Ulug‘bek Dolimov. Abdulla Qodiriy (1894-1938)

Abdulla Qodiriy portreti. «Unutilmas siymolar» (1999) to‘plamidan olindi

XX asr xalqimiz tarixida o‘zlikni anglash, milliy uyg‘onish davri bilan boshlandi. Jadidchilik harakati nomi bilan tarixga kirgan bu jarayon xalqimiz ma’naviy hayotining hamma jabhalarini qamrab oldi, badiiy adabiyotda ham tom ma’noda yangila-nish jarayoni kechdi. Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar» romaniga yozgan kichik muqaddimasida o‘sha davr ijodkorlarining adabiyotga qo‘ygan talablarini to‘la ifodalagan edi: «Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har bir yo‘sinda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchilik, ro‘monchilik va hikoyachiliklarda ham yangarishg‘a, xalqimizni shu zamonning «Tohir-Zuhro»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhodshirin» va «Bahromgo‘r»lari bilan tanishdirishka o‘zimizda majburiyat his etamiz».

O‘tgan asrning 10-yillarida Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Pa-darkush» dramasi, Abdurauf Fitratning «Munozara», «Bayonoti sayyohi hindi» asarlari badiiy adabiyotda buyuk o‘zgarish yasagan edi. A. Qodiriy mana shunday badiiy ijodda tub sifat o‘zgarishlar kechayotgan bir davrda adabiyotga kirib keldi.

Abdulla Qodiriy 1894 yil 10 aprelda Toshkentda bog‘bon oilasida tug‘ildi. Uning otasi Qodirmuhammad (1821-1924) uzoq vaqt savdogarchilik bilan, 1870 yillardan umrining oxirigacha Sa-marqand darvozada anchagina katta – 1300 sarjin (yarim gektar -500 m2 dan ko‘proq – U. D.) bog‘da bog‘dorchilik bilan oila tebratar edi. Uning onasi Josiyat bibi uy bekasi bo‘lgan. Abdulla yoshligidan o‘tkir zehni, serfikrligi bilan ajralib turgan. Dastlab u «usuli qadim» maktabida, Abulqosim madrasasida, keyin rus-tuzem maktabida o‘qishni ancha muvaffaqiyat bilan davom ettirdi. 1912 yilda u kattagina savdogar Rasulmuhammadboy qo‘lida pri-kazchik (ish yurituvchi) bo‘lib xizmat qila boshlaydi. Rasulmuhammad ancha e’tiborli, ochiqko‘ngil, diyonatli boylardan bo‘lib, o‘z davri ziyolilari bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Shuning uchun ham Abdullaning yoshligi asosan boylar, ziyolilar davrasida kechdi, bu hol uning jadid mutafakkirlari, ularning «Sadoyi Turkiston», «Oyna», «Samarqand», «Turon» kabi gazeta va jurnallari bilan aloqani mustahkamlashiga olib keldi. 1914 yilda Abdulla Rasulmuhammadboyning katta qizi Rahbaroyga uylanadi. Ular Na-fisa, Habibullo, Adiba, Mas’ud ismli ikki qiz va ikki o‘g‘il ko‘radilar.

Abdulla Qodiriyning ilk adabiy faoliyati mana shu davrdan boshlandi, bu haqda u keyinchalik tarjimai holida shunday yozadi: «Shu miyonalarda bozor vositasi bilan tatarlarda chiqadurg‘on gazetalarni o‘qub, dunyoda gazeta degan gap borlig‘iga imon keltirdim. 1913 yilda o‘zbekcha «Sadoyi Turkiston», «Samarqand», «Oyna» gazetalari chiqa boshlag‘ach, menda shularga gap yozib yuborish fikri uyg‘ondi». Darhaqiqat, uning «Yangi masjid va maktab» nomli ilk maqolasi «Sadoyi Turkiston» gazetasining 1914 yil 1 aprel sonida «Abdulla Qodiriy» imzosi bilan e’lon qilindi.

A. Qodiriy ijodkor sifatida o‘z adabiy faoliyatini she’riyatdan boshladi, uning «Millatimga», «Ahvolimiz» kabi she’rlari shu davr mahsulidir. Qodiriy she’rlarida Millat va Va-tanga xizmat qilish, uni g‘aflat, jaholat uyqusidan uyg‘otishga da’vat yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ularda Avloniy, Tavallo, Hamza kabi jadid shoirlariga xos xususiyatlar o‘z ifodasini topgan:

Ko‘r biz(n)ing ahvolimiz, g‘aflatda qanday yotamiz,
Joyi kelgan chog‘ida vijdonni pulga sotamiz.

O‘g‘limizga na adab, na fan, na yaxshi so‘ylamoq,
Na Xudoni buyrug‘i bo‘lgan ulum o‘rgotamiz.

Korimiz shundan iborat bo‘ldi ushbu chog‘da,
O‘ntadan bedona boqib, yozu qish sayrotamiz.

Hamda har kun takyalarda nasha, ko‘knori chakib,
Bachchaga kokil solib, oh-voh bilan o‘ynotamiz.

Kelingiz, yoshlar, ziyolilar, bu kun g‘ayrat qiling,
Uxlaganlarni agar Qodir esak uyg‘otamiz.

Oradan ko‘p o‘tmay, A Qodiriyning «Baxtsiz kuyov» dramasi, «Juvonboz», «Uloqda» hikoyalari kitobxonlar qo‘liga borib tegdi. Yozuvchining «Juvonboz» hikoyasi va «Baxtsiz kuyov» dramasi Mah-mudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» dramasining bevosita ta’sirida yaratilgan. «Baxtsiz kuyov» mazmunan Behbudiy dramasidan farq qilsa-da, jadidchilik g‘oyasi yetakchilik qiladi. Ammo «Juvonboz» hikoyasi syujeti «Padarqush»ga juda yaqin turadi. Hikoyaning bosh qahramoni – katta savdogar Raufboyning o‘g‘li Sa’dulla. U o‘qish, ilm olish o‘rniga iflos, fahsh yo‘llarga kirib, otasining butun mol-dunyosini sovuradi, oxir-oqibatda odam o‘ldirib, o‘z umrini ham barbod qiladi. Yozuvchi Oybekning 1936 yilda yozgan «Abdulla Qodiriyning ijod yo‘li» asarida har ikkala asarga xos kamchiliklar: voqea-hodisalarning ijtimoiy ildizi to‘laroq ochib be-rilmaganligi, timsollar tilining sun’iyligi, xalq jonli ti-lidan uzoqligi ko‘rsatib o‘tilgan. Shu bilan birga, Oybek ta’kidlaganidek, «Jadid adabiyoti uchun xarakterli alomat, ya’ni san’atkorning o‘rnini voiz egallashi, nasihatgo‘ylik, «oqartiruvchilik» va boshqalar «Baxtsiz kuyov»da yaqqol ko‘rinadi».

Xuddi shu davrda yaratilgan «Ulokda» hikoyasida ham avvalgi asarlaridagi kabi jadid adabiyotiga xos mavzu – taraqqiyotga to‘g‘a-noq bo‘layotgan eski urf-odatlar va ularning qobig‘ida qolgan olo-mon ruhiyati qalamga olingan. Millionlab, o‘n millionlab xalqlar jahon urushi girdobiga tortilgan, ularning taqdiri hal qili-nayotgan bir paytda qora xalq uloq, ko‘pkari kabi odatlar bilan ovora, shulardangina zavq oladi. Shu darajada «sodda», taraqqi-yotdan yiroq xalqning qismati kishini tashvishga soladi. Yozuvchi oldingi asarlariga nisbatan ancha ilgarilab ketgan: u voqealarni shunchaki bayon qilmaydi, har bir timsolning o‘ziga xos surati va siyratini kitobxon ko‘zi o‘ngida namoyon qiladi. «Uloqda» asari nafaqat Abdulla Qodiriyning, balki o‘zbek hikoyachiligining 1910 yillardagi katta yutug‘i deb baholaydi Oybek. Bu yozuvchining hikoyachilikda realizm tomon ishonch bilan katta qadam tashlaganini ko‘rsatadi.

1914 yil o‘rtalarida Rusiyaning Birinchi Jahon urushi girdobiga tortilishi mustamlaka Turkiston o‘lkasi xalqlari boshiga turli-tuman fojialarni olib keldi. Ayniqsa, mustamlaka o‘lkadan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan 250 ming ishchi-mardikor olish haqidagi Nikolay II ning farmoni xalqning norozilik harakatlariga turtki bo‘ldi. «Mardikorlik qo‘zg‘oloni» nomi bilan tarixga kirgan xalq ozodlik harakati butun Turkiston o‘lkasini qamrab oldi. Butun Rusiya imperiyasini larzaga solgan 1917 yil Fevral inqilobi 300 yillik Romanovlar taxtini barbod qildi. Bu tarixiy voqealar Abdulla Qodiriy dunyoqarashi takomilida muhim omil bo‘ldi. Bu haqda u keyinroq: «Nikolayning taxtdan yiqilib, hurriyat bo‘lg‘oniga xursandligim, albatta, dunyoga sig‘mas edi. Ayniqsa, 1916 yil rabochiy olish masalasidan keyin umuman Turkiston ishchilarida uyg‘ongan istibdodga naf-rat menda ham kuchlik edi», – deb yozadi.

