milliy o‘zlikni anglash va she’riyat
Har qanday milliy adabiyot ruhga, qalbga ta’sir qilguvchi botiniy kuchu ta’sirga ega uyg‘otuvchi so‘zlardan, demakki, muhtasham asarlardan bino bo‘lur. Ko‘ngil osmonini zulmat bulutlari qoplasa borliqning tabiiy yorug‘ligi-da dilga tatimas, Ozod ruh mahv etilsa, erkin so‘z bandi, jo‘shqin tuyg‘ular jimlikka mahkum etilsa adabiyot yasholmas, demakki, millat ham, komil millat sifatida mavjud bo‘lolmas. Hazrat Alisher Navoiy aytmoqchi,
…To zulmu sitam joniga bedod o‘lmas,
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.
XX asr adabiyotida mustabid tuzumning mavjud to‘siq va tahdidlarini pisand qilmay, o‘ziga xos yo‘li va uslubi bilan milliy o‘zlik saodati borasida qat’iy so‘zini aytishni boshlab bergan buyuk shoirlaridan biri dog‘istonlik avar shoiri Rasul Hamzatov bo‘ldi. Uning otashin va yovqur she’riyati tutqunlikka bo‘ysunmay millati va elatidan qat’iy nazar har bir ijodkor yuragida ona Vatanga bo‘lgan muhabbat, sevgi-sadoqatni ulg‘aytirdi, milliy g‘urur va iftixorlarini baland ovoz ila kuylashga da’vat etdi.
O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim O.Sharafiddinov ta’kidlaganidek, “She’riyat olamiga 50-yillarning boshida kirib kelgan Rasul Hamzatov juda qisqa muddatda shu’lasi dunyoning hamma burchlarida ko‘rinib turadigan birinchi darajali she’riyat yulduziga aylandi. Uning she’riyati, ellardan, yurtlardan, daryolaru tog‘lardan, sarhadlardan va eng muhimi, ulardan ham balandroq qilib qurilgan temir pardalardan oshib o‘tib, odamlarning tashna qalblariga malham bo‘ldi, yumuq ko‘zlarning ochilishiga, mudroq qalblarning uyg‘onishiga sabab bo‘ldi”.
O‘z davrida jahon adabiyoti, Sharq adabiyot bo‘stoni, xususan, Alisher Navoiy ijodidan bahramand bo‘lib betakror asarlar yaratgan shoir, vaqtiki kelib o‘zbek adabiyotida milliy o‘zlikni anglash jarayonlari takomiliga, adabiyotda erk saodati tarannum etilgan asarlar yaratilishiga o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatdi. Rasul Hamzatov badiiy so‘z vositasida insoniyatga bu dunyoni qanday yaxshi ko‘rishni, ardoqlashni, do‘stu qadrdon bo‘lib yashashni, Vatanni sevishni, sevganda ham uni butun borlig‘i-la sevishni o‘rgatdi. Uning qalbida bir umr muzaffar Dog‘iston butun salobati, dardu armonlari, orzu umidlari, muhabbati bilan bo‘y ko‘rsatib turdi. U Dog‘iston tarixi, tog‘liklar an’anasi, oddiy cho‘ponlarning quvonchu tashvishlari, ayolga muhabbat, sog‘inch, qo‘yingki, qaysi mavzuda yozmasin, har bir nasriy asari, she’rining zamirida Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat va sadoqat mujassam edi.
Rasul Hamzatov yoshligidan Dog‘iston xalqlari adabiyoti, rus va jahon adabiyoti durdonalarini qunt bilan o‘rganadi. Adabiyotshunos olimlar Rasul Hamzatovning e’tiroflari asosida u avar adabiyoti bilan birga Dog‘istondagi barcha millatlar, qardosh xalqlar xususan, Sharq adabiyotidagi she’riy an’analarni o‘zlashtirib, jarangdor she’riyat yaratganini ta’kidlaydilar. “Tarjimonlar menga birinchi navbatda Heyne, Byorns, Sa’diy, Navoiy, Servantes, Gyote, Dikkens, Longfello, Uitmen va boshqa shoir yozuvchilarning asarlarini o‘qish imkoniyatini yaratib berishdi. Agarda ularning asarlarini o‘qimaganimda, ehtimol, shoir bo‘lib voyaga yetmasdim”. Shoir bolaligidan avar adabiyoti bilan birga Hofiz Sheroziy, Sa’diy, Firdavsiy, Umar Xayyom, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlari, “Layli va Majnun”, Yusuf va Zulayho” dostonlari, “Tohir va Zuhra” ertaklari ta’sirida ulg‘ayganini qayd etib o‘tadi. Ayniqsa, Alisher Navoiy nomi uning asarlarida bot-bot hurmat bilan takrorlanadi. U she’rlaridan birida shunday yozadi:
Qachondir aytgandi buyuk Navoiy
“Ishq davolar asli dil yarasini”.
Dog‘istonda sen-la tuzolsak edi,
Ishqni asrovchilar idorasini.
“…Men o‘zga xalqlar tarixiga bepisand qaraydigan kimsalarga shubha bilan qarayman. …O‘zbekiston qadimiy tarixga ega… Nahotki buni rad qilib bo‘lsa? Aslida nimaiki mavjud bo‘lgan bo‘lsa – u bor. Kimningdir tarixi yangi, kimnikidir ko‘hna va chuqur ildizlarga ega bo‘lishi mumkin. Bir-birimizning tariximizni o‘rganaylik. Agar xalqlar bir-birlarining tarixiga hurmat bilan qarab, uni o‘rganadigan bo‘lsa – bu juda yaxshi-ku!” R.Hamzatovning qalbida Alisher Navoiy asarlari va shaxsiyatiga muhabbat uyg‘onishida uning otasi, Dog‘istonning birinchi xalq shoiri Hamzat Sadasaning ta’siri juda katta bo‘lgan. Hamzat Sadasa 1948 yilda O‘zbekistonga keladi, Toshkent va Samarqand shaharlarida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy yubileyi bilan bog‘liq tadbirlarda qatnashadi.
