1926 yilda O‘zbekiston hukumati o‘zbek adabiyotini rivojlantirishdagi xizmatlarini alohida taqdirlab, adabiyotimizning ikki zabardast vakiliga yuksak faxriy unvon bergan edi. Bularning biri Hamza, ikkinchisi So‘fizoda edi. O‘zbekiston Ijtimoiy Sho‘rolar jumhuriyati 1926 yil 27 fevral 35-son farmoni bilan Hamzaga «O‘zbekiston xalq yozuvchisi», So‘fizodaga «O‘zbekiston xalq shoiri» faxriy unvonini berdi.
Darhaqiqat, So‘fizoda XX asr boshlaridagi ijodiy faoliyati bilan xalqimizning milliy va ijtimoiy uyg‘onishiga salmoqli hissa qo‘shgan, 20-yillardaga she’rlari bilan esa yangi o‘zbek poeziyasini yaratishda samarali xizmat qilgan shoirlarimizdandir. Ayni paytda, u ma’rifatparvar, murabbiy sifatida ham maorif va madaniyatimiz tarixida salmoqli o‘ringa ega. U o‘ninchi yillardayoq yangi.usuldagi maktab ochib, bolalarga dars bergan, ilm-ma’rifatni keng xalq orasiga yoyishga jonbozlik ko‘rsatgan kishilardan edi. Binobarin, So‘fizoda haqida gap ketganda uning iste’dodi va faoliyatiga xos bo‘lgan mana shu ikki jihatni — ijodkorligi va murabbiyligini ta’kidlash lozim bo‘ladi. U xuddi mana shu jihatlari bilan XIX asrning oxiri, XX asr boshidagi o‘zbek madaniyatining Ishoqxon Ibrat, Siddiqiy Ajziy, Abdulla Avloniy hamda Hamza Hakimzoda Niyoziy kabi vakillari bilan bir safda turadi.
Tojik ma’rifatparvarlarini o‘rgangan hamkasblarimiz Tojikistondagi bunday harakatchilik haqida to‘xtalganda, ularni faoliyatidan kelib chiqqan holda ikki avlodga ajratadilar. O‘zlari bevosita maktab ochib dars berish bilan shug‘ullangan qalam egalarini ikkinchi avlodga kiritadilar. Agar shu hol o‘zbek ma’rifatchilariga nisbatan ham qo‘llanilgudek bo‘lsa, So‘fizodani ko‘pgina zamondoshlari singari ikkinchi avlodga – o‘z qarashlarini bevosita hayotga tatbiq etishga bel bog‘lagan fidoyilar davrasiga qo‘shishga to‘g‘ri keladi.
Uning asarlari Birinchi Jahon urushi arafasida va 20-yillarda og‘izdan-og‘izga o‘tib, keng xalq ommasi qalbidan mustahkam o‘rin olgan. Uning nomi bilan bog‘liq hikoyalar keksa kitobxonlar, adabiyot muxlislari orasida haligacha mavzu bo‘lib keladi.
So‘fizoda she’rlaridan namunalar 30-yillardayoq maktab darsliklariga kiritilgan. Masalan, Abdulla Avloniy 1933 yili nashr ettirgan o‘rta maktablarning VII sinfi uchun tuzgan «Adabiyot xrestomatiyasi»da So‘fizodaga maxsus joy ajratgan. Jumladan, shoirning «Madaniy makiyonlar» she’rini «Proletar diktaturasi davri adabiyoti» namunasi sifatida bergan edi. Umuman olganda esa, So‘fizoda ijodi haqida yozilgan maqolalar 20-yillarda ham uchraydi. Masalan, Lutfulla Olimiy 1925 yilda u haqda maqola yozgan. 1934 yilda esa Miyon Buzruk Solihov «So‘fizoda va uning ijodi» degan kitobcha chop ettirdi. 1935 yilning 29 yanvarida So‘fizodaning 65 yoshga to‘lishi munosabati bilan yubiley o‘tkazilgan va 200 dan ortiq she’ri nashr etish uchun to‘plangan edi… Biroq nasib qilmadi. Shoir qatagon qurboni bo‘ldi.