A. Qodiriy 1917 yil Fevral inqilobidan keyin xalq milidiyasida, 1918 yildan Sultonxo‘ja Qosimxo‘jayev rahbarlik qilgan Oziq qo‘mitasida sarkotib hamda 1919 yildan shu qo‘mita organi «Oziq ishlari» gazetasida muharrir bo‘lib ishlaydi. Bu davrda u «Inqilob» va «Kommunist yo‘ldoshi» jurnallarida mas’ul kotib, jurnalist-publitsist sifatida katta faoliyat ko‘rsatadi. 1923 yilda «Mushtum» jurnalining tashkil etilishi ham bevosita Abdulla Qodiriy va G‘ozi Yunus (Yunusov G‘ozi Olim – 1893-1939) faoliyati bilan uzviy bog‘landi. Bu haqda Qodiriy quyidagilarni yozadi: «23-yilning fevral oyida, shekilli, «Turkiston» gazetasiga o‘rtoq Abdulhay Toji muharrir belgilandi va shu o‘rtoq bir kulki jurnali chiqaringiz, deb men bilan G‘ozini chaqirdi. (Bu vaqtda G‘ozi gazetaning muharriri edi.) Biz ikkovimiz ishga kirishdik-da, natijada sakkiz soncha «Mushtum» chiqdi».

Abdulla Qodiriy 1924 yilning yozida Moskvaga ketadi va Valeriy Bryusov nomidagi Jurnalistlar institutida o‘qiydi, ammo respublika matbuoti, xususan, «Mushtum» jurnali bilan aloqani uzmaydi. 1920-1925 yillarda uning matbuotda uch yuzdan ortiq turli mavzularda hajviyalari, maqolalari, feletonlari Qodiriy, Julqunboy, Ovsar, Dumbul, Shig‘oy, Kalvak Maxzum kabi imzolarda bosilib chiqadi. Yozuvchining bunday faoliyati haqida Habibullo Qodiriy (yozuvchining katta o‘g‘li — U. D.) quyidagilarni yozadi: «Mushtum» jurnalining 1924 yil sonlaridan birida dadamning suratini o‘rtoqlik hazili tariqasida masxaralab bosishgan va tagiga shu so‘zlarni yozib qo‘yishgan edi: «Feletonlar qiroli Julqunboy: yig‘latib kuldiradi, kuldirib yig‘latadi». «Farg‘ona» gazetasining muharriri Lutfulla Olimiy A. Qodi-riyning «Mushtum» jurnalidagi faoliyati haqida yozadi: «Mushtum»ning topgan e’tibori va ko‘p tarqalishi Julqunboyning o‘tkir qalami bilan».

Abdulla Qodiriyning «Moskvadan» turkumi ostida bir qancha hajviy maqolalari e’lon qilindi. 1925 yilda yozuvchining «Mush-tum» nomli ancha jildiy tanqidiy maqolasi «Qizil O‘zbekiston» gazetasida bosildi. Maqolada jurnalning o‘sha kezlardagi faoliyati, istiqboli ancha chuqur tahlil qilingan. Bu maqola atrofida kuchli munozara kechdi. Davr taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘layotgan kuchlarga qarshi kurashda «Mushtum»ni yanada faolroq bo‘lishga da’vat etuvchi, hajviy jurnalning qiyofasini belgilovchi ushbu maqolani g‘arazgo‘ylik deb qabul qiluvchilar ham bo‘ldi. Bu hol jurnalning muharriri G‘ozi Olimning «Tanqidmi, tosh otish?!» javob maqolasida ko‘zga tashlanadi.

1920 yillarning o‘rtalaridan sho‘rolar siyosatida tub o‘zgarish, nosog‘lom muhit,«non orasidan kir izlash» (A. Fitrat) avjga chiqa boshladi. «O‘tgan kunlar» qo‘ldan-qo‘lga o‘tib o‘qilayotgan, Abdulla Qodiriy yangi ijodiy rejalar og‘ushida yashayotgan vaqtda uning boshiga kulfat toshlari yog‘ila boshladi. 1926 yilda «Mushtum» jurnalida bosilgan «Yig‘indi gaplar» hajviy-mutoyi-ba maqolasi bunga bahona bo‘ldi. Mazkur maqolada respublikadagi ayrim tadbirlar, hukumat va kompartiya rahbarlari «Ovsar» tilidan yengil hazil-mutoyiba qilingan edi. Qodiriydan alamzada bo‘lib yurganlar uchun bu maqola yozuvchiga bo‘hton toshlarini yog‘dirish uchun bir dastak bo‘ldi. Ular maqolani respublikada olib borilayotgan muhim tadbirlar ustidan kulish, masxara qilish, sho‘ro hukumati va partiya rahbarlarini obro‘sizlantirish, hatto aksilinqilobiy maqsadlarni amalga oshirish niyati bilan yozilgan deyishgacha bordilar va muallifga siyosiy ayb qo‘ydilar. Yozuvchi 1926 yil 8 martda aksilinqilobchi degan ayblov bilan qamoqqa olinadi, ammo uzoq davom etgan qamoq azoblaridan so‘ng unga taqalgan ayblarning, guvohlar bergan ko‘rsatmalarning soxtaligi ayon bo‘ladi.

A. Qodiriy o‘zini tuban odamlardan mardonavor himoya qildi, maslagiga xiyonat qilmadi. U ozodlikka chiqdi, ammo bunday nohaqliklarga imkon yaratib bergan totalitar sho‘rolar tuzumiga nisbatan ishonchlari sarobga aylandi. Agar chuqurroq e’tibor berilsa, yozuvchining keyingi asarlarida bu hol o‘z ifodasini topganligini ko‘rish mumkin.

1923—1926 yillar davomida «Mushtum» jurnalining qiyofasini belgilovchi, hajviy qissa janrining yetuk namunalari bo‘lmish «Kalvak Maxzumning xotira daftaridan», «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» kabi asarlari bosildi. «Kalvak Maxzumning xotira daftaridan» qissasida haqiqiy hayotdan butunlay uzilgan, xurofotdan boshqa narsani ko‘ra olmaydigan mahalla masjidi imomi Kalvakning kulgili sarguzashtlari, tug‘ilishidan boshlab boshdan kechirgan voqea-hodisalar hikoya qilinadi. Kalvak maxzum — taraqqiyot dushmani. Har qanday ijobiy o‘zgarishlarga qarshi bir odam. Uni jamiyat allaqachon chiqindi sifatida uloqtirib tashlagan. U shu darajada mutaassibki, ruhoniy bilimlarni ham yolchitib o‘rgangan emas. U shu darajada taraqqiyotdan orqada qolib ketganki, sho‘rolar maktabida o‘qiyotgan yosh qizchalarning maktabga ochiq borishi-yu ularning kiyinishi unga buzuqlik, g‘ayri shar’iy ko‘rinadi. U o‘z so‘zlari, savollari bilan o‘z ruhiy olamini ham namoyish qiladi. Bu olam g‘oyat kir va qop-qora zimistondan iborat. Bu uning qiroatxonada o‘zini tutishida, 12—13 yoshli o‘quvchi qizchaga bergan savollarida, umuman fikrlashida ko‘zga yaqqol tashlanadi.

A. Qodiriy Kalvak maxzum obrazini yaratishda uning butun dunyoga buzuq niyat bilan boquvchi qorayurak bir kishi ekanligidan kelib chiqqan holda so‘zlar, iboralar tanlaydi, ya’ni xarak-terini nutqi vositasida gavdalantiradi. Uning qiroatxonadagi holatini yozuvchi shunday ifodalaydi:

« — Mullo Mahkam qori shu yerdamilar?

Yigit borliq ishorasini berib, faqirni ilgariga boshladi. Bordim, nima ko‘ray, burchakda ajab bir nozanin qiz. Kursi berdi, o‘ltirib fotiha o‘qudim, bildimki, bu nozanin boybachchaning o‘ynashi erkan. Ikki oshiq xilvat qilg‘on fursatda kamina kirib qolg‘on erkanman. Ba’dazon Mullo Mahkam qorini so‘radim… Boybachcha tabassum qilib: «Faqir Mahkam qori bo‘laman», — dedi. Bu yigitning boadab bo‘lg‘onidan ham durust odam, deb o‘ylag‘on edim. Ammo o‘ynash qilishi bo‘lsa o‘ziga, chunki echki ham o‘z oyog‘idan, qo‘y ham o‘z oyog‘idan osilodir. Ba’dazon Mushafi Usmoniyni so‘radim. Bizda yo‘q, deb javob berdi. Mushafi Usmoniy mahkamai shar’iya deganning qo‘lida erkan, po‘lod sandiqqa solub saqlar ekanlar».

Yozuvchining ulkan mahorati shundaki, u sho‘rolar davrida xalqni diniy qadriyatlardan butunlay mahrum etish jarayoni kechayotganligini ro‘yirost qalamga oladi. Maxzumning qiroatxonadagi savol-javoblariga e’tibor bering: u «Mushafi Usmoniy»ni so‘raydi — «yo‘q». «Sharhi viqoya», «Sharhi Mullo Jomiy», «Maslaki muttaqiyn», «Daloyili xayrot», «Kimyoyi saodat» kabi kitoblarni so‘raydi. Faqat «yo‘q» javobini oladi. Bunday diniy qadriyatlarga oid kitoblar xalqko‘zidan ancha uzoqlashtirilgan, xalqdinsizlik, imonsizlik balosiga mubtalo bo‘lmoqda edi. Hatto, vafot etgan «ulug‘lar»ga janoza o‘rniga marhumni ichkilikbozlik bilan ko‘mishdek o‘ta xunuk hollar yuz bermoqda edi. Muallif bunga, tabiiyki, taassuf bildiradi (albatta, Maxzum qarashlari orqali). Mansabdorlardan biri vafot etadi. Sho‘rolar taomiliga binoan mansabdorga janoza o‘qish mumkin emas. Ammo: «…ul odam arz qildi, marhum o‘zi o‘shal (nauzanbilloh) haqdin tong‘anlardan erdi, ammo botinda dini islomni do‘st tutub, kabzi ruh asnosinda vasiyat qilibdurlarkim, «agarchandki maxfiy bo‘lsa ham faqirni janoza birlan dafn qilingiz», deb… Azbaroyi adovati vajhidin o‘shal mahallaning imomi ham xabar berilmag‘on ekan, tokim o‘zga ulug‘larning qulog‘iga bu ma’nidin chizi xabar yetmasin, deb… Marhumning aka-ukalarining jabhasidin ulug‘lik va yana istarshin desatnaylik huvaydo erdi. Erta birlan o‘shal mansabdor partiynaylar tushub, munzakon birlan zakunska qilib, marhumni ko‘mar ekanlar».