O‘tgan asrning 40-50 yillarida Alisher Navoiyning juda ko‘p asarlari turli tillarga tarjima qilinadi. Ayniqsa, shoirning quyidagi ruboiysi o‘z davridayoq tillardan tillarga o‘tib mashhur bo‘lgandi:
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
Elga anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish,
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulga tikondek oshiyon bo‘lmas emish.
Aytish mumkinki, Rasul Hamzatov ijodida milliy o‘zlik tamoyillari ifodalangan o‘ktam qarashlarning aks etishida hamisha tug‘ilgan oshiyonini madh etuvchi qush, bulbul obrazi alohida o‘rin tutadi.Ta’bir joiz bo‘lsa, bu shoirning o‘zidir. U o‘zining mashhur “Mening Dog‘istonim” asarida shunday yozadi:
“Qushni ushlab qafasga solishadi. Qafasga qamalgan qush kechayu kunduz faqat bitta so‘zni takrorlayvergan: Vatan, Vatan, Vatan, Vatan, Vatan, Vatan… Qushni ushlab turgan kishi o‘yga toldi: “Uning Vatani qanday ekan, qayerda ekan? Ehtimol, jannat qushlari va jannat daraxtlari bor, gullab-yashnagan bir o‘lkadir. Yaxshisi, qushni qo‘yib yuborib qaysi tomonga uchishini kuzatayin. Menga qushcha mo‘jizaviy mamlakat yo‘lini ko‘rsatar”. U oltin qafasning tuynugini ochdi, qush ozodlikka chiqdi. Qush o‘n qadamcha uchib, silliq toshlar orasida o‘sgan changal shoxiga qo‘ndi. Shu changal shoxlari orasida qushning uyasi bor ekan…”.
Ana shu ma’noda Rasul Hamzatov she’riyati har bir yurakning o‘z gulzori, o‘z bulbuli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Zero, shoir aytganday har bulbulning o‘z qo‘shig‘i bor, u dunyoning turli qit’alari, mamlakatlari, o‘lkalarida sayrashi mumkin. U qayerda, qaysi zamonda bo‘lmasin, avvalo, eng muqaddas tuyg‘u – Vatan haqida kuylaydi.
Bulbul qo‘shig‘ini tinglayapsanmi,
Unda yangrayotgan tantana tinmas.
Nima haqda kuylar, anglayapsanmi?
Ammo noma’lumdir hech kimsa bilmas.
Iymonim komildir, ishonch-la aytgum,
Vatan haqidadir bu qo‘shiq bonglar.
Agar o‘zga mavzu bo‘lganda shaksiz,
Joniga tegardi allaqachonlar.
Rasul Hamzatov sobiq SSSR dunyoda eng qudratli davlat sifatida hukmron mafkura tomonidan millionlab xalqlarning ongu tafakkuriga singdirilayotgan, yagona davlat, yagona til, yagona madaniyat g‘oyasi keng targ‘ib qilinayotgan bir paytda oltin qafas ichidagi o‘zligini unutishga mahkum qush bo‘lishni istamadi. U ruhan bu qafasni buzib chiqib, o‘z oshyonini kuylashga intildi. Bu ulkan mohiyatdagi o‘lmas ruh keyinchalik O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo ijodida shunday jarangladi:
Menga oltin qasr bersalar,
Bor ne’matni qilib muhayyo,
Lekin shunda bir shart qo‘ysalar:
“Odamlarsiz yashaysan tanho,
O‘z nafsingni o‘ylasang agar
Oltinlardan qo‘yarmiz haykal”.
Yo‘q! Yo‘q! Sendan xoli bo‘lganim,
Baxtsizligim, tirik o‘lganim!
Ko‘rinib turibdi, so‘zlar o‘zgarsa-da, mohiyat o‘zgarmay turibdi. Garchi shoir she’rda o‘zining asl muddaosi, dardini so‘zlar ildiziga jo qilsa-da undan “menga oltin qasr qurib berib, bor ne’matni muhayyo qilib, o‘zligingni unutib, xalqingdan tonib, nafsingni qondirib, jim yashasang, senga oltindan haykal qo‘yamiz!” degan ma’no chiqib turibdi. Shoir she’rni erk saodati ila yongan yurakdagi o‘sha qushcha, bulbul nolasi bilan yakunlaydi: “Yo‘q! Yo‘q! Sendan xoli bo‘lganim, Baxtsizligim, tirik o‘lganim!”
Barcha ulug‘ shoirlarda bo‘lgani kabi Vatani haqida mangu qo‘shiq bitish uning butun borlig‘i, hayotining mazmuni edi. Shu bois yurak amri bilan bitgan kitobiga nom qo‘yishda, millat nomini bayroq qilib ko‘tarishda Rasul Hamzatov rad qilib bo‘lmaydigan donishmandona yo‘l tutadi:
“Tog‘liklar ko‘pincha o‘g‘liga bobosining ismini qo‘yadi. Kitobim – mening farzandim. Men esa Dog‘istonning farzandiman. Demak, kitobimning nomi – “DOG‘ISTON”. Bundan ham mos, bundan ham chiroyli, bundan ham aniq nom bo‘lishi mumkinmi? Elchini mashinasidagi bayroqchadan taniydilar, kitobim – mening vatanim. Nom o‘sha bayroqcha..”
Go‘yoki Rasul Hamzatov milliy respublikalar xalqlari qalbida bir muddat qo‘rquv, tahlika, ikkilanish holatida turgan fikrlar to‘g‘onini buzib, ular uchun ajdodlaridan qutlug‘ meros – ozod so‘zga yo‘l ochganday edi. U mashhur “Mening Dog‘istonim” asarida inson o‘z ona tili, milliy qadriyatlariga eng mustahkam rishtalar bilan bog‘langanini, bu rishtalarsiz uning nafaqat o‘zligi, balki insoniy qiyofasi ham yo‘qolishi mumkinligini ham ta’sirchan va ibratli, sharqona hikmatli voqealar, ham mantiq nuqtai nazaridan isbotlab berdiki, hatto mustabid tuzum mafkurasi ham bu hayot haqiqati oldida lol bo‘lib qoldi.
