XX asr o‘zbek adabiyotining barcha atoqli arboblari ijodiga nazar tashlasak, ular adabiy merosida tarjimaning muhim o‘rin egallagani kundek ravshan bo‘ladi. Oybekning adabiy merosi ham shu ma’noda istisno emas. O‘z hayotlari va ijodlarini millatni uyg‘otishdek buyuk ishga bag‘ishlagan adiblarning Sharq va ayniqsa, G‘arb adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishlari nafaqat milliy adabiyotimiz badiiy ufqlari va imkoniyatlarining kengayishi, balki ayni paytda millat badiiy ongining yuksalishi, tafakkurining keng qanot yozishi, adabiy-estetik didining sayqal topishida katta ahamiyatga molik bo‘lgan. Shuning uchun ham o‘zbek badiiy tarjima maktabi XX asr boshlarida Turkistonda, so‘ngra O‘zbekistonda yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilib, o‘zbek xalqiga rus va jahon adabiyotining buyuk namoyandalari ijodi bilan yaqindan tanishish, yangi badiiy olamni kashf etish imkoniyatini yaratdi. Oybek ustozlari boshlab bergan shu muborak ishni mehr bilan davom ettirib, ijodiy hayotining qariyb barcha bosqichlarida badiiy tarjimaga alohida e’tibor va muhabbat bilan qaradi.
Badiiy tarjima – bir milliy adabiyot durdonasini ikkinchi milliy adabiyotning, binobarin, boshqa bir xalqning badiiy mulkiga aylanishiga, shu milliy adabiyotning badiiy imkoniyatlari va tasvir aslahalarining boyishiga imkon beradigan san’at sohasi. Ayni paytda tarjima, V.Jukovskiy ifodasi bilan aytsak, “shoirning quli” yoki “raqibi” bo‘lgan tarjimonning mehnatini qadrlaydigan, uni iqtisodiy jihatdan ta’minlaydigan muhim moddiy manba hamdir. Shuning uchun ham tarjimaga odatda turli maqsadda yondoshiladi.
1937 yilning bo‘ronli kunlarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligidan o‘chirilib, asarlari matbuot yuzini ko‘rmagan, Til va adabiyot institutidan haydalib, maosh nimaligini unutgan Oybekning bir-ikki yil mobaynida kimlarningdir nomlaridan bir necha ijtimoiy-siyosiy risolalarni tarjima qilib, tirikchilik o‘tkazgani hech kimga sir emas. Ammo qatag‘on bo‘roni hiyla tinib, 1938 yil so‘ngida O‘quv-pedagogika davlat nashriyotiga tarjimon-muharrir bo‘lib ishga kirishi bilan u katta xayrli ishga qo‘l urdi: “Antik adabiyot xrestomatiyasi”ning Rim adabiyotiga bag‘ishlangan maxsus jildini qisqa muddatda o‘zbek tiliga tarjima qildi. (Darvoqe, bu xrestomatiyaning Yunon adabiyotiga bag‘ishlangan ruscha nashri nima sababdandir chop etilmay qolgan.) Oybek shu tarjima asari bilan o‘zbek kitobxoniga antik Rim adabiyoti bilan ilk bor tanishish imkoniyati va nashidasini berdi.
