Naim Karimov. «Ay charx, etting ortuq jabr bunyod»

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida hozirgi O‘zbekistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu adabiyot jadid adabiyoti deb ataldi. Tarixiy-madaniy davr taqozosi bilan tug‘ilgan jadid adabiyoti mumtoz o‘zbek adabiyotining eng yaxshi an’analariga sodiq qolgan holda uning mazmun va mohiyatini yangilab berdi. Mahmudxo‘ja Behbudiy asoschisi, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon va Tavallolar yirik namoyandalari bo‘lgan bu adabiyot erk, hurriyat va milliy taraqqiyot g‘oyalari hayqirib turgan asarlari bilan mudroq xalqni uyg‘otib yubordi.

Ammo ko‘p o‘tmay, Peterburgdagi inqilobiy po‘rtanalar va ular bilan birga rus bolsheviklari ham Turkistonga yetib keldilar. 1917 yil ku­zida bolsheviklar Turkistonda o‘z hokimiyatlarini o‘rnatishlari bilan jadid adabiyoti namoyandalarini siquvga oldilar. Kuni kecha Fitrat va Cho‘lponlarning shogirdlari bo‘lgan yoshlar yangi, inqilobiy davr talabi bilan dastlab «proletar adabiyoti», keyin «sovet adabiyoti» deb nom olgan yangi adabiyot namunalarini yaratishga majbur bo‘ldilar. G‘ayratiy ana shu to‘lqinda o‘zbek adabiyotiga kirib keldi.

G‘ayratiy Shoabdurahim Shoabdullayevning adabiy taxallusi bo‘lib, 1902 yili Toshkent shahrining Degrez mahallasida tug‘ilgan.

«Toshkentda Xadra degan joy bor, – deb yozgan edi G‘afur G‘ulom qalamkash do‘stining 60 yilligi munosabi bilan yozgan maqolasida. – Ana shu yerni markaz deb bilib, oyoqlari yarim kilometrli pargor qo‘yib, bir doira chizsangiz, Eski Qo‘rg‘ontegi, Qo‘g‘irmoch, Degrez, Govkush va Devonbegi mahallalarini ichiga olgan doira hosil bo‘ladi. Shu mahallalarda Oybek (Muso), Ziyo Said, Oydin opa, G‘ayratiy (Abdurahim), akademik, fan doktori Asqarov[1], fan doktori Najmiddinov[2], Abror Hidoyatov, men va boshqalar tug‘ilganmiz.

Degrez mahallasini aytib beray. Tojiklarda «dek» degani «qozon», «rez» degani «quyish» ma’nosini bildiradi. Ya’ni qozon quyuvchi degani. Bu yerda kosib metallurglar yashar edi. Bular o‘z zamonasining ehtiyoji uchun munosib bo‘lgan omoch tishi, hovoncha, do‘ngalak temir, cho‘yan qozon va shunga o‘xshagan narsalarni quyar edilar»[3].

Nafaqat suronli davr, balki taqdir ham G‘ayratiy dunyoga kelgan ilk kunlaridan boshlab uning boshiga yangi-yangi kulfatlarni soldi. Tug‘ilganiga bir hafta to‘lar-to‘lmas onasi vafot etadi va u Oyimxon ismli ayol qo‘lida tarbiyalanadi. Oyimxon aya ma’rifatli ayollardan bo‘lgani uchun Shoabdurahimning savodini chiqaradi, unga o‘zbek xalq ertaklarini aytib, xalq kitoblarini o‘qib berib, bo‘lajak shoirda adabiyotga havas uyg‘otadi. Otasi Shoabdulla aka farzandi o‘n yoshga to‘lgandan keyingina uni o‘z bag‘riga olib, tarbiyasi bilan shug‘ullanadi.

«Yosh chog‘imda onam vafot etgan, – deb yozgan edi G‘ayratiy qo‘lyozma tarjimai holida, – qo‘shni mahalladagi Oyimxon ismli bir ayol meni o‘z tarbiyasiga oladi. Bu ayol fozila va maktabdor otin bo‘lgani uchun o‘qish-yozishni o‘rgatib, yaxshigina savodxon qilib, 1914 yilda Degrez madrasasiga o‘qishga beradi. Madrasada arab, fors adabiyotini qunt bilan o‘rgana boshladim.

1917 yil Oktyabr revolyutsiyasidan so‘ng madrasalar yopilib, uning o‘rniga qisqa muddatli ta’lim-tarbiya kurslari ochildi. Men ham shu kurslardan biriga kirdim. Ikki yillik kursni tugatgach, 1919 yilda 16-to‘liqsiz o‘rta maktabda o‘qituvchi bo‘lib 1923 yilgacha ishladim. Adabiyotga bo‘lgan havasim madrasada o‘qib yurgan chog‘larimda boshlangan edi. Keyinchalik qunt bilan havasni davom ettirdim»[4].

Yana G‘ayratiyning bolalik chog‘lariga qaytsak. Atoqli adabiyotshunos Laziz Qayumov bergan ma’lumotga qaraganda, G‘ayratiyning otasi «o‘z davrining mashhur imorat ustalaridan biri bo‘lib, savodli bo‘lgani uchun adabiyotga qiziqqan va farzandida ham adabiyotga havas uyg‘otgan. Bo‘lajak shoir 1912-1915 yillarda boshlang‘ich maktabda, 1915-1916 yillarda esa «biroz muddat» madrasada o‘qigan. «Shu yillarda u, – deb yozadi olim, – Sharq klassik adabiyoti va, ayniqsa, Navoiy, Muqimiy, Furqatlar ijodi bilan tanishadi»[5].

G‘ayratiy hayotining shu ilk davri bilan tanishar ekanmiz, yana bir manbadan iqtibos keltirishga ehtiyoj tug‘iladi. Bu manba shoirning ukasi Anvar Abdullaning akasi haqidagi «bir shingil xotira»sidir.