Rasul Hamzatov ijodining mohiyati, uning hayotga bo‘lgan munosabati, ya’ni estetik printsipi bilan belgilanadi. Shoir ijodidagi sharqona rubobiylik, go‘zal samimiyat barobaridagi yorqin obrazlilik va hikmatli ta’birning o‘zbek adabiyotiga, xususan, zamonaviy o‘zbek she’riyatiga ijobiy ta’siri beqiyosdir.
Shoirning favqulodda yuksak iste’dod va badiiy mahorat bilan yaratgan, 1967 yilda e’lon qilingan “Dog‘istonim” dostoni ijodining cho‘qqisidir. (Asarning ikkinchi kitobini 1971 yilda adabiyot muxlislariga taqdim etdi.)
Mazkur asar milliy o‘zlikni anglash, ona tiliga muhabbat, ajdodlarga ehtirom nuqtai nazaridan o‘z davrida favqulodda yuksak ta’sirga ega bo‘ldi. U bu asarida xalqning milliy ozodligi yo‘lida yetishib chiqqan, millatni birlashtiruvchi siymolarga katta hurmat bilan qaraydi. O‘sha yillarda sohibqiron Amir Temur shaxsi haqida nafaqat yozish, hatto gapirishning o‘zi ham xatarli edi. U “Mening Dog‘istonim” asarida shunday yozadi:
“Qo‘miq ovuli yonida Temur askarlari bilan kechgan jangdan keyin halok bo‘lgan askar cho‘ntagidan kitob topib olishdi. Kitob sahifalarini varaqlashdi. Lekin tog‘liklar orasida bu kitobni o‘qiy oladigan kishi topilmadi. Shundan tog‘liklar kitobni yirtib shamolga uchirmoqchi yoki yoqib yuborishmoqchi bo‘lishdi. Oqila va jasur Partu-Fotimat oldinga chiqib dedi:
– Uni qurolday avaylab asraylik!
– Bizga nima keragi bor? Baribir hech qaysimiz uni o‘qiy olmaymiz.
– Biz kitobni o‘qiy olmaganimiz bilan, shunday vaqt keladiki, uni farzandlarimiz, nevaralarimiz o‘qishadi. Axir unda nimalar yozilganini bilmaymiz. Balki bu kitobda bizning kelajagimiz yozilgandir.”
Amir Temur savodsiz, faqat bosqinchilik bilan shug‘ullangan qattol bir shaxs sifatida talqin qilinayotgan bir davrda garchi ortiqcha izohlarsiz bo‘lsa-da “Mening Dog‘istonim”dan o‘rin olgan parcha, undagi har bir so‘zga yuklangan ma’nolar juda ko‘p narsani anglatardi.
Shoir asarlariga o‘z xalqining milliy qahramoni Imom Shomil obrazini olib kirishda ham juda murakkab, iztirobli yo‘llarni bosib o‘tadi. Imom Shomilning “Mening tog‘liklarim! Yalang‘och va purviqor cho‘qqilarni dildan seving!” deya boshlanuvchi vasiyatlariga sodiq qolgan shoir uning tarixiy shaxslar qatorida tog‘liklarning g‘ururi, iymoni va vijdoni, millatning barhayotligi timsoli, axloqiy qadriyatlar, milliy o‘zlikni saqlovchi muhim timsollardan biri darajasiga ko‘tarib, Imom Shomil Dog‘iston xalqi uchun birlashtiruvchi kuch ekanligini e’tirof etadi.
Sobiq ittifoq hududida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda “Dog‘istonim” asari tarjimasiga qo‘l urildi. Asarning dastlabki qismlari shoir E.Vohidov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilib “Guliston” jurnalining 1968 yil 1-8 – sonlarida chop etiladi. Ko‘rinib turibdiki, “Dog‘istonim” dunyo yuzini ko‘rgan 1967 yildayoq E.Vohidov uning tarjimasiga qo‘l urgan. Jurnalning 1-sonida tarjimonning muxtasar so‘z boshisi ham bor: “Cho‘qqilari osmon o‘pgan Kavkaz tog‘larining bag‘rida bir o‘lka bor. Uni Dog‘iston deydilar. Do‘ppidekkina bu o‘lkada qirqqa yaqin tilda so‘zlashadigan 1 million xalq yashaydi. Rasul ana shu xalqning shoiri, ana shu xalq shuhratini butun ittifoqqa, balki butun dunyoga taratgan shoir. “Dog‘istonim” shoirning birinchi nasriy asari. Bunda u o‘zi haqida, o‘z xalqi va o‘lkasi, uning o‘tmishi va buguni haqida, xullas, zamini va zamoni haqidagi o‘ylarini yozadi. Xalqning adabiyotini o‘rganish – uning o‘zini o‘rganish deb bejiz aytmaydilar. Ikki xalqning bir-biri bilan yaqinligi adabiyotlarining yaqinligida namoyon bo‘ladi.O‘zbek va Dog‘iston xalqi o‘rtasida ko‘p yaqinliklar bor. O‘tmishu bugunimiz, urf odatlarimiz, hatto tilimizda o‘xshashliklar ko‘p. Shuning uchun Rasul Hamzatovning satrlarini o‘zbek kitobxoni o‘z yozuvchisining asaridek o‘qishi mumkin.”
