Muhabbat Baqoyeva. Mashhur bo‘lishni istamagan shoira

Katta iqtidor va qobiliyat egasi bo‘lsa-da, mashhur bo‘lishni istaymay, yashirin ijod qilib olamdan o‘tib ketgan adiblar ham bor. Emili Dikinson ana shunday ijodkorlardan biridir.

Emili Dikinson /1830-1886/ Amerika adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan shoirlardan. Umuman, Amerika adabiyotiga nazar tashlasangiz, uning ravnaqiga ayol adibalar sezilarli ulush qo‘shganini ko‘rasiz. Jumladan, Anna Bredstrit, Meri Roulendson, Enn Hachinson, Enn Kotton, Sara Kembl Nayt, Fillis Uitli, Syuzanna Rouson, Hanna Foster, Judit Sarjent, Otis Uorren, Margaret Fuller, Emili Dikinson, Lidiya Chayld, Enjelika Grimke, Sara Grimke, Elizabet Keydi Stenson, Sojorner Truf, Harriyet Bicher Stou, Harriyet Jeykobs, Harriyet Uilson, Meri Uilkins Frimen, Sara Orn Juitt, Edlen Glazgou, Uilla Keser, Marianna Mor, Zora Nil Kerston, Silviya Platt, Anna Sekston, Elizabet Bishop, Emi Klempit, Niki Jovani, Maya Angelou, Yudora Uelti, Toni Morrison kabi Amerika adiba va shoiralari ijodining har biri o‘ziga xos bir olam. Afsuski, hozircha Harriyet Bicher Stoudan bosh-qa Amerika adibalarining asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan va shu bois ular aksar o‘zbek kitobxon- lari uchun notanish. Adabiyotshunoslarimiz, tarjimashunoslarimiz va tarjimonlarimizni bu sohada ulkan ishlar kutmoqda.

Yuqorida nomlari sanab o‘tilgan ayol ijodkorlar ichida jahon adabiyotida eng yorqin iz qoldirgani Emili Dikinsondir. XIX asrda yashab ijod etgan bu Amerika shoirasining hayoti va ijodini boshqa biron adib yoki adibaning hayoti va ijodiga o‘xshatib bo‘lmaydi. Uning tili va uslubi ham nodir va sirlidir. Shoira ijodining ajib xislatlari uning o‘ziga xos hayot yo‘li bilan ham belgilanadi.

Emili Dikinson hayoti va ijodini o‘rgangan olimlarning ta’kidlashicha, u Amerikadagi Masachusets shtatining Amherst qishlog‘ida tug‘ilgan. Butun hayotini shu yerda tanholikda o‘tkazishga harakat qilgan: turmushga chiqmagan, yozgan she’rlarini yashirin tutgan, 35 yoshidan boshlab esa tashqi hayot bilan aloqalarini deyarli uzgan holda kun kechirgan. Emili Dikinson o‘z davrining ziyoli ayollaridan bo‘lib, xotin-qizlarga oliy ma’lumot berishga mo‘ljallangan Ayollar seminariyasini tugatgan edi. Lekin boshqa qalam sohiblaridan farqli o‘laroq, uni badiiy adabiyotni ko‘p o‘qir edi deb ta’kidlab bo‘lmaydi. Van Spekkeren Ketrinning yozishicha, Emili Dikinson badiiy adabiyotdan Shekspir asarlarini, mumtoz afsonalarni va Injilni juda yaxshi bilardi. Bu kamtarin, kamsuqum, iboli qishloq ayoli XIX asr Amerika adabiyotidagi eng buyuk she’riyatning kattagina qismini yaratgan edi. Shoiraning uslubi kam so‘z ishlatib, katta ma’noni bayon etishga qaratilgan. U hech qachon bir so‘z ishlatish kifoya bo‘lgan joyda ikki so‘zni ishlatmasdi. U kamtarlikni manmanlikka qarshi qo‘ydi, shon-sharafdan ko‘ra tanilmay o‘tishni afzal ko‘rdi.

