Matyoqub Qo‘shjonov. Badiiyatdan o‘n ikki saboq (kitobdan boblar)

MAFKURAVIY MUHIT VA BADIIYaT QISMATI

Totalitar mafkura hukm surgan yetmish yil davomida marksistik dunyoqarashning ba’zi printsiplari badiiy ijodning o‘ziga xos xususiyatlarini, xususan, mazmun bilan shakl birligini hisobga olmasdan zo‘rma-zo‘raki tarzda qo‘llanildi. Jumladan, partiyaviylik, sinfiylik masalalari xususida gap borganda, ijodkorning ob’ektiv hayot qonuniyatlarini o‘rganib, haqiqatni, faqat haqiqatni aks ettirishi zarurat hisoblanavermas edi. “Partiyaviylik”, “sinfiylik» nazariyalari ijodkor ishini nazoratga olish, taftish qilish uchun ishlatiladigan qurol edi. Bu ish “mutasaddilari” yozuvchi hayotning qaysi tomonlariga ko‘proq e’tibor berishi kerak va qay yo‘sinda tasvirlashi kerak, ma’nosida yuqoridan turib buyruqbozlik qilishardi. VKP (b) Markaziy komitetining 1925 va 1946 yillardagi Adabiyot va san’at haqidagi qarorlari xuddi shu maqsadda qabul qilingan edi. Shu asosda o‘sha yillari qator iste’dodli ijodkorlar qattiq tanqid ostiga olindi, hatto ijoddan uzoqlashtirib qo‘yildi. Ulardan bir qismi qatag‘on qilindi. Nazorat usullari ham g‘alati bo‘lardi. Masalani ko‘proq bir yoki bir necha shaxslar hal qilib qo‘yaqolardi. Nazoratchilarning badiiy ijodga qay darajada daxli bor yo yo‘qligi bilan hech kimning ishi bo‘lmasdi. Ba’zan masalani hal qiluvchi “arbob” didiga to‘g‘ri keladigan shaxslardan iborat dabdabali komissiyalar xo‘jako‘rsinga tuzilardi. Ularning tayyorlagan ma’lumotlari asosida qarorlar qabul qilinib, qonun sifatida ijodkorlar muhokamalariga qo‘yilar, katta-kichik majlislar bu ishga bag‘ishlanib, ommaviy axborotchilar bir xil andozadagi maqolalarni sonma-son e’lon qilaverishar edi. Masala mohiyatiga tushunib yetishni o‘ylab ko‘rmagan “mutaxassislar” bu xil to‘qima qarorlardan cheksiz ko‘chirmalar olib, ma’lum bir ijodkorni do‘pposlashga kirishar edi. Odatda, o‘ziga xos, iste’dodli ijodkorlar bu buyruqbozlikning qurboni bo‘lardi. Buyruqbozlikning eng dahshatli joyi ham shunda edi.

Bu nohalol ishning nazariy qarashlari ham tayyor turar edi: “o‘tmishni qo‘msash, ideallashtirish”, “milliy masalani tushunmaslik”, “mayda burjuaziya ideologiyasiga berilish”, “zamonaviy mavzuni nazar-pisand qilmaslik”, “hayotni bir tomonlama tasvirlash”, “mehnatkash obraziga kam e’tibor berish”, hokazo va hokazolar. Bularning hammasi yig‘ilib, hayot voqeligiga sinfiy qaramaslik, partiyaviylik aqidasida mustahkam turmaslik, deb atalar edi.

Shu orada marksizm klassiklari yetarli darajada o‘rganilmabdi, binobarin, ularga shak keltirilibdi, degan navbatdagi xulosalar ham aytilardi. Shu tarzda badiiy shakl masalalari e’tibordan qoldirilib, g‘oyaning hukmronligi, uning hal qiluvchi kuchi ta’minlanardi.

Shu yo‘sinda qariyb 50 yil davomida o‘zbek adabiyotining ilk klassiklari, o‘ziga xos iste’dod egalari Cho‘lpon va Fitrat yangi tuzumning ashaddiy dushmanlari, deb e’lon qilindi. Shu talablar asosida birinchi o‘zbek romannavisi Abdulla Qodiriy “xalq dushmaniga” chiqarilib, uning romanlari kitobxonlar qo‘lidan tortib olindi. Qodiriychilar deb nomlangan “aybnoma”lar joriy qilindi. Shu asosda qanchadan-qancha iste’dodlarning qanoti qayrildi. Adabiyotimiz taraqqiyotiga xizmati singgan M.Shayxzoda, Shuhrat, S.Ahmad. Shukrullo sovetga yot unsurlar, deb e’lon qilindi. Oybekning “Navoiy” romani “zararli asar” qatoriga chiqarildi.

Badiiy shakl masalalarini nazar-pisand qilmagan, sun’iy g‘oyalarning hukmronligiga asoslangan ayblovlar yaqin-yaqin vaqtlargacha davom qildi. Yigirmanchi yillar oxirida paydo bo‘lgan mash’um “mayda burjuaziya mafkurasi” aybnomasi 30-yillarda ham jiddiy ravishda bosh ko‘tardi. Shu asosda O‘zFA Til va adabiyot institutining ishlari (1982) mafkura jihatdan zararli, deb topildi; keyingi yillarning jozibali romanlaridan biri “Yulduzli tunlar” sovet adabiyoti uchun yot asar sifatida baholandi. Shuhrat va Shukrullo hayotdan orqada qolgan ijodkorlar, deb e’lon qilindi. Adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov qora ro‘yxatga tushdi. Bular hammasi partiya nomi bilan, partiyaviylik, sinfiylik shiori, faqat mazmun, go‘yo mazmunni sof saqlash maqsadida qilindi.

Masalaga yana ham aniqroq qarasak, quyidagi manzara ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi: adabiyot ishiga dogmatik qarashni odat qilganlarning asosiy aqidasi yozuvchi hayotning qaysi tomonini ko‘rdi, nimaga e’tibor berdi, degan masala bo‘ldi. Ular nazarida bu bosh masala edi. Ularni asosiy masala – hayot tasviridan kelib chiqadigan ma’no qiziqtiravermas edi. “O‘tgan kunlar”ning asosiy qahramonlari hokim sinf vakillari ekanliklarini hazm qila olmasdilar. Hokim sinf vakillari ham jamiyat hayotidagi tengsizlik, feodal urf-odatlar qurboni bo‘lib, fojeiy holatga tushib qolishlari mumkinligi ularning xayoliga ham kelmas edi. Sinfiy qarashni dogmaga aylantirganlar “Navoiy” romanida Alisher Navoiyni ulug‘ gumanist sifatida emas, balki “yirik feodal” sifatida ko‘rishni istardilar. Fitratning “Chin sevish”, “Hind istilochilari”dagi ingliz istilochilariga qarshi kurashgan ishchi komitetlarining faoliyatidan xulosalar chiqarib, hindlarning inglizlarga qarshi kurashini o‘zbeklarning ruslarga qarshi ishorasi deb tushundilar. Mazmunga birinchi darajali ahamiyat berish, badiiyatni nazar-pisand qilmaslik bu xulosalar zamirida turgan omil edi.

Buning ustiga, badiiy jihatdan ancha barkamol, xalq muhabbatini qozongan qator mumtoz asarlarimizni partiyaviylik, sinfiylik jihatidan chiqitga chiqarmoqchi bo‘lgan “bilag‘onlar” sinfiy kurashni cheklangan, ma’lum bir qolipga solgan holda tushundilar. Ular sinfiy kurashning klassik shaklini, unda ham bir xil ko‘rinishini – yo‘qsillarning hokim sinfga qarshi ochiq kurashinigina tushundilar. Ular nazarida bu harakatlar tufayli hokim sinf vakillari orasida tug‘iladigan turli ziddiyatlar, bu ziddiyatlar natijasida paydo bo‘ladigan, “Kecha va kunduz”da tasvirlanganidek, yemirilishlar, axloqiy buzilishlar, “O‘tgan kunlar”dagidek, keskin fojiaviy yechimlar, “Navoiy” romanidagidek, gumanizm bilan qora kuchlar o‘rtasidagi olishuvlar, “Yulduzli tunlar”dagidek, hokimlik mavqei va taxt talashish, xalq boshiga yog‘dirilgan og‘ir kulfatlarning go‘yo sinfiy kurashga hech qanday aloqasi yo‘q edi. Totalitar munaqqidlar bu holatdagi voqealar xususida jiddiyroq o‘ylab ham ko‘rmasdilar. Holbuki mazkur ziddiyatlar, yemirilishlar, fojialar, qirg‘inlar sinfiy kurashning xalqchillik, gumanizm odamiylik shaklida namoyon bo‘lgan ko‘rinishlari emasmi?! Nega biz yaqindagini ko‘rib, uzoqdagini nazarga ilmasligimiz, yaltiroq tashqi ko‘rinishga e’tibor berib, voqelik mohiyatini ochib beradigan chigalliklarni ko‘rmasligimiz kerak? Bordi-yu, badiiyat sirlari, bu jihatdan qo‘lga kiritilgan yutuqlar yetarli o‘rganilsa, ularga suyanib ish tutilsa, to‘g‘ri xulosaga kelish qiyin bo‘lmas edi-ku! Afsus, shunday qilinmadi. Badiiy ijodga dogmatik qarashning printsiplari, bir xil ijodkorga nimani tanlashni va qanday tasvirlashni “ko‘rsatib” berish ham davrlarga, janrlarga qarab har xil yo‘sinda namoyon bo‘lar edi. Ma’lum bir vaqtlar “asarda partiya rahbari roli to‘g‘ri ko‘rsatilmagan”, “rus kishisi obrazi zaif”, “salbiy qahramonlar to‘la ochilgan-u, ijobiy qahramonlar yorqin emas”, “sovet kishisi tabiat ustidan g‘alaba qozonavermaydi”, “diniy ruhdagi so‘zlarni ishlatadi”, “og‘ir vaziyatdan chiqib keta olmaydi”, “kurashchi emas” va hokazo aybnomalar to‘qib tashlanaverardi. Shunday hollar ham ro‘y berdiki, “tangri”, “xudo” “ollo taolo” singari so‘zlar hatto qahramonlar tilidan ham aytilishi mumkin emasdi. 80-yillarning birinchi yarmida yozilgan badiiy asar mualliflari qahramon tilidan ishlatiladigan bu so‘zlarni “ko‘k” (samo ma’nosida), “osmon” singari so‘zlarga almashtirishga majbur bo‘ldilar.