Bu urinda tanqid tig‘i Kalvakka emas, sho‘rolar davlati tomonidan millatning o‘zligini yo‘qotishga olib keluvchi «ulug‘ og‘alar» urf-odatlarining (hozircha norasmiy, albatta) joriy qilinishiga qaratilganini sezish qiyin emas. E’tibor bering, bunday mash’um voqealar uzoq vaqt — sho‘rolar saltanati barham topguncha davom etdi.

Abdulla Qodiriy Oktyabr to‘ntarishining dastlabki yillaridanoq «O‘tgan kunlar» tarixiy romani ustida ishlay boshlaydi. Romandan parchalar dastlab 1922 yilda «Inqilob» jur-nalida bosildi, 1925 yilda alohida-alohida bo‘limlar va 1926 yilda butun bir kitob holida bosmadan chiqdi. Bunday ulkan, shu bilan birga, «Evropa adabiyoti gazi bilan o‘lchaganda ham barkamol asar» (Abdulla Qahhor) yaratishga Abdulla Qodiriy qay darajada tayyor edi? Avvalambor, yozuvchi madrasada o‘qib yurgan vaqtlarida o‘zbek mumtoz adabiyotini, arab, fors, turk, tatar tillari bilan bir qatorda Sharq tarixini, ma’naviyatini chuqur o‘rgangan. Turkiya, Qrim, Ufada chiqib turgan gazeta va jurnallar bilan muntazam tanishib borgan, turk yozuvchilarining tarixiy mavzudagi drama va romanlarini mutolaa qilgan. Husayn Jovid asarlaridan qattiq ta’sirlangan. Darvoqe, Husayn Jovidning bir to‘plami «O‘tgan kunlar» deb nomlangan. Arab nosiri, 22 tarixiy roman muallifi Jirji Zaydon (1861-1914)ni Qodiriyning o‘zi uni roman yozishga rag‘batlantirgan ustoz sifatida ta’riflaydi. Avvalo yozuvchi ijodiga o‘zbek mumtoz adabiyoti, keyin Jirji Zaydon asarlari va u orqali buyuk ingliz yozuvchisi Valter Skott ijodi kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda nemis adabiyotshunos-olimasi P. Kirxnerning quyidagi so‘zlari e’tiborga loyiq: «Qodiriy tarixiy materialni berishda hikoya qilishning sharqona usuli bilan Valter Skott maktabi uslubini san’atkorona omuxta qilgan. Roman bu taxlit asarlardan turmushni haqqoniy tasvirlash bilan, bo‘yoqlar rang-barangligi, psixologik xarakteristikaning nozikligi, til ohangdorligi, ifodaviy-tasviriy vositalarning xilma-xilligi bilan farqlanadi».

Yana shuni ta’kidlash kerak: Abdulla Qodiriy ijodiga XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Jazoirda yashab ijod etgan, arablar hayotidan o‘nga yaqin roman yaratgan frantsuz adibi Ferdinand Dyushen asarlarining ta’siri sezilarli bo‘lgan. F. Dyushenning «Tamilla», «Qamar» kabi sentimental romanlari 1920 yillarda Zarif Bashiriy, A. Qodiriy, Cho‘lponlarning sa’y-harakatlari bilan o‘zbek tiliga tarjima qilindi va bu asarlar xalq o‘rtasida katta shuhrat qozondi.

Abdulla Qodiriyning yozuvchi sifatidagi kamolotida rus tilini ancha mukammal bilishi ham muhim omil bo‘ldi. U 1910 yillarda rus-tuzem maktabida, so‘ng Rasulmuhammadboy qo‘lida ish yurituvchi bo‘lib ishlab yurgan vaqtlarida rus tilini yaxshigina o‘rgangan, rus adabiyotini muntazam mutolaa qilgan. Rus tilini yaxshi biluvchi «Taraqqiy», «Sadoyi Turkiston» gazetalarining tashkilotchi va muharrirlari Ismoil Obidiy va Ubaydulla Xo‘ja-evlar bilan yoshligidan yaxshi aloqada bo‘lgan. Yozuvchining o‘g‘li Habibullo Qodiriyning ta’riflashicha: «Qodiriy rus asarlarini o‘z ona tilidagi kabi tez o‘qir, katta-katta kitoblarni ikki-uch kunda o‘qib tushiraverar, imlo-insholari ham yaxshi edi»1.

A. Qodiriy L. Tolstoy, Chexov, Turgenev kabi mashhur yozuvchilarning asarlari bilan nafaqat tanish, balki ular haqida te-ran mushohadaga ega bo‘lgan. Bemalol aytish mumkinki, Qodiriy 1910 yillarning oxirida ulkan asar yaratish uchun ma’naviy tayyor edi.

A. Qodiriy «O‘tgan kunlar» romanini milliy uyg‘onish harakati siyosiy kurashlar bosqichiga ko‘tarilgan davrda yozishga kirishdi. Bu hol romandagi ijtimoiy-siyosiy voqealarga munosabatda ham ko‘zga tashlanadi. Darhakiqat, u 1910 yillarda jadidchilikning faollaridan, bir qator safdoshlari singari istibdod, jaholat ildizlarini topish, xalqni taraqqiy etgan millatlar qatoriga olib chiqish haqida o‘ylardi. Fevral va Oktyabr o‘zgarishlari unga quvonch bag‘ishladi. Chunki Romanovlar taxtining qulashi istiqlol fidoyilari uchun 50 yillik mustamlaka iskanjasidan qutulish haqidagi orzulariga qanot bog‘laganday bo‘ldi. Ammo Oktyabr to‘ntarishining dastlabki oylaridayoq «imonlariga o‘rab saqlagan» (A. Fitrat) birinchi o‘zbek milliy hukumati — Turkiston Muxtoriyatining bolsheviklar tomonidan yanchib tashlanishi, mustamlaka zanjirlarining yanada qattiqroq tortilishi natijasida Qodiriy ishonchlariga darz ketdi. Farg‘ona vodiysidagi o‘nlab qishloqlar kulining ko‘kka sovurilishi, o‘n minglab begunoh kishilarning qirib tashlanishi, buning ustiga ocharchilikning avjga chiqishi A. Qodiriyni ham qattiq iztirobga soldi. Yangi tuzilgan sho‘rolar hukumati otani o‘g‘ilga, akani ukaga dushman qilga-nini, birodarkushlik urushi avjga chiqayotganini ko‘rdi. Bu tarixiy sharoit asar pafosini belgilashda muhim ahamiyatga ega. «O‘tgan kunlar» romani xotimasidagi muallifning quyidagi so‘zlariga e’tibor bering: «Yozg‘uchidan. Keyingi Marg‘ilon borishimda yakin o‘rtoqlardan Yodgorbek to‘g‘risini surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu asrning o‘n to‘qquz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki o‘g‘ul qolibdur. O‘g‘ullaridan bittasi bu kunda Marg‘ilonning mas’ul ishchilaridan bo‘lib, ikkinchisi Farg‘ona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, o‘luktirigi ma’lum emas, deydilar».

Mana, Yusufbek hoji va Mirzakarim qutidor avlodining taqdiri, Otabekdek zukko va Kumushbibidek nazokatli insonlarning farzandi va nabiralarining sho‘rolar davridagi qis-mati.

Bir so‘z bilan aytganda, 1917—1918 yillar yozuvchi uchun quvonch, shu bilan birga, alam-iztiroblarga to‘la yillar bo‘ldi. Bu hol romanda aks sado bermasligi mumkin emas edi.

Yozuvchi asariga so‘nggi «xon zamonlari»ni — XIX asr o‘rtalarini, yanada aniqrog‘i 14 yoshli Xudoyorning birinchi bor taxtga o‘tirishi davrini mavzu qilib belgiladi (Xudoyor ibn Sheralixon 1845 yilda birinchi bor taxtga o‘tirib, 1875 yilga qadar xonlik martabasiga uch marta kelib ketgan – U. D.). Bu voqea bilan bog‘liq Buxoro amirligi va Qo‘qon xonligi o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlar, ichki nizolar, urug‘lar o‘rtasidagi qirg‘in-barot urushlar va bularga Yusufbek hoji, Otabek kabi badiiy timsollarning, Xudoyorxon, Musulmonqul, Azizbek, Normuhammad kabi tarixiy shaxslarning munosabatlari asarda o‘z ifodasini topgan. Ikkinchi tomondan, yanada dahshatliroq, yanada makkorroq kuch — rus istibdodi o‘lkani ajdahoday o‘z komiga tortmoqda edi. Roman «1264-nchi hijriya, dalv oyining 17-nchisi, qishqi kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir…» degan jumla bilan boshlanadi. E’tibor bering, yozuvchi «shom azoni»dan keyin xalqimiz boshiga tushadigan eng uzun, eng sovuq, eng qorong‘i tunlar haqida ogohlantirayotgandek. Yozuvchi romandagi voqealar bilan asar yozilayotgan davrdagi siyosiy vo-qealarda hamohanglikni ko‘radi.

