Ulug‘ ispan yozuvchisi, dramaturgi. Dunyoga mashhur «Don Kixot», «Galateya», «Numansiya», «Persiles va Sixizmunda sayohati» asarlari muallifi.
Otasi Kordova shahrining hokimi bo‘lgan, o‘zi esa qashshoqlashib, oddiy tabib darajasiga tushib qolgan va shu kasb ortidan zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan Rodrigo de Servantesning hayoti ham keyinchalik to‘ng‘ich o‘g‘li yaratadigan qashshoq hamda xayolparast Don Kixot sarguzashtlaridan qolishmasdi. Oila tirikchilik uchun shaharma-shahar sargardon kezib yurardi. Ana shunday sargardonlik pallasida, 1547 yili, Migel Madrid yaqinidagi Alkala de Enares shaharchasida dunyoga keldi. Otasining peshonasiga bitilgan yo‘qchilik azobi yangi tug‘ilgan go‘dakning ham umr bitigiga aylandi. Ayni qashshoqligi uchun Migel tuzukroq ma’lumot ham ololmadi. Hali go‘dakligidanoq tirikchilik mashaqqati uni o‘z og‘ushiga tortdi. Oilada undan boshqa yana olti nafar farzand bor edi. Yevropaning eng mashhur adibiga aylanib ham tug‘ilgandan toki o‘limigacha biror kun qashshoqlik qismatidan qutulolmagan shaxs dunyo adabiyotida boshqa uchramasa kerak. Migel Servantes hayotini o‘nglash, izga solish uchun bir umr kurashdi, o‘zini har sohaga urdi, o‘zining hayoti ham aql bovar qilmas sarguzashtlar va tafsilotlarga boy bo‘ldi. Din arbobiga mulozimlik qildi, janglarda ishtirok etdi, qo‘shin uchun o‘lpon yig‘uvchi nazoratchi bo‘ldi, Italiya, Frantsiya, Jazoir kabi davlatlarda rizqini terdi, lekin baribir qashshoqlikdan qutulolmadi. Go‘yo taqdir kambag‘allikni unga so‘nggi nafasigacha tamg‘a qilib osib qo‘ygandek edi.
Migel Servantesning hayotidagi eng yorqin davr 1566 – 1569 yillarda Madridda Xuan Lopes de Oyosning maktabida o‘qigani bo‘ldi. Bu maktab gumanistik ruhdagi ta’lim dargohi bo‘lib, Erazm Rotterdamskiy ta’limoti keng va chuqur o‘rgatilardi, Xuan Lopesning o‘zi buyuk ma’rifatparvarning izdoshi edi. Aynan shu yerda o‘qib-o‘rganganlari Migel Servantesga dunyoning eng ulug‘ romanini yozishda qo‘l keldi. Uning asarlarida Rotterdamskiyning yashirin timsollari badiiy shaklda o‘z ifodasini topdi. Servantes ko‘cha janglaridan birida yarador bo‘lgan raqibining ta’qib qilishi uning hayotini o‘zgartirib yubordi. Bir tomondan, kambag‘allik, ikkinchi tomondan, bu noxush voqea oiladagi ikki o‘g‘ilning Italiyaga ketishiga sababchi bo‘ldi. Italiyada Xuan Lopes de Oyosning xati bilan kardinal Akvavining kotibi bo‘lib ishga kirdi. Keyin Italiyada turgan Ispaniya qirolining qo‘shiniga askarlikka yollandi. Ana shu yillar Italiya san’ati, adabiyoti bilan yaqindan tanishdi, bu davr o‘qib-o‘rganish, adabiyotni anglash, san’atni tushunish yo‘lida o‘ziga xos maktab bo‘ldi. 1571 yili dengiz jangida ishtirok etdi va yelkasining uch joyidan yaralandi, bir qo‘li umrbod mayib bo‘lib qoldi. Uyga qaytayotganda esa Jazoir qaroqchilari qo‘liga tushib, besh yil asirlikning azobini boshidan kechirdi. Oilasi bor budini sotib to‘lov to‘lagach, u kasalmand, holdan toygan holda uyiga qaytib keldi. Bu paytda Rodrigo Servantes butunlay kar bo‘lib