G‘afur G‘ulom “Abdurahim G‘ayratiy degan o‘rtog‘im to‘g‘risida” nomli maqolasida kindik qoni to‘kilgan maskan haqida ma’lumot berib, shunday so‘zlarni yozgan: “Toshkentda Xadra degan joy bor. Ana shu yerni markaz deb bilib, oyoqlarga yarim kilometrli pargar qo‘yib, bir doira chizsangiz, eski Qo‘rg‘ontegi, Ko‘g‘irmoch, Degrez, Govkush va Devonbegi mahallalarini o‘z ichiga olgan doira hosil bo‘ladi. Shu mahallalarda Oybek (Muso), Ziyo Said, Oydin opa, G‘ayratiy (Abdurahim), fan doktori Asqarov, fan doktori Najmiddinov, Abror Hidoyatov va men tug‘ilganmiz”.
Shoirning jiyani Hamidulla Husanov taniqli jurnalist va dramaturg Abduqahhor Ibrohimov bilan qilgan suhbatida hozirgi O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri joylashgan binoni nazarda tutib, bunday degan:
“Ilgarigi “Vatan” kinoteatri, hozirgi Hamza nomidagi teatr qarshisidagi soylik (avvallari, to “Paxtakor” stadioni qurilguniga qadar bir necha tegirmon suv oqardi)ning narigi tomonida Qo‘rg‘ontegi mahallasi joylashgan. Toshkent mahallalaridan har birining biror tarixiy voqea yoki shaxs, aholining kasb-kori va turmush tarzi yoki bo‘lmasa, jug‘rofiy o‘rni bilan bog‘liq ajoyib nomi hamda tarixi bor. Bu haqda G‘afur akam menga juda ko‘p hikoyalarni aytib bergandi. Egarchi, O‘qchi, Chuvalachi, Chaqar, Oqlon; Kamolon, Qoryog‘di, Saqichmon, Langar, Sariq Xumdon, Qo‘shtut, Hoji Malik, Halimko‘n, Mozorxon, Baland Masjid, Qoratosh, Qozi ko‘cha, Tabib ko‘cha, Pichoqchilik, Bedabozor va hokazo mahallalar qatori, Qo‘rg‘ontegi mahallasining ham o‘z tarixi bor. Qadimda shu yerda bir qo‘rg‘on bo‘lgan, atrofida uy-joylar vujudga kelgan. Shu qo‘rg‘onga nisbat berib, xalq bu yerni “Qo‘rg‘ontegi mahallasi” deb yurita boshlagan; “Qayerda turasan?” degan savolga “Qo‘rg‘ontegida”, deb javob bergan”.
G‘afur G‘ulomning boyagi maqolasida aytilishicha, Qo‘rg‘ontegi mahallasining janub tomonida O‘rdani kesib o‘tadigan katta anhor suvining bir “qo‘l”i – irmog‘i oqqan bo‘lib, u hozirgi Navoiy ko‘chasiga tutash chuqurlikdan o‘tgan. “Biz shu yerda qip-yalang‘och bo‘lib olib, to ko‘karib ketguncha cho‘milar edik. Otalarimiz yoki onalarimiz toldan xipchin olib, toki uyga haydaguncha cho‘milar edik”, deb eslagan shoir.
G‘afur G‘ulomning “Sarhisob” (1962) degan maqolasida ham Qo‘rg‘ontegi mahallasi haqida yangi ma’lumot bor: “Men yashagan mahallaning atrofidagi o‘nlab mahallalarda, – deb yozadi shoir, – ikkita er bolalar maktabi, bitta qizlar maktabi bor edi. Qo‘rg‘ontegidagi erlar maktabining muallimi Hasanboy domla menga alifbeni o‘rgatgan hurmatli muallim – ancha taraqqiyparvar odam edi. Ikkinchisi, Shamshi domla ko‘p badjahl, chalasavod odam bo‘lgan. Qizlar maktabining otinoyisi Xayriniso degan kampir bo‘lib, mening tuqqan bibim (otamning onasi) bo‘ladi. Keng, xushfe’l, o‘n sakkiz o‘g‘li, bir qizi vafot etganda ham “dod!” demagan, faqat biz kabi yetim nabiralar va o‘quvchi qizlar bilan yupanib, qolgan umrini shukr bilan o‘tkazayotgan bir ojiza edi. O‘n mahalladan uch maktabda yuz chog‘lik bola o‘qir edi…”.