«Otamiz Shoabdulla Shoikromov, – deb yozadi u, – o‘qimishli kishilar, shoirlar davrasida suhbat qurishni sevadirgan, xushtabiat odam bo‘lganlar.

Haqiqatan ham, akam, domla G‘ayratiy aytganlaridek, Degrez mahallasidagi hovlimizda Kamiy, Xislat, Miskin va Roiq kabi shoirlar va hatto (men ko‘rganlarim) Abdulla Qodiriy, Ziyo Saidiy, Sobir Abdulla, Mumtoz Muhammadiy, Tuyg‘un va boshqa yosh shoirlar davrasida suhbatlar bo‘lar edi.

Bizlar otadan uch o‘g‘il va besh qiz dunyoga kelganmiz.

Akam G‘ayratiy o‘n yetti yoshlarida Degrez mahallamizdagi Musavoy deganning qiziga uylanganlar. Yangamiz Komilaxon o‘z davridagi maktablarda o‘qigan – savodxon ayol edilar.

Akam G‘ayratiy Komila kennoyimizdan farzand ko‘rmaganlari uchun 30-yillarda Shafoat ismli qizga uylanganlar.

Shafoat kennoyimizdan ikki qiz dunyoga kelgan: Fotima va Zuhro qizlariga G‘ayratiy O‘lmas va So‘lmas deb nom qo‘ydilar.

Bu davrda Komila kennoyimiz ham bizning Degrezdagi hovlimizda birga yashar edilar. O‘lmasni Komila kennoyim, So‘lmasni Shafoat kennoyim o‘z tarbiyasiga olishdi. Qizlarni ikki ayol ajoyib ahillik va mehr bilan tarbiya qila boshladilar.Lekin afsuslar bo‘lsinki, bir yosh-bir yarim yosh bo‘lgach, har ikkala qiz ham ketma-ket bevaqt vafot etdi.

1933-34 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining sa’y-harakati bilan shoirlardan Uyg‘un, G‘ayratiy, Eminjon Abbos, Hasan Po‘latlarga hozirgi Toshkent qandolat fabrikasi yaqinidan joy ajratib berildi.

Akam G‘ayratiy bilan Shafoat kennoyim (shu xonadonlarida) uch qiz va ikki o‘g‘il farzand ko‘rdilar»[6].

* * *

Naql qilishlaricha, Shoabdulla otaning Degrez mahallasidagi xonadonida Xislat, Miskin kabi shoirlar ishtirokida o‘tgan o‘tirishlarning birida Shoabdurahimning she’riy mashqlari va g‘ayrat-shijoatini ko‘rgan shoirlar unga «G‘ayratiy» deb taxallus berishgan.

Degrez mahallasi o‘tgan asrning boshlarida Eski shaharning madaniy o‘choqlaridan biri bo‘lgan. 1918 yili shu mahallalik Yo‘ldosh hoji degan boyning hovlisida Mannon Uyg‘ur rahbarligida Karl Marks nomli teatr truppasi tashkil etilgan. G‘ayratiy shu yillarda san’at va adabiyotga qiziqqan o‘rtoqlari bilan birga mazkur truppa spektakllarini zavq bilan tomosha qilgan. Ashxobod frontidagi «gastrol»dan qaytgan Hamza ham o‘sha kezlarda Toshkentga kelib, Mannon Uyg‘ur va uning truppasi bilan hamkorlik qilgan.

1921 yili «Qizil bayroq» gazetasining 18 fevral sonida yosh shoirning «Bolalar haftasi» degan ilk she’ri bosilib chiqadi.

Shu davrda yosh o‘zbek shoirlari oldiga Rossiyadagi M. Bezimenskiy va A. Jarov singari komsomol shoirlardan o‘rganish vazifasi qo‘yilgan edi. G‘ayratiyning proletar shoiri bo‘lib o‘sishini istagan Ziyo Said unga: «Nega shu shoirlarga ergashmaysan? Mana, Tataristonda bir shoir chiqipti, oti Fathiy ekan. Demyan Bedniyga ergashib, Demyan Fathiy qilib olibdi taxallusini. Sen familiyangni o‘zgartirmasang ham mayli, lekin ularga ergash!» deb maslahat bergan.

G‘ayratiy rus komsomol shoirlariga ham, V. Mayakovskiyga ham ergashmadi. Uning o‘z ustozlari bor edi. Shulardan biri va asosiysi Cho‘lpon edi. Ammo adabiyotshunoslikda xuddi shu masalada bir-birini inkor etuvchi fikrlar yuradi.

Taniqli adabiyotshunos Salohiddin Mamajonov G‘ayratiyning 70 yilligi munosabati bilan 1962 yilda chop etilgan risolasida bunday yozgan: «Partiyaning chaqirig‘iga «labbay» deb javob bergan G‘ayratiy millatchilar bilan yuzma-yuz turib bahslashib, hatto ularning konkret bir she’rini nazarda tutib, uning temasi va shaklini olib, munozarali she’r yozdi va millatchilarning bo‘htonlarini shafqatsiz ravishda fosh etib tashladi… U Cho‘lponning «Buzilgan o‘lkaga» she’rining ham sarlavhasi, ham mazmuniga va g‘oyaviy yo‘nalishiga, idealiga zid qo‘yilgan «Tuzalgan o‘lkaga» she’rini yaratadi… Bunday yo‘l – iqtibos va muqallid yo‘li ijodiy amaliyotda ko‘p uchraydi va yozuvchining g‘oyaviy niyatini ifodalashda qo‘l keladi…

G‘ayratiy Cho‘lpon she’ridagi ba’zi misralarni keltirib, uning yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lsa-da, she’rning asosiy qismini va o‘q tomirini revolyutsiyadan keyin jamoli o‘zgargan o‘lkani ulug‘lash va uning dushmanlarini fosh etish tashkil qiladi»[7].

