XX asrning 20-30-yillarida yangi o‘zbek adabiy tilining shakllanishi nafaqat “O‘tgan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Qutlug‘ qon” singari o‘lmas epik polotnolarning, Cho‘lpon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon singari shoirlar qalamiga mansub lirik durdonalarning maydonga kelishiga, balki jahon adabiyoti o‘lmas namunalarining o‘zbek tiliga zo‘r mahorat bilan tarjima qilinishiga ham katta imkoniyat yaratdi. Shu yillarda tarjimon- yozuvchilar oldiga birinchi navbatda rus adabiyoti klassiklari asarlarini, 30-yillarning o‘rtalaridan boshlab esa o‘rta maktablarning adabiyot dasturlaridan o‘rin olgan jahon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish vazifasi yuklandi. Shu muborak jarayonda Cho‘lpon boshchiligida o‘zbek badiiy tarjima maktabi maydonga keldi.
Shu maktabda saboq olgan tarjimon-shoir va tarjimon- yozuvchilar orasida Maqsud Shayxzoda faxrli o‘rinlardan birini egallaydi.
1936 yilda ulug‘ rus shoiri A.S.Pushkin vafotining 100 yilligini nishonlash bo‘yicha katta tayyorgarlik ishlari boshlanadi. O‘zbekiston hukumati shu qarorga asoslangan holda iste’dodli tarjimon-yozuvchilarni Pushkin asarlarini tarjima qilish ishiga jalb etib, Toshkent viloyatidagi xushmanzara maskanlardan biri Chimyonda ular uchun ijodiy sharoit yaratib beradi. Yetti yozuvchi 1936 yilning erta bahoridan qariyb kuz oylariga qadar shu yerda tikilgan yetti o‘tovda ijod bilan shug‘ullanadilar.
Rus tilini, rus va jahon adabiyotining mumtoz namoyandalari ijodini aksar hamkasblariga nisbatan yaxshi bilganligi sababli, Shayxzodaning ham shu yetti tarjimon-yozuvchilar guruhidan o‘rin olishi tabiiy edi. U Chimyonda Pushkinning badiiy olamiga yanada chuqur kirib, uning o‘ndan ziyod lirik durdonalarini katta ilhom bilan o‘zbek tiliga jo‘shib-qaynab tarjima qiladi. So‘ngra buyuk shoirning “Mis chavandoz” dostoni hamda “Motsart va Saleri” “kichik tragediya”sini o‘zbek tili navolarida sayratib yuboradi.
Zamondoshlarning naql qilishlaricha, yetti tarjimon uchun bitta “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at” bo‘lgan. Shu lug‘at o‘tovdan-o‘tovga ko‘chaverib va titkilanaverib bir haftaga qolmay, shaloqlanib ketgan. Faqat ikki kishigina bu lug‘atga kamdan-kam murojaat etishgan. Bular Oybek bilan Shayxzoda edi.
Shayxzodaning Pushkin lirikasidan qilgan tarjimalariga nazar tashlagan kishi tarjima qilingan she’riy matnning yombidek quymaligini sezmay iloji yo‘q. Shayxzoda rus shoirining har bir she’ridagi lirik tuyg‘u va fikr harakatini chuqur his etibgina qolmay, shu she’rga poetik joziba bag‘ishlagan ritm, intonatsiya, takror, qofiya va tovush tovlanishlariga xos badiiy nafosatni ham o‘z tarjimasida berishga intilgan. Afsuski, shoir 50-yillar avvalida olis o‘lkalarga badarg‘a qilingani va tirik qaytib kelganidan keyin ham sovet davlatining tavqi la’natidan xalos bo‘lmaganligi sababli, Pushkin asarlari to‘rt jildligining 1954-1955 yillardagi nashrida uning tarjimalari yosh shoirlar tomonidan o‘zbek tiliga qayta o‘girilgan. Natijada Pushkinning Shayxzodaning oltin qalami bilan ado etilgan tarjimalari qayta nashr etilmagan.