XIX asr o‘rtalaridagi parokandalik, XVI asrdan boshlab o‘lkaning jahon taraqqiyotidan butunlay uzilib qolganligi natijasi o‘laroq Turkiston xalqi millat sifatida shakllanmadi, davlat tepasida o‘tirib olgan noshud, nodon, johil «rahbarlar» qo‘lida qo‘g‘irchoqqa aylanib qoldi, bunday olomonni xohlagan ko‘yga solish mumkin. Kecha, Toshkent qamali arafasida Azizbek (Aziz bachcha) uchun Qo‘qon xonligi lashkarlariga qarshi so‘nggi tomchi qoni qolguncha kurashishga ont ichgan toshkentlik olomon bugun Azizbekni «oradan ko‘tarish»ga bel bog‘laydi. Oxir-oqibat bunday parokandalik, urug‘chilik va keyin bunga qo‘shilgan mahalliychilik «Temur Ko‘ragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug‘bek va Ibn Sino kabi olimlarning» vatani Turkistonni istibdod, asorat va qullik botqog‘iga olib keldi. Yusufbek hojining katta mashvaratda Muham-mad Rajabbek qo‘rboshi, Muhammadniyoz qushbegi, Qosim mingboshi, Qambar sharbatdor, Karimqul ponsad kabi Toshkentning ashraf va a’yonlariga qarata aytgan so‘zlariga e’tibor bering: «Birodarlar! O‘rus o‘z ichimizdan chiqadirg‘an fitna-fasodni ku-tib, darvozamiz tegida qo‘r to‘kib yotibdir. Shunday mahshar kabi bir kunda biz chin yovg‘a beradirgan kuchimizni o‘z qo‘limiz bilan o‘ldirsak, sen falon deb qirilishsak, holimiz nima bo‘ladir. Bu to‘g‘risida ham fikr qilg‘uchimiz bormi? Kunimizning kofir qo‘lig‘a qolishi to‘g‘risida ham o‘ylaymizmi yoki bunga qarshi hozirlik ko‘rib qo‘yg‘anmizmi?! Siz o‘z qipchog‘ingiz uchun qabr qazig‘an fursatda, sizga ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich ko‘targanda, o‘rus bizga to‘p o‘qlaydir. Siz dunyoda o‘zingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni ko‘rasiz, men boshqa yovni har za-mon o‘z yaqinimg‘a yetkan ko‘raman!.. Bu fikringizdan qayting, birodarlar!»

Asarning bosh qahramoni Yusufbek hoji Vatan, xalq manfa-ati, uning istiqboli uchun qayg‘uradi, hatto o‘z jonini tahlikaga qo‘yib bo‘lsa ham o‘zaro nizolar, mansab, shaxsiy manfaatlar uchun bo‘layotgan qonli to‘qnashuvlarning oldini olishda jonbozlik ko‘rsatadi. Romanda u kelajakni chuqur idrok qiluvchi, xalqni buyuk maqsadlar sari yetaklovchi siyosiy arbob sifatida namo-yon bo‘ladi. Muallif asarni yaratish jarayonida Muhammad Solih Qorining «Tarixi jadidi Toshkand», Mirza Olim Mushrifning «Ansobus-salotin va tavorixul-xavoqin» («Qo‘qon xonligi tarixi»), Ishoqxon Ibratning «Tarixi Farg‘ona», Mulla Olim Mahdum Hojining «Turkiston tarixi» asarlarini chuqur o‘rganganligi va ulardan istifoda qilganligi ko‘zga tashlanadi. Bu solnomalar A. Qodiriyning har ikki romani uchun tarixiy manba vazifasini o‘tagan.

Yusufbek hojining yuqoridagi so‘zlariga quloq tutarkanmiz, romandagi voqealardan oldinroq xalqimiz tarixida yuz bergan mash’um voqea — Buxoro amiri Nasrulloning 1842 yilda Qo‘qon xonligini bosib olishi va qatliom vujudga keltirishi, Nodi-radek ulug‘ shoira, mutafakkirlarni qatl qilishi voqealari ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Ushbu voqeaning oldini olish uchun Amir Nasrulloning Abdusamad noib degan bir donishmand vaziri amirga murojaat qiladi: «Janobi oliylarig‘a maloli xotir bo‘lmasa, bir kalima so‘z aytsam», deganida, amir: «Nima so‘zdur?» – degan ekan. Aytubdurki: «Holo Xo‘qand zabt o‘ldi, Farg‘ona kat-ta mamlakatdur, qancha askar va sipohu xazina sarf o‘lub olindi. Bul holda Rusiyani(ng) kelmagi mahalliy xavfdur, agarda xonni ont aqd berub (ont ichdirib — U. D.), tavba qildurub, Xo‘qandga qo‘yub, Buxorog‘a tobe’ qilub, bir mulk bizlarg‘a kelgan dushmanlarg‘a bir qalqon bo‘lur erdi», — deganida, so‘zi amirg‘a ma’qul bo‘lmay, og‘ziga kafsh bilan urdurgon ekan».

Demak, xalqimiz tarixida rus istilosi xavfini ancha oldindan ko‘ra olgan va hukmdorlarni bunday xavfdan ogoh qilishni o‘zlarining muqaddas burchi deb bilgan Yusufbek hoji, Abdu-samad noib kabi siymolar bo‘lgan. Ammo, afsus bilan aytish ke-rakki, amir Nasrullo kabi besh kunlik nash’u namosi uchun yurtni parokanda, xalkni xonavayron qilishdan toymaydigan pod-shoxlarimiz ham bo‘lgan. «Amir Umarxon kanizi» nomli roman yozishga taraddudlangan yozuvchi Abdulla Qodiriy, albatta, Qo‘qon tarixiga oid ko‘plab qo‘lyozma va bosma manbalar qatori yuqorida tilga olingan mo‘tabar asarlardan xabardor bo‘lganiga shubhalanmasa ham bo‘ladi.

Xalq «O‘tgan kunlar»ni katta mamnuniyat va samimiyat bilan kutib oldi, qisqa muddatda butun O‘rta Osiyo xalqlarining se-vimli asariga aylanib ketdi. Hatto o‘sha kezlarda butun romanni yod bilganlar bo‘lgan. Afsuski, mavjud sho‘rolar hukumati, kom-munistik mafkura uni noxush qabul qildi. Asar yaratila boshlagan davr bilan uning dunyo yuzini ko‘rishi, ya’ni 1926 yil orasida sho‘ro mafkurasida katta o‘zgarishlar sodir bo‘lgan edi. Yurt istiqloli g‘oyasi yangi mustabid hokimiyat andazalariga butunlay zid kelib, chor Rusiyasining mustamlakachilik siyosati haqida fikr aytish xavfli bo‘lib qoldi.

«O‘tgan kunlar» romani haqida birinchi tanqidiy maqolani rus yozuvchisi Mixail Sheverdin yozib, «Birinchi o‘zbek romani» nomi bilan «Za partiyu» jurnalining 1928 yil 3-sonida chiqargan va romanni «zararli» asar sifatida baholagan edi. Ushbu maqola roman va muallifiga ko‘plab asossiz ayblar qo‘yishga za-min yaratgan. Albatta, Ilminskiy, Ostroumov kabi missionerlarning vorisi bo‘lmish M. Sheverdinga rus boskiniga qarshi Yusufbek hoji tilidan yonib aytilgan so‘zlar yoqib tushmagan bo‘lishi tabiiy.

Abdulla Qodiriy roman boshida ta’kidlaganidek, asarning markazida o‘tmishda yaratilgan «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Tohir va Zuhra» dostonlarida kuylangani kabi Otabek va Kumushbibi o‘rtasidagi abadiy yoniq muhabbat turadi. Shuning uchun ham muallif asar boshidayoq o‘ktam yigit Otabekning xarakterini, ichki va tashqi dunyosini ochishga alohida e’tibor beradi. Yozuvchi dastlab Otabek bilan kitobxonni Marg‘ilonda yosh savdogar Rahmat va uning tog‘asi Homid bilan bo‘lgan karvonsa-royda, keyin Ziyo shohichi hamda Mirzakarim qutidor kabi Marg‘ilonning dongdor boylari uyida bo‘lgan suhbatlarda tanishtiradi. Ularda Otabek sajiyasiga xos chizgilar beriladi. Dastlab Rahmat va Homid bilan bo‘lgan suhbatda uning asosan oila, muhabbat, uylanish masalalariga bo‘lgan munosabati ancha asosli ochilgan bo‘lsa, Marg‘ilonning katta boylari, savdogarlari bilan suhbatda esa xonlik tuzumining yaroqsizligi, uni tubdan isloh qilish kerakligi, xon va beklarning davlat boshqarishga qodir emasliklari haqidagi siyosiy qarashlari ifodalanadi. Otabeqda bunday fikrlar birdan paydo bo‘lgan emas. U o‘z zamondoshlariga nisbatan ancha dunyo ko‘rgan, xususan ruslarning davlat tizimini, madaniyatini birmuncha ko‘rgan va o‘zimizdagi ahvol bilan solishtirgan, hatto ulardan o‘rnak oladigan jihatlari haqida ma’lum fikrga ham kelgan: «Shamayga bormasimdan ilgari o‘z hukumatdorlig‘imizni ko‘rib, boshqalar ham shundaydir, deb o‘ylar edim, lekin Shamay manim bu fikrimni ost-ust qilib, o‘zimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men o‘risning idora ishlarini ko‘rib, o‘z idoramizning xuddi bir o‘yinchoq bo‘lg‘anli-g‘ini iqror etishga majbur bo‘ldim. Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa, holimizning nima bo‘lishiga aqlim yetmay qoldi. Shamayda ekanman, qanotim bo‘lsa, vatanimga uchsam, to‘gsha-to‘g‘ri xon o‘rdasiga tushsam-da, o‘risning hukumat qonunlarini birmabir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorlig‘ yozib o‘risning idora tartibini dasturul-amal etishka buyursa, men ham bir oy ichida o‘z elimni o‘risniki bilan bir qatorda ko‘rsam… Ammo o‘z elimga qaytib ko‘rdimki, Shamayda o‘ylagonlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish. Bu yerda so‘zimni eshitkuchi birov ham bo‘lmadi, bo‘lsalar ham: «Sening orzungni shu xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?» — deb meni ma’yus qildilar. Ilgariroq men ularning gapiga bovar qilmay yursam ham so‘ng‘idan to‘g‘ri so‘zni aytkanlarini bildim. Darhaqiqat, mozoristonda «hayyya alal-falah» xi-tobini kim eshitar edi».

