Minazini buzmay larzakor va jarangdor polapon qushday ohista
Yassi bo‘ylab cho‘ng alp singari zaytunzor aro devkor va yovqur
She’r yobonlarida yovshan chechaklarini tergan yozuqli qaysar
Suluv she’riyatning tug‘in ko‘tarib
Jinday g‘azalxon, tanti shoir Mirtemir kelayotir!..
G‘afur G‘ulom
Men eng oldin shoir Mirtemirning “To‘ychi Eryigit o‘g‘li”, “Oleg va o‘rtoqlari” degan she’rlarini maktab darsliklaridan o‘qigandim. O‘sha she’rlar orqali Mirtemir tabiatidagi jasorat va sobitlikni ko‘rganman.
Hayotda Mirtemirni, yanglishmasam, 54–56 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ko‘rdim. Kiyim-boshidan tortib muomalasigacha nihoyatda kamtar va samimiy bir insonligi ko‘rinib turardi. Do‘ppisining qirrasini oldinga qilib kiygan edi, bu uning ruhida bir qadar chapanilik, hurlik, mardlik mavjudligini his qildirar edi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yosh ijodkorlar to‘garagini Mirtemir aka olib borgan kezlarda men ham to‘garakka bir-ikki bor qatnadim. Yosh shoirlardan Erkin Vohidov, Xayriddin Saloh, Razzoq Abdurashid, Sayyor, To‘lqin, Yusuf Shomansur kabilar faol edi. Nazarimda, ularning she’rlari qarshisida mening yozganlarim o‘rtaga chiqib o‘qishga arzigulik emasdi. Bunday to‘garakka qatnasha olish uchun hali ko‘-o‘-o‘p she’r mashq qilishim kerak edi. Shu bois to‘garakka qatnamay qo‘ydim.
Toshkent davlat universitetida (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini bitirgach, 1958 yilda Toshkent telestudiyasiga, 1959 yida “G‘uncha” jurnaliga ishga keldim. Xizmatim taqozosi bilan bolalar dunyosiga kirib qoldim. Shirin-shirin farzandlar otasi bo‘lib, maktablar va bog‘chalar hayoti bilan tanishib, bolalarga mehrim tushib, she’r yoza boshlaganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Bu she’rlarim tez tanila boshladi.
Yanglishmasam, 1966 yili edi, respublika yoshlar tashkiloti qandaydir munosabat bilan endi adabiyot maydoniga kirib kelayotgan ijodkorlarni ustoz shoir va yozuvchilar bilan birga maktab o‘quvchilari huzuriga tez-tez uchrashuvlarga chiqara boshladi. To‘ytepada bo‘lib o‘tgan shunday she’rxonlik tadbirlarida Mirtemir domla ham qatnashdi.
Men bolalikdan odamlarga qovushimsiz edim, onam meni “sho‘rtumshuq” deb urishar, “bunday bo‘lma, kirishimli, dadil bo‘l” derdi. “Nima qilay, qovushmasam, kirishimli bo‘lolmasam? Birov menga “kel” deb aytmasa, davralarga qo‘shilolmayman”, derdim. Bu yerdagi uchrashuvlarda ham, Xayriddin Saloh, Yusuf Shomansurlar Mirtemir domla bilan askiyalashib, apoq-chapoq gaplashardilar. Men qo‘shilolmasdim. Men faqat domlani, uning yondaftar varaqlashi va yo qulog‘iga ovoz kuchaytirgich taqib, yosh shoirlarning she’rlarini diqqat ila tinglayotganini kuzatar edim. So‘z menga tekkanda o‘quvchilar avjabtovur qizg‘in qarshi oldi. 2–3 she’rdan keyin o‘tirishimga yo‘l qo‘ymay, qayta-qayta minbarga chiqardilar. O‘quvchilar bilan uchrashuv oxirlab qolganda: “So‘z sevikli shoirimiz, ustoz Mirtemir domlaga!” degan ovoz yangradi. Domla minbarga yaqinlashaturib, do‘ppisiga bir qo‘l yugurtirib oldi-da, avval “Qush tili” dedi, so‘ngra “Mo‘min Boboning yaxshi nevaralaridan mitti Alisherga ataganlarim” deya she’rni o‘qidi:
Qushlar, hey, ketmang uzoq,
Qo‘ymayman sizga tuzoq.
Bo‘zto‘rg‘ay,
bo‘zlashaylik.
Qaldirg‘och,
quvlashaylik.
Betilmoch
quvnashaylik.
Sa’vaoy,
sayrashaylik.
Soyma-soy
yayrashaylik.
She’rda yana shunday misralar ham bor edi:
O‘ylamangki, otgum tosh,
O‘ylamangki, men bebosh…
…Uzoqlashmang qushlar, hey,
Go‘yo yorug‘ tushlar, hey.
Qafasga solmayman, yo‘q,
Ko‘nglingizni tuting to‘q.
Totuv, inoq bo‘lgum bor,
Tilingizni bilgum bor…
Tilingiz bilarkan-ku
Axir Alisher bobom.
