Muhammadjon Xolbekov. Realistik proza ustasi

Prosper Merime (1803 –1870) – XIX asr frantsuz tanqidiy realizm adabiyotining taniqli vakili, benazir dramaturg va badiiy nasr ustasidir.

Yozuvchi uzoq va murakkab ijodiy yo‘lni bosib o‘tdi. Ijodkor sifatida, u Stendal va Balzakdan oldinroq, klassitsizm prozasi  inqirozga yo‘l tutib, romantizmga o‘z o‘rnini bo‘shatib berayotgan yillarda tanilib ulgurgan va e’tirof qozongan edi. Merimening so‘nggi novellasi – “Lokis” 1869 yilda, Parij Kommunasi voqealaridan ikki yil avval, Floberning “Tuyg‘ular tarbiyasi” qissasi va Pol Verlenning “Nazokatli yillar” she’riy to‘plami bilan bir vaqtda chop etildi. Xullas, asrning birinchi yarmiga kelib, tanqidiy realizm o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga o‘tib ulgurgan, yuzaga chiqayotgan naturalizm oqimi (E.Zolya, aka-uka Gonkurlar) alomatlari aniq ko‘rina boshlagan, adabiyot va san’atda esa, hatto realizmga yot qarashlar namoyon bo‘la boshlagandi.

Merimening botiniy qiyofasini, uning dunyoni his etishga xos qarama-qarshiliklarni, badiiy uslubining o‘ziga xos xususiyatlarini u yashagan davr taraqqiyoti bilan vobasta tasavvur qilmasdan anglab bo‘lmaydi, ya’ni yozuvchining adabiy faoliyati mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayoti bilan chambarchas bog‘liqdir. Adib ijodining asosiy bosqichlari, umuman olganda, Frantsiya tarixidagi keskin burilishlar, muhim voqealar bilan, avvalo, 1830–1848 yillardagi  inqilobiy harakatlar tadrijiga mos keladi.

Merimening ijodiy faoliyati 20-yillar boshida, ya’ni talabalik (1823 yilda u Parij universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirgan) davrida boshlangan. Dastlab Merime ijodida o‘ta romantik kayfiyat ustuvorligini kuzatamiz. U Bayronni zo‘r havas bilan mutolaa qiladi, “Ossian qo‘shiqlari”ni frantsuz tiliga tarjima qila boshlaydi. Biroq, Merime ijodining shakllanishida uning 1822 yil Stendal bilan tanishuvi, shubhasiz, hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Stendal bilan tanishuvidan so‘ng, Merimening mustaqil ijodiy faoliyati boshlandi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. 1825 yilda Merime “Klara Gasul teatri” (Theatre de Clara Gazul) pesalari to‘plamini nashr ettirgach, keng ommaga tanildi. Ushbu kitobning nashr qilinishi adabiy muhitda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Merime to‘plamga kirgan pesalar mazmunini o‘zi to‘qib chiqararkan, ularni aktrisa Klara Gasulga tegishli qilib ko‘rsatadi. Yanada ishonchliroq chiqishi uchun Klara Gasulning jangovar ruhga to‘lib-toshgan tarjimai holini to‘plamga muqaddima sifatida ilova qiladi. Aftidan, Merime pesalari mazmunining o‘ta siyosiyligi va qirol nazoratining qat’iyligini hisobga olib, o‘zini kitob muallifi sifatida tanilishini istamagan.

Merimening “Gyuzla” nomli navbatdagi asari syujeti ham badiiy to‘qima bilan bog‘liqdir. “Gyuzla”ning birinchi nashri (1827) yozuvchining o‘zi to‘qigan hamda ajnabiy istilochilarga qarshi ozodlik uchun fidokorona kurashga butun kuch-qudratini baxshida etgan xalq ulug‘vorligi va qahramonligini tarannum etuvchi yigirma to‘qqiz balladadan iborat edi. Ular sirasiga adib xalq qo‘shig‘ining tarjimasidan iborat dostonni ham qo‘shadi.

