Jeyms Joys hayoti va ijod tamoyillariga bir nazar
Ayni paytda jahon adabiyotining o‘zbek tilida chop etilayotgan namunalarini tadqiq etish, ularning ma’no-mohiyatini, uslub va shakllarini tadqiq qilish orqali keng kitobxonlar ommasiga bu durdona asarlar va ularning mualliflari haqida ma’lumot berish adabiyotshunoslar, tadqiqotchilar zimmasiga dolzarb vazifalarni yuklamoqda. Bu vazifalarni ado etishga bel bog‘lagan olimlar qatorida filologiya fanlari doktori, professor Muhammadjon Xolbekovning izlanishlari ham e’tiborga loyiq.
Olimning “O‘zbek adabiyoti Frantsiyada”, “O‘zbek mumtoz adabiyoti XVII—XX asr frantsuz manbalarida”, “O‘zbek-frantsuz adabiy aloqalari” nomli risola va monografiyalari adabiy va ilmiy jamoatchilikka ma’lum. Istiqlol yillarida chop etilgan Amir Temurning Yevropa qirollari bilan yozishmalari”, “Alisher Navoiy asarlari frantsuz tilida” nomli risolalari, dolzarb mavzularga bag‘ishlangan tadqiqotlari tarjimashunoslik va qiyosiy adabiyotshunoslikka qo‘shilgan munosib hissa bo‘ldi. So‘nggi yillarda M.Xolbekov jahon adabiyotida kechayotgan jarayonlar, tarjima nazariyasining lingvistik muammolari xususida bir qator maqolalar e’lon qildi. Quyida olimning mashhur irland adibi Jeyms Joys hayoti va badiiy-estetik qarashlari tadqiqiga bag‘ishlangan maqolasini o‘qiysiz. Darvoqe, o‘zbek tiliga tarjima qilinib chop etilgan “Uliss” va “Navqiron san’atkorning siyrati” romanlari muallifi J.Joys hayoti va ijod tamoyillari kitobxonlarimizda qiziqish uyg‘otishi tabiiy.
XX asr modernizm adabiyoti darg‘alaridan biri Jeyms Joys 1882 yil 2 fevralda Dublin yaqinidagi Ratgar shaharchasida tavallud topdi. Joyslar xonadoni Irlandiya jamiyatining o‘rta tabaqasiga mansub bo‘lib, birmuncha o‘ziga to‘q yashardi. Ko‘p o‘tmay, Joysning otasi omadsizlikka uchrab, bir necha bor kasbini o‘zgartirishga, oilasi bilan Dublinning u dahasidan bu dahasiga ko‘chib yurishga majbur bo‘ladi. Shunga qaramay, yosh Jeymsga yaxshi ta’lim olish nasib etadi. Biroq kambag‘allik va behalovat kunlar uning xotirasida umrbod muhrlanib qoladi. Bolalik chog‘laridagi ruhiy kechinmalari, xotiralar keyinchalik adib asarlarida o‘z aksini topgan.
Bolaligidan til va adabiyotga bo‘lgan qobiliyatini namoyon etgan Joys, fundamental va gumanitar fanlardan chuqur saboq oladi. 1899 yil Dublin universtetiga o‘qishga kiradi. Bu davrda uning otasi kasodga uchrab, oilasi qashshoqlashib qolgan edi.
1900 yili Dublinning davriy nashrlaridan biri — “Ikki haftalik sharh” gazetasida Joysning norvegiyalik mashhur dramaturg Henrik Ibsen qalamiga mansub “Biz marhumlar, uyg‘onganimizda” nomli piyesasiga bag‘ishlangan ilk essesi bosiladi. Ilm va ijodga bo‘lgan orzu-havas tufayli 1902 yili Joys Yevropa tsivilizatsiyasi beshigi — Parijga keladi. Dastlab u gazetalarda jurnalist, maktablarda oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi, Parijda muqim o‘rnashib, adabiyot va tibbiyot sirlarini o‘rganishga astoydil kirishadi.
