O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir (1910.30.5 – 1978. 25.1) tarjimasida olmon, rus, ozarboyjon, gruzin, xitoy, hind shoirlari ijodidan namunalarni yana bir marta o‘qib, uqish maroqli mashg‘ulot, albatta. Bilamizki, Mirtemir lirik, liro-epik, epik asarlarni birdek mahorat bilan o‘zbek tiliga tarjima qilib, tarjimon sifatida ham nihoyatda keng ko‘lamli adabiy meros qoldirgan. U A.S. Pushkin lirikasining salmoqli qismini, she’riy ertaklarini, shuningdek, “Otishma”, “Oyimqiz-qishloqi qiz” kabi nasriy asarlarini, M.Yu. Lermontovning bir qancha she’rlarini, “Shoh Ivan Vasilevich, navqiron yasovul va azamat savdogar Kalashnikov haqida qissa” poemasini, N.A. Nekrasovning “Rusiyada kim yaxshi yashaydi?” poemasini o‘zbek kitobxonlariga armug‘on etdi. Bundan tashqari, Mirtemirning tarjimonlik mahorati Berdaq she’riyati (Berdaq. Tanlangan asarlar. 1951; 1956), “Qirqqiz” qoraqalpoq xalq dostoni (Uyg‘un bilan hamkorlikda, 1956), “Manas” qirg‘iz xalq eposi birinchi bo‘lim birinchi kitobi (1964), Yershov “Bukri toychoq” poemasi (1964), Sh. Rustaveli “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostoni (M.Shayxzoda bilan hamkorlikda, 1966) tarjimalarida ham yorqin namoyon bo‘ldi. U. Nasimiy, Mahtumquli, G. Geyne, E. Pote, Abay, Ya. Kupala, T.G. Shevchenko, N. Baratashvili, Li Bo, Chon Chxol, M. Gorkiy, R. Tagor, A. Tvardovskiy, A. Surkov, V. Sosnora, P. Neruda, S. Vurg‘un va boshqalar ijodidan namunalarni ham mehr-muhabbat bilan o‘girdi. “Karmen”, “Ulug‘bek” operalari, “Natalka-poltavka”, “Bayadera”, “Keto va Kota” musiqali dramalari uning tarjimasida o‘zbek sahnasida jarangladi.
Elga el qo‘shilsa, davlat. Ma’lum adabiyotga boshqa xalq badiiy xazinasidagi asar tarjima bo‘lib qo‘shilar ekan, har ikki adabiyot ham, har ikki xalq ham baravar darajada boyiydi. Chunki ko‘ngil ko‘ngildan suv ichadi, ikki o‘rtada muloqot kuchayadi, munosabatlar mustahkamlanadi, bir-birlarini to‘g‘ri va teran anglaydigan bo‘ladilar.
Zero, har bir yirik ijodkorning har bir asari tarjimasi mohiyatan o‘ziga xos estetik, falsafiy, aksar vaqt muhim ijtimoiy masalalarga ham bog‘lanadiki, ularni to‘g‘ri anglamasdan va haqqoniy qabul qilmasdan turib, asl nusxaga muvofiq tarjimani yaratib bo‘lmaydi.
“Dengizga” she’ri (1824) Pushkin ijodidagi muhim asarlardan biri:
Proshay, svobodnaya stixiya!
V posledniy raz peredo mnoy
Tы katish volnы golubыe
I bleshesh gordoyu krasoy.
Mirtemir tarjimasi:
Alvido, zo‘r qudrat – asov g‘alayon!
Yashil to‘lqinlaring so‘ng daf’a surib –
Ko‘zlarim oldida qaynaysan chunon,
Mag‘rur go‘zalliging bilan barq urib.
Tarjimon rus shoiri o‘z misralariga jo etgan ruhiy shiddatni, she’r dinamikasini yaqqol ifodalay bilgan.
Asl nusxada:
Mir opustel… Teper kuda je
Menya b tы vыnes, okean?
Sudba zemli povsyudu ta je:
Gde kaplya blaga, tam na straje
Uj prosveshene il tiran.
Mirtemir tarjimasi:
Dunyo bo‘shab qoldi… endi sen meni
Qayon olib chiqar eding, okean?
Insonlar taqdiri har yerda birdir,
Qayda farog‘at bor bo‘lsa, posbon –
Ma’rifat yo zolim u yerda, ayon…
Lirik qahramon ko‘nglidagi kolliziya tarjimada ham tabiiy zuhurini topgan.