Merimening badiiy to‘qimadan iborat bu asari ham muvaffaqiyat qozonadi. Hatto Pushkin va Mitskevich yozuvchi tasavvurida yaratilgan bu asarlarni slavyan xalq she’riyatining mahsuli tarzida qabul qilishib, ulardan ayrimlarini rus va polyak tillariga o‘girishadi. Masalan, Mitskevich “Morlak Venetsiyada” balladasini tarjima qilgan bo‘lsa, Pushkin o‘zining “G‘arbiy slavyan qo‘shiqlari”ga “Gyuzla”ning qayta ishlangan o‘n bitta dostonini kiritadi.

1828 yil Onore de Balzakka tegishli nashriyot Merimening olis XIV asrning  suronli voqealariga  bag‘ishlangan  “Jakeriya” nomli tarixiy dramasini nashr etadi.

Merime adabiy faoliyatining birinchi bosqichi esa uning “Karl IX saltanatining yilnomasi” nomli tarixiy romani bilan yakun topadi. Roman yozuvchining o‘sha davrdagi g‘oyaviy va badiiy izlanishlari va o‘ziga xos realistik qarashlari mahsuli edi.

“Karl IX saltanatining yilnomasi” romanida, “Jakeriya”dagi kabi, Merime muhim, davrining chuqur ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlari tasviriga murojaat qiladi. Roman voqealari XVI asrning ikkinchi yarmida butun Frantsiyani larzaga solgan diniy va fuqarolik urushlari yillarida kechadi. Ushbu voqealarning kulminatsion nuqtasi Varfolomey tuni (1572 yilning 24 avgustiga o‘tar kechasi, ya’ni avliyo Varfolomey kuni)da katoliklar tomonidan gugenotlarning dahshatli qirg‘in qilingani edi.

Roman bosh qahramonlari, oddiy zodagon og‘a-ini Jorj va Bernar de Merjilarning shaxsiy hayoti va taqdir kechinmalarini yoritarkan, Merime Frantsiya tarixidagi eng mudhish dramatik sahifalardan biriga, XVI asrda protestantlar bilan katoliklar o‘rtasidagi ixtiloflarning diniy niqob ostida iqtisodiy va siyosiy ziddiyatlarni yashirayotgan fuqarolik urushlari davriga murojaat qiladi. Frantsiyada gugenotlar harakati g‘oyat murakkabligi  va chuqur botiniy qarama-qarshiliklarga egaligi bilan farqlanardi. Uning asosiy g‘oyasi va manfaatlari – Jan Kalvin diniy ta’limotiga  nihoyatda mos tushuvchi burjuaziya siyosatini tashkil etardi.

Muallifning niyatiga ko‘ra, aslida romanning bosh qahramoni og‘a-ini de Merjilardan kenjasi – Bernar bo‘lishi lozim edi. Uning grafinya Diana de Tyurjiga muhabbati tarixi “Karl IX saltanatining yilnomasi” syujeti negizida katta o‘rin egallaydi. Asarda, adibni o‘ziga hamisha jalb qilib kelgan voqelikning romantik ibtidosi o‘z aksini topadi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. U yoshlikning jozibasi va go‘zalligi, qahramonlar ruhiy ishtiyoqining oliyjanobligi va jasorati, ular qalbida kechayotgan his-tuyg‘ular jo‘shqinligidan yaralgan. Hikoya qilish uslubining qisqa va lo‘ndaligiga qaramasdan, ehtirosli, ta’sirchan va xurram aslzoda Diana de Tyurjining obrazi ko‘p qirralidir. Tiynatining sirli mohiyati, Bernarning botiniy qiyofasi kabi Varfolomey tunining mudhish sinovlari soatlarida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy falokatlar bir vaqtning o‘zida qahramonlar ichki dunyosi rivojidagi yuqori dramatik taranglik holatiga ham aylanadi. Bernar qo‘rquv va dahshat hislarining o‘z maslagi ustidan g‘alaba qozonishga yo‘l qo‘ymaydi, Diananing qalbida esa muhabbat hamda fidoyilik bid’at hukmi ustidan g‘olib keladi.

Viloyatdan chiqqan, tajribasiz zodagonning poytaxt sari yo‘li davomida, so‘ng Parijning o‘zida, keyinchalik La-Roshelga qochish chog‘ida boshidan kechirgan sarguzashtlari haqida hikoya qilish Merimega  XVI asr frantsuz jamiyatining yorqin manzarasini tasvirlash imkonini beradi. Yosh gugenot – sofdil va barqaror fe’l-atvorli Bernar de Merji barcha sinovlar, vasvasalar va xatarlarga qaramay, otalardan meros qolgan e’tiqodiga hamda o‘z ishiga sodiqligicha qoladi. Biroq u sadoqat va jonkuyarlik ila xizmat qilayotgan ishning o‘ziga diniy mutaassiblik va jinoyatkorlik muhri bosilgan edi.