Dogmatik aybnomalar faqat majlislaru matbuot sahifalarida aytib qo‘yila qolsa ham mayli edi. Eng dahshatlisi, ulardan siyosiy xulosalar chiqarilib, mualliflarga har xil yo‘sindagi tazyiqlar o‘tkazilardi.

Bunday paytlarda asar qahramoni qanday vaziyatda yashaydi, harakat qiladi, yozuvchi niyati qanday, uning uslubi nima bilan xarakterli, material mantiqi nimani taqozo etadi – bu bilan ko‘rsatma beruvchilarning ishlari bo‘lmasdi.

Yana bir masalaga e’tibor qiling: bugun biz tabiat muvozanatining buzilishi xususida tashvishga tushib qoldik. Keyingi 50-60 yil davomida adabiyotimiz boshqa sohalar qatori “o‘jar tabiat”ni to‘la ravishda inson izmiga bo‘ysundirish yo‘nalishida rivojlandi? Adabiyot ishlarida ham Michurinning “Biz tabiatdan marhamat kutmaymiz!” degan so‘zlari hadeb takrorlanaverardi.

Adabiyot tabiat ustidan zo‘ravonlik qiladigan qahramonga madhiyalar o‘qidi, uni ulug‘ladi. “O‘jar tabiat”ni insonga bo‘ysundiruvchi qahramonlar galereyasi paydo bo‘ldi. Ular bu ishda hech qanday to‘siq bo‘lishmasdi. Endi ma’lum bo‘layaptiki, ular tabiatni payhon qiluvchilar, uning umr ildiziga bolta uruvchilar ekan.

Hayotda uchrab turadigan son-sanoqsiz fojeiy holatlar, komik va satirik voqealar badiiy ijod maydonidan chetlatildi. Matbuot sahifalari-yu, katta-kichik anjumanlarda, hatto partiya qurultoylarida barcha kamchiliklarni satira o‘ti bilan kuydirish kerak, degan shiorlar o‘rtaga tashlanardi. Biroq amalda bu shiorlarga zid ishlar qilinardi. Bu o‘rinda so‘z bilan amaliyot orasida osmon bilan yercha farq bo‘lardi. Targ‘ibot va tashviqot shu darajada qudratli ediki, bu farqni o‘z vaqtida anglab qolgudek bo‘lsak, osongina xalq dushmani safiga qo‘shib qo‘yilardik.

Bu holatdagi shiorlarning kuchini qaytaradigan omillar ham mavjud edi. Satirik asar yaratmoqchi bo‘lgan mualliflar oldiga hayotning salbiy tomonlarini aks ettirish uchun birinchi galda uning ijobiy tomonlarini ko‘rsatish kerak, degan qat’iy talab qo‘yilar edi. Shunday qilib, adabiyotda tekis, silliq, faqat “yaratuvchilik” bilan band qahramonlar hukmronligi paydo bo‘ldi, adabiy jarayonda asosiy omil shular bo‘lib qoldi. Kimdir fojeiy yoki hajviy holatlar tasviriga murojaat qilib qolsa, “Bizning ilg‘or jamiyatimizda, farovon hayotimizda bu xildagi voqealar bo‘lishi mumkin emas, bu sotsialistik tuzumga tuhmat”, degan ovozlar yangraydigan bo‘ldi. Hatto “bizga Gogollar kerak, Shchedrinlar kerak” deb katta va obro‘li minbarlardan bong urilar edi-yu, Gogol va shchedrinchasiga haqiqatni aytishga intilgan ijodkorlar katta zarbaga uchrar va bunday ijodkorlarni sotsrealizm ijodkori safidan chiqarib qo‘yishgacha borib yetar edi. 1962 yilda yaratilgan Abdulla Qahhorning “Tobutdan tovush” komediyasining qismati fikrimizning to‘la dalilidir. Komediya haqiqatan ham gogolchasiga, ham shchedrinchasiga yaratilgan edi. Asar muvaffaqiyat bilan sahnalashtirildi ham. Biroq ko‘p o‘tmasdan, uch nafar zabardast mafkurachilar imzosi bilan asarni tamomila yo‘qqa chiqaradigan maqola e’lon qilindi. Asar darhol sahnadan olib tashlandi.

Ba’zi o‘rinlarda gap shunga borib yetar ediki, adabiy asarlarda yaratilgan tiplarning salbiy xislatlari biroz bo‘rttirilib, ijobiy belgilari kamroq ta’kidlanib qoladigan bo‘lsa ham hayot buzib ko‘rsatilgan, sotsialistik tuzum kamsitilayotgan hisoblanardi. Abdulla Qahhorning “Sarob” romani uzoq yillar zararli asarlar qatoriga qo‘shib qo‘yildi. Adabiyotda sovet kishisi bir xilda – o‘ta ishchan, o‘ta ilg‘or, o‘ta yetuk bo‘lishi kerak. Shunday bo‘lmasa, bu kapitalizmga yon bosgan, individualizmga yo‘l ochib bergan, sotsialistik hayotga xos bo‘yoqlarni topa olmagan hisoblanardi. Qizig‘i shuki, hech kim hajviy asar yaratish kerak emas, deya olmas edi. Biroq hajviy tiplar sotsialistik tuzum talablari doirasidan chiqmasligi kerak, eng muhimi, adashgan nobop holga tushib qolgan kimsa “qayta tarbiyalanishi” talab qilinardi. Qayta tarbiyalash vazifasini ijobiy qahramon bajarishi muqarrar hisoblanardi. Buning uchun ijobiy qahramon hech qanday kamchilikka yo‘l qo‘ymaydigan, kam-ko‘sti yo‘q shaxs bo‘lishi zarur edi. Shunday qilib, hajviyot barkamollikka erisha olmas, yaratiladigan hajviy tiplar chala tug‘ilgan bolalarni eslatardi. Ijobiy qahramonlar masalasi ham to‘g‘ri talqin qilinavermasdi. Asosan: u bekamu ko‘st, o‘ta mukammal, kommunistik ideal aqidalariga to‘la mos odam bo‘lishi kerak edi. Hatto ijobiy qahramon qiyofasida ma’lum kamchiliklarni ko‘rsatishga intilishlar sezilib qolgudek bo‘lsa, “zarbdor adabiyotchilar “ogoh bo‘ling”, “adabiyotimizda degeroizatsiya oqimi” boshlandi, deb bong uradigan bo‘lishdi. Shunday qilib, adabiyotning hajviyot janri boshqa janrlarga nisbatan ko‘proq zarar ko‘rdi. Janr sifatida taraqqiyotdan mahrum bo‘ldi.

Lekin shu bilan birga hayot shuni ko‘rsatdiki, adabiyot yo‘lini to‘sib qo‘yishdan ko‘ra azim daryoga to‘g‘on bosish osonroq. Bir tomoni to‘silsa, adabiyot ikkinchi tomondan o‘ziga yo‘l ochdi. Ba’zan qabih nizomlar davrasidan yo‘l topib, ba’zan chetga chiqib bo‘lsa ham, haqiqatni aytadigan asarlar yaratilar, davr hayotini to‘g‘ri aks ettiradigan tiplar paydo bo‘lib qolar edi. Ba’zi asarlarda shaxsga sig‘inish davrlarini xarakterlaydigan, rag‘batu e’tibordan boshi aylangan o‘zboshimcha rahbarlar tipi chizilsa (“Sinchalak” qissasida Qalandarov obrazi), ba’zi asarlarda boshqa xo‘jaliklar hisobiga mavqeini yana ham yuqorilarga ko‘tarishga harakat qiladigan rahbarlar obrazi yaratildi (“Diyonat” romanida Otaqo‘zi). Ba’zi asarlarda esa o‘zini ilm dahosi hisoblab, boshqalar yo‘lini to‘sib qo‘yayotgan qoloq va amalparast olimlar obrazi yaratildi (“Girdob” romani). Bir xil asarlarda kamchiliklardan ko‘z yuma olmagan jurnalist obrazi yaratilsa (“Nur borki, soya bor”, “Ikki eshik orasi” romanlari), boshqa birida dunyoda o‘zini yaxshilikdan uzoqda tutgan olchoq, firibgar, ammo faxrtalab xudbinlar (“Jannatga yo‘l”), haromdan hazar qilmaydigan poraxo‘rlar (“So‘nggi nusxalar”) fosh qilindi. Qanchadan-qancha qiyinchiliklar bilan Abdulla Oripovning “Jannatga yo‘l” hajviy dostoni yorug‘ dunyoni ko‘rdi. Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostoni o‘tmish orqali zamonaviy fojealarga nur sochdi.