Uning ikkinchi ijodiy umri 60-yillardan boshlandi. 1968 yilda adabiyotshunos To‘lqin Rasulovning tashabbusi bilan So‘fizoda she’rlarining bir qismi kichik kitobcha bo‘lib bosilib chiqdi. O‘sha yili «O‘zbek sovet adabiyoti tarixi»ning birinchi jildida shu muallifning shoir haqidagi maqolasi nashr etildi hamda unda So‘fizodaning adabiyotimiz va madaniyatimiz tarixidagi o‘rni haqida fikr yuritildi.
Muhammadsharif So‘fizoda 1880 yilda Chustda hunarmand oilasida tug‘ildi. Otasi Egamberdi So‘fi pichoqchilik bidan shug‘ullangan ekan. Onasi Zaynab xolaning sa’yi-g‘ayrati evaziga Muhammadsharif yon qo‘shnisi Manzura otin qo‘lida savod chiqaradi, so‘ng esa mahallasidagi eski maktabda ta’lim oladi. Bo‘lajak shoirning adabiyotga ko‘ngil qo‘yishida g‘azalni did bilan o‘quvchi bu xushovoz ayolning ta’siri katta bo‘lgan.
So‘fizoda adabiyot dargohiga 90-yillarda, ya’ni Muqimiy o‘zining mashhur satiralari bilan badiiy ijodda demokratik yo‘nalishni tayin etgan, Furqat ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlari bilan bu davr adabiyotining muhim bir xususiyatini belgilab bergan paytlarda kirib keldi. Tabiiyki, uning dastlabki she’rlari mana shu ikki katta san’atkorning fusunkor misralari ta’sirida vujudga keldi. «G‘ubori dardu alam», «O‘pay» kabi lirik g‘azallari, «Dakaning», «Bedanang» kabi hajviyalari, ma’rifat haqidagi qator she’rlari uning adabiyot ostonasiga kirishida o‘ziga xos yo‘llanma bo‘ldi. Shuningdek, 1893-98 yillarda Qo‘qonda yashab, Muqimiy davrasidan bahramand bo‘lishi shoir dunyoqarashining shakllanishida, badiiy mahoratining o‘sishida o‘ziga xos maktab vazifasini bajardi. Juda qisqa muddat ichida oddiy pichoqchi Egamberdi So‘fining o‘g‘li Muhammadsharif «Vahshiy», «So‘fizoda» taxalluslari bilan butun Farg‘ona vodiysida shuhrat topdi. Lekin uning mutaassib dindorlarni, mavjud ijtimoiy tuzum homiylarini sharmanda qiluvchi zaharli hajviyalari shoir boshiga katta tashvish olib keldi. Uni «dahriy» deb e’lon qildilar. Unga «beadab», «badasl» degan tavqi la’nat bosdilar. Bu ham yetmadi. Uni qatl etish lozimligi haqida gap chiqdi. Shoir qochishga va natijada 1900—1913 yillarda ona diyoridan uzoqda darbadar hayot kechirishga majbur bo‘ldi. O‘rta Osiyoning butun shaharlarini kezib chikdi. Tiflis, Boku, Arabiston, Hindiston, Turkiyada bo‘ldi. Biroq shoir qayerda bo‘lmasin, baribir ona diyoriga qaytishdan umid uzmadi. U o‘z she’rlari bilan Kavkaz va Oren-burg matbuotida, Toshkentda chiqadigan «Turkiston viloyatining gazeti», «Sadoyi Turkiston» gazetalarida faol qatnashib turdi. Nihoyat, 1913 yilning oxirlarida Chustga qaytib, yangi usuldagi maktab ochdi. Tabiatan dangal, tikso‘z, hatto, bir oz chapanife’l bo‘lgan shoir maktabi tepasiga shunday deb yozdirib qo‘ygan ekan:
«Men ul bo‘eqchimanki, maktab xumida rang berib, qora chappalarni o‘n ikki oyda oq qilaman».
Darhaqiqat, guvohlik beruvchilardan olingan ma’lumotlarga qaraganda, bu maktab o‘sha paytlarda shaharda dunyoviy bilim o‘rga-tuvchi birdan-bir ilm o‘chog‘i bo‘lgan. So‘fizoda maktabida ona tili, jug‘rofiya, handasa (geometriya) kabi fanlar o‘qitilgan.