Qo‘rg‘ontegi mahallasi to‘g‘risidagi tasavvurimiz to‘la bo‘lsin uchun shoirning quyidagi satrlari bilan ham tanishsak:
Qo‘rg‘ontegi ajoyib, xo‘b chingiling mahalla,
Biri biriga qarshi, xuddi tarozi palla.
To‘rt qadamda samovar, ana unda ko‘p gap bor:
“Hormang, Yunusmat endi!” – “Rahmat, he, barakalla!”
Uy boshida bedona, taqib qo‘yding sedona,
“Qo‘lingdagiqanaqa?” – “Kichkina tullak malla”.
Yangi masjid bitibdir, jilovxona muborak!
O‘lmasa chollarimiz g‘iybatni sotishalla.
Oyda-yilda bo‘lsa to‘y, qolmaydi chiqmagan uy,
Katta-kichik boshida o‘ralgan silliq salla.
O‘spirinlar o‘tadi, bay-bay, to‘kilib ketadi,
Qilay desa ishi yo‘q, kecha-kunduz taralla.
Bu she’rda Qo‘rg‘ontegi mahallasining olis asrlardagi manzarasi emas, balki XX asrning 20-yillaridagi qiyofasi o‘z tasvirini topgan. Biz ushbu manzara orqali ham mustamlaka sharoitida yashagan xalqning maishiy hayoti va ongi haqida tasavvur hosil qilishimiz mumkin.
G‘afur G‘ulomning yuqorida keltirilgan fikrlari va she’rida, uni boshqa o‘zbek shoirlaridan keskin ajratuvchi ikkita fazilat bor. Birinchisi, G‘afur G‘ulomning yoshlik yillaridanoq tarixga qiziqqani, xususan “kichik vatani” tarixini mukammal o‘rgangani va bilgani bo‘lsa, ikkinchisi, uning nafaqat o‘zbek adabiy tili, balki oddiy xalqning o‘ziga xos jonli va shirali tilini ham puxta egallagani, she’r komponentlaridan biri – qofiyadan ustalik bilan foydalangani, hatto uzun-uzun she’rlarida ham oddiy bir so‘zga o‘nlab qofiyadosh so‘zlarni topib, mavzudan uzoq so‘zlardan ham qofiya “yasab”, ularni she’rning g‘oyaviy-badiiy yo‘nalishga ustalik bilan bo‘ysundira olganini ko‘ramiz. Yuqorida keltirilgan she’rda “o‘roqda yo‘q, shudgorda yo‘q” “solishalla” so‘zidan shunday qofiya yasaganki, natijada she’rda tasvirlanayotgan keksalar obrazi yanada yorqinlik kasb etgan.
Bu har ikki fazilat G‘afur G‘ulomning qaynoq xalq hayoti bilan yaqin aloqada bo‘lgani, xalq bilan birga nafas olgani natijasidir.
Yana Hamidulla Husanovning xotiralaridan bahramand bo‘lsak:
“O‘tgan asrning (ya’ni XIX asrning – N.K.) ikkinchi yarmida ana shu Qo‘rg‘ontegi mahallasidagi bir hovlida ikki aka-uka yashagan. Ular otasining ismi, ya’ni katta bobomizning oti Mirza Orif bo‘lgan ekan. G‘afur akam bir kuni yil ag‘darib, muchal aniqlab, qarindosh-urug‘, xesh-aqraboyimizni belgilab o‘tirganida, bu haqda hikoya qilib bergandi. Umuman, G‘afur akam uzoq va yaqin o‘tmish tarixini, shajaralar, sulolalarni yaxshi bilar va maroq bilan so‘zlar edi. Ota-bobolarimiz haqida gapirar ekan, xontaxta ustidagi mis barkashga go‘yo yozayotganday bo‘lib, barmoqlari bilan chizar, ko‘rgazmali ravishda qandaydir jadvallar yasar edi. O‘sha ikki og‘a-inidan kattasining oti Rahmatilla, kichigining oti G‘ulom Mirza bo‘lgan. Bir hovlida yashashgan. Bir qozondan ovqat ichishgan, bir darvozadan kirib-chiqishgan, ya’ni “san-man”ga borishmagan, hovli devor bilan bo‘lib olinmagan.
