Muhammadjon Xolbekov. “Uliss” kitob javonimizda

Birinchi jahon urushining insoniyat boshiga yog‘dirgan kulfat va talofatlari, “proletar inqilobi”ning g‘alabasi Yevropani parokandalikka olib keldi. Adabiyot va san’atda gegemon hisob­langan romantizm va realizm oqimlari maydondan chiqib ketdi. O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida poeziyada syurrealizm (Giyom Apolliner va uning izdoshlari), prozada modernizm (Marsel Prust va boshqalar) oqimlari yetakchilikni qo‘lga oldilar. Prustdan keyin Yevropa modern adabiyotining shakl-shamo­yilini, uslubiy yo‘nalishlarini F.Kafka, J.Joys, T.Mann, V.Vulf kabi romannavislar davom ettirib, takomillashtirdilar. Ular qalamiga mansub “Jarayon”, “Uliss”, “Doktor Faustus”, “Missis Dellouey” romanlari XX asr modernizm prozasining rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi, turli modernistik oqimlarning yuzaga kelishiga zamin yaratdi.

Irlandiyalik yozuvchi Jeyms Joys (James Joyce, 1882–1941)ijodi, ayniqsa, uning “Uliss” (Ulysses, 1921) romani jahon adabiy jamoatchiligida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. O‘tgan yillar davomida roman haqida ko‘plab maqola va tadqiqotlar yaratilgan bo‘lsa-da, adabiy tanqidchilikda u haqda hanuzgacha yakdil bir fikrga kelingani yo‘q, to‘g‘risi, bir to‘xtamga kelish ham amri mahol. Sababi, muallifning o‘zi roman haqida “… shunchalik ko‘p boshqotirma va topishmoqlarni yig‘dimki, asrlar bo‘yi olimlar ularni yecha olmay bosh qotirsinlar, bu mening abadiy o‘lmas bo‘lishimga kafolatdir”, deya yozgan edi.

Ha, Joys ta’kidlaganidek, “Uliss” romanining matni boshqotirmalardan iborat, “ingliz adabiy tilida yozilmagan, umuman yozilmagan… u faqat ko‘rish va eshitishga mo‘ljallangan” (Semyuel Bekket) matndir. Shu bois asar yaratilgandan keyin frantsuz va italyan tillariga to‘liq tarjima qilingan bo‘lsa-da, Yevropadagi boshqa tillarga tarjima qilinmadi. Undan ayrim parchalarni rus va gruzin tarjimonlari o‘z tillariga o‘girishga muvaffaq bo‘ldilar. Sotsrealizm qolipidagi sovet adabiyotshunosligi romanni “XX asrning eng ma’yus, pessimistik ruhdagi asarlardan biri – “Uliss” romanida o‘zining to‘liq ifodasini topgan Joysning nigilizmi (har qanday me’yor, printsip va qonunlarni inkor etish – M.X.) modernizm “evangeliye”siga aylandi (V.Ivasheva)”, deya sub’ektiv tarzda baholab, uni tarjima qilishga shoshilmadi. Faqat o‘tgan asrning 80-yillari oxirida adabiyot va san’atda ro‘y bergan “qayta qurish”, demokratik o‘zgarishlar yuzaga kela boshlagan paytda M.Prust, J.Joys, F.Kafka ijodini o‘rganish, asarlarini tarjima qilishga kirishildi. Nihoyat, “Inostrannaya literatura” jurnalining 1989 yil sonlarida “Uliss” romanining ruscha tarjimasi bosildi. Tarjimonlar V.Xinkis va S.Xorujiyning uzoq yillar olib borgan mashaqqatli mehnatlari o‘z samarasini berdi. Oradan qariyb yigirma yil o‘tib, “Uliss” romanining o‘zbekcha tarjimasi yaratildi va “Jahon adabiyoti” jurnalining 2008 yil sonlarida bosildi.