Tarjimon ta’kidlaganidek, sobiq ittifoq mafkurasi “bu asarni o‘zbek kitobxoni o‘z yozuvchisining asaridek o‘qishi” dan cho‘chirdi. Bu kul ostida jodu ta’sirida yotgan Qaqnuschalarni uyg‘otib yuborishi mumkin edi. Ehtimol, bu asarning Dog‘istonda yaratilishi sobiq ittifoq uchun u qadar xatarli emasdi, ammo uning 3000 yillikdan ortiq milliy davlatchilikka, Sulton Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur kabi ulug‘ shaxslar, jasur milliy sarkardalarga, qadimiy boy tarixga ega bo‘lgan, Ibn Sino, Xorazmiy, Beruniy, Forobiy, Buxoriy, Naqshbandiy, Moturidiy, Farg‘oniy, Navoiy kabi buyuk ajdodlari jahon tamadduni rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va sobiq qizil imperiya tomonidan bandi etilib, “savodsiz millat” sifatida tahqirlanib kelingan millat qalbidagi o‘zlikni uyg‘otib yuborishi, to‘g‘rirog‘i, kuch berishi ular uchun nihoyatda xatarli edi. Rasul Hamzatovning Shomil borasida hukmron mafkura singdirgan qarashlarining butkul o‘zgarib ketishi ham sobiq ittifoq uchun xavotirli edi.
“Mening Dog‘istonim”da shoir vijdoni oldida hisob beradi. Har bir mavzuga nihoyatda talabchanlik va haqgo‘ylik bilan kirishadi. U boshidan o‘tgan azobli kunlarini, xatolarini o‘quvchisidan yashirmaydi. O‘z xatolarini mardlarcha tan oladi: “Meni hozirgacha yana bir vijdon azobi qiynaydi: garchand otam “Shomilga hech qachon til tekkizma”, degan esa-da, men ahmoq 1951 yilda bu ulug‘ hamyurtimizni, rus bosqinchilariga qarshi kurashga boshchilik qilgan bu jasur insonni ayblab, she’r yozuvdim, – deydi Rasul Hamzatov. – O‘z ixtiyorim bilan yozuvdim. Sababi, ongim o‘shandagi siyosat bilan shu qadar zaharlangan ediki, Shomilni, bilasanmi, kim deb talqin qilishardi u paytlar – turk va ingliz ayg‘oqchisi. Uning maqsadi Kavkaz xalqlari o‘rtasida nizo chiqarish bo‘lgan deb, betinim uqtirishardi… Shomil haqidagi haqiqatni bilganimdan so‘ng uni madh etuvchi kattakon she’r yozdim. Meni otam, hamyurtlarim, Shomilning arvohi kechiradimi-yo‘qmi – bilmayman-u, ammo o‘sha ilk she’rim uchun o‘zimni kechirolmayman!”
O‘sha paytda Rasul Hamzatovning “Dog‘istonim” asarini o‘qigan har bir o‘zbek qalbida go‘yoki bu dunyodan millat ozodligi sog‘inchida armon bilan o‘tgan, so‘nggi nafasida ham ertangi yorug‘ kunlarga bo‘lgan ishonchi so‘nmagan Cho‘lpon shivirlab turganday bo‘lgan:
Tilingan tillarga qon yugurgusi,
Bo‘shalgan inlarga jonlar kirgusi.
Tikanli boqchalar chechak ko‘rgusi,
Haq yo‘li, albatta, bir o‘tilgusi!..
Rasul Hamzatov ijodiy jasorati, yuksak adabiy mahorati o‘z navbatida o‘zbek adabiyotida milliy o‘zlikni anglash jarayonlari yanada alanga olishiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Buni biz atoqli o‘zbek adiblari, Shukrullo, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Anvar Obidjon, Matnazar Abdulhakim, Azim Suyun, Muhammad Yusuf, Shavkat Rahmon, A’zam O‘ktam kabi ko‘plab ijodkorlar asarlari misolida ko‘rishimiz mumkin. Bu borada gap ketganda, avvalo, ular ijodidagi ona tili, ona yurtga muhabbat, shu asosda inson erki, hurligi, milliy qadriyatlari asosida millatga barhayotlik va davomiylik baxsh etuvchi tarixiy haqiqatlar, rivoyatlar, an’analar saodati haqidagi she’rlar e’tiborni tortadi.
Nazarimizda, Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi yaralishida sohibqiron Amir Temurning “Tuzuklar”i, Rasul Hamzatovning “Dog‘istonim”, Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” asarining ta’siri beqiyos bo‘lgan.
“Dog‘istonim”dagi vatan tarixi va tiliga muhabbat, milliy o‘zlikni anglash va topish niyatida yo‘lga otlangan ulug‘ yo‘lovchining iztiroblari, bedor alamlari, hayqiriqlari alangaga aylanib, uni o‘qigan kitobxonning qalbiga o‘t tutashardi. Yuragi millat dardi bilan yonib turgan Erkin Vohidov tarjimasidagi “Dog‘istonim” asari bilan tanishgan sinchkov kitobxon o‘zbek shoirining qalbi go‘yo asar muallifi bilan sirlashib, dardlashib, faryod urayotganini his qiladi. O‘z o‘rnida o‘quvchi hamfikrlikda o‘ylarini taftish qiladi, uyg‘oq vijdoni, imoni milliy saodat quvonchi va iztiroblari bilan to‘lib toshadi. Dardlari doston bo‘lguday shiddatli to‘lqinlar hosil bo‘ladi. Ta’bir joiz bo‘lsa bu tizginlangan otning tushovini uzishga bo‘lgan chog‘lanishi edi. Erkin Vohidov Rasul Hamzatov ko‘ngil og‘riqlari asnosida o‘zbek millatining buyuk dardi bilan yonadi. “O‘zbegim” deya hayqiradi. Bu ilk bor “O‘zbegim” she’rida o‘kinch bilan millatga umidvor “Dunyoda hamma xalq qiziqqan – Gavhardek bebaho ot eding…” deya murojaat qilgan Cho‘lpon she’riyatidagi isyonning ko‘ngilga qaytishi edi.
Tarixingdir, ming asrlar,
Ichra pinhon, o‘zbegim.
Senga tengdosh Pomiru
Oq soch Tiyonshon, o‘zbegim.
So‘ylasin Afrosiyobu
So‘ylasin O‘rxun xati
Ko‘hna tarix shodasida
Bitta marjon, o‘zbegim.