Bolalar bu she’rni hardamxayollik bilan tingladilar. Ko‘ngildagidek qarsak urmadilar, nazarimda, she’rning ma’nosini tushunmadilar. Diqqat-e’tibor sal tarqoqroq bo‘ldi. Shunda men bizning har birimiz Mirtemirni yaxshi tushunishimiz va hammaga tushuntirishimiz kerak, degan qarorga keldim.
Shoirni tushunish
Mirtemirning eng yaxshi she’rlarida, hatto “Surat” dostonida mening o‘zim uchun ham anglashilmas ba’zi bir jihatlar bor edi. Masalan, 60-yillarda Hadiya Yusupova ijrosida radiodan deyarli kunora beriladigan “Bir go‘zal” qo‘shig‘i, ko‘nglimga qanchalik o‘tirishmasin, biroz tushuniksiz ko‘rinardi.
Deydilarki, shahrimda bir go‘zal bormish,
Har oqshom boqqa kirib meni so‘rarmish.
Izlarimni topolmay ohlar urarmish –
Gir-gir yurarmish,
Hayron bo‘larmish…
Holat bir menga g‘alati ko‘rinadimi, desam, boshqalar ham har xil xayollarga borisharkan, bir kuni Yozuvchilar uyushmasida Erkin Vohidov so‘zga chiqib, “Mirtemir domla uylarida, deraza yonida: “Deydilarki, shahrimda bir go‘zal bormish, Har oqshom boqqa kirib meni so‘rarmish”, deb xayol surib o‘tiradilar, boqqa chiqa qolsalar bo‘lmaydimi?” – deya lutf qildi. Domla xoxolab kuldi, ammo javob bermadi.
Yana men “Onaginam” she’rini hech hayajonsiz o‘qiy olmasdim. She’rda onasiga farzandlik burchini ado etolmagan, uning xizmatini qilolmagan o‘g‘il timsoli bor. Mirtemir aka haqida o‘ylar edim: nima,Turkiston shunchalik borib bo‘lmas olis joydami, Toshkent bilan Iyqon orasi nari borsa 300–400 kiolometr kelar, onasini yo o‘limidan oldinroq yoniga olib kelsa va yo Iyqonga borib xizmatini qila qolsa bo‘lmasdimi? – derdim o‘zimcha.
“Surat”da esa yurakni zir titratuvchi dastlabki akkordlardan boshlab o‘quvchi ko‘z o‘ngida anglashilmas bir manzara tiklanardi:
Toshlon o‘ldi, degan kim axir?
…………………………………………….
Gunohim ne? – Jangda bo‘lganim,
Qon kechganim, yuz bor o‘lganim.
Diydoringni unutolmayin
O‘limlardan hatlab kelganim…
Yuqorida namunasi keltirilgan “Qush tili” she’rida qayta-qayta:
Qushlar, hey, ketmang uzoq,
Qo‘ymayman sizga tuzoq,
deya ta’kidlanishi ham qandaydir munosabatsiz aytilgan jumla bo‘lib ko‘rinardi. Bu va boshqa shunga o‘xshash she’rlarning hammasi yarim asrdan ortiq davr mobaynida, hatto shoir vafot etgan 1978 yildan keyin ham butun o‘quvchilarga tushuniksiz bo‘lib qolaverdi. Chunki Mirtemir hayotining eng dramatik tomonlari qulflog‘liq temir sandiqlarda saqlab kelingan, hatto shoirning o‘zi ham bu haqda umrining poyonigacha hech kimga hech nima demagan edi. Bu temir pardalar faqat mustaqillik davrimizning sharofati bilan olib tashlandi. Eng oldin bu ishni zabardast olimimiz, ustoz Naim Karimov amalga oshirdi. 2008 yilda uning “XX asr adabiyoti manzaralari” kitobida Mirtemirning 1932–1935 yillarda qatag‘onga uchragan fasllari haqida ma’lumot berildi. Keyin 2012 yilda “Mirtemir” nomli ma’rifiy-biografik romanida shoir hayotining fojialari bilan bir qatorda uning butun umr sahifalari ham gavdalantirib berildiki, bu sir bizdan 80 yil davomida yashirib kelinganini angladik.
Shoirning umr bayoni bilan ijod namunalari birga berilmasa, kitobxonda asarlar borasida aniq tasavvur hosil bo‘lmasligi ayon bo‘ldi.
Mirtemir 1932 yilning 7 avgustida nohaq qamoqqa olinib, oldin Samarqand yerto‘lasida, so‘ng Toshkent yerto‘lasida qattiq tergov qilingach, uch yil ozodlikdan mahrum etilib, 1932 yil 14 sentyabrdan mehnat-tuzatuv lageriga, Moskva–Volga kanali qurilishiga etap qilingan edi.
Mirtemir o‘sha yerdaligida 1933 yil 5 oktyabrda onasi olamdan o‘tgan. “Onaginam” she’ridagi armon manzarasi o‘sha davrdagi ilojsizlik holatining o‘zginasi edi. Albatta, Moskva – Volga kanali qurilishida jazo muhlatini o‘tayotgan shoir o‘layotgan onasining qoshiga uchib borolmas, o‘g‘illik xizmatlarini ado etolmas edi.