Fursat kelganda, “Uliss” tarjimoni Ibrohim G‘afurovning “Unutilmas Ozod Sharafiddinov o‘zbek kitobxoni Joysni orzulagan va Nitsshe, Markes va Joysni (“Zardo‘sht tavallosi”, “Buzrukning kuzi”, “Uliss”) tarjima qilishni bizning zimmamizga yuklagan edi”, degan so‘zlarini keltirib o‘tish o‘rinlidir. Ibrohim G‘afurov ustoz Ozod Sharafiddinov yuklagan uch vazifaning uddasidan chiqdi, uch asar tarjimasini o‘zbek kitobxoniga tortiq qildi. Darvoqe, tarjima haqida matbuotda ijobiy fikrlar bildirildi, shuningdek, ayrim mulohazalar ham aytib o‘tildi. Bugun “Uliss” romanining so‘zboshi (professor. Akmal Saidov), so‘ngso‘z va izohlar bilan ta’minlangan, chiroyli jildli tarjimasi kitob javonimizdan o‘rin oldi*.

“Uliss”dek qomusiy xarakterga ega yirik asar tarjimasi haqida atroflicha fikr yuritish, uni to‘g‘ri baholash bir maqola hajmiga sig‘maydi. Qolaversa, tarjimani to‘liq tahlil qilish yirik monografik tadqiqotni talab etadi. Biz ushbu taqrizimizda Joys uslubi bilan bog‘liq ayrim holatlarning tarjimada qay tarzda berilishi xususida fikr yuritmoqchimiz.

“Uliss”ning aksariyat qismi impressionistik ruhdagi stenogramma shaklida yozilgan bo‘lib, bu asosan matnda “ong oqimi”ni aks ettirish niyatida qo‘llanilgan. Romandan olingan quyidagi parchaga e’tibor qarataylik: “Ostonada u (Blum – M.X.) shimining orqa cho‘ntagini urib ko‘rdi, tashqi eshikning kaliti turibdimikin? Yo‘q-ku. Anavi yechib qoldirgan shimda, shekilli. Uni olish kerak. Kartoshkamiz bor. Javon g‘ichirlayapti. Uni (Mollini – M.X.) uyg‘otib yubormay. Hozirgina to‘shakda u yoqdan-bu yoqqa ag‘darildi. U nihoyatda ehtiyotkorlik bilan eshikni yopdi. Uni ostonagacha taqab qo‘ymadi. Tashqaridan yopiqqa o‘xshab ko‘rinadi. To kelgunimcha hech narsa qilmaydi” (“Uliss sarguzashtlari”, 87-bet).

Joys sharhlovchilari muallifning ushbu uslub vositasida o‘tmish adabiyotidan foydalanib, misollar axtarishni o‘ziga xos o‘yinga, ermakka aylantirgan, degan fikrga boradilar. Joys o‘z uslubi va yozuv texnikasini frantsuz adibi E.Dyujarden (Édouard Dujardin, 1861–1949) ning “Lavr yaproqlari kesildi” (Les lauriers sont coupés”, 1888) romani ta’sirida kashf qilganini inkor etmaydi. Aslida esa ko‘chirma gapni birinchi shaxs nomidan hikoya qilish orqali hayotni tasvirlashga uringan yozuvchiga ichki monologning u yoki bu shakliga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelgan. Joys romanda ushbu uslubdan keng foydalangani uchun ham (“Uliss”ning oxirgi 18 epizodi bundan mustasno – M.X.) matn diqqat-e’tiborimizni o‘ziga jalb etadi. Ayni paytda, muallif ushbu uslubni qo‘llashga harakat qilgan boshqa yozuvchilardan alohida ajralib turadi.