Bu maktabdan tashqari Kamarsadada ham u yetim bolalar uchun «Dorul-aytom» (Etimlar uyi) va kattalar uchun kechki kurslar ochadi2. Lekin bu maktablar tezda yopib qo‘yiladi. Bu haqda esa, «Turkiston viloyatining gazeti» 1914 yil 1 yanvar sonida takabburona, nopisandlik bilan yozadi:
«Chust shaharida bir mulla shoir usuli jadid maktab ochgan ekan. Chust aholilari ani(ng) axloqi buzuq deb maktabini tarqatib, o‘zini Chustdin haydab yuborgan ekanlar». Holbuki u bu paytlarda e’tiborli muallimgina emas, tanikdi ijodkor ham edi. Butun Farg‘ona vodiysi iste’dodli shoir sifatida tanir edi. She’rlari muxlislar tilida kelar edi. Uning o‘z ona diyoridan badarg‘a qilinishi tafsilotlari ma’lum emas. Lekin ayrim she’rlari voqeaga oydinlik kiritadi. Masalan, «Chust boyonlarining bir gapxonada bir-birlariga maqganishlari», «Chust qozisi Abbosxon Hojimuhammad o‘g‘liga javob» deb nomlangan she’rlari. Birinchi she’rda chustlik bir to‘da ulfatlar gapxonada o‘tirishib, o‘z qilgan ishlari bilan maqtanadilar. To‘g‘rirog‘i, o‘zlarini o‘zlari fosh qiladilar. Quyuq, o‘tkir bo‘yoqlar, zaharxanda ohang orqasida millat va Vatanning faje’ manzaralari namoyon bo‘ladi. O‘quvchi «berib pora pristavlarni topgan» va «muallimni quvib, mak-tabni yopgan chustilar» qiyofasi bilan tanishadi. She’r quyidagi satrlar bilan boshlanar edi:
Muallimni quvib, maktabni yopgan chustilar – bizlar,
Berib pora, pristavlarni topgan chustilar – bizlar.
Boshidan oxirigacha o‘tkir kinoya va qochiriqlarga to‘la bo‘lgan bu she’r maktab yopilishi voqeasini quruq qayd qilibgina qo‘ya qolmas edi. Masalani chuqur va atroflicha taxdil etib, uning bahonasida, Chust misolida, umuman, Turkiston miqyosida fikr yurgizib, u yerdagi toqat qilib bo‘lmaydigan turmush manzaralarini chizib berardi. Shoirning fikricha, eng katta illat – ja-holat. Mutaassiblik, takabburlik, tekinxo‘rlik, o‘zgalar haqidan hazar qilmaslik, ziqnalik, laganbardorlik – bular hammasi ma’rifatsizlikdan. Fojia shundaki, bu bechoralar mana shu ma’ri-fatsizlik bilan maqganadilar, uni ko‘z-ko‘z qilishdan huzur to-padilar. Bundan ortiq baxtsizlik bormi dunyoda?! She’rda shular haqida gap ketardi:
Shaharga qo‘ymadik poyezdni, kelsun, xalq kun qo‘rsun,
Ajab mo‘minsifat, eski musulmon chustilar, bizlar.
Duo qilsin dedik, qizlarni sotdik oqsoqollarga,
Va lekin qilg‘uchi olamni vayron chustilar, bizlar.
Ko‘ring insofni, pulsiz kambag‘al, qirq yoshida bo‘ydoq,
Dag‘i bir chorasiz, har yerda sarson.chustilar, bizlar.
Kalova sotsa, teng yarmin olurmiz bevazanlardan,
Xudoni erka abdi, har biri xon chustilar, bizlar.
Esin to‘qlar, eshik oldida tursin termulib ochlar,
Shu odatni chiqargan, xo‘b purdon chustilar, bizlar.
Ikkinchi she’r Abbosxon qoziga javob shaklida yozilgan. She’rdan shu narsa anglashiladiki, So‘fizoda birgina «usuli jadid» muallimi emas, avvalo, tikso‘z, haqiqatparast shoir bo‘lgani uchun hukmron doiralarga yoqmagan. Ikkinchidan, uni ilgarigidek «badasllik»da, «beadab»likda ayblash davom etgan. Shunchaki emas, u musulmonlar axloqini buzishda ayblangan. She’r jildiy, ma’lum ma’noda tragik ohangdagi «Mening yozganlarim, bilsang agar, xuni jigardandur», degan satr bilan boshlanadi. Ikkinchi baytdayoq muallif javobga o‘tadi. Chamasi, qozi va uning atrofidagilar shoirni obro‘sizlantirish uchun onasi sha’niga har xil bo‘lma-g‘ur gaplar tarqatganlar, o‘zini buzuqlikda, kambag‘allik, yalang-oyoqlikda ayblaganlar. Shoirning satrlarida mana shu masalalarga oydinlik kiritiladi:
Tilingni saqla, badgo‘ylikka odat qilma, ey ablah,
Na bilding, modarim darveshalardan yoki g‘ardandur.