Bugun aytish kerakki, mazkur asarlarning mualliflari o‘sha kezlari bu asarlarni yurak hovuchlab, ming andishayu anduhlar bilan yozib, kitobxonga yetkazgan edilar. Bu holni biz ijodkorlarga xos jasorat, deb baholashimiz kerak. To‘qsoninchi yillarning boshlarida davrning qanchadan-qancha mashaqqatlarini boshidan o‘tkazgan adiblarimiz ijodini yana bir bor yo‘qqa chiqaradigan ovozlar eshitildi. Abdulla Qahhorni “Sarob”da ko‘chirmachi, “Sinchalak”da qizil kotiba obrazini yaratganlikda ayblashdi. Oybekni “Qutlug‘ qon”da hayotni buzib ko‘rsatgan deyishdi. Bu ijodkorlar merosida o‘ziga yarasha davr tamg‘asi borligini tan olgan holda, ularning adabiyot oldidagi xizmatlarini qadrlash burchimizdir.

Debochada biz uzoq yillar davomida adabiyot taraqqiyotiga to‘siq bo‘lgan totalitar mafkura oqibatlari xususida ko‘proq fikr yuritdik. Biroq XX asr o‘zbek adabiyoti boy va ko‘p qirrali adabiyot ekanligi shubhasizdir. Bu davrda adabiyotning barcha janrlari o‘sdi, ulg‘aydi, taraqqiy etdi. Biroq ko‘p mashaqqatlar, yo‘qotishlar evaziga bo‘ldi bu taraqqiyot. Shuning o‘zi ham saboq.

Tabiiy, badiiyat saboqlari haqidagi gapni bir milliy adabiyot doirasidagi asarlar asosida cheklab qo‘yish mumkin emas. Shu sababdan biz jahon adabiyotining yetuk ijodkorlari tajribasiga ham murojaat qildikki, bu hol fikrlarimizni to‘laroq dalillashga imkon berdi.

ADABIYoTDA ShAKL VA MAZMUN

Badiiy ijod olamida mazmunning birlamchiligi aksioma sifatida qayd etiladi. Bu mazmunning shaklsiz emasligidir. Har bir predmet, har bir hodisa ma’lum bir ko‘rinishda namoyon bo‘lganidek, adabiyot va san’atdagi har bir ijod namunasi ham muayyan shaklda gavdalanadi.

Mazmun bilan shaklga tegishli masalani tadqiq etar ekanmiz, bu bilan biz bir-biridan ajratish mumkin bo‘lmagan birlik qonuniyatiga xilof ish tutayotgandek ko‘rinishimiz mumkin. Aslida esa unday emas. Mazmun va shakl masalalarini bir-biridan ajratgan holda fikr yuritganimizda masala mohiyatini chuqurroq ochib berish uchun shartlilik qonuniyatiga asoslanib ish tutishga to‘g‘ri keladi.

Badiiy ijodda mazmun haqida so‘z ketganda, bu masalaning o‘zaro mustahkam bog‘liq ikki tomoni borligini nazarda tutishimiz kerak. Bular masalaning sub’ektiv hamda ob’ektiv tomonlaridir.

MAZMUN VA ShAKLNING SUB’EKTIV OMILI

Badiiy ijod murakkab ish. Yozuvchi voqea va hodisalarni shunchaki qayd qilib qo‘ya qolmaydi. U avvalambor ijodkor, eng muhimi iste’dod egasi. U hayotda nimalarnidir ko‘rgan, kuzatgan, nimalarnidir o‘z boshidan o‘tkazgan shaxs – sub’ekt. Qaysidir voqea va hodisalarni u oilada, tengdoshlari orasida, jamoat qurshovida ko‘rgan va kuzatgan. Bu oddiy kuzatish emas. Voqea-hodisalarga nisbatan muayyan munosabat paydo bo‘ladi unda. Voqealarning qaysi bir jihatlari unga yoqadi va xayrixohlik hissi uyg‘onadi. Nimalardir yoqmaydi unga, natijada noxush tuyg‘ular uyg‘onadi. Qisqasi nimalardandir u zavqlanadi yoki nafratlanadi. Vaqtlar o‘tib, o‘ziga yoqqan yoki yoqmagan voqea va hodisalarni u tarixiy tajriba bilan o‘lchab ko‘radi, ilmiy jihatdan, o‘zining qay darajada haq yoki nohaqligini anglab oladi. Shu asosda san’atkor yozuvchi ko‘nglida kitobxonga, xalqqa qandaydir shakllarda aytish zarur fikrlar paydo bo‘ladi. Bu mushohada va o‘ylar shu darajada yig‘iladiki, uni boshqalarga izhor qilmaslikning iloji bo‘lmaydi. Buni “ijod dardi” degan so‘z bilan ifodalash to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.

Ko‘ngilda dard bog‘lash – hayotda ko‘rgan-bilganlari to‘g‘risida bezovta bo‘lish, yoxud hayratlanish, uni boshqalarga yetkazish istagi har kimda ham tug‘ilaveradigan hodisa emas. Alisher Navoiy so‘zlari bilan aytganda, xalq g‘amini yeyish, uning dardini his qila bilish, bu hisni boshqalarga yuqtira olish noyob shaxslargagina nasib qiladi. Bu xislatga ega bo‘lgan shaxslarni iste’dod egasi deb ataydilar. Demak, ko‘rgan-kechirgan, kuzatgan hayot hodisalari xususida o‘z nuqtai nazariga ega bo‘lish bu iste’dodning birinchi belgisidir.

Ulug‘ Alisher Navoiy “Xamsa”ni yaratish uchun qo‘liga qalam olar ekan, shunchaki an’ana talabiga muvofiq besh dostondan iborat katta hajmdagi yaxlit asar yaratib, “boshqalar qo‘lidan kelgan ish mening ham qo‘limdan keladi” qabilida qandaydir shaxsiy ehtiyojini qondirish maqsadida ish ko‘rgan emas. Unda “Xamsa” hajmiga muvofiq lirik she’rlar ramkasiga sig‘abermaydigan dard-o‘ylar, kitobxonga yetkazish zarurati tug‘ilgan katta-kichik orzu va istaklar bo‘lgan. U shu dardni yuzaga chiqarish, hayotiy muammolar haqidagi mulohazalarini yaxlit va keng ko‘lamda xalqqa yetkazish ehtiyoji asosida ish tutgan. Demak, “Xamsa” yaratish uning uchun an’ana majburiyatidan ko‘ra xalq oldidagi burch talabi edi. Shu yo‘sindagi his va mushohada shoirni bezovta qilmaganda edi, umrining qadrli davridan bir necha yillarini ajratib ko‘z nurini to‘kmas, parvona singari o‘zini ijod oloviga urmasdi.

Amir Temur o‘limidan keyin u yaratgan ulug‘ saltanat parchalandi. Dunyoga dong‘i ketgan davlat yemirilib, davlatchalar paydo bo‘ldi. Katta-kichik shahzodalar har biri o‘zini ulug‘ boboning merosxo‘ri hisoblab, boshqa shahzodalar hukmronlik qilayotgan ellarga ayovsiz yurishlar qila boshladilar. Jangu jadal qizidi. Bu jangu jadallarning og‘ir yuki xalq zimmasiga tushdi. Insonparvarlik, odamiylik, rahm-shafqat davlatni idora qilish, el va elatlarning tinch-totuv yashashiga undash Navoiy yashagan davrning dolzarb masalasiga aylandi. Va shoirning ko‘nglida dard bo‘lib shakllandi. “Xamsa” zamonning mana shu hayotiy muammolarini aks ettirib, shoir ko‘nglidagi dardni yuzaga chiqarishga shu munosabat bilan davrning shohu shahzodalariga ta’sir o‘tkazish, oddiy xalqni ogoh qilish yo‘sinida maydonga keldi.

Abdulla Qodiriy birinchi o‘zbek romanini yaratishga urinar ekan, shunchaki havas yuzasidan bir o‘tirib roman bitib tashlayman, yo‘sinida ish tutgan emas. Unda yillar davomida yig‘ilib, quyuqlashgan, o‘z millatiga aytishi zarur bo‘lgan, tinimsiz bezovta qilib yurgan dard bor edi. Bu – o‘tmishda millionlarning erkiga to‘g‘anoq bo‘lib qanchadan-qancha fojealarga sababchi bo‘lgan qoloqlik, jaholat, erk-ixtiyorsizlik, zararli urf-odatlar, notavonliklar. Bular haqidagi qarashlarni baralla aytmaslikka Abdulla Qodiriyning iloji yo‘q edi. Bu dardni yuzaga chiqarish yozuvchi nazarida, faqat mudhish qoloqlik illatlarini fosh qilish uchun emas, balki hur hayotga intilayotgan zamondoshlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish uchun ham zarur edi. To‘g‘ri, Abdulla Qodiriy bu dardni o‘zining dastlabki hikoyalarida, dramalarida, publitsistik asarlarida ham bayon qilgan edi. Biroq sochma tarzda yaratilgan bu kichik asarlar uning dilida ildiz otgan katta dardni to‘la yuzaga chiqarishga ojiz edi. Buning uchun kattaroq maydon, hayot chigalliklarini to‘laroq ochib beradigan hajm zarur edi.