Bernarning akasi, Jorj – intellektual jihatdan kuchsizroq shaxs. Agar Bernar – bu, avvalo, faoliyat kishisi bo‘lsa, Jorj – mulohazakordir. Jorj Uyg‘onish davri hur fikrliligining izdoshiga aylangan. Uning sevimli kitobi Rablening isyonkorona ruhga yo‘g‘rilgan “Gargantyua va Pantagryuel” romanidir. U noziktab san’atshunos, hissiy go‘zallikka oshufta epikurchi faylasuf. Jorj haqiqatparvar, muttasil izlanuvchi inson. Uning obrazi muallif tomonidan murakkab ichki faoliyat istiqbolida berilgan va faqatgina shu faoliyat bilan bog‘labgina uni anglab yetish mumkin.

Gugenotlarning maslak savdoyiligidan hafsalasi pir bo‘lganligi sababli va partiya dohiylari tomonidan unga yetkazilgan shaxsiy alamlar Jorjni katoliklar tarafiga o‘tishga va ularning e’tiqodini qabul qilishga undaydi. Boz ustiga, shu tarzda u o‘zining botiniy erkinligini yaxshirok muhofaza qiladigandek ko‘rinadi, katolik cherkovi asosan  yuzaki rasm-rusumlarni talab qilsa-da, o‘z ixlosmandlarining shaxsiy hayotiga u qadar aralashmaydi. O‘z xarakatlarida Jorj yana teran rag‘batlarga amal qiladi. Voqealarning keyingi rivoji uning tiynatiga xos qat’iyatlilik bilan davom etadi. Jorj de Merji Qirol Karl murojaat qilgan jinoiy topshiriqlarni bajarishni rad etadi. Varfolomey tunidagi qonli qirg‘inda ishtirok etishdan bosh tortadi va qo‘lida qurol bilan himoyasiz bolali ayolni o‘qqa tutayotgan qotillarga tashlanadi. Buning uchun uni qamoqqa hukm qiladilar. Ozodlikka chiqqach, u bundan buyon qilichini qinidan sug‘urmaslikka va diniy fatvolarda ishtirok etmaslikka ont ichadi. Zero, u har ikkala tomonning vahshiyligini yetarlicha anglab yetgan edi.

Jorjning, o‘z davridan o‘zgan yakka insonparvarning izlanishlari ke­yinchalik qanday rivojlanishi mumkinligini biz bilmaymiz. La-Roshel devorlari ostida Bernar akasini taniy olmaydi va Jorj o‘qqa uchib o‘ladi. Mardonavorlik ruhi bilan to‘lib-toshgan Jorjning o‘limi sahnasi bilan roman voqealari yakun topadi. Syujet rivoji shu alpozda uziladi. Qahramonlarning keyingi taqdiri to‘g‘risida hikoya qilish muallifni qiziqtirmaydi. Bosh qahramon beixtiyor aybdor bo‘lib qolgan birodarkushlik urushida mamlakatning hukmron doiralari din va cherkov nomidan qo‘zg‘agan fuqarolik nizolarining g‘ayriinsoniyligi va shafqatsizligi romanda o‘z ramziy ifodasini topgan. Xullas, “Karl IX saltanatining yilnomasi”romanining fojeaviy xotimalanishi muallifning ikkala qahramonga bo‘lgan munosabatiga yangi savollarni qo‘yadi. Uzoq vaqt roman syujetida Jorj obrazi chetda, Bernarning yetuk, ko‘tarinki va dangal obrazi soyasida qolgan bo‘lsa, romanning oxirgi boblarida u (chamasi, dastlabki niyatga teskari) birinchi planga chiqariladi. Ehtimol, “Yilnoma” ustida ishlash jarayonida ushbu personaj ob’ektiv jihatdan muallifning tiynatiga yaqinroq bo‘lib chiqqandir.