Sovet davrida rus va jahon yozuvchilari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda asosan ikki omil yetakchilik qildi. Ularning biri – yubileylar, mashhur yozuvchilarning yirik tavallud sanalari, qardosh xalqlar adabiyotlarining O‘zbekistondagi haftaliklari. Ikkinchisi – rus va jahon adabiyoti namoyandalari asarlarining maktab o‘quv dasturlariga kiritilishidir. Shayxzoda shu ikki omilning “sharofat”i bilan qardosh xalqlar, rus va jahon adabiyoti namoyandalarining yuzlab she’rlarini Qodiriy va Cho‘lpon tilida jaranglatib yubordi. Shubhasiz, o‘tkinchi davrlar talabi bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan bu she’rlarning bir qismi o‘zining dolzarblik fazilatini allaqachon yo‘qotgan. Ammo ular orasida mehr va mahorat bilan tarjima qilingan she’riyat durdonalari ham oz emas. Biroq ular qaysidir gazeta va jurnal taxlamlari orasida chang bosib, o‘z tadqiqotchi-izlanuvchilarini kutib yotibdi.
Yaxshiyamki, shoir “Asarlari”ning so‘nggi, 6-jildiga Shekspirning 8 ta soneti, Bayronning “Chayld Garold ziyoratlari” (1-qo‘shig‘i), Mayakovskiyning 6 ta, Nozim Hikmatning 8 ta, Sulaymon Rustamning 6 ta she’ri va Samad Vurg‘unning “Negrning orzulari” dostonidan parcha kiritilgan ekan, ular Shayxzoda tarjima asarlarining ko‘lami to‘g‘risida chala bo‘lsa-da, tasavvur beradi.
Shayxzoda yangi ozarbayjon she’riyati beshigida ulg‘ayganligi tufayli unga sarbast she’rlar, kutilmagan poetik obrazlar, poetik tafakkurning g‘ayritabiiy o‘yinlari begona emas edi. Shu hol uning Mayakovskiy ijodiga ham adabiyotshunos olim, ham tarjimon sifatida murojaat etishiga sabab bo‘lgan. Sho‘ro davrining Mayakovskiyga bo‘lgan haroratli munosabati, shu davrda Mayakovskiy va Hamza singari “minbar shoirlar”ga, “jangchi va jarchi shoirlar”ga bo‘lgan ehtiyoj Shayxzodadagi shu maylga oziq berib turgan. Shayxzodaning Mayakovskiydan qilgan tarjimalari (inqilob dohiysi haqidagi va “Juda soz” dostonlari) garchand 50-yillarda salbiy baholangan va tarjimon tarjimada siyosiy xatolarga yo‘l qo‘ygan, deb ayblangan bo‘lsa-da, ular o‘zbek badiiy tarjima san’atining o‘sha davrdagi eng yuksak namunalari bo‘lgan va hozir ham shunday bo‘lib qoladi.
Tarjimon-shoirning adabiy merosida, yuqorida tilga olingan asarlardan tashqari, yana uchta mumtoz tarjima asar bor. Shularning biri – buyuk ingliz dramaturgi U.Shekspirning “Hamlet” tragediyasidir. Bu asar 1935 yilda Cho‘lponning buyuk tarjimasida Hamza nomidagi teatr (hozirgi O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri)da sahnalashtirilib, tomoshabinlar o‘rtasida zo‘r muvaffaqiyat qozongan va tarjima o‘zbek tarjima madaniyatining shoh namunasi sifatida e’tirof etilgan. Ammo Cho‘lpon “xalq dushmani” deb e’lon qilinishi bilan uning nomi teatr afishalaridan o‘chirib tashlangan. O‘tgan asrning 50-yillarida mazkur asarga bo‘lgan katta ehtiyoj talabi bilan mazkur teatr jamoasi Shayxzodaga murojaat qilib, asarni qayta tarjima qilib berishni iltimos qiladi. Shayxzoda “Hamlet”ni tarjima qilishga rozilik beradi. Buyuk so‘z ustasidan keyin “Hamlet”ni tarjima qilish oson emas edi. Shayxzoda bu o‘ta jiddiy va mas’uliyatli vazifaga kirishishdan avval “Hamlet”ning Cho‘lpon qalamiga mansub tarjimasi va turli talqinlarini qunt bilan o‘rganadi. Cho‘lponning soyasi bo‘lib qolmaslik uchun tarjima ustida qattiq ishlab, oylab bedor tunlarni o‘tkazadi. Spektaklda band bo‘lgan artistlar, ko‘nikmaga ko‘ra, Cho‘lpon tarjimasidagi replikalar, monolog va dialoglarni ijro etishda davom qilgan bo‘lsalar-da, “Hamlet”ning Shayxzoda qalamiga mansub tarjimasi ham daho asarga munosib ijodiy ish edi.