Cho‘lponning «Buzilgan o‘lkaga» she’ri 1921 yili Andijonda yozilgan. Shoirning bu she’rini o‘qigan kitobxon bolsheviklar davlatining shu yillarda Farg‘ona vodiysida olib borgan xunrezliklarini, ya’ni achchiq hayotiy haqiqatni katta ehtiros bilan tasvirlaganini ko‘radi. Cho‘lpon shu achchiq haqiqatni shunday jilovsiz poetik kuch bilan tasvirlaganki, bu she’r nafaqat o‘tgan asrning 20-yillarida, balki 90-yillarida ham bolsheviklar davlatini ayblovchi adabiy hujjat o‘laroq jaranglab turgan. «O‘sha yillarda, – deb yozgan edi atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov, – Farg‘onada ming-minglab odamlar ochlik va zo‘ravonlik tufayli halok bo‘lgan. Buni ko‘pgina rasmiy hujjatlar ham tasdiqlaydi. Shunday ekan, shoir shu ayanchli ahvoldan qalbida jo‘sh urgan alamlarini she’rga solgan bo‘lsa, o‘lka boshiga qora ko‘lanka solib turgan bulutlarni tarqatishga undab, faryod chekkan bo‘lsa, buni aksilinqilobchilikka yoki millatchilikka yo‘yib bo‘ladimi?»

Lekin shu haqiqatni 90-yillarda ham aytish oson bo‘lmagan. Shuning uchun Ozod Sharafiddinov davom etib yozgan: «Ammo bu o‘rinda yana bir faktni hisobga olmoq zarur. 56 misralik katta she’rning biror joyida «Farg‘ona» degan so‘z tilga olingan emas. Binobarin, shoir she’rda Farg‘onani emas, Sharqning boshqa biron o‘lkasini nazarda tutgan ham bo‘lishi mumkin. «Buzilgan o‘lkaga» she’ri bilan ochiladigan «Buloqlar» to‘plamining ilk sahifasida «Jahon fotihlari changalida ezilib yotgan Sharq o‘lkalariga bag‘ishlanadi», degan yozuv bor. Bundan tashqari, Cho‘lponning bu davr she’riyatida, umuman, Sharq mavzui yetakchi o‘rin tutadi. Shuning uchun «Buzilgan o‘lkaga» she’rini Sharq mavzuidagi she’rlar silsilasida tekshirgan ma’qul»[8].

Bugun biz bu she’rning har bir hujayrasidan 20-yillardagi Farg‘ona vodiysining qonli nafasi ufurib turganini aniq sezamiz. Shunday ekan, sovet davlatining adabiyot olamidagi ishonchli kishilari o‘sha yillarda matbuotda bu she’rga qarshi she’rlar, Cho‘lponni aksilinqilobchilikda ayblovchi maqolalar bilan chiqishi hech gap emas edi. Balki G‘ayratiy shunday ishonchli kishilardan birining topshirig‘i yoki maslahati bilan bu she’rga qarshi «Tuzalgan o‘lkaga (Cho‘lponga javob)» she’rini yozgandir. Qanday bo‘lmasin, 1926 yilda, oradan besh yil o‘tgach, u shunday she’rni yozgan.

G‘ayratiy, aytib o‘tganimizdek, Cho‘lpon bilan yaqin va samimiy aloqada bo‘lgan. Hatto og‘zaki manbalarga qaraganda, Cho‘lpon o‘sib borayotgan yosh shoirning ijodiy yo‘lida yashil chiroqlar yonib turishi uchun undan o‘zi shunday she’rni yozishni so‘ragan. Hatto G‘ayratiy shu she’rni yozganidan so‘ng uni o‘zi tahrir qilib ham bergan.

Tavalludining 70 yilligi arafasida Salohiddin Mamajonov bilan qilgan suhbati vaqtida G‘ayratiy «1925 yili bo‘lsa kerak» (keksa shoir so‘zi), Chimkentga borgani va u yerda Cho‘lpon bilan tasodifan uchrashib qolganini aytgan. Chimkentga istirohat qilish, qimiz ichib davolanish va «tugamagan ishlarini yozib bitirish» (Cho‘lpon so‘zlari) uchun Chimkentga borgan shoir toshkentlik shogirdini ko‘rib quvonib ketgan va unga bittadan she’r yozishni taklif qilgan. G‘ayratiy shu voqeani eslab, suhbatdoshiga bunday degan: «U menga murojaat qilib, «Kel, shu yerda bittadan she’r yozib, «Qizil O‘zbekiston»ga yuboramiz, – dedi. Men «xo‘p», dedim-da, «Bahor sevinchlari» degan she’r yozib, uni Cho‘lponga berdim. U bu she’rni tahlil qilgach, o‘zi ham «Ey bulut» degan she’r yozdi. Har ikkala she’r o‘sha kezlari «Qizil O‘zbekiston» gazetasida yonma-yon bosilib chiqdi» (o‘sha risola, 24-bet).

G‘ayratiyning 1925 yili emas, balki 1924 yil 2 iyunda Chimkentda yozilgan «Sevinch» she’ri «Turkiston» gazetasining 12 iyun sonida bosilgan. Cho‘lpon «Ay bulut» she’rining esa shu gazetada bosilgan-bosilmagani noma’lum.

Shoirning ukasi Anvar Abdulla «bir shingil xotira»sini davom ettirib, yozgan: «Meni qo‘limga qalam olishga majbur qilgan boshqa bir gap ham borki, u haqda endigi kunlarda bir-ikki og‘iz so‘z degim keladi.