Jahonda yo‘q edi bachcha, ani senlar chiqargansan,
Suyuqlar boshchisi, bilsang, seningdek «kattalar»dandir.
Tishing to chiqmaguncha, volidang, albatta non bermas,
Topib nonimni minnatsiz yesam, fazli hunardandur.
Ko‘ringanidek, muallif o‘zi va onasi haqida tarqatilgan fisq-fasodni rad etish bilan kifoyalanmay, qorayuraklarning aftu basharasini ochib ko‘rsatadi, gapni vijdon bilan yashashga burib, mehnat bilan topilgan minnatsiz nonni ulug‘ ne’mat deb biladi.
Javob o‘z ishini qildi. She’r hukumat vakillarini larzaga soldi. Shoirga nisbatan ta’qib va tazyiqlar boshlandi. Uni qamadilar, oyog‘idan sudrab sazoyi qildilar. Ulamolar: «Vahshiy» uchun boqqol mol sotmasun, sartarosh sochini olmasun, choyxona va yi-g‘inlar uni tagjoydan mahrum qilsunlar», – deb fatvo berdilar. Oqibatda, shoir yana o‘z Vatanidan bosh olib chiqib ketishga maj-bur bo‘ldi. Lekin u o‘zi tanlagan yo‘ldan, haqiqatni xalqqa yetka-zishdan iborat bo‘lgan maslak-e’tiqodidan qaytmadi. Ko‘nglidagini ochiq aytdi. Muallifning ikkinchi bir she’ridan olingan quyidagi satrlarga e’tibor qilaylik:
Ko‘b yoz, qalamim, siynadagi oq labanimdan,
Qo‘shgil arog‘a ozgina dudi suxanimdan,
Ketmas bu alam dardi ravonu badanimdan,
O‘lsam, dag‘i qalbimdagi xoku kafanimdan.
Quvdi mani johillar o‘shandog‘ Vatanimdan,
Lekin quva olmas suxanimni dahanimdan.
Man to‘g‘ri so‘zumni deyaman xalqi Xudog‘a,
Qalqon shu boshim millat uchun tiri jafog‘a.
Qalb ishni qo‘yung, deb yana qoldimmu balog‘a,
Hech yo‘q tama’im, hozir o‘zum chunu charog‘a,
Quvdi mani johillar o‘shandog‘ Vatanimdan,
Lekin quva olmas suxanimni dahanimdan.
She’rdan shoirning ona Vatanidan quvilish sababi ayon ko‘rinib turibdi. U yangi maktab ochgani uchungina quvilmagan. Haq gapni aytgani uchun, haqgo‘yligi uchun uni quvganlar. U atrofidagilarni behudagarchilikdan, tanballikdan, riyokorlikdan, dardsizlikdan qaytarmoqchi edi. U jamiyatning baland pillapoyalarida o‘tirgan kazo-kazolarni halol va pok kishilar sha’niga qilib turganlari g‘iybatdan, tuhmatdan, shoirning o‘z so‘zi bilan aytganda, «qalb ish»lardan qaytarmoqchi edi. Millat manfaatini o‘ylaydigan har bir farzandi buni anglamog‘i lozim edi. Afsus-ki, butunlay buning aksi. Uni millatdoshlari badnom etmoqdalar. Milliy xizmati uchun shunday qilmoqdalar. Bu — og‘ir! Shunga qaramasdan, u o‘z yo‘lida sobit. U bu yo‘lda boshini kundaga qo‘yishdan qo‘rqmaydi. (Qalqon shu boshim millat uchun tiri jafog‘a.)
Shoir mulohaza qilishda davom etadi:
Tashrifi qadam etsa, shu olamg‘a hamono,
Hargiz taniyolmas edi shar’ini nabino,
Bizlarni ko‘rub, der edi: ummatmi shu holo?!