Rahmatilla dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Toshkentning shimol tomonida, Keles arig‘i tomonlarda, ya’ni Qoplonbek qishlog‘ida yer-suvlari bo‘lgan. G‘ulom Mirza, asosan, hunarmandchilik bilan shug‘ullangan, shoirtabiat, chechan, og‘zi botir, salobatli odam bo‘lgan Rahmatilla bir necha farzand ko‘rgan bo‘lsa-da, Husan ismli o‘g‘li (bu kishi mening otam bo‘ladi), Zebiniso, Nuriniso degan qizlari turib qolgan. G‘ulom Mirzadan Savriniso, G‘afur (ya’ni G‘afur G‘ulom), Rahbarniso, Bahriniso tug‘ilishgan. Rahmatilla vafot etganidan keyin aslida ikki oiladan iborat bo‘lgan bu katta oilaga G‘ulom Mirza boshliq bo‘lib qolgan. Oilada hamma uni G‘ulom dada, deb atashgan. Ana shu G‘ulom dadamiz mening otam bo‘lmish Husan akaga ham otalik qilib, uni uylantirib qo‘ygan.
Buni qarangki, G‘ulom dadaning umri qisqa ekan. U vafot etgach, butun oilaga mening otam — Husan aka boshliq bo‘lib qolgan. Husan aka bir necha farzand ko‘rgan. Ulardan Muhabbat, Hamidulla (ya’ni men), Nazminiso, Habibulla, Erkina ismli farzandlari turib qolishgan. (U paytlarda tibbiy xizmat yaxshi bo‘lmagani tufayli bolalar go‘dakligida ko‘p nobud bo‘lib ketavergan.) Bir hovlida yashab, bir qozondan ovqat ichib, bir ko‘rpa ostida katta bo‘lganimizdan bo‘lsa kerak, biz yoshi kichiklar, hammamiz G‘afur G‘ulomni “aka”, derdik. G‘afur akam ham ajratish nimaligini bilmasdi, bizlarga tug‘ishgan akalardek mehribon edi. G‘afur G‘ulomni tug‘ishgan akamiz, deb bilgandik. Aslida, jiyan bo‘lishimizni hatto xayolimizgayam keltirmaganmiz. Chunki G‘afur akam nihoyatda oqibatli, chin inson edi.
Xullas, G‘afur akam bilan ko‘p yillar ana shu Qo‘rg‘ontegi mahallasidagi hovlimizda birga yashadik”.
Kamina yuqorida G‘afur G‘ulom to‘g‘risidagi ajoyib xotirasi keltirilgan Hamidulla Husanovni ozmi-ko‘pmi bilardim. U o‘zbekning ko‘rkam, tanti, oqko‘ngil yigitlaridan biri bo‘lgan. U urushni tibbiy xizmat kapitani lavozimida tugatib, ona yurtiga g‘alaba bilan qaytganida, G‘afur G‘ulomga Germaniyadan olib kelgan o‘lja soatni hadya qilgan. Shoirning “Vaqt” degan shoh asarining yaratilishi shu ajoyib inson nomi bilan bog‘liq. Yuqorida hurmatli kitobxon e’tiboriga havola etilgan xotira ham G‘afur G‘ulom hayotining fanga noma’lum bo‘lgan sahifalarini yoritishi bilan katta ilmiy qimmatga molikki, uni to‘la keltirmaslik odobsizlik bo‘lurdi.
Shunday qilib, G‘afur G‘ulom 1903 yil 10 may, juma kuni, ertalab soat 6da chaqaloqlarga xos chinqirig‘i bilan o‘zining yorug‘ dunyoga kelganini ma’lum qildi.
Shoir ushbu tarixiy daqiqa haqida “Ona” she’rida bunday yozgan:
Tug‘ilgan damimni eslay olmayman,
Tashakkur deyilsa arzigulik tong.
Tanam yo‘rgaklangan, mushtim tugilgan,
Oltin rudasiday ishlanmagan ong.
Hali bepardozman, olam jamolin
Ko‘ra olmaslikka ko‘zim ham ojiz.
Tanglayim ko‘targan bibim bechora
Kim edi, bilmayman, o‘lgandir, esiz.