“Karl IX saltanatining yilnomasi” – adib badiiy mahoratining mutlaq yetukligidan dalolat beruvchi asar. Romanning uslubiy alomatlari yozuvchi qarashlari bilan belgilanadi: diniy urush yillarida mamlakatda hukmron ijtimoiy muhitni har tomonlama va xolis tavsiflash, birinchi planga oddiy odamlar axloqi va kayfiyatlarining tasvirini chiqarish asosiy o‘rinda turadi.

Bunday yondashuv roman kompozitsiyasining o‘ziga xosligini, uning tarixiy solnoma janriga yaqinligini ta’minlaydi (ushbu xususiyat muallif tomonidan bejizga asar sarlavhasida ajratib ko‘rsatilmagan). Merime romanida yagona, yaqqol ifodalangan syujet o‘qi mavjud emas, muallif uzoqdan, sekin-astalik bilan o‘quvchini kulminatsion nuqtaga – Varfolomey tunining mudhish tasviriga olib keladi, mudom voqealarni bir joydan boshqasiga ko‘chiraveradi, romanning ayrim boblari alohida ajralib, kichik tugallangan butunlik xususiyatlarini kasb etadi. “Yilnoma” kompozitsiyasi nihoyatda dinamikdir. Epizodlarning jadal almashinuvi, hikoyaning shiddatli sur’ati qarama-qarshi kuchlarning keskin va shafqatsiz kurashi, his-tuyg‘ularning qizg‘in jo‘shqinligi shunday muhitni yaratishga yordam beradi.

Merime  o‘z romani ustida ishlarkan, oldingi yillarda to‘plagan dramaturglik tajribasidan keng foydalanadi. Yozuvchi imkon qadar lo‘ndalikka intiladi, romantiklarga xos bo‘lgan uzundan-uzoq tavsiflar va lirik chekinishlardan qochadi. O‘z personajlarining botiniy qiyofalarini chizarkan, bu tavsiflarni, odatda, qandaydir bir ma’nodor badiiy detal negiziga quradi. Bunday usul roman qahramonlarining qisqa, ammo aniq va nafislik bilan chizilgan siymolarini yanada bo‘rttirib ko‘rsatuvchi davrning xilma-xil va jonli hamda tarixiy fonini tashkil etuvchi figuralarning butun bir galereyasini yaratish imkonini beradi.

“Karl IX saltanatining yilnomasi” romani bosilib chiqqan 1829 yildan boshlab adibning ijodiy kamolotida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Restavratsiya yillarida Merime katta ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni tasvirlash, keng qamrovli siyosiy manzaralarni qayta jonlantirish, tarixiy syujetlarni qayta ishlash bilan qiziqadi, uning e’tiborini novella janri o‘ziga tortadi.

Yozuvchi o‘zining 30-40 yillarda yaratgan asarlarida siyosiy mavzularni bevosita yoritmaydi, axloqiy, botiniy ziddiyatlarning tasviriga chuqur kirib borarkan, shu bilan birga tarixiylikdan ko‘ra ko‘proq zamonaviy muammolarga asosiy e’tiborini qaratadi. Endi Merime roman janridan uzoqlashadi, dramaturgiya bilan deyarli shug‘ullanmaydi, butun diqqatini asosan kichik janr, ya’ni novellaga qaratadi va ushbu janr unga adabiyot olamida shuhrat olib keladi.

Merime novellalarida o‘z davrining bir qancha yetakchi mavzulari ko‘zga tashlanadi. Ular, birinchi navbatda, davlat va jamiyat axloqining keskin fosh qilinishida namoyon bo‘ladi. O‘z shakllariga ko‘ra anchayin rang-barang ko‘rinishdagi ushbu tanqidiy tendentsiyalar yozuvchining dastlabki, 1829-1830 yillarda yaratilgan “Mozaika” (1834) to‘plamiga kiruvchi novellalarida yaqqol namoyon bo‘lgan edi.

