Ishoqxon to‘ra Ibrat – milliy uyg‘onish davrining faol ijodkorlaridan biri, serqirra iste’dod sohibi. Shoir va maorifchi Ibrohim Davron (1874-1922) Ibrat haqida quyidagilarni yozadi: «Ishoqxon To‘ra ulumi diniya va fanniya va adabiyada ustozi komillig‘i bilan butun Farg‘ona va digar jihat Osiyoyi Vustoda inkor o‘lunmas darajada bir mavqe’i mutozi tutmushdur. Ishoqxon to‘ra ulumi diniyada mudarrisdur, fununi dunyaviyda, biloshubha, arxitektor, texnik va mexanik va fiziqiya ilminda tilifonist, tilig‘rofist va yana ximik desak yana ozdur, chunki bu ilmlarni bilur. Ishoqxon to‘ra olim va fozil bir zoti oliy bo‘lub, bu turfa fazoili insoniyaga molik… Ba’zi ixtiroti ham bordur».
Ishoqxon 1862 yili Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ildi. Uning ota-onalari Junaydullaxo‘ja va Huribibi davrining o‘qimishli kishilari edilar. Ishoqxon dastlab hijo usuliga asoslangan mahalla maktabida o‘qidi, ammo savodini onasining qo‘lida chiqardi. Huribibi maktabdor bo‘lib, o‘z maktabida faqat quruq yodlash bilangina cheklanmay, qizlarga yozish va husnixatni ham o‘rgatar edi. Shuning uchun ham Ishoqxon onasini ko‘p asarlarida ustozi sifatida hurmat bilan tilga oladi. Adabiyot va san’atta zo‘r muhabbat qo‘ygan Ishoqxonni o‘qishni davom ettirishi uchun Qo‘qonga yuboradilar. U 1878 yili XIX asr boshlarida barpo etilgan Muhammad Siddiq Tunqator madrasasiga o‘qishga kiradi. Ishoqxonning Qo‘qon madrasalarida tahsil qo‘rgan yillari (1878-1886) o‘zbek adabiyotida, madaniy hayotida, maorifida katta o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan davrga to‘g‘ri keldi. Uning bu adabiy-madaniy hayotdan bahramand bo‘lganligi shubhasiz. U Qo‘qon adabiy muhitining yirik namoyandalari Muqimiy, Furqat, Muhyi, Zavqiy, Nodim, Haziniylar bilan yaqin aloqada bo‘lgan, adabiy mushoiralarda ishtirok etgan.
Ishoqxon Ibrat madrasa beradigan ilmlar bilangina cheklanib qolmadi. U o‘qish davomida buyuk Sharq olimlari asarlarini mustaqil mutolaa qildi, arab, fors va rus tillarini chuqur o‘rgandi, rus va o‘zbek tillarida chiqadigan «Turkiston viloyatining gazeti», «Turkestanskiye vedomosti» kabi hamda Turkiston o‘lkasiga yangi tarqalayotgan Ismoilbek Gaspralining «Tarjimon» gazetasi bilan birinchi marta Qo‘qon madrasasida o‘qib yurgan kezlari tanishdi.
1886 yili madrasani tugatib, To‘raqo‘rg‘onga qaytgan Ibrat o‘z faoliyatini qishloqda ma’rifat tarqatishdan boshlaydi, o‘sha yili qishloqda maktab ochadi. Uning maktabi «usuli qadim» — «usuli tahajji», ya’ni hijo metodiga asoslangan maktablardan birmuncha farq qilar edi. Ishoqxon to‘ra Qo‘qonda o‘qib yurgan vaqtlarida o‘lkada ochilayotgan rus maktablaridagi o‘quv usullarining mahalliy maktablarda hukm surayotgan hijo hamda quruq yodlash usullaridan ustunligini sezgan edi. Shuning uchun u o‘z maktabiga nisbatan ilg‘or hisoblangan tovush (savtiya) usulini tatbiq qildi. Ammo bu maktab uzoq faoliyat ko‘rsata olmadi. Mutaassiblar uni yopishga muvaffaq bo‘ldilar.
Ishoqxon Ibrat o‘zining «Lug‘ati sitta alsina», «Jome’ul-xutut» va «Tarixi Farg‘ona» asarlarida yozishicha, 1887 yili, ya’ni 25 yoshida onasini Makkaga olib borish uchun otlanadi. Biroq Vatanga qaytish onaizoriga nasib etmadi. Huribibi o‘pka shamollash kasali bilan Jidda shahrida vafot etdi. Ishoqxonning Sharq mamlakatlari safariga chiqishdan asosiy maqsadi, birinchidan, onasining hajga olib borish haqidagi iltimosini qondirish bo‘lsa, ikkinchidan, chet el xalqlari hayoti, madaniyati bilan yaqindan tanishish, bu mamlakatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish istagi edi: «…Umrim naqdini havas bozorida kechirmak taqozosila o‘lub, sinnim yigirma besh kechmish ekan, havoi taqozoi muhtarama dushub sayohat etdum…»— deb yozadi u.
