Mo‘minjon Sulaymonov. Sheroz adabiy muhitida turkiy she’riyat

Tarixiy manbalardan ma’lumki, 1409 yilda Amir Temurning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohrux mirzo hukmdorlikni qo‘lga kiritgach, poytaxtni Xurosonning markazi Hirotga ko‘chiradi. Shu yili Temurning nabiralaridan biri Iskandar Sulton Fors o‘lkasi markazi Sherozga hukmdor bo‘ladi va 1414 yilgacha faoliyat ko‘rsatadi, shuning uchun uni Sulton Iskandar Sheroziy deb atashgan. “Maxzan ul-asror” dostonining muallifi Haydar Xorazmiy aynan Sulton Iskandar homiyligida ijod qilganligi Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasidan ma’lum: “Sulton Iskandar Sheroziy ham nabiradur. Saltanat tajammulini, derlarkim, salotindin o‘zi oncha qilmish bo‘lg‘ay. Yetti yo sakkiz yilliq saltanatida go‘yoki uch ganj topibdur. Mavlono Haydar turkigo‘y, aning modihi ekandur”[1]. Shu o‘rinda Navoiy taqqoslash uchun Haydar Xorazmiy masnaviysida bir baytni va Sulton Iskandarning tuyug‘ini keltiradi hamda Sulton she’rini turkonaroqdur, deb baholaydi:

To‘lin oyga nisbat etdim yorumi,
Ul xijolatdin kam o‘ldi yorumi.
Tori mo‘yungning zakotin men beray,
Yo Misrni, yo Halabni, yo Rumi[2].

Haydar Xorazmiy qalamiga mansub “Gul va Navro‘z” dostoni Mavlono Lutfiyga nisbat berib kelingan edi, 1996 yilda Shayx Ahmad Taroziyning adabiyotshunoslikka oid “Funun ul-balog‘a” asari topilgach, bu masalaga ham aniqlik kiritildi[3].

Iskandar Sultondan so‘ng 21 yil davomida Sherozda Shohrux mirzoning kichik o‘g‘li Ibrohim Sulton (1394–1435) hukmdorlik qildi. Ibrohim Sultonning hukmdorlik davrida ham ilm-fan va badiiy ijod taraqqiy etgan. Sulton davridagi adabiy-madaniy hayot haqida matnshunos va manbashunos olim Jaloliddin Jo‘rayev maqolasida keng ma’lumot berilgan: “Ibrohim Sulton homiyligida turkiy va forsiy adabiyotning ajoyib namunalari yaratildi va nodir nusxalari ko‘chirildi. Uning hukmdor va ijodkor sifatida muntazam adabiy anjumanlar o‘tkazib turganligi ham ma’lum”[4].

Sharafiddin Ali Yazdiy temuriylar tarixi yoritilgan “Zafarnoma” asarini Ibrohim Sultonning topshirig‘iga binoan yozib tugatgan.

Mashhur shoir Hofiz Sheroziy tufayli Sheroz shoirlar yurti sifatida mashhur bo‘ldi. Uning ijodi butun Sharq xalqlari adabiyotiga juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatganligi tarixiy manbalardan yaxshi ma’lum. Binobarin, shoirdan keyin ko‘plab ijodkorlar Hofiz taxallusini qo‘llaganlari ham bu ta’sirning nechog‘liq kuchli bo‘lganligini ko‘rsatadi. Professor Hamid Sulaymonning ta’kidlashicha, Hofiz nomli shoirlar bo‘lganligi ham tabiiy. Ammo ularning birortasi turkiy tilda ijod qilganligi ma’lum emas edi. 1975 yili Hindistonning Haydarobod shahridagi Salorjang muzeyidan turkiy tilda she’rlar yozib devon tartib qilgan shoir Hofiz Xorazmiy qo‘lyozma devonining topilishi bu masalaga aniqlik kiritdi.

Ibrohim Sulton saroyida turkiy tilda ijod qiluvchi shoirlar ham bo‘lganligini, aynan, Hofiz Xorazmiy devonidagi qimmatli ma’lumotlardan bilib olamiz.

O‘sha davrda shoir devonining topilishi, tarkibi, janr xususiyatlari, ayrim badiiy o‘ziga xosliklari haqida bir qator maqolalar e’lon qilindi[5]. Bu adabiy meros bir necha nashrlar orqali ommalashtirildi, hatto ma’lum qismi rus tiliga tarjima qilindi va to‘plam holida nashr etildi[6].

Demak, Ibrohim Sulton hukmdorligi davrida shoirlar yurti Sherozda turkiy tilda ijod qilish davom etgan va turkigo‘y shoirlar rag‘batlantirilgan.

Bu fikrlarni xorazmlik Hofizning quyidagi baytlari ham tasdiqlashi mumkin?