“Tamango” novellasida Merime achchiq kinoya bilan burjua tamaddunining ikkiyuzlamachi va berahm tipik vakili, qul savdogari kapitan Ledu obrazini yaratadi. Kapitan Ledu va uning hamtovoqlariga novella mazmunida xabashlar sardori Tamango va uning qabiladoshlari qarshi turishadi. Oq tanlilarning mustamlakachilik faoliyati va xabashlarning ezilishiga qarshi chiqarkan, Merime 20-yillar ilg‘or frantsuz adabiyotida keng tarqalgan mavzuni rivojlantiradi. Misol uchun, o‘sha yillar shu mavzuda yaratilgan Viktor Gyugoning “Byug-Jargal” romani kitobxonlar davrasida e’tibor qozongan edi. Bu davrda romantizm yo‘lini tanlagan Gyugodan farqli o‘laroq, Merime ideallashtirilgan va real voqelikdan ustun turguvchi qabila boshlig‘i obrazini yaratmaydi. Adib o‘z qahramonining ibtidoiy odamligini, yovvoyi qiyofasini bor bo‘yicha tasvirlashga harakat qiladi. Tamango, boshqa xabashlar kabi johil, bid’atlarga ishonuvchi, ko‘r-ko‘rona tuyg‘ular ta’siridagi xudbin va shafqatsiz kishi. Biroq, Tamangoga o‘zini qul qilmoqchi bo‘lganlardan yuqori turguvchi chuqur insoniy tuyg‘ular ham xosdir. Bu holat uning erkinlikka intilishida, sadoqatida, tiyiqsiz bo‘lsa-da, qudratli hislarga qodirligida, og‘ir sinovlar paytida namoyon bo‘lgan mag‘rurligi va matonatida ko‘zga tashlanadi. Shu tariqa kitobxon o‘ta razil burjua  Leduda, odamovi Tamangoga qaraganda ko‘proq vahshiylik tuyg‘usi yashirinligini tushunib yetadi.

Shu bois novellada Tamangoni qullikda kechgan alamli va mash’um qismati to‘g‘risida hikoya qiluvchi yakun o‘tkir kinoya tarzida o‘z ifodasini topadi. Bu yerda yozuvchining har bir so‘zi chuqur kinoyaviy ma’noga ega. Plantatorlar, Tamangoni hayotga qaytarib, uni namunaviy polk nog‘orachisiga aylantiradilar, ular xabashga marhamat ko‘rsatganlariga ishonchlari komil edi. Biroq, erkinlikka o‘rgangan qora tanli pahlavon – bu “marhamatlar”dan ichikib, ichkilikka ruju qo‘yadi va tez orada kasalxonada vafot etadi.

“Tamango” novellasi yakuni XIX asr g‘arb realistik prozasida mus­tamlakachilik mavzusining keskin tanqid qilinishida o‘ziga xos muhim ahamiyat kasb etdi.

Axloqiy fazilatlar boylikning qabih hukmiga bo‘ysunishi va manfaatparastlikka muvofiq kelmasligi to‘g‘risidagi mulohazalar Merimening boshqa bir novellasi – “Triktrak o‘yini”  (1830)da muammo tarzida ko‘tariladi. Unda navqiron dengiz zobiti, leytenant Rojening ruhiy dramatik holati berilgan. Pul uchun o‘z tiynatiga xiyonat qilgani, hatto o‘g‘rilikkacha pastkashlashgani borasidagi o‘y-fikrlar Rojega tinchlik bermaydi. Bu holat asta-sekin uning ruhiy muvozanatiga ham putur yetkazadi. Merime o‘z novellasiga ushbu g‘oyaviy va psixologik motivlarni singdirib, uni to‘satdan ruhiy barqarorlikdan mahrum bo‘lib qolgan kimsaning aql nazoratidan chiqib ketayotgan kechinmalarini jonlantirarkan, zo‘rayib borayotgan ruhiy iztirobini tasvirlash bilan yakunlaydi. Merime XVIII asrdan meros bo‘lib qolgan ruhiy hayot qonuniyatlari xususidagi ratsionalistik tasavvurlarni yengib o‘tarkan, badiiy adabiyotdagi psixologik tahlil chegaralarini yanada kengaytirdi. Shu bilan birga ushbu tahlil turi yozuvchi uchun bosh maqsad emasdi aslo. Leytenant Rojening fojeaviy kechinmalari haqida hikoya qilarkan, muallif birinchi navbatda bu kechinmalarni keltirib chiqargan ob’ektiv va ijtimoiy sabablarni aniqlashga intiladi.