Taniqli olim, tarix fanlari doktori Hamid Ziyoyev ta’biri bilan aytganda: “O‘zbegim”ning tarixiy ahamiyati shundaki, u “yov qochganda” emas, yov hali qochmasdan, balki qilichini qayrab turganda dunyoga keldi. U yaratilganda sobiq kommunistik partiyaning ulug‘ millatchilik va totalitar siyosati hukm surar, milliy his-tuyg‘ular, o‘z-o‘zini anglash, ona yurti bilan g‘ururlanish va faxrlanish singari milliy manfaatlar esa hibsda edi.” “O‘zbegim” qasidasi e’lon qilinganidan so‘ng shoirning quvonchga qorishgan iztirobli kunlari boshlanadi…
Shu davrda o‘zbek adabiyoti ham yangi bir evrilish jarayonini boshidan kechiradi. Bu nafaqat o‘zlik, balki o‘zlik va ozodlik istagidagi tafakkurning to‘lg‘og‘i edi. Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi qalblarni chaqmoqdek uyg‘otib yuborgan bo‘lsa, Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” qasidasi bu chaqmoqning tobora kuchayib, yorqinroq, qudratliroq sado berayotganini namoyon etadi. “O‘zbegim”ning otashin ruhi uyg‘otgan yuraklardagi milliy vatanparvarlikni “O‘zbekiston Vatanim manim” degan o‘tli nido yanada alangalatdi.
Rasul Hamzatov ijodi uchun xarakterli bo‘lgan xususiyat uning hayotiy falsafa bilan uyg‘unlashgan isyonkor ruhi va jozibali badiiyatidir.Shoir ijodi uchun xos bo‘lgan bu yuksak ideal tarix va hayot haqiqatlari silsilasida sinovdan o‘tgan va shakllangan tamoyillar edi.
O‘tgan asrning 60-70 yillarida isyonkor shoirlar ijodida til mavzusi keskin tus oldi. Bobolardan meros, kindik qoni tomgan tabarruk tuproq, uning ming yilliklarga borib taqaladigan tarixi, milliy qadriyatlari ochiq talqin etila boshladi. Ona tili haqidagi she’rlardagi isyonkorlik ruhi, chuqur falsafiy yo‘nalish mumtoz adabiyotimiz bilan bir qatorda Rasul Hamzatov yaratgan keng ko‘lamli ijodiy merosga, lirikaga borib tutashadi. Shoir “Mening Dog‘istonim” asarida ona tili haqida shunday deydi: “Aziz ona tilim! Sen mening xazinamsan, boyligimsan. Qora kunga asragan ehtiyot mulkimsan. Sen meni har qanday darddan xalos qiluvchi shifobaxsh malhamsan. Insonda shoir qalbi bo‘lsayu, o‘zi soqov bo‘lsa, bunday insonning dunyoga kelmagani ma’qul. Mening qalbim qo‘shiqqa to‘la, baxtimga ovozim ham bor. Mening ovozim sensan, aziz avar tilim! Sen meni go‘dakdek qo‘limdan yetaklab, kichkina ovulimdan katta dunyoga olib chiqding va men dunyoga o‘z ona xalqim, qadrdon o‘lkam haqida baralla kuyladim. Sen meni ulug‘ rus tiliga yaqin qilding. Bu til meni ikkinchi qo‘limdan yetaklab jahon ellari bo‘ylab kezdirdi. Men bu ulug‘ tildan doimo minnatdorman. U menga xuddi o‘sha sut bergan enagamday aziz. Lekin hech qachon unutmaymanki, mening o‘z ona tilim bor. Negaki, o‘choqqa o‘t yoqish uchun qo‘shnidan gugurt so‘rash mumkin. Lekin yurak o‘tini yondirish uchun do‘stlardan olov olib bo‘lmaydi. Shoir “Ona tilim” she’rida shunday satrlarni bitadi:
…Avar so‘zin tinglab kirdi menga jon,
Ohista tirildim va shunda bildim:
Meni tuzatolmas hech dori-darmon,
Jonimga masixdir shu ona tilim.
Mayli, kim qay tildan zavqu shavq olsa,
Mening o‘z tilimga ming jonim fido.
Erta ona tilim agar yo‘qolsa,
Men bugun o‘lishga bo‘lurman rizo.
Taniqli adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshevning fikricha, “Shoir biladi: avar tili jahon tili bo‘la olmaydi, u xalqaro til sifatida tan ham olingan emas, ko‘p sonli millatning tili bo‘lmaganligi uchungina buyuk deb ataladigan zabonlar sirasiga kira olmaydi. Lekin lirik qahramon uchun baribir, avar tili eng suyuk, eng buyuk tilligicha qolaveradi.Chunki u ona tilidir.Chunki bu tilda uning xalqi so‘zlashadi.Chunki shu tilda unga alla aytilgan. Shu tildagi qo‘shiqlarni tinglab, ertaklarni eshitib, maqollardan ma’nolar o‘zlashtirib ulg‘aygan.O‘zining eng pokiza, mo‘tabar tuyg‘ularini shu tilda ifodalay oladi.Shu tilda bayon etadi sevgini, nafratni. Jahondagi barcha buyuk tillar jam bo‘lganda ham, shoir uchun fikru tuyg‘ularni ifodalashda ona tilichalik bo‘la olmaydi.Chunki o‘zga tillar unga begona. Vatanni tanlab bo‘lmaganidek, tilni ham tanlab bo‘lmas.Chin ona tilining buyukligini isbotlash uchun intilish asl farzandning burchi”.
Rasul Hamzatov uchun bu ulug‘ burch ijodining oliy maqsadi maqomiga chiqqanganligi uchun ham uning asarlari o‘zi yonib kuylagan “oq turnalar” kabi tinchlik va ezgulik, mehr va muhabbat elchisi sifatida erksevar insonlarni birlashtirdi. Millatning eng asosiy ramzlaridan biri, qudrat manbai bo‘lgan muqaddas ona tilining qadr-qimmatini e’zozlash, uni vatan va ona kabi ulug‘lash o‘zbek adabiyotning bosh mavzusiga aylanishida vatanimizda O‘zbekiston xalq shoirlari Shukrullo, E.Vohidov, A.Oripov, R.Parfi, H.Xudoyberdiyevalarning hissasi beqiyos bo‘ldi. Yosh avlodga ona vatan, ota makon, ona xalqining buyukligini anglatish uchun adabiyot kurash maydoniga, qalam esa qurolga aylandi.