Guliston yuzli, ey soqiy, saning ishqing manga jondur.
Ichalim bodanikim, davri Ibrohimi Sultondur…
Sanou hamd etadur yaratqan biru boringg‘a,
O‘shul sulton zamoninda bu Hofizkim g‘azalxondur.[7].

Hofiz Xorazmiy devonda jami to‘qqizta qasida bo‘lib, ularda ham shoir tarjimai holiga oid qimmatli ma’lumotlarni uchratamiz. Zero, oltinchi va yettinchi qasidalarda shoirning taxallusi hamda nisbasi keltirilgan:

Viloyotu karomotu karam o‘zindin izdayu,
Bo‘lubdur Hofizi Xorazmiy joni bila Kirmoniy[8].
Inoyat birla so‘z bobinda yoriy ko‘rguzur bo‘lsa,
Oshurg‘ay Hofizi Xorazmiy she’rin farq shuarodin[9].

Yuqoridagi qasidalarning keltirilgan baytlaridan ko‘rinib turibdiki, shoirning taxallusi Hofiz, nisbasi Xorazmiy bo‘lgan. Boshqa she’rlarining hammasida taxallus sifatida faqat Hofiz so‘zi keltirilgan, ammo boshqa biror o‘rinda Xorazmiy nisbasi qo‘llanmagan.

Shoirning ismi Abdurahim ekanligini devondagi oltita forscha[10] va 199-o‘z­bekcha g‘azaldan bilib olamiz, chunki Rahim yoki Abdurahim hali o‘ziga muqim taxallus­ tanlamagan shoirning ismi bo‘lishi mumkinligini professor Hamid Sulaymon ham ta’kidlab o‘tgan[11].

Xos o‘z qulig‘a lutf etib rahm qilsa yor,
Muxlisu qadimiy qul anga Abdurrahim erur[12].

Shoirning Xorazmda tug‘ilganligi, hatto ona yurtidaligidayoq mashhur bo‘lganligi bir necha faxriyalarida ko‘zga tashlanadi:

Teng bo‘la bilmas edi Hofiz bila Xorazmda,
Turkiy ayta tirilur bo‘lsa bu damda Sanjariy[13].

Yoki:

Hofiz, saning qadringni gar Xorazm ahli bilmasa,
Azmi Iroq aylab ravon, ohangi Sheroz etgasen[14].

Shuni ham ta’kidlash joizki, shoir qandaydir sabablarga ko‘ra Sherozga borishni orzu qilgan yoki shunga majbur bo‘lgan. Bu fikrimizga quyidagi baytlar dalil bo‘ladi:

Sheroziy turklarga eltung bu she’rnikim,
Surdum bu tavr uzra Hofiz bikin kalome[15].

Balki Abdurahimning urushlardan xoli Sherozga borib ijod qilish maqsadi bo‘lgandir. Balki o‘zi havas bilan taxallusini qabul qilgan va ustoz deb bilgan Hofiz Sheroziyning yurtiga borishni, u yerda shoir bilan uchrashishini niyat qilgandir. Biroq ikki Hofizning uchrashganiga hech qanday ishora yo‘q. Ayni paytda, turkiy she’riyatda sherozlik Hofizdek bo‘lishni da’vo qilish hammaning ham qo‘lidan kelavermagan­ligini ham ta’kidlashimiz zarur. G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy o‘zining g‘azal janridagi ustozlari haqida fikr yuritib, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon ­Jomiylar qatorida Hofiz Sheroziyni ham tilga olganligi ma’lum.

Xorazmlik turkigo‘y Hofizning hayoti, devonining qachon tuzilgani haqida nisbatan aniqroq xulosalarni uning devonidagi yagona marsiyani o‘rganish orqali oydinlashtirish imkoniyatiga egamiz. Shoir devonining kashshofi professor Hamid Sulaymonning fikriga ko‘ra bu marsiya dastxati boshqa she’rlarnikidan farq qiladi[16].

Marsiyadan ma’lum bo‘lishicha, shoir 1435 yilda hayot bo‘lgan, shu yil Sheroz hukmdori Ibrohim Sulton vafot etganda, u Sultonning vafotiga atab marsiya yozadi. Marsiya 93 bayt (186 misra)dan iborat bo‘lib, ramal (foilotun foilotun foilotun foilun) bahrida yozilgan. Marsiya 10 baytlik 9 ta g‘azal shaklini eslatadi. Faqat shuni ta’kidlash kerakki, 7-band 12 bayt, 8-band esa 11 bayt. Aytish mumkinki, shoir tarkibbandga o‘xshash shaklini tanlagan. Marsiya janr talablariga rioya qilingan holda mahorat bilan bitilgan bo‘lib, shunday boshlanadi:

Bu vafosiz foni olamda baqoni izdamang,
Dardi jong‘a emdidin so‘ngra davoni izdamang[17].