Ishoqxon Ibrat onasini Jidda shahrida dafn etib, Sharq mamlakatlari bo‘ylab safarini davom ettirdi. Shu bilan birga Istanbul, Sofiya, Rim kabi Yevropaning markaziy shaharlarida bo‘ldi. Ancha vaqt Afgonistonning Kobul, Arabistonning Jidda kabi shaharlarida istiqomat qildi. Makka shahridan Qizil dengiz va Hind okeani orqali Hindistonga keldi. 1892—1896 yillarda Hindistonning eng katta port shaharlaridan Bombey va Kalkuttada yashadi. Bu yerda ko‘p ishlatiladigan arba’ lison, ya’ni to‘rt tilni: arab, fors, hind-urdu va ingliz tillarini mukammal o‘rgandi. Ishoqxon Ibratning Sharq va G‘arb xalqlari tillarini ancha mukammal bilganligini e’tirof etib, zamondoshi Ibrohim Davron shunday yozadi: «Fazoili insoniyadin moada qozi to‘ra janoblari turkcha, forscha, hindcha, ruscha lison bilib, yana ruscha, franso‘zcha, armanicha va boshqa xatlar yozmoqqa mohirdurlar».
Ishoqxon to‘ra Ibrat 1896 yili Hindistondan Birma orqali Xitoyga, so‘ngra Koshg‘arga o‘tadi va Namanganga qaytib keladi. Chet eldan qaytgach, 1896 yili olti tilni o‘z ichiga olgan «Lug‘ati sitta alsina» («Olti tilli lug‘at») nomli asarini yozdi. Asar ancha qiyinchiliklar bilan 1901 yili Toshkentda Ilin bosmaxonasida chop etildi. Ibrat ilg‘or pedagog sifatidagi faoliyatini davom ettirib, 1907 yili o‘z uyida «usuli savtiya» metodiga asoslangan maktab ochdi. Unda 30 nafar qishloq bolalarini o‘qitdi. O‘qish-o‘qitish ishlarini o‘zi tuzgan dastur asosida olib bordi. Maktab yorug‘ derazali katta xonaga joylashgan bo‘lib, yangi o‘quv qurollari — parta, stol-stullar, yangi o‘quv kitoblari, qora taxta (doska), daftar kabilar bilan ta’minlangan edi. Ibrat o‘z maktabiga yangicha o‘qitish usullaridan xabardor bo‘lgan pedagog Husayn Makayevni taklif qildi. Husayn Makayev va uning rafiqasi Fotima Makayeva Ishoqxon Ibrat maktabida o‘qituvchi sifatida faoliyat ko‘rsatdilar.
1907 yili Ibrat Orenburgga boradi va Rizo Faxriddinning «Sho‘ro» jurnali faoliyati bilan tanishadi. U Orenburgda Gaufman degan matbaachidan pulini o‘n yil mobaynida to‘lash sharti bilan 1901 yilda chiqqan litografik mashina sotib oladi. Ishoqxon litografik mashina va harflarni katta mashaqqatlar bilan Orenburgdan Qo‘qonga poyezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarda olib keladi. 1905 yili o‘zi qurdirgan hammom o‘rnida chopxona tashkil qildi va «Matbaai Ishoqiya» nomi bilan ishga tushirdi.
Ibrat «Maqsad bu ishdan erdi olamg‘a ilm kasri» deb ta’kidlaganidek, bu matbaa o‘z faoliyatini ilm-ma’rifat tarqatishdan boshladi. Uning birinchi mahsuloti «San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy» savod chiqarishga bag‘ishlangan bo‘lib, 1908 yili bosmadan chiqdi. Bu to‘g‘rida o‘sha yili matbaaga mudirlik qilgan Oxunzoda Abdurauf Shahidiy quyidagilarni yozadi: «Qobiliyat va salohiyatlari qaviy, zakovat va fatonatlari joyida bo‘lgan g‘ayratli talabalar va yosh muallimlarimiz va ahli kitobot va xattotlarimizga ta’lim va ta’limi kitobat xususidagi birinchi hadyamizni ojizona taqdim ayladik».
Bu asar savod chiqarish va husnixat namunalarini o‘rganishda muhim qo‘llanma vazifasini o‘tagan. Xalq o‘rtasida kitob va o‘quv qo‘llanmalariga bo‘lgan talabning oshib borishi natijasida litografiya 1910 yili Namangan shahriga ko‘chirildi va tipolitografiyaga aylantirildi.
Maorif va madaniyatning ravnaq topishi, xalq ongining shakllanishi va rivojlanishida gazetaning ulkan ahamiyatini tushungan Ishoqxon to‘ra 1913 yili «Matbaai Ishoqiya» qoshida «Al-tijor al-Namangan» nomida gazeta chiqarishga harakat qiladi, hukumatga ariza ham beradi. Bu haqda Ufada chiqadigan, nainki O‘rta Osiyo, umumturkiy dunyoda mashhur bo‘lgan «Vaqt» gazetasi katta mamnuniyat bilan quyidagilarni yozadi: «Namangan mo‘tabarindin Ishoq qozi hazratlari «Al-tijor al-Namangan» isminda bir gazeta chiqararg‘a so‘rab ariza berdi. Bu zot 1908 yilda Namanganda bir matbaa ochgan edi. Bu yil «Kutubxonai Ishoqiya» isminda kutubxona ochib, turk, tatar, o‘zbek tillarinda bo‘lg‘on adabiyot kitoblari oddirdi. Hozir gazeta chiqarmoq haddindadur. Chin ko‘ngildan muvaffaqiyat tilaymiz».