Bugun “Jahon adabiyoti” mushtariylari e’tiboriga havola etilayotgan mashhur italyan lirik shoiri Kay Valeriy Katullning she’rlari bundan kamida ikki ming yil avval yozilgan. Oybek “Daqqi Yunus”dan qolgan bu she’rlarni tarjima qilishda shoir “his-tuyg‘ulari haqiqati”ni saqlashni, saqlabgina qolmay, uni badiiy haqiqat libosiga o‘ragan holda o‘zbek kitobxoniga taqdim etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Shunday she’rlar bo‘ladiki, agar ularni o‘qib, tushunib, his qilib, o‘zingizni zavq-shavqning jo‘shqin bulog‘ida his etsangiz, ularning shoirona go‘zal va betakror tahlil va sharhlarini o‘qib, shundan o‘n-yigirma baravar ortiq zavq-shavq bulog‘iga g‘arq bo‘lasiz. Kamina o‘tgan asrning 40–50-yillarida V.G. Belinskiyning she’riyat haqidagi maqolalarini o‘qib va shu maqolalaridagi Pushkin she’rlarining nozik estetik tahlili bilan tanishganimdan so‘ng, uning “Tun nuri sohir…” she’ri jahon lirikasining mislsiz durdonalaridan biri ekaniga amin bo‘lganman. Shu she’r o‘zbek tiliga Oybek qalami bilan tarjima qilingan. Bilmadim, balki uning boshqa tarjimalari ham bordir. Ammo Oybek shu she’rni erkin tarjima qilmagani, aksincha, rus shoirining har bir so‘zi va obrazini aynan saqlab qolganiga qaramay, she’r shunday o‘qiladiki, uning rus tilidan tarjima qilingani xayolingizga ham kelmaydi. She’rning ichki musiqasi sizni o‘zining sehrli og‘ushiga tortib oladi. Hatto “gvadalkvivir”ning nimani anglatayotgani ham sizni qiziqtirmay qo‘yadi.
Buyuk rus tanqidchisi bu she’rni keltirib, bunday yozgan edi: “Bu nima? – sehrli kartinami, xayoliy ko‘rinishmi yoki ko‘kdan yangragan va shaydo qiluvchi ispan qizining muhabbat va orzular bilan horg‘in boshi ustidan uchib o‘tgan musiqiy akkordmi?.. Ziynatli, ehtirosli janub kechasining sirli, shaffof qorong‘ilig‘ida yangragan serenada sadolarimi, balkonga loqayd suyalib, go‘zal kechaning xushbo‘y havosini chanqoqlik bilan yutib, nozanin ispan qizi eshitgan, intizor va tuyg‘ularga to‘la serenada sadolarimi?..”
Agar Oybek tarjimasidagi “Tun nuri sohir…” she’rini o‘qisangiz, Pushkin she’ridagi Belinskiyni hayajonga solgan barcha holatlar tarjimada ham aynan saqlanganini ko‘rasiz.
Pushkinning bu ikki lirik durdonasi Belinskiyning “Poeziyaning xil va turlarga bo‘linishi” maqolasida to‘la keltirilgan. Oybek 1939 yilda shu maqolani boyagi she’rlar bilan birga o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ammo shu voqeadan rosa uch yil avval unga – hali badiiy tarjimada katta ijodiy tajriba hosil qilmagan shoirga rus she’riyatining shoh namunalaridan biri – “Evgeniy Onegin” she’riy romanini o‘zbek navolarida yangratish vazifasi topshirilgan edi. Oybek ulug‘ shoir vafotining 1937 yilda nishonlanajak 100 yilligi munosabati bilan boshlangan shu ijodiy ma’rakada ishtirok etish uchun Elbek, Shayxzoda, Usmon Nosir, Temur Fattoh singari qalamkash birodarlari bilan birga Chimyon tog‘ining hushhavo etaklarida tikilgan o‘tovlardan birini o‘ziga maskan qilib oladi. Pushkin asaridagi romantik harorat bilan xushmanzara Chimyon tog‘lari o‘rtasida buyuk uyg‘unlik mavjud edi. Shu uyg‘unlik uning Pushkin asari ruhiga kirishida o‘ziga xos kalit bo‘lib xizmat qildi.
Mazkur asar qahramonlari yashagan davrda rus jamiyatini Frantsiya madaniyati, frantsuz tili, frantsuz taomlaridan chetda tasavvur qilish mahol. Asar tili frantsuz yozuvchilari va asarlarining, hatto frantsuz taomlarining nomlari bilan to‘la. Buning ustiga, asar 9 hijoli yambda 14 satrdan iborat, ababvvggdeedyoyo tarzida qofiyalangan “Onegin bandi” bilan yozilgan. Tarjimon Pushkinning romantik ruh bilan yo‘g‘rilgan asaridagi badiiy latofatni o‘zbek tilida yorqin ifodalashdan tashqari, “Onegin bandlari”ning temir panjasidan chetga chiqmasligi, iloji bo‘lsa, 9 hijoli satrdagi jo‘shqin ruh va sur’atga rioya qilishi, kishi va taom nomlarini o‘zbek kitobxoniga tushunarli tarzda yetkazishi lozim edi. Bu favqulodda og‘ir va mashaqqatli vazifani Oybek sharaf bilan bajardi.