Bu ham bo‘lsa, domla G‘ayratiyning Cho‘lpon bilan bo‘lgan adabiy-ijodiy muloqotlari haqidagi so‘z. Akamning aytishlariga qaraganda (buni o‘z og‘izlaridan bir necha bor eshitganman), Cho‘lpon bilan bir necha marta ijodiy safarlarga borishgan. Akamning shunday safarlar to‘g‘risidagi ayrim hikoyalari qulog‘imda qolgan. Bir kuni Cho‘lpon va akam Farg‘onadan Shohimardonga brichka aravada (poxol xashaklar ustida) yonboshlab suhbatlashib ketishayotgan ekan.

– Tepamizda bir hovuch ivirsiq bulut kelib, bir-ikki iliq tomchi tashlab o‘tdi,  – deb hikoya qilgan edi akam. – Shunda Cho‘lpon bulutga qarab, bir she’r to‘qidi. She’rning mazmuni shunday:

Yana nega meni qitiqlaysan!
Ha, o‘sha sen axtargan bahor o‘sha menman!

Domla bu she’rni yoddan bilar edilar. Bu she’r qog‘ozga tushirilmagan bo‘lsa kerak»[9].

G‘ayratiy Cho‘lpon bilan birga Farg‘onadan Shohimardonga brichka aravada suhbatlashib borgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu voqea Cho‘lpon ijodida biror iz qoldirmagan. Lekin ikki shoir tepasiga «bir hovuch ivirsiq bulutning kelib, bir-ikki iliq tomchi tashlab o‘tgani Chimkentda bo‘lgan voqeadir. Cho‘lpon boyagi «Ay bulut» she’rida xuddi shu voqeadan ta’sirlanib, bunday satrlarni yozgan:

Talalar-qirlarda, adirning yonida,
Har turli yovvoyi ko‘katlar qo‘ynida
Uxlagan yo‘lchini nimaga uyg‘otding?
Na uchun ko‘zingdan sadafdek yosh to‘kding?

Bevafo bir etak qo‘lingdan chiqdimi
Yo go‘zal maskaning ilonga in bo‘ldi?
Yo erkin ko‘nglingni tiriklik siqdimi
Yo sevgan go‘daging bo‘riga yem bo‘ldi?..

Har holda men kabi bir sayoq telbasen,
Yuzingga hech qayda bir eshik ochilmas[10]

Cho‘lponning mahoratini qarangki, sayoq bulutdan to‘kilgan «bir-ikki iliq tomchi» unda va uning lirik qahramonida shunday ma’yusona bir kayfiyat uyg‘otgan va u o‘zi bilan bulut o‘rtasida shunday mungli yaqinlikni topib, shu kunlarda o‘zini ezib-yanchib yurgan kechinmalarni ustalik bilan yuzaga chiqargan.

G‘ayratiyning qizi Dilbar Abdullayeva ham otasi haqidagi xotirasida («Toshkent oqshomi», 1989 yil 19 dekabr) ustoz bilan shogird o‘rtasidagi masalaga to‘xtalib: «Dadamning «Tuzalgan o‘lkaga» she’rining ba’zi satrlariga Cho‘lpon qalam tekkizib berganligi (tuzatishlar kiritgani) – bu aniq haqiqat».

Anvar Abdullaning akasi haqidagi yodnomasida tilga olingan boshqa bir voqea biz uchun, ayniqsa, muhim.

Milliy jaholat va qoloqlik ko‘rinishlariga qarshi o‘t ochib, xalqni uyg‘onishga chaqirgan, hurriyat va taraqqiyparvarlik g‘oyalarini kuylagan Cho‘lponning 10–20-yillardagi she’riyatida ijtimoiy mavzular ustuvorlik qiladi. Lekin uning suronli 1919 yilda yozilgan «Go‘zal» she’ri adabiyot shinavandalariga qanchalik zavq-shavq bag‘ishlab kelayotgan bo‘lsa, cho‘lponshunoslarni shunchalik o‘ylantirib, bahslarga tortib keladi.

Qarang, qanday go‘zal satrlar bilan boshlangan bu she’r:

Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib,
Eng yorug‘ yulduzdan seni so‘raymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukub
Aytadur: «Men uni tushda ko‘ramen.
Tushimda ko‘ramen – shunchalar go‘zal,
Bizdan-da go‘zaldir, oydan-da go‘zal!»

Anvar Abdulla shu she’rning yaratilishiga oid bir voqeani xotirlab yozadi: «Domlaning yana bir hikoyasi hamon xotiramda. «Farg‘onaning ko‘chalarida ketayotgan edik, – degan edi akam. To‘satdan Cho‘lpon meni imlab, yonimizdan o‘tayotgan bir qizni ko‘rsatdi.

Biz mehmonxonaga kelgach, Cho‘lpon xayol surib o‘ltirar, nimadandir mahzun ko‘rinar edi. Men: «Nega xafasiz?» deb so‘radim. Cho‘lpon:

– Boyagi qizga! – dedi.

Men:

– Sizga bir narsa dedimi?

Cho‘lpon:

– Bir narsa desa, yig‘larmidim?!

– Nega bo‘lmasa xafasiz?

Cho‘lpon:

– Uning go‘zalligini tasavvurimga sig‘dirolmay hayronman! – dedi.

«Cho‘lpon ana shunday ko‘ngli bo‘sh, beg‘ubor shoir edi», – deb qo‘shimcha qildi domla».

Cho‘lponning «Go‘zal» she’ri ana shu parichehra ayol bilan tasodifiy uchrashuv ta’sirida yozilgan. «Cho‘lpon bu she’rdagi Go‘zal obrazida istiqlolni tasvirlagan», degan gaplar o‘tkinchi yengil-elpi gaplardan boshqa narsa emas.

