Nafas Shodmonov. “Ilohiynoma”da Yusuf obrazi

Yusuf obrazi genezisini qadimiy diniy manbalarda ko‘rish mumkin. Turli manbalarda turlicha talqin qilinadi. “Tavrot”da Yusufning payg‘ambar ekani ta’kidlanib, uning hayoti mashaqqatlarga to‘la kechgani, bunda uning irodasi va sabri og‘ir sinovlardan o‘tib murod gulshaniga yetgani batafsil hikoya qilinadi. Undan so‘ng bu payg‘ambar obrazi “Injil”da ham zikr etiladi. Biroq unda Yusuf qismati va qissasi u qadar yorqin emas. Lekin “Qur’oni Karim”da “Yusuf” haqida maxsus sura nozil bo‘lib, unda keltiriladigan voqealar “ahsanul-qisas” sifatida alohida e’tiborga molikdir.

“Qur’oni Karim” nozil bo‘lishi bilan Yusuf obrazi musulmon xalqlari orasida, xalq og‘zaki ijodida va adabiyotida bir necha talqinlarda ishlanib, sayqallanib bordi. IX asrdan boshlab Sharqda 150 dan ortiq “Yusuf va Zulayxo” doston va qissalari vujudga kelgani ma’lum. Bularning eng mashhurlari qatorida Abul Muayyad Balxiy, Firdavsiy, Shahobiddin Am’aq, Shohin Sheroziy, Abdulloh Ansoriy, Xoja Mas’ud Iroqiy, Abdurahmon Jomiy va boshqalarning qissa-dostonlarini ko‘rsatish mumkin. Faqat turkiy adabiyotda “Yusuf va Zulayxo” haqida 50 ga yaqin asar yaratilgan. Jumladan, Qul Ali, Nosiriddin Rabg‘uziy, Durbek, Haydar Xorazmiy, Mulla Yusuf Yorkandiy, Nozim Hiraviy, Sayqaliy, Xiromiy, Salohiy, Andalib, Hoziq kabi ijodkorlar qissa va dostonlar bitganlar. Shuningdek, mualliflar tomonidan o‘z asarlarida Yusuf obrazidan, aniqrog‘i, u haqdagi qissalar epizodlaridan foydalanib tanlangan ma’lum g‘oyaga mos ixcham hikoyatlar keltirish an’anasi ham keng tarqalgan. Bu obraz juda ko‘p ishlangan va turlicha talqin qilingan. Farididdin Attorning “Ilohiynoma” dostoni ham shu an’anaga  muvofiq keladi.

Ma’lumki, Shayx Farididdin Attor tasavvuf adabiyotining buyuk namoyandasi. Uning “Asrornoma”, “Bulbulnoma”, “Tazkirat ul-avliyo”, “Pandnoma”, “Ushturnoma”, “Ilohiynoma” va “Mantiq ut-tayr” kabi asarlarida tasavvufning turli masalalari, jumladan, vahdat ul-vujud nazariyasining talqinlari o‘z ifodasini topgan. Bugungi kunda bunday masala va nazariyalar tarixga aylangan, ahamiyatini bir qadar yo‘qotgan bo‘lsa-da, ular ma’naviyatimizning ildizlari bo‘lgani, qolaversa, badiiy adabiyot, badiiy tafakkurimiz rivojida muhim o‘rin tutgani bilan benihoya qadrlidir. ­Shuning uchun ham ular asrlar davomida o‘rganilmoqda, tarjima qilinmoqda va nashr etilmoqda. 1940 yilda Istanbulda Attorning “Ilohiynoma”si faksimilesi olmon tilidagi ilmiy nashri daqiq ishlardan edi. 2007 yilda atoqli shoirimiz Jamol Kamol tomonidan o‘zbekchaga o‘girilib qilingan nashri o‘quvchilar va ilm ahli uchun katta armug‘on bo‘ldi. Unga atoqli olimimiz Ibrohim Haqqul tomonidan yozilgan so‘zboshi g‘oyat ahamiyatli. Gap Yusuf timsoli haqida borarkan, Attorning bu asarini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Unda Yusuf (a.s.) haqidagi yettita hikoyat mavjud. Ular ikki xil uslubda keltiriladi: 1) ota tilidan bevosita; 2) boshqa bir avliyo tilidan bilvosita hikoya qilinadi. Shuningdek, ular turli o‘rinlarda bo‘lishiga qaramay, dos­ton mazmuniga mos ravishda o‘ziga xos tadrijiy tizimni tashkil qiladi.