Jonvorlaringa shukr dag‘i, shukr Xudoyo,
Quvdi mani johillar o‘shandog‘ Vatanimdan,
Lekin quva olmas suxanimni dahanimdan.
She’rdagi qochiriqlarga e’tibor qilaylik: Payg‘ambarimiz bu yerlarga kelsa, o‘zi o‘rnatib ketgan musulmonchilik qoidalarini o‘zi taniyolmay qolardi. Bizlarni ko‘rib, «Nahotki shular mening ummatim bo‘lsa?!» der edi. Ey xudo, shunday jonivor(!)laring borligiga shukur(!).
Garchi muallif fikrni dindiyonat doirasida qoldirayotgan bo‘lsa-da, aslida uning qamrovi keng. Bu yerda millat – milliyatdan uzoqlashilganligiga ham ishora bor. Balki unda bu maqsad maqomida turibdi. Birgina musulmonlik emas, millat aynigan, demoqchidek shoir. Qolaversa, keng omma hali ham din va millatni bir tushunar edi. Musulmonlikni millat deb anglardi. U yog‘ini so‘rasangiz, avom u yoqda tursin, millatga murabbiylik da’vo qiluvchi olimu shoirlarning o‘zlari ham milliy fikrdan benihoya uzoqda edilar. Shoir va munaqqid Ibrohim Davron 1909 yilda yozgan «Adabiyotimiz va shoirlarimiz» nomli maqolasida «Shoir nadur?» degan savol qo‘yib, unga javob berar ekan, ijodkor va-tandoshlarimiz haqida juda keskin fikr bildirgan edi:
«Bizning Turkistondagi yakka jilov va bebosh, sahroyi qulun, shoir nomindagi pivoxo‘r, sharlatan, o‘z-o‘zini tonimag‘onlar kabi(lar) fahsh, safsatachilikdan boshqa bir ish qilolmaslar va qilmoqqa muqtadir ham emaslar… Chunonchi, el, xalq, toifa, guruh, qabila, xayl, millat, qavm, ummat, tabiat va hokazo shu misoldagi ta’birlarni nadan iborat – bir jumla o‘ldig‘inida rav-shan anglayamaz so‘qur tabiatlar…» Shuning uchun ham:
Olam kuladur bizg‘a bukun, biz hama g‘ofil…
Ibrat qo‘zimiz ko‘ru haqiqat qulog‘i — kar,
So‘z to‘g‘risi shul: bizda na bor avra, na astar…
Darhaqiqat, So‘fizoda adabiyotga ijtimoiy dard bilan yonib kirgan shoirlardan edi. U o‘zining birinchi she’rlaridayoq ijtimoiy hayotdagi tengsizlik va nohakdikka, jaholat va nodonlikka qarshi isyon ko‘targanlardandir.
So‘fizoda dastlab o‘z zamondoshlari, safdoshlari singari ma’rifatparvar shoir sifatida tanildi. Uning ozarboyjon adiblari Jalil Mamadqulizoda, Aliakbar Sobir bilan yaqindan tanishuvi dunyoqarashining shakllanishiga katta yordam berdi. 1905 yildan keyin shoir ijodi yangi bosqichga ko‘tarildi. Uning bu davr she’riyatida milliy tuyg‘ular paydo bo‘ldi.
Shoir tutqun va turg‘un o‘lkada she’riyatning o‘tkir g‘oyaviy kurol bo‘la olishini chuqur his etadi va o‘z qalamini mustaqillik, erkinlik yo‘lida kurashga safarbar qiladi. Uning Chust qozisi Abbosga yozgan javob she’rida shunday satrlar bor edi:
Qadrdonim qalam, mardona bo‘lg‘il, vaqti xizmatdur,
Agar mendin keyin qolsang, libosing siymu zardandur.