Bo‘lajak shoir tug‘ilgan paytda oila hayotining noma’lum sahifalari bilan tanishtirishga qanchalik oshiqmay, ichimda bu satrlarning badiiy go‘zalligi va yuksakligiga tahsin o‘qiganimni aytmay o‘tolmayman. Shoir o‘zining tug‘ilgan daqiqalarini shunday real detallar bilan tasvirlaganki, go‘yo u chinqirganini ham, yo‘rgaklanganini, mushtumini tugib olganini ham, ko‘zi yorug‘ olamning go‘zalligini ko‘rishga hali ojizligini ham ko‘rib-tushunib turgandek bo‘ladi.
Shu yerda u qofiya san’atining sultoni ekanligini yana bir bor namoyish etadi. Chaqaloq haqidagi she’rning ikkinchi satridagi “tong”ga “ong” so‘zini qofiya qiladi. Chaqaloq qayda-yu, “ong” qayda”? Lekin shoir “ong”ni “tong”ga xuddi fokuschidek bog‘lab-chirmab tashlaydiki, uning “Oltin rudasiday ishlanmagan ong” degan iborasi shoirning ijodiy fantaziyasi, xayolot olami va bilim doirasi qanchalik cheksiz-chegarasiz ekanligini ko‘rib, hayratga tushamiz. Ofarin, ofarin, G‘afur aka, deymiz!
G‘afur G‘ulomning otasi xatli-savodli bo‘lib, 1908 yilgacha shahar dumaxonasining mahalliy bo‘limida mirzalik qilgan. So‘ng Keles atrofidagi Qoplonbek mavzesidagi to‘qqiz tanob yerida bug‘doy, jo‘xori, mosh deganday, don-dunni ekish-yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘lgan. 1912 yilning ko‘klamida G‘ulom Mirza kasallikka chalinib, bir necha kun yo‘talib yurgan va arzimagan shamollash orqasida qirq to‘rt yoshida Qo‘rg‘ontegi mahallasidagi 25 kvadrat sajenli zaxkash, tutday to‘kilay deb turgan hovlisida oltita “eyarman-icharman yetimcha”ni orqasida qoldirib, vafot etgan.
Bo‘lajak shoirning onasi Toshbibi Shoyusuf qizi G‘ulom Mirzaga turmushga chiqishidan avval ham oila ko‘rgan edi. Uning marhum eridan tug‘ilgan farzandi – Rixsi shu olti nafar “eyarman-icharman”ga murabbiy bo‘lib qoladi. U shu vaqtlarda o‘n sakkiz yoshga kirgan bo‘lib, toshkentlik mashhur boylardan biri – Muborak Sidiqmuhamedovning universal magazinida xizmat qilar edi. Rixsi qorining prikazchiklik orqasida topgan puli barakasiz bo‘lgani uchun bo‘lajak shoirning ona va opasi ham do‘ppi va qiyiq tikib, unga yordamlasha boshlaganlar.
“Otam, – deb yozgan G‘afur G‘ulom “Kechmish va kechirmishlarim” sarlavhali tarjimai holida, – durustgina savodli, o‘zbekcha, tojikchani yaxshi bilar va uncha-muncha ruscha ham so‘zlashar ekan. Shahar ichida kishilarga ariza, spravkalar yozib berib yurar, shuning uchun ham ismiga “Mirza” degan laqab qo‘shimcha bo‘lgan ekan.
Otam adabiyot bilan juda qiziqar ekan. Uyimizga o‘zbek shoirlari va xattotlaridan Xislat, Shomurod kotib va boshqalar kelib yurganini es-es bilaman. Farg‘ona vodiysidan keladigan shoirlar ham: Muqimiy, Toshxo‘ja Asiriy, Furqat, Muhyi va boshqalarning biznikiga ko‘p kelganini aytadilar. Otam “Mirza” va “G‘ulom” taxalluslari bilan talay she’rlar yozgan. Lekin bular bir yerga to‘planib yo bo‘lmasa bosilib chiqqan emas. So‘nggi yillarda amakim (otamning kichik ukasi) Mirza Abdulla Mirza Orif o‘g‘li “Mirza” taxallusini o‘ziniki qilib olib, she’rlar yozar edi. Uning “Bayozi Mirzo” degan kitobi 1913 (1331 hijriy) yilda Toshkentda “G‘ulomiya” bosmaxonasida bosilgan”.
