Sharl Perro 1628 yil 12 yanvarda Parij parlamenti advokati oilasida dunyoga keladi. Perrolar oilasi dvoryanlarga mansub bo‘lmasa-da, otasi 4 nafar o‘g‘lining munosib ta’lim olishiga harakat qiladi. Onasi ham o‘qimishli ayol bo‘lgani uchun o‘zi farzandlarini o‘qishga va yozishga o‘rgatadi. Frantsuz tarixchisi Filipp Ares ta’kidiga ko‘ra, Sharl tarjimai holi namunaviy a’lochining tarjimai holi edi. Kollejda o‘qish davomida na Sharl, na uning uchta akasi qamchi bilan jazolanmagan, bu esa o‘sha davr uchun g‘ayrioddiy hodisa bo‘lgan. Aka-uka Perrolarning namunaviy xulqi va o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqlari o‘z mevasini beradi. Ulardan ikkitasi keyinchalik mashhur bo‘lib ketadi. Katta akasi Klod arxitektor sifatida dong taratadi, shuningdek, mexanik, arxeolog, fizik sifatida xam ko‘pgina ishlarni amalga oshiradi. (U Luvrning sharqiy fasadi – old tomonini loyihalashtiradi). Farzandlar ichida eng kichigi bo‘lgan Sharlning adabiy iste’dodi juda erta namoyon bo‘ladi.
Kollejni tugatgach, Sharl uch yil davomida huquq bo‘yicha saboq oladi, huquqshunoslik diplomini qo‘lga kiritib, advokatlik ishini boshlaydi. Ammo adibning bu faoliyati oila an’analariga sodiqlik belgisi edi xolos. Keyinroq u o‘z xotiralarida shunday yozadi: “Mening fikrimcha, sud ishlarining barcha kitoblarini yoqib tashlash foydadan xoli bo‘lmas edi… dunyoda sud jarayonlarining soni kamayishidan yaxshiroq ish bo‘lmasa kerak”. Perroning o‘zi atigi ikkitagina sud jarayonida qatnashgan. Shu vaqtning o‘zida u shoir Jan Shaplenning e’tiborini tortuvchi she’rlar yozadi. Shaplen yosh yigitni moliya vaziri Kolberga tavsiya etadi, u esa o‘z navbatida Perroni yaqinda tashkil topgan Kichik akademiya qoshidagi adabiy ijod kengashining kotibi etib tayinlaydi.
Perro tezda Kolberning ishonchini qozonadi va uning atrofidagi eng muhim shaxslardan biriga aylanadi. Unga Yozuvchilar Akademiyasida nishon va yodgorliklarning matnini tuzishga ishonch bildirishadi. U xorijiy davlatlarga yuboriladigan elchilarga yo‘l-yo‘riqlar beradi. Ammo uning asosiy lavozimi – qirollikda bosh kotiblik edi. U Luvr, Tyuilri va Versalda boshlangan qurilishlarni nazorat qiladi, moliyaviy tekshirishlar o‘tkazadi. Uning harakatlari tufayli Tyuilri bog‘i tomoshabinlar sayilgohiga aylanadi.
1671 yilda Sharl Perro avvaliga Frantsuz akademiyasining a’zosi, so‘ng esa kotibi lavozimini egallaydi. Favqulodda tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan Sharl akademiya ishiga ko‘pgina yangiliklar kiritadi: majlislarda hisobot uchun ishtirokchini qayd qiluvchi jetonlar, ovoz berish uchun shaxsiy uskunalar, joriy qiladi, akademiyaga a’zolikka qabul qilish jarayonining keng jamoatchilik uchun qulayligini ta’minlaydi.
1683 yil Kolberning vafotidan so‘ng Perroning ham lavozimda o‘sish jarayoni to‘xtaydi. U iste’foga chiqadi va o‘zini butkul adabiy faoliyatga bag‘ishlaydi. Bu davrga kelib u saroy doirasida ancha tanilgan. Unga “Buyuk Lyudovik asri” nomli dostoni mashhurlik olib keladi.
O‘z dostonida Perro zamonaviy adabiyotni Avgust asri adabiyoti bilan solishtiradi. Bu qiyos tufayli keyingisi ancha noqulay ahvolga tushib qoladi. Perroning eng darg‘azab qoralovchisi (opponenti) sifatida frantsuz klassitsizmining taniqli nazariyotchisi Nikola Bualo maydonga chiqadi. U doston o‘qilayotgan paytda majlislar xonasini namoyishkorona tark etadi. Keyinchalik ham adabiy raqibini achchiq epigrammalar bilan “siylash” dan charchamaydi. Perro esa dostondan boshlangan munozaraning davomi sifatida 9 yil mobaynida falsafiy dialog sifatida shakllantirilgan “Ilm va san’at masalalarida qadimgi va yangilarini qiyoslash” nomli 4 jilddan iborat ilmiy asar yozadi. Ushbu asarda zamonaviy yozuvchilarning mumtoz an’analar ruhida ijod qiluvchi yozuvchilardan ustunligini madaniyat taraqqiyotining umum g‘oyasidan keltirib chiqaradi. Perro fikriga ko‘ra, insoniyat taraqqiyoti jarayonida shaxsiy kashfiyotlar bilan o‘tgan davrlar tajribasini birlashtira olsa, shu madaniyatning eng yuksak namunasi hisoblanadi. Mazkur munozaraning mantiqiy yakuni o‘laroq “Zamonaviy Frantsiyaning mashhur kishilari” (1697-1700) nomli asari yuzaga keladi. Ammo unga haqiqiy mashhurlikni ilmiy asarlar emas, u e’lon qilishdan istihola qilgan ertaklari olib keladi.
