Adabiyotshunos olim, adib va faylasuf Umberto Eko 1932 yili Italiyaning Pemont viloyatiga qarashli Aleksandriya shahrida tavallud topgan. Hozir Milan shahrida yashaydi. U dastlab o‘rta asrlar tarixi, san’ati va semiotika (semeion — belgi, alomat) ilmiga bag‘ishlangan tadqiqotlari bilan tanildi. O‘tgan asrning 70-yillarida AQShning Garvard universitetida, 80-yillarda Yevropadagi Oksford, Kembrij, Sorbonna, Salamanka kabi nomdor universitetlarda ma’ruzalar o‘qidi.
Umberto Ekoga olamshumul shuhrat keltirgan «Atirgul nomi» (Il Nome della Rosa) romani frantsiyalik kinorejissyor Jan-Jak Anno tomonidan ekranlashtirilgach, adib yanada mashhur bo‘lib ketdi. «Atirgul nomi» — murakkab uslubda bitilgan, falsafiy ramzlarga boy hikoya va tavsiflar, adabiy va madaniy tasavvurlar, detektiv va tarixiy roman janrlarining qorishuvidan yuzaga kelgan asar. Bu asar katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Qolaversa, «maroqli adabiyot», deb nom olgan butun bir adabiy nazariyaga asos solgan muallifga kitobxon e’tiborini qaratdi. Eko o‘zining noodatiy g‘oyalari, «reallik» va «absolyut haqiqat» tushunchalariga nisbatan tanqidiy munosabati bilan zamonaviy intellektual nasrning taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Adibning ta’kidlashicha, «Atirgul nomi» romanining jahoniy shuhratidan keyin, nomdor nashriyotlar uning ilk asarlariga ham e’tibor qaratgan. Hatto ilk tadqiqoti «Foma Akvinskiy ta’limotida estetika muammolari» (Il problema estetico in San Tomasso, 1956) nomli diplom ishi ham yevropa tillariga tarjima qilinib, nashr etildi. Yozuvchining 1960-yillardagi tadqiqotlari, asosan, estetika va adabiy tanqid muammolariga bag‘ishlangan edi. Ulardan e’tiborga moliklari «O‘rta asrlarda san’at va nafosat estetikasi», «Kamtarin qaydlar», «Joys poetikasi», «San’atni tushunish» traktatlari hisoblanadi.
1970 — 1980-yillarda Eko o‘zining semiotikaga doir «Belgi», «Umumiy semiotika», «Til semiotikasi va falsafasi» nomli muhim tadqiqotlarini yozadi. Shuningdek, adib ijodining bu davrida «Kitobxon va tarix», «Interpretatsiya chegarasi», «Yolg‘on va istehzo o‘rtasida» kabi strukturalizm va postmodernizm tamoyillarini belgilovchi, matn talqiniga bag‘ishlangan tadqiqotlarini e’lon qiladi.
Darvoqe, o‘tgan asrning elliginchi yillarida, hali Rolan Bartning «Mifologiyalar»i yozilmagan paytda, Umberto Eko umumbashariy madaniyat, televideniye va matbuotni tahlil qilishga ilk bor kirishgan edi. Uning tadqiqotlarida tanqidchilikning dolzarb vazifalaridan bo‘lmish matn tushunchasi, matnning muallif tomonidan qay holatda yaratilganligi kitobxonning unga bildirgan munosabati bilan baholanishi zarurligi qayd etiladi. Eko bu talabni o‘zining «Oshkora matn» risolasida bayon etadi. 1976 yili olim o‘zining shu mazmundagi «Ommaviy adabiyotda qudratli shaxs obrazi» essesini nashr ettiradi. «Fuko mayatnigi» romanida ta’riflanganidek, zamonaviy «postmodern»ga mukkasidan ketgan «kompyuter odami»ning ma’naviy-ruhiy holati, axloq-odobi va e’tiqodi qanaqa bo‘lishi Ekoning «Ishonish va ishonmaslik», «Etika mavzusida besh traktat», «Bibliofillik haqida o‘ylar», «Adabiyot xususida» risola va maqolalarida o‘z aksini topgan.
Bugungi kunda Umberto Eko postmodern adabiyotining eng yirik vakillaridan hisoblanadi. «Atirgul nomi» romani esa semiotika (matnshunoslik) ilmida postmodernga xos matnning eng sara namunasi, deya tan olingan. Romanni sinchiklab o‘qisak, Eko o‘zining semiologiya va madaniyatshunoslik haqidagi fikrlarini badiiy adabiyot tilida izhor qilishga intilganini anglaymiz. Zero, asarda har xil sharhlash mumkin bo‘lgan, xilma-xil ma’nolar bilan boyitilgan izohli matnga guvoh bo‘lamiz. Semiotika nazariyasi tarafdorlaridan biri, professor Yu.Lotman ta’kidlaganidek, «Ekoning bu romanini o‘qib, uning muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatlarda ishtirok etgan kitobxonlar suhbat chog‘ida tamomila boshqa asarni mutolaa qilganday fikr yuritadilar. Ularning ko‘pchiligi suhbatdan so‘ng: o‘qiganim boshqa roman emasmikan, deb ikkilanib ham qoladi».