Shu yo‘sinda yirik asarda aks etgan ko‘lamni bera oladigan yangi janr – roman maydonga keldi. To‘g‘ri, Abdulla Qodiriy izhor qilmoqchi bo‘lgan g‘oyalar undan oldingi ijodkorlar – Behbudiy, Abdulla Avloniy, Ziyo Said singari shoir va adiblarning ijodlarida ham mavjud edi. Biroq Abdulla Qodiriyning xizmati shu bo‘ldiki, u bu muammolarni to‘la, aniq va yaxlit aks ettirishga qodir janr – romanni kashf qildi.

Bu o‘rinda masalaning bir tomonini izohlash zarur. “O‘tgan kunlar” mazmuni jihatidan dunyo adabiyotlarida yaratilgan romanchilikka mos tushsa ham shakl jihatdan ulardan farq qiladi. Bu farq sharqiy xalqlarning og‘zaki aqidalaridan kengroq foydalanishdan iboratdir. Qisqasi, jahon adabiyotida yirik janr bo‘lmish roman oldingi jabhaga chiqqan bir paytda Abdulla Qodiriy o‘zbekning o‘ziga xos romanini yaratdi. Buning negizida ham, yuqorida qayd qilganimizdek, yozuvchi ko‘ngliga tugilgan dard va alam yotardi.

Hayot shunday taraqqiy etadiki, har bir davrga xos ijtimoiy dard faqat bitta-ikkita shaxsgagina bog‘liq emas, garchi ular katta iste’dod egalari bo‘lsa ham. Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar”ida ifodalangan dard va alamlar Hamza ijodida ham – she’rlarida, xususan, dramalarida o‘z aksini topgan. Bu jihatdan uning “Zaharli hayot” dramasi xarakterlidir. To‘g‘ri, “Zaharli hayot” ifoda jihatdan bir muncha ibtidoiy. Biroq o‘sha davr ijtimoiy hayotidagi qoloqlikka, jaholatga munosabat bildirish, o‘zbek adabiyotida yangi bir janr – dramaning kamol topishida bir bosqich bo‘ldi.

Behbudiyning “Padarkush”i, Hamzaning “Zaharli hayot”i, “O‘tgan kunlar” bugun davlat to‘ntarishi deb atalayotgan oktyabr inqilobi arafasida, yoxud sotsializm deb atalgan “yangi” tuzumning ilk paytlarida yaratilgan edi. Bu asarlar sho‘ro mafkurasining hukmron davrida boshqacha talqin qilindi. Go‘yo inqilob dard, chigalligu tugunlarni yechib berdi. Asida bunday emas edi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, ijtimoiy hayotdagi mazkur muammolar hamon adabiyot sahnasidan tushib ketmadi. Balki yangi-yangi ko‘rinishda ifodalanadigan bo‘ldi. Bu jihatdan Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani xarakterlidir.

Ko‘pgina she’r, drama, publitsistik asarlar bitib, hayot sirlarini anglay olgan Cho‘lpon 30 yillarning o‘rtalarida “Kecha va kunduz” romanini e’lon qildi. Adib roman yozishga kirishar ekan, ko‘rgan va kuzatgan voqealarini shunchaki qayd qilib o‘tishni niyat qilgan emas. San’atkor o‘sha kezlari salkam an’anaga aylanib kelayotgan “yozuvchi bo‘lsang roman bit!” aqidasi talabidan ham uzoqda edi. Asosiy yuk uni bezovta qilgan, dilida dard sifatida yig‘ilgan muammolarda edi.

Asrimizning boshlaridagi feodal va mustamlaka tartib-tuzgunlari asosida ravnaq topgan zo‘ravonlik, huquqsizliklar, shuningdek axloqiy buzilishlar, ma’naviy tushkunliklar uni bezovta qilgan edi. Ijtimoiy hayotdagi jiddiy burilish tarixiy zarurat ekanligini isbotlash uchun bu hodisa haqida iste’dod so‘zi kerak edi. Shu bilan barobar bu illatlarni fosh qilish, ularning asl mohiyatini ochib tashlash zamon talabi edi.

Ijtimoiy dardni ifoda qilish jihatidan Cho‘lpon asarlari, jumladan uning “Kecha va kunduz” romani adabiyotimiz tarixida yangilik bo‘ldi.

Romanda tasvirlangan Zebi, Razzoqso‘fi, Qurvonbibi qismatlari o‘ta fojeali edi. Biroq asarda aks ettirilayotgan davrni to‘laroq ko‘rsatish uchun bu fojealar yetarli bo‘lib ko‘rinmadi yozuvchiga. Iste’dod egasi bu fojealardan ham dahshatliroq haqiqatni aytishni zarur ko‘rdi. Bu Rossiyaning mustamlakachilik siyosatiga bog‘liq masala edi. Chorizm mustamlakachilari xalqdan tanlangan nodon, noshud rahbarlarni qo‘llab-quvvatladilar. Ular roman qahramonlarining fojeasiga zamin bo‘ldi. Buning ustiga Chorizm mustamlakachi sifatida xalqning moddiy va ma’naviy hayotiga katta zarar yetkazdi. Asarga kiritilgan noib to‘ralarga o‘xshagan mustamlakachilar xalqning moddiy boyligi hisobiga o‘zlarining maishiy hayotlarini ta’min qilishdan tashqari xalq mulki hisoblangan madaniy qadriyatlarni yig‘ib, o‘z markazlariga yo‘llab turdilar. Bu hol xalqning ma’naviy boyligiga nisbatan tajovuzdan boshqa narsa emas edi.

“Kecha va kunduz”da yozuvchini bezovta qilgan boshqa bir ijtimoiy dard ham bor edi. Mustamlakachilar o‘zbek xalqining axloq aqidalariga yot bo‘lgan buzuqchilik, hayosizlik singari “yangilik”larni olib kirdi. Bu ham Cho‘lpon nazarida o‘zbek xalqi uchun katta fojea edi.

San’atkor asarlarida ifoda qilinadigan dardu-iztiroblar, hayratu qanoatlar davr talabiga binoan o‘zgarib turishi ham mumkin. Biroq haqiqiy san’atkorlar ijodida bu o‘zgarishlar juz’iy bo‘lib, mohiyatan saqlanib qolaveradilar.

“O‘tgan kunlar”, “Kecha va kunduz” romanlarida alam va iztiroblar – ijod dardi qat’iy edi. Biroq qizil imperiyaning mafkuraviy talablari ba’zan Qodiriy va Cho‘lponlarning ham dard va alamlarini tebratib turdi.

Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani 20-yillarning oxirlarida maydonga keldi. Bu davrlarga kelib, milliy ozodlik kurashi chekinishga majbur bo‘ldi. Rossiyaning mustamlakachilik siyosati avjiga chiqdi. Rus hukmdorligining “hurriyatparvar”ligi jiddiy ravishda ta’kidlanaveradigan bo‘lib qoldi. Shu siyosatning ta’siri o‘laroq Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon”dagi fojeiy yechimni yumshatishga majbur bo‘ldi. Xon zulmidan aziyat chekkan oshuq-ma’shuqlar Qo‘qonni tark etib, Rossiyaning qo‘l ostida bo‘lgan Toshkentga o‘tishadi-da, murod-maqsadlariga erishgandek bo‘lib tirikchiligini o‘tkazadilar.

O‘ttizinchi yillardan boshlab qizil imperiya mafkurasi yana kuchayadi. Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz oltinchi yilda Maksim Gorkiy tomonidan “sotsialistik realizm” printsiplari e’lon qilinadi. Bundan keyin adabiyot olamida qalam tebratish mushkul ishga aylanadi. Ya’ni yozuvchining dard va hasratlarini aytishi, ularni badiiy asarga asos qilib olishi qiyinlashadi, mafkura talablariga moslashish tipik holga aylanadi. Endi ijodkorlar o‘zlarining dard va alamlarini ko‘proq o‘tmish voqealari bilan bog‘laydigan bo‘ladilar. Ba’zi o‘rinlarda o‘z dard va alamlarini izhor qilishda hajviyotdan foydalanadilar. Shu yo‘sinda Abdulla Qodiriyning “Kalvak mahzumning xotira daftaridan”: “Toshpo‘lat tajang nima deydir”, Fitratning “Abulfayzxon”, “Qiyomat”, Abdulla Qahhorning “Anor”, “O‘g‘ri”, “O‘tmishdan ertaklar”, “Bemor”, G‘afur G‘ulomning “Shum bola” kabi asarlari paydo bo‘ladi. Shu yo‘sinda hajviyot yo‘li bilan, shuningdek o‘tmish voqeligini aks ettirish orqali asar bitish qizil imperiyaning keyingi davrlarida ham davom qildi.

Abdulla Oripov va Erkin Vohidovning she’rlarida shoirona dard sezilib turdi. Xususan, ularning “Jannatga yo‘l”, “Ruhlar isyoni”, “O‘zbegim” singari dostonlari jiddiy dard bilan yozilgan asarlar bo‘ldi. Shu boisdan qizil imperiya mafkurasining qo‘riqchilari bu asarlarni sho‘rolar mafkurasiga yot asarlar deb e’lon qilishga urindilar.

Dard, alam, iztiroblarni yuzaga chiqarish asar yaratishning muhim shartlaridan biri, dedik. Bu bilan asar yaratishning asl andozasi shu ekan-da, degan xulosaga kelish ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi.