Shuningdek, sevgilisining quchog‘idan yulib olinib, olis-olislarga jo‘natilgan Mirtemir go‘zal yorining ahvoli qandayligini ham, qayerdaligini ham bilmas, “Deydilarki, shahrimda bir go‘zal bormish” deb armon bilan kuylar, shubhasizki, u deraza oldida xayol surib o‘tirmagan, “boqqa chiqib uni ko‘rish” imkonidan mahrum etilgan, oddiy insonlik quvonchi oyoqosti qilingan bir mazlum, zulmga mahkum etilgan inson edi.
Mirtemir ozodlikka chiqib kelarkan, tezda sevgilisi Halima Rahimovani ko‘rajagiga, butun hijron azoblarini unutib, qayta topishuv quvonchlariga g‘arq bo‘lajagiga ishongan edi. Ammo u qaytib kelganida Halima boshqa erga tegib ketgan, “Nega meni kutmading?” degan savoliga, “Seni o‘ldi deyishgan menga”, javobini bergan. Ana endi “Toshlon o‘ldi degan kim, axir?” hayqirig‘ining sababi butun bo‘y-basti bilan qad ko‘taradi. Endi “Surat” dostonini o‘qisangiz, uning zamirida yotgan dramalar yorqin akslanib ko‘rinadi. Faqat shoir doston qahramoni Toshlonni Ikkinchi jahon urushi jangchisi qilib beradiki (albatta, u o‘z qahramonini mehnat-tuzatuv lagerining mahbusi etib berolmasdi!) bu ham kitobxonni ancha-muncha chalg‘itardi.
“Qush tili” she’rida Mirtemir ulug‘ mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni yo‘riqlaridan foydalanib, o‘zi yashagan davrning belgilarini ramziy tarzda ko‘rsatadi:
Qushlar, hey, ketmang uzoq,
Qo‘ymayman sizga tuzoq –
satrlarida ozod insonlarga tuzoq qo‘yishga asoslangan tuzumni yodga soladi:
Betilmoch quvnashaylik –
misrasi orqali turli millat vakillarini tergov jarayonlarida tilmochlardan foydalanish xuquqini ko‘z-ko‘z qilishlarini ko‘rsatadi:
O‘ylamangki, otgum tosh…
Qafasga solmayman, yo‘q… –
kabi misralarda o‘sha-o‘sha begunoh odamlarga tosh otish, qafasga solishlar, hamma qushlar (ya’ni hamma odamlar) bir-biri bilan totuv, inoq yashashlari mumkin bo‘laturib bunga imkon yo‘qligiga ishoralar qilinar edi. Bu gaplarni, albatta, bolalar tushunishi qiyinligi, hatto, qatag‘on hodisalaridan bexabar, ko‘r-ko‘rona, shibbalab tarbiyalangan yoshlar va kattalar ham anglamas edi.
Bu keltirilgan misollar xususiyroq xarakterga ega. O‘rtada yana shoirning yarim asrlik ijod namunalari ichida shundaylari ham borki, ularni ham tushunish va tushuntirish kerak, nazarimda.
Ilm olamida, xususan, Naim Karimovning tadqiqiy va ma’rifiy ishlarida shu narsa qayd etilganki, 1927 yilda shoir Sotti Husayn o‘zi muharrir bo‘lgan gazeta atrofiga yosh qalamkashlarni to‘plab, adabiy to‘garak tashkil etgan va gazetada “Ko‘rmana” nomli rubrika ostida yosh shoirlarning she’rlarini e’lon qilib turgan. “Ko‘rmana” 20-yillar adabiyotiga tuzukkina hissa bo‘lib qo‘shilgan” (N.K.). Sotti Husayn “Ko‘rmana”larning birida Mirtemirdan umidi katta ekanini aytgan. So‘ngra u 1928 yilda Mirtemirning birinchi she’r to‘plami “Shu’lalar qo‘ynida”ga ham juda yaxshi so‘zboshi yozgandi. Keyin shoirning “Zafar” (1929), “Qaynashlar” (1931), “Bong” va “Kommuna” (1932) nomli to‘plamlari, bir qator dostonlari chiqdiki, Sotti Husayn ular haqda ham ijobiy maqola yozdi. Ammo bu Mirtemirning boshiga balo bo‘ldi. Bir qator ichi qora unsurlar, uning ustiga tuhmat-malomat toshlari yog‘dirdilar.