Hikoyatlarning avvalgi ikkitasi xalifa tomonidan birinchi o‘g‘il orzu-maqsadining zaifligiga javoban aytiladi. Birinchi hikoyat “Hikoyati hazrat Ya’qub va Yusuf” deb nomlanadi, mazmuni shunday: Ya’qub (a.s.) ayriliq so‘nggida Yusuf bilan uchrashib unga deydi: “ Ey chashmi chirog‘im, meni hijron dardu dog‘i o‘ldirdi. Sen meni kulbayi ehzonga solding, jonimga o‘t yoqding. Shuncha vaqt o‘tdi, otangni bir eslamading, loaqal bir xat yozmading”. Yusuf mulozim chaqirib, unga xatlarni keltirishni buyurdi. Mulozim bir dasta xat olib keldi, ularning hammasida “Bismillo”dan boshqa so‘z yo‘q edi. Yusuf bu holni tushuntirib dedi: “Ey sham’i bihishtim! Men senga mana shuncha marta xat yozmoqchi bo‘ldim. Lekin Jabroil qoshimga kelib, Olloh buni xohlamayotganini aytdi. Men qancha xat yozmay, Haq ismidan boshqa narsa qog‘ozda qolmas edi. Ahvolimni senga bayon qilmoqqa ishtiyoqim bor edi-yu, ilojim yo‘q, ma’zur edim. Haq xohlamasa, ishtiyoq bilan ish hal bo‘lmaydi…”

Yusufning fikrini shoir xalifa (ota) tilidan davom ettirib, uylangan kishi farzand ko‘rishi, agar u Yusufdek shoyista bo‘lsa, azoblarga giriftor bo‘lib, ota­sini ham qiynashi, natijada, tasavvufiy nuqtai nazardan, ota Haq yo‘lida arosatda qolishiga ishora qiladi.

Ikkinchi hikoyat Hazrat Yusuf va Ibn Yamin (Yusufning ota va ona bir ukasi) haqida bo‘lib, jumladan quyidagilar so‘zlanadi: Ibn Yamin saroyga kirib kelganida yuziga parda tortib olgan Yusuf unga yonidan joy beradi. Ibn Yamin yonida jonidek shirin, aziz akasi o‘tirganini bilmaydi. Yusuf yoqimli so‘zlar bilan ularni izzat qiladi va Ya’qubning ahvolini so‘raydi. Ibn Yamin unga Ya’qubning maktubini beradi. Yusuf xatni olib o‘z uyiga, bolalarining oldiga kiradi va bobolaridan xat kelganini aytib, uni o‘qib beradi. Barchalari yig‘lab tinglaydilar. Ko‘zlarda hasrat va hayrat yoshlari edi. Saroyda arkoni davlat yig‘iladi. Yusuf taxtga chiqib og‘a-inilarining juft-juft bo‘lib o‘tirishlarini amr qiladi. Har juft ona bir og‘a-inilar bo‘lishi kerak edi, shunday juft bo‘lib o‘tiradilar, faqat Ibn Yamin yolg‘iz qoladi va ko‘ziga yosh oladi. U og‘asi Yusufni yo‘qlab yig‘lar edi. Uning ko‘z yoshlaridan oldiga qo‘yilgan kosa to‘ladi. Og‘a inisidan yig‘isi boisini so‘raydi. Inisi og‘asi bo‘lgani va uning daraksiz ketganidan iztirobda ekanini aytadi. Yusuf inisi oldiga o‘tirib, “meni og‘ang deb bil” degancha unga hamkosalik qiladi. Dasturxonchi kosa yosh bilan to‘lganini, uni yemaslik lozimligini aytadi. Yaqub o‘g‘illari Ibn Yamin hali yoshligini, u saroy rasm-rusumlarini yaxshi bilmasligini aytib uzr so‘raydilar. Yusuf Ibn Yaminni erkalab qo‘yadi va “Yuzing nega sarg‘aygan?” deb so‘raydi. “Yusuf firoqida”, deb javob beradi u. Sochlari nega parishonligini so‘raganda onasining vafot etgani bois “ro‘zgori parishon” ekanini aytadi. Otasi haqida so‘ralganda Ya’qubning tunu kun yig‘lab ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolgani xabarini aytadi. Yusuf bu xabarlardan qattiq qayg‘uradi, boshini egib ko‘z yoshlarini yashiradi. Shunda Haq xabarchisi yoniga kelib, yuzidan pardani olishni buyuradi. Ko‘z yoshlaridan ivib ketgan parda olinadi. Ibn Yamin uni ko‘rib, “oh” tortganicha hushdan ketadi. Yusuf uni hushiga keltirish choralarini qo‘llaydi va u o‘ziga kelganda nega hushdan ketganini so‘raydi. Ibn Yamin uni o‘z og‘asiga o‘xshatganini, farq topolmay hayratlanganini, agar Yusuf bo‘lsa, inisini nega shuncha vaqt qaqshatganining sababini so‘raydi.