“Kecha va kunduz” yaratilgan paytlarda o‘zbek adabiyoti tarixida boshqa bir asar maydonga keldi. Bu Abdulla Qahhorning “Sarob” romanidir. Bu asar haqida nimalar deyilmadi, qanday baholar berilmadi deysiz! Asar asl mohiyati bilan yozuvchi niyati, o‘ylariga qaraganda, yangi tuzumni, sho‘rolar mafkurasini qo‘llab-quvvatlash yo‘sinida bo‘lgan. Garchi unda “qizil imperiyachi”larga katta o‘rin berilmasa ham shu yo‘lni birdan-bir to‘g‘ri hisoblagan adib go‘yo to‘g‘ri yo‘lni qo‘yib, egri yo‘lni tanlagan – millatchilar tomon o‘tib ketgan Saidiy obrazini yaratdi. Shunga asosan sho‘ro mafkurachilari “Sarob”ni yangi tuzumga qarshi yozilgan asar sifatida baholadilar. Shunga asosan asar yillar davomida qatag‘onga uchradi. Bugun endi shu tarzdagi xulosaga kelish ayb emas. Aksincha, Abdulla Qahhor o‘sha davrlarda bosmachi deb atalgan “aksilinqilobchi”larni quvvatlagan ekan, degan xulosaga kelish mumkin. Biroq masalaning boshqa bir tomoni ham bor. Totalitar mafkura namoyandalari o‘z fikrlarini bu darajada ochiq aytmasalar ham shunday fikrni nazarda tutgan edilar.

Abdulla Qahhor ham noyob iste’dodlardan biri. Mafkurachilarga chap bermoqchi bo‘lgandek, Saidiy obraziga boshqa, ya’ni ikkinchi bir ma’no ham joylaydi. Bu – xudbinlik. Umuminsoniy aqidalarga qaraganda, xudbinlik odamlar orasida uchrab turadigan katta qusurlardan biridir. Shu tufayli “Sarob” har qanday mafkuraviy muhitda ham o‘z qimmatini yo‘qotmaydigan asar bo‘lib qolaveradi. Bundan shunday xulosa chiqadi: ma’lum biror dard, iztirob bilan bitilgan asarni zamonga qarab har xil tushunish mumkin. Bir niyat bilan yaratilgan asar o‘sha niyatning ifodasi bilan emas, balki obrazlarga yuklangan boshqa bir g‘oya tufayli tarixda o‘z qimmatini saqlab qolaveradi.

Fikrimizni to‘laroq isbotlash uchun boshqa bir hodisaga nazar tashlab ko‘raylik. Gap yana Abdulla Qahhorning boshqa bir asari – “Sinchalak” xususida boradi. “Sinchalak” o‘z davrida badiiyatning yetuk namunasi sifatida tan olingan asarlardan biri edi. Bu tan olish, asosan Saida obrazi tufayli bo‘ldi. Bu hol o‘sha davr mafkurasiga mos edi. Mafkura o‘zgardi. Saida obraziga munosabat ham o‘zgardi.

“Sinchalak”ni adabiyot tarixidan o‘chirish kerakmi? Yo‘q! Yozuvchi asarga boshqa ma’no ham bergan edi. Uning uchun bu ma’no Saidani madh qilishdan ko‘ra ham muhim edi! “Sinchalak” yozilgan davrlarda la’natlash kerak bo‘lgan, keyin ham, hatto bugun ham qoralanishga loyiq bir masala bor edi. Bu – o‘zboshimchalik. O‘zidan boshqani tan olmaslik, atrofdagilarga bepisand qarashlik. Bu ma’no Qalandarov obrazida ifodalandi. Shu yo‘sinda hayotga kirib kelgan zararli hodisani fosh qilib berish uchun Saida obrazi vosita bo‘ldi. Asar bitilgan davrda o‘sha davr mafkurasi Saidadan ma’no izladi. Endilikda o‘sha davrning tipik vakili sifatida Qalandarov obrazi ham muhimdir. Demak, iste’dod bilan yaratilgan asar tamom chiqitga chiqib ketmaydi. Ma’lum bir qirrasi bilan o‘tish mafkurasiga xizmat qilgan bo‘lsa, o‘zining boshqa bir qirralari bilan boshqa zamonlar talabiga javob beraveradi. Asar umuminsoniy masalalar doirasida bo‘lishi kerak, degan tushuncha ham shu bo‘lsa kerak!

Xullas, iste’dod andazalarga sig‘avermaydi. Gap yozuvchining iste’dod quvvatida, uning umuminsoniy aqidalarga asoslanib qalam tebratishidadir.

Biz bu yerda iste’dod egalari izhor qilishi mumkin bo‘lgan dard, alam va iztiroblar haqida ancha gapirdik. Bunga biz ijod mazmunining sub’ektiv omili sifatida qarayapmiz. Biroq iste’dodning sub’ektiv omili bilan bog‘liq boshqa bir tushuncha ham bor. Bu – ijodkorga nisbatan ko‘p ishlatiladigan ilhom masalasi. Yuqorida biz iste’dod bilan yaratilgan ba’zi asarlarnigina tilga oldik. Bu asarlarni yaratishda san’atkor ko‘nglida tugilgan ma’naviy niyatdan boshlab, oxirgi nuqtani qo‘yganicha bo‘lgan ijodiy jarayonda ilhom yo‘ldosh bo‘lgani kuchiga kuch qo‘shib turgani shubhasiz. Ilhomning o‘ziga xos asosi ham bor. U hayot taraqqiyotiga to‘siq bo‘lib turgan, jamiyatning olg‘a siljishiga monelik ko‘rsatgan illatlarga qarshi turish va kurashish qay darajada zarurat ekanini kitobxonga yetkazishdir.

Shunday ekan, hayotning ijobiy tomonlarini aks ettirishda yozuvchiga ilhom beradigan biror kuch bormi? Bu o‘rinda ijodkor nimadan ilhomlanadi, nima asosida qalam tebratadi?

Iste’dod hayotdagi taraqqiyotga to‘siq bo‘ladigan illatlarni ko‘rishga qay darajada betoqat bo‘lsa, qay darajada ularning sir-asrorini ochib tashlashga ishtiyoqmand bo‘lsa, shu darajadagi dardning mavjudligi, mazkur asarlarning yaralishiga sabab bo‘lishi tabiiydir. Ba’zan biror iste’dodning tug‘ilishi xususida gap borganda, uning hali bolalik davrlaridayoq e’tiborga sazovor asarlar yaratgani xususida fikr yuritishadi. Alisher Navoiy yoki A.Pushkin hali bolalik davrlaridayoq o‘z mashqlari bilan atrofdagilar e’tiborini qozonganlar. Buni qanday tushunish mumkin?

Nazarimda, bu xildagi hodisani shunday tushunish kerak. Hali yosh, biroq ulug‘likdan nishona berayotgan yosh iste’dod birinchi qadamlarida kimlarningdir ta’sirida bo‘ladi, kimlarningdir dardiga jo‘r bo‘ladi.

A.Pushkin litsey talabasi chog‘laridayoq she’r yozishni mashq qilgan va uning ilk mashqlaridan birini eshitib, shoir Jukovskiy yangi iste’dodning tug‘ilishini bashorat qilgan edi. Shu ma’noda yosh yigitchaga nisbatan aytilgan Jukovskiyning iliq so‘zlari Pushkinga dalda berdi va uning katta ijod yo‘liga kirishiga sabablardan biri bo‘ldi. Birinchi qissasini bitib, gazeta va jurnallarning eshigini qoqib yurganda, Chingiz Aytmatovni hali hech kim tanimas edi. Yosh muallifning «Jamila»sini o‘qib ko‘rgan Lui Aragon sharqda katta bir talantning tug‘ilishini olqishladi. Bu hol Chingiz Aytmatovni katta ijod yo‘liga boshladi. Ulug‘ Alisher Navoiy ham o‘zining iste’dodini ustozlar fotihasi bilan boshlagani ma’lum. Boshqacha qilib aytganda, iste’dod tug‘iladi, uni kimlardir ixtiro qiladi, oq yo‘l tilaydi, shu o‘rinda iste’dodning kamolot sari borishiga yo‘l ochiladi. Demak, yirik ijtimoiy ma’nodagi klassik asarlarning paydo bo‘lishi, ko‘proq iste’dod egalarining jamiyat hayoti ta’sirida paydo bo‘lgan dard, alam va iztiroblar natijasi o‘laroq maydonga kelsa ham aksariyat hollarda bu iste’dodlarning tug‘ilishi, o‘sib-ulg‘ayishiga ulug‘ hakamlar xizmati, tabiat ne’mati, oliy ruh marhamati deb qarash kerak bo‘ladi. Iste’dod odamiylikka tegishli xislatlarni o‘zida mujassamlagan shaxslardagi go‘zallik belgilarini ko‘rib hayratlanadi. Bu hayrat yozuvchi uchun ilhom manbaidir. Otabek va Anvarlardagi muhabbatga sadoqat, sofdillik; Yusufbek hojidagi haqiqatgo‘ylik, Kumushdagi iffat, Ra’nodagi baxtga intilish – bular hammasi A.Qodiriyga yuksak mazmundagi asarlar yaratish uchun ilhom bag‘ishlagan. Oybek yaratgan Yo‘lchi va Gulnorda ifodalangan soddadilliksiz «Qutlug‘ qon»ni tasavvur qilish qiyin bo‘lar edi.

Yuqorida biz «Xamsa»ning ijtimoiy ma’nosi haqida ancha fikr yuritdik. Biroq Farhod va Shirinlardagi go‘zalliklar – muhabbatga sadoqat, to‘siqlarga bardosh berib maqsadga intilish, shuning natijasida yuzaga kelgan qahramonliklar Navoiyga ijodiy quvvat bergan.