* * *

«Tuzalgan o‘lkaga» she’rining yaratilishida Cho‘lponning ishtiroki borligi haqida qanchalik og‘iz to‘ldirib so‘zlamaylik, G‘ayratiyning 20-yillarda yozgan she’rlarida Cho‘lpon va «cho‘lponchilik»ni «fosh etish» tamoyili yo‘q emas. Shunday she’rlardan biri «Ko‘piklar» deb ataladi. Bu she’rning «Burjua millatchilariga» bag‘ishlanganligi qavs ichida qayd etilgan. She’rda bunday satrlar «ko‘pirib» turadi:

Loyqa suv ko‘ksida pufakdek oqib,
Qayerga borasiz, yengil ko‘piklar?
Bir cho‘p, bir xasga ilashmak bilan
Yirtdilar yuzdan sirli urtuklar…

…Hovliqib, ko‘pirib, birdan uchasiz,
Darbadar bo‘lib yo‘qqa ko‘chasiz[11].

Balki Cho‘lpon ushbu she’r bag‘ishlangan «burjua millatchilari» ro‘yxatiga kirmas. U holda G‘ayratiy «burjua millatchilari» deganida kimni nazarda tutgan? Axir 20-yillarda «burjua millatchilari» deyilganda, birinchi navbatda, Fitrat bilan Cho‘lpon nazarda tutilgan-ku. Mabodo bu she’rdagi «burjua millatchisi»ni Cho‘lpondan boshqa odam deb taxmin qilsak, proletar shoirining «Ey qalam» she’ridagi quyidagi satrlar kimga qaratilgan?

Shu erkin hayotning to‘lqini
Tuganmas jilvaga kirganda,
Ko‘ringan amalni sarobdek,
Chaqnagan tilakni xarob deb,
Bo‘lding sen bo‘sh xayol tutquni…[12]

San’atshunos olim Sirojiddin Ahmedovning aniqlashicha, «Qalam» – Cho‘lponning taxalluslaridan biri. G‘ayratiy mazkur she’rga «Ey qalam» sarlavhasini qo‘yibgina qolmay, sarlavha tagiga qavs ichida «Cho‘lponning talvasasiga» degan so‘zlarni ham yozganki, bu o‘sha ag‘dar-to‘ntar yillardagi G‘ayratiyning g‘oyaviy tebranishlari bilan bog‘liqdir.

Biz yuqorida «proletar adabiyoti» degan hodisani tilga olgan edik. Adabiyotning shu «tur»ini rivojlantirish uchun 20-yillarda Moskvada Butunrossiya proletar yozuvchilari uyushmasi (VAPP), Toshkentda O‘zbekiston proletar yozuvchilari uyushmasi (O‘zAPP) va uning viloyat bo‘limlari tashkil etilgan. Bu tashkilotlarga a’zo bo‘lgan yozuvchilar zavodlarda ishlashi, ishchilar hayotini mukammal o‘rganib, shu mavzuda asarlar yozishi lozim edi.

«O‘zbek sovet adabiyotida, – deb yozgan edi G‘ayratiy «Muallifdan» deb nomlangan tarjimai holida, – ishchilar obrazini yaratish maqsadida 1928 yildan 1931 yilgacha «Toshselmash» zavodida mahalladagi ishchi o‘rtoqlarim bilan ishlab, ijod etdim. Zavod gazetasi qoshida adabiy to‘garak tashkil qilib, havaskor yoshlar bilan mashg‘ulot o‘tkazib yurdim. Zavoddagi hayot, zarbdor brigadalarning jonbozligi ijodimga ilhom baxsh etdi»[13].

Shunday zavodlarda ishlagan yozuvchilar proletar adabiyoti vakillari hisoblanib, ulardan «yangi hayot»ni kuylovchi yozuvchilar bilan birga «burjua millatchilari» hisoblangan eski ijodiy ziyolilarga qarshi kurashish talab etilgan. G‘ayratiyning «Ey qalam» singari she’rlari ana shu davrning talabi bilan yozilgan, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

* * *

G‘ayratiy o‘zbek proletar adabiyotining taniqli vakili sifatida talaygina she’rlar va dostonlar yozdi. U hatto 1934 yili G‘afur G‘ulom, Rahmat Majidiy, Oydinlar bilan birga SSSR yozuvchilarining Moskvada o‘tkazilgan birinchi s’ezdida ishtirok etdi. S’ezd delagati sifatida Maksim Gorkiyning uyidagi ijodiy suhbatda qatnashdi. S’ezd qarorlariga binoan proletar yozuvchilari uyushmalari va boshqa adabiy tashkilotlar tugatilib, yagona Yozuvchilar uyushmasi tuzildi. Shu hol G‘ayratiyning proletar yozuvchilari safidan chiqib, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon va Uyg‘unlar safiga kelib qo‘shilishiga sabab bo‘ldi. U shu davrda «Onamga xat» (1933) va «Jinasta» (1935) dostonlarini yozib, kitobxonlar o‘rtasida katta dovrug‘ qozondi. Hatto uning nomi va asarlari uyg‘ur xalqining tarixiy vatanida mashhur bo‘ldi.

«Onamga xat» dostonida – sarlavhadan keyin – shoirning bunday bag‘ishlov so‘zlari bitilgan: «Xitoy boylari va ingliz imperialistlari qo‘lida ingragan Qashqar kambag‘al mehnatkashlariga atab yozdim».