Darhaqiqat, uning qalami egasiga xiyonat qilmadi. Ijodi ham faoliyati singari haqiqatgo‘y va kurashchan kechdi. Ayni paytda, bu she’riyat ham g‘oyaviy, ham badiiy yuksak edi. So‘fizoda shoir sifatida zamonning eng dolzarb masalalarini qalamga oldi va har biri haqida ehtiros bilan yozdi. Masalan, shoirning 10-yillardagi she’riyati markazida zulmatga chulg‘angan Vatan tashvishlari turadi:
Vatan holindan o‘tru ko‘zlarim saqfinda qon og‘lar,
Na yolg‘iz qo‘zlarim, majruh o‘lan jismimda jon og‘lar…
Shoirning Fuzuliy yo‘lida yozilgan «Vatan» deb nomlangan she’ri yuqoridagi satrlar bilan boshlanar edi. Vatan holining iztirobi baytdan-baytga pog‘onama-pog‘ona oshib boradi. Yo‘q, o‘ksiz Vatan holiga birgina u yig‘layotgani yo‘q. (Shoir iztirobining o‘zi bosqichli: ko‘zlari soqqasida qon, majruh jismida jon yig‘laydi.) Uy-ro‘zg‘or obodligi («Salohi xonumon») fikri bilan butun xonadonlar yig‘laydi. Farq shundaki, shoir «oshkoro», ular «nihon» yig‘laydilar. Dunyo mamlakatlari maktabu qiroatxonaga to‘lib, obodlik, farovonlikka ko‘milgan bir paytda, Farg‘ona «benomu nishon»likdan yig‘laydi.
Shoir gapni istilochilikka, Turkiston kabi tabarruk mamlakatlarning «bir taqim hayvonlara charogoh (yaylov)» bo‘lganligiga buradi. Bunga endi nafaqat Farg‘ona, «eru osmon» yig‘laydi:
Muborak mamlakatlar bir taqim hayvonlara holo,
Charogoh o‘ldug‘indan noshi yeru osmon og‘lar».
Bu keskin fikr keyingi baytda bir qadar konkretlashtiriladi:
Evet, inson soyilmaz o‘lmayanlar ismina mazhar,
Masal vor bizda: «Vijdonsizlaring og‘zinda non og‘lar».
Demak, shoir ularni inson nomiga munosib bo‘lmaganliklari, boshqa millatlarning ona sutidek halol haqqi-nasibasini, vijdoni hech bir og‘rinmay, o‘ziniki qilib olganligi uchun in-son hisoblamayapti. Vijdonsiz haqida esa, shunday maqol bor: non uning og‘ziga tushganida, Ollohga iltijo qilar ekan: ey Xudo, gunohim nima edi?
So‘fizoda bir kuni kelib, dunyoning o‘zgarishiga, adolatning tantana qilishiga qat’iyan ishonadi. Lekin bu ish hech qachon o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Uni millat farzandlari qiladilar. Ammo hozirgi ketishda buni qilib bo‘lmaydi. Millatning bugungi tanbal va loqayd avlodi bilan u kunga yetishish qiyin. G‘azalning maqta’ida o‘qiymiz:
Sharif o‘lmas u maskanki, sharif o‘lmas esa sokin,
U tanballarki, vor ustinda ya’sindan makon og‘lar.
Hech bir joy («maskan») unda yashovchi el («sokin») mukarram («sharif») bo‘lmagunicha, aziz va qadrli («sharif») bo‘lmaydi. Uning ustida hozircha ko‘rib turganimiz tanballar bor ekan, u makon qayg‘u va umidsizlik bag‘rida yig‘laydi.
Ushbu mavzu she’rdan she’rga o‘tib boradi. Shoir jafokash el ahvoliga razm tashlaydi. Umri cho‘rilik bilan o‘tayotgan ma’suma qizlar, sho‘rpeshona onalar, eshik oldida termulib turgan ochlar shoirni iztirobga soladi. Shul bois, ularning insoniylik haq-huquqini himoya qilib chiqadi. Yuqorida tilga olganimiz, «Chust qozisi Abbosxon Hojimuhammad o‘g‘liga javob» she’rida esa, o‘zi haqida tarqatilgan fitna-fasod gaplarga javob berar ekan, uni so‘kishga tushib ketmaydi. Or-nomusini haqli ravishda himoya qilib bo‘lgach, muxolifi darajasida turgan millatdoshi qozi Ab-bosxonni millatni ro‘shnolikka chiqarish yo‘lida hamkor bo‘lishga chaqiradi. Unga qarata:
Qo‘lingdan kelsa, yotgan kambag‘alni tur, deb uyg‘otgil,
Qarab ko‘r: shoxu bargu meva asli bir shajardandur, —
deb xitob qiladi.