Bu yerda ikki jihatga e’tiborimizni qaratmog‘imiz lozim. Birinchidan, stenogramma uslubidan foydalanish Joysning fikr doirasini cheklab qo‘ymaydi, aniqrog‘i, u tasvirlayotgan manzarani jimjimador hoshiyaga solmaydi, aytmoqchi bo‘lganini bitta konkret personaj bilan chegaralamaydi. Buni biz yuqorida keltirilgan misolda ham kuzatishimiz mumkin. Yozuvchi hayotni faqat Blum ko‘zlari orqali ko‘rsatishga harakat qilmaydi. Blum taassurotlaridan voqelikni ob’ektiv tasvirlash va ushbu tasvirni boyitish uchun  foydalanadi desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Shuning uchun uchinchi shaxs orqali ifodalangan ob’ektiv fikr (“Ostonada u shimining orqa cho‘ntagini urib ko‘rdi, tashqi eshikning kaliti turibdimikin?”) aytilmagan monolog (“Anavi yechib qoldirgan shimda”) bilan ketma-ket keladi. Ikkinchidan, ruhiy jarayonni batafsil qayd etishdan yorqin taassurotni tug‘dirishga bo‘lgan harakat Joys uslubida “ilmiy” emas, balki impressionistik xarakterga ega. Joys boshqa yozuvchilardan farqli o‘laroq, aytilmagan fikrlar uchun aniq so‘zni yoxud muqobilini topishga harakat qiladi va buning uddasidan chiqadi. Masalan, yuqoridagi parchadan olingan “Kartoshka shu yerda” jumlasi bu maqsadga xizmat qilishi mumkin. Qahramon hayolida oqib o‘tgan: “Cho‘ntagimda kartoshkadek teshik bor” qabilidagi fikr shunday bir shaklda ifodalanganki, o‘zining g‘ayrioddiyligi bilan ruhiy jarayonning illyuziyasini yaratadi. Lekin Joysda uning haqiqiy ma’no-mazmuni qo‘shimcha fikr, ahamiyatsiz ovoz sifatida xizmat qilgani va qilayotganida mujassam bo‘lgan. Blum kirish eshigida kalitni axtarganida ham (umuman olganda, kalit “Uliss”da muhim ramziy ma’noga ega – M.X.), o‘z turmush o‘rtog‘i bilan bo‘lgan o‘rtadagi murakkab munosabatlarni ta’riflashda ham bu shakl takrorlanadi. Deyarli besh yuz sahifadan so‘ng o‘qiymiz (izoh: Blum fohishaxonaga borib, u yerdagi ayol Zoedan kartoshkani qaytarib berishni so‘raydi):

“Blum: S ney svyazana pamyat. Ya xotel bы imet yeyo.

Stiven: Imet ili ne imet, vot v chyom vopros.

Zoe: Vot ona (podnimayet oborku kombinatsii, obnajaya lyajku, i vыtaskivayet kortofelinu iz-pod chulka). Tot, kto pryachet, znayet, gde nayti”.

Tarjimada:

“Blum: Uni ko‘rib eslab yuraman. Yonimda yursa deyman.

Stiven: Bo‘lsin bo‘lmasin, shudir masala.

Zoya: Ol ana. (Etagini ko‘tarib, sonlarini ochadi, paypog‘ining yoqasiga o‘rab qo‘yilgan kartoshkani olib uzatadi.) Kim yashirsa, o‘sha topadi”.

Dialogning o‘zbekcha tarjimasi biroz erkin tarzda berilgani shundoqqina sezilib turibdi. Blum aslida: “Xotiram u bilan bog‘liq. U menda bo‘lsa deyman” demoqchi. Stiven esa kinoyaviy ohangda Hamlet monologidagi “To be, or not to be: that is the question” (“Tirik qolmoq yo o‘lmoq. Shudir masala!” – M. Shayhzoda tarjimasi) jumlasiga taqlidan: “Bo‘lsin bo‘lmasin, shudir masala”, deya luqma tashlaydi.

Ushbu kichik epizod qaysidir jihatdan Joys metodini yaqqol namoyon qiladi, qanchalik u rang-barang tagma’nodan foydalanganini ko‘rsatadi. Birinchidan, bu epizod farsga o‘xshab ketishi, fahshga to‘laligi, siyqasi chiqqanligi, ko‘p ma’noga egaligi bilan ajralib turadi va, eng muhimi, muallif unga katta ahamiyat qaratganligidan dalolat beradi.