Mirtemir Pushkinning butun ijodini, hayot yo‘lini, dunyoqarashining shakllanish va rivojlanish tamoyillarini chuqur bilmaganida edi, bu daho lirik asarlarini bunday mahorat bilan tarjima qila olmas edi.
Barhayot shoirimizning o‘z ijodiga va tarjimalariga zamondoshlari nigohi bilan qaraganimizda, Mirtemir fenomenini tobora teranroq anglayotganimizni sezamiz.
Shoir va adib Mirmuhsin esdaliklarida quyidagi fikrlar bor: “Ustoz Mirtemir mutlaqo o‘xshashi yo‘q shoir edi… O‘zbek adabiy tili jarangu jilvasini tarannum etdi. Shu beqiyos va tarixan nihoyatda boy tilga Pushkin she’riyatini eng a’lo tarjima qilgan shoir ham u edi. U stolga o‘tirib tarjima qilmas, balki u Pushkin yonida turib, u bilan barobar kuylardi, desam, xato bo‘lmas”. Shevchenko, Nekrasov, Gomer, “Manas”… Uning qalbi Sirdaryo atrofidagi ko‘k va oltin yoyiqlardek keng, qarchig‘aylar uchib hududiga yeta olmas”.
Haqiqatan, Mirtemir she’riyati va tarjimalari – yaxlit, yagona badiiy hodisa. Shu tarzda o‘rganganimizda, uning ijodi zamiridagi estetik-falsafiy qarashlarini uqish o‘ng‘aylashadi.
Mirmuhsin ishora qilganidek, Mirtemir lirikani ham, eposni ham chinakamiga teran anglagani va qadrlagani uchun, lirikaniyu eposni birdek kuchli salohiyat bilan tarjima qildi.
Albatta, “oy tug‘sa ham shunga tug‘sin, kun tug‘sa ham shunga tug‘sin” qabilida ish tutib bo‘lmaydi. Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dongi chiqmas. Mirtemirning shoirlik faoliyatini ham, tarjimon-shoirlik faoliyatini ham XX asr o‘zbek adabiyoti umumiy jarayonidan ajratib olib o‘rganish aslo mumkin emas. Deylik, uning Pushkin, Lermontov, Nekrasovdan tarjimalarini Cho‘lpon, Oybek, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Usmon Nosir, Zulfiya va ulardan keyingi avlod vakillari tarjimalari kesimida o‘rganish – bu, yagona adabiy muhitga mansub shoirlarning umumiy va o‘ziga xos xususiyatlarini belgilashga yordam beradi. O‘zbek tarjimashunoslik fani ayni yo‘nalishda ham ma’lum izlanishlar olib bormoqda. Boshqa yirik shoir-tarjimonlarimiz qatorida, Mirtemir ham o‘ziga xos tarjima maktabi yaratgani allaqachon e’tirof etilgan.
N.A.Nekrasovning “Rusiyada kim yaxshi yashaydi?” poemasi nainki Mirtemir, balki butun milliy tarjimachiligimiz erishgan yuksak cho‘qqilardan biridir.U xuddi o‘zbek tilida yozilgandek tuyuladi – she’r shunday ravon, tabiiy quyulib keladi. Bu poema tarjimasiga bag‘ishlangan alohida tadqiqotlar yaratilishi ayni muddaodir.
O‘zbek tilida “Manas” qirg‘iz xalq eposi (birinchi bo‘lim, 1-kitob) nashr etilishi tarjimachiligimiz erishgan katta yutuqlardan biri bo‘ldi. Milliy folklorimizni, qardosh xalqlar, umuman, jahon xalqlari folklorini sevgan, ularni doimiy ravishda o‘rganib borgan shoir Mirtemir “Manas”ni tarjima qilish uchun odati bo‘yicha, astoydil, har taraflama tayyorgarlik ko‘rdi, “Manas” va bu turkumga kiruvchi boshqa dostonlarni sinchiklab o‘qib chiqdi, manasshunoslarning tadqiqotlari bilan tanishdi, Manas nomi bilan bog‘liq joylarni ziyorat qildi. “Manas” ritmini o‘zbek tilida tabiiy ravishda yangratish yo‘lida izlandi. O‘zbek xalq shoirlari aytgan dostonlarni ham xayolidan bir-bir o‘tkazdi. Oxir-oqibat murodiga yetdi. Adabiy jamoatchilik ham, keng o‘quvchilar ommasi ham “Manas”ni o‘z dostonidek qabul qildi, yotsirab turmadi.
“Manas” qo‘shiqlari, qarang, qanday ravon, sinini buzmay, erkin, jarangdor yangraydi… Mana bu parchada Xonikey Manas va hamrohlarini olisdan ko‘rganida ko‘nglidan nelarni kechirgani tarannum etilgan:
“Oy tagida daryoning,
To‘lqinidan bitganday.