Shayxzoda 60-yillarda mazkur teatrning iltimosi bilan Shekspirning yana bir asari – “Romeo va Juletta” tragediyasini ham tarjima qilib berdi. Ammo mudhish tamg‘a shoir manglayidan hali olib tashlanmagani uchun raqiblar bu tarjima asosidagi spektaklning namoyish etilishiga tish-tirnoqlari bilan qarshilik ko‘rsatishdi.
Kun bilan tundan, oq bilan qoradan, hayot bilan o‘limdan iborat hayotning g‘aroyibligini qarangki, qonli 1937 yilda gruzin adabiyotining asoschisi Shota Rustaveli tug‘ilgan sananing 750 yilligi “ko‘p millatli sovet xalqi”ning bayrami sifatida nishonlandi. Shu tarixiy voqea munosabati bilan o‘zbek shoirlari zimmasiga “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” eposini o‘zbek tiliga o‘girish vazifasi G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Mirtemir, Amin Umariy, Temur Fattoh, Davron, G‘iyos Soatiy, Xolid Rasul va Jumaniyoz Sharifiyga yuklandi. 6500 satrga yaqin bo‘lgan asarni qisqa muddatda tarjima qilish oson bo‘lmagani uchun undan 1700 satr ajratib olindi. Asar “Odisseya” va “Iliada”lar uslubiga yaqin, Rustavelining o‘zi kashf etgan uslubda yozilgani uchun uni o‘zbek tiliga tarjima qilish qiyin kechdi. G‘afur G‘ulom, Mirtemir va Amin Umariy tomonidan qilingan tarjimalar muallif uslubiga yaqin bo‘lgani uchun 1937 yilda “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” asari Shayxzodaning kirish va xotima so‘zlari bilan birga X.Qurbonov, S.Husayn va N.Oxundiy muharrirligida nashr qilinadi. Asar yosh avlod tomonidan, ayniqsa, qizg‘in kutib olinadi. Shu hol bois M.Davron tomonidan to‘ldirilib, 1941 yili A.Umariy muharrirligida qayta chop etiladi.
1959 yilda Moskvada o‘zbek adabiyoti va san’atining o‘nkunligi o‘tkazilishi munosabati bilan respublika rahbariyati “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon”ni to‘liq tarjima qilib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi nashriyotiga uning akademik nashrini tayyorlash vazifasini topshiradi. Nashriyot gruzin adabiyotining bu shoh namunasini o‘zbek tiliga tarjima qilishga tarjimonlik faoliyatlari bilan katta hurmat va e’tibor qozongan Shayxzoda va Mirtemirni jalb etadi.
“Har ikki tarjimon ham akademiya nashriyotining taklifini mamnuniyat bilan qabul qilib, ijodiy ishga g‘ayrat bilan kirishdilar” – deb yozgan edi J.Sharifiy.
Nashriyot Gruziyadan “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” asarining maxsus qilingan ruscha satrma-satr tarjimasining to‘la matnini oldi. Bu tarjima 1937 yildagidan tamoman farq qilar edi. U hatto bir necha martaba ruschaga badiiy tarjima qilingan ilgarigi matnlardan, masalan, K.Balmont, P.Petrenko, Sh.Nitsubidze, G.Sagarali tarjimalaridan ham katta farq qilardi. Shu narsa Shayxzoda bilan Mirtemir uchun yana qo‘shimcha qiyinchiliklarni tug‘dirdi. Natijada ular o‘zlarining 1937 yilda qilgan tarjimalarini ham qaytadan tarjima qilishga majbur bo‘ldilar.
Muhtaram tarjimonlarimiz Shayxzoda va Mirtemir “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon”ning to‘la va mukammal matnini o‘zbek tiliga tarjima qilib, unutilmas yodgorlik, bebaho asarni xalqimizga taqdim etdilar”.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son