Ammo gap bu yerda boshqa masala ustida: Sotti Husayn “yosh shoirlarni yangi tarixiy davr talablari ruhida tarbiyalashga intilardi” (N.K). Tabiiyki, o‘z mustaqil qarashlari hali kamol topmagan, siyosiy-milliy pozitsiyasi shakllanmagan 17 yoshli o‘smirga bu ta’limlar o‘zlashmay qolishi mumkin emasdi. 17–22 yoshlarda singdirilgan bilimlar yosh ijodkorning xotirasidan sira o‘chmaydi. Sotsialistik realizmmi – sotsalistik realizm. Eski turmushmi – eski turmush: qorong‘ilik, qoloqlikdan iborat. “Asriy fig‘onlar, daryo qonlar!” “Yoshligimning eng shirin davrlarida chirik bo‘yraga o‘tqazdingiz meni!” deydi shoir bobosiga yozilgan “So‘nggi xat” she’rida. Holbuki, Mirtemir to‘rt-besh yoshdaligida Isomiddin bobosidan (onasining otasi) arab alifbosini o‘rgangan, so‘ngra shu besh yoshida yangi usul, ya’ni jadid maktabida dars berayotgan no‘g‘oy domla Salohiddin Asfandiyorovdan zamonaviy ilmlar ham ola boshlagan edi. Faqat 11 yoshida tog‘asi uni Toshkentga olib ketib, “Almaiy” mehnat maktabiga bergan edi. Qarabsizki, sovet tuzumi – eng ilg‘or tuzum: unda baxtsizlik bo‘lishi mumkin emas. Baxtsizlik faqat eski zamonlarda bo‘ladi.
Shoir “So‘nggi xat” sochmasida: “…bobojon… Men komsomol bo‘ldim, Lenin o‘g‘li bo‘ldim. To‘ppa-to‘g‘ri aytaman: men dahriylar safida…”
“…Men, sizcha – osiy, dinsiz. Mayli, men Lenin yo‘lida – chin yo‘lda! So‘nggi xatim bu!..” – deb yozadi. Ko‘ryapsizmi, uni qanday tarbiyalaganlar, tarashlaganlar… U endi mehnatni ulug‘laydi, uningcha, ilgarigi mehnatlar sarmoyaga asir edi. Endi mehnat erkin… “Boshqalar uchun saroy yaratmaydi”. “Mehnat quyoshi porlashda”. Kapitalizm esa dahshatli zulmlar vatani. Unda Sakko-Vantsettilar elektr stullarga o‘tqazib o‘ldiriladi. Sho‘rlikkina Mirtemir! Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan baxtli hayot asoschisi – sovetlarning – o‘z boshiga solgan zulmlarini ko‘rmadimi?
Zulmlarni ko‘rgandan keyin ham shoirimiz og‘ziga tosh solib yashadi. To‘g‘ri, kichkina bir imkonga duch kelsa ham o‘z qalbining holatlarini kuyladi. Aytaylik, Lermontovning “Shoh Ivan Vasilevich, navjuvon yasovul va azamat savdogar Kalashnikov haqida qissa”sini tarjima qilarkan, sevgisiz, juftsiz yashashning mashaqqatlariga o‘z dardini ham qo‘shib qorgani haqida o‘ylaydi, kishi:
“… yorug‘ jahonda
Yakka yurish – qayg‘u, mashaqqat bo‘ldi.
Ixlosim qaytipti arg‘umoqlardan,
Ixlosim qaytipti kimxob to‘nlardan,
Menga darkor emas oltin – xazina,
Kim bilan bu mulkni ko‘raman baham?
Kimga ko‘rsatardim tantiligimni?
Kimga maqtanardim kiyib kimxoblar?”
Mirtemir ozodlikka chiqqanda, mehnat-jazo yillarida ko‘rgan-kechirganlari haqida hech og‘iz ochmadi. U yerda o‘ziga “hayot kitobini varaq-varaq o‘qitib”, “bir askarday botirlikka o‘rgatgan”, “yo‘l ko‘rsatgan bir padar” haqida xayrlashuv manzumasini yozadi, shoirlik jabhasida sodiq askar bo‘lishga ont ichadi. “Ham yumshoq, ham jiddiy”, “tarbiyachi”, “boshlig‘i”ning har ne deganlariga “xo‘b” javobini beradi. Moskva – Volga kanali qurilishida ko‘rganlari haqida hech qachon hech narsa demaslikka ont ichgan, deb o‘ylayman:
Xayr, qo‘l ber, zo‘r inshoot, kanal qirg‘oqlari,
Yoz kunlari yod etganim o‘rmon quchoqlari,
Yulduzlarning raqsiga sahna bo‘lgan daryolar,
Yuragiga mehnatimiz rahna solgan qoyalar,
Ahd etaman qarshingizda askarday turib,
Harna degan bo‘lsangiz, javobimdir: xo‘b!..
Mirtemir shu yili bitgan “Qadah” she’rida yozadi:
Shu yo‘llarda mardona kechganim uchun,
Shu suvlarni yona-yona ichganim uchun,
G‘ussalarimga kafan bichganim uchun
Ichaman gul suvlari to‘liq bir qadah.
Ha, g‘ussalariga kafan bichgan, ko‘mib yuborgan, hech qachon ular haqda hech nima demaydi. “Men hayotda yangi bir sahifa ochdim”, “Ichamanu, demayman “vo hasrat, evoh!”deydi. Yana ilgarigiday sovet davri romantikasini kuylashda davom etib ketdi.
