Sobiq sho‘ro davrida xalqimizning o‘tmishda yashab o‘tgan ma’rifatparvar, ziyoli kishilari, ularning hayoti va ijodi yangi tuzum chig‘irig‘idan o‘tkazilib, siyosiy qolipga mos tushmaganlari o‘rganilmay nazardan chetda qoldi. Shunday ma’rifatparvarlardan biri Rahimxo‘ja ibn Alixo‘ja Eshon Shoshiydir. O‘z vaqtida Rahimxo‘janing butun hayoti nihoyatda murakkab kechdi. Bir tarafdan turmush qiyinchiliklari, ikkinchi tomondan xonliklar o‘rtasidagi o‘zaro nizolar, bu ham yetmagandek, Rossiya imperiyasining Markaziy Osiyoga bostirib kelishi Eshoni Shoshiyning qalb iztirobiga aylananib she’rga ko‘chdi:
Yuz tarafdan yetushsa ham qayg‘u,
Aylamas tark el hanuz uyqu.
Bas, ulus holig‘a edim hayron,
Muncha dard ila aylayur javlon.
Manbalarga ko‘ra, Rahimxo‘ja ibn Alixo‘ja Eshon Shoshiy 1835 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, yosh paytidan arab, fors tillariga, adabiyot va tarixga qiziqishi kuchli bo‘lgan. Dastlabki ta’limni o‘z ona shahri Toshkentda olgan. Keyin Buxoroga borib, u yerdagi madrasalarning birida o‘qigan. U hayoti davomida tafsir, hadis, adab, fiqh, sarfu nahv, riyozat va boshqa ilmlarni puxta o‘rgangan. Ayniqsa, she’riyatga muhabbati sabab, olimning o‘ziga xos nazmiy mahorati ancha erta rivojlandi. Keyinchalik “Xatmiy” taxallusi bilan she’rlar bita boshladi:
Qismatim she’ra intisob o‘lmish,
Manga “Xatmiy” laqab xitob o‘lmish.
Rahimxo‘ja Shoshiy Toshkent shahrining Sebzor dahasida qozilik qilgan. Rahimxo‘ja noshirlik ishlarida ham faol bo‘lib, 1888 yili “Fuzuliy devoni”ni, “Badoyi’ ul-Vasat” devonini, arab tili sarf va nahv ilmiga oid kitoblarni chop ettirgan. Ibn Xojibning “Kofiya” asarini ketma-ket 1889, 1890, 1893, 1896 yillar davomida qayta-qayta nashr qildirgan. Shuningdek, 1889 yil Muhammad Sodiq Kushufning “Zubdat ul-masoil” nomli o‘zbek tilidagi asarini, 1892 yili “Bedil devoni”ni, 1896 yili Muhammad Vahbiy Adibning “Miftah ul-Jinon” nomli asarining o‘zbek tiliga tarjimasini, 1901 yili “Devoni Hofiz”ni ommaga yetkazishda ko‘p mehnat qildi.
Rahimxo‘ja Eshon 1901 yili Toshkentda, 1906 yili Samarqandda Mas’ud ibn Yusuf Samarqandiyning forsiy tildagi “Solatu Mas’udiy” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilib nashr ettirdi. Ushbu tarjima keyinchalik olim vafotidan so‘ng yana Toshkent shahridagi matbaalarda bir necha yuzlab nusxalarda nashr etildi. Rahimxo‘ja Eshon bir necha devon va she’riy to‘plamlar chop ettirgan bo‘lsa-da, hozirgacha uning qalamiga mansub ijod namunalari “bayoz”larda qayd etilmagan.
Rahimxo‘ja Eshon Ubaydulloh ibn Mas’udning “Muxtasar ul-Viqoya” nomli arab tilida yozilgan fiqh ilmiga oid asarini o‘zbek tiliga nazmiy yo‘l bilan o‘girishga muvaffaq bo‘ldi. Tarjimani 1887 yil uch oy ichida nihoyasiga yetkazdi. Lekin ko‘ngli to‘lmay, matn ustida yana-da chuqurroq izlanishlar olib bordi. Nihoyat, Rahimxo‘ja 54 yoshga yetganida sakkiz ming baytdan ziyodroq she’riy matn tarjimasini tugatadi. Albatta, fiqh, hadis, aqida, tarix, adab ilmlarini yaxshi bilgani Rahimxo‘ja Eshonga mumtoz fiqhiy asarni nazmiy uslubda tarjima qilishida katta foyda berdi.