Bunga javobni xalifa ota tilidan yana Attorning o‘zi beradi: agar buni kimki  afsona desa, u aqlu xiraddan begonadir. Dilingda oshnolik bo‘lmasa, ishingda ro‘shnolik yo‘q. Oshnolik bois ishingda “qurbi Hazratdin samar” bo‘ladi. Haq bilan bo‘lgan Haqni pesha qiladi. Haq deganga u yaqin, chunki soya bor joyda nur yaqindir.

Uchinchi hikoyat bilvosita hikoya qilinuvchi bo‘lib, u mashhur shayx Yusuf Hamadoniydan olingani eslatiladi. “Shayx Yusuf Hamadoniy hikoyati” jodu ilmini talab qilgan ikkinchi o‘g‘ilga qarata aytilgan. Unga ko‘ra, Yusuf (a.s.)dan so‘raydilar: “Nega sen sho‘rlik ayolni xo‘rlab xastayu xor qilding? Uning ko‘ngli senda ekan, olibsan, qaytarib ber”. Yusuf unga javoban deydi: “U kampir bilan mening ne ishim bor? Uning ko‘nglidan bexabarman. Yigirma yildirki, o‘z ko‘nglimdan ham judoman. O‘z ko‘ngli o‘zida bo‘lmagan odam qanday qilib birovning ko‘ngliga yo‘l topsin?”

Shu payt Zulayxodan ham so‘raydilar: “U qanday qilib ko‘nglingni oldi. Ko‘ngling o‘zingda bo‘lsa, noz qilib Yusufdan so‘raganing nimasi?” Zulayxo ont ichib javob beradi: “Dilimdan bitta mo‘yimning ham xabari yo‘q. Qanday oshiq bo‘lganimni ham bilmayman. Ko‘nglimning qayoqqa ketganidan ham bexabarman. Yusufda ko‘ngil bo‘lmasa, menda ham dil yo‘q”.

Bu hikoyat orqali o‘zlikning taqdir hukmi oldidagi o‘rni haqida gap boradi.

To‘rtinchi “Hazrati Yusuf va Jabroil hikoyati” Sulaymon barmog‘idagi butun yer yuzidagi jamiki insu jinlarga podshohlik nishoni bo‘lgan uzukka, ya’ni jahon sultonligiga da’vogar beshinchi o‘g‘ilga qarata aytiladi. Bu hikoyatda Yusuf (a.s.)ning choh (zindon)da ekanida uning huzuriga Jabroil (a.s.) kelib taskin va istiqboldan bashorat bergani tasvirlanadi. Unga yana shunday savol beriladi: “Sen shoh bo‘lib, jahon amringda bo‘lganida o‘nta og‘ang huzuringga non so‘rab kelishsa, ularni ham bandi zindon qilasanmi, dorga osasanmi, yo qamchi urib, kaltak surib butkul qonga belaysanmi?” Yusuf deydi: “Ular kelishsa, huzurimga taklif qilaman. Chohdan, chekkan azobimdan so‘z ochmayman. Yuzimdan niqobim yechib, ne qilganingizni bilasiz, mayli, Yusufga qilganlaringizni eslab g‘am chekmang, deyman. Shu azob va iztirob ularga yetadi. Agar dillari tosh, metin bo‘lsa ham, bu iztirobdan pora-pora bo‘ladi”.

Bu hikoyat so‘nggida qalbda nur bo‘lgudek dard bo‘lmasa, unda dil hayot bo‘lmasligi, agar o‘sha nur bo‘lsa, u bilan o‘z-o‘ziga safar qilish murodga yetkazishi, o‘zligini birdam sezgan kishi bir emas yuzta ko‘ngilni anglashi, agar o‘zida zarra aybni ko‘rsa, g‘ayb ul-g‘aybning necha yuz nuridan afzal ekani ta’kidlanadi.

