Kamina 1961 yili “G‘uncha” jurnali bosh muharriri Abdusodiq Irisovning topshirig‘i bilan Bekobod metallurgiya zavodiga borib, Anvar Toshpo‘latov haqida bolalar uchun ballada yozib kelgandi.
– Balladangiz “G‘uncha” o‘quvchilariga emas, kattaroq bolalarga to‘g‘ri keladi, gazetaga bera qoling, – dedi muharririmiz.
“Ballada yoqmagan bo‘lsa, bahona qilyapti”, degan xayol bilan g‘aladonga tashlab qo‘ydim. Oradan ancha vaqt, chamasi bir yil o‘tgandan so‘ng o‘qib ko‘rsam, chindanam, Abdusodiq Irisovning gapida jon bor ekan. Balladani bolalar gazetasiga bergandim, darhol chiqarishdi.
Ertasiga Qudrat Hikmat tahririyatga kelib tabrikladi. Shundan so‘ng meni “Metallurg” deb atay boshladi. Bir kuni: “Metallurg, she’rlaringni tayyorla. Kitobingni chiqazamiz”, deb qoldi dabdurustdan. Men bo‘lsam, bu gapni shunchaki aytdi-qo‘ydi-da, deb tushunibman. Shoir esa har hafta yo hafta oralatib: “Metallurg, qo‘lyozmalarni tayyorladingmi?” deb so‘rab qoladi. Nihoyat, topshirdim. Endi har uchrashganda: “Planga kirdi, muharrir ko‘ryapti”, der edi. Qo‘lyozma terishga tayyor bo‘lganda, qarasam, bir kichkina kitobchada ikki muallifning ismi-sharifi turibdi.
– Bu qanaqasi, menga hammuallifning keragi yo‘q, chiqarmay qo‘yavering! – dedim achchiqlanib. Qudrat aka esa meni qo‘ltiqlab olib, ko‘chaga yo‘l boshladi. Choyxonaga kirdik. Choy ustida izoh berdi:
– Hozir bolalar shoirlari ko‘p. Hammasini chiqaray, desak, hukumat qog‘oz ajratmaydi. Olim Mahkamov yaxshi, lirik shoir. Lekin bir o‘zining kitobini chiqarolmaymiz.
– O‘zingiz bilasiz, – dedim hafsalasizlik bilan.
Shunday qilib, 1964 yili Miraziz A’zamov bilan Olim Mahkamovning she’rlari “Metallurg” nomi bilan nashrdan chiqdi. Keyin o‘ylab qarasam, bu hayot hikmatlarini yaxshi o‘zlashtirgan odamning tutgan yo‘li ekan.
Qudrat aka ko‘pincha tushlik payti tahririyatga kelib, choyga taklif qilardi. Bir piyola choy bahona jonidan ortiq ko‘rgan farzandlarining yoqimli va shirin gaplarini, qiliqlarini sevina-sevina gapirib berardi. O‘g‘li Murodjonning sho‘xliklari, tinib-tinchimasligi haqda “Hayron qoldirar” nomli she’r ham yozgan.
Handalak bo‘y Murodjon
Goho gijing toy bo‘lib,
Xivich tolni “ha-chuv”lar
Ko‘lmak suvda loy bo‘lib.
Shunda tushar esimga
G‘irt o‘t bo‘lgan yoshligim.
Qishda qushday dirgizlab
Qor kechgan beboshligim, –
deb boshlanuvchi bu she’rdan shoirning bolaligi qanday o‘tganini aniq tasavvur qilish mumkin. Ayni chog‘da xalqda “Sho‘x bola bot quyilar” deyilganidek, hozir “paypog‘i, shimi isqirt”, “ilma-teshik qalpoqli” bu bola “serharakat, mard, durkun” azamat bo‘lib o‘sajagi va undan kulganlarni “hayron qoldirajagi” haqida ishonch va mehr bilan to‘la satrlar bitgan edi.
1967 yili Qudrat aka meni nashriyotga ishga taklif qildi.
– Nashriyotda senga o‘xshagan bir gaplashadigan, sirlashadigan odamim yo‘q. Sen bizga o‘tgin…
– Bilmasam, jamoamizdagilar ham, muharririmiz ham yaxshi odam. Ulardan faqat yaxshilik ko‘rdim. Ketishim – unchalik o‘xshamaydi-da…
– Biznikilar ham hammasi yaxshi odamlar. Direktorimiz Sotvoldi Yo‘ldoshev adolatli, to‘g‘riso‘z, hazilkash, askiyachi. Biror marta biror kishini siltab gapirganini ko‘rmaganman. Sening boshliqlaring bilan o‘zim gaplashaman. Hech kim sendan xafa bo‘lmaydi. Mana, ko‘rasan…
Sotvoldi Yo‘ldoshev meni ochiq yuz va samimiy tabassum bilan kutib oldi:
– Sizni hozircha yoshlar publitsistikasi bo‘limiga katta muharrir qilib olamiz. Ikki-uch oyda bolalar adabiyoti bo‘limiga o‘tasiz. Hozir to‘g‘ridan-to‘g‘ri bolalar adabiyoti bo‘limiga katta muharrir qilib olsak, u yerda necha yillardan beri bu o‘rinni orzulab o‘tirgan muharrirlar bor, ular xafa bo‘lib, shikoyat qilishlari mumkin…
Xuddi ularning mo‘ljaliday bo‘lib, bolalar adabiyoti bo‘limiga bir muncha keyinroq o‘tdim.
Qudrat aka tanaffus chog‘i kulib:
– Men bu bo‘limda “podsho”, sen “saroy kotibi” bo‘lasan, – dedi.