Otabek — sevgi borasida ham olijanob inson. Otabek bilan Kumush favqulodda bir-birlarini ko‘rib qoladilar, bu ko‘rish bir necha soniya davom etadi, ular bir-birlarini bilmaydilar ham. Bu ko‘rish bir umrli muhabbatga debocha bo‘ladi. Otabek haqiqiy baxtga erishdi, o‘zini eng baxtiyor kishilardan hisobladi, hatto shu baxt tufayli uch marta o‘limga tik qaradi, o‘limdan g‘olib keldi. Homidning qabih ig‘volari-yu Musulmonqulning mudhish changali ham Otabek va Kumushlar muhabbatini mahv qila olmadi. Mana shu vaziyatda romanga yangi tugun, yangi ziddiyat kelib qo‘shiladi. Bu ziddiyat baxtli bir oilani tag-tugi bilan barbod etadi. Bu — ota-ona orzusi. Bu ziddiyat asosan O‘zbek oyim xarak-teri bilan bog‘lanadi. Yozuvchi, ayniqsa, shu timsolni yaratishda ulkan mahorat namunasini ko‘rsatdi. Oybek ham «Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li» asarida O‘zbek oyim obrazini «eng jonli va realistik chizikdar bilan ko‘rsatilgan shaxs» deb baholagan edi.

Badiiy adabiyotda ishontirish san’ati degan katga muammo bor. Asar qahramonlari shunday harakat qilsinlarki, boshqacha hara-kat qilmasligiga kitobxon to‘la ishonsin. Bu – juda murakkab muammo. O‘zbek oyim nihoyatda zukko, shu bilan birga, katta siyosiy ishlarning tepasida turgan Yusufbek hojini ham, o‘z davrining ilg‘or fikrli yigitlaridan, aql-idrokli, oilada qo‘sh xotinlikka keskin qarshi turgan Otabek (Rahmat, Homid va Otabeklar o‘rtasidagi suhbatni eslang)ni ham o‘z izmiga soladi. Bunga ishontirish yozuvchidan katta mahoratni talab qiladi. Buning asosiy boisini ijodkorning xalq ruhiyatini, urf-odatlarini -mentalitetini nihoyatda yuksak darajada bilishi va qadrlashidan qidirish kerak. O‘zbek oyim – o‘zbek ayoli, ayol bo‘lganda ham Toshkentning man-man degan ayollari uning soyasiga ko‘rpacha yozadi. Otabek ota-onasining roziligisiz uylanadi, yana kimga, «bir andi»ga (O‘zbek oyim so‘zi). Bu ularning, ayniqsa, onasining orzu-havasini chilparchin qildi, ta’bir joiz bo‘lsa, bu ularning yuzini yerga qaratish bilan barobar edi. O‘zbek oyim o‘g‘liga nisbatan «to‘nini teskari kiyib oldi», hatto Marg‘ilondan kelgan o‘g‘li bilan ko‘rishmaydi, bir necha bor kelib-ketishiga e’tibor ham bermaydi, eri Yusufbek hojiga dashnom so‘zlarini yog‘diradi: «O‘g‘ul o‘sdi-rishni, o‘g‘ul tiyishni bilmadingiz… endi ixtiyor menda: ul kel-guncha, bir yaxshi joyga unashayin-da, kelgandan so‘ng to‘yni ham jo‘natib yuborayliq!» Shunday qildi ham. Yusufbek hoji ikki o‘t orasida qoldi. O‘g‘li har jihatdan haq. Yusufbeqdek odam qo‘shxo-tinlik odatining salbiy oqibatlarini juda yaxshi biladi. Har ota-ona o‘z farzandining bir suyukli xotin bilan baxtli-saodatli qo‘sha qarishini orzu qiladi. Hoji xotinining ra’yiga qarshi borolmaydi, na qilsinki, ona ham orzu-havaslarining ushalishini istaydi. Ammo Yusufbek hoji xotinining bu ishlariga bu-tunlay qarshi, Olim ponsad bilan unashib kelganda, Hoji «labini tishlab qoladi» va «Sanga sira aql bitmay ketar ekan-da», deydi. Endi faqat bir yo‘l qoldi: Otabekni ko‘ndirish, bundan ham nozik masala – bu qarorni qudalarga yetkazish.

Ota va o‘g‘il munosabatlari hamma vaqt, hamma xalqlar adabi-yotida asosiy masalalardan hisoblanib kelgan. Yusufbek hoji keng ko‘lamli siyosiy arbob, oddiy oilaviy munosabatlarda, ota va o‘g‘il muomalalarida ham teran fikr yurituvchi dono oila bosh-lig‘i sifatida gavdalanadi. Shu ma’noda yozuvchi Yusufbek hojiga Otabeqdan ko‘ra ko‘proq mas’uliyatni yuklaydi, to‘g‘rirog‘i, u asarning bosh qahramoni maqomida turadi. Bu hol otaning o‘g‘il bilan bo‘lgan muloqotlarida ko‘zga yaqqol tashlanadi.

Asarda ota va o‘g‘il munosabatlari, muomalalari shu darajada nazokatliki, hozirda ham ota va voyaga yetgan o‘g‘il havas qilsa, ibrat olsa arziydi. Hatto Yusufbek hojiday teran fikrli, o‘ta mulohazali ota ham o‘g‘lining chuqur mantiqli, shu bilan birga, nihoyatda beozor aytilgan javobidan o‘ylanib qoladi, birmuncha vaqt gap topolmay yerga qaraydi, na qilsinki, Otabek haq edi. Otabek javoblarida yengiltaklik, lov etib yonish, biror o‘rinda axloq doirasidan chiqishlar yo‘q:

« – O‘g‘lim, hali sen eshitdingmi, yo‘qmi, haytovur biz saning ustingdan bir ish qilib qo‘ydiq…

Otabek, ma’lumki, ularning «qilib qo‘yg‘an yoki qilmoqchi bo‘lg‘an ishlarini» albatta bilar edi. Shundog‘ bo‘lsa ham, bilmaganga solindi:

– Aqllik kishilarning o‘g‘ullari ustidan qilg‘on ishlari al-batta noma’qul bo‘lmas, – dedi.

Hoji o‘g‘lining bu javobidan yerga qaradi va nima deb davom qilishni bilmay qoldi. Istehzo aralash xotiniga qarab oldi…»

Yusufbek hoji hayotning past-balandini yaxshi biladigan donishmand, o‘z o‘g‘liga ta’sir ko‘rsata oladigan mehribon ota sifa-tida ham gavdalanadi.

Shu o‘rinda Yusufbek hojining yana bir ulug‘ fazilati namoyon bo‘ladi, uning Otabekka nasihat yuzasidan aytgan so‘zlari shunchalar kuchli mantiqqa asoslanganki, Otabek o‘yga toladi: «O‘g‘lim, san onangning gagshga achchig‘lanma. U har narsa desa, faqat Mar-g‘ilondan uylanganingga qarshilig‘idan aytadir. Ammo mendan so‘rasang, Marg‘ilondag‘i na qudamiz va na kelinimizni hech bir vajh bilan kamsita olmayman, balki bizga quda bo‘lmoqqa eng muvofiq kishilar edi, balli o‘g‘lim, deyman. Saning tinib-tinchishing, o‘sib-unishing uchun quvonmag‘an ota-ona sog‘qa hisoblanmaydir. San bunga yaxshi ishon. Ammo bizning hozirgi ba’zi bir ra’ylarimiz sanga yotishib kelmas ekan, bunga haqqing ham bor, lekin ikkinchi tarafdan bizni ham haqsiz tashlab qo‘yma. O‘g‘lim, bizning sandan boshqa umid nishonimiz, hayot quvonchimiz yo‘q. Dunyoda ko‘rub o‘taturg‘an barcha orzumiz, havasimiz faqat sangagina qarab qolg‘on. Biz Xudoyi taolog‘a minglab shukur aytamizkim, san boshqalarning farzandidek eslik-hushlik bo‘lding; kishilardek san bilan iftixor qilolmasak-da, san orqalik xijolat chekmasimizga ishondik. Ayniqsa, onangning saning tufayli kechiraturgan umidlari tobora ortib bordi. Bu kun onang saning oldingg‘a tiz cho‘kib va onang ko‘ngli uchun men ham orag‘a tushib sandan so‘raymiz: san o‘z xohishing yo‘lida uylangan ekansan, rafiqang sanga muborak bo‘lsin. Eslilik da’vosida yurgan ota-onang tilagi albatta shundan boshqa bo‘lmas. Shu bilan birga, saning sababi vujuding bo‘lg‘an bir kishi o‘z hayoti ichida bolasi orqali bir orzu-havas kechirmakchi… Uning bu orzusiga haq berasanmi, yo‘qmi yana ixtiyor o‘zingda…»