Notiq dedi: “Taqdir shul,
Bu jahoniy iroda.
Tillar yo‘qolur butkul,
Bir til qolur dunyoda”.
“Ey voiz, pastga tushgin,
Bu gap chiqdi qayerdan!”
Navoiy bilan Pushkin
Turib keldi qabrdan.
“Va’zingni qo‘y, birodar,
Sen aytganing bo‘lmaydi”.
Barcha dedi barobar:
“Ona tilim o‘lmaydi”.
Garchi Erkin Vohidov mustabid tuzum tazyiqi ostida mazkur she’rga dunyoviy ijtimoiy ruh berishga harakat qilgan bo‘lsa-da, she’r: “Olam aytar: Hech qachon Ona tilim o‘lmaydi!” qabilida yakunlanishining o‘ziyoq o‘sha davr uchun chinakam isyon edi.
E.Vohidov 1959 yilda yozgan “Ona tuproq” she’rida “O‘z muborak tuprog‘in inson, Yot nazardan saqlab har nafas, Uni quchib fido etdi jon, Qoni bilan qildi muqaddas” desa, 1964 yilda yozilgan “She’r va shaxmat” she’rida ramziy ma’noda,“Shaxmat taxtasida, she’r maydonida G‘oyalar kurashi etadi davom” deydi.
Shukrulloning “Javohirlar sandig‘i” asari, E.Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi, “Ona tilim o‘lmaydi”, A.Oripovning “Ona tilimga”, R.Parfining “Ona tilim” she’rlarida o‘zbek tuprog‘i, o‘zbek xalqi va o‘zbek tili ulug‘landi. Aslida bu o‘zlikni bilishga, qadrlashga, asrab avaylashga da’vat edi. Oqibatda millat dardida kuygan shoirlarga “millatchi” degan qora dog‘ chaplandi.
Suhbatlardan birida E.Vohidov, “Nega rus kishisi “Mening Rossiyam”, “Mening rus xalqim” deb bemalol ayta oladiyu, men “O‘zbegim” deb aytsam, millatchi sanalaman? Men Sergey Yeseninni bejiz tarjima qilmaganman. Nega endi men “O‘zbegim” deb aytolmasligim kerak? Nega shunday degan odam millatchi atalishi kerak?” degan edi.
“Yorug‘ dunyoga kelgan inson bor ekan, inson bo‘lib tug‘ilgan ekan, inson haqlari, inson huquqi bordir. Inson huquqi – she’riyat huquqi. Inson va tabiat uyg‘unligi abadiy, tabiat tartiboti o‘zgarmas, ammo inson tabiati o‘zgaruvchandir. Muvozanat buzilgan joyda jaholat fikr olamini zulmatga chulg‘aydi, qonga bulg‘aydi. Muborak uyg‘unlik yo‘lida jafo chekkanlarning karvonboshilari shoirlardir, ehtimol…”, deb yozgandi Rauf Parfi.
Abdulla Oripovning “Ona tilimga” she’ri, uning qatlariga yashiringan millat ruhiyati, qalbiga ta’sir qiladigan, bu jarayonda uyg‘otadigan tagdor ma’nolarni o‘qir ekanmiz, hayratlanamiz. Ana o‘sha she’riyat huquqi asnosida shoir mustabid tuzumga murojaat qiladi: “Men ming yillardirki bulbul bo‘lib o‘z tilida o‘zlik qo‘shig‘ini aytib kelayotgan millat farzandiman, men aslo aytgan so‘zingni takrorlaydigan to‘ti emasman, mening o‘z ona tilim bor, shu tilda she’r aytaman, tilim yo‘qoladigan bo‘lsa to‘tiga aylanib qolaman”. She’r mohiyatida o‘jar shoirning “baribir meni to‘ti qilolmaysan”, degan isyonkor nafasi bor edi:
Ming yillarki bulbul kalomi,
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Lekin sho‘rlik to‘tining holi,
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim o‘zing bor shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.
Ha, til millatning o‘tmishi, buguni va kelajagidir. Milliy o‘zlikni anglash va milliy g‘urur ham avvalo, ona tiliga munosabatda shakllanadi. Mashhur Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida “Insondan azizroq narsa bor – bu uning o‘zligidir” deyiladi.
Go‘dak beshikdan ona allasi, demak ona tili ta’sirida ulg‘ayadi va kamol topadi. Ko‘ngilni ko‘targuvchi ham, to‘ldirguvchi ham Vatan mehri va Vatan tilidir. O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining 1965 yilda yozilgan “Ona tilim” she’rini o‘qir ekanmiz, Rasul Hamzatov she’riyatining darddosh va sirdosh do‘stday oshino tug‘yonlarini yurakdan his qilamiz:
Abut-Turk tarixdan balki bihikmat
Biroq sen borsan-ku Turon elinda.
Shoir, So‘z aytmakka sen shoshma faqat,
Ulug‘ Alisherning qutlug‘ tilinda.
Shoir qalbidagi eng muqaddas his tuyg‘ular “Ulug‘ Alisherning qutlug‘ tilinda” kitobxon qalbiga ham ko‘chib o‘tadi. Uning “ruhining qonida”, qalbida tug‘yon uyg‘otadi, yolqin bo‘lib yonadi.Til – shoir uchun jon qadar, haqiqat qadar aziz va qadrli:
Hech zot uza bilmas uzilgan jonni,
Haqiqatni uza bilmas hech qachon.
Elim, ona tilim, ruhimning qoni,
Bir imdod so‘rayman sendan, onajon.