Bu tarjima asarning dastlabki nashri 1888 yilda Toshkent shahrida bosilib chiqdi va nashr 1904 yilga qadar chop etib turildi.
Rahimxo‘ja Eshon Shoshiyning shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlar manbalarda kam uchraydi. Faqat 1908 yil 73 yoshida vafot etgani qayd etilgan, xolos. Diniy mavzularni badiiy-nazmiy shaklda ifodalagan asarlar kam o‘rganilganini hisobga olsak, “Nazmi Muxtasar ul-Viqoya” va boshqa shu ruhdagi asarlarni ilmiy tadqiq etish hamda ularni hozirgi o‘quvchi tushuna oladigan darajada taqdim etish nihoyatda zarur.
XIX asrning nodir namunalaridan biri sifatida saqlanib qolgan “Nazmi Muxtasar ul-Viqoya” asari asosan shariat arkonlari va hukmiy masalalarini she’riy uslubda ifodalab berishga bag‘ishlangani bilan xarakterlidir. Mazkur nazmiy tarjima asar hanafiy mazhabiga oid mo‘tabar manbalarga suyangan holda omma tushunadigan sodda tilda bayon etilgani uni xalq orasida mashhur qildi. Muallif she’riy uslubda bitgan bu asarida diniy ahkom va masalalar haqida ma’lumot berish barobarida bu boradagi o‘z qarashlari, bilimi va tajribalarini ham mahorat bilan bayon qilib boradi. Muallif asarning kirish qismida dastlab Olloh taologa hamd aytib, Uning yagonaligini, barcha olamlarning yaratuvchisi ekanini, yaratganlari ichida eng mukarrami odam ekanini hamda dunyoga kelishu ketishda bandaning ixtiyori yo‘qligini izhor etadi va fiqhiy masalalarni yoritishda Ollohdan madad so‘raydi. Xususan, “Basmala”dan keyingi hamd va na’tni quyidagicha keltiradi:
Ey aliymu hakimi bihamdo,
Fiqha ayla zabonimi go‘yo.
Barcha olamg‘a podishohi sen,
Boru yo‘qlarg‘a bir ilohi sen.
Olloh taologa hamd va na’tdan keyin Muhammad alayhissalomga salovot aytib, mo‘min musulmonlarni O‘z habibiga ummat qilganiga shukr qilish va u zotning mo‘jizalarini eslashga chaqiradi:
Shukrkim, bizga ayladi rahmat,
Ya’ni, etdi habibig‘a ummat.
Ul sharifkim basharni xaylidur,
Barcha olam anga tufayliydur.
Yo‘q edi mo‘jizotina poyon,
Xossatan anga mo‘jiza – Qur’on.
Yana payg‘ambar alayhissalomning bashariyat imomi ekanliklari, me’rojga ko‘tarilishlari va boshqa bir qancha xislat hamda fazilatlarini keltirib, u zotning ta’rif va vasfiga had-chegara yo‘qligini ta’kidlab o‘tadi:
Hoshimiy-yu baland edi hilmi,
Olama to‘ldi xud aning ilmi.
Zotina ilm intizom o‘ldi,
Toki Aqso aro imom o‘ldi.
Turfa qurbiki bir bashar zodi,
Insu jinni borisig‘a hodiy.
Qildi Arshi azim shabi me’roj,
Boshig‘a xoki maqdamidan toj.