Marsiya quyidagi bayt bilan yakunlanadi:

Mustajob aylab Hofizning duosin, ey Karim,
Rahmatingdan ber ulush sansan chu Rahmonu Rahim[18].

Professor Hamid Sulaymon bu marsiya boshqa dastxat bilan ko‘chirilib devonga keyin qo‘shilganligi sababli, devon qo‘lyozmasi avtograf bo‘lishi mumkin, degan qimmatli fikrni bildirgan[19].

Binobarin, shoir devoni 1435 yilga qadar tartib berilgan deb xulosa chiqaramiz. Shu o‘rinda shoirning marsiyasi turkiyalik olim Rejep Toparli tomonidan 1998 yil Anqarada nashr ettirilgan Hofiz Xorazmiy devonida e’lon qilinganligini ham ta’kidlab o‘tmoq joiz[20].

Shoirning marsiyasi 2015 yilda Jaloliddin Jo‘rayev tomonidan “Sharq yulduzi” va “Sharqshunoslik” jurnallarida e’lon qilindi[21].

Hofiz Xorazmiy marsiyasi 1435 yilda vafot etgan temuriy shahzoda Ibrohim Sultonga bag‘ishlab yozilganligi quyidagi misralarda yaqqol bilinib turadi:

Fathu nusratlig‘ ul Ibrohim Sulton qandadur,
Kim firoqi zahmidin holi jigarlar qondadur.
Qurratul-ayni shahanshoh Shohrux xoqon qani,
Moliki mulki Sulaymon sohibi farmon qani?[22]

Shuningdek, shoir Ibrohim Sultonning Abdullo otli o‘g‘li borligini aytib, Sultonni eslaganda shahzodani yod qilish, xabar olib turishni aytadi.

Chun erur shahzoda Abdullo o‘zindin yodgor,
Topmasangiz o‘zini qoyim maqomin yod eting.
Ashnug‘i shahzodau shahlarni atorg‘on aro,
Odil Ibrohim Sultonning nomin yod eting[23].

Marsiyada tilga olingan Abdullo ismli shahzoda 1433 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 1450 yil Mirzo Ulug‘bekning o‘g‘li Abdullatif Mirzo o‘ldirilgach, Samarqand taxtiga o‘tiradi. Uning hukmdorligi ko‘pga bormaydi: 1451 yil iyul oyida Sulton Abusayid Mirzo (1424 – 1469) bilan Bulung‘ur dashtida bo‘lgan jangda halok bo‘ladi[24].

O‘zini “Ibrohim Sulton zamonasining g‘azalxoni” deb hisoblagan shoir, shubhasiz, o‘sha zamon an’analariga ko‘ra marsiya yozganligi tabiiy hol. Marsiyadagi mubolag‘ali tashbehlar ham asarning janr xususiyatiga mos keladi. Ayniqsa, quyidagi baytlar xarakterlidir:

Borimiz banda eduk, o‘rtada o‘zi shoh edi,
Holi xush erdi, barcha holidin ogoh edi…
…Qo‘y bilan bo‘ri oning davrinda qardosh erdilar,
Chun oning adli edi sahronishinlarga sho‘bon[25].

Bunday baytlarni shoir zamondoshi Sakkokiyning Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlab yozgan qasidasida ham ko‘rishimiz mumkin:

Raiyat qo‘y erur, sulton anga cho‘ponu yo bo‘ri,
Bo‘ri o‘lgo-yu qo‘y tingay, chu Musotek sho‘bon keldi[26].

Hofiz Xorazmiy marsiyasi hozircha o‘zbek adabiyoti tarixida Alisher Navoiygacha bo‘lgan davrda yaratilgan birinchi namunadir. Ammo shoir she’rlari nashrlarining birortasiga marsiyasi kirmay qolgan.

Yuqorida eslatib o‘tganimizdek, adabiyotshunos olim Jaloliddin Jo‘rayev “Sharq yulduzi ”jurnalining 2015 yil 6-sonida chop etilgan “O‘zbek adabiyotidagi ilk marsiya” nomli maqolasida shoirning bu asari haqida atroflicha ma’lumot bergan, Ibrohim Sultonning Sherozda olib borgan ma’rifatparvarlik ishlarini keng yoritgan, shuningdek, marsiya matnini ham e’lon qilgan[27].

Xulosa shuki Ibrohim Sulton davrida Sherozda turkiy tilli adabiyot rivoj topgan. O‘zbek mumtoz adabiyotining mumtoz namunalari yaratilgan. Bu fikrlar adabiyotimiz tarixida janrlar takomili haqidagi bilimlarimizni boyitadi va ayrim muammoli masalalarga aniqlik kiritadi:

Birinchidan, hozirga qadar Sherozda turkiy tilda faqat Sulton Iskandar va Haydar Xorazmiy ijod qilganligi ma’lum edi, xolos. Hofiz Xorazmiy Sherozda ijodini davom ettirgani turkiy adabiyotning hududi Fors o‘lkasida mustahkamlanganidan va taraqqiy etganidan dalolat beradi.