Shoira tabiatidagi o‘ziga xos xususiyatlar uning she’riyatida ham o‘z ifodasini topgan. Misol uchun, o‘zining “Men hech kimman! Siz kimsiz? (I’ m Nobody! Who are you?)” she’rida u o‘zining “Hech kim”ligini, unga o‘xshagan kishilarni atrofidagilar tushunmasligi tufayli bu haqda og‘iz ochmaslik kerakligini yozadi. Manmanlik bilan shuhrat orttiradiganlarni botqoqlarni xushnud qilib, sayrab vaqt o‘tkazadigan qurbaqalarga o‘xshatadi.

Jahon adabiyotida Emili Dikinson o‘ta kamtarin, shuhratparastlikka tamoman yot tabiatga ega bo‘lgan ayol timsolida namoyondir. U yaratgan 1775 she’rdan faqat bir nechtasigina uning ruxsatisiz hayot paytida chop etilgan. Shoira istamagan shuhrat vafotidan ko‘p yillar o‘tgandan keyin 1955 yilda uni izlab topdi. Shu yili uning uch jildlik she’rlar to‘plami chop etildi va ular adabiy tanqidchilar tomonidan turlicha baholandi, shundan keyin Dikinson Amerika va xorijda tez tanilib, mashhur bo‘lib ketdi.

Emili Dikinson she’riyati bilan tanishar ekansiz, o‘zingizni ajib bir sirli dargohga kirib qolgandek his etasiz. Xastalikka chalinib, u dunyoni ko‘p o‘ylaganidanmi, tashqi dunyo bilan kam aloqada bo‘lganidanmi, uning she’riyatida borliqning ichki mohiyatiga e’tibor juda kuchli. Mashhur ingliz shoiri J.G.Bayron o‘zining “Chayld Harold ziyoratlari” asarida inson tanho qolganda, dengiz u bilan suhbat qilishga qodir deydi, ya’ni tabiat insonni yolg‘izlatib qo‘ymaydi degan fikrni ilgari suradi. Shu fikrning isboti Emili Dikinson ijodida in’ikos topgan. Щoiraning aksar asarlarida qaynoq hayot emas, sukunat hukm suradi. Bu sukunat tabiat va atrofdagi muhit mavqeini kuchaytiradi. Shoira o‘z asarlarida astagina esgan yelni mehmon qiladi (“Asta eshik qoqdi shamol go‘yo charchagan odam” — “The wind Tapped like a Tired man”), motam marosimi sukunatini qandaydir o‘zgacha ranglar bilan tasvirlaydi (Qarshimdagi hovlida ta’ziya bo‘ldi” — “There’s been a Death in the opposite nouse”), xasta kishilarning hayotga bo‘lgan munosabatini nodir ranglar bilan bayon qiladi, o‘lim daqiqalarini tasvirlaydi (“O‘layotib vizillashni eshitdim” — “I neard a Fly Bizz when i died”), (“Bu o‘limmas, o‘rnimdan turdim” — “It was not Death, for I stood up”), (“U yashagan oxirgi kecha” — “The Last Niqht that She Lived”), tabiatdagi jonzotlar xatti-harakatida boshqalar uchun pinhon bo‘lgan ma’noni ilg‘aydi (“Erga qo‘ndi qandaydir qushcha” — “A Vird came down the Walk”), osiy bandalarning qilmishlari haqida xayol suradi (“Biz Xudodan avf etmoqni so‘raymiz” — “Of God We Ask One Favor”), o‘tkinchi dunyo haqida falsafiy mushohada yuritadi (“Yangi oyoqlar kezar mening bog‘imda” — “new Feet Within My Garden Go”). Bu she’rlar o‘quvchini o‘ylashga majbur etadi, voqea-hodisalarga muallifning ko‘zi bilan qarashga undaydi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 1-son