Shularni bayon etib bo‘lgandan keyin bevosita hanafiy mazhabi va uning asoschilari Imomi A’zam, u zotning Abu Yusuf va imom Muhammad nomli shogirdlari, shuningdek, Molik o‘g‘li Anas, Idris o‘g‘li Muhammad, Ahmad o‘g‘li Hanbal kabi sunniy mazhab sohiblari ham tilga olinadi. Ularning tug‘ilgan yillari, vafotlari, o‘ziga xos sifatlari, ilmu taqvolari hamda barchalari Imomi A’zamning xos shogirdlari ekani she’riy matn asnosida fasohat bilan yoritib berilgan. “Muxtasar ul-Viqoya”ning nazmiy tarjimasiga xos yana bir xususiyat shundan iboratki, o‘sha davrda Turkiston diyorida ilm-fan rivoji susaygan, xususan, fiqh ilmi borasida manbalar kamligi tufayli aholi yetarli darajada bahramand bo‘la olmayotgan edi. Shuning uchun bu asarni turkiy tilda bitishga qaror qilganini muallif shunday bayon etadi:
Tangridin bizgadur ushbu ehson,
Qavmi turku maqomi Turkiston.
Garchi el beshumoru odam ko‘b,
Ilmu fan kamlig‘i ila ma’yub.
Bas, eling turk, aylag‘il turki,
Turkiyg‘a shod bo‘lsa ul ko‘rki.
Toza gul o‘lsa turk elig‘a bu,
Zohir etsa jahona rangu bu.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, fiqhiy hukm va masalalarni she’riy uslubda tushuntirish va bayon etish shoirdan alohida mahorat talab etadi. Bunga hamma shoirlar ham jur’at qila olmasligi mumkin. Muallif “Muxtasar ul-Viqoya” arab tilida yozilgani sabab asliyatda o‘qish uchun aholining ko‘p qismi arabchani tushunmay noyob fiqhiy qo‘llanmadan bebahra qolib kelayotganidan afsuslanadi. Rahimxo‘ja Eshon kitob muqaddimasida uni “bir aziz suhbati” ushbu asarni yozishga undaganini eslaydi. O‘sha azizning fiqh ilmi bilan mashg‘ul bo‘lish to‘g‘risida bergan maslahati tufayli bu ishga kirishganini bildirib o‘tadi. Demak, muallif tarjimaga iqtidori yetishini bilib, bu asarni yozishdan oldin ko‘p kishilar bilan maslahatlashib, zamona zaruratini inobatga olgan holda kirishadi. Tilining soddaligi va omma talabining e’tiborda tutilishi bu asarning ko‘plab tarqalishiga sabab bo‘ldi. Tarjimon fiqh sohasiga qiziqqan o‘quvchilarga matnni oson yetkazib, xotirasida masalalarini uzoq saqlanib qolishiga zamin yaratdi. Shu bois, Rahimxo‘ja ibn Alixo‘ja Eshon Shoshiy amalga oshirgan nazmiy tarjima qariyb yuz yil oldin omma o‘rtasida tarqalib, ko‘pchilikning mehr-muhabbatini qozondi. Muallif fiqhiy masalalarni o‘zbek tilida bayon etgan bo‘lsa-da, unda forscha va arabcha so‘zlardan ham unumli foydalandi. Mazkur nazmiy asarga aruzning “fo’ilotun mafa’ilan fa’lan” vazni tanlab oldi. Buni kitob sohibining o‘zi ham ta’kidlaydi:
Vazn bu bahr ushbudur, ey tan:
Fo’ilotun mafa’ilan fa’lan.
Tarjima masnaviy yo‘lida bitilgan bo‘lib, baytlar Qur’on oyatlari, hadislar, mazhab imomlari va mujtahid olimlarning so‘zlari bilan go‘zal tarzda ifodalangan. “Nazmi Muxtasar ul-Viqoya”ning bizgacha yetib kelgan nusxalarini ko‘zdan kechirganda, O‘rta Osiyo va unga qo‘shni davlatlar bosmaxonalarida qayta-qayta nashr etilganiga shohid bo‘lish mumkin. Birgina Toshkent shahridagi Breydenbax, Loxtin, Portsev, Ilin kabi matbaalarda bir necha marta chop etilgani fikrimizning dalilidir. “Nazmi Muxtasar”ning toshbosma nusxalari ham aholi o‘rtasida keng tarqalgan.