Afsuski, Ishoqxon to‘ra gazeta nashr qilishga muvaffaq bo‘la olmadi, lekin o‘z uyida ancha boy kutubxona tashkil qildi va uni «Kutubxonai Ishoqiya» deb atadi. Uning arxivida saqlangan kitoblar ro‘yxati shuni tasdiqlaydiki, kutubxonada ta’lim-tarbiya va o‘qitishga oid o‘zbek, turk, tatar, rus, fors-tojik tillarida bitilgan ko‘plab kitoblar bo‘lgan, qishloq aholisi ulardan unumli foydalangan. Ishoqxon Ibrat o‘z mak-tabi o‘quvchilarini darsliklar bilan ta’minlagan. Kutubxonaning maktab o‘quvchilariga bag‘ishlangan bo‘limida Ismoilbek Gaspralining «Xo‘jai sibyon», Saidrasul Saidazizovning «Ustodi avval», Munavvarqorining «Adibi avval», «Adibi soniy», Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Asbobi ta’limi savod», «Kitobatul-atfol» kabi 50 nomdan ortiq darslik va qo‘llanmalar, ta’lim-tarbiyaga oid risolalar bo‘lgan.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo Rusiya tomonidan bosib olingandan keyin ham qozilik sudi saqlanib qoldi. Bu bilan mustamlakachilar o‘zlarini yerli xalqqa nisbatan odil, ularning «pushti panohi» qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ldilar. Ammo davlat ahamiyatiga molik ishlarni qozilik sudida ko‘rish man etildi. Ishoqxon Ibrat 1897-1924 yillarda uzluksiz To‘raqo‘rg‘on qozisi lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Qator publitsistik maqolalarida, she’rlarida tuzum illatlarini, mahalliy va mustamlaka amaldorlarining qabih ishlarini fosh etdi. 1910 yili Turkiston o‘lkasida qozilik mansabiga saylov o‘tkazildi. Shu munosabat bilan u «Turkiston viloyatining gazeti» sahifalarida mustamlaka tartiblarining mohiyatini ochib tashlovchi turkum maqolalari bilan chiqdi. O‘g‘rilik, poraxo‘rlik, zo‘ravonlik bilan shug‘ullanuvchi yaramas odamlarning qozi yoki mingboshi bo‘lib olishlariga keng yo‘l ochib bergan chor hukumati qonun-qoidalari, «polojeniya»laridan qattiq noroziligini dadil ifodaladi. Xalq taqdirini qabih, yomon odamlarga topshirib qo‘yishlaridan afsuslandi. Uning quyidagi so‘zlari ushbu fikrni quvvatlaydi: «Polojeniyada 223-bobida zikr qilingandurki, e’tibori bor, yetti kundan ziyoda hibs bo‘lmagan, o‘ttiz so‘mdan ziyoda ishtaraf to‘lamagan, yoshi yigirma beshdan past emas odam (qozi) bo‘lar ekan. Olim yoki omi, ahmoq yoki dono kishi, yo shariat biladurgan va yoki nizom biladurgan demagan. Ko‘rasiz, kimlarni(ng) qo‘llariga bu katta shariat hukmini topshiradurlar. Fikr-andisha qiladurgan kishi yo‘q. Andisha qiladurgan odamni odam ham hisob qilmaydurlar. Polojeniya bobig‘a muvofiq ellikboshi degan kimgaki shar ko‘p tushsa, ani yozar ekan. Na qilsunlar, bu xil qilsalar polojeniyaga muvofiq. Polojeniyada shariat biladurgan mulladan degan emas ekan. Ularga kim va nima bo‘lishi ham darkor emas ekan. Befikr o‘tsang, ey do‘st, muhtoji non o‘lursan».
Milliy uyg‘onish davri mutafakkirlari o‘zbek xalqini mutaraqqiy millatlar bilan teng ko‘rishni istadilar. Buni amalga oshirishning birdan-bir yo‘li sifatida maktab-madrasalarni tubdan isloh qilish masalasiga butun kuch-g‘ayratlarini, bilimlarini safarbar qildilar. Ular o‘z faoliyatlarini bir-biridan ajralgan hodda emas, o‘zaro hamkorlikda, hammaslaklikda, yaqin aloqa bog‘lagan holda yo‘lga qo‘ydilar. Munavvarqori Abdurashidxonov Behbudiyning «Oyna» jurnalida, Ishoqxon to‘ra Ibrat Toshkent jadidlari rahbarlik qilgan «Sadoyi Turkiston», Farg‘onadagi «Sadoyi Farg‘ona» gazetalarida o‘z asarlari bilan ishtirok etdi. U Munavvarqorining taklifiga binoan bir necha marta Toshkentda, uning maktabi imtihonlarida qatnashgan. Munavvarqori 1907 yili Ishoqxon to‘raga maxsus taklif xati bilan murojaat qiladi: «Hurmatlu Ishoqxonhoji janoblarina!
1907 yil may oyindan e’tiboran Toshkandda Tarnovboshi mahallasinda «Xoniya» maktabinda talabalarni yillik imtihonlari boshlanur. Siz hurmatludan rijo qilurmizki, tavobe’ingizda bo‘lg‘on usuli jadidiya maktablari mudirlari ila imtihon majlislarina tashrif qilsangiz, muallim va shogirdlar sizdin mamnun bo‘lur edilar. Muhibingiz Munavvarqori. 15 mart 1907 yil».
Bu taklifga binoan Ishoqxon Ibrat o‘z yaqinlari — ilg‘or pedagoglar Husayn Makayev, Mulla Iskandar domla Abduvahob o‘g‘li bilan bir necha oy Toshkentda bo‘ladi. Ular Toshkentda usuli savtiya maktablari bilan bir qatorda usuli qadim maktablarida ham bo‘ladilar. Ishoqxon Ibratning «usuli jadid» va «usuli qadim» maktablariga bag‘ishlangan turkum maqolalari «Turkiston viloyatining gazeti»da bosilib chiqdi.