Demak, iste’dod uchun taraqqiyotga to‘siq bo‘ladigan illatlarni fosh qilish qay darajada zarurat hisoblansa, unga qarshi tarqqiyparvar kuchlarni ulug‘lash, unga xos olijanob xislatlarni madh etish ham shu darajada zaruratdir. Ko‘rayapsizki, hayotning murakkab ijtimoiy qatlamlarini fosh va inkor qilish, shuningdek, ijobiy tomonlarini ulug‘lash ham iste’dod burchidir. Aslida ijodning bu ikki nuqtasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir.

Umuman, haqiqiy iste’dod hech vaqt hayotning ma’lum tomonlarini ajratib olib, tor va biqiq holda ish ko‘rmaydi. Yetuk asarlarda doim iste’dod va ilhomning har ikki tomoni – fosh qilish ham, ulug‘lash ham bir xilda ko‘zga yaqqol tashlanib turadi.

Demak, san’atkor uchun birinchi darajali xislat – bu iste’dod. Faqat iste’dodgina jamiyat hayotining qaysi tomonida o‘pirilish bo‘lgan va yoki bo‘layotir, qaysi bir tomoni uni olg‘a eltayotganini his qiladi. Ilhom esa iste’dodning doimiy hamrohi, uning ajralmas qismidir. Ilhomsiz iste’dodni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu ikkala omilning birligi bamisoli odam bolasining ko‘z-qo‘l bilan tug‘ilishidek tabiiy bir holdir.

Iste’dodli yozuvchi asar bitganda jamiyat hayotidagi illatlarni qoralash, taraqqiyotga xizmat qiluvchi hodisalarni ulug‘lash ma’lum reja, andaza asosida yuzaga kelar ekan-da, degan xayolga bormaslik kerak. Ijodkor doimo noaniqlik va mavhumiyatdan aniqlik sari qadam qo‘yadi. Ijod jarayoni asar yaratish niyatidan tortib, ma’lum tugallikka erishgunga qadar, iste’dodlarga qandaydir sehrli kuch asosida borgandek bo‘ladi.

Iste’dod o‘z ijodining birinchi bosqichlarida to‘la, ongli ravishda badiiyatning barcha qonuniyatlarini anglagan holda asar yaratadi, deb bo‘lmaydi. Nimalarnidir u anglaydi, nimalarnidir u to‘la tasavvur qilaolmaydi. Hatto shunday ham bo‘lishi mumkinki, asar to‘la bitguniga qadar ijodkor nimalarni niyat qildi, nimalar chiqishi mumkin ekanini aniq tasavvur qilaolmasligi ham mumkin. Asar yaratishda detallargacha rejalashtirish so‘zsiz andazavozlikka olib keladi. Shu ma’noda ijod dardi va bu dardning ma’lum bir shaklga tushgan yoki tushmaganligi asarga oxirgi nuqta qo‘yilgandan keyin ham ijodkor o‘z asaridan kelib chiqadigan ma’noni to‘la tasavvur qilaolmasligi mumkin. Bu haqda u ko‘p mushohada ham yuritib o‘tirmaydi. U o‘z asarining fazilatlarini kitobxonlar qo‘liga berib, keyingina his qila boshlaydi. Donolardan biri asar yaratilishidagi onglilikni to‘la tan olgan holda «… haqiqiy talantning asar yaratishida juda ko‘p rejasizlik, mavhumiyat, instinktivlikning o‘rni bor», degan edi.

Mazmunning sub’ektiv tomoni haqida gap ketganda iste’dodning erkinligi masalasini ham hisobga olish kerak bo‘ladi. Iste’dod faoliyati turli xil boshqaruvlarga, sirtdan ko‘rsatiladigan yo‘l-yo‘riqlarga bo‘ysunavermaydigan hodisadir. Haqiqiy iste’dodning faoliyatini asalarining mehnatiga qiyos qilish mumkin. Qaysi bir guldan sharbat yig‘ishni asalariga ko‘rsatish mumkin bo‘lmaganidek, iste’dodga ham yo‘l ko‘rsataverish to‘g‘ri kelmaydi. Asalari bog‘ oralab, o‘z talabiga mos gulni, yozuvchi esa o‘z qavmi ehtiyojiga muvofiq voqea-hodisalarni tanlaydi. Shundagina o‘z ijodiy mehnatidan qanoat hosil qiladi, o‘zining ruhiy ehtiyojini qondirganini his etadi. Haqiqiy san’atkor yozuvchining ruhiy ehtiyoji doim o‘z xalqining ruhiy ehtiyojini ifoda qiladi. Aks holda asar realistik qimmatga ega bo‘lmaydi.

Shaxsga sig‘inish va turg‘unlik yillarida iste’dod erkinligiga jiddiy putur yetkazildi. Ko‘pgina iste’dod egalarining ijodi hayotning zarur tomonlarini aks ettirishda oqsaydi, degan ma’noda qattiq tanqid ostiga olindi. Abdulla Qodiriy asarlarida hokim sinf vakillari qahramon sifatida tanlandi, deb vaj qilishdi. Oybekning «Navoiy» romanida Alisher Navoiy katta yer egasi, ijobiy qahramonlar to‘laligicha tasvirlanmagan, deb asar uzoq vaqt chiqitga chiqarib qo‘yildi.

Biz bu yerda eng yorqin misollarni keltirdik, xolos. Aslida esa shu yo‘sinda ya’ni «hayotning anau tomonini» emas, «mana bu tomonini» tasvirlagani printsip asosda butun-butun ijodkor asarlari, ba’zan ma’lum bir davrga xos yuksak badiiyat namunalari kitobxon qo‘liga borib yetmadi yoxud uning qo‘lidan tortib olindi: chinakam iste’dodlarning aksariyati qamoqqa olindi, nobud qilindi, qolganlari og‘ir kasalliklarga chalinib, nogiron bo‘lib qolishdi.

Iste’dodni o‘z izmiga solmoqchi bo‘lganlar, davrlarga qarab o‘z talablarini o‘zgartirib turdilar. Har bir davr o‘z tushuncha va terminlarini yaratdi. Bu tushuncha va terminlar bamisoli «urto‘qmoq» edi. «G‘oyaviy zaiflik», «xorijiy madaniyatga sajda qilish» – «kosmopolitizm», «feodal o‘tmishni bo‘yab ko‘rsatish», «sotsialistik voqelikni nazar-pisand qilmaslik», «ishchi yoki paxtakor dehqon obrazini yaratmaslik», «xotin-qizlar obrazini ikkinchi planda ko‘rsatish», «boshqa millat, xususan, ulug‘ rus xalqi vakillarini nazarga ilmaslik», «partiya rahbari obrazini yaratmaslik» hokazo va hokazolar. Bularning hammasi iste’dodni jilovlash, uni ma’lum bir «temir qonun»ga bo‘ysundirib qo‘yishning o‘zi edi. Haqiqiy iste’dod esa bu «temir qonun» doirasida tura olmasdi. Shu sababdan tug‘ilib voyaga yetishi kerak bo‘lgan ko‘p iste’dodlar tug‘ilmasdan bo‘g‘ilardi. Biror iste’dod badiiy jihatdan puxta asar yaratgan bo‘lsa, o‘sha «temir qonun» iskanjasidan chiqqan holda yaratdi. Ayrim hollarda ular yo‘l izlab «ezop» uslubiga o‘tar – har xil ma’no chiqadigan uslublarni ishga solib, ko‘ngildagi dardlarini aytishga urinardi. Erkin Vohidovning «Ruhlar isyoni», Abdulla Oripovning «Jannatga yo‘l» dramatik dostonlari shu uslubda yaratilgan asarlardir. Bu xildagi ijodkorlar «temir qonun»chilar tomonidan doim tazyiq ostiga olinar, ularga nisbatan to‘xtovsiz tuhmatlar uyushtirilar, qanchadan-qancha do‘q-po‘pisalar, tanbehu tazyiqlar e’lon qilinib turilardi.

Ba’zi hollarda iste’dodlar o‘zlarini ijoddan cheklab qo‘yishga majbur bo‘lishdi. Shu yo‘sinda adabiyotda ma’lum bo‘shliq paydo bo‘ldi. Uning o‘rniga iste’dodi zaif «ijodkorlar» bostirib kirdi. Adabiyotimiz badiiy jihatdan o‘ta zaif; ulug‘ shaxslarni madh etadigan she’r, drama, qissa va romanlar to‘lib-toshdi. Madaniy ekin qay darajada e’tiborsiz qoldirilsa, shu darajada begona o‘t-o‘lanlar rivoj topadi. Dehqonlar tilida yer uchun begona o‘tlar asl farzand-u, madaniy ekinlar o‘gay «farzand» hisoblanarkan. Totalitar mafkuraning yakkahokimligi davrida adabiyotimiz, madaniyatimiz taraqqiyoti xalq og‘zida yurgan shu hikmatli so‘zlarni eslatadigan bo‘ldi. Bu hol badiiy asarlar shaklining rang-barangligiga, bo‘yoqlarining xilma-xilligiga putur yetkazdi, andazavozlik kuchaydi, mazmun benihoya kambag‘allashdi, uning doirasi chidab bo‘lmaydigan darajada toraydi. Aksariyat hollarda bir-biriga o‘xshab ketadigan, ba’zan biridan ikkinchisini ajratib bo‘lmaydigan asarlar ko‘paydi. Mazmun va shakl jihatdan namuna bo‘ladigan asarlarni topish qiyin bo‘lib qoldi.

Shunday qilib, ijodkor shaxsi izdan chiqdi, hayot talabiga muvofiq ish bermay qo‘ydi. Ya’ni, meva berishi kerak bo‘lgan daraxt ildizidan, keyin tanadan ajraldi.