Adib 1901—1903 yillarda “Epifaniyalar”, 1907 yili “Kamerli musiqa” nomli lirik to‘plamlarini nashr ettiradi. Hali Dublinda paytida u “Musavvir portreti” (1904) nomli essesini yozib tugatgan, ancha mufassal va mazmunan kengroq “Stiven-qahramon” (1904-1905) nomli asarini yozishga kirishgan edi; keyinchalik bu asarlar “Navqiron san’atkorning siyrati” (1916) romaniga asos bo‘ldi. Muallifning bu asarlari usluban oddiy avtobiografik kitoblarga o‘xshamasdi. G‘arb adabiyotida an’anaviy tus olgan “san’atkor haqida mif”larning mazmuni, maftunkor tarovatiga asir bo‘lib qolmagan Joys, “hayot”ni “ijod”ga aylantirmoqqa qodir badiiy niyatiga shaxsiy biografiyasida yuz bergan voqea va hodisalar ichidan material topish maqsadida o‘ziga chetdan turib razm solishga harakat qiladi.
Talabalik yillarida, hali ideal san’atkor qanday bo‘lishi kerakligi haqida tasavvurlarini inkishof qilgunga qadar, Joys adabiyot va san’atga haqqoniy xizmat qilgan san’atkorlardan ibrat oldi. Ayniqsa, uning uchun Henrik Ibsen hayoti va ijodi muhim ahamiyat kasb etdi. Joys norvegiyalik dramaturgni jamiyatdagi an’anaviy odob-axloq qoidalariga qarshi chiqqanligi, o‘z dunyoqarashini, shaxsiy nuqtai nazarini qat’iy himoya qilganligi, shuningdek, dramaturgiyaga yangi g‘oya va mavzular olib kirganligi hamda novatorlik uslublarni joriy etganligi bois yuqori baholardi. Ibsen asarlarini asliyatda o‘qish maqsadida u norveg tilini o‘rganishga kirishadi. O‘zining ustozi deb hisoblagan Ibsenga tahsinlar o‘qib, zavqu shavqqa to‘la maktublar bitadi va uning ta’sirida o‘zining “Porloq karera” (1900) nomli piyesasini yozishga tutinadi. Zamondoshlaridan birining guvohlik berishicha, Joysning bu piyesasi Ibsenning “Biz marhumlar, uyg‘onganimizda”, “Qo‘g‘irchoq uyi” va “Yoshlar ittifoqi” dramalari parchalaridan iborat qorishiq asar bo‘lgan.
Joys Henrik Ibsen timsolida shunday bir san’tkorni kashf qildiki, uning uchun yuksak san’at oliy haqiqatni axtarishdek ahamiyatli bir ma’no kasb etdi. Shu bois, u o‘z davriga xoc odob-axloq, din yoki millatchilik ruhidagi mafkura singari shaxsiy va jamoaviy “o‘z-o‘zini aldash”larni rad etdi. Joys “Drama va hayot” (1900) essesida hayotdagi o‘tkinchi, tasodifiy narsalarni qayd etuvchi “adabiy” (san’atdan quyida turuvchi – M.X.) shakl va inson ruhining san’atga bo‘lgan instinktiv intilishini taqozo etguvchi estetik (badiiy) “drama” o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini alohida ta’kidlaydi. Drama, uning fikricha, nafaqat har qanday “ma’naviyat”, “odob-axloq” va hattoki “go‘zallik”dan, balqi san’atkorning shaxsiyatidan ham ustun turadi.
Irlandiya adabiy uyg‘onish oqimiga mansub yozuvchi va shoirlarni befoyda va behuda urinishlarda ayblasa-da, Joys aslida ular bilan hamnafas va maslakdosh edi. U ham o‘z zamoniga afsona va rivoyatlar ko‘zgusi orqali qarar, qadim afsonalarda o‘zi yashagan davrning aksini ko‘rardi. E’tiborga molik tomoni shundaki, XVIII—XIX asrlar davomida Irlandiyada hukmron bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy muhit milliy intelligentsiyaning “ko‘zini parda qoplagan” davri sanalib, ob’ektiv voqelikni, real hayotni mavhum-ramziy, ma’naviy-axloqiy asnoda idrok etishga harakat qilishini taqozo etgan. Shu bois Joys ijodida ham ramz va timsollar asosiy o‘rin tutadi. Uning badiiy uslubidagi bu muhim jihat Ibsen ijodi ta’sirida yanada rivojlandi. Zero, juz’iylik va umumiylikning uzviy aloqadorligi, ma’naviy-axloqiy muammolarga alohida diqqat-e’tibor qaratish Ibsen piyesalarida realizm va badiiy ramziylik uyg‘unlashib ketishini ta’minlagan. O‘z navbatida, bu xususiyat Joysning uslubiga, qolaversa, butun ijodiga ham xosdir.