qolgandi. Migel oila boshlig‘i sifatida barcha mas’uliyatni zimmasiga oldi. Ustiga-ustak, asirlik to‘lovi uchun olingan qarzlar xonadonni holdan toydirgandi. Qirol olib borgan urushdan nogiron bo‘lib qaytishi ham, shaxsan kardinalning tavsiyanomasi ham ish bermadi. Yarim jon holatda ish izlashiga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, jangovar flot uchun oziq-ovqat to‘plovchi nazoratchi bo‘lib ishga kirdi. Nazoratchi amali o‘zini o‘nglab olish uchun eng qulay vazifa edi. Ammo Migel o‘ta halol va o‘z ishiga mas’uliyatli, adolatli, vijdonli yigit edi. U arzimas maoshga rozi bo‘lib vazifasini chin dildan ado etardi. Qo‘shin uchun qonunda ko‘rsatilgan o‘lponni to‘lamagani tufayli cherkovni ham javobgar qilgani sababli uch marta qamoqqa tushdi. Bu paytda cherkovning ta’siri juda katta edi. Qamoqda Servantes birinchi marta ijod sohasida o‘zini sinab ko‘rishga qaror qildi va mashhur «Don Kixot»ning birinchi tomi deyarli qamoqda yozildi. Qamoqdan chiqib ishsiz qolgach adib o‘zini ijodga bag‘ishladi. Umuman, Servantesning bu harakatini «ijod» deb bo‘lmasdi, u yozish orqali yashash uchun kurashardi. Yozganlaridan tushgan arzimas mablag‘ o‘z qaramog‘idagi katta oilani tebratishga ham yetmasdi. Singillari va xotini boy odamlarning ishini qilib unga madad berib turishardi. Servantesning oilaviy ahvoli tasvirlari uning asari qahramoni lamanchlik idalgo Kixanna yoki adabiyotdagi Don Kixotning oilaviy hayoti tasvirlariga to‘liq singib ketgan. Don Kixot oilaviy ahvoli haqidagi tasvirlar to‘lig‘icha Servantes hayotining tasvirlari edi. Qashshoq Servantes xayolida boyish va dunyoni zabt etish umidida asar yozishga kirishdi.
«Lamanchlik Don Kixot»ni to‘liq yozib bo‘lguncha Servantes deyarli muvaffaqqiyatsiz chiqqan roman, novellalar va teatrda qo‘yilgan 20 – 30 ta pesa yozdi. Ammo bironta asari ham o‘zi istagandek uning tirikchiligini o‘nglay olmadi. Yozuvchi baribir yozishdan to‘xtamadi. Zero, mayib odamning qo‘lidan boshqa ish kelmasdi. Bu majruh odamni boshqa birov ishga ham yollay olmasdi. Migel o‘zini va singillarini yo‘qchilikdan qutqarish uchun butun kuchini sarflab ijodga sho‘ng‘idi. 1605 yili «Lamanchlik Don Kixotning g‘aroyib sarguzashtlari» romanining birinchi qismi bosilib chiqdi.
Birinchi qismning o‘ziyoq Servantes nomini Yevropada mashhur qilib yubordi. Asar boshidanoq o‘quvchi xayoliy va real voqelik qorishig‘iga, ular o‘rtasidagi ko‘z ilg‘amas kurashga duch keladi. Voqelik va xayol har bir sahifada, sahnada o‘zi uchun, o‘rni uchun joy talashadi. Bu ikki holat roman oxirigacha go‘yo tarozining ikki pallasidek o‘quvchi nigohida lipillab turadi va toki so‘nggi sahnalargacha mazkur muvozanat saqlanadi. Faqat asar so‘ngida Don Kixot o‘zining sarguzashtlari sarob ekanini tan olgandan keyingina tarozi pallasi voqelik, reallik g‘alabasi tomon og‘adi. Aynan ana shu muvozanatning saqlanishi va oxirida reallikning g‘alaba qilishini tadqiqotchilar yangi poeziyaning boshlanishi deya e’tirof etadilar.
Romanning ikkinchi qismi 1615 yili chiqdi.