Men, ayniqsa, Mirtemirning til boyliklari haqida alohida to‘xtalib o‘tgim keladi. U xalq iboralari, so‘z boyligi, xususan, o‘simliklar, hayvonlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, jihozlar va etnografiyaga oid shu qadar ko‘p turkiy so‘zlar ishlatadiki, ularning ko‘pchiligi, ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da yo‘q. Bu izohli lug‘atda o‘zbeklar ishlatmaydigan va tushunmaydigan arab-fors so‘zlari tiqilib yotgani holda, nima uchun Mirtemirning o‘zbeklarga tushunarli turkiy so‘zlari lug‘atga kiritilmaganligi mutlaqo tushunarsizdir.
Mana, o‘sha mashhur “Onaginam” she’rini olaylik:
Tovonimga chaqir tikanakday botguvchi – g‘ashlik,
Bedavo sizloviqday sizlatguvchi – g‘ashlik. – deya boshlanadi u.
Baytdagi har o‘zbekka tushunarli bo‘lgan sizloviq, sizlatguvchi so‘zlari “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da yo‘q.
Yoki:
Zanglamish boltalar, siniq sungular, – degan satrni uchratamiz.
Bu yerdagi sungu ruslar “shtыk” deb ataydigan so‘zning o‘zi ekanligi tushunarli emasmi, nega lug‘atga kiritilmagan? Yoki xuddi shu shakldagi suygu so‘zi sevgi, yoqtirish ekanligi anglashilmaydimi?
Zulmlarning bormikin cheki,
Qanday sovuq, zo‘ravon suygu? –
bu yerda gap zo‘rlik bilan sevish, birtomonlama sevish ustida borayotgani besh qo‘lday ayon bo‘lib turibdi-ku! Nega o‘zbek so‘zligimizdan o‘rin olmagan?
Yana Mirtemirning tarjimalarida:
Yo savdogar o‘g‘li oyoq chaldimi –
Moskva-rekada, musht janglarida?
Javob berar shunda Kiribeevich,
Jingalak sochlarin silkitib turib:
– O‘shandoq zo‘r yudruq tug‘ilgani yo‘q –
Na savdogar va na boyar zotida, –
kabi satrlar aro kelgan, bir necha karra ishlatilgan ajoyib turkiy so‘zimiz “yudruq” ham lug‘atimizda uchramaydi.
Yoki yana bir misol. Mirtemir domla qirg‘iz do‘stlarga bag‘ishlangan bir she’rida “bovurdoshlik” so‘zini ishlatadi. Bu yerdagi “bovur” “bag‘ir” degan so‘zning o‘zi. Shoir o‘zbek tiliga “bag‘irdoshlik” ma’nosida “bovurdoshlik”ni olib kirmoqchi bo‘lgan. Lug‘atda xuddi shu so‘z kirishi mumkin bo‘lgan joyga o‘zbeklarning 70–80 foizi tushunmaydigan va ishlatmaydigan “bovujud” so‘zi qo‘yilgan. Boring, ana, “bovujud” ham kira qolsin, ammo nega o‘zbek tilida O‘zbekiston xalq shoiri amalda ishlatgan “bovurdoshlik” so‘zini kiritmaslik kerak!
Yoki “o‘ba” so‘zini olaylik. Shoir yozadi:
Meni chorlar hatto yozning yolqini…
Yaylov, o‘ba, paxtazorlar salqini…
O‘ba so‘zining ma’nolari ko‘p. Turkiy xalqlarning deyarli hammasida eng ko‘p tarqalgan ma’nosi: qir, tekislik, tashqaridagi yerdir. Shoir ham shu ma’noda qo‘llagani ko‘rinib turibdi. (Bir daf’a Usmon Nosir qabrini ziyorat qilgani Kemerovo viloyatiga borganimizda, o‘sha yerlik bir kishi Kemerovo – Ko‘miro‘ba degani, ya’ni o‘sha tekislik ko‘mir koni bo‘lganini, so‘ngra o‘sha yerda qad ko‘targan shahar ham shu nomni olganini aytib bergandi) Bu so‘z ham o‘zbekcha so‘zligimizda yo‘q.
Yana bir oddiygina so‘z: qumloq, toshloq singari tuzloq.
Bo‘lgan ekan bu joy bir kez kattakon tuzloq
Oq kiyiklar bunda tez-tez solarkan so‘qmoq.
Kelar ekan tuz yalashga tunda sirtlonlar,
Kelar ekan tuz kovlashga tashna karvonlar.
Yo‘q-yo‘q, bu so‘zni ham lug‘atimizdan qidirib ovora bo‘lmang.
Bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Ammo bu yog‘iga shunday so‘zlarning ayrimlarini keltirib qo‘ya qolaman: yelpiramoq, dong‘il, yang‘iroq, utta, yopog‘i, eltir, chalqi, chalqimoq, dirgizlash, otoq, ketmonlik, ketmontepa, qapchig‘ay, achitgulik va hokazolar. Bu so‘zlarning barchasi bir-ikki o‘tirishda ko‘zimga chalinganlari xolos. Menimcha, lug‘atchi olimlarimiz “Navoiy asarlari lug‘ati” tuzganlari kabi “Mirtemir asarlari lug‘ati” ham tuzishsa, turkiy tilimizning boyligini ko‘rsatuvchi bir vatanparvarlik burchini ado etgan bo‘lardilar.