G‘afur G‘ulomning onasi Toshbibi ham o‘zbek va tojik tillaridagi g‘azallarni o‘qib, anglay oladigan zehnli ayollardan edi. U o‘zbek xalq og‘zaki ijodiga ixlos qo‘yib, xalq termalari vaznida uncha-muncha she’rlar aytib yurgani uchun erining vafotiga bag‘ishlab marsiya ham yozgan. (Bu marsiya so‘zlari uzoq vaqtlargacha shoirning qulog‘idan ketmagan.) Bo‘lajak shoir shu paytda to‘qqiz yoshda bo‘lganiga qaramay, xat-savodi chiqqan, Navoiy, Hofiz va Sa’diylarni bemalol o‘qir, chiroyligina xati ham bor edi.
G‘afur G‘ulom Qo‘rg‘ontegi mahallasidagi Hasanboy domlaning maktabida Bedildan “Maslak”ka o‘tib, uni ham tugatgan edi. Agar shu mahallalik Abdurahmon pari deb atalgan bolaning o‘n olti yilda ham “Haftiyak”dan nariga o‘tolmaganini eslasak, G‘afurning ziyrak va zukko bola bo‘lgani oydinlashadi. Uning xatli-savodli bo‘lishiga boshda otasi, keyin esa onasi sababchi bo‘lganlar. Binobarin, G‘afur G‘ulomning G‘afur G‘ulom bo‘lishida otasi G‘ulom Mirza bilan onasi Toshbibining xizmatlari kattadir.
Shu o‘rinda kamina bir narsani chetlab o‘tishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Gap shundaki, G‘afur G‘ulom Toshkentda, o‘zbeklardan iborat aholi orasida tug‘ilgani va ulg‘ayganiga qaramay, fors va arab tillaridan xabardor bo‘lgan, ayniqsa, fors-tojik tilini yaxshi bilgan. Buni faqat bir narsa bilan izohlash mumkin: u, meningcha, mahallasidagi Hasanboy domlaning madrasasida o‘qigan va fors-tojik tilini shu yerda puxta o‘rganib chiqqan. Ammo sovet davrida shoir, olim yoki o‘qituvchining madrasa ta’limini ko‘rganligi haqida biror so‘zni aytishning iloji yo‘q edi. Shuning uchun ham G‘afur G‘ulom tarjimai holida madrasada emas, balki eski maktabda o‘qiganligini aytgan.
Shoirning Oybekka bag‘ishlangan maqolasidagi quyidagi so‘zlarni ham shu tarzda tushunish, meningcha, to‘g‘ri bo‘ladi:
“Oybek, – degan edi G‘afur G‘ulom, — Degrez maktabida, men Qo‘rg‘ontegi maktabida boshlang‘ich eski tahsilni oldik. Keyin u “Namuna ” maktabiga, men “Hayot” maktabiga kirdim”.
G‘afur G‘ulom “eski tahsil” deganda madrasa ta’limini nazarda tutgan desak, shoyad xato bo‘lmaydi.
Xullas, Rixsi qorining yiliga 20 so‘m beriladigan prikazchiklik maoshi oila ro‘zg‘origa urvoq ham bo‘lmay qoladi. Buning ustiga, Birinchi jahon urushi boshlanishi bilan narx-navo osmon baravar ko‘tarilib, pulning qadri ketadi.
“Endi bizday kambag‘al, aftodahol, qo‘l uchi bilan kun ko‘radiganlarning holi qanday bo‘ladi? Katta boylar juda ham boyib, kichik boylar sinib turgan vaqt, rus proletariatining podshoga nisbatan g‘azabi oshib, qoshi chimirilgan zamon… Mochalovlarning obro‘si qolmagan… ”
G‘afur G‘ulom Birinchi jahon urushi boshlanishi bilan xalq turmushi, shu jumladan, o‘z oilasining turmushidan baraka ketgan kezlarni shunday eslaydi.
Bo‘lajak shoir zamonning oqimida shunday o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bir paytda Mulla Muborakning bolalari qatori O‘qchidagi “Hayot” maktabiga qatnab, Toshkent jadidlaridan saboq ola boshlaydi. U mazkur maktabda bir yil o‘qidimi yo yo‘qmi, bolsheviklar Turkistonda hokimiyatni o‘z qo‘llariga oladilar. Boshqa toshkentlik boylar qatori, Mulla Muborakning davlati ham barbod bo‘ladi. Rixsi qorining 20 so‘m maoshlik ishini ham Xudo ko‘p ko‘radi. Endi butun oila yaktan va yakjon bo‘lib, “tiriklik o‘pqoni”ga yamoq axtara boshlaydi.