«Don Kixot» romani Navoiy «Xamsa»si, «Gulliverning sayohatlari», «Gamlet», «Urush va tinchlik», «Aka uka Karamazovlar» kabi asarlar bilan bir qatorda turadigan, faqat bir qatorda emas, balki o‘zidan keyingi barcha romanlarga, obrazlarga ulkan ta’sirini ko‘rsatgan, vaqt va zamonlar o‘tgan sayin qimmati va ahamiyati yanada oshib, inson va tiriklik haqidagi hikmatlari yanada teranlashib boraveradigan asarlar sirasiga kiradi. «Don Kixot»dan dunyo adabiyotida sarguzashtlar, mistik qahramonlik, didaktik ruhda yozilgan asarlar davri tugab, gumanistik g‘oyalarning adabiyotdagi abadiy tantanasini belgilab bera olgan asarlar davri boshlandi. Servantesning Don Kixoti, garchi xayolparast bo‘lsa-da, real voqelikdagi real qahramon. Unda epik talqinlardagi mubolag‘a, qo‘shib-chatishlar, oshirib tasvirlashlar, bo‘rttirishlar yo‘q. Hatto oti Rosinanta ham oriq, qiltiriq, ramaqijon. U ko‘ngil qo‘ygan xayoliy Dulsineyasi ham, aslida, oddiy dehqon ayoli. U dev deb kurashgan narsa, asli, tegirmon parragi. Servantes hayotiy qahramonini ritsarlik romanlarining to‘qima voqealari bilan to‘qnashtiradi va shu to‘qnashtirish orqali o‘sha romanlarga xos hayotdan uzilgan, hech kimga keragi yo‘q, samoviy va afsonaviy tamoyillarni inkor qiladi. Faqat Don Kixotgina bu to‘qimaga ishonadi, ammo atrofidagi hayot allaqachon u intilgan maslak to‘qima va yolg‘onligini bilib bo‘lgan. Aynan shuning uchun Don Kixot yonida Sancho yuradi va o‘z xo‘jasining har bir ishiga xalq nomidan hamda tasavvuridan baho beradi. Don Kixotning xayoliy dunyosi bilan real voqelik to‘qnashuvi oxir-oqibat real voqelik g‘alabasi bilan yakunlanadi. Ritsarlikning va o‘rta asr hukmron mafkurasining to‘qima, yolg‘on dunyosi inkor qilinadi. Bu esa o‘z davrining eng ulkan xulosasi edi. Ana shu jihatlarga asoslanib Belinskiy: «Evropa romani «Don Kixot»dan boshlandi», – deydi. Faqat yangi davr romani emas, adabiyotning gumanizm taraf yuz burishi, insonparvarlikni adabiyotning bosh g‘oyasi sifatida talqin qilish davri boshlandi. «Don Kixot» «zaif va ojizlarni, ezilgan va xo‘rlanganlarni, toptalgan va huquqsizlarni» qo‘llab-quvvatlash, yordam berish, ular uchun kurashga va jangga kirish, ularni yovuzlardan, ezuvchilardan, xo‘rlovchilardan, sohiblar va to‘ralar, boshqaruvchilar qiyofasidagi «ulkan maxluqlar»dan, «jodu va afsunlar» qiyofasidagi faqat ezuvchilar manfaati uchun yaratilgan tartiblar va munosabatlardan insonni hamda uning ko‘nglini himoya qilish an’anasini boshlab berdi. Don Kixotning telbavor qahramonliklari tagida bitta istak – dunyoni yovuzlardan, kuchsizlarni kuchlilardan, eziluvchilarni ezuvchilardan himoya qilish istagi yotadi. Boshqacha aytganda, Servantes bu asarida diniy-qahramonlik bilan to‘lib-toshgan, maslak-maqsadi faqat qahramonlik ko‘rsatish bo‘lgan ritsarlik romanlariga istehzo tarzida insonparvarlikni Don Kixot orqali himoya qilishga kirishadi. To‘g‘ri, Servantesgacha ham gumanistik g‘oyalar adabiyotda mavjud edi. Ammo ularning aksariyati didaktik va romantik xarakterda bo‘lib, real voqelik real odamlarni, real adolatni himoya qilish, kurashda adolat tarafida turish, ezgulik va haqiqat uchun ochiq-oshkora kurashish an’anasi yo‘q edi. Aniq odam, aniq tabaqani, aniq