G‘ayratiy S. Mamajonovning bu dostonning yaratilish tarixi to‘g‘risidagi savoliga javob berib, quyidagi voqeani naql qilgan: «Men, – degan shoir, – 1932 yilda Frunze (hozirgi Bishkek – N.K.)dan 60 km nariroqdagi To‘qmoq degan shaharga borgandim. Bir kun tog‘am bir o‘rtog‘ining uyiga mehmonga olib bordi. O‘rtog‘i Qirg‘izistonning yangi tashkil bo‘lgan kolxozida ishlar ekan. O‘shaning uyida bo‘lajak qahramonim To‘xtash degan bolani ko‘rib qoldim. Keyin gap chiqib, kolxoz a’zolaridan biri tog‘amga: «O‘rtoq Sulton Orifjonov, mana shu To‘xtash degan bola kolxozimizga yaqinda Qashqardan qochib keldi. Kolxozimizda Qashqardan qochib kelib, ishga joylashganlar ko‘p. Mana shular qatorida qabul qildim. Bu bolaning boshidan o‘tgan voqea juda qiziq ekan. Bir boyning qo‘lida ekan, u boyning o‘g‘li bu bolani qimorga yutqazib qo‘ygan ekan. Shuning uchun ham qochib, bu yerga kelgan ekan. Endi men shu bolani o‘qishga yubormoqchiman», deb qoldi. Men hayron bo‘ldim. Bola meni juda qiziqtirdi. O‘zi bilan gaplashdim. «Men Qashqardan qochib kelganman, xo‘jayindan. Dadam xo‘jayinning qo‘lida o‘lib ketgan. Hamma: «Shu Andijonga borsang, yaxshi bo‘ladi. Bu yoq tomonni Andijon deyar ekan. Chegaradan o‘tib, Andijonga borsam, deb shu yoqqa kelib qoldim… Hozir kolxozda ishlab yuribman», dedi» (o‘sha risola, 44-bet).

Shu g‘aroyib voqeani eshitgani va To‘xtashni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganidan keyin G‘ayratiyda shu voqea asosida asar yozish niyati tug‘iladi. Uning 20 – 30-yillar ijodidagi eng mashhur asari – «Onamga xat» dostoni shu tarzda maydonga keladi. Bu asarning mavzui ham, qahramonining mashaqqatli taqdiri ham shu davr adabiyoti uchun ayni muddao edi. Shu hol G‘ayratiyning asar ustida jo‘shib, qahramonning ruhiy olamiga kirib, zavq bilan ishlashiga sabab bo‘ldi. Asarning she’riyat muxlislariga manzur bo‘lishi shoirni yana uyg‘ur xalq hayotidan olingan «Jinasta» dostonini yozishga ilhomlantirdi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganda G‘ayratiy ko‘plab she’rlar, dostonlar va hikoyalar muallifi, 30-yillar o‘zbek she’riyatining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri sifatida tanilgan edi. U urush boshlanishi bilan, boshqa qalamkash birodarlaridek, xalq va armiyani kurashga safarbar etuvchi she’rlarni yoza boshladi. Uning shunday she’rlaridan biri va birinchisi Hamzaga nazira sifatida yozilgan bo‘lib, u bunday satrlar bilan boshlangan:

Tashlagil qadam olg‘a, o‘zni mardu maydon qil,
Qontalab fashistlarning ikki diydasin qon qil.

Bizni kim pisand qilmay, ya’ni qilsa jallodlik,
Tor-mor etib barini, qora yerga pinhon qil…

G‘ayratiy vatanparvarlik g‘oyalari chaqnab turgan shunday she’rlarni yozibgina qolmay, O‘zbekistonga evakuatsiyaga kelgan qalamkashlardan birini o‘z bag‘riga oldi. Uyining yarmini uning oilasiga bo‘shatib berdi. Bir burda nonini shu «etim» oila bilan birga baham ko‘rdi. Lekin o‘zini «ulug‘ og‘a» deb o‘ylagan va uy egasiga shu maqomda munosabatda bo‘lgan qalamkash va uning xotini «izzatga – tuhmat» deganlaridek, G‘ayratiy bilan janjallashib va uni millatchilikda ayblab sudga berdi. Yozuvchilar uyushmasidagi shunday janjallarga suyagi yo‘q kelgindi kimsalar uning yonini olib, G‘ayratiyning «millatchi» sifatida qamoqqa olinishiga muvaffaq bo‘ldilar.

S. Mamajonov G‘ayratiy hayotining shu mudhish kunlari haqida bunday ma’lumot bergan: «G‘ayratiy mahorat cho‘qqisi sari dadil qadam tashlab ketayotgan bir paytda Ikkinchi jahon urishining eng og‘ir yillarida, 1942 yilning may oyida anglashilmovchilik tufayli (ehtimol bunga ham mash’um urush sababdir) u yozuvchilar safidan chiqariladi» (o‘sha risola, 78-bet).

G‘ayratiyning shogirdlaridan biri Sayyor «G‘ayratiy sandig‘idagi xazina» («Toshkent oqshomi», 1989 yil 18 noyabr) degan maqolasida shu voqeani eslagan, ammo uning mohiyatiga yetmay, ustoziga nisbatan faqat achinish tuyg‘ularinigina ifodalagan ko‘rinadi. Shoirning qizi Dilbar Abdullayeva Sayyorga shu nomdagi maqolasi munosabati bilan javob-maqola yozib, unda, jumladan, bunday degan:

«…G‘ayratiy o‘z zamonasi nohaqliklari qurboni bo‘ldi. Bu davrda uning insoniy va ijodiy taqdiri zavol topdi. Shuni aytish zarurki, bu davr faqat o‘zbek ziyolilarining emas, balki butun mamlakat miqyosida ham o‘z ovoziga ega bo‘lgan yirik yozuvchi va shoirlar boshiga ham kulfat soldi… Otamizning ijodiy va shaxsiy taqdiri urush arafasida va undan keyingi yillarda mamlakatda, respublikada hukm surgan va Yozuvchilar uyushmasida ham o‘z ifodasini topgan muhitning natijasidir.

Shoir G‘ayratiy 1941 yilda respublikaga vaqtincha ko‘chib kelgan va bizning xonadonimizga joylashtirilgan moskvalik S. Rodovning xudbin maqsadni ko‘zlab NKVDga «millatchi» deb yozgan tuhmati natijasida hibsga olingan. Bu tuhmat asossiz ekanligi ayon bo‘lgandan keyin qamoqdan bo‘shatilgan, biroq o‘sha davr taqozosi bilan kechagina «Onamga xat», «Jinoyatchi» («Jinasta» demoqchi – N.K.) poemalari haqida og‘iz to‘ldirib gapirgan safdoshlarining ko‘pchiligi undan yuz o‘girgan.