So‘fizoda xotin-qizlar haqida yozdi. Ularning zulmatga burkangan hayotidan, ma’rifatdan uzoq kelayotgan turmushi, dunyo ayollaridan ortda qolib ketganliklaridan so‘z ochdi. Shoirning Orenburgda chiqib turgan mashhur «Sho‘ro» jurnalida chop etilgan «Xonim, suyukli soching vor, na sud nishonasi yo‘q» (1911 yil, 10-son), «Xonimlar isminda» (1911 yil, 13-son) she’rlari bunga dalil. Uning bir she’ri esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri «O‘qing, onalar!» deb nomlangan edi. Musaddas janrida yozilgan ushbu she’rning birinchi bandi quyidagicha edi:
Muncha yomon sho‘rladi peshonalar,
Qizlarimiz – joriyayi xonalar.
Siz edingiz jonlara jononalar,
Qadringizi bilmadi debonalar.
Qumri bilan bulbulu bedonalar,
Yaxshi o‘qur, siz ham o‘qing onalar.
Mana, shoir fikrini band etgan muammolar. Uning huzur-halovatini yo‘qotib, unga tinchlik bermagan o‘ylar.
So‘fizodani ko‘proq badihago‘y shoir deyishadi. Darhaqiqat, uning turli munosabat bilan ko‘cha devorlariga, darvozalar tepasiga, choyxonalar eshigiga dafatan yozib qoldirgan she’rlari haligacha xalq o‘rtasida saqlanib keladi. Garchi uning 1917 yilga qadar yozgan she’rlari juda kam saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ulardan shoirning yetuk badiiy mahoratini ilg‘ab olish qiyin emas. Yana bir tomoni borki, shoir she’rlarining ayrimlari konkret adresga ega. Ba’zilarini u, hatto, aniq nomini aytib, sarlavhaga ham chiqargan. (Masalan, «Chust qozisi Abbosxon Hojimuhammad o‘g‘liga javob».)
Ikkinchidan, bu she’rlar keskin bahs asosiga qurilgan. Mavzusi — adolat va haqiqat.
Uchinchidan, bu she’rlar qaynoq, jo‘shqin, ularni keskin satirik ruh birlashtirib, ko‘tarib turibdi.
Turkistonda Oktyabr to‘ntarishi yuz berganida shoir chet ellarda quvg‘inda edi. Masalan, u bir muddat Hindistonda bo‘ladi, o‘qituvchilik qiladi, bu yerda ham ingliz polidiyasi bilan to‘qnashadi. Natijada u yerdan ketib, Afg‘onistonga o‘tadi.
Afg‘onistonda u kallapazga shogird tushadi, karvonsaroylarda yashab, kun kechiradi. Nima bo‘ladi-yu, afg‘on gazeti «Sirojul-axbor» («Xabarlar ziyosi»)da ilm-irfon haqidagi 3—4 forsiy she’ri bosilib, amir Habibulloxonning nazariga tu-shadi. Habibulloxon uni qabul qilib, maktab ochishga ruxsat beradi. Uning o‘g‘li Omonulloxon taxtga o‘tirgach, maorif vazirligiga ishga olinadi.
1919 yilda Afg‘oniston delegadiyasi tarkibida o‘z yurtiga keladi. Afg‘on davlat arboblari qatorida o‘lkaga kelgan shoir afg‘on hukumatining Toshkentdagi vakili huzuriga kirib: «O‘z yurtimizda yashashga imkoniyat bo‘lmagan chog‘larda va og‘ir kunlarimizda yurtingizda ishlashga imkon berdilaringiz. Bunga tashakkur izhor etaman… Buni arz etmak birla omonatlaringizni topshiraman»,- deb murojaat qiladi va o‘z yurtida qoladi.
Shoir biografiyasini maxsus o‘rgangan T.Rasulovning bergan ma’lumotiga ko‘ra, So‘fizoda o‘z tug‘ilgan shahri Chustga borib, maorif shirkatlari tuzgan. Idora peshtoqiga esa: «Jahon savdogari -qalloblarga bunda yo‘l yo‘qdir, qo‘li qadoq, tovoni yoruq, eski choponlar, xush kelibsizlar!..» – deb yozdirib qo‘ygan ekan.