voqelikni himoya qilish bilan asar dunyo romanchiligiga gumanizm g‘oyalarini olib kirdi. Taniqli faylasuf Xose Ortega-i-Gasset «Don Kixot» romani adabiyotning barcha janrlarini o‘zida mujassam etganini tadqiq qiladi. Uning fikricha, asar poeziya, proza, drama, komediya, tragediya, epos, fantastika, hatto detektiv kabi janrlarni mujassam etgan. Shuningdek, realizm, mistika, didaktika singari yo‘nalishlarning barcha talablariga to‘liq javob bera oladi. Asar o‘zidan ikki yuz yil keyin yaratilgan XIX asr romanlariga qo‘yiladigan gumanistik talablarga ham dosh beradi. Asarni turlicha sharhlovchilar, har xil talqin qiluvchilar adabiyot tarixida juda ko‘p. Bu asardan xristian, ya’ni Iso alayhissalom bilan bog‘liq afsonalar ildizini izlovchilar ham bor. Ularning fikricha, Don Kixot o‘z qiyofasida Iso payg‘ambarni, kurashida uning ta’limotini timsollashtirgan. Uning zaiflar manfaati uchun kurashga otlanishi aynan shu ta’limotning ko‘rinishidir. Boshqa bir talqinga ko‘ra, asar Erazm Rotterdamskiy g‘oyalarini adabiyotga olib kirgan va Don Kixot obrazi orqali bu ta’limotni harakatga keltirgan. Bunaqa sharhlar butun dunyoda hanuzgacha davom etyapti va asardan har bir avlod o‘ziga kerakli g‘oyalarni topmoqda. Bunday talqinlarning o‘z asoslari bor. Ammo romanning eng katta va birlamchi asosi uning adabiyotni tom ma’noda insonparvarlik tomon burib berganidadir. Aslida, romanning bosh g‘oyasi ham, har qanday talqinlarga qaramasdan, gumanizm. Asar o‘rta asr romanlariga xos bo‘lmagan tarzda qahramonni hayotdan, odamlar ichidan oldi. Bu qahramonlar ritsar romanlari kabi afsonaviy, favqulodda qahramonlar emas, balki odamlar ko‘rib, bilib, yonma-yon yashayotgan kishilar edi. Ayniqsa, Don Kixotning qashshoq va kambag‘alligi adabiyotga munosabatni osmondan yerga tushirdi. O‘quvchilar birinchi marta romanda o‘zlari kabi o‘ylaydigan, o‘zlari kabi harakat qiladigan, o‘zlari kabi gapiradigan va qiynaladigan qahramonlarni ko‘rishdi. Ritsarlik romanlaridagi yetib va erishib bo‘lmas qahramonlar bu asardan boshlab to‘la ma’noda xalqchil tus oldi. Mazkur holat badiiyatda hayotchan obrazlar davri boshlanganini bildirardi. Don Kixotning qurolbardori Sancho bilan muloqoti, ularning o‘zaro munosabatlari, Sanchoning asardagi o‘rni – barchasi bu fikrni to‘liq asoslaydi. Garchi ba’zi bir adabiyotshunoslar Sancho obrazida go‘l, omi, meshchan, savodsiz va fantaziyasiz to‘pori odamni ko‘rishsa-da, biroq, bizningcha, Servantes, ritsarlik romanlaridagi qurolbardorlardan faqrli o‘laroq, Sancho obrazi orqali dunyo adabiyotiga oddiy inson obrazini, oddiy xalq vakilini olib kirdi va shu obraz orqali tom ma’nodagi insonparvarlik g‘oyasini adabiyotga yetaklab keldi. Sancho, aslida, Don Kixotning amaliy, xayoldan xoli bo‘lgan boshqa qiyofasi. Don Kixot va Sancho – bir odamning ikki xil «men»i. Buni asarni sinchiklab o‘qib anglab olish mumkin. Ularning o‘rtasidagi dialoglar, suhbatlar, munosabatlar – hammasi ana shu fikrni tasdiqlaydi. Don Kixot xayoliy, abstrakt, hayotdan uzilgan, ideal orzular bilan yashaydigan «men» bo‘lsa, Sancho hayotiy amallar bilan yashaydigan, yerdan oyog‘i uzilmagan «men». Aynan shu sababli asar boshida ikki xil ko‘ringan va ikki