Ikkinchidan, XV asrning birinchi yarmida ham o‘zbek adabiyotida marsiya janriga oid asar yaratilganligidan xabardor bo‘lamiz. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu marsiya shoir tarjimai holini hamda ijodiy merosini o‘rganishda qimmatli ma’lumot beradi.

Uchinchidan, Sulton Iskandar, Ibrohim Sulton, Haydar Xorazmiy va Hofiz Xorazmiylarning adabiy merosi o‘sha davr adabiy jarayonining darajasini aniqlashda katta ahamiyatga ega.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 3-son

__________________

[1] Navoiy, Alisher. “Majolis un-nafois”// MAT, 13-jild. – Toshkent: Fan. 1997. 165-bet.

[2] O‘sha betda.

[3] Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog‘a” asari Ergash Ochilov tomonidan nashrga tayyorlanib, “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalining 2001–2002 yillardagi sonlarida e’lon qilingan.

[4] Jo‘rayev J. “O‘zbek adabiyotidagi ilk marsiya” “Sharq yulduzi ”jurnali 2015 yil 6-son. 10–21-betlar.

[5] Xorazmiy, Hofiz. She’riyatidan namunalar. //Adabiy meros, 1978. NZ. – B.23-44. Xorazmiy, Hofiz she’riyatidan. – Toshkent: O‘z KPMK nashryoti, 1980. – B.120.

[6] Iz liriki Xafiza Xarezmi. – Tashkent: Izd-vo SKKP, 1981. – S.120.

[7] Xorazmiy, Hofiz. Devon. 1-kitob. – Toshkent: O‘z KPMK nashryoti, 1981. 112-bet.

[8] Xorazmiy, Hofiz. Qo‘lyozma fotokopiyasi. – B.78.

[9] Xorazmiy, Hofiz. Qo‘lyozma fotokopiyasi. – B.82.

[10] Xorazmiy, Hofiz. Qo‘lyozma fotokopiyasi. – B. 83. shoirning forscha g‘azallari Devonning 1981 yilgi nashriga kiritilmagan.

[11] Xorazmiy, Hofiz. Devon. 1-kitob. 1981. 6-bet.

[12] Xorazmiy, Hofiz. Devon. 1-kitob. 1981. 6-bet.

[13] Xorazmiy, Hofiz. Devon. 2-kitob. 1981. 226-bet Shoir tilga olgan Sanjariy kim ekanligini aniqlay olmadik.

[14] Xorazmiy, Hofiz. Devon. 2-kitob. 1981. 72-bet.

[15] Xorazmiy, Hofiz. Devon. 2-kitob. 1981. 232-bet.

[16] Xorazmiy, Hofiz. Devon. 1-kitob. 1981. 10-bet.

[17] Xorazmiy, Hofiz. Qo‘lyozma fotokopiyasi. – B.52.

[18] Xorazmiy, Hofiz. Qo‘lyozma fotokopiyasi. – B.58.

[19] Sulaymon H. Hofiz Xorazmiy. Devon. 1-kitob. So‘zboshi. – T.: 1981. 3–15-betlar.

[20] Harezimli Hafiz’in divani. – Ankara: Turk Dil Kurumi, 1998. 121–127-bet.

[21] Jo‘rayev J. “O‘zbek adabiyotidagi ilk marsiya” “Sharq yulduzi” jurnali. 2015. 6-son. 10–21-betlar. Yana. “Sharqshunoslik” jur. 2015, 2-3-sonlar. 216–226- betlar.

[22] Xorazmiy, Hofiz. Qo‘lyozma fotokopiyasi. – B.52.

[23] Xorazmiy, Hofiz. Qo‘lyozma fotokopiyasi. – B.56.

[24] Turg‘un Fayziyev. Temuriylar taqdiri. // Muloqot, 6-son, 1991. – 72–74 betlar.

[25] Xorazmiy, Hofiz. Qo‘lyozma fotokopiyasi. – B.54.

[26] Sakkokiy. Tanlangan asarlar. – Toshkent: 1958. – 69-bet.

[27] Jo‘rayev J. “O‘zbek adabiyotidagi ilk marsiya” “Sharq yulduzi” jurnali 2015 yil 6-son. 1021-betlar.

______________

Mo‘minjon Sulaymonov – 1962 yilda tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olgan. Hozirga qadar 200 ga yaqin ilmiy, ilmiy-uslubiy, ilmiy-ommabop maqolalari, “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi” hamda “Munavvar tong qo‘shig‘i” (Q. To‘laboyev bilan hamkorlikda) risolalari nashr etilgan.