«Atirgul nomi» romanining bosh qahramonlari — zehni o‘tkir rohib Vilgelm Baskervillik va uning yosh, g‘o‘r hamrohi Adson detektiv olamida mashhur juftlik — Sherlok Xolms va doktor Vatsonni eslatadi. Romanning ilk voqealari (Vilgelm yo‘qolgan otni ko‘rmay turib tasvirlab bergani; tafsilotlar asosida qotillik manzarasining tiklanishi) Artur Konan Doyl ijodiga taqlidga o‘xshaydi. Biroq ko‘p o‘tmay, detektiv janri qoidalari buziladi: cherkovda sodir etilgan jinoyatlardan birortasi ham fosh etilmaydi, sababi jinoyatchi so‘nggi soniyalarda izquvar Vilgelmni g‘aflatda qoldirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
Voqealar chizig‘i ikkinchi planga chekinishi bilan kitobxon diqqati tarixiy mavzuga ko‘chadi, ya’ni XIII asrda kambag‘al-xudojo‘ylar ittifoqi vositachiligida Rim papasi va imperatorni yarashtirishga urinish, cherkov hududidagi kambag‘allik va boylik haqidagi bahslar, siyosiy fitnalar, bid’atchilar bilan kurash va hokazo muammolarga qaratiladi. Chunki roman voqealarida to‘qima obrazlar, xayoliy personajlar bilan bir qatorda, tarixiy shaxslar ham ishtirok etgan. O‘zini «italiyalik Valter Skott» deb atagan Eko roman muqaddimasida asarning «tarixiyligi»ga da’vo qilgandek tuyuladi. Muqaddimaning «Shubhasiz, qo‘lyozma», deb ta’riflanishida ham kinoya bordek. Asarni mutolaa qilganimiz sari, undagi romantik prozaga xos xususiyatlarning yo‘qolib borayotganini sezamiz: voqealar ruhoniylar istiqomat qiluvchi maskandagina kechadi, ishqiy syujet deyarli ko‘rinmaydi, matnning aksariyat qismi turli-tuman mavhum tasodif va mushohadalar, fikr-mulohazalardan iborat.
Demak, odatdagi mutolaa qoidasiga rioya qilinsa, roman matni qatiga yashirilgan sir-asrorni ochib bo‘lmaydi. Kitobxon asarni o‘qigan sayin, o‘zini labirint ichiga tushib qolgandek his qiladi. Natijada obrazlarning bari ramziy ko‘rinish kasb etadi. «Mening matnim — aslida labirintlar tarixi, faqatgina fazoviy labirintlar emas, balki metafizik konstruktsiya poydevori — farazning tarixi va strukturasidan iboratdir», deb yozadi muallif.
Demak, izquvar ruhoniy Vilgelm — semiotik, XIII asrga badarg‘a qilingan matnshunos olim. U «kodlangan qo‘lyozma»ni o‘qish bilan band, parchalar asosida yaxlit mazmunga ega matnni tiklamoqda, istiora va ramzlarni izohlab bermoqda va talqin (interpretatsiya) qilmoqda. Ayniqsa, uning sherigi Adson ko‘rgan tushni izohlab berishi alohida mazmunga ega. Chunki bu izoh butun bir davrning «madaniy g‘ayrishuuriyligi»ni ifodalaydi. Tushdagi hissiyotlar chalkashligi (xaos) Vilgelm kerakli «kalit»ni topgan paytdayoq yechila boshlaydi. Modomiki, Adson tushida cherkovdagi qonli voqealarni ko‘rgan ekan, Vilgelm satira vositasida shu voqealarning keyingi rivojini oldindan sezish mumkin, deb bashorat qiladi. Xullas, matn ob’ektiv reallikka ta’sir ko‘rsata boshlaydi.
Umberto Eko romani havoriy Ioann injilidan olingan: «Dastavval So‘z bo‘lgan» iqtibosi bilan boshlanib, lotin tilida keltirilgan «Stat rosa pristina nomine, nomina nuda tenemus», ya’ni «Atirgul so‘lib bitdi, biroq «atirgul» nomi abadiy yashaydi», degan jumla bilan yakunlanadi. Professor Yu.Lotman fikricha, romanning chinakam qahramoni — So‘z. «Odamlar so‘zlarni yaratadilar, lekin so‘zlar odamlarni boshqaradi. So‘zning madaniy hayotdagi o‘rnini o‘rganayotgan, so‘z va inson munosabatlarini, ularning bir-biriga daxldorligini tahlil etuvchi fan semiotika, deb ataladi. «Atirgul nomi» aynan so‘z va inson munosabati haqidagi semiotik romandir», deydi olim.