Joys prozasi ko‘p jihatdan musiqiy asarni eslatadi, puxta o‘ylangan, muayyan bir qolipga solingan kuy asosidagi simfoniyaga o‘xshab ketadi. Ushbu leytmotiv (musiqiy asarda boshdan-oxir muntazam takrorlanuvchi asosiy kuy, ohang) texnikasini Joys mashhur nemis bastakori Rixard Vagnerdan o‘zlashtirgan edi. Ilk asarlaridayoq adib bu usulni takomillashtirishga, maromiga yetkazishga urindi, uning vositasida turfa rang, uzuq-yuluq parchalar va turli hodislarni bir joyga jamlab, kundalik hayot bilan ramziylik o‘rtasida o‘ziga xos “ko‘prik” qurdi. “Men kitobimni juda puxta o‘ylaganman va uni san’atning mumtoz an’analarini qanday tasavvur etsam, shundayligicha qabul qilaman”, deb yozadi adib.
Joys ijodida to‘liqlik, uyg‘unlik va anglash muhim ahamiyat kasb etadi. To‘liqlik – bu inson va jamiyat hayotining keng qamrovli tasviri, juz’iylik va umumiylikning mustahkam birligi bo‘lib, asarda ijtimoiy va psixologik tafsilotlar ko‘pligini anglatadi. Uyg‘unlik – bu hikoyalarning qat’iy izchilligi, muhim g‘oya va mavzulardan iborat murakkab majmuasi, nutq ohangi va stilistik xususiyatlarning o‘zaro mutanosibligi, ya’ni abzats (xat boshidan)dan tortib toki nuqtagacha muvofiqligidir. Adib “Dublinliklar” kitobiga kirgan hikoyalarini o‘zi muayyan tartibga solib, joylashtirgani bejiz emas, albatta. Darhaqiqat, “Opa-singillar”, “Uchrashuv”, “Araviya” – beg‘ubor bolalik haqida; “Evelin”, “Poygadan so‘ng”, “Ikki ritsar” va “Pansion” – yoshlik mavzusida; “Kichik bulut”, “Niqoblar”, “Er”, “Achinarli voqea” – yetuklik davri xususida; “Pechak kunida”, “Ona” va “Tangri shafoati” – jamiyat hayotini haqida. Anglash esa, bu to‘liqlik va uyg‘unlik birikmasidir. U “Epifaniyalar”ning har bir hikoyasiga xos, qolaversa, o‘ziga xos prozaik xotimadir. “Dublinliklar”dagi eng so‘nggi hikoya – “Tangri shafoati”da Joys xunuk va nomaqbul, sovuq va zimiston, shafqatsiz va berahm hayot qissasiga go‘yo yakun yasaydi. Hikoyaning bosh qahramoni Kernan gunohlariga tavba-tazarru qilish niyatida kelgan cherkovda boshqa hikoyalar qahramonlari, ya’ni turli toifalarga mansub riyokor burjualar, poraxo‘r mutasaddi va sudxo‘r korchalonlar, ikkiyuzlamachi va tilyog‘lama kishilarga duch keladi. Ilgari tasvirlagan va tavsiflagan personajlariga qaytish Joysga hikoyalar silsilasi izchilligi davomida mavjudlikning takrorlanmasligini yana bir karra istoblash imkonini yaratadi. Muhimi shundaki, Joys yaratgan badiiy olam evolyutsion taraqqiyotdan to‘xtab qolgan olam emas, balki to‘xtovsiz rivojlanayotgan, harakatdagi dunyodir. “Dublinliklar”ni o‘qiyotgan kitobxon kimningdir joyiga o‘tirayotganini, yana kimningdir shlyapasini ko‘tarib salomlashayotganini, birovning cherkovning shiftidagi suratlarga razm solayotganini ko‘rib turadi. Oddiy so‘zlarda jonli hayot taassurotini yarata olish imkoniga Joys montaj (turli parchalarni uyg‘unlikda bir butun holga keltirish) vositasi orqali erishadi va ilk da’fa bu uslubni o‘z hikoyasida yuksak mahorat bilan qo‘llaydi. Ta’kidlash joizki, “Uliss” romanida bu muhim jihat Joys poetikasining asosiy mezoniga aylanadi.