Ishoqxon Ibrat jahon ilmi va madaniyatida yaratilgan xar bir ilg‘or yangilikdan o‘z xalqini bahramand etishga harakat qildi. 1908 yili tashkil qilingan «Fotografiyai Ishoqiya», 1910 yili To‘raqo‘rg‘on aholisi uchun bunyod etilgan istirohat bog‘i buni tasdiqlaydi. Bugina emas. U otasidan qolgan katta yerni gulbog‘ qildi, favvora qurdirdi, 150 tup manzarali da-raxtlardan xiyobon yaratdi, Yevropa usulida katta imorat qurdirib, uning arkiga «Xush kelibsiz, Ishoqiya bog‘iga!» — deb yozib qo‘ydi. To‘raqo‘rg‘on aholisi uni hozir ham «Gulbog‘», «Ishoqiya bog‘i» deb ataydi. Bu bog‘ni shoir Ibrat xalq uchun yaratganini yana shundan ham bilish mumkinki, u bu maskanda dam oluvchilarni gulni behuda uzmaslikka, tartib saqlashga chaqiradi. Quyidagi baytlar shu mazmunda:
Uzmagil behuda gul, bog‘bondin andisha qil,
Ori-ori gul uzarsan, xoridin andisha qil.
Kimki keldi bu chamanga, to gul uzmay qo‘ymadi,
Lek har vaqt gul uzarsan, xalq xushini pesha qil.
Yoki:
Beijozat gulni uzma, boadab,
So‘ra bog‘bondin, senga qo‘ydum qadab.
Yoki:
Kirsa har odam bu yerga gulni hargiz uzmasun,
Ko‘r ho‘kuzdek surkalib panjoralarni buzmasun.
Yanchg‘ilab gulni hamoqat do‘konini tuzmasun,
Yosh buqadek yugurub ko‘rgan kishini so‘zmasun.
Kirsa har kim boadablik taslimini bermasun,
Ibrat olmay ham xijolat birla bog‘din bezmasun.
Ishoqxon to‘ra Ibrat Oktyabr to‘ntarishidan keyin xalqni farovon, mamlakatni obod qilishda sho‘rolar hukumatiga katta umid bog‘ladi. Ijodiy ish bilan bir qatorda jamoat ishlarini olib bordi. Qishloqni obodonlashtirish, maorif, ta’lim-tarbiya ishlarini tubdan yaxshilash, yangi maktablar ochish, malakali o‘qituvchi mutaxassislar yetishtirish, xalq farzandlarini mak-tablarga tortish ishlarida faol qatnashdi.
Ibrat hayotining so‘nggi yillari ancha tahlikali o‘tdi. Birinchidan, qarilik. Ikkinchidan, 1935 yildan e’tiboran u barcha la-vozimlardan chetlatilgan, qarilik nafaqasi ham tayinlanmagan edi. Buning ustiga, hukumat ma’muriyati unga ishonchsizlik bilan qarar edi. Shoir tepasida ham qatag‘on bulutlari quyuqlashib borardi. Minglab o‘zbek ziyolilarining yostig‘ini quritgan qata-g‘onning eng dahshatli kezlari – 1937 yilning ilk bahorida Is-hoqxon Ibrat ham qamoqqa olindi. 75 yoshni qoralagan nuroniy shoir-ma’rifatparvar hibsxonaning ham jismoniy, ham ruhiy azoblariga bardosh bera olmadi. Uning sudi ham bo‘lmadi, sho‘rolar qamoqxonasida ikki oy yotib, hayot bilan vidolashdi.
Ijodiy merosi
Ibrat – iste’dodli shoir. U uch – o‘zbek, fors va arab tillarida erkin ijod qilgan. O‘z she’rlarini to‘plab, devon tuzgan. Zamondoshi shoir Muhsiniy (1860—1917) ham uni «sohibi devon» deb ta’riflaydi. Ammo mazkur devon bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramay, shoirning katta hajmdagi she’rlari XX asr boshlari vaqtli matbuotida bosilib chiqqan, bayozlarga kiritilgan. Ibrat o‘z she’rlarining kichik qismini 1909 yili o‘z matbaasida «Ilmi Ibrat» nomi bilan bosmadan chiqargan. Bulardan tashqari, shoirning katta o‘g‘li Abbosxon tomonidan 1910 yili tuzilgan bayozga Ibratning 17 she’ri kiritilgan.
U yoshlik yillaridanoq Alisher Navoiy asarlarini chuqur o‘rgandi, uning g‘azallariga naziralar bog‘ladi. Ayniqsa, Navoiyning mashhur «Bo‘lubtur» radifli g‘azaliga yozgan nazirasi e’tiborga loyiq:
Ishqing dilu jona jo bo‘lubtur,
Jonu dil anga fido bo‘lubtur.
San aylamasang agar davosi,
Dardim mani bedavo bo‘lubtur.
Shoir Navoiyning g‘azalidan ta’sirlangan. Natijada ushbu g‘azalga javoban radif, qofiya, vazn va baytlar miqdorini saqlagan holda nazira yozgan.