«O‘tgan kunlar» romanining kitobxonlar e’tiborini rom qilgan yana bir fazilati shundaki, asarning har sahifasida, qahramonlar harakatida, nutqida milliy ruh ufurib turadi, unda zo‘ra-kilik, yasamalik umuman yo‘q. «Qudalarni kutib olish» faslini ko‘ring. O‘zbek oyimning Marg‘ilondagi kelini kelishi munosa-bati bilan qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ ayollar yig‘ilgan, hammayoq yog‘ tomsa yalagudek tozalangan, qudalarning ziyofati uchun kerak bo‘lgan hamma narsalar muhayyo, ularning oyog‘iga so‘yish uchun kat-ta g‘o‘non qo‘y ham tayyor, o‘zbekning «Qudachilik — ming yilchilik» taomilicha hamma gina-kudurat o‘rnini mehr-oqibat egallagan. O‘zbek oyimning yaqinlari o‘n chog‘lik xotin «sovutmachoq dasturxon» atrofida o‘tirishibdi. Qudalar bilan tanishtirishda ham biror sun’iylik ko‘rinmaydi. Qayinota Yusufbek hojining ke-lini Kumushbibi bilan birinchi bor ko‘rishishiga e’tibor bering: «Kumush uyalib zo‘rg‘agina salom berdi va Yusufbek hojining yaqiniga kelib bo‘yin egdi. Hoji qo‘li bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayig‘a tekizib olgan o‘z qo‘lini o‘pdi». Asosiy mehmonlar kelguncha yaqin ayollarning odatda kichikroq muvaqqat dasturxon – «sovutmachoq dasturxon» atrofida o‘tirishi, otalarning bo‘yi yetgan qizlari yoki kelinlari peshonasiga tekizgan o‘z qo‘llarini o‘pishi – bu hammasi o‘zbeklar hayotigagina xos nihoyatda nafis odatlardir.

Mana shu o‘rinda yozuvchi Zaynab portretini chizishga, Kumush bilan Zaynab munosabatlariga, ularning bir-birlarini zimdan ta’qib qilishlariga, hatto mayda detallarigacha e’tibor beradi: «Zaynab zimdan Kumushni chaqib oldi. Kumush loy kabi bo‘shashib, Oftob oyim ham og‘ir tortdi. Zaynabning qarindoshlari kulgansimon bir-birlariga qarashib oldilar. O‘zbek oyim oradan o‘tgan sirni payqadi». Yozuvchi bu bilan kitobxonni kundoshlar o‘rtasida bo‘lajak katta ziddiyatlarga tayyorlayotgandek bo‘ladi.

O‘zbek oyim ham Yusufbek hoji va Otabeklarday zaki insonlarni yetishtirgan muhitning vakili. U eri va farzandi qalbini larzaga solayotgan andishalarni, o‘ta xatarli natijalarni vujudga keltirishi mumkin bo‘lgan bu xatti-harakatlarni id-rok qilishdan o‘ta yiroq. Kecha Zaynab atrofida girdikapalak bo‘lgan O‘zbek oyim bugun uning butunlay aksi, xuddi Kumush uni sehrlab qo‘yganday. Shu o‘rinda ham Zaynab ruhiyatini chuqur his qiluvchi Yusufbek hoji O‘zbek oyimni achchiq kinoyalar bilan to‘g‘ri yo‘lga soladi: «Siz ikki kelin ushlashni bilmabsiz, Zaynabka jabr qilg‘an ko‘rinasiz, ayniqsa Zaynabning ko‘ngliga qarashingiz kerak, Otabekka ham nasihatingiz lozim!.. Qayin-ona deganning adl turishi lozim. Zaynab siz bilan manim orzu-havasimiz emasmidi?» Bu so‘zlar – er tomonidan xo‘rlangan ke-lin dardlarini teran his qiluvchi inson so‘zlari. Darhaqiqat, Zaynab — o‘ta fojeiy obraz. Ehtimol, o‘zbek adabiyoti tarixida bunchalar og‘ir qismatli obraz bo‘lmasa kerak. Kumush sevdi, se-vildi, seviklisiga erishdi, hijron dardlariyu visol nashidasini surdi, hatto sevgilisidan farzand ham ko‘rdi. Zaynab dunyoga kelib nima ko‘rdi? U sevdi, ammo sevilmadi. Xalqimizda bir dono hikmat bor: «Er xo‘rladi – el xo‘rladi». U eridan xo‘rlik ko‘rdi, qaynona orzu-havasi bo‘la turib, undan ham xo‘rlik ko‘rdi. Axir, Zaynab ham baxtli bo‘lishga haqqi bor edi-ku! Yozuvchi hamma vaqt qahramonlarga nisbatan o‘z munosabatini sir saqlaydi, ammo Zaynabning oxirgi dard so‘zlarini yozganda, chiday olmaydi, faryod chekadi, uning dardlariga hamdardligini yashira olmaydi: «Menga sizning mizojingiz kerak emas… O‘zingiz!.. — dedi va yig‘lab yolborg‘an holda Otabekning quchog‘iga o‘zini tashladi. Otabek Zaynabning shu qadar yurak dardi borligini birinchi martaba bilar edi. Bechora Zaynab jonsiz haykalni o‘pib quchoqlar va yolborar edi».

Bechora Zaynab bu foniy dunyoning so‘nggi ne’mati o‘limdan ham mahrum edi: fojianing dahshatidan jinni bo‘lib qoldi. Ammo shunda ham Otabekka bo‘lgan muhabbat uni tark etmadi. U yillar davomida majnuna holda Xudo bergan kechasi Otabekni qabristonda ilhaq bo‘lib kutadi. Axir, Otabek bir kunmas bir kun Kumush qabrini ziyorat qilish uchun keladi-ku! Mana, ular yana uchrashdilar:

«Kecha oydin, qabriston tib-tinch, uzog‘roqdan Qur’on tovushi eshitilar edi… Qur’on oyatlari qabriston ichiga og‘ir ohangda oqar edi. Qabr yonig‘a tiz cho‘kkan yigitning ko‘z yoshlari ham Qur’on oyatlariga qo‘shilib oqar edi. Biror soatdan keyin tilo-vat to‘xtaldi. Otabek holsizlanib oyog‘ uzra turdi va orqasidag‘i yarim yalang‘och ko‘lagani ko‘rib bir necha qadam qabr tomonga tislandi… Ko‘laga yaling‘ansimon unga yaqin yurib keldi…

— Kim bu?

— Men Kumush!..

Otabek tovush egasini tanidi. Bu majnuna Zaynab edi.

— Ket mundan!

— Men Kumush! — dedi yana Zaynab, ammo ketmay iloji qolmadi. Zeroki, dunyodag‘i eng yaqin kishisi unga «ket!» amrini bergan edi. Zaynab orqasig‘a qaray-qaray Otabekdan uzoqlashdi. Otabek qaytib unga qaramadi, qabr yoniga tiz cho‘kdi…»

Bu so‘nggi uchrashuv edi… Darhaqiqat, Abdulla Qodiriy Zay-nab timsolini yaratishda buyuk mahorat ko‘rsatdi. Axir, Zaynab muallif va kitobxonning muhabbatini birday qozongan go‘zal Kumushni o‘ldirdi, shunday bo‘lsa-da, yozuvchi Zaynabga nisbatan qalban hamdardligini yashira olmaydi.

«O‘tgan kunlar» romanining pafosi ko‘proq Yusufbek hoji harakatlarida, so‘zlarida namoyon bo‘ladi. Yurt birligi, millat taqdiri va ozodligi «O‘tgan kunlar» romanini harakatga keltiruvchi pafosidir. Inqilob deb atalmish Oktyabr to‘ntarishi millatning istiqlol haqidagi intilishlarini yanchib tashlashga ki-rishdi. Turkiston Muxtoriyatining qonga botirilishi jadid mu-tafakkirlarini, shu jumladan, Abdulla Qodiriyni siyosiy voqealarga hushyor ko‘z bilan qarashga yana bir bor majbur etdi. Romanda XIX asr o‘rtalari rus bosqini arafasidagi parokandalikni qalamga olish bilan yozuvchi sovet hokimiyatining dastlabki yillaridayoq olib borilayotgan yanada dahshatliroq mustamlakachilik siyosati haqida ogohlantirayotgandek bo‘ladi. Bu holni Yusufbek hojining yurt mustaqilligi uchun yonib aytgan so‘zlarini amadda Otabek davom ettirib, Vatanni rus bosqinchilaridan himoya qshshb, janglarda qahramonlarcha shahid bo‘lishida yanada yaqqolroq ko‘rish mumkin.