– Kotib bo‘lib nima ish qilaman? – deyman.
– Menga ko‘mak beradigan, kelajakda men ketsam, yo‘limni davom ettiradigan izdosh. Hozircha yordamchim bo‘lib ish yuritasan, – deb xoxolab kuldi va kiftimga urib-urib qo‘ydi.
Shu-shu, endi men Metallurg emas, Kotib bo‘ldim.
Qudrat aka o‘zidan kattalardan, ayniqsa, Oybek domladan, Quddus Muhammadiydan yaxshi mehr ko‘rgan edi. Buni unutmadi, ulardan olganlarini ortig‘i bilan o‘zidan kichiklarga qaytardi.
Bir kuni meni Mirkarim Osimnikiga olib bordi. Domla, Quddus Muhammadiy bilan shirin suhbat qurib o‘tirgan ekan.
– Mirkarim aka! Bu yigit Miraziz A’zam degan shoirimiz. Sizga o‘xshagan “Mir”lardan, – deb domlaga tanishtirdi.
– Qani, sen “Kitob, nima desalar?” degan she’ringni o‘qi-chi! – deb qoldi. O‘qidim.
Qudrat aka sabab Mirkarim Osim bilan yaqin bo‘lib qoldim.
Boshqa ustozlarning uylariga, ishxonalariga olib borar, ijod namunalarini chiqarishga ko‘maklashardi. Tursunboy Adashboyevning kitobini chiqarish uchun qo‘lyozmasini nashriyot muharrirlar kengashida muhokama qildirib, so‘ng rejaga kiritdi. Qudrat akaning hayotida bunday misollar juda ko‘p. Asosan yoshlarning kitoblarini rejaga kiritishda jonbozlik ko‘rsatardi.
Qudrat aka hali yosh bo‘lishiga qaramay, keyingi yillarda ko‘p kasallana boshlagandi. “O‘g‘lim bilan suhbat” nomli o‘n bosma taboq she’rlar va dostonlar qo‘lyozmasini shoshilinch topshirdi.
– Tezroq tushirib ber, – dedi.
– Qudrat aka, men sizning eng yaxshi she’rlaringizni o‘zim saralab to‘plam tayyorlamoqchi edim.
– Uni keyin tayyorlaysan, shuni tezroq tushirib ber, – dedi.
Men qo‘lyozmani tez o‘qib chiqib, nashrga tayyorlashga kirishdim: to‘plamni bosh muharrir ham ma’qullagandan keyin rasmlar muharriri Gennadiy Jirnovga to‘plamdagi barcha she’r, ertak va dostonlar mazmunini aytib berdim (u paytda nashriyotlardagi va jurnal tahririyatlaridagi rasm muharrirlari asosan boshqa millat vakillari bo‘lib, o‘zbekcha qo‘lyozmani o‘qiy olmas, shuning uchun kitob muharrirlari rasm muharrirlariga butun kitobning mazmunini aytib, tushuntirib berishi shart edi). Genadan tez va yaxshi ishlaydigan rassomlarga rasm buyurtirishini iltimos qildim. R.B.Levitskiy bilan V.Kaydalov rasm va bezaklarni bitirib berishdi. Nihoyat to‘plam kitob qilib chiqarish uchun tayyor bo‘ldi va uni ishlab chiqarish bo‘limiga topshirdik.
Bu orada Qudrat aka Xotinko‘prikdagi shahar klinik kasalxonasiga davolangani yotdi. Buyragining bittasi ishdan chiqqan, operatsiya qilmasa bo‘lmas ekan. Biz har gal uni ko‘rgani borganimizda “Kitob nima bo‘ldi?” deb so‘rardi. “Chiqib qolar”, derdik. Ammo direktorimiz, ochig‘ini aytganda, uni bosmaxonaga topshirishga ruxsat bermas, qo‘lyozma ishlab chiqarish bo‘limida harakatsiz yotardi. Kasalxonaga nashriyotimizning muharriri Erkin aka Siddiqov bilan Qudrat akani ko‘rgani borganimizda, u: “Axir, nima gap?” deb kitobining taqdirini surishtirdi. Biz to‘g‘risini aytishga majbur bo‘ldik. Uning ko‘zlari yoshlandi. “Men bir ahvolda yotsam-u, direktor menga shunday muomala qilsa… bu nimasi? Meni ko‘rgani kelmadi. Mayli, har kim o‘z tomiga tushgan qorni kurashi kerak. Ammo qo‘lyozmani nega to‘xtatib turibdi?” dedi achchig‘i kelib. Dard esa kundan-kunga og‘irlashib borar edi. Erkin Siddiqov bir kuni Qudrat akani ko‘rgani borib, sovuq xabar olib keldi. Davolovchi vrach: “U nego v golose poxoronniy zvon”, deganmish. Afsuski, bu xunuk bashorat to‘g‘ri chiqdi. Ertasigami, indinigami (o‘shanda 1968 yil edi), Qudrat aka buyrak kasalidan 42 yoshida vafot etdi. Albatta, shoir uchun bu eng navqiron – jo‘shib yozadigan, ijod qiladigan palla. Ming afsuski, Qudrat Hikmat ijodiy barkamollikka erishgan ayni avj nuqtada dunyoni tark etdi. Ammo shoir she’rlarini hali-hanuz turli darsliklarda, to‘plamlarda o‘qirkanmiz, she’rlar qatidagi umrboqiy hikmatlar qudratiga o‘lim bas kelolmas ekan, deb ko‘nglimiz yorishadi.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 6-son