“Men mana shu kundan boshlab chin hayot ko‘chasiga kiraman. Akam bilan Samarqand darvozadan o‘rik, olma, bodring ko‘tarib, Yangi shaharning ko‘chalarini aylanib, sota boshlaymiz. Kuz kelib, bu ham foydasiz bo‘ladi. Akam “Tamerlan” xususiy tamaki fabrikasiga ishga kirib, meni ham yoniga oladi. Men gilzaga tamaki to‘ldirishni o‘rganib, ishlay boshlayman. Asta-asta bu hunar bizning uyga kirib, onam, opam, ukalarim ham gilzaga tamaki to‘ldirib, akamga yordamlasha boshlaymiz. Ochlik, qimmatchilik yillari boshlanadi. Onam ham o‘ladi. Akam kasallanadi. Butun tiriklikni ro‘zg‘or kerak-yaroqlarini sotib o‘tkazishga to‘g‘ri keladi”, deb yozadi G‘afur G‘ulom.
1918 yil shoir hayotiga shunday voqealar bilan kirib keldi. U mahallasidagi usta Mirazizga shogird tushib, kosibchilikni o‘rgandi. Kosibchilik bilan ham tirikchilik o‘tmay qolgach, akasi bilan birga tunukasozlik bilan mashg‘ul bo‘ldi. Keyin aravakashlik… Keyin esa harf terish…
Kunlarning birida G‘afur G‘ulomga harf terish hunarini o‘rgatgan bosmaxona ishchisi Abdurahmon Saxiboyev shogirdiga bunday deb qoladi: “Menga qara, yigitcha, zamon o‘zgardi. Avval ekilgan daraxtlar kesilib ketdi. Bilaman, sen kitob o‘qishni yaxshi ko‘rasan. Demak, shu yo‘ldan borishing kerak. Eshitishimcha, o‘qituvchilarni tayyorlash kurslari ochilgan. Ham sakkiz oy tekinga o‘qiysan, ham stipendiya olasan…”.
Oradan bir necha kun o‘tgach, G‘afur G‘ulom sakkiz oylik kurslar ochilgan maktabga bordi.
Xullas, taqdir shamoli uni muallimlarni tayyorlash kursiga olib keladi. U qisqa muddatli kursni tugatib, 1920 yil 3 martda Bodak mahallasidagi “Cho‘lpon” maktabiga muallim etib tayinlanadi. 1924 yil avgustida “Hayot” maktabiga muallim bo‘lib o‘tadi. Undan “Umid” musiqa texnikumiga ko‘chadi. 1920 yili esa 3-boqimsiz bolalar uyiga mudir etib tayinlanadi. Ayni paytda yetti yillik “Urfon” maktabining mudirligi ham uning zimmasiga tushadi.
1928 yil 15 sentyabrdan boshlab esa G‘afur G‘ulom “Qizil O‘zbekiston” gazetasiga ishga o‘tadi va “Kambag‘al dehqon” gazetasining mas’ul kotibi etib tayinlanadi. Uning turli gazetalardagi chiqishlari esa 1924 yildan e’tiboran qizg‘in va muntazam tus oladi.
G‘afur G‘ulom shu kunlarda yozgan maqolalaridan birini “Mushtum”ga eltib beradi. Ko‘p o‘tmay, maqola chiqib, bo‘lajak shoirning ishlari havas qilarli darajada yurishib ketadi…
G‘afur G‘ulomning mashaqqatli hayot yo‘liga bu qadar keng to‘xtalganimizning sababi, birinchidan, xx asr boshlarida tug‘ilgan oddiy, kambag‘al, aftodahol kishilardan birining turmush so‘qmoqlarida yiqilib-yo‘qolib qolmay, aksincha, shu jarayonda xalq irodasi, aql-zakovati va yuksak iste’dodining timsoli darajasiga erishganini, ikkinchidan, uning xalqchil va falsafiy ijodi ildizlarini, uchinchidan, uni oddiy xalq hayoti bilan bog‘lagan uzilmas rishtalarni ko‘rsatishdir. “Oltin rudasiday ishlanmagan” talant esa uning qonida bor edi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 29-son