«O‘tgan kunlar» romani 1956 yil yozuvchi Abdulla Qodiriy oqlangandan keyin ham bir necha bor nashr qilindi. Ammo ro-manning asl mohiyatini belgilovchi ba’zi boblar olib tashlandi yoki «qaychilandi». Chunki Rusiyaning bosqinchilik siyosati buyuk millat shovinizmi tazyiqi ostida oq va qizil imperiya davrida birday «buyuk progressiv», «madaniylashtiruvchi» voqea sifatida talqin qilib kelindi. Shuning uchun ham Rusiya bosqiniga ba-g‘ishlangan boblar sho‘rolar mafkurasiga butunlay zid edi. Faqat mustaqillikdan keyingina «O‘tgan kunlar» romani yozuvchi nazoratida chiqqan asl nusxa asosida nashr qilindi. «Mehrobdan chayon» Yozuvchi Abdulla Qodiriyning ikkinchi, «Mehrobdan chayon» romani 1928 yilda yozib tugatildi va 1929 yilda bosmadan chiqdi. Bu ikki buyuk romanning yaratilishidagi oraliq u darajada uzoq emas, bor-yo‘g‘i 6 yil. Ammo bu oraliq bir-biridan keskin farq qilar, «Mehrobdan chayon» yaratilayotgan davrda kommunistik partiyaviy yakkahokimlik hamma sohaga, shu jumladan, badiiy adabiyotga ham o‘z tazyiqini o‘tkazishga astoydil kirishgan edi. Buning ustiga 1926 yilda yozuvchi boshiga tushgan tashvishlar, jadidchilik harakati keskin qoralanib, Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li kabi uning rahbarlari va faollari ta’qib ostiga olinishi, «O‘tgan kunlar» romani ustidagi mashmashalar «Mehrobdan chayon» romaniga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasligi mumkin emas edi. Bu hol uning obrazlar tizimida ham ko‘zga tashlanadi.

Muallif bu roman uchun ham Qo‘qon xonligining Xudoyorxon hukmronligi davrini asos qilib oldi. Ammo Xudoyorxon hukmonligining bu davri — uning uchinchi marta taxtga kelishi davri oldingi hukmronlik davridan ancha farq qilar edi. Xudoyorxon ikki marta taxtdan olinib, uchinchi marta taxtga kelishi bilan ancha malaka orttirgan, «O‘ttan kunlar»dagi yosh bola Xudoyorxon emas edi. Ammo xonlikning katta hududi qo‘ddan ketgan, nihoyatda makkor va dahshatli Rusiya imperiyasi hukmi — farmonida so‘nggi yillarini boshdan kechirmoqda edi. Xudoyorxon bunday dahshatli dushmanga qarshi borolmas, borganda ham jangarilik bilan ish bitmas edi. Shuning uchun ham tadbirkorlik bilan taxtni boshqarish kerak edi. Shu munosabat bilan «zolim bo‘lsa ham ma’muriyatparvar ekan» degan nom olish uchun ariqlar qazish, madrasalar, bog‘lar, saroylar, rasta va dahmalar barpo qilishga alohida e’tibor berdi: «Xon ikki marta taxtdan haydalib, anchagina tajriba ortdirg‘an, uchunchi martaba taxtka o‘lturishi madaniyatlik o‘rus istibdodining Toshkandni olib, Xo‘jandga ham ko‘l uzatqan sanalarga to‘g‘ri kelgan edi. Bu kungi sharoit tajribalik xonni boshqacha siyosat ushlashka majbur etar edi. Nihoyatda qattig‘ qo‘lliq bo‘lishi, yuqori tabaqa hisoblang‘an ulamoni, ashrofni o‘ziga qaratish lozim va taxtiga ajdaho kabi og‘iz ochib kelmakda bo‘lg‘an o‘ruslarga qarshi o‘z madaniyatini qurub, javob berishi kerak edi… Yangi o‘rda bino qilishi o‘z kayfig‘a qaraganda ham o‘ruslarg‘a jonliliq ko‘rsatish, yaltirasin sha’nu shavkat bilan Farg‘onani o‘z qo‘lida saqlab qolish uchun edi».

«Mehrobdan chayon» romanining qahramonlari avvalgi roman qahramonlaridan ancha farq qiladi. Ikkinchi romanda yozuvchi xalq hayotining quyi va o‘rta tabaqa vakillarining turmush tarzini, umid va orzularini tasvirlaydi. Ular turmushining rohatidan ko‘ra mashaqqatini, adolatidan ko‘ra malomatini, chuchugidan ko‘ra achchig‘ini ko‘proq totib ko‘rishgan. Anvar tug‘ilgan oilani oling. Baxmalbop mahallasida g‘arib Salim bo‘yoqchi oilasida oltinchi farzand «chaqirilmagan mehmon» bo‘lib dunyoga keladi. Ochlik-yalang‘ochlik – bu oilaning doimiy hamrohi. Ba’zi oilalarda farzandni sabrsizlik bilan, katta tantana sifatida kutib olinsa bu oilada u katta tashvish keltiradi. Oiladagi doimiy yo‘qchilik, Salim bo‘yoqchining «hamisha yarim belidan nil suviga cho‘milib yotgan»i uni xastalikka giriftor qiladi va yosh o‘lib ketadi, Anorbibi ham ro‘zg‘or toshining og‘irligidan qirq yoshlarda hayotdan ko‘z yumadi. Oila tutday to‘kiladi: ba’zi farzandlar o‘lib ke-tadilar. Anvarning ikki katta og‘asi Temir va Qobil Samarqand va Buxoroda darbadarlikda kun kechirishadi, Anvar Solih max-dum uyida asrandi farzand sifatida qo‘nim topadi va uning ta’-lim-tarbiyasidan, muruvvatidan bahramand bo‘ladi, bir oz bo‘lsa-da, hayot unga kulib boqadi. Anvar shu oilaning to‘ng‘ich farzandi Ra’no bilan birga voyaga yetadi. U ziyrak, ilmga chanqoq, qobiliyatli, shu bilan birga o‘ta kamtar yigit. U sevgida vafodor, do‘stlarga sadoqatli bo‘lib o‘sadi. Uning Ra’noga bo‘lgan samimiy muhabbatini, yoshligidagi do‘sti Nasimga va keyinchalik Sulton-aliga bo‘lgan munosabatini eslang.

Solih maxdum oilasi Qo‘qonning ziyoli tabaqasiga mansub. U ancha xasis odam, shu bilan birga, yoshlikdan qolgan g‘ayirlik, tamagirlik xususiyatlari bo‘rtib ko‘rinadi, oilani yeyish-ichishdan, kiyim-kechakdan ancha tergaydi. Hatto iqtisodiy jihatdan o‘zini o‘nglab olgandan keyin ham bu yaramas odatlari uni tark etmadi. U boshqa maktabdorlarni kamsitish yo‘li bilan e’tiborli oilalardan chiqqan bolalarni o‘z maktabiga tortishga harakat qiladi. Muallif Solih maxdum xarakteridagi xasislik, tamagirlik, ichiqoralik kabi xususiyatlarni to‘laroq namoyish qilishda hazil-mutoyiba, kinoya, piching kabi badiiy vositalardan keng foydalanadi. Uning bu pastkashligi, xasisligi haqida qizi Ra’no hazil-mutoyiba she’r ham bitadi:

Yog‘lar to‘kilsa yerga yotib yalar taqsirim,
Bo‘lsa bozorda pastlik sotib olar taqsirim.

Menim uchun bir zirak, Ra’nobonuga jevak,
Desa oyim – «Ne kerak?!» yumma talar taqsirim.

«Quloq teshish fazl emas, pulni topish hazl emas,
Jevak taqish farz emas!» g‘avg‘o solar taqsirim.

Yozuvchi Solih mahdumning nuqsonlarini asosli tasvirlash bilan uning fazilat desa arzigo‘ylik jihatlarini ham ko‘rsatib o‘tishni unutmaydi. U Qo‘qonning peshqadam domlalaridan, yuqori lavozimlarda ishlaydigan sobiq shogirdlari ham anchagina, umu-man, qo‘qonliklarni savodxon qilishdagi xizmatlari katta. An-var va Ra’noga fors va arab tillarini, arab tili grammatikasi sarf va nahv (morfologiya va sintaksis)ni ancha mukammal o‘rgatgan. Fors adabiyotidan Hofiz Sheroziy, Shayx Sa’diy, Mirzo Bedil; chig‘atoy-o‘zbek adabiyotidan Navoiy, Fuzuliy, Amiriy, Fazliy asarlarini o‘quvchilariga ham o‘rgatadi.

Yozuvchi feodal xonlik istibdodi va uning xotin-qizlarga munosabatini ochishga katta e’tiborni qaratadi. Shu munosabat bilan Gulshanbonu timsoli vositasida kitobxonni xon saroyi va harami bilan tanishtiradi. Bu timsolning ham o‘ziga yarasha tarjimai holi bor. Gulshanbonu orqali xonning eng ishongan, e’tiborli ayoli Og‘ocha oyim bilan, erkak zotining ko‘z qiri tushishi mumkin bo‘lmagan haramning ichki xonalariyu sir-asrorlari bilan tanishtiradi. U yerdagi xonalarda xonning faqat bir-ikki «iltifotiga» sazovor bo‘lgan yosh-yosh qiz-juvonlar, ular hayotdan, erkaklar dunyosidan butunlay uzilganlar, kichik bir oilaga bosh, farzandlarga ona bo‘lishdek baxtdan mahrum etilganlar. Aslyda xonga taqdim etilgan yoki zo‘rlab xon haramiga olib kelingan bu qizlar xonlikning eng go‘zal, bokira qizlari, hatto ular haramga tashlangach, xonning ko‘nglini olish uchun xonlikning eng mashhur xonandalari, sozandalari, raqqosalaridan san’at sirlari bo‘yicha ta’lim olgan san’atkor hamdirlar. Qirq qizlar Gulshanbonu bilan sho‘xlik qiladilar, askiya aytadilar, uni hazil-mutoyiba, kesatiq so‘zlar bilan qarshi oladilar. Ammo ularning sho‘xliklari, Gulshan aytganidek: «to‘qliqqa sho‘xlik»dan emas, aksincha, u «sho‘xliklar» zamirida qanchadan-qancha mung, g‘am-alam, anduh yashiringan?! O‘z sevgilisidan yulib olingan Nazmi qissasini oling: bechora Nazmi o‘zining, «qirq qizlar»ning dardini kuylay-kuylay charchagan, hozir tuproq ostida abadiy uyquda. Nozikning ham sevgi tarixi o‘ziga xos: u Anvarni bir ko‘rishda sevib qolgan, ammo u sevgan yigit mirzaboshi Anvar ekanligini bilmaydi. Yozuvchi roman davomida faqat bir o‘rinda Anvar portretini chizadi, shunda ham Nozik tilidan: «… surma qo‘ygandek ohu ko‘zi bor, qizil olmadek tarang yuzi bor, endi chiqib kelgan maysa mo‘ylabi, Roziya xonimnikidan ham nafisroq qalam qoshi… Ustiga kiygan beqasam to‘ni o‘ziga shunday yarashqanki, biz qizlar ixtiyorsiz unga qarashdiq…»

U sevib qolgan yigit mirzo Anvar ekanligini bilgach:

« — … o‘zi uylanganmikin?