Havodagi bulutning,
Salqinidan bitganday.
Osmondagi oftobning,
Yorug‘idan bitganday.
Ot bostirgan yerlarni,
Ostin-ustin titganday…
Xonikey suluv to‘lg‘anib,
To‘xtab qoldi o‘ylanib:
“ … Oqqula minib qaqqaygan,
Bug‘doy yuzlik keladi.
Tumandan yo‘l topguvchi
Olov ko‘zlik keladi.
Og‘asining ketidan
Yo‘lga chiqqan ekan-da.
Men sho‘rlikning dardimda
Cho‘lga chiqqan ekan-da.
Kuyovim bo‘lsa koshkiydi,
Ko‘nglimga xos sher ekan.
Uzilganin ulasam,
Sochilganin to‘plasam,
Charpishganni qo‘ymovchi
Chamasi yetar er ekan!
Manasning Manas ekanin
Ilgaridan bilardim.
Manasligi chin bo‘lsa,
Atay izlab kelar deb,
Meni ko‘zlab kelar deb,
Yaratganning o‘zidan
Men qurg‘ur tilab yurardim”.
“Manas”da nainki qudratli alplarning, donishmand chollarning, balki go‘zal va oqila xotin-qizlarning barkamol obrazlari ham esdan chiqmaydigan qilib gavdalantirilgan.
Yuksak mahorat bilan tarjima qilingan asar muayyan ma’noda yangi asar bo‘ladi. Uni ona tilida – asl nusxasida o‘qib uqqan kishilar bu asarni boshqa tilda mutolaa etib, mag‘zini chaqqanlarida, ilgari o‘zlariga ma’lum bo‘lmagan ko‘p xosiyatlardan xabar topib, hayratga tushadilar. Bir til iqlimidan ikkinchi til iqlimiga o‘tgan asar, shubhasiz, yangilanadi, yasharadi, bugunning kishilari estetik idrok etishi uchun o‘ng‘ayroq shaklga keladi. Bu esa badiiy asar yashab qolishining zaruriy shartidir. Arxaikadan xalos bo‘lib, jonli adabiy til sayqaliga erishib, qaytadan mehr-muhabbat, ardoq topgan badiiy asar marvariddek yarqiraydi, ohanraboday o‘ziga tortadi. “Manas” ana shunday tarjimadir.
Shoirlik odobi shundayki, u ruhini hech qachon quyosh poyasidan quyiga indirmas. U na she’rida, na suhbatida tortgan azoblarini “doston” qilgan. Ha, Mirtemir ijod mashaqqatlari bilan birgalikda hayot sinovlarini, nohaqliklarni mardona yengib o‘tgan bukilmas iroda egasi edi. U 1932 yil 8 avgustda “Qizil qalam” adabiy tashkilotining a’zosi sifatida Botu, Oltoy singari “millatchilar” bilan aloqada bo‘lganligi uchun GPU tomonidan hibsga olingan. 1935 yil 1 yanvar kuni ozod etilgan. Lekin shoir taqdiriga tushgan sinoqli kunlar asoratidan osonlikcha xalos bo‘lib keta olmagan. “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi”da yozilganidek, “2-jahon urushidan keyingi yillardagi adabiy siyosat natijasida Mirtemirga ijod etish va yozgan asarlarini e’lon qilish imkoni berilmagan. Natijada u tarjima va tahrir ishlari bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan. Qoraqalpoq she’riyatidan qilgan tarjimalari va “Qoraqalpoq daftari” (1959) she’riy turkumining katta muvaffaqiyat qozonishi Mirtemirning “erkin” ijodkorlar safiga qaytishi va ijodiy yasharishiga sababchi bo‘ldi”.
U hayot sinovlarini ilhom va ijodiy mehnat bilan yengdi. Ko‘ngil erkinligini har qachon barqaror saqlay oldi.
G‘afur G‘ulomning o‘rtoqlik hazilida Mirtemirning barkamol, betakror insoniy qiyofasi xuddi grafik rasmdagidek, lekin aniq ifodalangan:
Pinagini buzmay, larzakor va jarangdor polapon qushday ohista,
Yassi bo‘ylab cho‘ng alp singari zaytunzor aro devkor va yovqur
She’r yobonlarida yovshan chechaklarin tergan yozuqli qaysar,
Suluv she’riyatning tug‘in ko‘tarib
Jinday g‘azalxon, tanti shoir Mirtemir kelayotir!..
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son