Ibratning aksar she’rlari ishq mavzuida. O‘zbek mumtoz adabiyotidagi yor, gul, bulbul obrazlariga u ham murojaat qildi. Ushbu mavzuga yangicha ruh bag‘ishladi. Bu mavzu orqali hayotni, insonni, muhabbatni, go‘zallik haqidagi orzu-umidlarini kuyladi. Shoirning ushbu hayotbaxsh mavzudagi «Sahar vaqti chaman ichra» radifli g‘azali tahsinga sazovordir. Bulbul sahar vaqti gulzorda qizil gul ishqida afgon chekadi. U gul ishqida shunchalik mastki, hatto tikandan-tikanga qo‘naverib, bag‘ri qonga belanganidan ham bexabar. Natijada bu tikanlar zaxmi sabab oshiq bulbul halok bo‘ladi:
O‘shal bulbul qilar afg‘on, sahar vaqti chaman ichra,
Qo‘nar gul deb tikan uzra, sahar vaqti chaman ichra.
Qilar bag‘rini bulbul qon, tikan uzra beray deb jon,
Bo‘lur gul zavqidin qurbon, sahar vaqti chaman ichra.
O‘shal bulbul bo‘lur dog‘lar, chamanni gasht etib bog‘lar,
Qizil gulni tilab yig‘lar, sahar vaqti chaman ichra.
Chiqar bulbulni afg‘oni, chaman ichra oqib qoni,
Tasadduq gul uchun joni, sahar vaqti chaman ichra.
Muhabbat birla mast erdi, ani yo‘lida jon berdi,
Qizil guldin xabar so‘rdi, sahar vaqti chaman ichra.
Shoir bu bilan cheklanmaydi. Quyidagi baytlarda shoir -oshiqning yuksak insoniy muhabbatga samimiy munosabati yanada yorqinroq tasvirlanadi. U bulbul kabi yorga yetishishni hamma narsadan afzal ko‘radi. Shuning uchun ham yor vasli yo‘lida hatto o‘limga ham tayyor. Yuqoridagi misralarda, asosan, tabiat go‘zalligi tarannum etilsa, keyingi ikki baytda shoir obrazi birinchi o‘ringa chiqadi:
Muyassar bo‘lsa ul jonon, ato qilsa o‘shal Subhon,
Yo‘lida jon qilay qurbon, sahar vaqti chaman ichra.
Ibratiy, bexabar bo‘lma, yana g‘aflat bila o‘lma,
Gunohi beadad qilma, sahar vaqti chaman ichra.
Ibrat nihoyatda ixcham, baytlari bir-biriga juda mutanosib, ayni zamonda o‘ziga xos kompozidiyaga ega g‘azal yarata olgan. G‘azaldagi nafis tashbih, sifatlashlar teran mazmunning betakror badiiy ifodasiga xizmat qilgan.
Ishoqxon to‘ra Ibrat ijtimoiy-siyosiy mavzuda xalq hayotini haqqoniy ifodalovchi bir qancha asarlar yaratdi. Shoirning «Qalaysizlar?», «Bo‘lubtur», «O‘lursan», «Shikoyat», «Siymu zardur» kabi satirik asarlari shular jumlasidandir.
Markaziy Osiyoning bosib olinishi natijasida o‘lka Rusiya to‘qimachilik sanoatini paxta bilan ta’minlaydigan asosiy xom-ashyo bazasiga aylandi. Shoir Ibratning «Qarz» radifli musaddasiga chuqurroq e’tibor berilsa, shoirning she’rdagi zaharxandasi ostida achchiq haqiqat yotganini payqash qiyin emas. Bechora chorakor dehqon o‘z oilasini boqish uchun o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urishga majbur: u yil boshida bo‘lajak paxta hosili ustidan qarz oladi. Hosil kutilganidan kam bo‘lgani tufayli qarzga botadi, uy-joyi «xatga tushadi», bir parcha yeridan ham ajraladi:
Oldi-yu qarz paxta uchun bergumuz muni,
Dedi: chiqar hayoni tarozuda bir kuni.
Sarfu xarojat ayladi hech chiqmadi uni,
Paxta bo‘lur bu yili ado aylagum shuni.
Keldi bu xalq boshiga birdan baloyi qarz,
Bo‘ldi tamom xalqi jahon mubtaloyi qarz.
O‘lka hayotiga kapitalistik munosabatlar bilan birga yaramas, o‘ta salbiy illatlar ham kirib keldi. Bu illatlar mahalliy xalq axloqiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi: mehmonxonalarda, restoranlarda iflos ishlar bilan shug‘ullanish, «doim fiyon» bo‘lib yurish hollari vujudga keldi. Bu haqda akademik V.V. Bartold quyidagilarni yozadi: «Erli aholi ruslar bilan yaqinlashishi, rus tilini o‘rganishi natijasida rus hayotining tashqi, salbiy tomonlarini ham o‘zlashtirdilar. Fahsh hayot kechirishga, vino, pivo ichishga o‘rgandilar…» Buning ustiga, Rusiya hukumati ham mustamlaka o‘lka xalqlari ma’naviyatini, diniy e’tiqodini buzish uchun fohisha ayollarning oqib kelishiga katta imkoniyatlar yaratgan edi (Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» dramasidagi Liza, Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanidagi Mariya Bistrova, Oybekning «Qutlug‘ qon» asaridagi restoran fohishalarini eslang).