Bir qator novellalarida (“Etrusk guldoni”, “Qo‘shaloq xato”, “Arsena Giyo”)  Merime jamiyatning berahm va bag‘ritoshligini qoralaydi. Axloqsiz va riyokorlikka mukkasidan ketgan jamiyat, Merime tasvirlab o‘tganidek, yorqin tanho tiynatlarni hazm qilolmaydi. U samimiy tuyg‘ularning har qanday ko‘rinishiga dushmanona munosabatda, o‘ziga sal bo‘lsa-da mos kelmaydigan barcha aqidalarni yo‘q qilishga urinadi. Tabiatan nozikta’b kishilarda esa o‘tkir jizzakilik hissiyotini uyg‘otadi, atrofdagilarga ishonchsizlikni tug‘diradi.  “Etrusk guldoni” (1830) novellasi qahramoni Sen-Kler hayotda samimiy va tabiatan muloyim, atrofini o‘rab olgan ma’naviy qashshoq jamoadan farqli o‘laroq, kuchli tuyg‘ularga qodir kishi. Aynan shu sabab jamiyat Sen-Klerga nisbatan dushmanlik ko‘zi bilan qaraydi, oxir-oqibat uni nobud qiladi.

Aynan ushbu mavzuning realistik yechimini biz Merimening sara novellalaridan biri – “Qo‘shaloq xato”da kuzatamiz. Ushbu novellada bosh qahramonlar uch nafar. Ularning hammasi ham u yoki bu darajada xudbinlikka uchragan, atrofida hukmron pul hokimiyati tomonidan majruhlanib, qulga aylantirilgan shaxslar, masalan, Shaverni – to‘pori va bachkana mulkdorning tipik mujassami.

Ayni paytda Merime o‘z zamonasining inqilobiy-respublikachilik harakatidan uzoq bo‘lib, ishchilar sinfining kurashiga salbiy munosabatda edi. Uning tasavvurini hayajonga soluvchi xalq hayoti romantikasini Merime hali burjua tamadduni qamrab ulgurmagan mamlakatlardan izlashga urinadi va Korsika (“Matteo Falkone”, “Kolomba”) hamda Ispaniyadan (“Karmen”) qidiradi. Biroq, badiiyat ilhomlantirgan qahrli qahramonlar, xalq orasidan chiqqan oddiy kishilar obrazlarini yaratarkan, Merime ularning botiniy qiyofalaridagi qadimiy yoki ibtidoiy qirralarni russochasiga yoki romantik yo‘sinda ideallashtirishga intilmaydi, o‘z nav­batida, ularni o‘rab turgan yovvoyilik, qoloqlik va qashshoqlik ongida tug‘dirgan salbiy, xunuk tomonlarini ham yashirmaydi.

Ilk bor ushbu mavzu adibning “Matteo Falkone” (1829) novellasida, asar qahramonlarining favqulodda bo‘rttirilgan obrazida jaranglagan. Mazkur mavzuning keyingi rivojini Merimening 1831–1833 yillar “Revyu de Pari” jurnalida chop qilingan “Ispaniyadan maktublar” nomli to‘rt ocherkida kuzatamiz. 1840 yilda e’lon qilingan, hajman jajji roman janriga yaqin “Kolomba” (1840) novellasida bu motiv to‘liq o‘z ifodasini topadi.

Ushbu novella syujeti kontrast usuliga mos holda qurilgan. Della Rebbia va Barrichini oilalari o‘rtasida yuzaga kelgan dushmanlik adovati ziddiyatlarini tasvirlarkan, Merime mutlaqo bir-biridan farqli ikki dunyoqarashni, hayotga ikki munosabatni qarama-qarshi qo‘yadi. Ulardan biri qissaning bosh qahramoni Kolombada mujassam bo‘lgan, ildizlari adolat va or-nomus to‘g‘risidagi xalqona tasavvurlarga borib taqalsa, boshqasi burjuacha axloq zaminida shakllangan riyokor va munofiq advokat Barrichini siymosida mujassamlashgan. Agar Kolombo uchun askarlik jasorati va mardlikdan ulug‘roq tuyg‘u bo‘lmasa, Barrichinining asosiy quroli pul, pora, huquqiy fisq-fasoddan iborat bo‘lib ko‘rinadi.