Mirtemirning tavsiyanomasi
1971 yilga kelib, uchta kitobcham dunyo yuzini ko‘rganda, katta-kichik ustozlar menga Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lishim kerakligini ayta boshladilar. “Mirtemir akadan tavsiyanoma oling”, deyishdi. “Mirtemir aka meni tanimaslar-ov, bir-ikki uchrashuvda birga she’r o‘qiganlarimizni hisobga olmasa, o‘rtamizda yaqin munosabat yo‘q, kitobchalarim piyozning po‘stiday bo‘lgani uchun domlaga taqdim etmaganman”, deb o‘yladim. Shunday bo‘lsa-da, do‘stlarning qat’iy tavsiyasiga ko‘ra, bir tavakkal qilib ko‘rdim: bordim, domla huzuriga. “Yozib beraman”, dedilar, ertasigayoq yozib berdilar. Quyida rus tilida yozilgan o‘sha tavsiyanomaning o‘zbekcha matnini keltiraman.
Tavsiyanoma
O‘zbekistonning bolalar yozuvchilari orasida Miraziz A’zam alohida o‘rin egallaydi: uning ijodi kichik yoshdagi bolalar orasida katta shuhrat qozongan. Shoir bolalarning hayoti va yoshiga xos xususiyatlarni, ularning sajiyalari va qiziqish doirasini, orzu va mayllarini juda yaxshi biladi va o‘z she’rlaridagi qahramonlarni xarakterli qilib, chinakam hayotiylik bilan gavdalantiradi, bu esa o‘z navbatida bolalarning estetik o‘sishiga va umuman yetishayotgan avlodning tarbiyasiga katta yordam beradi. Shuning uchun ham Miraziz A’zamning she’rlari tiniq, o‘zgacha shirali, jonli, bolalar tomonidan tez yodlanadigan, ertalabki yig‘inlarda, kichkintoylarning bayramlarida deklamatsiya qilinadigan she’rlardir. Men uning she’rlari kichkintoylar orasida qanchalar mashhurligiga guvoh bo‘lganman. Bolalar maktab sahnasida, bayram oqshomlarida, katta-kichik yig‘inlarda ularni zavq bilan o‘qiganlarini eshitganman. Men uning uch she’riy kitobchasini va hali to‘la nashr etilmagan she’r turkumlarini, shuningdek, qardosh xalqlar shoirlaridan qilgan tarjimalarini o‘qib chiqdim. Tarjimalari yuksak saviyada ado etilgan va muallif matnini yaxshi anglab qilingan tarjimalardir. Miraziz A’zam izlanuvchan va izlagan narsasini topmaguncha tinchimaydigan, boy iste’dodga ega shoirdir. U sira o‘zini o‘zi takrorlamaydi, hammavaqt o‘zgacha. Tayyor andozalarga yaqin yo‘lamaydi. She’rlarining mazmunan yangilikka, timsollarga boyligi, ohangdorligi kichik o‘quvchilar muhabbatiga sazovor bo‘lishiga olib keldi.
Men uni yozuvchilar safiga tavsiya qilarkanman, u yozuvchi degan yuksak va mas’uliyatli unvonga hech qachon dog‘ tushurmasligiga ishonaman.
1971 y. Imzo (Mirtemir T.)
Endi-endi, yoshim bir joyga borib qolganida o‘ylasam, men faqat odamovi emas, qandaydir bee’tibor, beparvo, bir qadar tarbiyasiz ham ekanman. Domladan tavsiyanoma olishga olibmanu, uyushmaga a’zo bo‘lganimdan keyin, buni domlaga aytib qo‘yish, hech bo‘lmasa, telefon orqali rahmat aytish xayolimning bir chetiga ham kelmabdi. Men o‘zim endigi yoshlarga arzimas bir yaxshilik qilsam, ular meni darhol ustoz deb atab, har bayramda tabriklab qo‘yishni yoddan chiqarmaydilar, hamda meni ko‘rgani kelib-ketib turadilar.
Bolaligimda onam bizning qornimizni to‘yg‘azish uchun kun bo‘yi kuymanib yurar, otam urushda halok bo‘lgan, men ko‘proq ko‘chada sandiroqlaganim, muomala madaniyatidan oilaviy tarbiya ko‘rmaganim sabablimikin, shu narsalarga ahamiyat bermagan ekanman. Xotiramning bir chekkasida Mirtemir aka mendan: “Uyushmaga a’zo bo‘ldingizmi?” deb so‘ragani, men “Ha” deganim lip-lip ko‘rinib ketadi, Mirtemir aka “Yaxshi” degan, men esa, nega so‘radi, deb o‘ylab yurganlarim, sababini aniqlayolmaganim ko‘z o‘ngimda jonlanadi.