Ishoqxon Ibrat «Bo‘lubtur» radifli hajviyasida mana shunday hayotiy lavhalarni berar ekan, unga o‘zining nafratini ifodalash bilan cheklanmaydi, balki bunday hayotni vujudga keltirgan faktor sifatida Markaziy Osiyoning, jumladan, Qo‘qon xonligining Rusiya tomonidan bosib olinishini ko‘rsatadi:
Alhol muhtasib yo‘q, bir-ikki qilsa ul do‘q,
Ichkuga xalq rog‘ib, doim fiyon bo‘lubtur.
Mahbuba naqshxonlar, ko‘zi qaro juvonlar
Gastinsalarda yurub, sarfi ziyon bo‘lubtur.
Manzuma soli ta’rix, bu dahr inqilobi,
Ming ikki yuz to‘qson ikki bayon bo‘lubtur.
Shoirning ushbu she’rida mavjud mustamlaka tuzumi kirdikorlarini: savdogarlar, chayqovchilarning qallobligini, pul inflyadiyasi tufayli narx-navoning haddan tashqari oshib ketishi xalq hayotini mushkullashtirganini ko‘rishimiz mumkin. Mana, shoir qassoblar, novvoylar, alloflarning qanchalik noinsofligini, ularning xalqni talashdagi usullarini shunday tasvirlaydi:
Qassob, qo‘yfurushlar, jangu jadal urushlar,
Bechoralar fuliga go‘sh(t) ustixon bo‘lubtur.
Novvoyda yo‘qdur insof, andin o‘tadur allof,
Ko‘r, chaksa un xamiri qirq ikki non bo‘lubtur.
Ishoqxon Ibrat sho‘rolar davrida ham hajviy asarlar yaratishda davom etgan. U o‘z she’rlarida davlatning mas’ul idoralarida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbarlari tufayli xarobaga aylanib borayotgan qishloqlar manzarasini beradi. Shu nuqtai nazardan shoirning 1931 yilda yozgan «To‘raqo‘rg‘on tumani ijroqo‘miga ariza» she’ri e’tiborga loyiq:
Ey, rayonga rais o‘rtoqlar,
Davlat uzra yuring bo‘lub sog‘lar.
Qurudi o‘rik, olma, yong‘oqlar,
Xo‘jasini qo‘yub bag‘riga dog‘lar.
Sayrashar erdi gul uzra bulbullar,
Bulbul o‘rniga quzg‘unu zog‘lar.
Otunadin bo‘ldilar vakil suvga,
Xalq g‘amidin bo‘lmas uyg‘oqlar.
Suv berish yo‘lini bilmaslar ular,
Ba’zi bo‘lgan mirob to‘ngoklar.
Afu eting xo‘jalik solig‘ini,
Yo suv bering, qurumasin bog‘lar.
Ishoqxon Ibrat ijodidagi yetakchi g‘oya ilm-ma’rifat, madaniyat va texnika yangiliklarini targ‘ib qilish g‘oyasidir. Ibrat ma’rifatparvarligining tub mohiyati shundaki, uning ilm-ma’rifatga chaqiruvchi she’rlarida inson taqdiri birinchi o‘rinda turdi. U xalqning iqtisodiy-madaniy hayotiga xizmat qiluvchi, uning mushkulini yengillashtiruvchi, uzog‘ini yaqin qiluvchi ilm-fanni, texnikani targ‘ib etdi. Shu nuqtai nazardan, uning «Tarixi chopxona», «Madaniyat haqida masnaviy», «Gazeta xususi-da», «Turkiston axdig‘a xitob», «Tabrik Namangondin», «Qalam», «Tarixi manzumai vagon Ibratdin yodgor», «Muxammasi Ibrat» kabi she’rlari diqqatga sazovor. Shoir bu she’rlarida mamlakatni, xalqni asriy qoloqlikka sudrovchi mutaassiblarni, qadimchilarni keskin fosh etdi. Ibrat mehnatkash xalq boshidagi og‘ir hayot, qashshoqlik, mamlakatning qoloqlikda, xalqning nodonlikda qolganining sabablarini aniqlashga, undan qutqarish yo‘llarini topishga harakat qildi. Bir necha tarahqiy etgan mamlakatlarda bo‘lgan Ibrat xalqni zulmatdan, mamlakatni qoloq-liqdan qutqaruvchi birdan-bir yo‘l ilm-ma’rifatni egallash deb tushundi. Shoirning bosmaxona ochishdagi maqsadini ifodalab yozgan «Tarixi chopxona» she’ridagi ushbu so‘zlari Ibratning ijodiy-estetik prindipini to‘la ifodalaydi:
Ming uch yuzu yigirma oltida chopmaxong,
Ochmoqg‘a bo‘ldi ruxsat va so‘z berib zamona.
Maqsad bu ishdan erdi olamg‘a ilm kasri,
Ham qo‘ymoqg‘a asarlar yodyovari jahona.
Kasbu kamoli islom bo‘lmay taraqqiyatda,
Holig‘a tushmasun deb etduk buni bahona.