xil nuqtai nazarga ega, turlicha qarashlari uchun bir-birini masxara qiladigan Don Kixot va Sancho asar so‘ngida deyarli bir xil fikrlaydigan odamlarga aylanadi. Sancho Don Kixot targ‘ib etgan g‘oyalar darajasiga ko‘tariladi, Don Kixot esa Sanchoning hayotiy tajribalariga suyanadigan bo‘ladi. Asarning so‘nggi sahnalarida Sancho hatto Don Kixotning o‘zidan ham ko‘ra xayolparast ritsar targ‘ib qilgan g‘oyalarga sodiq qoladi. Don Kixot o‘limi oldidan o‘z g‘oyalaridan voz kechadi, Sancho esa voz kechmaydi. U asar so‘ngida Don Kixot kurashgan g‘oyalarni davom ettiruvchi sifatida yanada qat’iyatli obrazga aylanadi. Boshqacha aytganda, Servantes Don Kixot qiyofasidagi ritsarlik romanlaridan qolgan xayoliy orzuparastlikdan voz kechib, Sancho qiyofasidagi amaliy gumanizmni boshlab beradi. Aynan shu asardan boshlab adabiyot dunyoni va hayotni bashanglar, oliftalar, kiborlar, ritsarlar, xayoliy qahramonlar nigohi bilan emas, xalqning tipik vakili bo‘lgan Sancho nuqtai nazari bilan tahlil qilishni va voqelikka uning o‘lchami bilan baho berishni, uning ko‘zi bilan qarashni o‘rgandi. Adabiyotga xalq vakili asosiy obraz bo‘lib kirib keldi. Servantesgacha bo‘lgan romanlarda epik ko‘lam katta, qahramonlar real voqelikka deyarli aralashmagan. «Don Kixot» esa o‘z davrining, Filipp III qirolligining butun manzarasini ochib tashlaydi. Ayniqsa, Sanchoning Baratariya oroliga hokimligi orqali qirollik tizimining chirigan, puturdan ketgan, yolg‘on va soxta axloqqa, yolg‘on va soxta g‘oyalarga qurilgan, quruq hashamdan boshqasiga yaramaydigan davlat mashinasining yaroqsizligi achchiq va istehzoli kulgu ostiga olinadi. Aynan yuqori tabaqa hayoti, davlat tuzumi adib tomonidan xalq ichidan chiqqan Sancho nigohi orqali tahlil qilinadi, kuzatiladi. Adib o‘rta asr o‘quvchisi didini ertakmonand afsonaviy-to‘qima xayol dunyosidan oddiy real dunyoga, real hayotga tortib tushiradi. Ayni paytda, Don Kixot obrazi va uning maslagu maqsadi orqali insonning ideal dunyosi bilan real voqelikni to‘qnashtiradi. Don Kixotning ideali shafqatsiz va qotib qolgan, uni tushunmagan dunyo bilan qarama-qarshi keladi. Bu to‘qnashuv o‘zi istaganday va maslak qilib tanlaganday yashay olmaydigan, muhit bilan yuzma-yuz turgan inson fojiasini o‘zida mujassamlashtiradi. Aynan muhit bilan yuzma-yuz konfliktda turgan inson obrazi keyinchalik G‘arb romanlarining asosiy mavzusiga aylandi. Romandagi real hayot manzaralari o‘z davrining nafaqat badiiy tasvirlari, balki voqelikni bor qiyofasi bilan haqqoniy aks ettirgan hujjatlar darajasiga ko‘tariladi. Servantes asirlik payti Jazoir podshosi qo‘lida tutqunlikda yotgan 15 ming nasroniy nomidan qirolga bir necha marta xat yozadi. Ammo qirolning na tutqunlar, na xat bilan ishi bo‘ladi. Asirlikdan qaytgandan so‘ng Servantes qirollikning o‘z xalqini ezib yotgan yaroqsiz saltanat ekanini va bu tuzum ich-ichidan chirib bitganini his etadi. Ayni shu xulosalar romanda goh komedik, goh xayoliy, goh real sahnalar orqali o‘z aksini topadi. Tuzumni va real hayotni, muhitni bu xil tasvirlash va fosh qilish tamoyili ilgari boshqa romanlarda uchramagandi. Asarning gumanistik g‘oyasi, uning inqilobiy xarakteri ana shu holatlarda yaqqol ko‘rinadi.