Xo‘sh, mustaqillik ijodning shaxsiy omiliga qanday ta’sir o‘tkazdi? O‘zgarishlar bo‘lgani aniq. Biroq bu o‘zgarishlar nimadan iborat?

Totalitar mafkuraning yakkahokimligi davrida ijod bamisoli oldiga to‘g‘on bosilgan daryo edi. Istiqlol bu to‘g‘onni buzdi. Ijodkorlar o‘zlarini erkin his qila boshladilar. Har xil shakl, har xil mazmun yo‘nalishidagi asarlar e’lon qilinadigan bo‘ldi. So‘zsiz bularning aksariyati hayotni ob’ektiv va ma’nodor aks ettiradi. Istiqlol hali go‘dak yoshida. Iste’dodning tug‘ilishi, uning rivoj topishi uchun bu uncha katta davr emas. Shunga qaramasdan, bu davrda har xil yo‘nalishda qalam tebratayotgan ijodkorlarning mehnatini chuqur tahlil qilish, ularga ob’ektiv baho berish, ularning jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rnini ko‘rsatish adabiyotshunoslik oldida turgan muhim vazifadir.

Iste’dodga tegishli masalaning boshqa bir tomoni bor. Bu masala yuzasidan navbatdagi bobda fikr yuritamiz.

ISTE’DOD VA IJTIMOIY TARTIBOT

Ijod mavhum hodisa emas. Ijod etishga istagi bor har bir kimsa xayoliga kelgan mavzuda, tasodifan tanlangan shaklda asar yozib tashlayvermaydi. Ijodkor muayyan davr farzandi, muhit hodisasidir. Shu ma’noda badiiy ijodga tegishli har bir hodisa – iste’dodning tug‘ilishidan tortib, alohida asarlarning yaratilishigacha – makon, zamon va muhit bilan bog‘liqdir.

Ijodkorlar oktyabr to‘ntarishidan keyin ham XIX asr oxirlari, XX asr boshlaridagi ziddiyatlarni – sinfiy va milliy jihatdan o‘zligini anglash jarayonlarini badiiy izohlash yo‘lidan voz kechmadilar. Temuriylar davridagi ziddiyatlar Navoiyni yaratgan bo‘lsa, XIX asr oxiri, XX asr boshlaridagi ziddiyatlar – milliy uyg‘onishlarning adog‘iga kelib, Abdulla Qodiriy va Cho‘lponlarni ijod maydoniga olib chiqdi. Shu ma’noda XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi ziddiyat, milliy uyg‘onishlar asrimizning 20-30 yillarigacha kelib «O‘tgan kunlar» va «Kecha va kunduz» singari badiiy mumtoz asarlarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘lganligi qonuniy va tabiiydir.

Ko‘rayapsizki, ulug‘ iste’dodlar ijtimoiy va siyosiy ziddiyatlarning ayni avjiga chiqqan paytidagina emas, balki ko‘proq bu ziddiyatlar ma’lum darajada o‘z yechimini topgandan keyin, u go‘yo o‘sha ziddiyatlarni izohlash, kitobxonga to‘laligicha yetkazish uchun tug‘ilgandek ko‘rinadi. Mazkur badiiy izohlar faqat o‘tmishni izohlash uchun emas, balki o‘z navbatida kelajakka yo‘l ko‘rsatish – xalqni nimalardandir asrash, nimalargadir tayyorlash hamdir.

Odatda, momaqaldiroqdan keyin jala quyib beradi. Ba’zan boshqarib bo‘lmaydigan sel ham keladi. Ayrim iste’dodlarning tug‘ilishi va ravnaqi tabiatdagi shu hodisani – momaqaldiroqdan keyin quyilib keladigan jalani eslatadi.

Boshqa bir haqiqat ham bor. Badiiy tafakkur, iste’dodning tug‘ilishi hamma davrlarga ham xos xususiyatdir. Ijtimoiy hayotda murakkab ziddiyatlar kechayotgan davrda ham, ularning ma’lum bir yechimga borgan kezlarida ham iste’dodlar yuzaga kelaveradi. Hamma gap badiiy tafakkurning ijtimoiy ko‘lamida, iste’dod tafakkurining yuzaga chiqishi va ko‘rinishlaridadir.

Jamiyat hayotida, jumladan, adabiyot taraqqiyotida ham qay darajada turg‘unlikka uchramasin qandaydir shakllarda u taraqqiy etadi. XIV-XVIII asrlarda o‘zbek adabiyoti tarixi turg‘unlik bilan xarakterlansa ham boshqa bir jihatdan u taraqqiy etdi. Bu davrda, xususan, XV asrdan boshlab yaratilishi kerak bo‘lgan katta asarlarning o‘rnini tarjima egalladi. Qutb, Haydar Xorazmiy, Sayfi Saroiy singari ijodkorlar Alisher Navoiyning yirik asarlarini targ‘ib va tashviq qilishdan tashqari Shayx Sa’diy, xususan, Nizomiy Ganjaviyning asarlarini erkin tarjima qilib, kitobxonlar orasida keng tarqatishga muvaffaq bo‘ldilar. Shu yo‘l bilan ular adabiyotni turg‘unlik holatidan olib chiqishga bel bog‘ladilar.

Iste’dodlarning qay vaqtda, qaysi bir janrga murojaat qilishi ham ko‘proq hayot talabi bilan bog‘liqdir. Ijtimoiy ziddiyatlar avjga chiqqan paytlarda adabiyotning ko‘proq hozirjavob janrlari oldingi safda bo‘ladi. Bu publitsistika, ocherk, she’r va qisman dramadir. Shu sababdan jadidizm oqimining kuchayib borgan va nihoyat oktyabr to‘ntarishi ro‘y bergan paytlarda Behbudiy va Fitrat publitsistikasi, Abdulla Avloniy, Sidqiy Xondayliqiy, Avaz O‘tarlarning jangovar she’rlari yuzaga keldi. Shu bilan barobar Abdulla Qodiriyning hikoya va dramalari, Hamzaning kichik nasriy va sahna asarlari ham ijtimoiy burilish tafakurining shakllanishida katta vazifani ado etdi. Xullas, jamiyatning serziddiyat davriga munosabati bilan o‘zlarini namoyon etdilar. Oktyabr burilishidan keyin ham hozirjavob kichik janr iste’dodlari o‘z mavqelarini saqlab qoldi.

Oktyabr to‘ntarishi natijasida jadidizmning mag‘lubiyatga uchrashi badiiy tafakkur olamida yangi-yangi intilishlarga olib keldi. Bu ziddiyatlarni umumlashtirish uchun yirik asar zarur bo‘ldi. Shu davrga kelib, publitsistikada dong qozongan iste’dodlar, yuqorida aytganimizdek, o‘z qalamlarini yirik asarlar tomon burdilar. Birinchi o‘zbek romani «O‘tgan kunlar» shu tarzda, badiiy tafakkurning ko‘lami ifodasi sifatida maydonga keldi. Bugina emas, «Kecha va kunduz», «Mehrondan chayon», «Doxunda», «Sarob»lar mana shu ko‘lamlilikning davomi edi.

Asrimiz boshidagi ijtimoiy burilish davrida hozirjavob iste’dodlar ichida Hamza ijodi ko‘proq o‘rin egalladi. Afsuski, 1917 yildan boshlangan totalitar mafkura «sinfiylik», «partiyaviylik» degan tushunchalarni olg‘a surdi-da, adabiyotshunoslikni ma’lum bir andazaga bo‘ysundirib qo‘ydi.

Bu o‘rinda boshqa bir vaziyatni ham hisobga olish kerak. Totalitar mafkuraning negizida shaxsga sig‘inish aqidasi yotardi. Butun hayot taraqqiyoti shu aqidaga bo‘ysundirilgandan keyin adabiyot olamida, jumladan, adabiyotshunoslikda ham «dohiy» tanlash tamoyili paydo bo‘ldi. Rus adabiyotida «baxt qushi» Maksim Gorkiy boshiga qo‘ndi. U umumdunyo yo‘qsillarining yozuvchisi deb e’lon qilindi. Har bir milliy adabiyotda, jumladan, o‘zbek adabiyotida ham dohiy izlash jarayoni ishga tushdi. Bu yerda «baxt qushi» Hamzaning boshiga kelib qo‘ndi. Faqat to‘la tan olinib, hozirjavoblikda ish ko‘rsatgan adabiyotimizning boshqa arboblari ikkinchi, uchinchi o‘ringa tushirib qo‘yildi. Ba’zan esa umuman e’tiborsiz qoldirildi. Andazaga to‘g‘ri kelavermaganlar qatag‘on ham qilindi. Ular ichida xalqning badiiyat ehtiyojini qondirishda, dunyo adabiyoti talablari darajasida turadigan birinchi o‘zbek romanini yaratib bergan Abdulla Qodiriy bor edi. Totalitar mafkura faqat Abdulla Qodiriy bilan cheklanmadi. O‘zbek adabiyotining taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan Cho‘lpon, Fitratlarning qismati ham shu tarzda hal bo‘ldi. Qodiriy, Cho‘lpon, Firatlar-ku katta iste’dod egalari edi. Bu siymolarning atrofida bo‘lgan o‘nlab, yuzlab yozuvchi, adabiyotshunos va madaniyatning boshqa sohalaridagi arboblarning qismati ham shu bo‘ldi.