1934 yilda birinchilar qatorida SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan otamiz 1941 yilda (anig‘i: 1942 yilda – N.K.) bu ijodiy tashkilotdan chiqarildi, asarlari uzoq muddat davomida matbuotda bosilmadi»[14].

Shu mash’um voqea G‘ayratiy rubobi torlarining chok-chok uzilishiga sabab bo‘ldi. U ozodlikka erishganidan so‘ng Toshkent viloyatining O‘nqo‘rg‘on tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlashga majbur bo‘ldi. Urush yillarida qishloq maktablari o‘qituvchisiz qolganligi uchun Maorif xalq komissarining buyrug‘i bilan shahar maktablaridagi ayrim o‘qituvchilar qishloqqa safarbar qilingan edi. Shunda mening ham otam O‘nqo‘rg‘ondagi G‘ayratiy xizmat qilgan maktabda direktor muovini va fizika o‘qituvchisi bo‘lib ishlaganlar. O‘sha yillarda bir voqea sodir bo‘lgan. G‘ayratiy namoz o‘qimaganligi uchun qishloqdagi mutaassib kimsalardan biri shoir yashayotgan ijara uy bekasiga uni kofir deb yomonlagan. Va uni uyga kirgizmaslikni buyurgan. Uy egasi ham eshikni shartta qulflab olgan. G‘ayratiy shu uyning bolaxonasida yashagani va o‘zi yashayotgan uyga kira olmagani uchun bunday to‘rtlikni yozgan edi:

G‘ayratiy uyga kirolmas,
Qo‘lda narvon bo‘lmasa.
Derazadan oshib tusholmas,
Belda darmon bo‘lmasa.

Balki bu to‘rtlikning davomi bordir. Ammo bolalik chog‘imda eshitgan she’rimning faqat shu satrlarigina yodimda qolgan.

S. Mamajonov G‘ayratiy bilan suhbatda undan: «Shu voqea sizning ijodingizga qanday ta’sir qilgan?» deb so‘raganida, shoir bunday javob bergan edi: «7-8 yillar ijoddan qolib ketdim. Haligi ruhan ezilib ketganimdan hatto yozgan narsalarimning ham mazasi bo‘lmadi…» (o‘sha risola, 78-bet).

G‘ayratiy ijodiy umrining ikkinchi pallasida Furqat, Zavqiy va Hamza kabi shoirlar hayotini yaxshi bilgani uchun ular haqida dostonlar, «Uzoqdagi yor» qissasi, o‘nlab hikoya va she’rlarni yozdi. Lekin yil sayin, hatto kun sayin rivojlanib borayotgan adabiyotga Erkin Vohidov va Abdulla Oripov singari yorqin iste’dod egalari kirib kelayotgan davr fonida uning asarlari katta aks sado bermadi.

Davr uning yuragidagi shoirlik o‘tini sovuq nafasi bilan o‘chirib ulgurgan edi.

* * *

Ammo G‘ayratiy mavjud tarixiy ijtimoiy-madaniy sharoitda o‘z imkoniyatlaridan foydalanishning ikki muhim yo‘lini topdi. Bu yo‘llardan biri va g‘oyat samaralisi yosh adabiy avlodni tarbiyalash edi.

Urushdan keyingi yillarda Toshkentda ikkita O‘quvchilar saroyi bo‘lib, ulardan biri Yangi shaharda, ikkinchi esa Eski shahardagi N. Ostrovskiy nomli O‘quvchilar saroyi edi. G‘ayratiy ikkinchi saroydagi adabiyot to‘garagiga rahbarlik qilishni o‘ziga or bilmay, aksincha, shu to‘garakning a’zosi bo‘lgan maktab o‘quvchilarini o‘z bag‘riga oldi, ularda adabiyotga mehr uyg‘otdi, ularga bir necha yil mobaynida adabiyotdan saboq berib, ularni badiiy ijodning sehrli olamiga olib kirdi. Hali oliy o‘quv yurtlarining filolog talabalari Fuzuliy nomini etishmagan paytlarida u to‘garak a’zolarini Fuzuliyning badiiy olamiga olib kirib, ozar shoiri g‘azallariga katta qiziqish uyg‘otdi. Hali «Cho‘lpon» nomini aytish mumkin bo‘lmagan vaqtda to‘garak a’zolariga Cho‘lpon haqidagi xotiralarini so‘zlab, ularni buyuk shoir she’rlarining sirli qatlamlari bilan oshno etdi. Keyinchalik ana shu G‘ayratiy maktabidan Erkin Vohidov o‘sib chiqdi. Uning Sayyor, To‘lqin, Anvar Isroilov, Anvar Eshonov, Tamilla Qosimova va boshqa tengdoshlari ustozdan olgan bilimlarini ijodiy mehnatlari bilan oqlay oldilar. G‘ayratiy bu shogirdlari timsolida yashashda va ijod qilishda davom etdi.

G‘ayratiy tanlagan ikkinchi yo‘l – xotiralar yozishdir. G‘ayratiyning Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy va boshqa yozuvchilar haqidagi xotiralarisiz bizning bu ulug‘ yozuvchilar to‘g‘risidagi, 20 – 30-yilar adabiyoti to‘g‘risidagi bilimimiz sayoz bo‘lib qolgan bo‘lurdi.

Hamza «o‘zbek sovet adabiyoti»ning yagona asoschisi hisoblangan yillarda uni bilgan ham, bilmagan ham u haqida xotiralar yozaverdi. Bu xotiralarning katta qismiga ishonish qiyin. Lekin G‘ayratiyning 1927 yilning kuz kunlaridan birida Toshkentdagi muzika maktabida Hamza bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqidagi xotirasiga ishonmaslik mumkin emas. G‘ayratiyning uchrashuvda Domla Halim va Hoji Abdulazizning hozir bo‘lgani, Hamzaning kechikib kelgani, kechani professor Mironovning ochgani va qo‘qonlik shoirning «Qorasoch» nomli «original opera» asari ustida ishlayotgani haqidagi so‘zlariga ishonmaslik mumkin emas.

