari, onasi, otasi, butun oilasining ichki dunyosi haqidagi hikoya, hazinlik va saodat manbai bo‘lgan Istanbul ko‘chalarida ochiladi. Davrimizning taniqli yozuvchisi 1950 yillarning Istanbul ko‘chalarini, tosh qoplagan prospektlarini, yongan yo yiqitilgan ajoyib mehmonxonalarini, qadim madaniyatning izlari yo‘qolib ketayotganini, uning kullari va qoldiqlari uzra bir yangisining tiklanishidagi qiyinchiliklarni o‘smir nazari bilan kashf etarkan, Pamuqning ruhiy dunyosi qanday kamol topganini bir detektiv romanni o‘qiganday sabrsizlik bilan o‘qiymiz. Bu asl va o‘xshashi yo‘q asarda, qo‘ldan qo‘yib bo‘lmaydigan kitoblarga xos ruh va tuyg‘u birligi bor.
Jahon adabiyotida bolalik tarixlari haqida ko‘pdan-ko‘p badiiy asarlar yozilgan. Ammo O‘rxon Pamuqning bu kitobini ularning hech biriga o‘xshatib bo‘lmaydi. Birinchidan, tasvir uchun olinayotgan voqealarda qamrov kengligi, mavzu ichiga kirishdagi fikr teranligi va har doim o‘quvchi qalbini larzaga solib boruvchi hazinlik va samimiylik bir ohanrabodek o‘ziga jalb etadi.
G‘amginlik ruhining haqqoniyligi borasida o‘quvchida hech qanday shubha uyg‘otmaydi. Chunonchi, Pamuqlar xonadonidagi bo‘hronlar (bobosining o‘limidan keyin otasi va amakilarining uquvsizlikdan sina borishi, aka-ukalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, ota-onasining ayrim-ayrim hayotlari) yosh O‘rxonning qalbini zirqiratsa ham, ikkinchi tomondan, bu xonadondagi sovuq va yoqimsiz hayot, qilar ishi tayini yo‘q buvisining bekorchilikdan qarta, hatto qimor o‘ynab kun kechirishlari bu hayotning tanazzulga ketishi muqarrarligini ichki og‘riq bilan his qiladi. O‘rxon, albatta, buvisi o‘zining dastlabki ustozi bo‘lganini minnatdorlik bilan xotirlaydi. Pamuq bu asarida Istanbulda yashab o‘tgan bir qator fidoyi insonlar hayotini ham achinish bilan tasvirlab o‘tadi.
Shuningdek, kitobda Istanbulning qurilishlari va bunga aloqador buzilishlari, yiqitishlar va yoqishlar, yangi inshootlari haqida, buni o‘z ijodida aks ettirgan milliy va xorijiy rassomlarning faoliyatlari, Rashot Akram Qo‘chu singari shahar entsiklopedistlari (qomuschi, bilim to‘plovchilari) haqida ham ko‘p g‘aroyib voqealarni, inson manzaralarini keltirgan.
Boylar va kambag‘allar muammosi ustida to‘xtalarkan, boylarning zulmlarini qabul qilolmasligi, shuningdek, kambag‘allarning yalqovliklari, loqaydliklarini ham xush ko‘rmasligini ko‘p o‘rinlarda tahlil qilib o‘tadi.
U taraqqiyparvar boylarning yaxshi faoliyatlari bilan bir qatorda (chunonchi, Sahib Sabanchi 1990 yildan keyin o‘z uyida Istanbulning eng yaxshi maxsus muzeyini barpo etgani), o‘z boyliklarini pora vositasida orttirganlar va boy bo‘lib olgandan keyingi umrini na o‘qish, na o‘qitishga, na-da shaxmat o‘yiniga sarflashni xayoliga keltirmaydiganlar ham borligini ta’kidlaydi.
Kitobda yana g‘arblashishning foyda va zararlari, milliy mahdudlikning keltiradigan ziyonlari, rasm solishning zavqlari, Bo‘g‘ozdan o‘tuvchi kemalar, uy o‘zgartirish va boshqa falokatlar, oila baxtiyorligi, sabr, ehtiyot, san’at, birinchi muhabbat – xullas, juda ko‘p va muhim insoniy qadriyatlar badiiy tadqiq etiladi va kitobxonni go‘zal tuyg‘ular, o‘ylar, bilimlar bilan boyitadi.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.