XX asr boshlariga kelib mustamlaka o‘lkasining hamma yirik shaharlarini birlashtiruvchi va Rusiya bilan bog‘lovchi temir yo‘llar qurila boshlandi. To‘g‘ri, chor Rusiyasi bu tadbir bilan yerli aholining mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilish maqsadini qo‘ygan emas, aksincha, mustamlaka o‘lka yer usti va yer osti boyliklarini mo‘lroq va tezroq tashib ketish maqsadini qo‘ygan edi. 1910 yili Qo‘qon va Namangan shaharlarini bog‘lovchi temir yo‘l qurila boshlandi. Mazkur qurilishga Ishoqxon Ibrat o‘z xalqi manfaatlari nuqtai nazaridan munosabatda bo‘ldi va «Tarixi manzumai vagon Ibratdin yodgor» nomli katta muxammas bilan «Turkiston viloyatining gazeti»da chiqdi. She’r 15 band – 75 misradan iborat bo‘lib, gazetada bosilgan variantida ikki bandi tushirib qoldirilgan. Ibratning dastxati bilan yozilgan varianti uning o‘g‘li Rotibxon Ishoqov qo‘lida saqlanadi. Bu variantiga «Stixotvoreniye i istoriya jeleznoy dorogi Namanganskogo uyezda ot Isxakxana Djunaydullayeva» deb ruscha sarlavha qo‘yilgan.
Shoir Ibrat madaniy-iqtisodiy hayotda muhim rol o‘ynagan, o‘sha davr uchun nisbatan yangi hodisa bo‘lgan temir yo‘lni samimiyat bilan qarshi oldi:
Namangan ahlig‘a xo‘b o‘ldi bir yaxshi zamon keldi,
Murodoti xaloyiq uzra bir jonu jahon keldi,
Dema jonu jahon avqot uchun bu xalqqa don keldi,
Dema don, balki bunlarga maishat uzra non keldi,
Ajib bir foyizi arzoqi insoniy vagon keldi.
Yuqoridagi misralardan ko‘rinib turibdiki, shoir temir yo‘lni – vagonni «jonu jahon», «don», «non»dan yuqori qo‘yadi, uni «arzoqi insoniy vagon», ya’ni inson rizqi ro‘zi deb baholaydi. Shoir temir yo‘l qurilishini ko‘klarga ko‘tarib maqtar ekan, Qo‘qon va Namangan shaharlari orasi uncha uzoq bo‘lmasa ham juda mashaqqatli yo‘l ekanligini detallarda bayon qiladi. Qo‘qon aroba azoblarini o‘z boshidan kechirgan shoir vagonni «arzoqi insoniy vagon» deyishida katta haqiqat yotar edi:
Namangan ahlig‘a bormoq edi Xo‘qandga ko‘b mehnat,
O‘tursa sart aroba uzra mehnat ustiga kulfat.
Aroba mehnatidin bormoqa bo‘lmas edi jur’at,
Bu daryoyu aroba mehnatidin aylabon uzlat,
Ajib bir foyizi arzoqi insoniy vagon keldi.
Namangandin chiqarduk sart aroba mehnatin tortib,
O‘turub besaranjom, yuk ila sirka qovoq ortub,
Urub otlarni qumlarda va yo ko‘llarda ko‘b hortub,
Arobakash ila xo‘b mushtlashib, ko‘b oh-voh tortub,
Ajib bir foyizi arzoqi insoniy vagon keldi.
Ishoqxon Ibrat o‘zi yashab turgan ijtimoiy hayotda yuz berayotgan dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqdi, ularga munosabat bildirdi. Shoir xalqni ilm-ma’rifatli qilishda gazeta va jurnallarga katta ahamiyat berdi, o‘zi ham gazeta nashr etish uchun harakat qildi. XX asr boshlarida jadid mutafakkirlari tomonidan nashr qilinayotgan gazetalarni qo‘llab-quvvatladi, «Taraqqiy», «Tujjor», «Sadoyi Farg‘ona» gazetalarini va ularning muharrirlarini tabriklab, matbuot sahifalarida chiqdi. Mazkur mavzuga bagashlangan «Gazetdur jahon ahliga bir lison», «Tabrik Namangondin», «Manzuma Ibratdin» kabi she’rlarida gazeta o‘qimaganlarni o‘lganlar yoki uxlaganlar bilan barobar hisoblaydi, shu bilan birga, gazetani jahon xalqlari uchun «bir lison» deb ataydi.
Ishoqxon to‘ra Ibrat ma’rifatparvarligining tub mohiyati shundaki, u har bir voqea-hodisaga o‘z xalqi, Vatani manfaatlari nuqtai nazaridan turib munosabatda bo‘ldi, baholadi. Kelajak avlodning taraqqiy etgan millatlar qatorida erkin, mustakil, farovon hayot kechirishini orzu qildi va unga katta umid bog‘ladi.
Ibratning ilmiy merosi
Ishoqxon to‘ra Ibrat atoqli pedagog, tilshunos, tarixshunos olim, sayyoh, o‘tkir didli xattot va rassom hamdir. U tilshunoslikning eng muhim sohalarida qalam tebratdi. Bu sohada uning olti til: o‘zbekcha, ruscha, arabcha, forscha, turkcha va hindcha tillari lug‘ati «Lug‘ati sitta alsina» va jahon yozuvlari tarixiga bag‘ishlangan «Jome’ul-xutut» («Yozuvlar majmuasi») asarlari muhim ahamiyatga ega.
Olimning «Lug‘ati sitta alsina» asari 1901 yilda nashr qilingan bo‘lsa-da, XIX asr 90-yillarning o‘rtalarida yozib tugatilgan edi. Ammo mahalliy mualliflar asarlarining qattiq ta’qib ostiga olinishi, chor mustamlakachilari tomonidan Turkistonda o‘rnatilgan qattiq nazorat (tsenzura) tufayli asar ancha kechikib bosmadan chiqarildi. Buni o‘sha davrda chor Rusiyasining Turkistondagi noziri vazifasini bajaruvchi N.P.Ostroumovning shaxsiy arxivida saqlanuvchi hujjatlar isbotlaydi. Lug‘at olti tillik, ancha murakkab bo‘lib, o‘zbekcha so‘zlarning qarshisida arabcha, forscha, turkcha, hindcha va ruscha tarjimalari beriladi. Lug‘at mingdan ortiq faol so‘zni o‘z ichiga olib, 53 betdan iborat. Asar ikki qismdan tashkil topgan.