U.Yeyts, J.Mur, J.Rassel, E.Martin, J.M.Sing, P.Kolm kabi mutafakkirlar nomlari bilan bog‘liq Irlandiya adabiy uyg‘onish harakatini Joys qabul qilolmadi. Aslida, bu insonlar XIX–XX asrlar oralig‘ida Irlandiyani birlashtirish, irland xalqini jipslashtirishga qodir idealni axtarishda jonbozlik ko‘rsatishgan, o‘z ijodlarida mifologiya va folklorga murojaat qilib (Yeyts), xalqning an’anaviy madaniyatiga (Sing) asosiy e’tiborni qaratgan edilar. Ammo Joys fikricha, unisi ham, bunisi ham zamonaviy san’atning haqiqiy vazifalaridan bab-barobar uzoq. Ustiga ustak, umume’tirof etilgan, rusum bo‘lib qolgan qadr-qimmatlarga berilib ijod qilishni Joys haqiqiy ijodkorga xos emas, deb hisoblardi.
Dublinda yashagan paytlaridanoq Joys poytaxtliklar haqida hikoyalar yoza boshlagandi. Keyinchalik bu hikoyalar “Dublinliklar” kitobiga kiritildi. Ushbu kitob 1907 yili yozib tugatilgan bo‘lsa-da, adib uni nashr etish niyatida 1909 yil Italiyadan Irlandiyaga qaytib keladi. Ammo noshir Jon Eglinton kitobni chop etishga jur’at qilolmaydi. 1912 yili Irlandiyaga so‘nggi bor kelganida Joysning o‘zi, ta’qibdan xavotirga tushib, tayyor bo‘lgan nashrni yo‘q qildiradi. Oradan ikki yil o‘tgachgina, noshir bilan uzoq bahslardan so‘ng, “Dublinliklar” (1914) dunyo yuzini ko‘radi. 1916 yili Joysning birinchi romani — “Navqiron san’atkorning siyrati” bosilib chiqadi. Muallif londonlik noshiriga yo‘llagan maktubida “Dublinliklar” kitobini Irlandiya poytaxtining “ma’naviy-axloqiy tarixidan bir bob”, deb ta’riflaydi.
Biroq “Dublinliklar”dagi hikoyalar mazmunini ijtimoiy tanqidga bog‘lab qo‘yish noto‘g‘ri bo‘lar edi. Joysning naturalistik tafsilotlarga intilishi ortidan shakllangan estetika nazariyasiga asoslangan badiiy dasturi bor edi. Bu dastur nafaqat Ibsen ijodidan, balki boshqa san’tkorlar, masalan, san’atning ob’ektiv voqelik mazmun-mohiyatiga taalluqli jihatlarini namoyon qiluvchi printsiplari xususida ko‘p yozgan ingliz estetizmi asoschisi Uolter Peyter (1839-1894) dunyoqarashiga, voqelikni idrok qilish tamoyillariga ham asoslangan edi. U.Peyter ta’sirida Joys Uyg‘onish davri faylasufi Foma Akvinskiyning go‘zallik haqidagi ta’limotiga izohlar ko‘rinishidagi o‘z estetik nazariyasini ishlab chiqadi. Bu nazariya negizida ilohiyot haqidagi muqaddas kitoblardan olingan taassurot va iqtiboslar o‘rin olgan. “Epifaniya” (yunoncha epiphbneia – ko‘rinish, vahiy) Joys talqinida xudoning marhamati ila in’om etilgan ruhiy-ma’naviy hissiyot emas, balki ijodkorning badiiy (nafis) intuitsiyasidan. Uning tushunchasida, ijodkorning botiniy tuyg‘usi narsalar ustidan pardani (niqobni) olib tashlashga va ularning go‘zalligi, nafisligini ochib berishga qodir.
Tirikligidayoq klassik yozuvchi sifatida tan olingan buyuk irland adibining hayoti va ijodi, badiiy-estetik qarashlari, asarlari atrofidagi bahs-munozaralar, tadqiqotlar hanuz davom etayotgani J.Joysning XX asr adabiy hayotida chinakam fenomen sifatida namoyon bo‘lganidan dalolatdir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 15-sonidan olindi.