Umberto Eko «Atirgul nomi» hoshiyasidagi bitiklar», deb nomlangan romanga yozgan sharhlarida asardagi postmodern nasriga xos belgi(alomat)larni sanab o‘tib, kitobxon nazarida postmodernizm nazariyotchisi va amaliyotchisi sifatida gavdalanadi. «Atirgul ramziy obraz sifatida shu qadar ko‘p ma’noliki, bamisoli uning ma’nosi yo‘qdek», deb yozadi muallif asar nomi haqida. «Atirgul» va uning «nomi» o‘rtasidagi tafovut belgi(nishona)ning poststrukturalistik nazariyasini tasdiqlaydi: ob’ekt (atirgul) yo‘q bo‘lib ketadi, undan faqat belgi, ya’ni «nom» qoladi; kitobxon uni istagan mazmun, ma’no bilan to‘ldirishi mumkin. Asarda «roman ichidagi roman» shaklini qo‘llagan Eko o‘z romanini madaniyatning zamonaviy shakl-shamoyiliga mos, deb hisoblaydi: «…barcha kitoblarda boshqa kitoblar haqida gapiriladi, har qanday tarix ilgari gapirib berilgan tarix haqida so‘zlaydi». Shu bois, Eko romanni topib olingan qo‘lyozma ta’rifidan boshlaydi: «Men zudlik bilan muqaddimani yozdim va o‘z qissamni to‘rt qavatli konvertga joyladim, uni esa boshqa uchta qissam bilan himoya qildim: Adsonning deganini, Mabiyonning gapirganini, Vallening aytganini men hikoya qilmoqdaman», deb yozadi muallif. Demak, «Atirgul nomi» romanida bir necha yondosh voqealar, bir necha hikoyachilar — abbat Valle, Mabiyon, Adson bor. O‘z o‘rnida Adson bir vaqtning o‘zida yosh shogird hamda yoshligi yodiga tushayotgan sakson yoshli mo‘ysafid.
Romanning tili murakkabligini Eko adabiy an’analarning murakkabligi bilan izohlaydi. «Postmodernizm — bu modernizmga javob: o‘tmishni yo‘q qilishning iloji yo‘q, negaki uni yo‘qotish tilni yo‘qotishga olib keladi, o‘tmishni soddadillik, hazil-mutoyiba bilan qaytadan tushunib yetmoq zarur», deydi adib. Eko postmodernizm davri odami holatini o‘qimishli, zukko ayolga oshiq erkak holatiga qiyoslaydi. Bu oshiq o‘z sevgilisiga: «Seni telbalarcha sevaman», deb aytolmaydi. U: «Falonchining ta’biri bilan aytganda, seni telbalarcha sevaman», deyishga majbur. Aftidan, bunday dil izhoridan so‘ng, ayolga aytilgan jumlaning turli-tuman ma’nolarini izlashga to‘g‘ri keladi: bu hazil emasmi? Yoki bu shunchaki iqtibosmi? Yoxud haqiqatan ham sevgi izhorimi? Pirovard natijada ayolning diqqat-e’tibori «sevgi maktubini jo‘natuvchi» oshiqu beqarorga emas, balki har xil ma’nolarga to‘la jumla, ya’ni matnning o‘ziga qaratiladi.
Shunday qilib, matn muallifi, garchi uning yozgani qisqagina dil izhori yoki bus-butun roman bo‘lsa-da, «matn qabul qilib oluvchi» (retsepiyent)da deyarli qiziqish uyg‘otmaydi. Demak, muallif asarni nihoyasiga yetkazgach, uni tushunish yo‘lida g‘ov bo‘lmaslik uchun, chetga chiqishi lozim. Asar bitgandan keyin, matn o‘z hayoti bilan yashaydi, muallif o‘ylamagan yangi talqinlarni keltirib chiqaradi: «Material o‘z tabiiy xususiyatlarini namoyon qiladi, ayni paytda, uni shakllantirgan madaniyat haqida ham so‘zlaydi» (R.Bart). Natijada asar jahon madaniyati «kutubxonasi»ni aks ettirgan intermatn (intertekst)ga aylanadi.
«Atirgul nomi»ni tarixning haqqoniy (real) yoki ko‘chma (adabiy) ma’noda ro‘yobga chiqishi, ijod, hayot, nomlar, xayollar, orzular, yolg‘on-yashiq, uydirmalar, yasama vaziyatlarning muayyan tarzda paydo bo‘lib, bir-biriga singib ketishi haqidagi fikr-mulohazalar, deyish ham mumkin. Istagan paytda ularning ortidagi «haqiqat» yoki «yolg‘on»ni ko‘rish mumkin. Biroq Eko nazarida, bu ramziy borliqning tug‘ilishi kitobxonga estetik lazzat, huzur-halovat baxsh etishi muhimroqdir.
Xulosa qilib aytganda, U.Eko o‘z oldiga yetarlicha muammoli va shunga qaramay, o‘ta maroqli roman yozish vazifasini qo‘ygan. Ko‘ngil ochuvchi, vaqtni chog‘ etuvchi syujetning mavjudligi «Atirgul nomi» romaniga detektiv asar tusini bersa, o‘rta asrlardagi hayot manzaralarining aniq gavdalantirilgani uni tarixiy tadqiqotga, istehzo, ilmiylik va badiiylikning uyg‘unligi esa postmodernizmga xosligini anglatadi.
Muhammadjon XOLBEKOV,
filologiya fanlari doktori, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 38-sonidan olindi.