Beshinchi hikoyat “Yusuf va Zulayxo hikoyati” deb ataladi. U oltinchi – kimyo ilmiga havasmand o‘g‘ilga pand sifatida keltiriladi. Unda Zulayxo xasta, dunyo atalmish xokdondan ko‘zlarini yumgan holda yo‘l chetida o‘tiradi. Bundan ranjigan Yusuf Haq taologa shikoyat qiladi. Shunda uning oldiga Jabroil kelib, bundan ranjimasligini aytadi, chunki u Haq sevgan zotni sevadi. Bu sevgisi tufayli u ham Haqqa sevimli. Jabroil bu ishq bilan u murodga yetishini, u yoshartirilib Yusufga jufti halol qilinishini aytib, Yusufdan unga e’tiborli bo‘lishni so‘raydi.

Oltinchi hikoyatda Yusuf (a.s.)ning ko‘zguga qarashi va o‘z husni o‘ziga manzur bo‘lishi, lekin bu bir tamsil ekani, Haq o‘z jamoliga insonni ko‘zgu qilgani bayon qilinadi.

Ettinchi hikoyat “Ahmad G‘azzoliy hikoyati” deb nomlangan bilvosita hikoyatlardan hisoblanadi va unda bu mashhur shayxning jamuljam jamoaga Ya’qubning Yusuf ishtiyoqida Misrga borishi, ular bir-birlarini quchib yig‘lashlari hamda Ya’qubga o‘g‘li quchog‘ida turgan holda nega “O‘g‘lim qani?” deb faryod ko‘tarishini so‘rashganda Yusuf Kan’onda paytida o‘zining Ya’qub bo‘lgani, endi esa o‘zi Yusufga aylangani haqidagi javobi to‘g‘risida – kimyoning eng oliy darajasi insonning Haq bilan birligini paydo qilish ekanini so‘zlab bergani asosida yaratilgan.

Ko‘rinib turganidek, Yusuf obrazi mutasavvuf shoir tomonidan tasavvufiy g‘oyalarni talqin etishga xizmat qildiriladi. Attorning bu talqinlari kutilmagan hol emas. Undan oldin ham, uning zamondoshlari orasida ham xuddi shunday g‘oyalar asosida bu obrazdan foydalanish holati mavjud edi. Bunga misol sifatida Shihobiddin Suhravardiyning “Munis ul-ushshoq” asaridan bir epizodni keltirish mumkin. Unga ko‘ra, dunyoda eng avval Aql paydo bo‘ladi va u uch o‘g‘il ko‘radi. Ularga Ishq, Go‘zallik va Iztirob deb nom qo‘yiladi. (Fors tilida ular Mehr, Nekuiy va Anduh deb ataladi).

…Navbat Yusuf (a.s.)ning yaratilishiga yetganda bir necha vaqt muqaddam Odam huzurini tark etgan Go‘zallikka bu haqda xabar beradilar, u Yusuf tomon yo‘l oladi va u bilan birlashadi. Ishq va Iztirob yana Go‘zallik tomon shoshadilar va uni Yusuf (a.s.) huzurida topadilar. Iztirob borib eshik qoqadi, Go‘zallik kim kelganini so‘raydi. Ishq o‘zini tanitadi, Go‘zallik esa kiborona uni haydab soladi. Ishq va Iztirob Hayrat sahrosiga chiqib ketadilar. Sahroda Iztirob Ishqqa bir-biridan ajralib, turli tomonlarga ketishni, bir necha muddatdan so‘ng yana birodariga o‘z xizmatini taklif etishni maslahat soladi. Shu vaqtdan boshlab ularning yo‘llari ayro tushadi: biri Kan’onga, biri Misrga ravona bo‘ladi.

Bungacha Suhravardiy Zulayxo va Ya’qubni sahnaga olib chiqmaydi. Ya’qub Kan’onda edi, Zulayxo esa Misrda. Iztirob va Ishq ular bilan safarda ekanida uchrashadi. Shuning uchun Suhravardiy Ishq, Go‘zallik va Iztiroblarning dunyoi dundagi Yusuf, Zulayxo va Ya’qub huzurlaridagi o‘zaro munosabatlarini bayon qilishdan avval ularga keyinchalik foniy dunyoda sodir bo‘lishi muqarrar voqealarning farishtalar olamida bashorat tasviri ko‘rsatilishi haqida so‘z yuritadi.