Otayorning “Mirtemir” nomli esselar kitobi
1974–75 yillarda o‘sha vaqt she’riyatining faol shoirlaridan biri Otayor Nahanov Mirtemirning oilaviy hayoti va ijodiyoti negizlarini sinchiklab o‘rgandi, u bilan birga Iyqonga safar qildi, ustoz haqda matbuotda yangi-yangi dalillarga ega bo‘lgan maqolalarini chiqardi. 1975 yilda domlaning bir qator shogirdlarini shoirning uyiga to‘plab, suhbatlar ham tashkil qildi. Mashrab Boboyev, Rauf Parfi, Mukarrama Murodova, Otayor, Abdulla Sher, men Mirtemir akani o‘rtaga olib bir shirin, xushchaqchaq gurung qilganlarimiz biz uchun unutilmas tarix bo‘lib qoldi. Otayor bu she’riy gurungimizni ham suratlab gazetada e’lon qildi. Ayni chog‘da “Mirtemir” degan kitob ham yozdi. Ammo kitobi deyarli bitib qolgan kezlarda, Mirtemir aka tez-tez kasallana boshladi va 1978 yilning 18 yanvarida vafot etdi. Otayor katta tajribali adabiyotshunos olim Naim Karimov bilan birgalikda “Mirtemir zamondoshlari xotirasida” (1982) kitobini tayyorlab nashr ettirdi. Keyin Otayor 1986 yilda “Ajoyib kishilar hayoti” ruknida “Mirtemir” essesini, 1991 yilda Mirtemir haqida “Quyoshni ko‘rgani keldim” kitobini chiqardi.
Endilikda men Otayorning kitoblarini goh u, goh bu munosabat bilan varaqlab o‘tiraman. So‘nggi marta Naim Karimovning “Mirtemir” nomli ma’rifiy-biografik romanini o‘qib chiqqandan keyin, xayolimda birdan: “Ajabo, Otayor Mirtemirning fojiali yillari to‘g‘risida biron nima bilarmidi, bilsa kitobida nimalar degandi, shoirning Halima Rahimovaga muhabbati haqida gap ochganmidi, yo‘qmi?” deb o‘yladim.
Salkam o‘ttiz yillik tanaffusdan keyin Otayorning kitobini yangitdan varaqlarkanman, Otayor, Mirtemirning fojiasidan xabardor bo‘lgan, deb o‘yladim. Ammo uni oshkor qilmagan, balki domlaning o‘zi bu haqda yozma, degandir; balki hamon hukm surib turgan sovet hukumatining qilichidan hayiqqandir… U faqat imo-ishoralar bilan kifoyalangan. Kitobining 38-betida domla bilan bir suhbatini keltiradi…
Nega doim yomon haqida gap ketsa ijirg‘anasiz? – deyman…
Yomon odam kesib o‘tgan yo‘ldan ilon ham o‘tishga hazar qiladi… Bir kitobda kobraning zahari 10 ta boshqa ilonni, 25 ta itni, 60 ta otni, 300 ming kaptarni o‘ldiradi, deb yozishibdi… Boshdan o‘tganlarni o‘ylab, shunday xulosaga keldim: bu – tuhmat zahari oldida holva ekan…
Yana kitobning 76-betida Mirtemirning “o‘rmon oralagan yillari” “quruvchilar bilan o‘tkazilgan damlar, yer qazgani”, Gorkiyga xat yozib, keyin yirtib tashlagani, Gorkiy o‘rmon kesuvchilar bilan uchrashgani kelgani, “olatasir yillarning “gardi”dan omon qolgani” ham yozilgan.
Kitobning 143-betida esa “Mirtemir “Xo‘rsiniq” she’rini o‘qiganda o‘tgan yo‘li, o‘z qiyofasini ko‘rganday bo‘ladi” deb, she’rni keltiradi:
Qo‘limdan har nima keladi, yurtdosh,
G‘ariblik, yupunlik barin ko‘rganman.
Qo‘sh ham haydaganman, o‘roq o‘rganman,
Ayriliqda ko‘zdan to‘kkanman ne yosh…
“Qirg‘iz she’rlari” turkumidagi “Azalik” she’rining bir bandida shoir Jalolobod shahar xiyobonida, mangu olov yonida yig‘lab turgan ona haykaliga murojaat qilib:
Men uchun ham ko‘zyosh to‘k,
Yig‘lagin men uchun ham,
Men ham o‘sha o‘g‘lingday
Jo‘n bir jangchi bo‘lganman.
Men uchun ham ko‘zyosh to‘k,
Yig‘lagin men uchun ham,
Men ham to‘rt yil ichida
Qirq to‘rt yo‘la o‘lganman, deb yozganini eslatadi.
Kitob 1986 yilda chiqqan. Bu paytda shaxsga sig‘inish asoratlari fosh qilinganiga 30 yil bo‘lgandi, mahalliy satraplardan hayiqish shart emasdi. Mirtemirning 1932 yil 7 avgustda tuhmat bilan qamalib, tortgan azoblari, ruhiy iztiroblari haqida yozish kerak edi, deb o‘ylayman.