Aynan o‘sha xususiyatlari bilan «Don Kixot», Ortega-i-Gasset aytmoqchi, «yangi va eski adabiyotlar kesishadigan yo‘l, ikki dunyo san’ati to‘qnashadigan chorrahadir». Bu chorrahada adabiyotning romantik davri poyoniga yetadi va realistik davr bosh ko‘tara boshlaydi. Bu chorrahada turib G‘arb adabiyoti qandaydir to‘qima, xayoliy qahramonlarni emas, real muhitdagi real odamni, real voqelikni tahlil qilishga o‘tadi.
Keyinchalik ingliz, nemis, rus, frantsuz romanlari bevosita ana shu roman ta’sirida paydo bo‘ldi va taraqqiy etdi. Dunyo adabiyotidagi o‘nlab titan obrazlar: Pikvik, Jyulen Sorel, Fabritsio, Emma Bovari, Mishkin, Alyosha, Per Bezuxov, Mobi Dik, Gelkberri Finlar bevosita Don Kixot obrazidan o‘sib chiqqani, uning ta’sirida paydo bo‘lganini tadqiqotchilar, ayni shu obrazlarni yaratgan adiblarning o‘zlari e’tirof etishgan.
«Don Kixot» romani Yevropada juda tez mashhur bo‘lib ketdi. Bu asarning dunyoga kelishi shu darajada qudratli bo‘ldiki, u parodiya qilgan ritsarlik romanlari asar chop etilgandan so‘ng Ispaniyada, keyin nashr etilgan mamlakatlarda o‘z o‘quvchilarini butunlay yo‘qotdi va boshqa nashr etilmadi. Bu romanning dastlabki g‘alabasi edi. Ammo asar adibning yo‘qchilik zulmati cho‘kkan hayotini yorita olmadi. Roman ko‘plab nusxada bosilayotgan bo‘lsa-da, tovlamachi noshirlar o‘zlarining cho‘ntaklarini qappaytirish bilan shug‘ullanishdi, asarni maqtab, ko‘z-ko‘z qilishib, qayta-qayta nashr etishdi, ammo muallif ham, uning haqi ham butunlay unutildi.
O‘sha yillarda tsenzor-amaldor bo‘lgan shaxsning xotiralarida bir voqea qayd etilgan. Asardan juda mutaassir bo‘lgan va ilhomlangan Frantsiya elchisi tsenzordan: «Servantes deganlari kim o‘zi?» – deb so‘raydi. Senzor unga: «Bir qashshoq odam», – deb javob beradi. Elchi bu xabardan bag‘oyat ajablanadi, «Nima, Ispaniyaning Servantesday buyuk odamlarni boyitishga qurbi yetmaydimi!?» – deb so‘raydi. Butun mamlakatning, qirollikning faxriga aylangach ham Ispaniya Servantesni qashshoqlikdan tortib chiqarolmadi. Ammo uning yozgan romani dunyoning eng ulug‘ romanlaridan biriga aylandi va milliy hamda dunyo adabiyotiga benazir boylik bo‘lib qo‘shildi.
1616 yili Servantes kambag‘alligicha, yo‘qchilikdan qiynalib olamdan o‘tdi. Turgenevning «Don Kixot va Gamlet» risolasida keltirilishicha, Servantes Shekspir bilan bir kunda, 23 aprelda, vafot etgan. Ikki buyuk adib bir kunda yorug‘ dunyoni tashlab ketgan.
Yangi asr boshida Nobel mukofoti tashkiliy qo‘mitasi adabiyot tarixidagi eng mashhur asarni aniqlash uchun adiblar, olimlar, ziyolilar o‘rtasida dunyo miqyosida so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Kafka, Kamyu, Joys, Dostoyevskiy, Tolstoy, Balzak, Prust, Gesse asarlari emas, bir ovozdan «Don Kixot» asari adabiyot tarixidagi eng ulug‘ asar deb topildi.
Nazar Eshonqul