Asar bir necha bobdan va har bir bob o‘nlab “Onegin bandlari”dan tashkil topgan. Voqealar tasviri jarayonida Pushkin she’ri goh shalola bo‘lib toshadi, goh chuqur daryo o‘laroq salobat kasb etadi… Masalan, shoir Peterburg teatri sahnasida javlon urgan raqqosalarga nigoh tashlaganida, uning his va tuyg‘ulari shalola o‘laroq sharaqlab oqadi. Oybek asarning shunday parchalarini ham, his va tuyg‘ularning shiddatli harakati sekin-asta tinib, falsafiy o‘zanga tushgandagi holatini ham o‘zbek tilida shunday mahorat bilan aks ettira olganki, uning Pushkinning “qul”iga emas, balki tom ma’nodagi “raqib”iga aylanganini ko‘rib, hayratga tushasiz.
Biz “Evgeniy Onegin”ning boyagi “o‘t va muz” alanga olgan sahnalarini emas, balki kitobxonni bir oz o‘ylantiradigan, Pushkin va Oybekning she’riy mahorati “ta’mi”ni bemalol tuyish mumkin bo‘lgan parchasini jurnalxonlar e’tiboriga havola etishni maqbul ko‘rdik. Ammo bu hol tarjimaning boshqa sahifalari bunday badiiy zavq uyg‘ota olmaydi, degan fikrni mutlaqo anglatmaydi.
Odatda shoir va yozuvchilar o‘z asarlarining tezroq kitobxon qo‘liga yetib borishi haqida qayg‘uradilar. Zotan, she’r, hikoya yoki tarjima, avvalo, kitobxon uchun yaratiladi. Bu haqiqatni inkor qilishga biror asos bo‘lmaganiga qaramay, Oybek unga ayrim hollarda itoat etmagan. U Anna Axmatova va Ondra Lisogorskiyning yuqorida e’lon qilingan asarlaridan o‘zi zavqlangani va shu asarlarga mehr iplari bilan bog‘lanib qolgani uchun ularni o‘zi uchun tarjima qilgan. Bu asarlarni bugun Oybek tarjimasida kitobxonga bemalol taqdim qilish mumkin. Zero, ularning ham manglayiga Oybekning tarjimonlik va shoirlik muhri bosilganki, bu muhr biz, avlodlar, uchun tabarrukdir.
Oybek Pushkin asarlarini tarjima qilganida, asliyat ruhini saqlab qolishga, ulardagi badiiyatning oltin kukunlari tarjimada ham tovlanib turishiga qanday yo‘llar bilan erishgan bo‘lsa, Kozlov, Axmatova, Lisagorskiy she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girganida ham shu yo‘llar va tamoyillardan chekinmadi. U, avvalo, bu asarlarning o‘zidan katta estetik zavq oldi, o‘zbek kitobxonlarining ham ulardan shunday zavq-shavq olishlari lozimligini bir daqiqa bo‘lsin unutmadi. Asliyatning g‘oyaviy mazmuninigina emas, badiiy shaklini, poetik obrazlar jozibasini, go‘zalligini ham tarjimada ifodalash Oybek-tarjimon uchun eng muhim shart edi.
Agar hurmatli jurnalxonlar e’tibor bergan bo‘lsalar, Oybek-tarjimon o‘zbek xalqini avvalo jahon badiiy madaniyatining durdonalari bilan tanishtirishga, shu asarlarning o‘zbek adabiyoti xazinasidan ham o‘rin olib, kitobxonlarning badiiy mulki bo‘lib qolishiga intilgan. Bu, “Ming bir kecha”lar, “Kalila va Dimna”lar, “Shohnoma”larni turkiyga tarjima qilgan fidoyi ustozlardan qolgan an’ana edi. Oybek ana shu muborak an’anani yangi tarixiy-madaniy sharoitda muvaffaqiyat bilan davom ettirdi.
Naim Karimov,
filologiya fanlari doktori
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son