Lekin, baribir, Otayorning imo-ishoralari uchun ham minnatdor bo‘laman, albatta.
Mirtemir fojiasi to‘la-to‘kis ochilishi uchun yana 22 yil kerak bo‘ldi. Bu ish professor Naim Karimovning zimmasiga tushdi. U eng oldin “XX asr adabiyoti manzaralari” kitobida (2008), so‘ng “Mirtemir” ma’rifiy-biografik romanida (2012) ochiq qolgan ana shu bo‘shliqni to‘latdi.
Naim Karimov Mirtemirning hali hech bir kitobida chiqmagan bir she’rini ham e’lon qildi:
* * *
Halimaning daftariga
Eng lirik she’rimning sen ilhomchisi,
She’rki, yuragimning qaynoq tomchisi.
She’rim ham ohimdir, ham fig‘onimdir,
Tomchi-tomchi oqqan yurak qonimdir.
She’rki, azoblarim, qora tunlarim,
Butun hasratlarim, butun munglarim.
She’rki, qaynab turgan yurak tomchisi,
Bu mungli nolaning sen ilhomchisi.
1934 yil 16 yanvar
Mirtemir hayotidan qiziq voqealar
Domlaning qulog‘i og‘ir edi. Mening ham qulog‘im og‘ir. Mening qulog‘im taxminan 30 foiz eshitmasa, domlaniki nazarimda ellik foiz, balki oltmishdir, eshitmasdi. Ammo domlaning eshitmasligi odamlarda xushchaqchaq bir kulgiga sabab bo‘lardi, mening chala eshitishim sherigimning achchig‘ini chiqaradi, hech bo‘lmasa g‘ashini keltiradi.
Domlaning eshitmasligi hammaning kulgisini qistatgan bir-ikki voqea:
* * *
60-yillari Uyushmadagi yig‘inlarda hamma Abdulla Qahhorning so‘zga chiqishini orziqib kutardi. Chunki har bir nutqi o‘tkir iboralarga boy, hayotimizning hamma biladigan, ammo aytishga hayiqadigan sahnalarini shunday jonlantirib gapirardiki, zal gurillab kulib yuborar va u gap og‘izdan-og‘izga o‘tib latifa bo‘lib ketardi. Bir gal Abdulla akaning yana bitta gapi shunday kulgiga sabab bo‘lib o‘tdi. Hamma kuldi va endi tinchib gapning davomini eshitayotgan, notiq boshqa, kulgili bo‘lmagan gaplarni gapirayotganda birdan zalda Mirtemir akaning “vah-ha-ha” degan kulgisi yangrab qoldi.
“Nosir (Nosir Fozilov), Abdulla akaning gapini aytib berdi, Mirtemir akaga gap endi yetib bordi”, dedi Hakim aka (Hakim Nazir). O‘rtada yana kulgi bo‘ldi. Abdulla akaning o‘zi ham ko‘zoynagini ro‘molchasiga artib, lablari chimrilgancha dimog‘i silkinib kular edi.
* * *
Mirtemir aka Uyushmada adabiyot to‘garagiga rahbarlik paytida bir kun, kelganlarning hammasiga bir-bir she’r o‘qittirildi. Yig‘ilganlar orasida 17–18 yoshlarga borgan chiroylikkina, ammo o‘ta uyatchan bir qiz bor edi. Mirtemir aka uni minbarga taklif qildi. Qiz domla bir gap aytsalar kerak, deb o‘ylaganmi, minbarga chiqib domlaga qarab, undan savol kutib turdi.
– Bir she’ringizni o‘qing, – dedi domla.
Qiz uyalib:
– Domla, men she’rimni olib kelmagandim, yoddan bilmayman, – dedi.
– Mayli, o‘qing…
– Yod bilmayman…
– Ziyoni yo‘q, o‘qiyvering…
– She’rimni olib kelmagandim…
– Mayli deyapman-ku, qizim! Uyalmang, o‘qing. Kamchiligi bo‘lsa o‘zimiz aytamiz…
Oxiri domlaga baland ovoz bilan ahvol anglatildi.
– She’rim yo‘q, desangiz bo‘lmaydimi? – dedi domla.
– Aytdim-ku… Aytdim-ku…
– Mayli, aybi yo‘q, bo‘lib turadi…
* * *
Nosir Fozilov bilan Mirtemir domla aka-ukadek ustoz-shogird edilar. Nosir aka haddi sig‘ib domla haqida latifalar to‘qib yurardi. Bir kuni shunday deganlari yodimda qolgan:
– Bilasizmi, Mirtemir aka shaharga mer bo‘lib qolsalar…
– Nima bo‘lardi? – deymiz shu ondayoq.
Bir arzgo‘y kelib:
– Uy-joyga navbatga turganimga besh yil bo‘ldi, – deb ko‘zyoshi qilsa…
– Nachora, bo‘tam, mening o‘zimgayam berishmayapti… – deb, sizga qo‘shilib, siz bilan quchoqlashib, yig‘lar edi…