“Uni ko‘rib eslab yuraman (S ney svyazana pamyat)” aslida, siyqasi chiqqan ibora, qolipga aylangan jumla bo‘lib, ayni paytda ko‘p ma’no ham anglatadi. O‘quvchi ongida hech narsaga arzimaydigan sentimentallik, yurakni ezuvchi hissiyotga berilganlik, ob’ektiv voqelik, real vaziyatdan uzoqlashtiruvchi vaqtichog‘likning alomatlari uyg‘onadi – biroz o‘tib Zoe kankan raqsiga tushadi. Bir qator ichki assotsiatsiyalar vositasida fohishaxonaning ruhiy iqlimi tiklanadi. Blum – ushbu so‘zning mavhum ma’nosida mustahkam odam emas. U ortiq darajada hissiyotga berilgan, ko‘ngli bo‘sh,  tez ta’sirlanuvchan,  yig‘loqi kishi. “Yonimda yursa deyman. (Ya xotel bы imet yeyo)” jumlasi nafaqat kartoshkaga, balki turmush o‘rtog‘iga ham taalluqli. Stiven Hamletga taqlid qilgani esa takror aytilgan “… bo‘lsin bo‘lmasin” (Imet ili ne imet) so‘zlarida diqqatimizni ushlab qolishga va u bildirgan assotsiatsiyalarga to‘xtalishga undaydi. Tagma’noda Hamlet monologining butun teranligi, serma’noligi oqib o‘tarkan, biz shu zahotiyoq fikr va harakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, murakkab aloqaga (“Makbet”dagi ledi Makbet so‘zlari: “Tvoyo “xochu” slabey “ne smeyu” (Yu. Korneev tarjimasi) – “Istaysanu betlamaydi lekin yuraging?” (J. Kamol tarjimasi), shu bilan birga, tabiatdagi ikki jins o‘rtasidagi munosabatlarda mavjud kuchli hissiyot va shaxsiy mulkka qarashdek oppozitsiyaga e’tibor beramiz. Mazkur assotsiativ uslubda qo‘pollik va balandparvozlik yo‘q.

“Uliss”ning oxirgi 18 epizodi (“Uliss sarguzashtlari”, 768–831 bet) mutlaqo boshqa xarakterga ega. Unda muallif, tinish belgilardan voz kecharkan, haqiqiy “ong oqimi”ni asliday tiklashga, aniq ko‘rsatib berishga harakat qiladi. Oqayotgan fikrlar uchinchi shaxs nomidan berilgan fikrlar bilan bo‘linmaydi. Ular ongi uyqu elitgunicha, bir-biriga urilib, to‘qnashib ohista oqib boraveradi. Shuni ham yodda tutish kerakki, ushbu epizodda uchinchi shaxs nomidan berilgan birorta mulohaza, izoh yo‘qligi Joys tanlab olgan ongning o‘ziga xos momenti tufayli oq qog‘ozga tushirish imkonini beradi. Molli Blum fikrlari tinish belgilariga ehtiyoj sezmaydi, chunki u xobgohda, o‘z to‘shagida yotibdi va uning tarafidan birorta harakat bajarilmaydi. Fikr va harakatlarning g‘ayriixtiyoriy “qorishma”si, bir-biriga ulanib (qo‘shilib) ketishini yetkazish aniq izohlanishga ehtiyoj sezmaydi.

Xulosa qilib aytganda, “Uliss”ning rus va o‘zbek tillaridagi tarjimalarini qiyosiy tahlil qilarkanmiz, asliyat matnidagi shu jihatlarga alohida e’tibor berishimiz lozim. Ibrohim G‘afurov tarjimasi asliyat va ruscha tarjimalarga shu jihatdan mos keladi. Sababi, tarjimon “Uliss”ga qo‘l urishdan avval katta tajriba orttirgan, Mopassan, Dostoyevskiy, Heminguey, Nitsshe, Markes kabi jahon adabiyoti salaflarini o‘zbek tilida so‘zlatgan mohir so‘z ustasidir. Undan “Uliss”­ni asliyatga aynan monand tarjima qilishni talab qilish, ayrim so‘z va iboralarni tarjimada noto‘g‘ri beribsiz, deya tanqid qilish adolatdan emas. Hatto ingliz tilini mukammal o‘rgangan tarjimon ham Ibrohim G‘afurov tarjimasidan ustunroq tarjima yaratolmaydi. Ibrohim G‘afurovning o‘zbek tarjimachiligi rivojiga qo‘shgan hissasi uni “Uliss”dek dunyo adabiyotining shohasari bilan boyitdi, o‘zbek kitobxoniga uni tortiq qildi.

So‘zimizning so‘ngida Ibrohim G‘afurov “Mangu latofat” kitobida “Umrda shunday bir palla keladi: donishmandlik pallasi. Aql chirog‘i ravshan tortib, ravshan yonib, ravshan, ishonchli ziyo taratadigan palladir”, deb yozarkan, biz ham uning aql chirog‘i yanada ravshan tortib, hamisha kitobxon ahliga ziyo taratib turishiga tilakdoshmiz.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 12-son