Shunday qilib, zo‘ravonlik natijasida adabiyot oldida turgan bosh vazifa – hayot haqiqatini to‘g‘ri aks ettirish, unda ro‘y berayotgan ziddiyat va qarama-qarshiliklarning ob’ektiv manzarasini yaratish printsipi keskin ravishda buzildi. Ya’ni iste’dodlar o‘z oldida turgan burchni ado etishdan ojiz qoldilar. Xayriyatki, adabiyotimiz tarixida ro‘y bergan bu adolatsizliklar ko‘p mashaqqatlar bilan bo‘lsa ham keyingi yillarda to‘g‘ri izga tushdi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar o‘zlarining haqiqiy o‘rnini topdilar. Yillar davomida kamsitilib kelayotgan bu ijodkorlar endilikda o‘zbek adabiyotining klassiklari sifatida baholanayotirlar. Indallosini aytganda, ijtimoiy tuzum iste’dodlarga imkoniyat berishi, hatto ularning o‘sib ulg‘ayishiga yo‘l ochib berishi mumkin. Bunday holda adabiyot to‘la ravishda taraqqiy etadi. Ayrim hollarda ijtimoiy hayot yirik iste’dodlarga to‘siq bo‘lib, ularning imkoniyatlarini namoyon qilishdan mahrum etishi ham mumkin. Oqibatda adabiyot va madaniyatning taraqqiyoti shikastlanadi.

Ijtimoiy hayotning munosabati jihatidan sho‘rolar davridagi adabiyotga bir nazar tashlash ham zarur ko‘rinadi.

Bugun ayni haqiqatni aytish payti. Sho‘ro davrida ijodkorlar erk nuqtai nazaridan mushkul holda qolgan edilar. Iste’dod sifatida bir jihatdan asl haqiqatni aytish kerak edi. Buning uchun umuminsoniy mavzularga murojaat qilib, ko‘ngilda bor dardlarni yuzaga chiqarish lozim edi. Ikkinchi jihatdan totalitar mafkuraning talablarini ham qondirish shart hisoblanardi. Shunday qilib, adabiyotda biri ikkinchisiga to‘g‘ri kelavermaydigan tamoyil paydo bo‘ldi. Shu ikki jihatni bir qalbga sig‘dira oladiganlar adabiyot maydonida qoldilar. Sig‘dira olmaganlar esa adabiyotdan tamom chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. Evini topgan iste’dodlar uchun tarix – uzoq o‘tmish haqiqatni aytishning yo‘llaridan biri bo‘ldi. Shu yo‘sinda «Navoiy» romani, «Ulug‘bek», «Muqanna» dramalari yaratildi. Keyinchalik bu tamoyil taraqqiy etib, «Ulug‘bek xazinasi», «Yulduzli tunlar» singari romanlar ham maydonga keldi. Bu asarlarda tarixiy haqiqat asosan to‘g‘ri tiklangan bo‘lsa ham, ayrim o‘rinlarida totalitar mafkura talab qiladigan obrazlar, epizodlar kiritildi. Busiz tarix haqida asl haqiqatni aytish mumkin emas edi.

Gap yaqin o‘tmish, yoxud zamonaviy mavzuga kelganda esa haqiqiy iste’dod oldida qator to‘siqlar turar edi. Qator talab va shartlar qo‘yilardi. Zamonaviy mavzuda asar yozadigan yozuvchi asar markazida ijobiy qahramon obrazini bosh o‘rinda tutishi shart edi. Bordi-yu, bu obraz milliy shaxs bo‘lsa, uning atrofida bir yoki bir necha rus kishisining obrazlari ham bo‘lishi shart hisoblanardi. Asarda konfliktning yechimiga borish ham shunga monand edi. Hamma tugun va jumboqlar partiya xodimi tomonidan ochib berilardi. Shunday qilib, mutloq mafkura asar yaratishning majburiy andazasini yaratib bergan ediki, bu andazadan chiqib asar yozishga hech kimning haqqi yo‘q edi. Xullas, gap iste’dodga nisbatan o‘rnatilgan qat’iy zulm haqida ketayapti.

Shunday ekan, XX asrning 40 yillardan boshlab, to mustaqillikkacha yaratilgan adabiy mahsulotning biror qimmati bormi? Agar bo‘lsa, bu qimmatni nimalarda ko‘rish mumkin? Bunga javob topish uchun andazavozlik talablariga kim qay darajada amal qilgani haqida o‘ylab ko‘rish lozim. Bu xususda oldin ham bir qadar to‘xtalgan edik. Biroq haqiqatni yana ham oydinlashtirish uchun o‘sha davr totalitar mafkura zulmi haqida yana ba’zi fikrlarni qo‘shib qo‘yish joiz ko‘rinadi. Iste’dodli adib va shoirlar ma’lum darajada o‘sha andaza talablarini nazarda tutgan holda xalq hayotiga tegishli ayrim muammolarni, millatimiz ruhiga oid ayrim hikoyalarni aks ettirishga intildilar. Shu yo‘sinda ma’lum yutuqlarga erishdilar ham. «Qutlug‘ qon», «Ulug‘ yo‘l», «Qo‘shchinor chiroqlari»ning ilk variantida, keyinchalik Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimovlarning nasriy asarlarida, Shayxzoda, Mirtemir, so‘ngra Abdulla Oripov Erkin Vohidov, Omon Matjon she’rlarida shu xildagi fazilatlarni ko‘rish mumkin bo‘ldi. Bu xildagi asarlar, albatta, adabiyotimiz xazinasida o‘ziga munosib o‘rinni egallab qolishi shubhasiz.

XX asrning o‘rtalarida «sho‘rolar adabiyoti» deb atalgan umumoqimda ba’zan o‘ta noyob hodisalar ham ro‘y berib turdi. Chingiz Aytmatovning ijodi shu xildagi noyob hodisalardan biridir. Uning «Asrga tatigulik kun» romanida totalitar mafkura andazasiga sig‘maydigan keng ma’no o‘rtaga tashlandi. Bu romanning markazida turgan manqurtlik masalasidir. Romanning paydo bo‘lishi, birinchidan, Chingiz Aytmatovning umumobro‘yiga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, asl haqiqatni ayta bilish qobiliyati – mahorati bilan bog‘liq bo‘ldi. U bu masalani rivoyat shaklida tarix qa’ridan tortib oldi-da, unga zamonaviy ma’no bag‘ishladi. Bu hol andazavozlik mafkurasini noiloj bir holatda qoldirgan edi.

Iste’dodi zaif, shaxsiy manfaatlarni o‘ylab adabiyotga kirgan ayrim yozuvchi va shoirlar hayot muammolarini nazar-pisand qilavermasdan andazavozlik talablariga to‘la rioya qilish uchun harakat qildilar. Tabiiy, totalitar mafkura ham bu xildagi «ijodkorlar»ni rag‘batlantirdi, keng yo‘l ochib berdi. Natijada kitobxon diliga ta’sir o‘tkazmaydigan, ongini boyitishga xizmat qilavermaydigan jild-jild, ba’zan dilogiya, trilogiya deb ataladigan asarlar paydo bo‘ldiki, endilikda ular o‘zbek kitobxonining nazaridan qolib ketishi turgan gap.

Badiiy ijod namunalariga baho berish ham shunga monand bo‘ldi. Munaqqidlarda bugun biz o‘ylaganimiz darajasida erk-ixtiyor yo‘q edi. Ular yozuvchilardan ko‘ra ham ko‘proq andazavozlik talablariga bo‘ysunishga majbur edilar. Umuman jamoat, jumladan adabiyot xususida fikr yurituvchilar oldiga mustahkam to‘g‘on tashlab qo‘yilgan edi. Bu to‘g‘on vaqti-vaqti bilan shibbalanib ham turilardi. Shu xildagi shibbalanishlar 40-yillarda «Leningrad» va «Zvezda» jurnallari haqida Jdanov nutqi va VKP (b)ning qarori bo‘lsa, 60–70-yillarda saroy adabiyoti va tasavvufga qarshi O‘zbekiston kompartiyasi tomonidan qabul qilingan qaror bilan bog‘liq edi. 80-yillarda esa, to‘g‘onning shibbalanishi Toshkent shahar komitetining Til va adabiyot instituti faoliyati xususidagi qarori munosabati bilan bo‘ldi.

Ayrim iste’dodli yozuvchi, shoirlar o‘z qobiliyati tufayli andazavozlik doirasini yorib o‘tib yoki ayrim hollarda uning talablariga chap berib, ob’ektiv haqiqatni yuzaga chiqara olgan bo‘lsa, iste’dodli munaqqidlar ham o‘rni kelganda o‘sha mustahkam to‘g‘onni buzib o‘tib yoki bir chekkadan yo‘l topib, faqat o‘z qobiliyatlari tufayligina adabiyotning taraqqiyoti haqida asl haqiqatni ayta oldilar.

Xullas, iste’dodning voyaga yetib, bor kuch va qobiliyatini safarbar qilib, ijodiy mahsulot yaratish ko‘p jihatdan jamiyatning unga munosabati bilan bog‘liqdir. Iste’dod oldiga har xil to‘g‘on to‘siqlar tashlanaversa, u bor qobiliyatini yuzaga chiqara olmaydi. Aksincha, unga keng erk-ixtiyor berilsa, zarur paytda rag‘batlantirilsa, uning kuch-qudrati osha boradi va kitobxon diliga yetib boradigan asarlar paydo bo‘laveradi.

Iste’dod qaysi bir sharoitda, qaysi bir ijtimoiy muhitda yashab ijod qilmasin, u o‘z qobiliyatiga muvofiq janr tanlaydi. O‘sha janrdagina u o‘z g‘oyalarini to‘la ifodalay oladi.