Matn arab tili nasx yozuvida chop etilib, odatga ko‘ra unda harflar harakati qayd etilmagan. Matn tagidan ingichka chiziq tortilib, fors tilidagi ma’nolarining izohli tarjimasi amalga oshirilgan. Ham arab, ham fors tilida berilgan matnlar ostidan ikki ustun shaklida o‘zbek tilidagi she’riy tarjimasi keltiriladi. O‘zbekcha tarjima bu ustunlardan chiqib, hoshiyada ham davom ettiriladi. O‘quvchi she’riy tarjima orqali nafaqat unda keltirilgan fiqhiy masalalar va ularning yechimlarini bilib oladi, balki arab, fors hamda turkiy tillarni qiyoslash imkoniga ham ega bo‘ladi.
“Nazmi Muxtasar”da muallifning o‘z xalqiga mehr-muhabbati yaqqol aks etib turadi. Bunga biz masalalarni bayon etishdagi kuyunchaklik hissidan bevosita sezishimiz mumkin. Bundan ko‘rinadiki, she’riy uslubni tanlagan nozim bir vaqtning o‘zida matnni tarjima qilib, masala yechimini o‘sha davr nuqtai nazaridan baholashga ham harakat qilgan. Albatta, bu kabi jihatlar o‘quvchini sergaklikka chaqirish bilan birga o‘zi uchun tegishli xulosalar chiqarib olishiga ko‘mak beradi. “Muxtasar ul-Viqoya” nozimi Rahimxo‘ja Eshon o‘zi yashagan davr qiyinchiliklariga sabr etib, millat taqdiri va kelajagiga qayg‘urib yashagan noyob iste’dod egasi sifatida omma orasida katta obro‘-e’tibor qozongan olim edi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Movarounnahrda ham ko‘plab mutarjimlar arab va fors tilida bitilgan noyob asarlarni o‘zbek tiliga o‘girdilar. “Muxtasar ul-Viqoya” nusxalari ustida olib borilgan izlanishlar natijasida mazkur asarning Rossiya, Turkiya, Eron, Hindiston, Turkmaniston, Tojikiston kutubxonalarida, shuningdek, yurtimizdagi Abu Rayhon Beruniy nomli Sharq qo‘lyozmalari markazi, Toshkent islom universiteti, Alisher Navoiy nomli Davlat muzeyi, Farg‘ona viloyat Adabiyot muzeyi, O‘zbekiston musulmonlar idorasi, “Maxdum Vosiliy nomidagi ma’naviy meros Markazi” xazinalarida saqlanayotgan yuzlab qo‘lyozma va toshbosma nusxalari mavjudligi aniqlandi. Chunonchi, “Muxtasar ul-Viqoya” asarining arab tilidagi matni mustaqilligimizning dastlabki yillaridayoq Toshkent shahrida nashr etilgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi fondlarida asarning mamlakatimizda kitobat qilingan ikki yuzdan ortiq qo‘lyozmalari mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Bu kabi matnlarni manbashunoslik nuqtai nazaridan o‘rganish, kitobat tarixi va madaniyati bo‘yicha tadqiq qilish natijasida yurtimiz tarixiga oid ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Mazkur qo‘lyozmalarni to‘liq o‘rganish va o‘ziga xos xususiyatlarini yanada chuqurroq tahlil etish manbashunos va tarixchi mutaxassislarning galdagi vazifalaridandir. Asar matnlari shaxsiy fondlar, madrasa, maktab talabalari uchun minglab nusxalarda ko‘chirilgan va omma orasida keng tarqalgan. Bu asar ilm-fan taraqqiyoti, xususan, fiqh ilmi rivojiga munosib hissa qo‘shgan manbalar sifatida doimo ardoqlanadi. Asar hozirda ham o‘z ilmiy ahamiyatini aslo yo‘qotgan emas. Asar matni hamda uning sharhi, hoshiyalari keyingi yozilgan asarlar uchun manba vazifasini o‘tab kelayotgani ham fikrimizni isbotlaydi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son
_____________________
Ne’matullo Nasrullayev 1977 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik institutining filologiya fakultetini, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakultetini tamomlagan. “Islomshunoslik qomusiy lug‘ati”, “Yurtimiz allomalari” kabi kitoblari nashr etilgan.