Rauf Parfi ona tilini “Turkiy Dunyoning g‘olib xayoli”ga, demak, hech qachon yengilmas kuchga qiyoslaydi. Aslida tilning ruhning qoniga, “Abut Turk tarixi”ga, “g‘olib xayol”ga o‘xshatilishi shunchaki chiroyli tashbeh emas. Balki, uning kurashlarda toblangan mardonavorligini, isyonkorligini ta’kidlovchi, zanjirbandlikdan qutulishiga ishongan shoirning qalb qa’ridan otilib chiqqan o‘tli nidodir:
…Mening ona tilim, munis, mehribon,
Tangrining, Abadning g‘olib xayoli –
Seni yozajakman, tirilgan jahon.
Zanjirbandman, ona tilim Ona So‘zingga,
Kundayin so‘larman, oydek to‘larman,
Mil kabi tortarman Seni ko‘zimga.
Bu o‘zini ona tili “kunday so‘lishga” mahkum, orzulari, umidlari “zanjirband” etilgan shu jafokash elning farzandi deb hisoblaydigan har bir kishining qalb da’vati ekanligini anglatadi.
Rasul Hamzatov yozadi: “Olis Turkiya zaminida jonajon Dog‘istonimning bir siqim tuprog‘ini ushlagan ko‘yi xayolga cho‘mdim. Shu bir siqim tuproqda Gunib, Chirkey, Axtax, Qo‘miq, Xunzax, Sada, Sunda, Charada va boshqa ovullarimizni ko‘rganday bo‘ldim. Bu mening tuprog‘im. U haqda ko‘p yozdim va bundan keyin ham yozaman. Endi bu zaminni eski hikoyada so‘zlanganiday chakmon bilan bekitib bo‘lmaydi”.
Millat ma’naviyatining yuksalishi umum tamadduniy taraqqiyot darajasi bilan qanchalik uzviy bog‘liq bo‘lsa, tamaddun rivojlanishi ham shunchalik ma’naviyat ravnaqiga bog‘liqdir. Har qanday davrda milliy qadriyatlarni nafaqat asrab qolish, balki rivojlantirish va hayotga tatbiq etish bilangina ma’naviy barqarorlikka erishish mumkin. Har bir millat uchun Ona tili uning milliy o‘zligini namoyon etguvchi eng bebaho qadriyatdir. Ona tilida so‘zlashish va uning ulug‘vorligini yurakdan his qilish insonning o‘z qalbini, o‘zligini, milliy g‘ururini mustahkamlovchi mo‘jizaviy qudratdir. Ularning yaralishida ijodkorlarning mahorati va shaxsiy uslub qirralari bilan bir qatorda ona tiliga e’tiqodi, uni asrash yo‘lidagi kurashlari o‘z ifodasini topgan.Bu she’rlar zamirida shoirlarning estetik ideali, ona tiliga munosabat orqali davr va jamiyat, zamon va makon, o‘tmish va kelajak haqidagi qarashlari, fikrlari mujassam. Bu asarlarning tilida ham, mohiyatida ham milliy o‘ziga xoslik nihoyatda kuchli va betakror. Bu she’rlar millat yoshlarining ona tilining sofligi va qadr-qimmati uchun kurashga chorlaydi, bunga burchli ekanligini anglatadi.
Ildizlaridan bahra olmagan har qanday daraxt halokatga yuz tutadi. Ulug‘ ajdodlarimiz hayotini, boy ma’naviy merosimizni, hikmat durdonalarini o‘rganish orqali biz o‘zligimizni topamiz, o‘zligimiz – kimligimizni yanada chuqurroq bilib boramiz. Bitta ertak yo‘qolib ketish arafasidagi butun boshli millatni saqlab qolishi, bitta hikmat yov oldida ojiz qolgan millatni yengilmas kuchga aylantirishga qodirdir.
“Vatansiz So‘z yo‘qdir, deydi mashhur adib Chingiz Aytmatov, – Inson Ollohga ibodati vaqtida ham sirli bir umid bilan uning ovozini tinglashga chog‘lanarkan, avvalo, o‘zining so‘zida o‘zini eshitadi. So‘z bizning vujudimizdadir. Bizdan yiroqlashib va yana bizga qaytib, tug‘ilganimizdan to o‘limimizga qadar minnatsiz xizmat qiladi. So‘z borliqning ruhini, koinotning cheksizligini bildirib turadi. Bu hol hali hozircha bilimlarimizdan tashqari biz faqat buni So‘zning sehridan deb xayol qilamiz. Shu bilan bir vaqtda So‘z har qachon shaxsiyatimizning ayni tamg‘alangan foto nusxasidir”.
Ha, ulug‘ adib aytganday “Vatansiz So‘z yo‘qdir”, shu bilan birga so‘zsiz, haq so‘zsiz Vatan ham uning erki saodati, tinchligu farovonligi, ertasi ham yo‘qdir. Ana shu ma’noda So‘z insoniyatning ulug‘ maqsadlariga xizmat qiladi. Haq so‘zni qadrlab, shoirlar qadr topadi, Haq so‘z bilan shoirlar millatini qadr toptiradi.
Milliy iftixor milliy o‘zlikni anglashning bir ko‘rinishidir. Milliy ong, milliy g‘urur o‘z xalqining tarixi, ma’naviy qadriyatlarini, ona zaminning imkoniyatlarini va istiqbolini bilish va qadrlash, faxrlanish, millat manfaatlarini amalga oshirishga harakat qilish bilan bog‘liq fazilatlardir. Milliy g‘urur, asl vatanparvarlik milliy ongning shunday muhim tomoniki, u kishilarni nafaqat Vatanni sevish, milliy qadriyatlarni asrashga, balki o‘z kuchi, qobiliyati va iste’dodini milliy manfaatlar yo‘lida sarflashga chaqiradi. Rasul Hamzatov: “Bitmagan kitobim – minmagan otim, qinidan sug‘urmagan xanjarim”, deydi.