Iztirobning yo‘li Kan’onga yaqin edi. Iztirob maqsadiga erishishi bilanoq, unga bog‘lanib qolgan Ya’qubga ro‘baro‘ bo‘ldi. Ishqning Misrga yetkazuvchi yo‘li uzoq edi. Misrga yetishi bilanoq  Zulayxo yoniga bordi.

Ishq Zulayxoni o‘zining Misrga yetib kelgunicha bosib o‘tgan yo‘li va o‘zi mansub bo‘lgan malakut olamlariga olib chiqadi… Bu ilohiy ruhiy sayrdagi tanishuvlardan so‘ng Ishq va Zulayxo o‘rtasida ikkinchi suhbat bo‘lib o‘tadi. Unda Ishq yana bir bor qanday qilib bu yerga kelib qolgani, ikki birodari: Go‘zallik va Iztirob haqida ma’lumot beradi. Bu hikoyani eshitgan Zulayxo Ishqni o‘ziga qabul qiladi va uni o‘z hayotidan ko‘proq qadrlaydi. Shu davrda Yusuf Misrga keladi va Zulayxo uning tashrifi haqida xabar topadi.

“Ishq Zulayxoni darvozadan olib chiqadi va ular birgalikda Yusuf tomonga yo‘l olishadi. Zulayxo Yusufni ko‘rgach, unga tomon borishni istadi. Biroq uning yurak oyoqlari hayrat toshiga qoqildi. U sabr chegarasidan chiqib ketadi. Ta’ma qo‘lini uzatadi, hayo pardasini yirtib, shu ondayoq g‘amga botadi…” Hikoya so‘ngida Go‘zallik taxtga chiqadi. Ishq esa xizmatkor kabi uning qarshisida tizzalagancha o‘tiradi. Iztirob esa shoh oldida mukka tushib yiqiladi.

Bu yerda birinchi diqqat qaratilishi lozim muhim jihat, bu Suhravardiy fikrlarining asosi yoxud manbalari, Ishq va uning Go‘zallik hamda Iztirobga munosabati haqidadir. Ko‘rib o‘tganimizdek, Suhravardiy Ishqqa psixologik nuqtai nazardangina va faqat ruhning holati sifatida qaramaydi, aksincha, uni avvalo, metafizika nuqtai nazaridan va uning yonida yana ikki metafizik tushuncha – Go‘zallik hamda Iztirob bilan birga Aqlning uch juz’i sifatida taqdim qiladi. “Aql” so‘zi bu yerda uning dastlabki oddiy ma’nosidan farqli ravishda maxsus neoplatonchilik g‘oyalariga mos mazmunida qo‘llangan. Fors adabiyotida “aql” so‘zi odatda deduktsiya (xususiy xulosalar chiqarish, istidlol), insondagi farqlash xossasi ma’nosida qo‘llanadi hamda Aql tasavvufiy va mistik she’riyatda Ishqdan quyi maqom tutadi. Lekin bu asarda Aql neoplatonchilik ta’birida “Birinchi Emanatsiya” deb nomlangan Haqdan majoz dastlabki manba, porloq mohiyat, yoki bebaho purnur dur sifatida talqin qilinadi.

Bu fikrni ifodalash uchun fors mistik adabiyotida ko‘pincha “ruh” so‘zi yoki “ruhi a’zam” birikmasi qo‘llanadi. Misol uchun Ahmad G‘azzoliyning “Savonih” asari birinchi bobida “Ruh yo‘qlikdan borlik maydoniga kelganida Ishq vujud (borliq) chegarasida Ruh markabini kutib turdi”, deyilganini aytish mumkin. Ruh deyish bilan Suhravardiy Aql deb atagan o‘sha manbani nazarda tutgan edi. Ahmad G‘azzoliydan keltirilgan parchada Ruh markabiga Ishq minadi. Boshqacha izohga ko‘ra, Ruh – mohiyat, Ishq – tajalliydir. Suhravardiy, ko‘rib o‘tilganidek, Ishqni Aqlning tajalliysi deb hisoblaydi. Lekin G‘azzoliy va Suhravardiy mulohazalarida farq bor. Suhravardiyga ko‘ra, Ishq Go‘zallik va Iztirob kabi Aqlning farzandi. G‘azzoliyga ko‘ra esa, Ishq Ruhdan tug‘ilmagan, undan mustaqil. Haqiqatda Ishqning mavjudligi Haqqi mutlaqqa bog‘liq. Bu fikr Plotin, Forobiy va Ibn Sinolar qarashlariga mos keladi. Bu olimlarning fikricha, Haq o‘z zotida sevuvchi va seviluvchidir. Haq zotiga Ishq va Go‘zallik sifatlari mansubdir. Sevgining bunday talqini “ishqi zotiy” nomi bilan fors she’riyatida nihoyatda ko‘p uchraydi.