Birinchi qism alifbo tartibida tuzilib, har qaysi harfga alohida kichik-kichik bobchalar ajratilgan. Bu qismda fe’llarning noaniq va kelasi zamon shakllari avval forscha, keyin arabcha, turkcha, o‘zbekcha, hindcha va ruscha tarjimalari beriladi.
Asarning ikkinchi qismi 37 bobchadan iborat bo‘lib, fe’llarning boshqa shakllari, otlar, kishilik olmoshlari, kun, oy nomlari, odam a’zolari, hayvonlar va parrandalar, oziq-ovqat va boshqa narsa-buyumlarning nomlarini o‘z ichiga oladi. Bu qismda avval arabcha, keyin uning forscha, turkcha, hindcha, o‘zbekcha va ruscha tarjimalari keltiriladi.
Lug‘atning muhim ahamiyati shundaki, shu yerli aholi uchun tushunarli bo‘lgan arab yozuvida yaratilgan. Bu haqda asarning qo‘lyozma nusxasi bilan tanishgan gazeta tahririyati xodimlaridan biri quyidagilarni yozgan edi: «… aksar iborat va lugatlari tashih va tag‘yir bo‘lindi. Xususan, Rusiya lugatlarini musulmoniya huruflari ilan yozmoq xo‘b qiyin va dushvor uchun ul ruscha yozilgon ibo-ralarni qo‘broq tag‘yir berildi va mazqur «Sitta alsina» degan janob qozining ixtiro qilgon kitoblari bizning Turkiston viloyatimizdagi sartiyalardan shuncha til bilib, bul tariqa kitob va lugat tasnif qilgan odam yo‘q edi».
Yozuv jamiyat, madaniyat va ilm-fan taraqqiyotida, uni kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim rol o‘ynaydi. Yozuvning vujudga kelishi, rivojlanishi bir necha ming yillik tarixga ega. U odamlar o‘rtasidagi aloqa vositasi sifatida tilga nisbatan ancha keyin vujudga keldi va rivojlandi. Tilshunoslik faniniga bu murakkab sohasida Ishoqxon Ibrat ancha mukammal «Jome’ul-xutut» («Yozuvlar majmuasi») nomli ilmiy asar yaratdi. Bu asarda muallif yozuvlarning eng ibtidoiysi — piktografik yozuvlardan, to so‘nggi davr eng mukammal yozuvlarigacha bosib o‘tgan taraqqiyot tarixini yoritib berishga harakat qiladi. Olimning mazkur asari katta hajmda — 132 betdan iborat bo‘lib, 1912 yilda o‘zining bosmaxonasi «Matbaai Ishoqiya»da nashr qilindi.
Ishoqxon Ibrat o‘z davrining yirik muarrixi sifatida «Tarixi Farg‘ona», «Tarixi madaniyat», «Mezonuzzamon» ilmiy asarlarini yaratdi. Ibrat ushbu asarlarini yaratishda Sharq tarixchilari bilan bir qatorda rus va Yevropa sharqshunoslarining asarlaridan ham foydalandi. Ishoqxon Ibrat «Tarixi Farg‘ona» asarida tarixiy voqealarga xon va beklarning munosabatini tasvirlashga alohida e’tibor beradi. Muallif Buxoro amiri Nasrulloning 1842 yilda Qo‘qonda mash’um qatli om uyushtirishiga qarshi chiqib, Qo‘qon xonligi bilan birlashish va yaqinlashib kelayotgan rus bosqinining oldini olish harakatlarini qilish taklifi bilan chiqqan amir Nasrullo vazirlaridan biri Abdusamad noyibning oqilona so‘zlarini keltiradi: «Holo Xo‘qand zabt o‘ldi, Farg‘ona katta mamlakatdur, qancha askar va sipohu xazina sarf o‘lub olindi, alholda Rusiyani kelmagi mahalliy xavfdur, agarda xonni onti aqd berub, tavba qiddurub, Xo‘qandg‘a qo‘yub, Buxorog‘a tobe’ qilib, bir mulk bizlarga kelgan dushmanlarga bir qalqon bo‘lur edi», — deganida, so‘zi amirga ma’qul bo‘lmay, og‘ziga kafsh bilan urdurg‘on ekan».
Olim Ishoqxon Ibrat ushbu so‘zlarni keltirish orqali xonliklar, amirliklar ma’muriyatida uzoqni ko‘ra oluvchi davlat arboblari mavjudligini ta’kidlash bilan birga, Nasrullo kabi kaltabin, burnidan narini ko‘ra olmaydigan xonu beklarni qattiq qoralaydi.
Ishoqxon Ibrat o‘z xalqining porloq kelajagiga, ozod va hur hayot qurajagiga zo‘r umid va ishonch bilan qaradi. «Tarixi madaniyat» asarida Vatanning kelajakda ilm-fan, madaniyat rivojlangan shaharlarining qiyofasini romantik bo‘yoqlarda tasvirlaydi. Uning ilmiy-tarixiy asarlari Vatanimiz tarixini o‘rganishda, shubhasiz, zarur, mo‘tabar manba hisoblanadi.