— Men qayoqdan bilay, uylanganmi, emasmi?.. Uylanmagan bo‘lg‘anda ham seni olmas.

Nozik bir necha vaqt jim qoldi…

— Albatta meni olmas, — dedi Nozik, uning tovushida shu choqqacha eshitilmagan bir siniqlik ohangi bor edi. — Albatta, sen aytkancha, meni olmas. Menga it tekkan, men…

Gulshan javob bermadi. Bir ozdan so‘ng qatordan pishillagan tovushlar eshitiladi va bu pishillashni ora-chora piq-piq yig‘lagan tovush buzar edi».

Inson qalbini larzaga soluvchi fojeiy dard-anduh…

Mohiyat e’tiboriga ko‘ra, asar «Mehrobdan chayon» deb bejiz nomlanmagan. Musulmon odami uchun mehrob muqaddas joy, ya’ni masjidda yarim oy shaklida Ka’ba tomonga qarata ishlangan, imom namoz o‘qiydigan joy. Badiiy adabiyotda diniy-tasavvufiy she’rlarni mehrobga qarab yoqimli ovoz bilan kuyga solib o‘qiydigan hofizlarni «mehrobxon» deyishgan. Romanning bosh salbiy obrazi Abdurahmon domla – muqaddas joydan chiqqan odam shaklidagi chayon. U o‘ta hasadgo‘y, o‘z manfaati yo‘lida har qanday go‘zal insoniy fazilatlarni yanchib o‘tadi. Madrasa ko‘rmagan Anvarning xon saroyida mirzo, keyin bosh mirzo bo‘lishiga, hatto unga yaxshilik qilib saroyga ishga olganda ham aslo chiday olmaydi. Yozuvchi undagi bunday bitmas-tuganmas hasadning paydo bo‘lish ildizlarini ishonarli dalillaydi: «Bu javobdan keyin Abdurahmonning dami ichiga tushib, o‘z taqdiriga la’nat o‘qudi. Ammo ko‘nglida Ra’noni oladirg‘an Anvar ismlik yigitka qarshi bir kek tug‘ildi. Bu javob chindan to‘g‘rimi, nayrangmi yo‘qmi, deb o‘rdada xizmat qiladirg‘on Anvar otliq mirzoni so‘rashtirdi. To‘g‘rilig‘ini bilish ustiga hatto bu Anvarni kimligini ham xotirladi: o‘zi Buxorog‘a ketar oldida Solih maxdumning maktabida o‘qib yurgon o‘sha yatim bola emish. Uch-to‘rt yillardan beri o‘rdada mirzoliq qilib, necha tillo mohona olar emish… Bu so‘rashtirib bilishdan keyin Abdurahmonning ichi yana yonib ketdi; Buxoroda xatmi kutub qilib kelgan bir «olim», aqalli bir mahalla imomatiga xarxashasiz o‘talmasin-da, uning harom tukiga arzimagan bir besavod yatim va badnajot isqirt o‘rdadan falon tillo vazifador bo‘lsin va shu tufaylida Ra’no kabi bir qizni ham o‘ziniki qilsin: bu ayniqsa, kishi chidarlik gap emas edi…»

«Ko‘r ko‘r bilan qorong‘ida tanishar» deganlaridek, Abdurahmon domla o‘ziga o‘xshagan Kalonshoh, Shahodat mufti kabi hasadgo‘y, alamzada hamtovoqlar bilan Anvar va Sultonali mirzolarni turli balolarga giriftor qiladi. Axir, bunday razillikni shariat, din ham qattiq qoralaydi. Bu o‘rinda yozuvchi satira tig‘ini dinga emas, din nomidan ish ko‘ruvchi, uning ahkomlarini oyoqosti qiluvchi Abdurahmon domla kabi munofiq, hasadgo‘y din peshvolariga qaratadi.

Yozuvchi Oybek «Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li» asarida A.Qodiriyning din peshvolariga bunday qarashini romanning kamchiligi sifatida tanqid qilgan edi. Aslida bunday qarash Qodiriyning musulmon diniga bo‘lgan munosabatining negizini tashkil qilar edi. Zohiran, Anvar va Ra’no sevgi-muhabbatda o‘zbek dostonlaridagi qahramonlarga hamohang. Ular o‘rtasidagi muhabbat mushoirasini eslang: Anvar:

Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa Majnunlarning Laylosi,
Nasib o‘lmish menga gulshan aro gullarning Ra’nosi.

Ra’no:

Agar or etsa Layli haqlidir Qaysning jununidin,
Ne baxt, Ra’no xaridoring talab ahlining «Mirzo»si…

Ular ishqiy muloqotda, sadoqatda, aqlzakovatda afsonaviy qahramonlarga o‘xshab ketadilar. Chunki ular nafaqat Sharq mumtoz she’riyatidan, buyuk «Xamsa» dostonlaridan ham xabardorlar. Ammo ular shu zamin va zamon kishilari. Bu hol ularning har byr xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Ular bir xonadon farzandlari kabi o‘sib-ulg‘ayadilar, shunday ekan, ular bir-birlari bilan hatto sevgi munozarasida ham erkin. Ayniqsa, Ra’no xarak-teri kitobxonni o‘ziga rom etadi. Uning jasurligi, irodali qiyofasi romandagi «Ochiq xat», «Ma’shuqa mahbasi», «Jasur qiz» boblarida chuqur ochib berilgan. O‘rni kelganda, shuni ham qayd etish kerakki, erkak libosini kiyib, o‘z haq-huquqi uchun ku-rashgan, hatto Vatan va xalq manfaati yo‘lida ot minib, qilich chopgan va qahramonlik ko‘rsatgan ayollar O‘zbekiston tarixida ko‘p uchraydi.

Ra’no va Anvarlar muhabbati, demak, ularning taqdiri hal qilinayotgan bir paytda Anvar qat’iyat ko‘rsata olmaydi. Ikkilanib qoladi. Muhabbatning falsafiy mohiyati haqida gapiradi. Ammo Ra’no xonga qarshi isyon ko‘taradi: «Xonning iflos to‘shagida yotmayman», deb keskin javob beradi, Anvarni yo‘lga soladi, uni kurash maydoniga qaytaradi.

A. Qodiriy bu romanda ham o‘z maslagiga sodiq qoldi: hayot haqiqati, milliy ruh asar qatlariga shunchalar singdirib yubo-rilganki, hokim sho‘rolar mafkurasining tazyiqi kitobxon e’ti-boridan chetda qoladi. Bu yozuvchining ulkan mahorati natijasidir.

Abdulla Qodiriy 1934 yilda zamonaviy mavzuda — qishloq ahli, dehqonlar hayoti haqida o‘ziga xos «Obid ketmon» qissasini yaratdi. Yozuvchi bu asarida o‘zigacha rus adabiyotida (masalan, M. Sholoxovning «Ochilgan qo‘riq» romani) kollektiv xo‘jalik hayotini, quloklar va batraklar o‘rtasidagi keskin kurashlarni aks ettiruvchi asarlardan andaza olmadi. Aksincha, o‘zbek dehqoni, ayniqsa, o‘rtahol dehqonlar ruhiyatini to‘laqonli tasvirlovchi obrazlar yaratdi. Bu asarni 1930 yillar vulgar sotsiologizmi bilan qurollangan adabiy tanqidchilik mafkuraviy buzuq asar sifatida baholadi.

Hozirgi o‘zbek nasri mazmun va janrlar jihatidan nihoyatda yuksaklikka erishgan. Ayniqsa, tarixiy mavzuda Oybeqdan keyin ham qator keng qamrovli romanlar yaratildi va yaratilmoqda. Bularning hammasida A. Qodiriy maktabining ta’sirini ko‘rish mumkin.

Abdulla Qodiriy 1937 yilning so‘nggi kuni 31 dekabrida ikkinchi bor qamoqqa olindi. Bu gal qamoqqa olinganda Stalin qatag‘oni mashinasi butun kuch bilan tinimsiz ishlar, yangi-yangi qurbonlar talab qilar edi. Buyuk yozuvchiga ham «xalq dushmani», «millatchi», «aksil inqilobchi» degan ayblar qo‘yildi va 1938 yil 4 oktyabrda otib o‘ldirildi. Bu bilan sho‘rolar hukumati kifoyalanmadi: A. Qodiriyni avlodlar xotirasidan butunlay sidirib tashlash uchun uning asarlarini ham qatag‘on qildi, ammo buning uddasidan chiqa olmadi. Istiqlol tufayligina uning mo‘tabar nomi, zavol bilmas asarlari to‘laligicha xalq ma’naviy mulkiga aylandi.