“Qadrdonim Sada! – deydi u “Mening Dog‘istonim” kitobida, –Hindistonning serhasham ibodatxonalari, Misrning yuksak ehromlari, Italiyaning chil ustunlari meni kechirsinlar. Amerikaning osmono‘par binolari, Parijning xiyobonlari, Angliyaning tomoshabog‘lari, Shveytsariyaning tog‘lari meni kechirsinlar… Sada! Sening o‘tloqlaringni kezsam sarpoychang oyoqlarimni shudring tomchilari yuvadi. Shaffof buloqlaringdan to‘yib simiraman… Yechinaman va shalola tagiga borib turaman. Shalola toshdan toshga urilib sachrab, sakkiz pog‘onani bosib, oxiri mening yelkamga tushadi. Parijning “Qirol saroyi” deb atalgan mehmonxonasidagi dush mening shalolam qarshisida bir yelim o‘yinchoq. Tog‘ daryosidan oqib tushgan suvning bir qismi issiq toshlar orasida to‘xtab kun bo‘yi iliydi. Londonning “Metropol” mehmonxonasidagi ko‘m-ko‘k vanna mening bu ajoyib vannalarim oldida sopol tovoqqa o‘xshaydi…”
Rasul Hamzatovni dunyodagi har bir shoir o‘qiydi. U ijodkorlarga millat va Vatanni sevishni o‘rgatadigan muallimga o‘xshaydi. Vatanga muhabbat har bir shoir yuragida bor, lekin bir tomchi suv ko‘l sathini jimirlatishga qodirligi kabi, bu shoir fikrlari, she’rlari ko‘ngil tubidagi eng otashin tuyg‘ularni uyg‘otishga qodirdir. O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning mashhur “O‘zbekiston” she’rini o‘qigan kitobxon, Rasul Hamzatovning buyuk uyg‘otuvchi shamoli epkinlarini his qilganday bo‘ladi:
O, otamakonim,
Onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q,
Seningdek ko‘rkam,
Rimni alishmasman bedapoyangga.
…Ko‘rdim suluvlarning eng faranglarin,
Yo xudbinman, yo bir soddakasman men:
Parijning eng go‘zal restoranlarin
Bitta tandiringga alishmasman men…
Rasul Hamzatov O‘zbekistonni katta qalb bilan yaxshi ko‘rardi. Ona yurtimiz boshiga og‘ir kunlar tushganida ham u o‘z hamdardligini bildirgan. Uni o‘zbek xalqi o‘z farzandiday yaxshi ko‘rishini ham bilardi. Men 2018 yil Dog‘istonda shoirning 95 yillik to‘yi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda so‘zga chiqib aytgan so‘zlarimni yana takrorlamoqchiman: “Qadrli dog‘istonliklar, bilaman, Sizlar Rasul Hamzatovni yaxshi ko‘rasizlar, biz o‘zbekistonliklar ham uni yaxshi ko‘ramiz. Ammo shuni aytishni xohlardimki, bizning muhabbatimiz siznikidan kuchliroq bo‘lsa kuchliki, ammo kam emas!”
“…O‘zbekistonda judayam oz bo‘lganman. Taassurotlarim esa bir umrli. Qadimiy obidalar! …Samarqand! Buxoro! Takrorlanmas musiqa! …Men uchun eng yaxshi joy – do‘stlarim ko‘p bo‘lgan yer. Men uchun O‘zbekiston ana shunday aziz zamin. G‘afur G‘ulomnikida mehmon bo‘lganman. Oybek bilan yaqin edim, Mirmuhsinu Ramz Bobojon bilan turli anjumanlarda ko‘rishib turardik. Ulkan taqdirli, irodali va umuman xislatlari behisob Zulfiyaxonimni mudom e’zozlayman. Shukrullo qadrdon do‘stim. O‘zbekiston she’ru qo‘shiqqa boy diyor, ayniqsa, mumtoz she’riyatni yuksak qadrlashlaringga havasim keladi”.
“Rasul she’riyatining uyg‘otadigan qayg‘udoshlik hissi tufayli odamlarning o‘zlari go‘yo shoir bo‘lib ketadilar, – deb yozgandi atoqli adib Chingiz Aytmatov, – Rasul haqiqiy xalq shoiridir, u bu olamdagi insonlarni va insonlardagi olamlarni kashf qiladi. Ushbu kashfiyotlar orqali biz o‘z-o‘zimizni va bir-birimizni yanada yaxshiroq ko‘ra boshlaymiz – uning she’riyati odamlarni baxt, ijtimoiy adolat, insonparvarlik yo‘lida yagona intilishga undaydi, birlashtiradi”.
Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” asari, uning boqiy she’rlari mening nazdimda buyuk dorilfununga o‘xshaydi. U hamisha har bir millatni o‘z erki, nafaqat moddiy, ma’naviy qo‘rg‘onlari, tili, madaniyati, urf-odatlari, bir so‘z bilan aytganda milliy o‘zligiga sodiq qolishini yoqlaydi, borlig‘ini shu ulug‘ ishga baxshida aylashni sharaf deb biladi, uni himoya qiladi.U yer yuzi xalqlarini tabiat qonunlariga mos ravishda o‘z huquqlarini anglagan holda bir bo‘stondagi turfa gullarday o‘zligini sevgan, saqlagan holda yashashga da’vat qiladi. Bu dorilfunun hamisha milliy adabiyotlar rivojiga, she’riyat taraqqiyotiga, ijodkor shaxsi tarbiyasiga xizmat qiladi. Zero, quyosh har kuni ufqqa bosh qo‘ymasin, uning yuzini har qancha qora bulutlar to‘smasin, u har tongda falakka, to‘g‘rirog‘i, yurakka qaytaveradi. Shoir nafaqat o‘z millati, balki yer yuzidagi barcha xalqlarga o‘sha oppoq tongni sog‘inib yashadi. Rasul Hamzatov XX asrda tom ma’noda Ozod So‘z huquqiga ega adabiyot yarata olgan buyuk shoir sifatida jahon adabiyotidan, demakki, sayyoramiz xalqlari yuragidan munosib joy oldi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 10-son