Biroq u, ko‘p o‘tmay, ona Turkistonning ozodligi xomxayol ekanligini anglab yetdi. Va bundan qattiq iztirobga tushdi. Afsuski, uning bu davrda yozgan she’rlari ham u qadar ko‘p emas. 3-4 sho‘ro mavzusidagi she’rlarigina ma’lum. Lekin shularga ham sinchiklab qaralsa, muallifning murakkab kechinmalarini payqash qiyin emas.
Avvalo, shuni aytish kerakki, So‘fizoda bu davrda ham katta iste’dod sifatida zamondoshlari tomonidan e’tirof etildi. Hatto rasmiy matbuot, masalan, «Mushtum» jurnali 1925 yilda uning bir she’rini e’lon qilar ekan, muallifini «xalq shoiri» deb tanishtiradi. Holbuki, bunday unvon hali Respublikada yo‘q edi. U bu voqeadan roppa-rosa bir yilu bir oy keyin, 1926 yil 27 fevralda ta’sis etilib, birinchi nishon egasi So‘fizoda bo‘lgani ma’lum. «Farg‘ona» gazetasi esa, 1925 yil 13 avgust sonida So‘fizodani «Kuldirguvchi xushchaqchaq shoirlarimizning eng o‘tkiri» deb tanishtiradi. Shunchalik e’tirofu e’zozga qaramay, So‘fizodaning sho‘ro davri she’rlarini ko‘zdan kechirsangiz, uning ichiga chiroq yoqsa yorimaydigan alfozda yashab ijod qilgani anglashiladi. Masalan, uning bir she’ri shunday boshlangan edi:
Payt poylab dushmanim qo‘ydi yo‘limga loytuzoq,
Guldirab chalqancha tushdim, toyilib, bo‘ldim cho‘loq.
Sudralib qolg‘on kunimda bo‘lmadi qo‘ltiqtayoq.
Iltimosimdan zerikding, do‘stim, bo‘lding yiroq,
Jola yanglig‘ qo‘z yoshim har qatrasi bir nosqovoq.
Shoirning «har qatrasi bir nosqovoq» bo‘lgan «jola yanglig‘ ko‘z yosh»lari tasvirning birmuncha mutoyibaga moyilligiga qaramasdan, o‘quvchida hazin kayfiyat uyg‘otadi. Ayniqsa, «Mushtum» jurnalining 1925 yil 2-sonida bosilgan «Xurjun» she’ri muallifning kayfiyati emas, pozidiyasi ham yo‘qsilparvarlik da’vosi bilan chiqqan, lekin amalda Turkiston hayotida yaxshilanish tomon hech bir o‘zgarish yasamagan, aksincha, buyukdavlatchilik aqidasidan zarra chekinmagan sovetlardan uzoq ekanligini dalillaydi. Buni she’rning «Xurjun» deb sarlavhalanishining o‘ziyoq ko‘rsatib turibdi. Xalqda «ishlar xurjun» degani, sodda qilib aytganda, «ishlar — rasvo!» degani bo‘ladi. Bu – sho‘rolar hukumatining 7 yillik faoliyatiga, Turkistonning 7 yillik tarixiga berilgan baho.
She’r, to‘g‘ridan-to‘g‘ri «haqiqat»ni so‘roqqa tutishdan boshla-nadi. Va shoir ishning xurjunligini birmabir bayon qilib, isbotlab beradi:
Ey haqiqat, qani sen, biz yana bo‘ldiq xurjun,
Qayda qoldi fuqaro rahbari?! Yangi qonun?!
So‘ng esa, dalillar o‘rtaga tushadi:
O‘lturub xum boshig‘a, bo‘ldi bo‘yoqchi maymun…
Oldi «partiyni» bo‘lub ko‘p kishi ikki xotun…
«Jenotdel»dagi xom nosiha – bibi otun…
Omining topqonini olg‘oli mullo moyil…
A’lamu mufti faqat qarg‘a-u qozi – quzg‘un,
Muhtasib – eski kafan o‘g‘risi, abjaq – oxun…
Kambag‘al yaktagini yuvg‘ali topmas sobun,
O‘ldi kosib ochidan, ahli tijorat – Qorun…
So‘fizoda 1937 yilda 57 yoshida sho‘rolar qatag‘oniga uchrab, halok bo‘ldi.