Novellaning qolgan obrazlari ham yozuvchi tomonidan ta’sirchan, badiiy jihatdan mahorat bilan yaratilgan. Bu, avvalombor, Kolomboning akasi Orso-Vaterloo jangining qatnashchisi, iste’foga chiqqan frantsuz zobitidir. Qadrdon zamindan uzilib qolgan Orsoning ichki kechinmalari qissaning muhim g‘oyaviy yo‘nalishlaridan birini tashkil etadi. Ochiqko‘ngil irlandiyalik, polkovnik ser Tomas Nevilning qizi Lidiyaning botiniy qiyofasi voqealar davomida ko‘rsatib berilgan. Tantiq va erkatoy qizgina jonli voqelik bilan to‘qnasharkan, jamiyatdagi shartlilik haqida asta-sekin unutaborib, samimiy tuyg‘ularga ko‘proq bo‘ysuna boshlaydi. Lidiya Nevelning nazokatli, lekin nozik, qaysidir darajada zaif siymosi yozuvchiga qissa markaziy qahramonining benazir va yovvoyi go‘zalligini yanada yaqqolroq ajratib ko‘rsatishga yordam beradi.

Merime o‘zining mashhur novellalaridan biri “Karmen”da (1845) ham kontrast usulidan foydalanadi. Bir tomondan, qarshimizda himoyachi, qiziquvchan olim va sayohatchi, nozikta’b, ammo birmuncha zaiflashgan yevropacha tamaddun vakili bo‘lib ko‘ringan muallif o‘quvchi e’tiborini o‘ziga tortadi. Unda, albatta, hikoyachining tarjimai holiga oid detallar ko‘zga tashlanadi. To‘g‘risi, tafakkurning insonparvarona va xalqchillik tarzi Merimening o‘zini yodga soladi. Ammo, muallif- roviy siymosi qaysidir darajada kinoyaviy tarzda yoritilgan. Hikoyachining ilmiy izlanishlarini bayon qilganida, ularning asossiz  va mavhumligini ko‘rsatganida yoki o‘z qahramonining atrofida qaynab jo‘shayotgan hayot dramasini xotirjam kuzatishga moyilligini tasvirlaganida muallifning lablarida istehzoli tabassum paydo bo‘ladi, ushbu muhim chizgilarning vazifasi – Karmen va don Xosega xos bo‘lgan betakrorlik, ehtiroslilik, tabiiy qudratni imkon qadar yorqinroq namoyon etishda qo‘llanadi.

Darvoqe, Karmen va don Xosening kuchli ehtiroslarga berilish qobiliyatida o‘quvchini hayratga solguvchi, ular tabiatining barqarorligi, siymolaridan taralayotgan joziba manbai qahramonlar jismida jo bo‘lib keladi. Karmen o‘zi voyaga yetgan jinoiy muhitdan ko‘pgina yomon illatlarni o‘ziga singdirgan. U yolg‘on gapirmay, o‘zgalarni laqillatmay yasholmaydi, u ishqiy o‘g‘rilik hiylasida ishtirok etishga ham tayyor. Karmenning ziddiyatli, botiniy qiyofasida hukmron jamiyatning zaiflashgan yoki toshbag‘irlashgan vakillarida bo‘lmagan ajoyib ruhiy sifatlar mavjud. Bu – uning uchun eng sirli tuyg‘u – muhabbatda, samimiylik va soflikda namoyon bo‘ladi. Sohibjamol Karmen o‘ta mag‘rur, ashaddiy erksevarlik, botiniy mustaqilligini saqlab qolish uchun hammasini, hatto hayotini ham qurbon qilishga tayyor.

O‘z ijodiy faoliyati so‘ngida Merime yana bir necha novella yozdi. Albatta, “Moviy xona” (1866), “Juman” (1870) va ayniqsa, “Lokis”da (1869) biz novellanavis Merimening sayqallangan badiiy uslubi va alomatlarini kuzatamiz.

Merime novellalari yozuvchi adabiy merosining eng yorqin sahifasi bo‘lsa, ajabmas. Yozuvchining sara asarlari XIX asr frantsuz realistik prozasining rivojlanishida muhim rol o‘ynadi.

O‘tgan asrda adib novellalari va  “Karl IX saltanatining yilnomasi” romani taniqli adabiyotshunos va tarjimon, ustoz Ozod Sharafiddinov tomonidan ona tilimizga o‘girildi va bir necha bor qayta nashr qilindi. Yaqinda, akademik Akmal Saidov so‘zboshisi bilan Merime asarlarining bir jildligi nashrdan chiqdi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 12-son