1694 yili Perro 3 ta she’riy ertagini nashrdan chiqaradi. Ular “Grizelda”, “Kulgili istaklar” va “Eshak terisi” deb nomlanadi. Keyingi 2 ta ertakni Perro nasrda ham yozadi. Perroning ta’kidiga ko‘ra, ertaklar qandaydir pand-nasihat sabog‘i bilan bog‘liq bo‘lishlari kerak. Ertaklarda yaxshilik, ezgulik rag‘batlantiriladi, yomonlik esa jazolanadi. Ertaklar insonlarga mehnatsevar, to‘g‘riso‘z, aqlli bo‘lish qanchalik muhim ekanligini ko‘rsatadi.
O‘z davrining estetik qarashlariga mos ravishda Perro nasriy ertaklardan ko‘ra she’riy ertaklarni ustun qo‘yar edi. Ammo uning she’riy ertaklari nasriyda yozilganlarichalik mashhurlik olib kelmaydi. Sharl Perroga haqiqiy mashhurlik keltirgan to‘plam bu “G‘oz onamning ertaklari yoki burungi zamondagi odob-axloqqa oid nasihatomuz voqea va ertaklar” bo‘ldi. Ularga avval 8 ertak kirgan bo‘lsa, keyinchalik Perro yana 3 ta she’riy ertakni qo‘shadi. Bular – “Uyqudagi malika”, “Qizil shapkacha”, “Ko‘k soqol”, “Etik kiygan mushukcha”, “Parilar”, “Kuloyim”, “Tojdor Rike”, “Barmoqvoy”.
Perro ham aka-uka Grimmlar kabi xalq ertaklarini qayta ishlagan. Uning “Barmoqvoy”i “Kurtiyon kurtiyet” xalq ertagi bilan o‘xshash bo‘lib, “Eshak terisi” asari esa “Ispan qiroli qizi” ertagi bilan umumiylikka ega.
Ammo Perrogacha “Qizil qalpoqcha” ertagining na folklor, na adabiy syujeti borligi aniqlanmagan.
Perro ertaklari frantsuz adabiyoti uchun katta yangilik bo‘lgan emas. Ungacha ham ko‘plab ertaklar to‘plami chop etilgan, ammo ularning hammasi “quyi mutolaa”ga kirgan va go‘zallik, yuksaklik hukm surgan dunyoga aslo aloqasi bo‘lmagan. Perro birinchi bo‘lib ertakni saviyasi baland, didli, dunyoqarashi keng, tajribali o‘quvchiga taqdim etadi va kitobxon xursandchilik bilan sovg‘ani qabul qiladi. Bundan tashqari, Perro aka-uka Grimmlar kabi folklor – xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plamagan. Bunda u yoshligidan yaxshi tanish bo‘lgan ertaklardan foydalangan. O‘z ertaklarida til oddiyligini saqlab qolgan, boshqa jihatlarga esa erkin tarzda yondoshgan. Perro ertaklari haqida ularni rus tiliga tarjima qilgan I.S.Turgenev juda chiroyli gap aytadi: “Biroz nozik qadimfarang latofatidan qat’iy nazar, Perro ertaklari jahon bolalar adabiyotida o‘zining sharafli o‘rniga ega. Ular quvnoq, maroqli, samimiy, ortiqcha pand-nasihat va muallif talablari bilan murakkablashtirilmagan. Ularda yaratuvchi xalq nazmining mayin sabolari sezilib turadi; ularda haqiqiy ertak to‘qimasining farqli belgisini tashkil qilgan anglab bo‘lmas darajada g‘aroyiblik va soddalikning qorishmasi mavjud”.
Perro ertaklarining asosiy qismi sehrli ertaklar. Ularda parilar, sehrgarlar uchraydi. Parilar doim yaxshilik qilishadi. Masalan, “Kuloyim” ertagida pari qizchaning ziyofatga borishi uchun qovoqni izvoshga, olti sichqonni chipor otlarga, kalamushni esa izvoshchiga aylantiradi. Shuningdek, u chiroyli ko‘ylak va tuflicha hadya etadi.
Sh.Perro ertaklari tasvirida tantanavorlik ruhi mavjud. Masalan, “Kuloyim”, “Uyqudagi malika” ertaklarida bu holat yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Perro ertaklari qahramonlari orqali xalq ardoqlagan fazilatlar: mehnatsevarlik, topqirlik, bag‘rikenglik, saxiylik kabi axloqiy-ma’naviy fazilatlar ulug‘lanadi. Maqtanchoqlik, manmanlik va zulmga kamtarlik, mehribonlikni qarama-qarshi qo‘yadi. Masalan, “Kuloyim” ni olib ko‘raylik. U shunday mehnatsevarki, ertakni o‘qigan har bir kitobxon uni yaxshi ko‘rib qoladi va yordam bergisi keladi.
Yozuvchi ijodidan bahramand bo‘lgan inson ertaklarning sehrli dunyosiga kiradi. Unda chin do‘stlik va mehr-oqibat haqiqiy mo‘jizalar yaratishga qodir ekanligiga shubha qoldirmaydi. Ana shu go‘zal fazilatlar hamisha yomonni yaxshiga, maqtanchoqni kamtarga, baxilni saxiyga, yolg‘onchini esa rostgo‘yga aylantirishga yordam beradi.
Mazkur ertaklar asosida ko‘plab kino va multfilm stsenariylari, opera va baletlar yaratilgan.
Adib hayotining so‘nggida Bualo bilan do‘stona munosabatda bo‘ladi. Qadimgi yozuvchilar tarafdori o‘z raqibining haqligini tan oladi. Ushbu bahsda Perro va uning xayrixohlari g‘alabaga erishdi. Sharl Perro 1703 yilda 16 mayda Parijda vafot etadi.
Kavsar Turdiyeva
filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son