«Ertasiga ertalab, – deb yozgan G‘ayratiy, – teatr direktori Muhiddin Qori Yoqubov bilan Hamza mehmon bo‘lib turgan Zargarlik mahallasidagi artist Olim Qosimovning uyiga bordik. Hamza teatrdagi muzika ustalaridan Hayit oxun, Abdulqodir naychi va boshqalarga yaqinda yozib tugatgan o‘zining «Qorasoch» operasidan «Sayyora», «Otin buvijon» kabi ariyalarni o‘rgatayotgan ekan. Uzoq suhbatlashib o‘tirdi. Muzika mashg‘ulotidan so‘ng yakka tanburda lirik bir kuyni zavq bilan chalib berdi»[15].

G‘ayratiy Hamzadan ham ko‘ra Abdulla Qodiriyni yaxshi bilgan. U 1924-1925 yillarda Eski shahardagi 1-sonli bosmaxonada musahhih bo‘lib ishlagani uchun o‘sha vaqtda nashr etilayotgan «O‘tkan kunlar» romanining «Kutilmagan baxt» degan bobi yo‘qolib qolgani, shu tufayli nashr ishi yozuvchi tomonidan to‘xtatib qo‘yilgani singari voqealarning tirik guvohi bo‘libgina qolmay, adib bilan birga Qo‘qonga ijodiy safar bilan ham borgan. Uni shaxs sifatida, tarixiy romanni yozish mashaqqatlarini boshidan kechirgan yozuvchi sifatida, «Mushtum» jurnalini «gullatgan» beqiyos hajvchi sifatida bilgan zamondoshlardan biri va birinchisi G‘ayratiydir. Uning Kumush sag‘anasidagi qabrtoshga yozilgan she’r tarixiga oid xotirasi menda, ayniqsa, katta taassurot qoldirgan.

«…Abdulla akam, – deb yozgan G‘ayratiy, – «O‘tkan kunlar»ning oxirgi bo‘limini yozib bitirib, «Mushtum»dagi o‘rtoqlarga o‘qishga bergan ekanlarmi, har holda bir kun idoradagi ba’zilar Kumush qabriga bitilgan she’r haqida Abdulla akamga e’tiroz bildirishdi. Abdulla akam oldingi variantida qabr toshiga Fuzuliydan bir baytni ko‘chirgan ekanlar:

Hamrohim eding bu yo‘lda, ey moh,
Hamrohni tashlab ketarmi hamroh?

Ular bu baytni o‘zgartirishni, o‘z asarlariga o‘z she’rlari bo‘lsa yaxshi jaranglashini maslahat berishdi. Maslahat Abdulla akamga ma’qul tushdi shekilli, ko‘p kun o‘tmay:

Ay charx, etding ortuq jabr bunyod,
Ko‘zim yoshlig‘, tilimda qoldi faryod.
Hayotim lolazoridin ayurding,
Yoqib jonim, kulim ko‘kka sovurding 

she’rini yozib keldilar»[16].

G‘ayratiy bergan bu ma’lumot, birinchidan, ulug‘ adibning Fuzuliy ijodini yaxshi bilganidan, ikkinchidan, Fuzuliydan qolishmaydigan she’rlar yoza oladigan shoir bo‘lganidan shahodat bersa, uchinchidan va, eng muhimi, bizni Qodiriyning Kumush o‘limini tasvirlash jarayonidagi ruhiy holati bilan tanishtiradi.

Afsuski, men G‘ayratiyning yana qanday adabiy xotiralar yozganidan bexabarman. Lekin shu narsa aniqki, u qattol zamon tufayli o‘zi sevgan, porloq xotirasi oldida o‘zini qarzdor hisoblagan buyuk Cho‘lpon haqida biror xotira yoza olmay, armonda ketdi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 12-son
_______________________

[1]1 Asqarov Akbar (1902–1978) – O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (1943), shifokor.

[2] Najmiddinov Tursun (1901–1972) – tibbiyot fanlari doktori (1944).

[3] G‘afur G‘ulom. Mukammal asarlar to‘plami. XI jild. Adabiy-tanqidiy maqolalar. – T.: Fan, 1989 – B. 369.

[4] Iqtibos quyidagi manbadan olindi: Mamajonov  S. G‘ayratiy. – T., 1973. – B. 12-13.

[5] Qarang: Qayumov  L. Sotsialistik hayot kuychisi / G‘ayratiy. Tanlangan asarlar. – T.: O‘zadabiynashr, 1962. – B. 3.

[6] Anvar Abdulla. Akam G‘ayratiy. Bir shingil xotira. – «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1993 yil 26 noyabr.

[7] Mamajonov  S. G‘ayratiy. – T., 1973. – B. 23-24.

[8] Sharafiddinov  O. Cho‘lpon. – T., 1991. – B. 29.

[9] Anvar  Abdulla. Akam G‘ayratiy. – O‘sha manba.

[10] Cho‘lpon. Asarlar. I jild. She’rlar. Mansuralar. She’riy xatlar. – T., 2016. – B. 207.

[11] G‘ayratiy. Tanlangan asarlar. – T., 1962. – B. 32.

[12] O‘sha asar. – B. 47.

[13] Qarang: G‘ayratiy. She’rlar. – T., 1965. – B. 6.

[14] Abdullayeva D. «G‘ayratiy sandig‘idagi xazina». – «Toshkent oqshomi», 1989 yil 19 dekabr.

[15] Hamza zamondoshlari xotirasida. – T., 1979. – B. 111.

[16] Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida. – T., 1986. – B. 15-16.