Attorning Yusuf haqidagi hikoyatlari ham ishq mohiyati haqida. Unga ko‘ra, ishqi haqiqiy turli jismoniy va nafsoniy g‘arazlardan xolidir. Bu fikr hikoyatdagi Yusufning maktublaridagi Haq ismidan boshqa hamma so‘zlar o‘chib ketishi va qog‘ozning oppoq tusga kirib qolishi misolida dalillanadi.

Yusufning Ibn Yamin bilan muloqotida qonli yosh to‘la kosa, undan iste’mol qilish, yuzga tortilgan parda ham shunday mazmunga ega. Hikoyatda oshnolik so‘zi ishq so‘zi o‘rnida qo‘llanadi, shuningdek, xotima qismida Quyosh va soya haqidagi fikrning keltirilishi zot va tajalliy birligiga ishora. Xuddi shu ramzlar, xususan, soya vahdat ul-vujudning eng yirik nazariyotchisi Muhyiddin Ibn Arabiyning juda ko‘p asarlarida maxluq maqomiga nisbat berilib qo‘llanadi.

Oltinchi hikoyatda ko‘zgu misolida tajalliyot nazariyasi talqin qilinadi. Ko‘zgu detali “Tavrot”da ham, “Qur’oni Karim”ning “Yusuf” surasida ham zikr etilmaydi. Bu ijodkorlar talqinlari ehtiyojidan paydo bo‘lgan. Ko‘zgu detali Yusuf haqidagi boshqa asarlarda Attor asaridagidan farqli talqinda qo‘llangan. Bunga turkiy adabiyotning Rabg‘uziy va Andalib kabi ijodkorlari asarlaridan ham misol keltirish mumkin. Ularga ko‘ra, Yusuf otasi yonida yurgan davrlarida “kunlardan bir kun u ko‘zguga boqdi va yuzini ko‘rdi, tongladi. Ko‘nglida kechdi, bu ko‘rk birla qul bo‘lsa erdim, bahomni kim bera olg‘ay erdi? O‘z ko‘rkinga quvandi ersa qul deb o‘n sakkiz pul yarmoqg‘a sotdilar. Ko‘rkka quvanganning bahosin ko‘rguzdilar. Sotilmoqda hikmat bu erdi” (“Qisasi Rabg‘uziy”). “Ilohiynoma”da esa Yusufning ko‘zguga qarashi davri, zamoni aniqlanmaydi, shuningdek, unda talqin mutlaqo tasavvufiy ma’no kasb etadi.

Uchinchi va yettinchi hikoyatlarning Yusuf Hamadoniy va Ahmad G‘azzoliy tilidan aytilishida ham ramziy ma’no bor. Nazarimizda, Attor vahdat ul-vujudni talqin qilishda o‘sha olimlarga tayanayotgandek taassurot uyg‘otadi. Umuman, Attor Yusuf obrazidan foydalanar ekan, uni faqatgina payg‘ambar yoki go‘zallik timsoli sifatidagina zikr etmaydi, balki tasavvuf nazariyotchilari ilgari surgan ishq va iztirobning ramzi sifatida ham talqin qiladi. Shu bilan birga, u orqali boshqa tasavvufiy nazariyalar, axloqiy masalalarni yoritishga ham erisha oladi.

Nafas Shodmonov. “Ilohiynoma”da Yusuf obrazi

__________________
Nafas Shodmonov – Filologiya fanlari doktori. 1960 yilda tug‘ilgan. Qarshi davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan. “Temuriylar davrida musiqashunoslik”,“Xoja Abdulqodir Marog‘iy”, “Jon javhari”, “Aruz vazni asoslari”, “Muammo janri va uni yechish amallari”, “Mumtoz adabiyot tarixi” kabi ilmiy risolalar va o‘quv qo‘llanmalari muallifi.